Adabiyotimizning katta avlod vakillari, aynan 50-yillar atrofida tavallud topganlar adabiyot sahniga chiqqan davrda, ya’ni 80-yillarda aksariyat Sharq mamlakatlari mustamlaka asoratidan qutulib, bir silkinib, o‘z qaddini, qadrini tiklab, katta yo‘lga chiqib olgan edi. Tarixga nazar tashlasak, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, ya’ni urush vayronalari tiklanib, 60 — yillardan esa boshlagan irqiy, milliy erkni qo‘msagan shabadalar butun dunyo adabiyotida, umuman, madaniy hayotida yangicha yashashni va ijod qilishni istaydigan yosh avlodni vujudga keltirdi.
Ayni shu vaqtda o‘zbek adabiyotiga ham o‘z qirg‘og‘iga sig‘mayotgan daryoning toshqin to‘lqinlari singari bir qator iste’dodli yosh shoirlar kirib keldilar. Ular o‘z ovozlarini baralla qo‘yib, nazm va nasr gulshanini o‘ziga xos betakror nag‘malar bilan to‘ldira oldilar.
Yillar o‘tib, o‘sha paytlarda yosh hisoblangan avlod bugungi kunga kelib salobatli va salohiyatli katta yozuvchi-shoirlarga aylanishdi. Bu davrda ayrim ijodkor ziyolilar ongu tafakkurida har xil qarashlar, yangi bozor munosabatlari sharoitiga moslashishga urinish, o‘zlari orzu qilgan mustaqillik nasimlaridan g‘ururlanish holatlari, moddiy imkonlardan foydalanish, farovon yashash zavqi va hokazolar kuzatildi. “Kangul” sardori esa, hech qanday og‘ishlarga berilmadi. Bir umr “kangul”ga, shuning barobarida vijdoniga, insonligiga, adabiyotiga, she’riyatiga, “o‘zining jurnaliga” (40 yildan oshibdiki, “Sharq yulduzi”da ishlaydi) sodiq qoldi.
Gap kim haqida ketayotganini zukko o‘quvchi anglagan bo‘lsa kerak. Biz hazrat Navoiyning misrai oliysini bekorga keltirmadik. Turkiy tildagi qadimiy “kangul” so‘ziga (Navoiy ijodida ham xuddi shunday tarzda uchraydigan o‘rinlar bor) jon bergan va shu “mahbuba”ga sodiq qolgan, shoir ham udir. Shoir Ikrom Otamurod bir umr “kangul”ni sevdi va o‘z “ma’shuqa”si – “kangul”ning kamolini ko‘rish ishtiyoqida uni sharq va g‘arb adabiyotining go‘zal namunalari bilan oziqlantirdi, ya’ni jahon adabiyotini o‘qib-o‘rgandi va tarjimalar qildi. Nazarimizda, bir umr muhabbat bilan parvarishlanib kamolga yetkazilgan “kangul daraxti” ulkanlashgach, donolik “meva”larini bera boshladi: “Dog‘”, “O‘rin”, “Balki”, “Jadval” dostonlari, ayniqsa, keyingi yillardagi she’rlari…
Ikrom Otamurod to‘g‘risida bir qancha maqolalar e’lon qilindi. Hatto uning dostonlari haqida ularni “doston janriga kiritib bo‘lmasligi” haqida mulohazalar bildirildi. Balki, rostdan ham, shoirning dostonlari doston janri hisoblanishi uchun an’anaviy doston talablaridan biroz chekinishga to‘g‘ri kelar. Gap shundaki, janrdagi bunday o‘zgarishni o‘z-o‘zidan sodir bo‘lgan hodisa, deb emas, ijtimoiy hayotdagi qonuniy yangilanishlarning she’riyatdagi ifodasi sifatida tushunmoq kerak, nazarimizda.
Ikrom Otamurodning “Jadval” dostoni haqida faqat 2016 yilda uchta maqola yozildi: Bular U.Jo‘raqulovning “Huzn saodati” (“Sharq yulduzi”, 2016 yil 7-son (dostonga so‘zboshi o‘rnida)); I.Yoqubovning “Attor rastasi iforlari va Navoiy bazmi navolari” (muallifning o‘zidan olindi); Komil Avazning “Mushohada mundariji” (“Hurriyat” gazetasi, 2016 yil 7 dekabr soni).
Birinchi maqola muallifi “Jadval”dagi fikrlarni Navoiy hamda Ogahiyga, ikkinchi maqola muallifi Farididdin Attor va Navoiyga, uchinchi maqola muallifi tasavvufga bog‘laydi. Ammo bularga kichkina bo‘lsa ham dalil keltirilib fikrlar isbotlansa, yanada yaxshi bo‘lardi.
Ikrom Otamurodni insoniy holatlar musavviri, deyish mumkin. Uning bir oniy kayfiyat haqidagi she’ri ham, butun bir umr to‘g‘risidagi asari ham sokin, sirtdan tinch daryoga, to‘g‘rirog‘i, dengizga o‘xshaydi. Asarlaridagi obraz hech qachon “to‘lib-toshib” ketmaydi, go‘yo to‘lqinlari qirg‘oqqa urilib o‘zaniga qaytgani singari, yana birinchi kuplet takrorlanadi va she’r yakunlanadi. Rassom chizgandek, kayfiyatning avj pallasi – oniy holat! Shu o‘rinda “Shunday bilinadi zayli-zaylida…” deb boshlanuvchi she’rini kuzataylik. Lirik qahramon yolg‘iz va imkonsiz: “Yakkalik pichog‘i esa suyakka qadar” qadaladi.
Qaygadir yo‘l olgim kelar, dilxasta,
Bariga qo‘l siltab, baridan kechib.
Lekin, hovurga hay beraman asta
Sabrimning milt-milt yoshini ichib.
She’r davomida bo‘yoqlar tobora quyuqlashadi, holat tasviri kuchayadi va lirik qahramon uni ham dunyo chorlashini xitob qilib so‘raydi (avj holat), ammo she’r yakunida o‘sha dastlabki holatni aks ettirgan tasvir – kuplet qaytariladi. Bu she’rni avtoportret deyish mumkin, yanayam aniqrog‘i, u O‘zbekning portreti, holati, yashash tarzi. O‘zbek hech qachon o‘zini o‘ylab muhitidan, bolalari — oilasidan ketib qolmaydi, sabr qiladi, “hovuriga hay beradi” va yashashda davom etadi. Axir, uning “jo‘jabirday jonlar”i bor. Shoirning aksariyat she’rlarida shunday mazmun mujassam. “Yillar ortda” she’riga e’tibor beraylik.
Yillar ortda qolib boradi sekin
Gohida zadali, gohida bekin.
Bir ma’ni topib yo topmayin, lekin,
Sezdirib-sezdirmay o‘tadi umrim.
Bu she’rda barcha umrlarga xos umumiy xususiyatlar aks etgan. Haqiqiy muhabbat sohibi o‘zidan bir umr qoniqmay yashaydi, umridan ham. Umr tasviri she’r yakunida yana dastlabki misralardagidek takrorlanadi. Bu uslubda shoirning falsafiy qarashiga ishora bor, ya’ni hamma narsa o‘z ibtidosiga qaytadi.
Shoirning obrazlaridan keskin, zalvorli larzalarni kutish befoyda. Uning she’rlarini o‘qisangiz, o‘z hayotidan nolishni istamaydigan, lekin dunyoning adolatsizligiga ham befarq qarab turmaydigan, dunyoning ham, o‘z ko‘nglining ham obodligini istaydigan obrazlarni uchratasiz. Ular taqdiriga ko‘ngan, sabrli, dardlarini ochiq aytmaguvchi mag‘rur insonlar timsolidir. Ularda asli shoir shaxsi mujassam. Bu obrazlar frantsuz shoiri Rene Sharrning she’rlarini yodga soladi. Zotan, Rene talqinicha, eng yaxshi yashash – hech kimga halaqit bermay yashashdir. “Tag‘azzul”da bunday portretlar talaygina. Mana bir she’rdagi dehqon “portreti”:
Erning rasmin chizmish taqdiri azal –
Mehnat qilib dehqon peshonasiga.
Shundan qadrdondir, yoron har mahal –
Dil ochar, dard yorar Yer-oshnosiga.
Bu dehqon yer bilan yashab, yer bilan ulg‘aygan. Yer dehqon uchun shunchaki rizq manbai emas, yer uning uchun o‘zlikni ifodalash vositasi. Dehqon yerini “gullatib qo‘lida qadoq ko‘kar”tiradi. Alamini ham, dardini ham mehnatdan oladi, mehri-muhabbatini yeriga beradi, bola-chaqa boqish umidi bilan. Yerida mehnat qilish uning uchun rohat. She’rdagi dehqon surati tipik, mukammal yaratilgan. U foydani ko‘zlamaydi. U yerni sevgan fidoyi dehqon obrazi. Va u, albatta, bugungi tadbirkor ham emas. U asrlar bo‘yi yerni ko‘kartirgan fidoyi. She’r bir oddiy dehqon haqida. Agar inson butun borlig‘i va ruhini ifodalash vositasini topsa va unga butun vujudi bilan fido bo‘lsayu xuddi ana shuning o‘zi buyuk saodat. Ayniqsa, uning ishi buyuk yaratuvchanlikdan iborat bo‘lsa, ayniqsa, bu inson dehqon bo‘lsa-yu, o‘z hayotining mazmun-mohiyatini Yerida, mehnatida ko‘ra olsa.
Tufroqning taftidan ilib qalb qati,
Tufroqning hidini simirar to‘lib.
Erdan ayrilgan kun bo‘ladi yetim,
Erdan ayrilgan kun… O‘lim.
She’rdagi dehqon Yerni azal-abad shunday qabul qiladi. Chunki yer boqadi, ovutadi, kerak bo‘lsa, dehqon dardini oladi. Bu aynan sharqona hikmat, e’tiqodning yuksak namunasi. Chunki yerini sevgan sohir dehqonning Yaratganga ishqi cheksiz bo‘ladi.
Yuqorida Ikrom Otamurodning she’rlariga keskinlik xos emas, dedik. Yerini sevgan dehqon uchun undan ayrilish – o‘lim. She’rda bunday konfliktni ham shoir oddiy, fojiali tus bermay tasvirlaydi: “Erdan ayrilgan kun… O‘lim”. Va she’r tugaydi. O‘z tuqqan yeri – “Qashqadayro”sini sevgan shoir bularni o‘z tiynatidan o‘tkazgan bo‘lsa, ajab emas.
To‘xtadi, yo‘lni bezab ketayotgan ayol,
Ochilgan gulga nigohi tushib birdani.
Ul misoli yanog‘ga naqsh etilgan xol,
O‘tlar orasida o‘sar, yolg‘iz – bir dona.
Manzaraning tabiiy bo‘yoqlarda chizilishi, atirgul hovlini bezagandek, o‘tib ketayotgan ayolning yo‘lni bezashi kabi badiiy ifodalarni soqit qilib, qofiyaga e’tibor qarataylik. “Birdani” hamda “bir dona” kabilarning qofiyalanishi o‘ziga xos, “ikromona” qofiyadir. Bundan tashqari, shoir ma’lum so‘z birikmalarini qo‘llashdan qochib, yangicha tasavvur beradigan iboralar topadi: oy nuri emas, “To‘kiladi oydan bo‘laklar”.
Umuman, shaxsning botinida ulkan, juda ham ulkan, anglanib-anglanmagan milliy madaniy mentalitet unsurlari turadi. Masalan, men shoir Ikrom Otamurod ijodiyoti ortida minglab yillar hunarmandlik bilan shug‘ullangan o‘zbekning o‘troq xalq madaniyati xususiyatlarini, aynan Kasbining tarixiy turmushiga xos tarixiy tafakkur tarzini ilg‘ayman.
Ikrom Otamurod she’rlari haqida so‘z yuritganda ko‘z o‘ngingizga “Jadval” dostoni kelaveradi. Dostonni bir-ikki marta o‘qish kifoya qilmaydi. Uni o‘qib uqmaslik esa, xuddi bog‘ga kirib, gullarning latofatini, bulbulning xonishini sezmasdan o‘tib ketgandek gap. Asarni tushunish ham osonmas… umuman, shoir dostonlari alohida tahlil, talqinni taqozo etadi.
Gulshan Rahim,
filologiya fanlari nomzodi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 37-son

