Birinchi qism
Kirish o‘rnida
Bugun ishdan bo‘shadi.
Hammasiga mana shu – adog‘i yo‘q, tubsiz muhabbat sabab. O‘zining ham aybi bor: o‘ta ta’sirchan. Dunyoning bo‘lar-bo‘lmas tashvishlariga qo‘l siltolmaydi. Shu fe’li o‘zgarmadi-o‘zgarmadi. Qon bilan kirgan jon bilan chiqar ekan-da. Fe’li-huyining oldida o‘zi ham ojiz ba’zan. Uni esa ayblolmaydi. Tushungan odamning sadag‘asi ketsa arziydi. Bu yurak amri axir. U ham bunday bo‘lishini istamagan-ku hech qachon. Nimayam qila olardi. Qismatida shu ham bor ekan-da. Hech kim peshonasiga yozib qo‘yilganidan qochib qutulolmaydi-yu, yana.
Kim o‘zini a’molini o‘zi yozibdi?..
Buni taqdiri azal deydilar.
Yana qaydam. Chamanni uchratib qolmaganida hayoti bugungidan boshqacha kecharmidi, balkim. Shunday deb o‘ziga tasalli beradi doim. U bilan qachon bog‘lanib qolganini o‘ylab o‘yiga yetolmaydi…
* * *
…Sokin, xuddi homilador ayol singari ehtiyotkor kuzning oltin kunlari boshlangan; atrof-javonib za’faron tusga kirib, daraxtlar zaminni xazonga burkagan; meva-chevalar esa ayni g‘arq pishgan fusunkor paytlar edi. Gapning dangalini aytadigan bo‘lsa uni xuddi shu pallada ilk bor shaharning qoq markazidagi Sayilgoh ko‘chasida uchratdi. Tibbiyot akademiyasida o‘qishlarni tugatib, amaliyotga chiqqandi. Yanglishmasa, yangi ish joyiga endigina ko‘nikib, atrofga tortinmay, jo‘jaxo‘rozlarcha xezlanib takabburrona ko‘z tashlay boshlagan kezlari edi. Har kuni shifoxonadan chiqib, xiyobon orqali shahar chekkasida joylashgan ijara uyiga qaytardi. Yo‘lida bir gala gulchilar islari dunyoni tutuvchi anvoyi, bahoriy gullar bilan savdo qilishardi. Avvaliga yo‘lakdagi gul sotuvchisiga unchalik ham ahamiyat bermay yurdi. O‘rta bo‘yli, qorachadan kelgan, ko‘zlari qisiq, sochlari esa tim qora bu qiz bir chetda o‘tirib olib, iymanibgina xaridor chorlardi. Keyin-keyin uning nozik harakatlari, chaqqonlik bilan guldasta yasashlari, pastdan erinibgina ko‘z suzishlari e’tiborini torta boshladi.
– Gul olib ketinglar, chiroyli gullar! Yaqinlaringizga sovg‘a qilasiz. Bu gullar baxt keltiradi. Tong saharda terilgan. Shudringlari qurib ulgurmagan ham hali!
Har kuni – har tong, har oqshom shahar shovqinlari orasidan faqatgina shu tovush qulog‘iga kiradigan bo‘lib qoldi. O‘ta mayin va ishonch bilan aytilayotgan bu so‘zlar hayot tashvishida yurgan xohlagan odamni chalg‘itib, o‘ziga tortmay qo‘ymasdi. Kun o‘tgan sayin bu sehrli ovoz shuuridan butun umr joy olishini qayoqdanam bilibdi. Unga ipsiz bog‘langanini hatto sezmay qolgandi.
Qiz judayam tortinchoq va uyatchan edi. Haqiqatan ham, hali gulbozorga ko‘pam moslashib ulgurmagandek ko‘rinardi ko‘ziga. Bu uning katta hayotga qo‘ygan ilk kunlari bo‘lsa ham ajab emas. Chunki u beg‘ubor oydek edi. Bir kuni undan, ehtiyoji bo‘lmasa-da, kichikroq guldasta sotib olishga qaror qildi.
– Bu sizga baxt keltiradi. Chiroyli gullarni tanladingiz. Albatta, hadya qilgan kishingiz xursand bo‘ladi, – dedi o‘ta muloyim va soddadillik bilan.
Uning gaplari juda samimiy edi. Ovozi bo‘lsa beg‘ubor va jarangdor, xuddi odamni hushidan ayirardi go‘yo. Ochig‘i qizga qanday iltifot ko‘rsatishni ham bilmasdi o‘sha choq. Nihoyat:
– Rahmat, – deya oldi zo‘rg‘a.
– Kelib turing, – dedi u ham oddiygina qilib, barcha mijozlarga aytadigan sotuvchilarga xos takalluf va shirinsuxanlik bilan.
* * *
Oralarida bo‘lgan bor gap shu. Aytarli hech vaqo yuz bermagandi. Kimlarningdir tushunchasi kabi osmon ham uzilib yerga tushmagan. Aslida, ana shundan keyin boshlangandi bari. Uning jilmayishlari, uyalinqirab qarashlari, nozik harakatlari bilan mijoz chorlashlari bora-bora xayolini, to‘g‘rirog‘i, hayotini ham buza boshladi. Har kech uyga ketar mahal horg‘in oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmay qo‘yardi: istasa-istamasa kunora butun vujudiga qo‘shib, zil-zambildek keladigan borlig‘ini beixtiyor uning yoniga sudrardi. Bo‘lg‘usi kasbi bois bolaligidan odam anatomiyasini juda yaxshi o‘qigandi. Ammo bu qanday inson a’zosi bo‘ldi-ki, insonning aqliga emas, qalbiga quloq solsa?! Shunaqa paytlari o‘zidan ham hijolat tortib qolardi ba’zan. Odamlar kimningdir mehrini, muhabbatini qozonish uchun gullar sotib olishsa, u esa, aksincha, mana shu gulchini o‘ziga rom qilish niyatida bu ishni qilardi. Hash-pash deguncha xonasi kitoblar bilan birga dunyoning nafis, xushbo‘y hidlariga chulg‘andi. Ochig‘i, tabiatning bu kabi mo‘jizakorligi-yu, gullarning shunchalar turi ko‘pligidan o‘zi ham hayratga tushardi. Beixtiyor shu zaylda ularning ranglari bilan nomlariga qiziqa boshladi: qizil, sariq, oq, pushti, za’faron… safsar, siyohrang; atirgul, gultojixo‘roz, anorgul, chinnigul… xrizantema, binafsha, lolagul… Sanasa adog‘i yo‘q. Yana allambalolarmi-ey. Asti so‘ramang. Ularning turi ko‘p. Ammo-lekin barisi go‘zal va fusunkor edi. Ayniqsa ko‘hna kuz in’omlari kishi ko‘nglini yayratmay qo‘ymasdi. Bu ermak o‘ziga ham yoqib qolgandi. Shu taxlit bir oy o‘tdi. Yo uning diltortar ovozidanmi, yoki gullarning yoqimli tarovatidanmi doim uyga masrur holda kelardi. Undan tez-tez, hech bo‘lmaganda bittagina atirgul yoki chinnigul sotib olishni odat qilib ham ulgurgandi. Sekin-sekin bu gullar hayotining mazmuniga aylana bordi. Qo‘ni-qo‘shnilar tabiiy hayratda edi. “Bechora talaba”, deyishardi tanigan-bilganlari. Tushunmaganlari “Talabamas, telba bu!” deb oshkora kulishardi. Ba’zilari “Jinni bo‘libdimi tentak bola”, deya masxaralashardiyam. To‘g‘rida, telba oshiq yoki majnundan boshqa he yo‘q, be yo‘q ko‘cha-ko‘yda kim ham gul ko‘tarib yurardi hozirgi zamonda. Ustiga ustak har kuni bir xil – shu ahvol takrorlanaversa. Bora-bora bunga ko‘nikib qolishdi chamasi, keyin-keyin ahamiyat ham bermay qo‘yishdi. U esa, gullar bilan yurishni kanda qilmasdi.
Endi oqshomlari uyga ketmasdan gulchilar qarshisidagi choyxonada – bir piyola choy ichish bahonasida, o‘sha gul sotuvchisini kuzatardi. Xayolan u bilan so‘zlashar, unga dardini – yoqtirib qolganligini aytardi go‘yo. Voajab, qiz ham uning e’tiborini tortayotganini sezibmi, ora-sira unga o‘g‘rincha ko‘z qirini tashlab, zimdan tabassum qilib qo‘yardi. Yana kim biladi. Unga shunaqa tuyulardi-da. Buning ustiga qosh-ko‘zlari, lablariga bo‘yoq surib – kundan-kun o‘zgarib, ochilib borayotganga o‘xshardi. Bir kuni uning yoniga kelib:
– Bugun judayam chiroylisiz, – dedi jur’at bilan.
U o‘zini eshitmaganga solib, yerga qaradi. Ochig‘i uning qalbida bunaqa takabbur so‘zlarga joy yo‘qdek edi. Qiz uyaldi chog‘i, timirskilanib ko‘zini olib qochdi. Shu topda tepasida savlat to‘kib turgan tayyor xaridordan ham ayrilgisi kelmayotganday edi.
– Qanaqa gullardan beray, – so‘radi biroz hayajonini bosib olib, beparvo tutishga urinib.
Endi uning o‘zi dovdirab qolgandi shunda.
– O‘zingiz yoqtirganidan… – dedi mardonavor, xuddi o‘zini qahramon jangchilardek tutib.
Qiz biroz qizarinqiradi. Kipriklari pirpirab, qaltiroq tutdi. Harakatlari tezlashgandan tazlashdi. Hayajonlanganidanmi yo tabiiymi, qo‘llari bilan ushlagan chinnigullarning nozik novdalari birma bir sirg‘alib tushib ketardi. Bu holat bir necha bor takrorlandi. U esa:
– Har galgidan chiroyli, kichkinaroq guldasta bo‘lsin! – dedi qizning o‘zini yo‘qotib qo‘yganini ko‘rib, vaziyatni yumshatmoqchidek. Aslida esa uning qaltiroq qo‘lchalarini tomosha qilib, zavqlanardi. Yana bu gapi bilan o‘zini doimiy mijoz ekanligini ham bildirib qo‘ymoqchi edi.
Qiz qat’iy ishga kirishdi. Tez-tez, har xil gullardan tanlab, guldasta yasashga tutindi. Shu orada uni kuzatib, biroz xayollarini jamlab olishga vaqt paydo bo‘lgandi.
– Isming nima? – deb so‘radi dabdurustdan telbalarcha sensirab, o‘ktam ovozda. U hayajonlanganidan butkul aqlini yo‘qotib qo‘ygandi.
Qiz hayron boqdi. Yana unga shunday o‘qrayib qaradi-ki, yigit yiqilib tushishiga sal qoldi. Javob bergisi kelmadi, shekilli, indamadi. Jahldanmi yo tabiiy tarzdami bitib qolgan guldastasining novdalaridan barglarini bitta-bitta mo‘tay boshladi. So‘ng chiroyli qog‘oz o‘ramlarga o‘rab: oq, pushti aralash cho‘g‘dek qip-qizil gullarni unga uzatarkan:
– Chaman! – dedi kulimsirab.
Bu jilmayishlar zamirida yashirin ma’nolar hukmron edi. Uni uqib olish esa, endigina muhabbat bog‘iga qadam qo‘ygan o‘zi kabi oshiqlar uchun oson emasdi. Guldastaning nomimi yo o‘zining ismi “Chaman”mi, bilolmadi. Tafakkur qilishga bo‘lsa, o‘zida kuch topolmasdi. Nazarida o‘q aniq nishonga tekkan edi. Pul uzatgandi olmadi.
– Bunisi sovg‘a, – dedi u xuddi ustidan kulgandek qilib. Bu gaplardan so‘ng u battar tentirab, nima qilarini bilmay qoldi. Chamanning jasorati oldida ojiz edi. Undan o‘tib qahramonlik ko‘rsatish befoyda ekanligini juda yaxshi tushunib turardi. Agar joiz bo‘lsa, bu jangda qiz mutlaq g‘olib ham edi.
– Meniki Lochin, – deya oldi zo‘rg‘a.
Shu tariqa Chamanga yon berishga majbur bo‘ldi.
* * *
Bu holat uzoq davom etmadi.
Yana bir kuni Chaman hammani o‘ziga qaratib, judayam chiroyli kiyimlar kiyib keldi. Oppoq, harir ko‘ylaklari salgina shabada essa hilpirab, ko‘zni o‘ynatardi. Boshidagi shaftoli gulli ro‘moli ham Chamanga juda-juda yarashgandi. Ustiga ustak baland poshnalar uni haddan ortiq ko‘rkam, ofatijon qilib yuboripti. O‘sha kuni Chamandan ko‘zlarini butkul uzolmadi. Ha-ha. Xuddi shunday. Hatto uni yugurib borib quchoqlab olgisi kelardi. Ammo o‘zini tiydi. Xohishlarini zo‘rg‘a jilovladi. Shu topda qo‘li ishga bormay qo‘ydi. Bari yumushini yig‘ishtirib, ro‘parasidagi choyxonada unga uzoq termilib, o‘y surib o‘tirdi. Go‘yo orzular og‘ushida osmonlarda suzardi… Biroq birozdan keyin xayollari chippakka chiqdi. Bu yasan-tusanlarning bari o‘zi uchun, deb o‘ylagandi. Unday emas ekan. Tushga yaqin bir barzangi, ko‘rinishidan judayam takabbur, ancha-muncha odamni mensimaydigan oliftanamo yigit Chamanning yoniga keldi. Uzoqdan yuzini ko‘rolmadi. Harchand harakat qilmasin, uni tiniyolmadi ham. O‘sha nusxani bu atroflarda avvallari ko‘rmagandi. Ammo nigohlari bilan ta’qib qilishni to‘xtatmadi. Ular xiyobon bo‘ylab yurib, odamlar orasiga kirib ketishdi. Shundan so‘nggina ko‘zdan qochirdi. Ortlaridan borishga g‘ururi yo‘l qo‘ymadi. Chunki Chaman unga qarshilik qilmayotgandi. Demak, ikkovi ham bir-birini tanishadi, qoleversa, juda yaxshi tushunishadiganga ham o‘xshashardi. Ularga halal berishni o‘ziga ep bilmadi. Ammo har xil xayollar baribir tinchini buzgandi. Tuni bo‘yi mijja qoqmay ich-etini yeb chiqdi. “U menga hech kim emas, hech kimmas!” – derdi o‘ziga-o‘zi, ich-ichidan vulqondek otilib kelayotgan savollarga javoban. Qorong‘ida yuragi yana ham siqila boshladi. Qani endi tezroq tong otsa-yu, hammasi butunlay tugasa. Borgan sayin unga bo‘lgan his-tuyg‘ularidan zarracha nishon qolmayotgandi. Ularni o‘ylasa faqat g‘azabi qaynardi. O‘tgan kunlar haqidagi shirin xotiralarni esa, tongga yaqin butkul kallasidan quvib chiqardi.
Shunday bo‘lsa-da, ertasiga baribir yana uni kutdi. Kutgandayam uzoq kutdi. Ammo Chaman kelmadi. O‘rnida to‘lachadan kelgan, harakatlari ham beso‘naqay, Chamanning butunlay teskarisi bo‘lgan, o‘ziga umuman notanish bo‘lgan bir ayol gul sotardi. Bir tomondan qaraganda qiyofa-tuzilishi unga ham o‘xshab ketardi. Qarindoshlaridan bo‘lsa kerak hoynahoy. Ha-ha. Shunaqaga o‘xshaydi. Borib so‘rashga yuragi betlamadi. Xo‘sh, bilganda unga nima? Biron narsa o‘zgarib qolarmidi? Kuta-kuta hafsalasi pir bo‘ldi. Ertasiga e’tibor bermaslikka harakat qilib ko‘rdi. Bo‘lmadi. Baribir har xil xayolga bordi. Oxiri o‘ylay-o‘ylay zerikdi. Qo‘lini yuvib qo‘ltiqqa urdi. O‘zining kundalik ishlariga sho‘ng‘idi.
Uch-to‘rt kun o‘tib esa, kutilmaganda Chamanning o‘zi paydo bo‘ldi. Bu safar oldiga borishni istamadi. Erkaklik hamiyati yo‘l qo‘ymadi. O‘sha kungi ishlarga ana shunday qilib munosabatini bildirib qo‘ymoqchi bo‘ldi unga. U uchun endi hammasi bir pul edi. Dunyoga o‘t ketmaydimi… Hammayoq yonib kulga aylansa ham mayli edi. Dunyoni kuni ko‘kka sovurilsa, unga nima!? O‘zini butunlay befarq tutishga harakat qilib ko‘rdi. Ammo ichini nimadir timdalardi. Uning azobidan hech qutulib bo‘lmasdi. Kun bo‘yi Chamanni zimdan kuzatib, vaqtni o‘tkazdi. Nihoyat bir fikrga kelib, o‘zini yig‘ishtirib oldi. Chamanning yoniga borishga qaror qildi.
– Uni yaxshi ko‘rasanmi?.. – so‘radi to‘satdan uning oldiga borib.
Qiz tushunmay garangsidi. Atrofga olazarak qarab, qip-qizarib ketdi. Yuzlari cho‘g‘dek lovullardi go‘yo. Yonidagilardan najot izladi. Hech kimdan sado bo‘lmagach:
– Kimni?.. – deya oldi arang.
– Tunov kungi oliftani!?
Chaman yana dovdiradi. Biroz o‘ylanib, tarashadek qotib qoldi. Esiga tushdi chog‘i, so‘ng baralla kuldi.
– U mening akam – dedi so‘ngra.
– Ishonmayman.
– Ishonmasangiz ana… – u alang-ajalang yana atrofga qaradi. Kimnidir qidirib, topolmadi shekilli: – …o‘zidan so‘rang! – dedi.
– Aldamayapsanmi? Rostdan akang-a?.. – so‘radi go‘llarcha undan, xuddi shu javobni kutib turgandek xursand bo‘lib.
– Akam dedim-ku!
– Nahotki!?..
– Ha-aa!.. Ha, ha, ha!!
Bundayin keskin javobdan keyin boshqa gapga hojat yo‘q edi. Yana sinchiklab so‘rashdan o‘zi ham qo‘rqardi. Agar boshqacha bo‘lganda yuragi tars yorilib ketadigandek edi.
– Yolg‘on gapirsang Xudo jazolaydi! – dedi bolalarcha quvlik bilan. Bu gapni eshitib, Chaman shiringina jilmaydi.
Unga juda-juda ishongisi kelardi-yu, ammo qalbining tub-tubida barisini inkor etuvchi kuch g‘imirlardi. Ularning bir-biriga suykalib yurishlari aka-singil o‘rtasidagi munosabatlarga o‘xshamasdi asli. Tasavvurida o‘sha kungi voqealar tasvirini chizishga harakat qilib ko‘rdi. Ammo ha deganda ularning qiyofalari gavdalana qolmadi. Nima bo‘lsa bo‘lsin endi. Hammasidan Chamanning gapi muhim-ku unga. Qorong‘i ko‘ngli ohista yorisha boshladi. Biroz o‘tib, bu ifoda yuz-ko‘ziga ko‘chdi shekilli, Chaman ham miyig‘ida jilmaydi. U bo‘lsa xursandchiligini yashirolmadi. Endi ikkovlashib qah-qah otib kulib yuborishdi. Saylgoh gavjumlashib borardi. Nazarida hamma ularga qarashayotgandek edi. Qorong‘i tushsa ham odamlar tarqay deyishmasdi. O‘chakishganday xaridorlaram ko‘paygandan ko‘payardi. Chaman bilan birgalashib allamahalgacha guldastalar yasab sotishdi. Ora-sira u yoq-bu yoqdan gaplashishgayam vaqt topishdi.
– Qayerda turasan o‘zi? – so‘radi undan gap orasida.
– Gulzorda.
– Gulzorda-a? – uning so‘zlarini qaytardi u, “Gulzor” taxminan shaharning qaysi tomonida joylashganini chamalab. – Archa ko‘chadagimi?..
– Ha-a. Xuddi o‘zi. O‘sha tomondagi. Biz taraflarni bilasizmi?.. – soddalarcha so‘radi Chaman.
– Albatta, – gerdaydi Lochin.
– Qattan bilasiz?
– Har kuni o‘qishga qatnayman-ku mahallangdan o‘tib.
– Hmm…
– Mani ko‘rmaganmisiz?
Lochin kuldi. Uning soddadilligi o‘ziga juda-juda yarashardi. Surati qanday bo‘lsa, siyrati ham o‘shanday edi. Endi Chaman ko‘ziga boshqacharoq bo‘lib ko‘rina boshladi. Jozibaliroqmi-ey… Bilolmadi. U yanayam ochilib ketgandi nazarida. Ovozlari ham muloyim, qo‘ng‘iroqdek edi. Qaragan sari qaragisi kelardi. Termilaverib ko‘zlari qamashib ham ketdi. Yoki uzoq kun ko‘rmaganiga shunaqa tuyuldimi, harqalay judayam yoqimli va maftunkor edi u. Hech qursa yuragi aldamasa kerak. Chunki tez-tez urganidan gupillab bezovtalanardi.
Ochig‘i gul sotish unga maqul kelib qoldi. Chunki bu ishda yomonlikni ko‘rmadi. Odamlar yaxshi niyatda guldastalar olishardi: biri yaqiniga, biri sevgilisiga… Xullas Chamanning gullari faqat yaxshilikka sotilardi hisob.
– Gul olib ketinglar, chiroyli gullar! Yaqinlaringizga sovg‘a qilasiz. Bu gullar baxt keltiradi.
* * *
Endi har kungi odati o‘zi sezmagan holda boshqa tarafga qarab o‘zgardi. Chunki u gul sotib olmasdi. Aksincha bir dumalab, gul sotuvchisiga aylandi-qoldi. Bo‘sh paytlari Chamanga yordamlashish uchun chopardi. Ikkovlashib gul sotishardi. Vaqt o‘tgan sayin u ham bunga ko‘nikib qoldi. Bu hol tez-tez takrorlanaverardi. Chaman ham Lochin kelmaguncha bir chaqalik savdo qilmay, zerikib o‘tirardi. Uni kutardi. Kechikkanda xuddi yaqin kishisini yo‘qotib qo‘ygan odamdek, atrofga jovdirardi. Odamlar orasidan kimnidir izlab, qidirardi. Uzoq kutardi. Bir kuni yuragini hovuchlab shoshib, unga oshiqib kelsa, homush o‘tiribdi. U bilan gaplashgisi ham yo‘q. O‘tgan-ketgan gullarning narxini so‘rashadi. U bo‘lsa, javob qaytarmaydi.
– Chaman, nimaga savdo qilmayapsan? – so‘radi ajablanib. U jim edi. Lochinning gapini eshitmaganga olib tumtaydi. Qovoqlari bilan yoniga o‘tirishga imladi.
– Nega indamaysan? – yana so‘radi xavotir olib. Chaman bo‘lsa teskari o‘girilib oldi. Chap qo‘li bilan chinnigulning dastasidan mahkam ushlab, o‘ng qo‘li bilan uning gulbarglarini bitta-bitta yulib tashlardi. Lochin:
– Nima qilyapsan, jinni-pinni bo‘ldingmi? – dedi toqati-toq bo‘lib. Nihoyat Chaman jilmaydi.
– Bu uchinchisi. Birinchisida adashib ketdim. Ikkinchisi to‘g‘ri chiqdi. Uchinchisi yanayam aniqroq, – dedi xushchaqchaq ovozda chinqirib. Atrofdagilar ham Chamanni eshitib, angrayib qolishdi. Lochin hech narsani tushunmay, baqrayib turardi.
– Buni shu yerda o‘rganganman. Gulchilarning bari shunaqa qilib fol ko‘rishadi, – dedi u pichirlab. Lochin shundagina uni tushundi. Savdosi yurishmagan gulchilarning “jinni” o‘yini-ku.
– Voy tentakvo-ey. Hali shunaqa qiliqlarimam bor degin?!
– Nima qipti?..
– Folga ishonasanmi? – so‘radi taajjubini yashirib o‘tirmasdan.
– Unchalikmas. Ammo folga ishonma, folsiz yurma deyishgan-u.
– Kim aytibdi buni. Esipas gulfurushlarni gapi bu!
– Ishonmayman.
– Qani ayt-chi, bu gulbarglaring nimani darak qildi senga? – so‘radi qiziqsinib.
– Aytmayman, – dedi u erkalanib.
– Aytaqol, – yalindi u ham o‘sha ohangda.
– Ha mayli. Birinchisi aldadi. Ikkinchisida ko‘nglimdagi chiqdi. Yana ishonmasdan uchinchisi bilan tekshirdim.
– Shunda nima bo‘ldi?
– Mening istaganim, – dedi Chaman ishonch bilan jilmayib.
– Birgina istagingga uchta chinnigulni nobud qilibsan-a? – hazillashdi u, oyoq ostida qalashib yotgan qip-qizil gulbarglarga ishora qilib.
– Boshqa nima qilay? – dedi Chaman ham chaqchaqlab kulib.
– Safsata bularning bari, – dedi norozi ohangda Lochin. – Tur yaxshisi gul sotamiz. Bo‘ladigan ishni qilsang-chi. Qancha xaridorni qochirding.
Bu gaplardan keyin Chaman dast o‘rnidan turdi. Tura solib baralla ovoz bilan baqirib, xaridor chorlashga tushdi. Chamanga qo‘shilishib u ham gullarni maqtadi.
– Gul olib ketinglar, chiroyli gullar! Yaqinlaringizga sovg‘a qilasiz. Bu gullar baxt keltiradi. Tong saharda terilgan. Shudringlari qurib ulgurmagan ham hali, – deyishardi ikkovlashib.
Chamanning gullar haqidagi maqtovlari xuddi o‘zi kabi ko‘pchilikni e’tiborini tortmay qo‘ymasdi. Chunki uning ovozi o‘ta latif va chiroyli edi. Chamanning bu so‘zlari quloqlariga qo‘rg‘oshinday quyilib, o‘zining ham xotiriga o‘rnashib qolgan ekan. U bilan uzoq ko‘rishmay qo‘yganida o‘sha kungi xushchaqchaq holdagi, jarangdor ovozi bilan mana shunday mijoz chorlashlarini unutolmay yurdi.
* * *
– Gul olib ketinglar, chiroyli gullar! Yaqinlaringizga sovg‘a qilasiz. Bu gullar baxt keltiradi.
Keyinchalik ham uning shunaqa yoqimtoy qiliqlarini eslab, zavqlanardi. Tuni bilan sog‘inib xatlar yozardi-da, tongga yaqin uyalganidan mayda-mayda qilib yirtib tashlardi. Ochig‘i qog‘ozga bitilgan so‘zlarni Chamanga o‘qitish uchun o‘zida jur’at topmagandi hali. Tibbiyot akademiyasini bitirib, qishloqqa qelganidan beri poytaxtga qaytib ketishni o‘ylaydi. Lekin ilojisi yo‘q. Chunki shartnomaning uch yil ishlab berish sharti bor. Qayoqdanam shu dardisar shifokorlikni tanladi-ya! O‘qishni tamomlab, yo‘llanmani qo‘llariga olishganda bari do‘stlari o‘zida yo‘q xursandchilik qilishdi, ammo unga hech narsa tatimadi. Dunyo qorong‘i bo‘lib ketdi ko‘ziga. Shaharda qolishga harchand urinmasin, maqsadiga yetolmadi. Ustozlariga yalinib-yolvordi, bahonalar qilib ko‘rdi, bo‘lmadi. Tartib-qoida shunaqa, axir, deyishdi. Shunday bo‘lsa-da bir Narimon Yusufni, bir Rahim Niyozni oldiga qatnab holi-joniga qo‘ymadi. Baribir ustozlaridan ish chiqmadi. Mana endi chegaradagi qishloq shifoxonasida jarroh. Nolimaydi. Ishidan hamma minnatdor. Biroq butun o‘y-xayoli Chamanda. Toshkentdan ketar chog‘i u bilan uchrashishga oshiqdi. Allamahalgacha birgalishib, guldasta yasab sotishdi. Orada u yoq-bu yoqdan gaplashishdi. Unga Toshkentdan ketayotganligini aytishga qiynalardi. Payt poylab, vaqt o‘tkazdi. Nihoyat:
– Bilasanmi, ertaga Andijonga jo‘nab ketaman. Bormasam bo‘lmaydi, – dedi.
– …
– Nimaga indamaysan, Chaman? To‘g‘risini aytsam, sen xohlasang ham qololmayman. Vaziyat shunday. O‘qishni bitirdim. Endi meni yuborishgan joyda ishlashim kerak.
– …
– Istasang seniyam olib ketaman. Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imni ko‘rsataman. Judayam so‘lim – chashmalari, shovva solib shovillab oqadigan daryolari bor. Qoradaryoni ko‘rmagan bo‘lsang kerak-a?.. Ha aytganday. Qayoqdanam ko‘rarding. Axir shahardanam chiqmagan bo‘lsang. Qoradaryo asli qora emas, aksincha suvlari tiniq. Odamlarga hayotbaxsh etadi.
Chaman baribir indamay turardi. Gap orasida u yana tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i haqida gapirib, uni albatta olib borishga va’da berdi. Chaman uning jon kuydirib gapirayotgan gaplarini qovoqlari soliq befarq tinglardi. O‘zini ish bilan mashg‘uldek ko‘rsatib, tinimsiz g‘imirlardi. Hatto so‘zlariga ahamiyat bermasdi. Unga ham u bilan ajrashish osonmasdi nazarida. Xullas Chamanga tushuntirish uchun har ko‘yga tushdi. U bo‘lsa eshitishni ham xohlamasdi. Nihoyat kelasi yoz uning oldiga kelishini aytdi. Xayrlasha turib:
– Meni kut! – dedi yolvorib.
U bo‘lsa kuldi. Noroziligini yashirib ham o‘tirmadi.
– Nima uchun? – so‘radi o‘ksinib.
– Bilasan-ku, – hayron do‘laydi u ham.
– Harakat qilaman, – dedi oshkora istehzo bilan Chaman.
– Shunaqami hali!? –zo‘rg‘a jahlini yashirolmay so‘radi Lochin.
– Ashnaqa, – dedi u ham masharaomuz.
Bu uning andijonlikligiga ishora edi. Chamanning undan o‘rgangan yakka-yu yagona bisoti shu edi, o‘ylashicha.
Shu-shu undan uzoqlashdi. Salkam besh yuz chaqirim edi oralaridagi masofa. Toshkentni tushida ko‘rardi faqat. Shuuridagi xotiralar-u, o‘y-xayollardan boshqa yuragiga taskin beradigan hech narsa qolmagandi. Chamanni xohlagancha o‘ylashi, u bilan o‘tgan kunlarni eslashi mumkin edi, xolos. O‘zini xuddi qafasga tushgan qush misol his qilardi. Shaharga qaytgisi kelardi-yu, erki o‘zida emas edi. Har kun bemorlar shifoxona ostonasida doim uning qabulini kutishardi. Axir, shifokorlik majburiyati bor. Sekin asta yaratganning taqdiriga ko‘nika bordi. Biroq Chamanni ko‘rish istagi baribir tinch qo‘ymasdi.
Shartta hammasiga qo‘l siltab, ketvorsamikin? Bemorlarichi? Ular nima qiladi!? Unga o‘rganib qolishdi-ku hammalari. Qolaversa ularga yordam berish burchi.
Bu qishloq odamlarining bari samimiy, ochiqko‘ngil edi. Kelgan kunidanoq uni o‘z yaqinlaridek qabul qilishdi. Yordam berishdi. Hozir bo‘lsa, juda hurmat qilishadi. Ishxonasi Qoradaryo bo‘ylariga juda yaqin. Daryo suvlarining shovqini eshitilib turadi. Tabiati o‘zgacha. Daryoning bu yog‘i Xontoqqa yaqin bo‘lsa, u qirg‘og‘i qirg‘izlar yashaydigan hudud. Derazasidan shundoq Bo‘rtog‘ning viqorli qoyalari soyasida ularning yaydoqqa tikkan o‘tovlari ko‘zga tashlanib turadi. Ahyon-ahyon yaylovlarda chopib yurgan qirg‘iz bolalarining qiy-chuvlari-yu, kattalarining salom-aliklari ham quloqqa chalinadi.
– Assalom aleykum tuugandar! Salamatsыzdarbы!
* * *
Bu joylar o‘ziga ham yoqib qolgandi. Chekkatoshloq degan nomini hisobga olmasa, qolgan hammasi ko‘ngildagidek, judayam yaxshi edi. Kelgan payti unga shifoxona yaqinidan shinamgina xizmat uyi ham berishgan. Yolg‘iz o‘zi yashaydi. Qo‘shnilari ham oqibatli. U-bu yumushlariga qarashib turishadi. Hali o‘zining turmushda unchalik uquvi ham yo‘q. Odatda uyda kam bo‘ladi. Faqat ishiga bog‘lanib qolgan. Bu yerlarda bemorlaridan boshqa o‘ziga yaqin hech kimni ham tanimaydi. Ba’zan og‘ir kasallar kelganda tunni ishxonada o‘tkazishga to‘g‘ri kelardi. Shifokorning hayoti shunaqa ekan-da! Chekkatoshloq chegara qishloq bo‘lgani uchun harbiylar ham ancha-muncha. Ularning ko‘pi shu shifoxonaga qatnashadi. Ayrimlari bilan do‘stlashib ham oldi. Ayniqsa Jasur ismli zobit bilan chiqishib qolishdi. Toshkentdan ekan. Yaqinda oila quribdi. U bilan faqat Toshkent haqida gaplashardi. Og‘zini ko‘pirtirib o‘zi yashagan dahani maqtardi. Go‘yo dunyoda Labzakdan boshqa yaxshi joy yo‘q u uchun. Eski shahar, Beshyog‘och, Sebzorda o‘tgan bolaligini eslab zavqlanardi. Sassiqhovuz tarixini chala-chulpa qilib, aytib berardi. Chorsu bozordagi shumliklarini har ko‘rishganda qayta-qayta takrorlardi: qovun-tarvuz sotgani-yu, boshiga tarvuz tushib yorilgani haqidagi xotiralarini kulib eslardi. Unga ham u bilan hamsuhbat bo‘lish yoqardi. Ikkisini ham bir tuyg‘u birlashtirardi asli. Biladi. U ham yaqinlarini sog‘ingan. Lochin esa Chamanni. Bu yerdagi hayoti to‘g‘risida kam gapirardi. Bilgani harbiylar shaharchasida turisharkan. Alohida qo‘riqlanadigan hudud u yerlar. Ruxsatsiz kirib chiqish amrimahol. Tushuntirishicha, shifoxonadan unchalik uzoqmas. Har gal uni mehmonga taklif qilgani-qilgan. Qani vaqti bo‘lsa. Uning ustiga shu paytgacha biron kishining uyiga yolg‘iz mehmonga bormagan. Mehmondorchilikka o‘rganmagan ham to‘g‘risi. Bolaligida ota-onasi bilan u-bu joylarga borib turishardi. Hozir kimlarnikida mehmon bo‘lganiniyam eslolmaydi. Ko‘proq qarindoshlarinikiga borishgandi, adashmasa. Jasurning o‘ziniyam ishi boshidan oshib-toshib yotganini biladi. Qachon qarama shoshadi. Aytishicha qo‘l ostida yuzlab askarlar bor. Ularning har birini hayotiga – yeb-ichishi, yotib-turishi, xizmat o‘tashiga mas’ul ekan.
– Og‘irmasmi ishing? – desa:
– O‘rganib ketganman, – deydi kulib.
Mijozlari asosan harbiylarning oilalari. Tub aholidan ko‘ra ular ko‘proq. Barisi o‘ziga o‘xshagan u yoq-bu yoqdan kelgan, yaqinlaridan uzoqdagi odamlar. Faqat ishini, uyini bilishadi. O‘zi istamasa-da, sekin-sekin qishloq hayotiga kirishib boryapti. Hali ketishni o‘ylamasa ham bo‘ladi. Negaki endigina bir yil o‘tdi. Bu yoz ta’tilga chiqadi. Ana o‘shanda va’da qilgandek Chamanning yoniga qanot yozib uchadi. Uni judayam ko‘rgisi kelgandi. Qaniiydi shu bir oy degani ham immillamasdan tezroq o‘ta qolsa…
* * *
May oxirlab, yozning jazirama iyun oyi ham boshlandi. Nihoyat uzoq kutilgan kun keldi. Shifoxonadan to‘g‘ri uyiga qaytdi-yu, lash-lushlarini yelkaga tashlab, apil-tapil Toshkentga ravona bo‘ldi. Xursandchiligidan tanasi terisiga sig‘masdi. Yorilib ketadi hozir. Axir har kunni birma-bir sanab, ne azobda o‘tkazgani yolg‘iz Yaratganga ayon-ku. Bog‘ishamolga yetganda biroz nafasini rostlab, nonushta qilib olmoqchi bo‘ldi. Lekin vaqtdan qizg‘andi. Bog‘ishamol Andijonning ko‘hna, so‘lim go‘shasi. Jazirama issiqda doim gavjum bo‘ladi. Andijonda oshxonalar xo‘roz qichqirmay turib ish boshlaydi. Yozning issig‘ida Bog‘ishamolga ham keluvchilar ko‘p bo‘ladi. Bu yog‘i O‘sh, bu yog‘i Farg‘ona odamlari tong sahardan dam olishga shoshishadi. Ertalabdanoq choyxona-oshxonalarda odam qaynaydi. Ortda qolayotgan tog‘lar, qir-adirlar oralab borar ekan: “Qaydasan, Toshkent! Qayerdasan, Chama-a-aan!!” – deb baqirgisi kelardi. Chekatoshloqdan uzoqlashgan sayin o‘y-xayollari buzilib, chuvalashib ketdi. Aqli o‘ziga bo‘ysunmay qo‘ydi. Chamanni ko‘rish ishqida yonardi. Uni xayolan quchog‘iga olar, sochlaridan siypalar, yuzlariga to‘yib-to‘yib termulardi. To‘g‘risi Chamanni rosayam sog‘ingandi. Bir yil qanday chidaganiga o‘zining ham aqli bovar qilmasdi. Uning ishqida chekkan azoblarini Chaman bilmaydi-da. Bardoshigayam qoyil! Vaqt bunchalar sekin o‘tmasa-ya. Shoshib qanchalik tez yurmasin, yo‘llar o‘shancha cho‘zilib, borar joyi yanayam uzoqlashayotganga o‘xshardi nazarida. Aslida ham shunaqadek edi. Qamchiq dovoniga yetganda biroz xayoli qochdi. Tog‘lar yonbag‘ridagi Chodak qishlog‘i e’tiborini tortdi. Tabiatning mo‘jizasi edi bu. Odamlar xuddi ibtidoiy davrlardagidek ulkan toshlar oralarida hayot kechirisharkan. Yo‘llari tosh, uylari tosh. Hatto imoratlarining devorlariyam tosh edi. “Odamzot yashash uchun nimalar qilmaydi. Azaldan ne-ne yerlarni maskan tutmagan”, xayol surardi u. Tog‘-u toshlar, cho‘l-u biyobonlar, hatto uzoq muzli o‘lkalargayam inson oyog‘i yetib borgan-a.
– Aytishlaricha Chodakni shuhrati qadimda olis Chingacha dovrug‘ solgan ekan, – dedi yonida ketayotgan hamrohlaridan biri xuddi uning xayollarini anglagandek.
– Shunaqa deyishadi, – uning gapini ma’qulladi Lochin.
– Odamniyam qo‘li gul-da, qarang! Shunday bahaybat tog‘ni bag‘rini yorib yo‘l qurishganiga qoyil!
– To‘g‘ri. Odamni ishongisi kelmaydi.
Haqiqatan ham hamrohining gapida jon bor. Odamzot hamma narsaga qodir. Qiyalikdagi ilon izi yo‘llar har qanday yo‘lovchini e’tiborini tortadi. Shunday o‘ylar og‘ushida shomga yaqin shaharga yetib keldi.
Poytaxtning sershovqin ko‘chalari uni ancha chalg‘itdi. O‘tgan bir yil ichida shahar butunlay o‘zgargan, katta-katta qurilishlar boshlanibdi. Hali bitib ulgurmagan, biri-biridan baland binolar xuddi Bo‘rtog‘ning qoyalari misol viqorli ko‘rinardi ko‘ziga. Toshkent yanayam chiroy ochibdi. Ochig‘i begonasiray boshladi. Boshqa bir shaharga kelib qolganday his qilardi o‘zini.
Uning borar manzili aniq emasdi. Sababi Chamanning uyini bilmaydi ham. To‘ppa-to‘g‘ri o‘ziga qadrdon bo‘lib qolgan xiyobon sari yurdi. Gulchilar rastasidan topadi uni. O‘sha yerda bo‘lishi kerak axir. Nazdida u hamon o‘zini kutib, yo‘l qarab o‘tirgandek tuyulardi go‘yo. Shunday ekanligiga shak-shubhasiz ishonardi. Hozir uzoqdan uni ko‘rib qoladi-da, sevinganidan o‘qdek quchog‘iga otiladi, xasta qalbiga chippa yopishib, malham bo‘ladi. Ha-ha. Shunday bo‘lishi aniq. Chunki uning ham sog‘inganiga shubha yo‘q. Har kuni kutayotgan bo‘lsayam ajab emas. Biroq… Xayol boshqa, hayot boshqa. Lochinning o‘ylari birdan tarqab ketdi. Chunki xiyobondagi avvalgi gulchilar rastasida oziq-ovqatlar, turli shirinliklar sotilayotgan edi. Endi Chamanni qaydan izlaydi. U karaxt holda biroz ikkilanib, turib qoldi. Kimdir ortidan turtib: “Biron narsa kerakmi, og‘ayni?” – dedi. Shunda beixtiyor o‘girildi. Lochin nima deyishga ham hayron edi. Ro‘parasida oftobdan yuzlari qorayib, quyosh nurlaridan ko‘zlari qisilib ketgan bir qandolatpaz qarab turardi. Rostdan ham nima kerak unga o‘zi!? Qishloqdan ne maqsadlar bilan shaharga qarab yo‘lga chiqqani-yu, hozirgi holatdagi ahvoli bir bo‘ldi.
– Gulchilar… Gulchilarni qidirayotgandim! – dedi talmovsirab past ovozda.
– Ha-a, gulbozormi!? Ho‘-o‘v ko‘chani boshiga ko‘chgan. Yarim yil bo‘ldi-ku! Bu joy oziq-ovqat.
Lochin rahmatniyam nasiya qilib, qandolatpaz ishora qilgan tarafga qarab shoshdi. Gulchilar rastasi xiyobonga kirish-chiqishda edi. Baxtga qarshi gul sotuvchilarning deyarli barisi boshqalar ekan. Faqat bittasini arang tanidi. U ham bo‘lsa, Chaman savdoga chiqmagan paytlari uning o‘rnida gul sotadigan, qo‘poldan-qo‘pol o‘sha “qarindosh”i edi. Avvallari doim so‘rashga iymanardi. Bu safar to‘g‘ri oldiga borib surishtirdi.
– Shu joyda bir qiz gul sotardi, opajon! Kichkinagina, qorachadan kelgan. Gaplariyam… nima desam ekan, – kalovlandi u yumshoqlik bilan telbalarcha.
– Nima qilasan uni? – cho‘rt gapini kesdi ayol. Ovozi erkaklarnikiga o‘xshash yo‘g‘ondan-yo‘g‘onligi uni battar esankiratib qo‘ydi.
– Haligi… tanish edik! – deyishini biladi ayol zahrini socha ketdi.
– Yana qanaqa tanish. Nimaga aldaysan. Sandaqa qishlaqi tanishlari yo‘q uni. Kimsan o‘zi? Qattan keb qolding? – dedi jerkib ust-boshiga nazar solib. Gullari sotilmay, savdosi o‘xshamagan shekilli, alamini undan ola boshladi.
– U biladi. Birga…
– Manga qara ho‘-o‘v bola. Nimalar deb valdiravossan o‘zingcha. Man ammasiman, tushundingmi? San katta xolasini bolasi bo‘lasanmi!? Qorangni o‘chir bo‘ttan. Chamanni etvotgan bo‘sang allaqachon erga tekkan. Kech qolding harip. Sur, yo‘qol! – dedi hammaga eshittirib.
Ayolning rosmona jahli chiqqan edi. Endi qochmasa bo‘lmaydi. Ayol ortidan yana nimalardir deb g‘udrana boshladi.
– Sanga o‘xshagan kelgindilarga qizimizzi qo‘shqo‘llab ushlatib qo‘yadigan ahmoq borakan-da, Toshkanda! Tanishimish-a, – dedi baralla baqirib. Lochinning gapi og‘zida qoldi. Ammasining g‘o‘ldirashlaridan anglagani olti oy oldin Chamanning turmushga chiqqani-yu, boshqa gul sotish uchun bu yerlarga kelmayotgani bo‘ldi, xolos.
Shu onda uning holini tasavvur qilish unchalik qiyin bo‘lmasa kerak. Lekin u iloji boricha o‘zini tutishga harakat qildi. Shundayam dunyo ko‘ziga zim-ziyo ko‘rina boshladi. Bundan bir necha soniyalar oldin ko‘ziga chap-charog‘on ko‘ringan shahar nazarida naq zimistonga aylangandi. Bu yog‘iga nima qiladi?! Chamansiz qanday yashaydi? Bunday bo‘lishi hatto xayoliga kelmagandi. Hamma umidlari so‘ndi, o‘ylaganlari chippakka chiqdi.
“Bevafo! Bir yil sabr qilolmadingmi, a? Yolg‘onchi!” – deb so‘roqqa tutardi g‘oyibona uni.
* * *
U telba alfozda xiyobonni qancha kezganini bilmaydi. Shu orada har doim Chamanni kuzatib o‘tiradigan choyxonada ham allamahalgacha vaqtini o‘tkazdi. Undan chiqib yaqin atrofda daydib yurgan itlar galasiga duch keldi. Ba’zi laychalari akillab-akkillab ortidan ergashib, quvgan bo‘lishdi. O‘zi shu kam edi unga. Ulardan qochib, non rastasiga borib qoldi. Aqlu hushi o‘zidamas edi. Xiyobonda deyarli hech kim qolmagandi. Oxirgi nonlarini sotib bo‘lib, ashqol-dashqollarini yig‘ishtirayotgan novvoy unga qarab:
– Qayoqqa borasan oshna? – deb so‘radi erinibgina.
U indamadi.
– Borar joying bo‘lmasa biznikiga yuraqol. Musofirga o‘xshaysan. Novvoyxonada uch kishi yashaymiz. Sengayam joy topilar. Hozir shaharda itam qolmadi. Yana biroz tentirasang, opkirib qo‘yishadi.
Lochin boyagi laychalar galasiga bir qarab qo‘ydi va lom-mim demay novvoyga ergashdi. Chunki itlar ham uyalari tomon odimlashardi chog‘i. Gapirishga holi boridi-yu, ishtiyoqi yo‘q edi.
Talabaligidayam bozorni eng oxiri tark etadigan novvoylar bo‘lardi. O‘qishdan charchab kelib, dum tushib uxlab qolardi. Qorin tatalab uyg‘onganda vaqt allamahal bo‘lardi. Ana shunaqa paytlar bozorga chopishardi. Novvoyning qolgan-qutgan, ko‘pchilikning qo‘llari tekkan arzon-garov nonlari talabaning rizqi edi. Yo‘lda novvoy bir necha bor unga qarab gap qotmoqchi bo‘ldi, ammo ahvolini ko‘rib indamay qo‘ya qoldi. Ular novvoyxonaga yetib kelguncha orqama-orqa shu taxlit ancha yurishdi. Nihoyat ichkariga kirishayotganda:
– Soqov-poqovmasmisan, ishqilib!? – so‘radi novvoy taajjubini yashirib o‘tirmay shartta. U beixtiyor kulib yubordi.
– Tilim bor, – dedi o‘ziga kelib.
– Karmoningni yo‘qotdingmi unaqada?
– Yo‘q. Biroz xayolim qochibdi.
– Bekorgamasdir!? – baqirvordi ichkarida xamir qorayotgan sherigi. Darchadan uning kulimsiragan samimiy yuzi ko‘rinib turardi.
– Biron dardingiz bo‘lsa ayting! Hushingizniyam, xayolingizniyam joyiga keltirib qo‘yamiz, to‘g‘rimi, aka? – yonidagi sheriklariga qaradi umidvor, tandir yoniga ko‘mir terayotgan novvoylardan biri. U bulardan yoshroq bo‘lgani uchun shashti ancha balandligi bilinib turardi.
– Aka, vodiydanmisiz? – dabdurustdan so‘radi ichkaridagi novvoy bola boshini darchadan chiqarib.
– Shunaqa.
– Qattan?
– Anjandan.
– Biz Qo‘qondanmiz, aka. Ho‘qandi latifdan, – urg‘u berdi novvoy. – Shatta novvoychilik qilamiz.
– Yaxshida.
– Ahmadjon akamga kim bo‘lasiz? – so‘radi yana qorayotgan xamirini ustiga shappatilab. U tushunmay atrofga olazarak qaradi. Buni anglagan tandir oldidagisi uni noqulay vaziyatdan chiqardi.
– Ahmadjon akam yana ko‘chada tanishibdi, shekilli, a? Begona tanish, – dedi.
– Hali ulgurmadik. Kelguncha og‘ziga tolqon solvolganakan, lom-mim demadi.
– Nahotki, aka, nahotki! Odamni ishongisi kelmaydi. Kun bo‘yi jag‘ingiz tinmaydigan odam, bittagina odamni gapga sololmabsiz-da!?.
– E-e, menam qoyil qolmadim, Ahmadjon aka. Baribir ishontirolmaysiz. Tilsiz jonivorniyam gapirtirvorardingiz-ku. Mehmon akamizniyam omadi borakan-da, to‘g‘rimi? – yana darchadan boshini chiqarib tandir yonidagi sherigiga yuzlandi qo‘llarini surpa chetiga ishqalab.
– Endi bas qillaring, ey laqmalar! – dedi jiddiylashib Ahmadjon aka degani. – Bularga qo‘yib bersang ertalabgacha latta chaynashadi.
– Ja-a-a unchalikmas, aka! – norozi ohangda dedi ko‘mir xumlayotgan novvoy bola.
– Xafa bo‘lmadingmi uka. Buni oti Alijon. Ichkarisidagisi Botirjon. Meniki bular aytganday Ahmadjon.
– Otim Lochin, – dedi u ham cho‘zib o‘tirmay maqsadni tushunib.
– Chiroyli isming bor ekan. Bularni gapiga quloq solma.
– Yaxshi bolalar ekan. Beg‘ubor.
– Endi o‘zingdan so‘rasak. Nima qilib adashib yuribsan yarim tunda? Allamahalgacha dovdiraganingga qaraganda jiddiyroq muammong boro-ov!..
– Ha, bir odamni izlab kelgandim. Ishim yurishmadi.
U shunday deb yuzini olib qochdi. Ko‘zlarida hali ham xovotir bor edi. Buning ustiga bu haqda hech kim bilan diydiyolashishni istamayotgandi.
– Ha mayli. Shunaqasi ham bo‘p turadi. Gapirging kelmasa gapirma. Hoy ikkoving! Choy-poy qo‘ymaysanlarmi!? Qorningam ochdir?..
– Yo‘q. Unchalikmas. Choy bo‘lsa ichaman oma.
Alijon bilan Botirjon bir zumda dasturxon yozishib, o‘zlari yopgan nonlardan olib kelib qo‘yishdi. Biroz o‘tib choy ham sharaqlab qaynadi. Alijon choynakka damlab chiqdi.
– Biz shu yerda tirikchilik qilamiz. Novvoylarmiz. Ular yopadi, men sotaman. Bular shogirdlar. Hozir ustasiga dars berishyapti, – dedi kulib. Choyni qaytarib biroz tindirdi. So‘ng piyolaga quyib uzatdi.
Ertalabdan beri yo‘l yurib charchagan ekanmi, ichiga issiq kirishi bilan tanasi yayradi. Yana bir necha bor puflab-puflab, miriqib xo‘pladi. Novvoylarning o‘zlari yopgan nondan bir burdasini olib, tishladi. Shu paytgacha tandir nonning bu qadar xushbo‘yligiga ahamiyat ham bermagan ekan. Har kuni nonushta payti oddiy yegulikdek yeb qo‘yardi, xolos. Nonning shirin ta’mini his qila boshladi. Balkim novvoyxonani o‘zida yeyayotgani uchun shunday tuyulayotgandir?.. Bilmadi. Harqalay hammasi o‘zgacha mazali edi. Novvoylar bilan choy ichish-u, ular pishirgan issiqina obinonni tandirxonaning o‘zida tanovvul qilish, tushiga ham kirmagandi. U bari tashvishlarini unutib yuborgandi. Shaharga nimaga kelgani, hozirda novvoyxonada qorin to‘qlab o‘tirgani u uchun ahamiyatsiz edi. O‘ziyam ancha ochqabdi. Buni ko‘rgan novvoy shogirdlariga imladi. Botirjon ishorani tushunib, yugurib borib tandir jag‘idagi kulcha nonni uzib keldi. Usta bo‘laklab dasturxonga qo‘ydi. Bu novvoylarning go‘shtli, gijda noni edi. Lochin ortiqcha mulozimat ham kutmay, taomlanishni boshlab yubordi. Hali sovib ulgurmagan go‘shtli non yanayam totli tuyuldi unga. Ajoyib. Bunaqasini hayotida birinchi yeyishi edi. Qorin g‘ami oldida dunyoniki hech narsa emas ekan. U bundan bir necha soat ilgari umuman boshqa muhitda hayot kechirardi, endi esa o‘zga olamga tushib qolgandek his qilardi go‘yo. Hammasi xuddi shunday edi. Kallasiga yashindek kelgan bu fikrlarni butunlay inkor qilishniyam, aldab-suldab qaytarishniyam o‘ziga ep bilmadi.
* * *
U tunni novvoyxonada o‘tkazdi. Tonggacha shogirdlarga qarashib, uxlashni ham unutvordi. Faqat Ahmadjon aka charchaganini aytib, orada biroz mizg‘ib oldi. To‘g‘rida, kuni bo‘yi odamlarga maqtab-maqtab non sotishning o‘zimi? Bir paytlar bu kabi yumushni ozgina bo‘lsa ham o‘zida sinab ko‘rgan. Sotuvchilik ham osonmas. Xaridorni pulini olishning o‘zi bo‘lmaydi: ne ko‘yga tushmaydi odam. Ochig‘i yigitlar bilan ishlash ancha yoqimli edi. Ikkalovi ham quvnoq. Bir-biriga hazil-mutoyiba qilib, ishini joyiga qo‘yishardi. U ham ancha-muncha novvoylik sirlarini o‘rganib oldi. Xampada xamir qorish-u, surpada zuvala olishgacha qo‘li kelishib qoldi. Odam harakat qilsa barchasini uddalarkan. Yana tandirga non yopib, qanday uzishni ham o‘zlashtirdi. Bularning bari qiziqarli edi. Ertalabda Ahmadjon aka bilan birga nonushta qilishdi.
– Zeriktirib qo‘yishmadimi bu xumparlar? – so‘radi u dasturxon atrofida o‘tirishganda.
– Usta novvoy bo‘lib qoldi Lochin akam, – dedi Botirjon gapga suqilib.
– Sen jim tur! – dedi Ahmadjon aka jerkib. – Bular shunaqa. Aralashmay turisholmaydi.
– Hammasi yaxshi. Yigitlardan ko‘p narsa o‘rgandim.
– Yoqqan bo‘lsa shu yerda qolaqol! – dedi samimiy usta kulib.
– Yo‘q. Ishlarim bor. Bemorlarim kutishadi, – dedi xomush u.
– Hali shifokorman degin. O‘zimiz bilan bo‘lib gaplashmabmizam. Biron yordam kerakmasmi?
– Rahmat. Shunisiga ham katta rahmat. Bugun qaytaman. Bu begona shaharda bir musofirni siyladinglar, sizlarni Yaratgan egam qo‘llasin, – dedi va biroz o‘ylanib turib boshidan o‘tgan ishlarni-yu, kechagi bo‘lgan voqealarni hammasini bir chekkadan qisqacha qilib aytib berdi.
– Voh-voh. Shunga shunchami, a? – ajablanib so‘radi novvoy, uning gaplarini erinmay eshitib bo‘lgach. Lochinga ustaning gapi sal erish tuyuldi. Endi og‘iz juftlagandi, yana gap boshlab qoldi.
– Rang ko‘r – hol so‘r, deyishgan. Kecha bir ahvolda eding. Men boshingga biron musibat tushibdimi, debman. Bu savdo hammada bor. Mana bizam yuribmiz-ku, o‘lmay. Hayot davom etaverarkan-da. Bilsang kelin ayangni to‘ydan uch kun oldin ko‘rganman. Muhabbat ko‘chada qolib ketgan o‘shanda, daydi-iib. Yo‘limiz ayro tushgan bizniyam. Mana kelin ayang bilanam baxtli yashayapmiz. O‘lganimiz yo‘q. Sevgi bo‘lsa tarix endi. Eslashgayam arzimaydi. Uylansang bilasan. Olaxurjun yelkangga tappa tushadi. Ikkita bola tug‘ib bersin tag‘in, ana unda ko‘rasan muhabbat degan savdoni. Mana endi shu yerlarda tirikchilik qilib yuribmiz, o‘sha sen aytgan bosh og‘riqni, deb.
Ahmadjon aka o‘zining gaplaridan o‘zi nash’a qilib, o‘tgan umridan minnatdorlarcha zavqlanib, xandon otib qo‘ydi. Ketayotganda tong saharda yopilgan birinchi tandir nonidan to‘rttasini uzdirib, qo‘yarda-qo‘ymay qo‘ltiqlatvordi.
– Toshkentga kelganda kirib tur! – dedi kuzatayotib.
Yigitlar ham xushchaqchaq xayrlashishdi. Anchagacha nonning issiq tafti vujudu tanini ilitib bordi. Shu bir kunlik sarguzashtlarni o‘ylab qishloqqa qanday qaytib kelganini ham bilmay qoldi. Novvoyning so‘nggi gaplari hayotga boshqacha ko‘z bilan qarashga turtki bo‘ldi. Bu yog‘iga Chamanni unutishga ahd qildi. Chunki endi uning o‘z oilasi bor. Na sha’riy, na qonuniy nuqtai nazardan qaralsa ham u haqida o‘ylashga haqli emas. Shu kundan boshlab qat’iy qaror qildi: bari-barisiga nuqta qo‘yadi.
* * *
Uzoq yo‘l baribir tinkani quritadi-da.
Charchoq elitib, keliboq ayvondagi supachada biroz mizg‘ib qolibdi. Alahsirab, uyqusida tush ko‘ribdi. Qanaqadir begona oroldamish. Farishtamisol go‘zallar yasharmish. Biri qo‘yib, biri o‘zi tomon tortqilasharmish. Qo‘llari yelkalaridan uzilib ketay derkan. Qaysi biri bilan ketishga ikkilanarmish. Chunki ularning bari biri-biridan go‘zal va sohibjamol ekan. Endi o‘ng tomoniga qarab tavakkaliga yurishni boshlaganda qolganlari dunyoni boshiga ko‘tarib, ayyuhannos solishibdi. Shu payt qo‘rqqanidan beixtiyor chinqirvorganini anglamay qolibdi-yu, o‘sha zahoti cho‘chib uyg‘onib ketibdi.
– Hayriyat-e, – deb yoqasiga suflashi hamon, ro‘parasida qo‘shni qiz Ipakning qo‘lida bir kosa ovqat ko‘tarib turganini ko‘rdi. O‘zidan uyalib ketdi shu topda. Ishqilib ovozini eshitmagan bo‘lsin. Juda xunuk ish bo‘ldi-da.
– Ayam bervorgandi, – dedi Ipak ham sir boy bermay. – Yo‘ldan kelgan, qorni ochqagandir, yevolsin dedilar.
Lochin indamadi. To‘g‘risi tili kalimaga kelmasdi. Ipakning qo‘lidagi kosani arang olib, xontaxta ustiga qo‘ydi. Hali kiyimlarini almashtirib ham ulgurmagandi. Yonidagi yelim xaltada olib kelgan Toshkent nonidan ikkitasini chiqarib, uning qo‘liga tutqazdi.
– Mozorbosti, – dedi sekin. Ipak nonlarni olib, ortiga qaytdi. Shu payt yana nimadir esiga tushib, uni to‘xtatdi.
– Shoshmay tur, – dedi u cho‘ntaklarini timirskilab. Ipak jim kuzatib turardi. U uzoq kavlandi. Nihoyat topdi shekilli: – Bu senga! – deb unga kichkinagina tilla zirakcha uzatdi. Buni Chamanga deb olib, asrab yurgandi asli. Ipak g‘alati bo‘lib, sal bo‘lmasam o‘zini yo‘qotib qo‘yayozdi. Chunki unga hali hech kim qimmatbaho sovg‘a bermagandi.
– Olmiyman. Ayam urishadilar, – dedi qat’iy bolalarcha go‘llik bilan.
– Olaver. Bu mendan sovg‘a. Toshkentdan olib keldim, – dedi samimiy.
Ochig‘i Ipakka bu gaplarni aytayotganda qanaqadir boshqacha bo‘lib ketdi. O‘zining ayni holatini tasvirlab ham berolmaydi. Ichida nimadir g‘imirlab, maqsadsiz tashqariga intilardi. “Shafqatsiz tuyg‘ular” xayolidan o‘tkazdi u. Hammasi yangidan nish urayotgan kurtakka o‘xshardi. Qalbidagi shu g‘alayonlar asnosida Ipak ziraklarni uning qo‘lidan shartta tortib olib, ovsarlarcha chopqillab chiqib ketganini-da sezmay qoldi. Axir qanday ham olmasin. Bunday bejirim zirakchalarni taqish ko‘p qizlarning orzusi-ku!
U yuz-qo‘llarini yuvib kelib, xontaxta ustida o‘rog‘liq turgan qaynoqqina gulxonimlarni paqqos tushirdi. So‘ng u yoq-bu yoqni yig‘ishtirgan bo‘ldi. Baribir charchoq yengdi, shekilli, o‘zini yana o‘ringa otdi. Tinimsiz yo‘l yurib, madorini oldirgan ekanmi, uzala tushib yotib oldi. Shu ko‘yi qancha uxlaganini bilmaydi. Erta tongda turib kasalxonaga bordi. Birma bir bemorlarini ko‘rikdan o‘tkazib chiqdi. Kasallar ham hayron edi. Uning ta’tildaligi shifoxona tugul, butun qishloqqa ovoza bo‘lib ulgurgandi. Nimaga ketdi-yu, nima uchun qaytib keldi. “O‘l!” – degani odam yo‘q. Hech kim tushunmasdi. Bosh shifokor esa, xursand bo‘ldi. Yana odatiy chalaqursoq1 hayot boshlandi. Endi ko‘proq kasalxonada bo‘lardi. Tunni ham asosan bemorlarga qarab o‘tkazadigan odat chiqardi. Qachonlardir nimalardir hayotini o‘zgartirishga ishonardi. Lekin o‘sha onlar qanday, qay vaziyatda yuz berishini bilmasdi, xolos. Sekin asta Chamanni ham unutishga harakat qildi. Zerikkanda tez-tez ota-onasiga xat yozardi. Javobi ham unchalik ko‘p kuttirmasdi. Onasi xatida doim Xudoning zorini qilardi. Yakka-yu yagona orzusi uni uylantirish edi onaizorining. “Qachongacha so‘qqabosh yurasan! O‘qishimni tugatay deding, tugatding. Ish deding, ishlayapsan. Yana qanday bahonang bor sen bolani!” – deb qayg‘urardi xatida mushtipar volidayi muhtaramasi. To‘g‘rida, har qanday ota-ona ham farzandining baxtini ko‘rishni istaydi-da. Ularni yaxshi tushunadi. Bu yog‘i yana el-yurt, urf-odat singari gap-so‘zlarga ham bog‘liq. Xatining oxirida “Odamlarni oldida uyatga qo‘ymagin bizni. Biron dardi bormi, deyishadi unaqada!” deya xotima qilibdi. Ammo Chamanga nisbatan muhabbati hali so‘nib ulgurmagan. Joiz bo‘lsa yuragining bir chetini tirnab, pinhon yotardi. Ahmoqona bo‘lsayam aytadi nihoyat: uni sevadi – juda-judayam yaxshi ko‘radi. O‘zi ham lol. Hatto tasavvur qilish qiyin. Ayriliq uning ko‘zini moshdek ochdi-qo‘ydi. Buni o‘zi ham endi-endi anglay boshlagandi. Ha-ha. Jonidan ham ortiq ko‘radi. Yaratgan unga shunday muhabbat beribdi-yu, ammo umrini qisqa qilibdi. Hamon hayotdan mo‘jiza kutyapti baribir. Eshitganlarining bari yolg‘on ham bo‘lishi mumkin-ku axir! Shu gap unga umid bag‘ishlardi. Lekin hammasi puch xayollardan boshqa hech narsa emasligi haqida o‘ylashni istamasdi.
* * *
Bu yoz Ipak ham tibbiyot kollejini bitirib shifoxonaga – hamshiralikka ishga keldi. Onasi “Yoningizga oling!” – deb qo‘yarda-qo‘ymay iltimos qilib, turib oldi. O‘zi ham qarshilik qilmadi. Avvalo yuz-xotirchilik , deb “yo‘q” deyolmadi. Keyin bo‘lsa qo‘ni-qo‘shnichilik, uning ustiga begona ham emas. Hech qursa ish o‘rganar. Oxirgi paytlarda bu yerlarda unga eng yaqin bo‘lib qolgan odamlardan biri ular edi asli. Ipakni esa anchadan beri yaxshi biladi. Judayam odobli, aqlli qiz. Doim uning issiq-sovug‘idan xabar olib turadi. Bir tomondan u bundan xursand ham bo‘ldi. Ikkinchi tomondan qo‘shnilarining ishonchlarini oqlay olarmikin?..
Ipak o‘zi o‘ylaganidan ham tirishqoqroq bo‘lib chiqdi. O‘ta intiluvchanligi bois shifoxona ishlarini juda tez o‘zlashtirib oldi. Asosiysi bemorlar bilan xushmuomala. Ularni ko‘nglini ola bilardi. Sekin-sekin jarrohlik amaliyotlarida ham hamrohlik qila boshladi. Ochig‘i buni undan kutmagandi. Shifokorni nima demoqchi ekanligini ko‘z qarashlaridan ilg‘ab olardi. Jarroh uchun shunday ziyrak yordamchining yonida bo‘lishi oliy baxt edi. Ayniqsa jonlantirish bo‘limida hamshiraning bunday zukkoligi bir insonning hayoti qadar o‘ta muhim masala sanalardi. Qolaversa haqiqiy kasbining fidoyisi shunaqa harakat qiladi. U ishonchini oqladi. Umuman keyingi payt hayoti bir tekis yo‘lga tusha boshlagandi. Kunlar, kunlar ketidan oylar bir-birini quvib o‘tardi. Bahor, bahordan so‘ng yoz, yozdan keyin yana kuz kelardi. Qishning sovuqdan sovuq, ayozli kunlari naqadar tez o‘tishini sezmay ham qolardi. U uchun vaqtning ahamiyati yo‘q edi misoli. Muhimi ishi, hayoti, sog‘ligi. Bu bahor onasi xolalari bilan yo‘qlab kelishibdi. Yashashini, ish joylarini borib ko‘rishdi. Onasi “Senga faqat kelin kam, xolos!” – deb yana eski diydiyosini qildi. Xolalariyam bir xil gaplar bilan uni o‘rtaga olishdi. Xuddi hammasi avvaldan kelishilganday edi. Onasi to‘xtaganda xolalari, xolalari tinganda esa, onasi boshlardi. Xullas quloqlarini qoqib qo‘liga berishdi. Bunga chidashning o‘zi emasdi. Azob.
– Qachongacha so‘qqabosh yurasan? – deb koyirdi kichik xolasi.
– Yolg‘izlik faqat Egamga xos! – derdi katta xolasi.
Ularning har bir so‘zi yuragini nayzadek tilimlardi. Hammalarining maqsadi bitta. Nihoyat ularning qarorlarini so‘zsiz qabul qildi. Chunki bundan boshqa ilojisi ham qolmagandi. Oxiri ko‘ndirishdi – uylanishga rozi bo‘ldi.
Qayta turib onasi Ipak haqida uchirib iliq gaplarniyam aytdi. Yana ko‘hlikkina, ko‘zga yaqin ekanligini qistirib ham qo‘ydi. Shu vaqtgacha bu haqda o‘ylab ham ko‘rmagan ekan. Kun bo‘yi yonida yuradi-yu, ilg‘amaganini qarang. E’tibor ham bermapti unga. Keta turib hatto Ipakning onasiga qizini maqtashgayam ulguribdi. Nima ham derdi, mingdan ming rozi. Agar shunday odatlar bo‘lmasa, dunyodagi bari o‘zbek yigitlari xolalari aytganday rostanam so‘qqabosh bo‘lib, toq o‘tarmidi, bilmadi.
Xullas onasi bilan xolalari kelib ketishgach, Ipak undan qochadigan bo‘lib qoldi. Jarrohlik amaliyotlaridayam ko‘rinmay qo‘ydi. Imkon qadar o‘zini tortib borardi. Ipakning onasi esa, aksincha uning xolalarini tinmay maqtardi. Qayta-qayta yana mehmonga kelishlarini so‘rardi. Har ikki gapining orasida onasining o‘ta farosatli ayol ekanligi, juda odamshavandaligi to‘g‘risida og‘zidan bol tomib gapirardi. U hayron edi. Bularga nima bo‘lgan, o‘ylardi o‘zicha. Alal-oqibat onasi xat yozib, hammasini tushuntirdi. “Yashirmayman, menga Ipak yoqdi. Rozi bo‘lsang to‘yni boshlaymiz!” –debdi o‘zi aytganday ikki enlikkina yozgan xatida. Ana xolos! Nima deyishiniyam bilmay qoldi. Garangsib yurganda Ipakning onasiyam uylariga sovchi kelayotganini aytib, suyunchiladi. Ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi. Onasiga xat yozvorsamikin. Endi Ipakdan ham quruq qoladimi?.. Nima qilsin ekan? Ipakka kelgan sovchilarni eshitib tinchi buzildi. Anchagacha nima qilarini bilmay jinni bo‘layozdi. “Iloyo sovchilarga yoqmagan bo‘lsin Ipak”, – deya o‘zini-o‘zi tinchlantirardi. Yana: “Qanday yoqmaydi. Ipakdek qiz-a! U hammaga yoqadi-ku!” – deb ich-etini yerdi. Boshi ham qotdi. O‘ziga ham yoqadi axir u. Taqdirning o‘yinini ko‘ring! O‘shanda “Kimdan?” – deb so‘ramabdi ham shoshganda. O‘zidanligini keyinroq bildi. Onasi endi amma-xolalarini ergashtirib, sovchi bo‘lib kelishgan ekan. O‘ziga bildirmay hamma ishni pishitib ketishipti. Oxirida unga bildirishibdi. Xullas to‘y. Qiz bo‘lsa shunday bo‘ladi-da. Ipakning Chamandan nimasi kam. Qolaversa, onasi aytganday hayotda “toq” o‘tmaydi-ku! Yolg‘izlik Yaratganga yarashadi katta xolasi aytganday. Qolversa bunga urf-odatlar ham yo‘l bermaydi. “Ana senga hayot! Mana senga turmush tashvishlari, Lochinboy!” – derdi o‘ziga o‘zi. Peshonasiga bitilgani shu ekan-da. Nima bo‘lsa, hammasiga ko‘ndi. Taqdirdan qochib qutulib bo‘lmaydi-ku. Amma-xolalari uni to‘ygacha toza yasantirishdi. Andijonning har payshanba kuni rosa katta bo‘ladigan “jahon bozori”ga naq uch hafta qatnashdi o‘ziyam. Poyabzalidan tortib, suvsar telpakkacha xarid qilishib, kiyintirishdi. Andijon do‘ppisiniyam bozorni axtarib manaman deganini, chertib-chertib olishdi. Boshga kiyganda salobat to‘kib turish kerak ekan. Do‘ppi kuyovbolaning ko‘rkimish. Amma-xollaridan o‘rgilsin-a. Rasmi-rusmi shunday ekan-da. Kelingayam sarpolarni uyub tashlashdi. Mol yoyar, sep ko‘rdiga kelganlarning bari bu latta-puttalardan og‘zi lang ochilib qolsin-da endi. Shunda ko‘ngillari tinchiydi amma-xolalarini. Bu kiyim-kechaklarni kiysa, Ipakni taniyolmay qolsa kerak. Uni faqat oppoq xalatda ko‘rib, buni tasavvuriga sig‘dirolmayapti halitdan. Xolalarini aytishiga qaraganda o‘ziyam shahzodalardek kuyov bo‘libdi. Nimayam derdi axir… Shu bugun to‘y. (May oyining o‘n ikkinchi sanasi.) Kulsinmi kuysinmi, kuyovjo‘ralar bilan roppa-rosa ellik chaqirim yo‘l bosib, o‘zining uyiga kuyovnavkar bo‘lib keldi. Kelinni, ya’ni Ipakni Chekkatoshloqdan olib ketishadi. Qiziq odatlar bor-da. Nimaga kerak shuncha dabdaba. Katta-katta xarajat. Shu odatlarni karnay-surnay bilan yetti mahallaga jar solmasdan, imi-jimida o‘tkazsa bo‘lmasmidi?..
– Sen qayg‘urma! Bularning bari qadriyat. Ajdodlarimiz qilgan, bizam qilamiz. Ertaga sening bola-chaqang, avlodlaring davom ettirishadi. Xullas mana shunaqa bo‘lib ota-buvalarimizdan bizga o‘tib kelyapti-da, bu to‘y-to‘rkinlar! – deb uqtirishdi yaqindan-yaqin qarindoshlari.
Qiy-chuv, to‘s-to‘polon-u o‘yin-kulgular bilan to‘y ham o‘tdi. Hammasini gapirib o‘tirmaydi. Eng qizig‘i kelinni dast ko‘tarib – yelkaga olvolib, olovni aylantirish bo‘ldi. Qayoqdan chiqqan ekan bu odat-a!? O‘zi ham tushunmaydi. So‘rasa “Andijonda shunaqa-da”, deyishadi xolos.
Kelinning uyiga borayotganda qoqilib, yiqilishiga sal qoldi. O‘ziyam “yo‘lto‘sar”lar orasini zo‘rg‘a yorib o‘tdi. Amallab go‘shangaga yetkazib olib bordi-yu, kelinni dugonalariga topshirdi. Ana undan keyin eng esda qoladigan ish boshlandi. Kuyovjo‘ralar uni hovliga olib o‘tishib, osmonu falakka chunonam otishdi-ki. Vo-o!.. Toza yuragini tushirishdi-yu. Bunaqasi bo‘lmagan hayotida. Har ko‘tarishganda hayqirishardi. O‘ziniyam bo‘lari bo‘ldi. Mayib qilishlariyam hech gapmas ekan axir shunaqa payt. “Qulluq bo‘lsin! Qulluq bo‘lsi-i-in!!” – deb tinmay baqirishardi kuyovjo‘ralar. Ovozlari dunyoni tutdi-yov shunda.
Qutulganiga shukur-a.
* * *
To‘y tugab qarindosh-urug‘lar ham birin-ketin tarqashdi. Hayhotdek uylarida faqat o‘zlari qoldi. Ipakni o‘sha kundan beri – sal-kam uch oylar chamasi ko‘rmagandi. U yangi kiyimlarda judayam ochilib ketibdi. Biroz yuzlari to‘lishgandekmi-ey. Yanayam yaxshi ko‘rib ketdi uni. Muhabbat shu bo‘lsa kerak-da. Yerga qarab uyalinqirab turibdi. Yuzidagi chimmati ortidan ko‘zlaridan yosh tomchilari yaltirab ko‘rinardi.
– Nimaga yig‘layapsan!? – dedi zo‘rg‘a.
U bo‘lsa indamadi. Birozdan keyin ikki qo‘lidan tutib, bag‘riga tortdi. Rasm-rusm, urf-udum, qisqasi, hamma-hamasi lahzalar qa’riga singib ketdi. U yog‘i esida yo‘q. Shu orada kelin yangalarning g‘ala-g‘ovuri es-es shuurida qoldi, xolos. Baxtdan, muhabbatdan sarmast edi. Birinchi visol oni shunday – mavhumot bilan o‘tdi. Ertasidan yana odatiy hayot boshlandi. Ipak kelinlik xizmatlariga kirishdi. To‘ydan keyingi marosimlarniyam birma-bir o‘tkazishdi: yuz ochdi, kelin ko‘rdi – urf-odatlar qanday bo‘lsa o‘shanday bajarildi. Hayotlari barakali, bekamu-ko‘st bo‘lsin, degan ma’noda kelinning qo‘liga bug‘doyni ham, tegirmon unini ham hovuchlatishibdi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘larning bari qatnashdi. Bu yoqda kuyov oshi, kuyov o‘tirish – hamma-hammasi qilindi. O‘ziyam, Ipagam marosimlardan charchashdi. Uning ustiga Ipakning uyidagilar har kuni issiq ovqat tashirdi. Urf-odatmish. Xolalarining og‘izlarini ko‘pirtirib tushuntirishlaricha, Andijonda shunaqamish. “Kerakmas! Har qancha ovqat zarur bo‘lsa, o‘zimiz pisharamiz!” – deb oyoq tirab turib oldi. Shundan so‘ng u udumga chek qo‘yildi.
Kichik chillasi chiqib, keldi-ketdilar tingach Chekkatoshloqqa qaytishdi. Yaqinlari “Qorong‘ida yurmanglar, hali “qirqing”lar chiqmagan!”, – deb qayta-qayta quloqlariga quyishdi. Jo‘nab ketishayotganlarida o‘zlari tushunmaydigan – qolgan-qutgan isiriq tutatishdek, yana u-bu irim-sirimlarni ham ado etishdi.
* * *
Chekkatoshloqqa qaytgan kunning o‘zida kasalxonaga bordi. Boshqa nimayam qilardi. Tuzuk-quruq borar joyi ham bo‘lmasa. Ipakning ko‘zlariga termulib o‘tirmaydi-ku! Bemorlar ham uni kutishardi. O‘tgan vaqt ichida ancha-muncha ishlar yig‘ilib qolipti. Ipak bo‘lsa uy yumushlari bilan band edi. Timirskilanib tinmasdi. O‘zlari bilan olib kelishgan uy-ro‘zg‘or buyumlarini onasi yordamida xonalarga joylashtirardi. Yaqinlari aytishganidek, bid’at bo‘lsa ham irim-sirimini qilib, “qirqi” ichi uyga erta qaytardi. Chillali odam shomdan keyin yurib bo‘lmas ekan. Uning ustiga Ipakni yolg‘iz qoldirish ham odobdan emas. Endi ular er-xotin. Aslida ko‘pam yakka qolmasdi. Axir qaynona-qaynotasi bilan qo‘shni-ku! Ular juda mehribon odamlar. Qaynotasining harbiyligini to‘ydan keyin bildi. Mudofaa vazirligining zobiti ekan. O‘ta jiddiy inson. Polkovnik. Gaplashish ham qiyin. Juda og‘ir va vazmin odam.
– Shart-sharoitda kamchiliklar bo‘lsa aytasiz, kuyovbola! – deydi buyruq ohangida doim. Bundan ortiq yana qanaqa sharoit kerak ularga axir. Ikki kishiga davlat hayhotdek uyni berib qo‘ygan bo‘lsa.
Shunaqa qilib ishlar bilan bo‘lib, vaqt o‘tishini ham sezmasdi. Kasallari bo‘lsa bu haqda o‘ylashga qo‘yishmasdi. Bosh qashishga “gramm” vaqti yo‘q edi. Chekkatoshloq odamlariga ham butunlay o‘rganib qoldi. Hayotini boshqa joyda tasavvur qilolmasdi endi. Qolaversa Ipakning kindik qoni to‘kilgan joy, u uchun ham begona bo‘lmasa kerak. Lekin oliy o‘quv yurti bergan uch yillik sinov muddatiyam tugab borardi. Unda yana shaharga qaytish, poytaxtning manaman degan shifoxonalarida ishlash imkoniyati bor edi. Lekin u hayotini o‘zgartirgan bu go‘shani yoqtirib qolgandi. Chekkatoshloqliklar uni o‘zgacha hurmat qilishardi. Qo‘shimchasiga davlat ishlagan ishiga ikki barobar maosh to‘layotgandi. Bu mamlakatning chekka hududlarida shifokorlarni rag‘batlantirish bo‘yicha hukumat dasturi asosida amalga oshirilayotgan edi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsa, turmush tarzi hech qaysi shaharliknikidan kam emasdi. Qayoqqa ketadi shuncha sharoitlarni tashlab. Ketmaydi. Ammo…
…Ammo-lekin u kungi voqea bo‘lmaganda mana shu joyda, shu odamlar bilan hayotini butun umr bog‘lagan bo‘lardi. Erta tong ishxonasiga kirib, kiyimlarini almashtirib tursa, chinqirib yig‘layotgan bolasini ko‘tarib, Jasur kirib kelib qoldi. Uni ko‘rmaganigayam ancha bo‘lgandi. Go‘dak tinmay yig‘lar, ko‘zlaridan shoshqator yosh oqardi. Bolani ahvolini ko‘rib boshqacha bo‘lib ketdi.
– Nima qildi? – so‘radi undan shoshib.
– Bilmadim-da. Bilganimda seni yo‘qlarmidim. Qornini ushlab olgan faqat, – dedi u ham dovdirab.
Bolani tezkorlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi. Og‘riqsizlantiruvchi muolajalar qilishdi. Bola bir yoshlar chamasi edi. Endi-endi qo‘shimcha ovqat yeya boshlagan ko‘rinadi.
– Medasi buzilgan chog‘i, – dedi u bola muolajalardan so‘ng yupangach.
– Rahmat senga, – dedi Jasur jiddiy harbiychasiga. – Bir umr qarzdorman oldingda.
– Qo‘ysang-chi. Hozir dori-darmon yozib beraman. Ovqatlantirishda onasi e’tiborliroq bo‘lsin. Bolani oshqozoni senikidekmas, – dedi hazil aralash.
Shu payt:
– Chaman qaravor! – deya xotinini chaqirdi Jasur.
U o‘tirgan o‘rnidan bir qalqib tushdi. Buni Jasur sezdimi yo sezmadimi, bilolmadi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qarshisida bir vaqtlar qalbini zabt etgan, aqlu hushini o‘g‘irlagan o‘sha “gulchi qiz” turardi. Xuddi o‘zi!.. Chaman!! Biroz durkunlashibdi, xolos. Juvon kepatasi kiribdi. Ammo hamon go‘zal va beg‘ubor. Bolasini qo‘liga olayotib, beixtiyor ko‘zlari to‘qnashdi. Nigohlari qattiq edi. Chaman uni tanib, jovdirab qoldi.
– Qo‘rqmang!.. O‘tib ketadi. Biroz oshqozoni buzilgan. Shu muolajalarni qilib turasiz, – dedi unga dorilar yozilgan qog‘ozni uzatib, xuddi notanish odamlardek. Chaman indamay hayron qarardi. Eri:
– Katta rahmat, – deya qog‘ozni olmaganda Chaman yana qancha shu alfozda qotib turardi, bilmadi.
– Biznikiga kelinni olib o‘t. Uylanibsan deb eshitdim, – dedi Jasur ataylabdan qilgandek, baland ovozda.
– Shunday, – dedi Lochin yerga qarab, yosh bolalardek uyalinqirab.
– Nega uyalasan yigit? To‘yga aytsang borardik, – dedi yana o‘chakishganday. – Endi mehmonga o‘tmasang bo‘lmaydi. Unaqada o‘zimiz boramiz, to‘g‘rimi Chaman?
Chaman indamadi.
– Oldingga boshqa kelamiz. Chamanning ham oxirgi vaqtlar holi tang. Ob-havo yoqmayapti shekilli, bir ko‘rikdan o‘tmasa bo‘lmaydi, shundaymi?…
Jasur Chamanga yuzlandi. U bo‘lsa, javob bermadi. Aksincha erining yengidan ushlab, tortqiladi. Jasur tushundi.
– Mayli bo‘lmasam. Kutamiz, – deb chiqib ketishdi.
Ulardan keyin Lochinning xayollari buzildi. O‘ylari chalkashib ketdi. Nima ish qilmasin shuurida Chamanning haykaldek qotib turgan siymosi gavdalanaverardi. U bir necha kun mana shunday alfozda garangsib yurdi. Shu orada go‘yo Chamanni uchratib qoladigandek telbalarcha harbiylar shaharchasi atrofini ham kezib chiqdi. Hushi o‘zida emasdi shu onda. Buni atrofidagilar ham sezdi. Ayniqsa Ipak unga nima bo‘layotganini so‘rardi har kuni. Uning o‘zi ham tushunmasdi. Haqiqatan nimalar yuz berayotganini anglab bo‘lmas darajada aqlidan ayrilayozgandi. O‘ziga kelish uchun biroz dam olish kerak. Bosh shifokor ham chaqirib:
– Charchabsan Lochin! O‘z hisobingdan ta’tilga chiq. Hordiq chiqarsang hammasi o‘tib ketadi, – dedi.
To‘g‘ri taklif edi. Qolaversa ayni muddao ham. Chunki oxirgi voqealar majolini quritayotgandi. O‘sha kuniyoq ariza yozib, ta’tilga chiqdi.
* * *
Ta’tilning ertasigayoq Ipakni olib ona qishlog‘iga ketdi. Tug‘ishganlari bilan biroz chalg‘iydi. Ular ham xursand bo‘lishdi. Ayniqsa onasi Ipakni ko‘rib quvonib ketdi. Uning “boshi qorong‘i” edi. Tagiga qat-qat ko‘rpachalarni solib, o‘tqazishga joy topolmasdi bechora onasi. Munkillab qolgan bo‘lsa ham, yugurib-elib dasturxon yozdi. Ipak bo‘lsa hijolat chekardi. Uy yumushlariga yordamlashay desa, qo‘yishmasdi. Onasi oyoq tirab turvolardi. “Sizga og‘ir mumkinmas! “Og‘ir oyoq” odam o‘zini ehtiyot qiladi”, – derdi. Har kuni yoshlarni ko‘rishga qarindoshlari kela boshlashdi. Ular bilan gaplashib, ancha yayradi. Uzoq yillar ko‘rmagan jiyanlarini ko‘rdi. Hammasiyam kap-katta bo‘lib qolishibdi.
– Vaqtning o‘tishini qara, – dedi otasi unga. – Ha demay farzandli bo‘lasan. Kechagina sen ham jiyanlaringga o‘xshab, chopqillab yurarding!
Rostdan ham. Otasi to‘g‘ri aytadi. Gaplariga qo‘shiladi. Endi esa, oila boshlig‘i. Hademay ko‘payishadi.
– Shunday, – dedi u kulib. Lekin otasiga tikilib xafa bo‘ldi. Qariy boshlabdi. Vaqt ayab o‘tirmabdi – otasiga ham o‘z hukmini o‘tkazibdi. Ancha yillar avval baquvvat va tetikroq edi. Bog‘dagi ishlarni ko‘rdim demasdi. Usta bog‘bon edi. Hozir bo‘lsa, biroz cho‘kibdi. Bog‘da ham ishlari avvalgidek emas.
– Aka bugun Lochin bilan kelin biznikida mehmon bo‘lishadi, – dedi amakisi. Otasi “Nima deysan?” degandek unga qaradi.
– Keragi yo‘q amaki. Ovora bo‘lmang! – dedi u hijolat tortib.
– Ovorasi bormikan? Momang tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygan. Buning ustiga kichik jiyaningni senga o‘xshab shifokor bo‘lish niyati bor. Har kuni kutadi. Yo‘l-yo‘riq so‘ramoqchidir-da, – dedi samimiy.
Rozi bo‘lmay ilojiyam yo‘q-da axir. Kelgan kunlaridan beri shu. Hali u qarindoshinikida, hali bunisinikida mehmondorchilikda. Ota-onasi doim birga, yonlarida borishardi. Ularni yer-u ko‘kka ishonishmasdi.
– Hurmat qilib chaqirishadi. Odatlarimiz shunaqa – anjancha. Bormasak uyat bo‘ladi, – deydi onasi og‘zining tanobi qochib.
Xullas mehmon bo‘lmagan yaqinlari qolmadi. Endi birin-ketin qo‘ni-qo‘shnilar chaqirisha boshlashdi. Ochig‘i xursandchiliklar ham joniga tegdi. Chaqir-chaqirlardan ham zerikdi. Endi ketadi. Faqat qayoqqa?.. Chekkatoshloqqa qaytishni xohlamasdi. Bir yo‘la poytaxtga ketvorishni o‘ylab yuribdi. Uch yillik muddat ham allaqachon tugagan. Borib aytgan joyida ishlasa bo‘ladi. Qolaversa ancha tajriba orttirdi. Ustozlari ham xursand bo‘lsa kerak. Ketayotganda qachonlardir albatta qaytish kerakligini uqtirishgandi. O‘ylay-o‘ylay bir to‘xtamga keldi: Toshkentga qaytadi. Ipak dabdurustdan nima uchun bunday bo‘lganligini tushunmasdi. Bir necha kun ko‘zyosh ham qilib oldi. Axir ota-onasi, aka-singillaridan uzoqda yashash u uchun osonmasda. Lekin keyinchalik baribir tushunib yetdi. Ota-onasi ham: “Turmush o‘rtog‘ing qayerda bo‘lsa, sen ham o‘sha yerda bo‘lishing kerak. Qiz bola birovning xasmi!” deyishdi. Dushanba kuni shifoxonadagilar bilan xayrlashib, barcha hisob-kitoblarni qilib, yo‘lga chiqadi. Albatta Toshkent uni quchoq ochib kutib olmaydi. Buni yaxshi biladi. Toshkent hech kimni ayab o‘tirmaydi. Shaharda qimirlagan yaxshi yashaydi. Talabalik paytlari ijarama-ijara, sarson-sargardon o‘tgan kunlari hali yodida. Unda yolg‘iz o‘zi edi. Endi esa oilasi bor. Ikki kishi. Ipakni ota-onasining bag‘ridan yulib olib ketyapti. To‘kis hayot kechirishiga intilish kerak. Yana zimmasida erlik burchi. Qolaversa tug‘ilajak bolasi uchun ham harakat qilmasa bo‘lmaydi. Uni yengil hayot kutmayotganligini juda yaxshi bilib turibdi. Ammo hammasiga chidaydi. Qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga ishonadi. Boshqacha bo‘lishi ham mukin emas.
* * *
Dushanba kuni ertalabda ishdan bo‘shash uchun kasalxonaga borganda qiziq holatga duch keldi. Hammayoq to‘s-to‘polon. Atrofda harbiylar: u yoqdan-bu yoqqa chopib yurishibdi. Hammasining yuzlarida sarosima. Ba’zilari asabiy. Bir-birlariga jahl qiladi. Bosh shifokor uni ko‘rib shoshib qoldi.
– Tez kiyimlaringni almashtirib, jarrohlik xonasiga bor! – dedi buyruq ohangida. Uni hech qachon bunday ahvolda ko‘rmagandi. Yana ovozidagi titroq, odamni esankiratib qo‘yardi. Bosh shifokor o‘ta madaniyatli, yaxshi odam. Hammani ko‘nglini birdek ola biladi. Kimni ko‘rsa erinmay hol-ahvol so‘raydi. Ishgayam talabchan edi lekin. U bosh shifokor nima degan bo‘lsa, shuni qildi. Ish kiyimlarini kiyib, jonlantirish bo‘limiga chopdi. U yerda bir sochlari to‘zib ketgan, qorachadan kelgan, kelbati otni hurkitadigan bahaybat bir odam qo‘llari kishanlangan holda qontalash yotardi. Tepasida ikki harbiy askar. Oyog‘i va yelkasidan o‘q yegan ko‘rinadi. Hamshiralar allaqachon kiyimlarini yirtib, ochiq jarohatni tozalashayotgan ekan. U biroz dovdirab, turib qoldi. Bunaqasiga hayotida birinchi bor duch kelishi edi. Naq jang maydonining o‘zi-ku. Urushdagidek his qildi o‘zini. Bir zum nima chora qo‘llashni bilmay ikkilandi. Shu payt hamshira jarohat atrofiga og‘riq qoldiruvchi dori yubora boshladi. Bu unga dalda berdi. U ham o‘ziga kelib, tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Nihoyat:
– Qo‘llarini bo‘shatinglar! – dedi askarlarga qarab g‘ayriixtiyoriy tarzda. Ular bir-birlariga hayron tikilishdi. So‘ng chap tarafdagisi:
– Bu mumkinmas, – dedi qat’iy. U darhol tushundi.
– Zobitni chaqiringlar! – dedi yana buyruq ohangida. Askarlardan biri ottilib tashqariga chiqib ketdi. Hech qancha o‘tar-o‘tmay zobit bilan qirib qeldi.
– Qo‘llarini yeching! – dedi unga qaramay.
– Mumkinmas. Bu xavfli, – dedi u ham jiddiy.
– Unaqada ishlolmayman. Halaqit beradi.
– Iloji yo‘q. Shunday ishlang! – dedi buyurib zobit.
– Unda o‘zingiz ishlang, – dedi u ham zarda qilib.
– Bu yerda men buyruq beraman, – dedi zobit uning yoqasidan olib, o‘ziga qaratib. Bu Chamanning eri, uni har doim mehmonga taklif qiladigan mehmonnavoz va mehribon oshnasi Jasur edi. Lochin indamadi. Uning qo‘llarini sekin yoqasidan olib, siltadi. U bilan adi-badi aytishishning mavridi emas edi. Vaqt kutib turmasdi. Jasur o‘zini bosishga harakat qildi. Ikkalovi ham bir-biriga boshqa hech nima deyishmadi.
– Tunda chegara buzilgan. Bu jinoyatchi, – dedi Jasur birpasdan keyin.
Lochin yana indamadi. Jarrohlikni boshladi. Chap tizzasining pastidan o‘qni chiqarib oldi. Tortayotganda bemor qattiq ingradi. Jarohat joylarini tozalab, keyin tikib qo‘ydi. Yelkasini kavlayotganda og‘riqdan shunday baqirdi-ki, inson bolasi bu o‘kirikka chidashi mahol edi. Hamshiralar ham bir cho‘chib tushdi. Askarlar jarayonni kuzatib ustida turishardi. Lochin ishini tugatib, achchig‘lanib Jasurga qaradi. U hech narsa bo‘lmagandek mag‘rur turardi.
– Men uchun bemor, – dedi tashqariga chiqayotib Jasurga zaharxanda qarash qilib, zarda bilan.
* * *
Ketayotganda bosh shifokor arizasini bir necha bor yirtib tashlab, toza oyoq tiradi. Axir tayyor mutaxasisdan ayrilish har qanday boshliq uchun azob edi. U deb ko‘rdi, bu deb ko‘rdi, bo‘lmadi.
– Qaroring qat’iymi?- so‘radi oxiri.
– Ha, – dedi u ham.
– Yana qaytib kelsang xursand bo‘lamiz. Senday shifokorlar bu yerlarda bizga juda zarur! – dedi bosh shifokor.
Ha aytganday. Bosh shifokorning oti To‘lqin. Andijondagi tibbiyot instituni bitirgan. Mutaxassisligi davolovchi shifokor. Yoshi qirqqa borgan, qorachadan kelgan, haybatli yigit. Kasbini jonidan ortiq yaxshi ko‘radi. Haqiqiy shifokor.
Lochin bosh shifokorning gaplariga javob bermadi. Axir uning hayoti taqdir hukmida. Na iloj. Yana Toshkentga qaytish u uchun havas emas. Shaharda topadigan nonini Chekkatoshloqda ham topsa bo‘lardi. Eng qizig‘i bu yerda uy-joyi bor edi. Ijarama ijara darbadar yurmasdi. Bu yog‘i taqdir. Qismatning qo‘lida ne ko‘yga tushgani bo‘lsa bo‘lsin.
Yo‘l esa olis. Tezroq ketmasa bo‘lmaydi. Chaman ham ilhaq o‘tirgandir. U homilador. Ko‘pam kuttirish yaramaydi. Uni ko‘ndirishni ham o‘zi bo‘lmadi axir.
– Xayr Andijon! Xayr Chekkatoshloq!.. Tuz-nasibangga rozi bo‘l. Hammasi uchun rahmat senga!..
Ikkinchi qism
* * *
– Salom, Toshkent – tosh shahri!..
Bu – uning ijaraga joylashib, shahar markazidagi ko‘p qavatli uylarning baland ayvonida xotirjam turib aytgan birinchi so‘zlari edi. Hali oldinda qanday hayot kutib turganini o‘zi ham yaxshi bilmasdi. Ertani oldindan ko‘ra olganda boshqacha yasharmidi? Aslida-ku bunaqa bashoratlarga ishonmaydi, ammo baribir odam degani nimadandir umid qilarkan-da. Ana shu daqiqalardan so‘ng sertashvish kunlari boshlandi. Bu Lochinning o‘zi istagan, o‘zi orzu qilgan hayot edi. Qishloqdan Toshkentga qaytganining ertasigiyoq talabalik paytlari amaliyot o‘tagan shifoxonaga ishga yuborishdi. Ustozlarining oldida malakasini oshirish u uchun ulkan sharaf edi. Ammo bu yerdagi bemorlarning bir qismi hayotdan umidini uzgan, yana birlari jon-jahdi bilan yashashga intilayotgan odamlar bo‘lgani uchun biroz umidsizlandi ham. Ularning ko‘zlariga termilib, dardlariga sherik bo‘lish qanchalik og‘ir ekanligini bilish unchalik qiyin emasdi. Lochin har kuni shifoxonaga borardi. U yerga o‘rganguncha ko‘p qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazdi. Shahar odamlari sodda va to‘pori chekkatoshloqliklarga o‘xshamasdi. Ular bilan judayam tez va o‘ta xushmuomalik bilan ishlash kerak edi. Har bir savollariga joyida javob qilinmasa, ba’zi bemorlar asabiylashib, achchig‘lanardi. Ayrimlari qishloqdan kelganligini bilishgach, uni “qishloqi”dan olib “qishloqi”ga ham solishardi. Bunday gap-so‘zlar avvaliga ko‘ngliga qattiq botdi. Hatto dilini xira qilib, bir muddat ulardan xafa ham bo‘lib yurdi. Keyin-keyin ahamiyat bermay qo‘ydi. Hamma-hammasiga chidadi. Chidashga majbur ham edi. Buning ustiga kasallarning aksariyati uzoq yillardan buyon xastalik bilan kurashayotgan odamlar. Ular bilan o‘ta ehtiyotkor muomala qilinmasa ko‘ngli ranjib, yashashdan sovib ham qolishi mumkin edi. Albatta, uzoq qishloq shifoxonasida uch yil orttirgan tajribasi bu yerda baribir qo‘l keldi. Sekin-sekin kasallarni ko‘ngliga yo‘l topdi. Sog‘aygan sari ularning ham unga bo‘lgan ishonchi ortib borardi. Ko‘pchilik bemorlar surunkali, uzoq yillar davomida davolanadigan toifadagilar bo‘lgani uchun ular bilan tez-tez ko‘rishishga to‘g‘ri kelardi. Hatto ayrimlari bilan bir-birlariga o‘rganib qolishdi. Sog‘ayib chiqib ketishgandan keyin ham uni yo‘qlashadigan bo‘lishdi. Shifokor uchun bu – katta baxt va eng yoqimli e’tibor edi. Bemorlarini sog‘lom ko‘rish, uning ustiga davo topganiga ishonish o‘zini ham quvontirardi. Ustozlari undan minnatdor edi.
– Bizni ortda qoldiryapsan. Hayratdamiz, – derdi ustozi Narimon aka doim uni ko‘rganda. Bu gaplar garchi piching ohangida aytilgan bo‘lsa ham, lekin samimiy edi. Uning yutuqlaridan ustozlarcha faxrlanish tuyg‘usi bor edi. Hammasini yaxshi tushunadi. Maqtovlar har qanday odamni taltaytirvoradi. O‘zi sezmagan holda kibru-havo sari yetaklaydi. Ustozi Narimon aka qobiliyatli jarroh. Onkologiya bo‘yicha tenggi yo‘q mutaxassis O‘ta talabchan, qat’iyatli inson edi. Lochin ham talabalik yillarida ustoziga havas qilib tibbiyotning shu yo‘nalishini tanlagan. Shogird olishda ham tasavvur qilib bo‘lmas darajada hushyor. O‘zida bor tajribasini talabalarga beminnat o‘rgatardi. “Jarroh bo‘lish uchun odamda favqulodda qobiliyat bo‘lish kerak!” derdi doim. O‘zi ham aytgan so‘zlariga amal qilardi. Lochinga bo‘lsa, jarrohlik sirlarini erinmay tushuntirardi. Ular bilan o‘zini boshqa o‘zanga tushib qolgandek his qilardi u. Muhit ham insonni o‘zgartirishga qodir ekanligiga shu yerda ishonch hosil qildi. O‘zicha qishloq bilan shahardagi turmush tarzini solishtirib yurdi. U yoq bilan bu yoq o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor edi. Daf’atan Chekatoshloqda o‘tgan yillarini ham bir-bir qo‘msab qo‘yardi. Shu yo‘sin hayoti kundan-kunga o‘zgarib, ohista o‘z izmiga tusha boshlayotgandi. Ipak ham shahar havosiga ancha moslashib qoldi. Uning oy kuni yaqinlashgani sayin vahmi ortardi. Imkon qadar uyda yolg‘iz qoldirmaslikka urinardi-yu, lekin ko‘proq ishda bo‘lardi. Baribir bo‘sh qoldi deguncha undan xabar olishga oshiqardi. Xudoning mehribonligini qarangki, qishning uchinchi oyi – dam olish kunida Ipakning ko‘zi yoridi. Oshxonada g‘imirlab turib, inqillab qoldi. Lochin shoshib yoniga bordi. Ikkovi ham tushunishdiki bu to‘lg‘oq…
– Qo‘rqib ketyapman, – dedi Ipak bir mahal vahima bosib.
– Qo‘rqma. Men shu yerdaman, – dalda berdi Lochin ovozi qaltirab.
– Yig‘lagim kelyapti… Lochin aka! – hiqqilladi Ipak.
– Yig‘lama… Yig‘lamay tur! Mayli… mayli yig‘la! Yig‘layver… Faqat qo‘rqma!
Lochin shifokor bo‘lsa ham boshida nima qilarini bilmay ancha esankiradi. Keyin o‘zini qo‘lga oldi. Birinchi yordam ko‘rsatdi. Tug‘uruqxonaga ham o‘zi olib bordi. Yonida bo‘ldi.
– Mendan xavotir olmang. Sizniyam tashvishga qo‘ydim, – derdi Ipak inqillab. O‘zi bir ahvolda-ku, yana uni o‘ylaydi. Bu yerlarda undan boshqa kimi ham bor edi u bechorani. Onasi bo‘lmasa oldida. Hammasini birga yengib o‘tishdi. Albatta tug‘ish va tug‘ilish bu mo‘jiza edi. Ammo hammasi oson emasdi. Ayollarning jasorati oldida dunyoning barcha erlari bosh egishsa arzir ekan. O‘zi ham xotini bilan birga xuddi to‘lg‘oq azobini boshidan o‘tkazgandek bo‘ldi. Ha-ha. Xuddi shunday bo‘ldi bari. Ipak unga Qo‘chqordek o‘g‘il tug‘ib berdi. O‘zi shifokor bo‘lsa ham, unga birinchi suyunchilagan hamshirani gaplaridan so‘ng terisiga sig‘may ketdi: u ota bo‘lgandi. Qanday baxtiyor onlar! Bu baxtni his qilish uchun ham ota bo‘lish kerak ekan o‘zi. Hammasi ortda qolgandi. Asosiysi farzandi sog‘lom. Xavotirlariyam ancha aridi. Vaqt topib qishloqqa – ota-onasi, qaynona-qaynotasiga xabar yubordi. Ular kelguncha chaqaloqqa bir dunyo kiyimchalar sotib oldi. Yaqinlari ham kuttirib o‘tirmay o‘sha kuni kechga yaqin Toshkentga yetib kelishdi. Onasi bilan qaynonasining og‘zi-burni quloqlarida edi. Bir-birlarini tabriklashib, tinmasdi. Ikki gapning birida “Quda qulluq bo‘lsin!” – deb charchashmasdi. Birgalashib Ipakni tug‘uruqxonadan olib chiqishdi. Hammalari kelishib bolaga Temur, deb ism tanlashdi. Barchaga bu ma’qul keldi. Dovrug‘i Toshkentga ketgan Oq masjidga olib borib, Temurbekning qulog‘iga azon ham ayttirishdi. Bu odatlarni o‘zi qayoqdanam bilardi. Ikki onasi bir-biri bilan talashib-tortishib, hamma rasm-rusmlarni o‘tkazishayotgandi. Temurbek pahlavonlardek tetik va dadil edi. Yaqinlari uni urf-odatlarga ko‘ra beshikka belashdi.
– Latta chirik, meni o‘g‘lim tirik. O‘ng yonidan kelsinmi, chap yonidan kelsinmi? – deb onasi qaynonasi ikkovlashib u-bu irim-sirimlarini qilishdi.
Onasi beshikka belab, qo‘l-oyog‘ini bog‘layotganda qaynonasi:
– Qo‘rqmas, botir bo‘lgin bolam. Sog‘lom o‘sgin, ko‘p yashagin! – deb tilak bildirib, turli shirinliklarni beshik tepasidan sochib turdi. Qani bularni talashib-tortishib terib oladigan qo‘shni bolalar!?.. Bu atrofdagilarni tanimaydi ham. Sochqilarni bo‘lsa, o‘zidan boshqa yig‘ishtiradigan hech kimsa yo‘q edi. U pastda yoyilib yotgan qant-qurslarni terib olib, yana o‘zlariga birma-bir ulashib chiqdi.
Onalari bir necha kun Ipakka sovuqning kunida bolaga qanday qarash kerakligini o‘rgatishdi. Obdon chaqaloqni emizishni, parvarishini tushuntirishdi. U-bu udumlarini o‘tkazishib, albatta chilla saqlashi kerakligini uqtirib, yaqinlari ham qishloqqa qaytishdi. Ularni kuzatishga chiqqanda onasi xayrlasha turib:
– Endi ota bo‘lding, bolam. Bir oilani boshisan. Ularga yaxshi qara. Temurbek naslimiz chirog‘i! – deb nasihat qildi.
Onalari qaytishgach ijara uylarida yana huvillab, jo‘jabirday bo‘lib o‘zlari qolishdi. Endi ular uch kishi. Buni o‘ylab boshqacha bo‘lib ketyapti. Kichkinagina joni-jahoni ham bor. Ipakka ham ovunchoq topildi. U har kuni bola bilan ovora. Temurbekni erkalatadi, qornini to‘ydiradi. Yig‘lab qolsa yupatadi. Bu yog‘iga u ham yolg‘izmas. Ikkov bo‘lib bir kunini o‘tkazishyapti. O‘zi ham bexovotir ishga borib kelyapti. Kechalari qaytgach Temurbekni iskab-iskab o‘ynatadi. Uning shirin-shirin harakatlariga qarab quvonadi. Oilasiga xursandchilik olib kirgan chaqaloq isidan to‘yib-to‘yib hidlaydi. Hayotning zavqi shu-da! Yana nima kerak unga. Oilasi tinch, ko‘ngli xotirjam. Tani joni sog‘-salomat. Shumasmi baxt, axir?!..
* * *
Temurbek bo‘lsa kundan-kunga o‘sib, ulg‘ayib borardi. Ota sifatida endi uning tarbiyasi bilan shug‘ullanishga ham vaqt ajratish kerak. Bu qanchalik qiyin kechmasin, baribir uddalamasa bo‘lmaydi. Chunki ba’zan kechalariyam ishlashga to‘g‘ri kelardi. Ustozlari sekin-sekin yengilroq jarrohlik amaliyotlarini unga mustaqil topshirisha boshlagan edi. Uning ustiga har bir kasallik tarixi bo‘yicha tadqiqot olib boryapti. Sabablarini o‘rganyapti. Yana bu bo‘yicha xalqaro anjumanda chiqish qilish uchun ilmiy ma’ruzagayam tayyorgarlik ko‘ryapti. Mavzusi “Ayollarda ko‘krak bezi saratonining kelib chiqish omillari”. O‘rganishlari davomida bu kasallikning paydo bo‘lishi o‘ta murakkab jarayon ekanligini tushunib yetdi. Yana hududiy muhitga ham bog‘liq, degan xulosaga keldi. Hali dunyo olimlarining bu borada aniq xulosalari yo‘q edi. Kasallikning o‘zi esa davosiz. Eng asosiysi fanda izlanishlar davom etyapti. Bemor esa ko‘p. Kasallik bo‘lsa yil sayin yasharib boryapti. Ularni davolash kerak. Kechalariyam uyqulari buzilib chiqadi. Hatto tushlarida unga qadalgan umidvor nigohlarni ko‘rardi. Lekin kasallarni davolash oddiy ish emasdi. Ustiga-ustak ularning bari ayollar. Ko‘pchiligi kasallikning vaqtini o‘tkazib kasalxonaga kelishardi. Ustozlari bu holatni milliy mentalitetga bog‘lashardi.
– Bizning xalq joni og‘riganda shifoxonaga keladi, shuni yoddan chiqarma! – deyishardi ular.
Bunaqa sharoitda aksariyatiga yordam berish qiyin kechadi. Shundayam ustozlari bilan birga tashxis qo‘yib, davo choralarini belgilashardi. Ba’zilari birinchi muolajalardan so‘ng ko‘rinmay qolardi. Keyinchalik yaqinlaridan ularning vafoti haqida eshitishardi. Bu Lochinni yanayam tushkunlikka solardi. Umuman Lochin oxirgi paytlarda o‘zining kasbiga qattiq bog‘lanib qolgandi. Bemorlarni davolash, ularning minnatdor so‘zlarini eshitish hayotining mazmuniga aylanib bo‘lgandi. Ipak ham hamshira emasmi, uni yaxshi tushunardi. Ko‘pam turmush ikir-chikirlarini aytib, xarxasha qilavermasdi. Boriga shukur qilib, hayot kechirardi. To‘g‘risi ba’zan oilasidan uzoqlashib qolayotgandek his qilardi o‘zini. Uning ustiga yana Chamanni shifoxonada kasal holda uchratishni o‘ylamagandi. Ha-ha. Xuddi shunday bo‘ldi. Ishonavering. Avvaliga o‘zi ham ishonqiramadi. Uni endigina unuta boshlagandi-ku! Shuncha harakat qilgani bir bo‘ldi-yu, ro‘parasida Chamanning najotkor nigoh qadab turishi bir bo‘ldi. Bu ham yetmaganday yana savollar ustiga savollar yog‘dirib tashladi.
– Ha-a, qochqoq? Qayoqlarga yo‘qolib qoldingiz?.. – dedi dabdurustdan uchrashganlarida.
– Senmisan, Chaman!? – hayron so‘radi dovdirab.
– Ha, men. Nima kutmaganmidingiz?
– Yo‘q!
– Gumdon bo‘lgandir, deb o‘ylagansizda, a?
– Qo‘ysang-chi, unaqa gaplarni?
– Xursandmasligingiz ko‘rinib turibdi-ku!
– Qayoqdan bila qolding buni?
– Siz aldolmaysiz meni.
– Aldamoqchi ham emasman.
– Ko‘zlaringiz hammasini aytib turipti.
– Oh-ho!.. Ancha ulg‘ayib qobsan unaqada.
– Sizchalikmas harqalay.
– Aslida menmas, seni o‘zing qochqoq.
– Unda ajab bo‘pti.
Birdaniga uning ovozi o‘zgarib, o‘zi ma’yus tortdi. Yuzlarini chetga burib, kipriklari orasidan sizayotgan yoshni yashirishga harakat qildi. Bu Toshkentdan jo‘nab ketayotganda u bilan oxirgi uchrashuvi kuni xayrlashayotgandagi kabi holatga o‘xshardi. Buni ko‘rib, mehri ivib ketdi.
– Nega jim bo‘p qolding? – uni biroz chalg‘itishga harakat qilib ko‘rdi. Ammo Chamanning gapirgisi kelmadi. U yig‘lagan sari ma’yuslashib, yanayam go‘zallashib borardi. Qo‘llari bilan yuzlarini silab, ko‘zyoshlarini artib qo‘ygisi keldi. Ammo o‘zini tortdi. Unday qilolmaydi. Bu Ipakka, oilasiga xiyonat bilan barobar edi. Baribir borgan sari ko‘ngli yumshab, g‘ayrishuuriy ravishda unga nisbatan muhabbati jo‘shib borardi.
– Ochig‘ini aytsam o‘sha kundan keyin o‘zimga kelishim juda qiyin bo‘ldi. Sendan qochganim rostdir. Boshqa ilojim ham yo‘q edi. Chunki… sababini o‘zing yaxshi bilasan, – dedi aybdorona ohangda.
Gapining davomini aytolmadi. Jimgina tilini tishladi. Chunki shunday qilmasa bo‘lmasdi. Unga nima uchun o‘zini kutmaganini-yu, he yo‘q-be yo‘q boshqa bir odamga turmushga chiqib ketganini, eng achinarlisi u bilan sal bo‘lmasa qalin do‘st tutinishiga oz qolgan Jasurga xotin ekanligini yuziga solmoqchi bo‘lgandi.
U yana indamadi. Yoshlarini yengining bir chetiga artib, viqor bilan Lochinning ko‘zlariga tikka termildi. Uning so‘zlarini piching, deb tushungandi. Ochig‘i, Chamanning bunday qarashlaridan qo‘rqib ketdi. Unda qandaydir qat’iyat va shijoat bor edi.
– Endi-chi?.. O‘sha sabablarni yana ko‘ryapsizmi!? – so‘radi yarim hazil aralash, kinoya bilan kulishga harakat qilib. Ammo hech qaysi qiliqlari bir-biriga qovushmayotgandi uning. O‘zini dadil ko‘rsatmoqchi bo‘lardi-yu, o‘xshamasdi.
– Yo‘q, – dedi zo‘rg‘a u ham. – Lekin bu yerlarda nima qilib yuribsan?! Biron yaqiningni izlayapsanmi!?
– Hammasini bilishingiz shartma-a-as, – dedi cho‘zib Chaman. – Har qalay hech kim bu yerga o‘ynagani kelmasa kerak, o‘rtoq doktor?.. Qolaversa qayerda yurishim bilan sizning nima ishingiz bor?!
Lochin uning javobidan kuldi.
– To‘g‘ri, – dedi biroz o‘tib.
– Endi yo‘lingizdan qolmang, doktorjonim!
Chaman shunday keskin javob qaytardi-ki, u gapirish-gapirmasliginiyam bilmay esankirab qoldi. So‘ng shartta burilib ortiga ham qaramay keta boshladi. Uni hayot ancha o‘zgartiribdi. Lochin hatto nima bo‘lganini tushunmay, toshdek qotib turardi. Aslida Chaman haq edi. Bu yerga hech kim o‘ynagani kelmaydi. Buni o‘zi ham yaxshi biladi. Bir tarafdan qaraganda u haq edi. Qayerda va qayoqda yurishi ham uning ishi. Ammo unga nima qilgan? Shu savol xavotirga solayotgandi uni. O‘jarligi, gapni cho‘rt kesarligi, fe’l-atvori, jozibadorligi hamon o‘sha-o‘sha. Eng qizig‘i u bemorga o‘xshamasdi. Shu topda ortidan yugurib borib quchoqlab olgisi keldi-yu, shaytonga hay berdi.
Shundan buyon yana u haqida o‘ylaydigan bo‘lib qoldi. Tunlari ham uyqusi qochib, tushlariga Chaman kirib chiqardi. Qiziq-da. Tushida ham savollariga undan biron jo‘yali javob ololmasmish. Uni yana bir necha bor uzoqdan ko‘rdi-yu, oldiga borishga andisha qildi. Chaman kasalxonada davolanayotgan edi. Baribir o‘ylab o‘yiga yetolmasdi. Uning o‘zidan so‘rashga jazm qilolmasa-da, u haqidagi yomon tasavvurlarini ham xayolidan ketkazolmasdi. Bemorning kasallik varaqasini tekshirishga esa, yuragi dov bermasdi. To‘g‘risi qo‘rqdi. Ustozlaridan so‘rashga esa tortinardi. Chunki u yotgan bo‘lim kasalning dard-u ahvolining deyarli qanday ekanligini anglatib turardi. Shifokor bo‘lib u haqda so‘rash – bu g‘irt nodonlikdan boshqa narsa ham emasdi.
Chaman davolanayotgan joy ayollarning o‘sma kasalliklari bo‘limi edi.
Agar ilm salohiyati pand bermagan bo‘lsa, undagi jizzakilik va asabiylashishning bari siqilishlar oqibati. Bu esa, kallasida chirpirakdek tinimsiz aylanayotgan kasallik haqidagi o‘ylarning dastlabki belgilari edi. Hali barisi taxmin, uning nazariy qarashlari, xolos. Axir hamma odam ham yanglishishi mumkin-ku! To‘ydan oldin nog‘ora chalishga hojat yo‘q. Uning ustiga biron yaqiniga qarab yotgan bo‘lsa-chi!?
– Yaratganning o‘zi undan bunaqa yomon dardlarni butunlay daf qilsin!
* * *
Oxirgi uchrashuvdan keyin Chaman bilan boshqa gaplasholmadi. O‘zini undan olib qochib yurdi chamasi. Nima bo‘lgandayam o‘sha hafta ko‘rinish bermadi-da. U ham qidirmadi. Hammasini o‘z izmiga tashlab qo‘ydi. Go‘yo uni yana uchratib qolgudek bo‘lsa, barcha shubhalari haqiqatga aylanadigandek tuyulardi. “Ayolning nozidan qo‘rq…” deganlaricha bor ekan. Bir birlaridan bu qochib yurishlar baribir uzoqqa cho‘zilmadi. Navbatchiligi kuni kechqurun xonasiga Chamanning o‘zi kirib keldi. Kayfiyati yaxshi emasdi. Ko‘rinishi ham bir ahvolda edi. Biroq pardoz-andoz qilib, o‘ziga ancha oro beribdi. Yasan-tusanlari ham bayramona edi. Xuddi biron yoqqa – mehmonga ketayotganga o‘xshardi. Uning oldida o‘zini judayam noqulay sezdi. Shunday bo‘lsada o‘rnidan turib qarshi oldi. Hozir yana adoqsiz so‘rovlar yog‘dirib, savolga tutsa kerak, deb o‘yladi. Kallasida qanday javob berishni chamaladi. Nazarida u yashashdan sovib bo‘lgandek edi. Indamasdan o‘tkir nigohlarini qadab, iltijo bilan ko‘zlariga tikilib turardi. Biroz uning gapirishini kutdi. Shu o‘tgan hafta davomida o‘zini yeb ado qilganga o‘xshaydi u. Uning holini yaxshi tushunadi. Bir tarafdan ko‘zlarida hayotga bo‘lgan tashnalikni anglash mumkin bo‘lsa, ikkinchi tomondan qaraganda yuzlaridagi so‘lg‘inlik odamni larzaga solardi. Uni ko‘rib o‘ziyam qo‘rqib ketdi ochig‘i. Bunga ancha-muncha bag‘ritosh kishi ham dosh berishi qiyin. Bemorning bunday holati shifokorlar uchun yangilik emas, aslida. Ammo Lochin Chamanni yaxshi bilgani uchun, shu topda unga qanday yordam berishni ham o‘ylardi.
– Obdon tanishib chiqdingizmi? – dedi Chaman jovdirab, Lochinning oldidagi tartibsiz yotgan kasallik tarixi varaqalariga ishora bilan.
– Ha, – dedi u ko‘zlarini olib qochib, o‘ylab ham o‘tirmay.
– Davosi bormi? – so‘radi u yana umidvor.
– Bor, – dedi qat’iy. – Bu dunyoda ilojsiz narsaning o‘zi yo‘q. Dardini bergan Alloh, shifosini ham beradi. Harakat qilish kerak. Taslim bo‘lma. Tushkunlikka tushma!.. Yaxshilik haqida o‘yla! Sen hali yaqinlaringga keraksan, – bidirlab ketdi beixtiyor u.
Bu gaplarni eshitayotganda Chaman ho‘ngrab yig‘lab yubordi. “Xato qilib qo‘ydim, gapirmasligim kerak edi”, deb o‘yladi Lochin. Bir jihatdan aytmasa ham bo‘lmasdi. Vaqtida ogohlantirmoq – do‘stning ishi. Shu payt Chaman g‘ayriixtiyor uning qo‘llarini mahkam ushlab oldi. Lochin buni kutmagandi. Buning ustiga xona eshigi lang ochiq edi. Yuragi hapriqib ketdi. Atrofga alang-jalang qarab, nima qilarini bilmay jovdirardi. Bu vaqtda u bilan shu alfozda yolg‘iz turish o‘tgan-ketganda noto‘g‘ri taassurot uyg‘otishi ham mumkin edi. Yana orada Shaytoni la’in bor. Yupatay desa, o‘zining ham ko‘ngli bo‘shab, tillari kalimaga kelmayotgandi. Noiloj asta uning paxtadekkina oppoq, momiq qo‘llarini siladi.
– Bardam bo‘l! Hammasi ortda qoladi. Mana ko‘rasan hali, – dedi va nihoyat o‘zini qo‘lga olib.
– Kechiring, – dedi u ham hushiga kelib va xonadan yugurgilagancha chiqib ketdi.
Shundan so‘ng anchagacha qimir etolmadi. A’zoyi badanlari titrab, harakat qilishga bermasdi. Yurmoqchi bo‘lardi-yu, holi yo‘q edi. Oyoq-qo‘llari o‘ziga bo‘ysunmasdi. Shu ko‘yi qancha turganini bilmaydi. Rostdan ham sabri chidamay o‘g‘rincha Chamanning kasallik tarixi bilan tanishib chiqayotgan edi. Gap bilan osh pishmaydi-ku, axir. Har kuni qayta-qayta ko‘z yugurtirardi kerak bo‘lsa. Tahlillar qo‘yilgan tashxisni tasdiqlardi: biopis, biokimyo, gistologiya… bari-bari aniq natijani ko‘rsatib turardi. Hammasini o‘qib dahshatga tushgan edi. Chaman dardini tushunmasa kerak, deb o‘ylab yurgandi. Endi bilsa, u o‘zining kasalidan xabardor ekan. Chora izlayotgani ham aniq ko‘rinib turipti. Xohlasa xohlamasa kasallikni davolashning yagona yo‘li bitta. Bu uning yashashi uchun ham o‘ta muhim, qolaversa katta imkoniyat. Jarrohlik bilan bari-bariga chek qo‘yish mumkin xolos. Hali vaqt bor. Faqat u rozi bo‘lsa bo‘lgani. Chamanning oldida ikki yo‘l qolgandi: yo hayot, yo mamot; yoki harakat qilib yashash, yoki kasallikka taslim bo‘lish. Tanlov esa, uning o‘zida edi. Eng qo‘rqinchlisi Xudo unga bergan ayollik latofatidan voz kechishga majbur u. Bunga qanchalar kuchli matonat va iroda kerak. Hammasini juda yaxshi biladi. Lekin nima qilsin?.. O‘zi ham unga yaxshi bo‘lishni xohlaydi. Chamanga ishonadi. Barchasini yengib o‘tadi. Uning kasalligi tibbiyot tilida ko‘krak bezi saratoni – mastektomiya deyilardi. Bu lo‘nda qilib aytganda o‘ta og‘ir – davosiz dard edi. Ayni paytda ikkinchi bosqich rivojlanishi kechayotgandi unda. Birdan-bir xalos bo‘lish yo‘li ustozi – professor Rahim Niyoz aytganidek jarrohlik va bemorning chap ko‘kragini tag-tugi bilan olib tashlash.
Bularning hammasini Chamanga bildirish u uchun o‘ta og‘ir edi. Ayniqsa bu so‘zlarni Lochindan eshitsa ne ko‘yga tushishini tasavvur ham qilolmaydi. O‘zining holati esa, undan-da beshbattarroq. Begona bo‘lgandayam mayliydi-ya. Shunda ham ayol kishiga bunday xulosalarni aytish oson, deb o‘ylaysizmi? Tushungan tushunadi, tushunmagani doim janjal ko‘taradi. O‘ylay-o‘ylay boshi qotgandi. Lekin baribir ertami-kechmi bu xulosalar Chamanning o‘ziga yetkazilishi aniq edi.
* * *
Tong sahar kutilmaganda oldiga Chamanning yaqinlari kirib kelishdi. Tun bo‘yi navbatchilik qilib uxlamagani bois, mudrab o‘tirgandi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin gaplariga quloq tutdi. Ular hamma gapdan xabardor edi. Davolash usullarini eshitishgach, o‘zlarini qo‘yishga joy topisholmay, har ko‘yga tushishayotgandi. Ularning savollari bir xil edi.
– Boshqa chorasi yo‘qmi?..
– Yordam bering?!
– Shifokorsiz-ku axir!
– Biron yo‘lini toping? – deb yolvorishardi. Ayniqsa onasi cho‘k tushib, o‘tinib yalinardi. Sochlarini yulib, ayyuhannos solardi. Yig‘lab-siqtardi. Ammo bu harakatlardan naf yo‘q edi. Bu haqda o‘ylab ham ko‘rishmasdi. Hammasi aqldan ozgandi go‘yo. Lochin hijolat bo‘lib ketdi. Uyalganidan Chamanning onasi oldiga cho‘kkalab:
– Onajon, Chaman yashashining yagona imkoni shu, – dedi sekin. – Asosiysi u yonlaringda bo‘ladi.
Shu gaplarni gapirarkan birinchi bor tanlagan kasbidan afsuslanib, o‘zidan nafratlanib ketdi. Erkak kishiga boshqa ish qurib ketganmidi bu dunyoda, degan o‘y ham o‘tdi xayolidan.
Tog‘-tog‘ bilan uchrayshmaydi, odam-odam bilan uchrashadi, deganlari rost ekan. Bir vaqtlar uni quvib solgan Chamanning gulbozordagi ammasi Lochinni ko‘rib, toshdek qotib qolgandi. U eshik toqiga suyanib olib, unga hayron termulib turardi. Yer dumaloq ekanligiga iymon keltirayotgan bo‘lsa ne ajab shu topda. Nigohlari odamni teshib yuborgudek qattiq edi-ki, asti so‘ramang. Bir chekkada turib olib, xatti-harakatlarini obdon kuzatardi. Xuddi to‘yga kelgandek yaltur-yultur kiyimlar kiyib, yasan-tusan qilvolgandi. Lochin uning qarashlariga dosh berolmadi, to‘g‘risi. Ko‘zlarini undan boshqa tomonga olib qochdi. Lekin shundayam yoniga kelib:
– Seni tanidim. Chamanni so‘rab borganding eslasang, – dedi uyatsizlarcha. Undan allambalo qimmat atirning hidi kelardi. Hoynahoy, za’faron guliniki. Lochin o‘zini jinnilikka soldi. Xuddi bu ayolni birinchi marta ko‘rib turgandek:
– Kimgadir o‘xshatdingiz chog‘i? – dedi pinagini ham buzmay.
Gulchi amma rosmona ikkilanib qoldi. Ayni paytda hamma parishonxotir edi. Bir tarafdan Lochinning begona odamligi bu ayol uchun ham yaxshi belgi: shundan bo‘lsa kerak, mamnun yuziga qon yugurgani shunday ko‘rinib turardi.
– O‘sha landovurga o‘xsharkansan-da, – deb qo‘ydi yana o‘ziga mos qo‘pollik bilan. Lochin bunga e’tibor ham bermadi. Ich-ichidan kulgan bo‘lsa-da, tashida bu ayoldan osonlikcha qutula qolganiga shukrlar aytdi.
Chamanning otasiga tushuntirish yengilroq kechar, deb o‘ylagandi. Hartugul, og‘irbosiq, hayot sinovlaridan dosh berib o‘tgan, irodali odamga o‘xshab ko‘ringandi ko‘ziga. U bo‘lsa tinmay o‘zini aybdor sanardi faqat.
– Ularni ayamadim-a. Tirikchiligam qurib ketsin. Qishni-qish, yozni-yoz demay issiqxonadan chiqishiga yo‘l qo‘ymabman-a. Bola bo‘lib o‘ynashmabti hatto. Umri kechalari bozorlarda o‘tdi. O‘zim sababchiman barisiga. Qizginam-a! Jonim qizim-a! Seni nimalar qilib qo‘ydim-a! Nahotki hammasi rost bo‘lsa-ya! – deb o‘ziga o‘zi gapirardi otasi.
Toshkent atrofida ko‘plab gulchilar mahallasi joylashgan edi. Mahalliy aholining ko‘pi qishin-yozin issiqxonalarda gul yetishtirishib, poytaxt ko‘chalarida sotishardi. Aksar sotuvchilar yosh qizlar bo‘lardi. Qachon qaram shahar ko‘chalarida gullar bilan izg‘ishardi. Chaman ham shularning biri edi. Ularning kundalik daromadlari asosan shundan kelardi. Chamanning otasi ham turmush deb, bolalarini gul yetishtiradigan issiqxonalarda ko‘p ishlatganini, qishning qahratoni-yu, yozning saratonidayam tirikchilik bahonasida ularni sovuqni sovuq, issiqni issiq demay bolaliklaridan mahrum qilganidan nolirdi. Endi bu gaplarni o‘rni emasdi, to‘g‘risi. Eski xotiralardan, qolaversa, so‘nggi pushaymondan ne foyda.
– Hali yaxshi bo‘ladi, – dedi dalda berib Lochin. U o‘ta tushkun holatda edi. Biron gapni uqmasdi.
Ochig‘i ularning bu nola-fig‘onlariga dosh berolmay qoldi. Ularni ustozlari oldiga boshlab bordi. Yaxshiki ikkalalariyam joylarida edi. Ular ham gapni cho‘zib o‘tirmay qisqa qilib, lo‘ndasini aytishdi-qo‘yishdi.
– Bu yengilmas kasallikmas. Qancha-qancha odamlar davo topishyapti axir. Vahima qilishni hojati yo‘q. Faqat ishonish kerak, – dedi professor Rahim Niyoz ularga.
– Dunyo rivojlanyapti. Olimlar davolashning yangi choralari ustida izlanyapti. Harqalay harakat qilish kerak. Kasal odamni umidini so‘ndirib qo‘yasizlar bunaqada. Unga yordam beringlar. Hozir sizlarning ko‘magingizga muhtoj u. Bu baloni to‘xtatishning yagona yo‘li faqat jarrohlik. Yig‘i-sig‘i bilan ish bitmaydi, – tushuntirdi ustozi Narimon Yusuf.
Qani bu gaplar kor qilsa ularga. Hammalari o‘zicha chug‘urlab, bir nimalarni tushuntirishmoqchi bo‘lishardi. Biri qo‘yib, biri gapirishardi. Go‘yo shifokorlarni gaplariga ishontirisha olsa, hammasi yaxshi bo‘ladigandek tutishardi o‘zlarini. Boshida kasallikning oqibatlari haqida eshitishni ham istashmadi. Ustozlari bo‘lsa, vaziyat o‘ta og‘irligini tushuntirishdi. Hamma gapni eshitishgandan so‘ng, oxiri o‘zga chora yo‘qligini anglab yetishdi chog‘i, Chamanni ko‘ndirishga so‘z berishdi. Lochin xursand bo‘ldi. Axir vaqt o‘tayotgan edi. Tushungan odamga har bir daqiqa g‘animat edi. Bu shunday kasallik edi-ki, kun sayin tomir yoyib, tanaga chuqur kirib borardi. Qanchalik tez harakat qilinsa, shunchalik yaxshi bo‘lardi. Keta turib Chamanning onasi yoniga kelib, yana yalinib-yodvordi.
– Najotimiz sizdan. Yordam bering! Iltimos qilaman, uni o‘ldirib qo‘ymanglar! – dedi hiqqillab. Bu gaplardan eti junjikib, g‘alati bo‘lib ketdi. Xuddiki Chaman bilan oralaridagi munosabatlardan onasining xabari bordek edi. U lom-mim deyolmadi. “Xo‘p bo‘ladi” degandek boshini qimirlatib qo‘ya qoldi.
Ko‘p o‘tmay yaqinlari uning roziligini ham bildirishdi. Endi turli muolajalar bilan jarrohlikka tayyorlash lozim edi. Bu biroz vaqt olardi. Shu orada Chaman fikridan qaytib qolmasa bo‘lgani. O‘jarligi bor. U iloji boricha tekshiruvlarni tezroq o‘tkazishga urindi. Ammo jarrohlik amaliyotini kutayotgan kasallar ham ko‘p edi. Bila turib ularga-da nohaqlik qilolmasdi. Kuniga ikki yoki uch kishini amaliyotdan o‘tkazib, davolashga ulgurishardi, xolos. Bu ham uning yana kutishini taqozo qilardi. O‘zi ham jarrohlik amaliyoti qancha bo‘lsa, shuncha orqaga surilishini istardi. Bilmadi, nazarida, hamma uchun shu qulayroq edi chamasi. Ustma ustiga bu qurmag‘ur amaliyot jarayonida qatnashmaslikni ustozlaridan har ko‘rganda o‘tinib so‘rardi. Birinchidan uni yaqindan bilgani bo‘lsa, ikkinchidan erkaklik g‘ururi yo‘l qo‘ymasdi. Qanday qilib axir! Yana o‘zidan ham cho‘chib qoldi. Ustiga ustak Chamanning onasini “Uni o‘ldirib qo‘ymanglar!” degan yolvorishlari quloqlari ostida qayta-qayta jaranglardi. Chunki uni ko‘rganda doim vujudida titroq turardi. Amaliyot chog‘i qo‘llari qaltirab, hammasini barbod qilsa-chi! U shundan cho‘chirdi. Lekin buning ilojisini topishi qiyin. Oxirgi paytlarda ko‘p jarrohlik uning ishtirokisiz o‘tmasdi. Endi ortga ham yo‘l yo‘q. Ustozlari hatto uni eshitishni ham istashmadi.
– Sen shifokorsan. Bemorlar oldida burching bor. Qolaversa, ularni sidqidildan davolashga ont ichgansan, – dedi professor Rahim Niyoz zarda qilib.
– Ular qarindosh-urug‘laringmasmi? – so‘radi Narimon Yusuf. Lochin jim turardi. Uning uchun bu savollarning javobi yo‘q edi.
– Bu yog‘iga har qanaqa shaxsiy qarashlaringniyam, e’tiqod bilan bog‘liq fikrlaringniyam o‘zgartirishingga to‘g‘ri keladi endi, – dedi Rahim Niyoz.
– Yana bilmadim-u, ammo biz shifokorlarga bunaqa qoidalarning ahamiyati bo‘lishi kerakmas. Men onamni o‘zim jarrohlik bilan tuzatganman. Mana hozir saksondan o‘tdi. Xudo umr bersa yashab yuripti, – dedi Narimon Yusuf ham.
Uning jasorati haqidagi afsonaviy gaplar ko‘pchilik shogirdlarini ruhlantirardi. Haqiqatan ham, bir paytlar ustozining o‘zi onasini jarrohlik bilan davolagan ekan. Chunki u vrach edi. Imkoni bo‘la turib, onasini o‘lim bilan yuzma-yuz tashlab qo‘yish ham yaramas ish bo‘lardi axir.
Ha-a… Ochig‘i bu haqda o‘ylab ham ko‘rmagan edi. Ustozlarining bu gapi o‘zi uchun yana bir dars bo‘ldi. Istaydimi yo‘qmi, birinchi navbatda, u shifokor. Hatto eng yaqin insonlari – otasi yo onasini davolash kerak bo‘lgandayam, buni unutmasligi zarur. Avvalo, taqdir. Allohning ishi bu. Ammo nima bo‘lgandayam, kimningdir yashashiga nimalardir sabab bo‘ladi. Qo‘rquv shifokorni tushkunlikka tortadi. Qolaversa, har qanday kasalni davolashga so‘z bergan. Rostdanam bemor kim bo‘lishidan qat’i nazar, bu uning kasbi.
* * *
Lochin Chaman bilan ovora bo‘lib o‘z hayotini unutib qo‘yayozgandi. Ipak uning oilasiga o‘ta befarqligidan taajjubga tushib borardi. Buni o‘zi ham seza boshladi. Oxirgi paytlarda hatto o‘g‘li Temurbekni ham erkalamay qo‘ydi. Kechga borib judayam charchab qolar, yana tong sahardan odatiy ish kuni boshlanardi. Bir kuni kasalxonadan qaytsa o‘g‘li emaklab kelib, sog‘ingan shekilli, quchog‘iga talpindi. U bo‘lsa qayrilib ham qaramadi. Charchagandi. O‘g‘lining erkalanishlarini e’tiborsiz qoldirib, ustiga ustak jerkib berdi. Hech narsa yoqmayotgandi. Ipak uning bunday muomalasini ko‘rib, hayron quzatib turgan ekan.
– Holim yo‘q, – dedi o‘zini oqlab unga qarata. Ipak indamadi. Yig‘lay boshlagan bolasini bag‘riga bosib, tinchlantirgan bo‘ldi. Shu yo‘sin ikkisi ham ovundi. Lochin butunlay o‘zining o‘y-xayollari qobig‘iga o‘ralashib qolgan edi. U ishidan, oilasidan emas, hayotdan charchagandek ko‘rinardi aslida.
Ipak bu kunlar ham o‘tib ketar, deb chidardi. Sabr qilardi. Biroq kun sayin Lochinning noodatiy, hurmacha qiliqlari ko‘paysa ko‘payardiki, kamaymasdi. Ba’zan kechalari surunkali ravishda uyga qaytmaydigan odat chiqardi. Ipak uni ham orqaga otdi. Navbatchilik kunlarini-ku tushunadi, ammo bu hol ketma-ket takrorlangandan keyin oralariga shubha tushdi.
– Lochin aka, sizga nima bo‘lyapti? – so‘radi bir kun ishdan kech qaytganda Ipak.
– Hammasini bilishing shartmas. Ishlarim ko‘p, – o‘dag‘ayladi u.
Ipak yana indamay tilini tishladi. Boshqa lom-mim demadi. Ro‘zg‘orning kamlarini ham aytolmadi. Bir-necha kundan beri bozor-o‘charining ham tubi ko‘rinib qolgandi. Amallab yana chidar. Ammo bu yoqda bolasining xarxashalari. Unga u-bu qo‘shimcha yeguliklar kerak. Sotib olishga bo‘lsa pul. Bir-ikki marta og‘iz juftlagandi uyning ijara haqini to‘laganini ro‘kach qilib qo‘ya qoldi. Shu bilan yana yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolaverdi.
Ipak ham avvaliga ishlari ko‘payib ketib, charchab qolayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘z holiga tashlab qo‘ydi. Keyinchalik bora-bora hamma narsa orqaga qarab ketayotganligini angladi. Ro‘zg‘orlaridan ham ancha baraka ko‘tarildi. Kamomadlarga duch kelisha boshlashdi. Oldinlari hech bunday bo‘lmasdi. Ipak “Biz Lochin akamga halal beryapmiz”, degan o‘yga bordi. O‘zicha xafa bo‘lib, hamma lash-lushlarini yig‘ishtirib, ota uyiga ketmoqchi bo‘ldi.
– Sizga og‘irligimiz tushyotgan bo‘lsa bizni qishloqqa yuboring! – dedi u dabdurustdan. Lochin indamadi. Ipakning savolini javobsiz qoldirdi. U shu kunlarda jarrohlik amaliyotiga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Butun diqqati shunda edi. Hatto Chamanga zarur bo‘ladigan ba’zi kamyob dorilarni o‘z maoshidan olishga to‘g‘ri kelgandi. Ungayam juda-juda yaxshilik qilishni xohlardi. Chamanning oldida o‘zini ham aybdor sanardi. Hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi-ku, shunday qilsam ko‘nglim taskin topar, deb o‘ylardi. Bir ko‘ngli bari gapni Ipakka aytsammikan, degan o‘yga ham bordi. Ammo yana bari chappasiga aylanishidan qo‘rqib, shashtidan qaytdi. Axir Ipak Chaman haqida bilsa ne ko‘yga tushishi mumkin?.. Ustiga ustak emizikli bo‘lsa. Suti qochadi. Yaxshisi qanday bo‘lsa hammasi shundayligicha qolgani ma’qul.
– Oldinda katta jarrohlik amaliyoti turibdi. Mendan xafa bo‘lma. Shu sinovdan o‘tib olay. Yana hammasi iziga tushadi. Hozircha o‘zing eplab tur! – dedi yalingannamo va cho‘ntagidan bir tutam pullarni chiqarib, avaylabgina uning qo‘liga tutqazdi.
Ipak hammasini yaxshi tushunardi. Axir uning ko‘z ochib ko‘rgani-ku Lochin. Hayotini baxshida qilgan. Uni judayam yaxshi ko‘radi. Pullarni ola turib, mo‘ltillab ko‘zlariga boqdi.
– Kerakli narsalarni sotib ol. Temurga yaxshi qara! – dedi iltijo bilan Lochin ham. Ipak itoatkor ayol. Unga ishonadi.
* * *
O‘tgan kunlar davomida yaqinlari ham Chamanni jarrohlik amaliyotiga ruhan tayyorlashdi.
Uning holatini tasavvur qilish qiyin emasdi. Har kim o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi-ku. Unda qanday o‘ylar kechgan bo‘lsa, Chamanga ham oson bo‘lmagani aniq. Eng asosiysi hamma tappa-tayyor. Ortga yo‘l yo‘q. Shifokor sifatida endi o‘z ishini bajarish qoldi, xolos. Buning ustiga begona emasligi sabab, unga hamdard bo‘lishi ham lozim. To‘g‘risi shu kunlar oralig‘ida ikkkovi ham bir-birlaridan yana qochib yurishdi. U bilan duch kelib qolmaslikka urindi. Bu qochishlarning adog‘i ko‘rinay demasdi. Lekin baribir bir kun yana to‘qnashishlari aniq. Buni ikkisi ham yaxshi bilishadi. Shunday ham bo‘ldi. Bugun barisi tugaydi. Allohning amri bilan Chaman ham darddan butunlay forig‘ bo‘ladi. Uning quvonchli, xursand chehrasini ko‘rish, hamma-hammaning umidi.
Jarrohlik xonasiga Chamanni olib kirishganda biroz esankirab turdi-yu, yana o‘zini o‘nglab oldi. U hushsizlantiruvchi dorilar ta’sirida suzilib, qip-yalong‘och, hushsiz yotardi. Ustozlari hech narsaga ahamiyat bermay, amaliyotni boshlab yuborishdi. Uning esa bir on xayoli qochdi. Chaman unga jilmaygandek tuyulgandi. Lochin fikrini jamlab, o‘zini qo‘lga olishga harakat qildi. U shifokor axir. Sal kam ikki soat davom etgan jarrohlik muolajasida tinim bilishmadi. O‘zi ham ko‘radiganini ko‘rdi. Hech qanday amaliyot bunday og‘ir kechmagandi. Yoki unga shunday tuyuldimi, bilmadi. Har tugul peshonasidan reza-reza ter tomardi. Ayniqsa gistologiya javobi chiqquncha kuta-kuta toqati toq bo‘ldi. Ko‘krak bezi o‘simtasidan olingan namuna labaratoriya tahliliga yuborilgandi. U haliyam hammasi yaxshi bo‘lishiga umidvor edi. Javob yaxshi chiqsa amaliyotni to‘xtatishardi. Chaman ham qanday bo‘lsa shundayligicha ayollik latofatini saqlab qolardi. Davo choralari ham o‘zgarardi. Tashqarida uning yaqinlari ham hayajon bilan gistologiya javobini kutishardi. Ammo… natija u kutgandek bo‘lmadi. Amaliyotni oxirigacha davom ettirishlariga to‘g‘ri keldi. Hammalari juda ehtiyotkorlik bilan harakat qilishdi. Operatsiya nihoyalaganda Lochin o‘zini yomon his qila boshladi. Bog‘lov payti shoshgancha tashqariga otildi. Toza havodan chuqur-chuqur nafas olib, biroz o‘ziga kelgandek bo‘ldi. Endi nima qilishni o‘ylardi. Qayoqlargadir bosh olib ketishni istardi. Shunday ham qiladi. Faqat hozirmas. Chaman o‘ziga kelsin. Ahvoli biroz o‘nglansin. Kasallarning aksariyati jonlantirish bo‘limida hushiga kelib, birinchi qiladigan ishi shukronalik bo‘lsa, ikkinchisi esa, unsiz yig‘lash edi. Bu holga ko‘p guvoh bo‘lgan. O‘sha onda eng yaqin kishisini ko‘rgisi keladi. Albatta uning oldida turmush o‘rtog‘i bo‘lgani yaxshi. Lekin shu payt oralig‘ida Jasurni biron marta uchratmadi.
* * *
Jonlantirish bo‘limidan davolanish bo‘lmasiga olingandan so‘ng ham Lochin Chamanga ko‘rinish berishni xohlamay yurdi. Ikkisi ham asli shuni istashardi. Vaqt oliy hakam. Hali hammasi o‘z izmiga tushadi. Bunga ishonishadi. Lochin shu orada ancha-muncha ishlarini ham qilib oldi. Tadqiqotlari bilan shug‘ullanib biroz o‘zini chalg‘itdi. Shu tariqa kunlari arosatda o‘tardi. Ishdan bo‘shash haqida uzoq o‘yladi. Bir qarorga kela olmay qiynaldi ham. Negaki ko‘p bemorlarning davolanish bosqichi uning chekiga tushgandi. Bu bo‘yniga solingan ipsiz sirtmoq edi. Ularni shunday tashlab ketish ham insofdan emasdi. Shu sabab yana biroz vaqt o‘tkazishga to‘g‘ri kelardi. Ichidagi o‘ylari ham ikki qutbga bo‘lingan edi. Biri uni bemorlari bilan shu yerda qolishga chorlasa, boshqasi esa, ketishga undardi. Shu ikkilanish asnosida uzoq o‘yladi. Ikki-uch kunni shunday ma’nisiz o‘tkazdi. Keyin biroz o‘ziga kelib Chamanning ahvolidan xabar olishga o‘zida kuch topdi. Xonaga kirib borganda uning yonida Jasur o‘tirardi. Boshida nima qilarini bilmay bir muddat kalovlandi. Shu payt Jasur o‘rnidan turib:
– Bu yana senmi? – dedi piching bilan. U indamadi.
– Yaxshimisan? – dedi birozdan keyin istar-istamay qo‘l uzatib.
– Boshqa yo‘li yo‘g‘midi, yigit? – deb baqirdi Jasur kutilmaganda tumshug‘iga musht tushirib. Lochin chap berishga ham ulgurmadi. Uniing hammasidan xabari bor edi. Chaman “Jasur aka!” – deya chinqirib yubordi. U qattiq zarb ta’sirida orqaga qalqib, devorni tagiga borib uzala yiqildi. Yotgan joyida o‘zini o‘nglashga harakat qilib ko‘rdi. Ammo bo‘lmadi. Boshini egilgan holda sarak-sarak qilib chayqatdi. Sal-pal o‘ziga keldi chog‘i turishga urindi. Jasur yana tashlanmoqchi bo‘lgandi, xonadagi ayollar uni to‘xtatib qolishdi. Bo‘lmasa holi ne kechishini o‘zi ham bilmasdi. Birpasda xonaga odamlar yig‘ildi. Hamshiralar ikki yonidan ushlab, uni turg‘izishdi. O‘ziyam eshshakdek kuchi bor ekan bu ovsarni. Davolovchi shifokor kelib, avval uni kursiga o‘tqazdi va ko‘z qorachig‘larini tekshirib ko‘rdi. Hammasi joyida shekilli, so‘ngra Chamanning oldiga borib uni tinchlantirdi. Birozdan keyin Lochin o‘ziga kelib, indamay xonani tark etdi. Negaki Jasurni oldida ojizligini ko‘rsatishni istamadi. Chiqayotganda Chaman ham qovoqlarini pastga qilib: “Keting. Keragi yo‘q!” – degan ishorani qildi. Lochin uni so‘zsiz tushundi.
Jasur bo‘lsa uning ortidan ta’qib qilib chiqdi. Ancha hovuridan tushgandek edi. Oxiri taqdirga tan berganga o‘xshardi. Lochin aytmasa ham ro‘parasidagi kursiga cho‘kdi. Biroz nafasini rostlab:
– Kasali jiddiymi? – deb so‘radi.
– Ancha, – dedi u ham befarq.
– Nomi nima ekan?.. – yana so‘radi betoqat bo‘lib u.
– Aytolmayman. Baribir tushunmaysan.
– Ayt!.. – baqirdi Jasur sabri chidamay.
Lochin biroz ikkilandi va:
– Oti yo‘q, – dedi. – Tushunyapsanmi, oti yo‘q!
– Davo topadimi?
– Faqat Xudodan!..
– Unda men nima qilaman?!..
– Bilmayman. Bilganim unga hozir juda keraksan. Sening yordaming zarur. Dalda ber, yonida bo‘l! – dedi qat’iy.
– Bo‘lolmayman, tushunyapsanmi, bo‘lolmayman! – dedi Jasur g‘ijinib.
– Unda o‘zing bilasan.
U shunday deb undan uzoqlashdi. Jasur boshini changallagancha qoldi. Kasalxonada bunaqa vaziyatlar onda-sonda bo‘lsa ham uchrab turardi. Bu holni ham odatdagidek ayollarning turmush o‘rtoqlarini jizzakiliklariga yo‘yib qo‘ya qolishdi. Asli shunday bo‘lgani ham durust edi. Jasur bilan pachakilashib, adi-badi aytib o‘tirishning mavridi emasdi. Bu ularning hayoti. Fikrini bo‘lmagani ma’qul. Qanday yashash bo‘lsa, ularning ixtiyori. U o‘z vazifasini, burchini bajardi, xolos. Eng asosiysi Chamanning sog‘ligi, kayfiyati asta-sekinlik bilan ijobiy tarafga o‘zgara boshlagani edi. U ikki o‘t orasida qolgandi. Bir qarorga kelishga qiynalib yuruvdi. Jasur bir zarb bilan aqlini kiritib qo‘ydi. Yo‘qsa xayollari ham buzila boshlagandi. Agar uni qayta uchratib qolsa, unga katta rahmat aytadi. “Jasur, sendan mingdan ming minnatdorman. Agar bilsang, zarracha ham xafa bo‘lganim yo‘q. Sening o‘rningda bo‘lganimda men ham shunday qilarmidim balki!” – deb o‘ylardi. Endi maqsadi aniq. Ketadi. Hammasini boshidan boshlaydi. Afsuslanmaydi, chunki bu yo‘lni o‘zi tanladi. Uning oxirgi qarori shu.
* * *
O‘sha kunning o‘zida ishdan bo‘shadi. Ustozlari ham qarshilik ko‘rsatishmadi. Uni tushunib turishardi.
– Qachonki qaytmoqchi bo‘lsang tortinmay kelaver. Sen bu yerda keraksan, – deyishdi ular ham xuddi Chekatoshloqdan ketayotganda bosh shifokor aytganidek. Yana poytaxtdagi bir-ikki kasalxonalarga ishga borishni taklif qilishdi. Bunga yo‘q demadi. Ketish oldi Chamanni ko‘rgisi keldi. Shunchaki ahvolidan xabar olmoqchi edi. Yoniga kirib borganda u yuzini devor tomonga ters o‘girib, kitob o‘qib yotardi. Uning sochlari olingan, bilaklari ko‘karib ketgan edi. Bildiki, allaqachonoq kimyoviy davolash bosqichiga o‘tgan. Qo‘lida nina izlari bor edi. Nur ham olayotgan bo‘lsa kerak. Shunday esa-da ikki yonog‘i qip-qizil, xuddi yetilgan olmadek edi. Ko‘rinishi yomon emasdi. Chiroyli. Hammasi ko‘ngildagidek. Lochinni ko‘rib u bilan birga turgan bemorlar xonadan chiqib ketishdi. Chaman kitobdan bosh ko‘tarib, unga qaradi. Boshiga tang‘ib olgan ro‘molini peshonasiga tushirib, u bilan salomlashdi.
– Assalomu alaykum! – dedi muloyim ovozda.
– Vaalayku assalom, – dedi u ham odob bilan salomiga alik olib. Uning avvalgidek asabiylashlari ketib, o‘ziga ancha ishonchi ortgani ko‘rinib turardi. Yuzlariga ham avvalgidek, gul sotib yurgan paytlaridagi kabi tabassumi qaytgan edi. Bu o‘ziga juda yarashib turardi.
– Menga unaqa qaramang, – dedi boshini pastga egib Chaman. – Siz qidirgan hech vaqo yo‘q endi menda.
– Nimaga unday deysan. Men shunchaki sendan xabar olgani keldim. Shifokoring sifatida.
– Bilaman, – dedi u.
– Hali ko‘rmagandek bo‘p ketasan. Meni aytdi deysan. Hammasi ortda qoldi. O‘g‘ilchangni katta qilib, to‘ylar qilasan…
Chaman boshini ko‘tarib, unga qattiq termildi. Lochinning gaplaridan yuzlari yorishib borardi.
– Sizga ishonaman, – dedi jilmayib.
– Buyam Yaratganning bir sinovi-da.
– Hammasini bilaman.
– Hayotda faqat harakat qilish kerak.
– Siz kuyinmang. Buni uddalayman.
– Juda yaxshi. …Bugun bu kasalxonadan ketyapman. Sen bilan xayrlashgani keluvdim.
– Yanami?.. – so‘radi taajjubini yashirib o‘tirmay. Lochin indamadi. To‘g‘rirog‘i jo‘yali bir gap aytishga jur’at topolmadi.
– Yaxshi boring unda, – dedi u teskari qarab.
– O‘zingni ehtiyot qil!
– Xo‘p.
– Balkim endi hech qachon ko‘rishmasmiz, – dedi Lochin uning yonidan ketgisi kelmay.
– Buni Xudo biladi.
– To‘g‘ri aytasan…
U rostdan ham yana biroz qolish uchun bahona qidirardi.
– Lochin aka! – dedi Chaman uni ketayotganini ko‘rib.
– Nima? – deb ortiga qaytdi Lochin.
– Meni quching.
– Telbalik qilma.
– Irganvotsiz-mi?
– Undaymas.
– Unda o‘ping!
– Esingni yeb qo‘yibsan.
Lochin shunday dedi-da, uning yonida turgan ko‘zguga qaradi. Bu fikr kallasiga qanday kelganiga o‘ziyam hayron edi. Chamanning chiroyli, dumaloq yuzlari unda aks etib turardi. Lochin ohista uni olib, g‘ayrishuuriy tarzda lablariga qattiq bosdi.
– Yaxshi qiz bo‘l! – dedi qaltiroq ovozda.
Chaman kuldi. Biroz o‘tib:
– Ashnaqa qilasizda, – dedi pichirlab andijoncha shevada. U yana nimalardir demoqchi bo‘lgandi Lochin shartta o‘rnidan turib, shiddat bilan chiqib ketdi. Shunday qilmasa uning tentakligi tutgandi.
Bu voqeadan keyin u anchagadovur ta’sirlanib yurdi. Harqalay o‘zining ham fikri biroz chalg‘idi. U Ipakni o‘ylardi. Chunki kasalxonadan ketishi sababini unga qanday tushuntirishni bilmasdi. Aldashga esa, vijdoni yo‘l qo‘ymaydi. U endigina shaharga o‘rgangandi. Nima qilgandayam faqat mana shu yerlardan ketsa bo‘lgani edi. Qolganini o‘ylab ko‘radi. Balkim ustozlari aytganidek yana qaytib kelar. Hozircha shunisi ma’qul. Bu haqda Ipakka ham aytmadi. Uning ahvolini ko‘rib, ozroq sarosimaga tushdi-yu, keyin vaziyatni anglab, o‘z holiga tashlab qo‘ydi.
– Qishloqqa, onangni oldiga qaytishni xohlaysanmi? – deb so‘radi tunda dabdurustdan undan. Ipak hayron bo‘ldi.
– Yo‘q! – dedi keskin va qat’iy ohangda. Shu bilan bu haqda boshqa gaplashishmadi. Chunki Ipak tunov kuni oralarida bo‘lib o‘tgan tushunmovchiliklardan keyin endigina o‘ziga kelayotgandi. Ertasiga turib, to‘g‘ri ustozlari tavsiya qilgan – shaharning narigi chekkasidagi kasalxonaga yo‘l oldi. Ozgina uzoqligi bor-u, ammo qatnab ishlasa bo‘lardi. Asosiysi Chamanni ko‘rmasa, undan uzoqlashsa bo‘lgani. Shunday qilsa hammasini tezroq unutar. Chamanning tuzalishi ham yengilroq kechadi shunda. Davolash bosqichlari hali uzoq davom etadi. Sochlari ham bir necha bor to‘kilib, chiqadi yana. Uni har gal ko‘rganda uyalishi aniq. Ikkisiga ham yaxshi bo‘ladi shunday qilsa. Buning uchun katta iroda shartmas. Unga sharoit yaratib berish kerak faqat. Keyinchalik ko‘rishganda yana: “Qochqoq!” – desa ham mayliga. Muhimi u emas. Har qanday ta’na-dashnomlarga chidaydi. U uchun Chamanning sog‘ligi, salomatligi – hayotga qaytishi, yashashga bo‘lgan ishonchi muhimroq. Bilmoqchi bo‘lganlarga ochig‘ini aytadi: uni hijronga tashlagan u emas asli. Ozorlarini ko‘tarib, hijron azoblarida ayriliqqa chidab, aybsiz aybdorga aylangandi, xolos. U Chamanni tashlab ketmadi. Ularning boshidan o‘tgan barcha ishlar bu taqdir taqozosi bilan bo‘ldi. Ikkisiga ham yaxshi bo‘lishini istadi. Shularni o‘ylaganda baribir ich-etini yerdi. Nimadir butun borlig‘ini kemirayotganga o‘xshardi. Bu armonmi… yo hijronmi, tushunmasdi. To‘g‘rirog‘i tushunolmasdi. Yanayam aniqrog‘i tushunishni istamasdi. Balkim shunisi yaxshiroqdir.
* * *
Nima bo‘lgandayam “To‘g‘ri qildim”, – deb o‘ylardi. Ikkilanmadi. Yangi ishxonasining biroz yiroqligini aytmasa, hammasi ko‘ngildagidek. Ilmiy ishiniyam boshlab yubordi. Hali tadqiqotlarini e’lon qilish kerak. Fanda bir yangilik yaratishning o‘zi emas – asil maqsadi ham shu. Bu osonmas albatta. Ammo harakat qilyapti. Chamanning kasalligi uni yana ham ko‘proq ishlashga undardi. Hamma dardning davosi bor bu dunyoda. Uni shubhasiz topadi. Lochin shunday deb o‘ziga o‘zi taskin izlardi. Ipak boshqa joyda ish boshlaganini eshitib qolib, anchagacha tumtayib yurdi. Undan izoh so‘radi. Ochig‘i unga nima deyishni bilmasdi.
– Qachongacha u shoxdan bu shoxga sakrab yurasiz? – deb biroz ranjidiyam. Uning gaplarida ham jon bor edi. Bari dakkilariga to‘liq qo‘shiladi. Qolversa, daraxt ham bir joyda ko‘karadi axir. Asosiysi, Ipakning o‘z oilasi atrofida bo‘layotgan ishlarga befarq emasligida edi. Bu Lochinni juda quvontirdi. Ipakka Chekatoshloqdan bosh olib chiqib ketish oson bo‘lmagandi. Unda ham sababini tushunmagandi. To‘g‘rirog‘i, Ipakka tushuntirishni ep ko‘rmagandi o‘zi. Hozir ham qanday izoh berishni bilmasdi. Biron haftacha Ipakni tinchlantirib, ko‘nglini olishga, u yoq-bu yoqdan gapirib, chalg‘itishga harakat qildi. Bunga biroz erishganday ham bo‘ldi. Chunki hamma narsani, eski xotiralar-u, hayotning turli ikir-chikirlarini unutib xotirjam yashay boshlagandi. Oxirgi paytlarda u-bu ishlar bilan bo‘lib, oilasigayam vaqt ajratolmay qolgan ekan. Shu bugun tushdan so‘ng ularni bir xiyobon aylantirsa degandi.
– Quyosh qayoqdan chiqa qoldi? – dedi Ipak ham piching bilan uning qarorini eshitgan zahoti. – Tez-tez tergab tursam bo‘larkan-da.
Lochin beo‘xshov ishshaydi. Keyin:
– O‘g‘limizga shaharni ko‘rsatmoqchiman, – dedi u ham sir boy bermay.
– Hmm… – labini burdi Ipak. Oxirgi paytlarda u ham qadrini bildirib, hurmattalab bo‘la boshlagan edi. Uni tushunadi. Bu barcha ayollarda kuzatiladigan holat. Chunki avvallari ayol kishi faqatgina sevikli yor bo‘lsa, farzand ko‘rganidan so‘ng u ona ham hisoblanadi. Bu degani ularning hayotda bir pag‘ona balandlaganini anglatadi.
– Onasi bilan birga, albatta, – dedi e’tiborsiz unga javoban Lochin ham kinoya bilan.
Bu gapidan keyin Ipakning chiroyli qiyshayayotgan lab-lunji o‘z holiga qaytib, burishayotgan yuzi yorisha boshladi. Shu desangiz keyingi vaqtlarda Temurbek ham odam taniydigan bo‘lib, ancha ulg‘ayib qolgandi. Otasini ko‘rganda unga intilib, quvonchdan sakrashlarini aytmaysizmi? Nima desa tushunadi yana. Ha demay bir yoshga to‘ladi. Tetapoya bo‘lib qolgan. Ular birgalashib, issiq kiyimlarini kiydirib, yo‘lga chiqishdi. Ipak ham xursand bo‘ldi. Kuz chiroyli fasl. Hammayoq za’faron tusga kirgan. Uning ustiga xazonrezgi manzaralar odamni dimog‘ini yanayam chog‘ qiladi. Kayfiyatini ko‘taradi. Ilhom bag‘ishlaydi. Hayotga muhabbatini oshiradi. O‘zi hayotda eng yaxshi ko‘rgan fasli kuz. Juda-juda yoqtiradi. Bu yana o‘sha kuz edi. Ha-ha. Oltin yaproqlar xazonga aylanayotgan, uning shodligu quvonchiga, muhabbatiga, shodon kunlariga sherik bo‘lgan; ikki qalbni bir-birlari bilan uchrashtirgan o‘sha yildagi kuzga o‘xshardi. Ko‘zlariga ishonmaydi. Buni aslo kutmagandi ham. Ayni chog‘ yana o‘sha gulchi qiz beixtiyor ro‘parasidan chiqib kelib:
– Gul olib keting. Chiroyli gullar. Ayolingizga sovg‘a qilasiz. Bu gullar baxt keltiradi. Tong saharda o‘zim terganman. Shudringlari qurib ulgurmagan hali, – deb yo‘lini to‘sdi.
Qo‘llariga bir quchoq oq, pushti, qizil atirgullarni tutqazdi. Jur’atiga qoyil. O‘zi uning o‘rnida bo‘lganda bundoq qilolmasdi. Chaman! Ha-ha. Chaman… Bu uning o‘zi edi. Boshida ko‘zlariga ishonmadi. Yana uchrataman, deb o‘ylamagandi. Xursand bo‘lganidan baqrayib qoldi. U bo‘lsa ko‘zlariga qarolmasdi. Lochin zimdan yuzlariga termulardi. U bo‘lsa baribir qaramadi. Vujudidagi bari hislarini yashirishga harakat qilardi-yu, eplolmasdi; o‘zini avvalgidek quvnoq ko‘rsatmoqchi bo‘lardi-yu, uddalolmasdi. Gullarni olayotganda barmoqlari barmoqlariga tegib ketdi. Tanasini titroq bosdi. Chunki shu barmoqlari bilan vujudining bir bo‘lagini yulib olgandi. Chaman boshini egib oldi. Nigohlari bilan yer chiza boshladi. O‘z-o‘zidan uyalib ketdi. Biroz hijolatga ham tushdi. Ammo uning yana hayotga qaytganidan xursand edi rosti. Sog‘-salomat ekanligidan boshi osmonga yetdi. Bunga ishonardi. Ochig‘ini aytsa, qayta ko‘rishishdan umidini uzgandi. Aslida bundan ma’ni ham yo‘q edi. To‘g‘ri, unga nima bo‘lganini juda yaxshi biladi. Sun’iy a’zo2 bilan ham ancha yillar yashasa bo‘ladi. Buni unga tushuntirishning o‘zi ortiqcha. Hammasiga ko‘nikishiga, hayotga yana oldingidek moslashishiga ishongandi. Shu bilan birga u chidamli, qat’iyatli, har qanday dardni yengishga ham qodir edi. Aslida undan shuni istagandi. Lochin yonida bo‘lsa, unga ishonib qolgan bo‘lardi. Yashash uchun kurashdan to‘xtardi. Dard bilan muhabbat birlashib, uni tamom qilardi. Shularni tushunib, unga yomonlikni ravo ko‘rish – bu badbaxtlik edi. Jasurning ham uni tashlab ketganini orqavorotdan eshitgandi. Noinsoflik qilibdi, deb o‘ylab, xavotir olgandi. Sirasini aytganda hayotda jasurdek ko‘ringan insonlarning bari qo‘rqoq bo‘ladi. Chunki ular ko‘pincha o‘zlaridan o‘zlari qo‘rqadi. Kelajagidan xavotir olishadi. Alal-oqibat o‘zlari bilmagan tarzida hayotda barcha topganlaridan ham ayrilishadi. Ammo Chamanning irodasiga qoyil. Barisini yengib o‘tdi. Shu o‘rinda o‘zini ham oqlamaydi. Bunga umuman haqqi yo‘q. Oqlashga ham urinmaydi. Faqat bir narsani yaxshi biladi. Hijron Chamanni yashashga undadi. Hajr o‘tining otashin taftidan hayotga qaytdi. Bugun necha yillar oldin yuragida tugilgan tugun yechildi. U xafa bo‘lishga haqli. Buni tushunadi. Shu topda “Faqat boshingni egma Chaman. Doim mag‘rur bo‘l! Sen jasoratlisan. Tushunyapsanmi?.. Dunyodagi eng kuchli ayol sen bo‘lasan!” – deb dalda bergisi keldi. Ammo unday qilishga jur’ati yetishmaydi. Chunki u misoli kuchsiz bir olchoq…
Lochin gullarni olib, cho‘ntagidan bir siqim pullarni chiqardi-da, unga uzatdi. Ipak kuzatib turgan ekan:
– Ko‘pmasmi, – dedi uning dovdirashlariga hayron qarab.
– Yo‘q, – dedi ko‘zlari olma-tolma bo‘lib: – Bunday baxt keltiruvchi gullar uchun juda kam, – qo‘shib qo‘ydi arang kulishga harakat qilib.
Ayoli tushunmadi. Shunisi ham tuzuk asli. Chaman noiloj pullarni oldi. Chunki ular endi bir-birlariga begona kishilar edi. Ikkisi ham buni yaxshi his qilib turishardi. Chaman o‘ta hijolatli ahvolda qoldi. Pullarni olishga oldi-yu, lekin endi nima qilishni bilmay tarashadek qotib turardi. Shu topda kichkintekkina o‘g‘li pildirab kelib, uni bu noqulaylikdan qutqardi.
– Oyi manga beying! Manga, manga… – dedi uning qo‘llaridagi pullarni tortqilab. Chaman shu onda nima bo‘layotganini anglamasdi. O‘g‘li pullarni olib, farqlolmasa-da, erkalanib birma-bir sanay ketdi.
U ayolini yetaklab undan uzoqlasha boshladi. Ipak o‘g‘li Temurbekka atrofdagi hunarmandlar yasagan osori-atiqalarni tushuntirardi. Ortiga qarashni istamasdi. Chaman ularni kuzatayotgan bo‘lishi kerak. Yana ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgandir. Ehtimol yig‘layotgandir ham. Balki milt-milt sizib, pastga tomayotgan tomchi-tomchi ko‘zyoshlar u bilan birga kezgan, baxtli onlarini o‘tkazgan – mana shu yo‘llarda qolgan – mudhish xotiralarga to‘la izlarini yuvayotgandir. Buni bilmaydi, bilishni ham xohlamaydi. Ha-ha. U shunaqa berahm, battol odam. Bag‘ritosh. Zolim. Chunki shunday qilishi kerak. Uning yashashi uchun ham yana ketishi shart. Ammo bilib qo‘ying, ha-ha, bilib qo‘ying odamlar, u uni juda-juda sevardi… Uni shunchalar sevganidan hatto quyosh nurlaridan-u, gullar iforidan qizg‘anardi. Lekin buni o‘zi ham bilmasdi, sezmasdi. Faqat baxtiga, muhabbatiga erishish uchun kun-u tun vaqtning tezroq o‘tishini kutib yashagan edi. Ammo xato qilgan ekan. Ha-ha. Shunday. Hammasi xuddi shunday…
U u uchun shunchalar suyukli ediki, oxirgi paytlarda bir ko‘rmasdan turolmasdi. Bu yolg‘onmas. Sevib qolganini tushunmagan ekan, xolos. Qaniydi hozir o‘tgan kunlarni ortga qaytarolsa edi.
So‘nggi so‘z o‘rnida
O‘sha kunning ertasi yangi ish joyiga borib, yana ishdan bo‘shadi.
Bu yog‘i hammasi taqdir hukmiga havola. Qishloqqa – Chekkatoshloqqa ketadi. Toshkentni butkul tark etadi. Qarori qat’iy. Kimgadir mehribon, kimgadir omadli, o‘zi uchun esa shafqatsiz bo‘lgan mana shu shahardan ketsa bas. Uni ko‘rmasa, o‘ylamasa bo‘lgani. Qolganiga chidaydi. Shundagina ko‘ngli joyiga tushadi. Butunlay ketadi. Ha-ha. Ketadi odamlar!
Uni hozir oilasi bor. Farzandi ham kap-katta bo‘lib qolgan. Yonida uning mehribon onasi – Ipak doim u bilan birga. Uni ham yaxshi ko‘radi. Chunki yakka-yu yolg‘iz bolasining onasi, hayoti u bilan faqat. Bu yog‘iga Ipaksiz bir soniya ham yashay olmasa kerak. Hademay yana ko‘payishadi. Lekin Chamanni ham boshqacha ko‘radi. Bu yurak ishi. Butun umr uni unutolmaydi. Bir zum ham o‘ylamay turolmaydi. Chunki uni jonidan ortiq sevgan, sevadi ham. Chaman uning sof muhabbati. Chaman yuragida, qalbida doim yonma-yon yashaydi. Shunday. Chaman uning kechmishi bo‘lsa, Ipak uning qismati. Boshqa hech gap…
– Meni ayblamaysiz degan umiddaman, odamlar! Chunki Chaman yaxshi qiz. Xotiralarimda shunday qoladi. Hozirgacha u bilan o‘tgan kunlarni eslab taskin olaman. Uning bu dunyoda borligi men uchun eng katta baxt! Ishoning, rizq-nasibam tugab, bu dunyodan ko‘z yumayotgan chog‘imda ham quloqlarim ostida uning qo‘ng‘iroqdek ovozi jaranglab turadi: “Gul olib ketinglar, chiroyli gullar! Yaqinlaringizga sovg‘a qilasiz. Bu gullar baxt keltiradi…”
2020-2022 yillar, Andijon-Toshkent
–––––––––
Chalaqursoq – och-nahor.
Sun’iy a’zo – protez.
“Yoshlik” jurnalining 2022 yil 9-10-sonida “Chaman” nomi bilan e’lon qilingan.