Tashqarida sharros yomg‘ir yog‘ardi.
Deraza ortidan doimgidek Xontoqning so‘niq, ammo judayam fusunkor manzarasi ko‘zga tashlanib turibdi. Ahyon-ahyon daryo bo‘yidagi terakzorning shamolda chayqalib, shovullashi quloqqa chalinadi. Ayvon shipidan shoshqaloqlik bilan chakkillab tushayotgan tomchilarning tovushi goh-goh odamning xayollarini buzib, chalkashtirib tashlaydi. Unga xos tarzda ora-orada yomg‘irdan qochib, uyning mo‘risi tagiga berkingan bir juft musichaning beozorgina g‘uv-g‘uvlashi eshitiladi. Tomchilarning shitirlashini aytmasa uy ichidagi sukunat mana shu onlarning ustidan butkul hukmronlik qilishga shay turardi. Ammo na yomg‘ir, na qushlar, na tabiat bunga imkon berishni xohlashmasdi.
Hammasi bundan ham boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Biroq diqqatini huv bog‘ chetidagi sarg‘ish kursi yonida tinimsiz aylanayotgan ayol kishining sharpasi tortdi. Soyabon tagidan uning yarim gavdasiga mos holdagi bejirim oyoqlarigina ko‘zga tashlanardi. Eslab ko‘rsa u oxirgi uch-to‘rt kun ichida xuddi shu vaqtda ana shu yerga kelishni hech kanda qilmasdi. Aslida bu uyni yaqindagina sotib olgandi. Hatto ko‘chib o‘tishga ham ulgurganicha yo‘q. Bazo‘r, amal-taqal ta’mirdan chiqarib, endigina jihozlarni joylashtirmoqchiydi. Sotib olgan uyi unchalik hashamdor ham emas. Buning ustiga shaharning eng chekkasida joylashgandi. Faqat toza havo, oynadan ko‘rinib turadigan tabiat manzaralarini aytmasa, kichkina shaharchadagi ikki qavatli bu uyning inoq yashaydigan o‘n-o‘n besh chog‘li qo‘shnilaridan boshqa deyarli maqtangulik hech vaqosi yo‘q edi.
U o‘sha notanish kimsaga anchagacha tikilib turdi. So‘ng uni kuzatishdan charchadi. Chunki ayol aynan bir xil harakatlarni takrorlardi. Biroz u-bu yumushlar bilan ovunib, chalg‘igandek bo‘ldi. O‘zini hech narsaga e’tibor bermaslikka undab ko‘rdi. Ammo baribir uddalay olmadi. Ko‘chadagi ayol surati borgan sari fikrini bo‘lib, tobora o‘ziga jalb qilardi. Noiloj unga yana termildi. Bu safar ayolning xatti-harakatini uzoq tomosha qilib turdi. Xuddi bolalar o‘yinchog‘iga o‘xshardi — kimdir muruvvatini burab ketganu, to‘xtatish yodidan ko‘tarilib qolgandek go‘yo. Haqiqatan ham biron xatosiz bir joyda aylanardi. O‘sha yomg‘ir suvlariga bo‘kib, o‘tirib bo‘lmas ahvolga kelib qolgan sarg‘ish kursi atrofida tinimsiz u yoqdan-bu yoqqa borib kelardi. Shu topda uning oldiga yugurib chiqib, hol-ahvol so‘ramoqchi bo‘ldi. Xayolidan o‘tgan bu fikrdan bir seskanib tushdi. Axir borib nima ham derdi. Uni tanimasa, qandayligini bilmasa. Bir pasda shashtidan qaytdi. Lekin uning oldiga chiqish istagi boshini chirmoviqdek o‘rab tashlagandi. Qani edi bu o‘ylardan qutulolsa. Yana bir necha bor tashqariga oshiqdi. Bu safar uni yomg‘ir to‘xtatib qoldi. Chunki unda soyabon yo‘q edi. (Ertalab bu yoqqa kelayotganda havo ochiq edi-da!) Endi har bir narsadan bahona izlashga tushdi. Eshik tirqishidan kirayotgan izg‘irin etlarini jimirlatvordi. Shundagina ayolga astoydil achindi. U kun bo‘yi yomg‘ir ostida-ku axir, deb o‘yladi. Shu onda o‘zining berahm va insofsizligidan nafratlanib ketdi. Ich-ichidan o‘zini koyiy boshladi: sadqai odam ket!.. Bu tanbeh fikrlarini biroz tiyraklashtirgandek bo‘ldi. Shasht bilan yomg‘irpo‘shini yelkasiga tashladi-yu, tashqariga otildi. Biroq kech edi. Bu payt uning o‘zi ichkariga kirib kelgandi. Ha-ha, shunday bo‘ldi. U qarshisida sovuqdan dildirab turardi.
– Kiring, – dedi dovdirab zo‘rg‘a.
Beixtiyor uning qo‘lidagi soyabonidan ushlab, ichkariga tortdi. U shoshib qolgandi. Talmovsirab nima qilayotganini bilmasdi ham.
– Nimaga turib qoldingiz?!.. – so‘radi yana xuddi eski qadrdonlardek.
Ayol indamadi.
– Kun bo‘yi yomg‘irda qolib ketdingiz chog‘i. Birovni kutyapsizmi?.. – dedi aybdor ohangda.
U iymanibgina boshini sarak-sarak qildi. Bu uning “Yo‘q” degani edi.
– Nima qilib jalada yuribsiz unda? – so‘radi taajjublanib.
Ayolning indamasligi uni yanada tetiklashtirardi.
– Biz bu uyda yashagandik, – dedi dabdurustdan ayol nihoyat chehrasi yorishib.
U ichkariga kirganidan xursand ko‘rinardi.
Tashqarida nimadir qattiq gumburlagandek bo‘ldi. Xona bir yorishib so‘ndi. Hoynahoy Xontoq tarafda momaqaldiroq chaqmoq chalib, chaqin chaqnatdi-yov!..
Uning nazarida esa, osmon uzilib yerga tushgandi go‘yo.
Ayolning og‘zi yopilmasdi. Boyagi toritinishdan asar ham qolmagandi. Xuddi uyidagidek erkin his qilardi o‘zini. U tinmay gapirar, shu asnoda asta-sekinlik bilan ichkariga qarab, yurib borardi. Xayollar girdobida:
– …Oilam bilan shu kichkina xonalarda hayotimning qanchadan qancha yaxshi kunlari o‘tgan, – deganini ilg‘ay olgandi, xolos.
Shu damda bolaligi yodiga tushdi. Ota-onasi bilan birga yashagan yillarini esladi. Aka-uka har tongda ayvonda yoziladigan dasturxon atrofida to‘planishardi. Onasi nonushta tayyorlab, dasturxonga tortguniga qadar xarxasha qilishib, dunyoni boshiga ko‘tarishardi. Yeb, ichib to‘yganlaridan keyin hammalari o‘z yumushlari bilan ketishardi: biri ishga, biri o‘qishga. Kichkina ukasini bo‘lsa bog‘chaga tashlashardi. Kech tushganda yana uylarida yig‘ilishardi. U kunlar endi o‘tmish, faqat taassurotlargina qolgan.
Bir payt ayolning ovozi butunlay tindi. Ayvonda taqa-taq to‘xtadi-da, o‘ychan turib qoldi. O‘zi atrofida aylanib yurgan sarg‘ish kursi tomonga g‘amgin tikildi. O‘shandagi sovuqdan junjikib, ko‘chada qolgan paytlari esiga tushdimi, beixtiyor ko‘zlariga yosh qalqdi. Uni yupatmoqchi bo‘lgandi, shoshqaloqlik bilan:
– Bolalarimni olib kirsam maylimi? – deb yalinib so‘radi.
U nima qilarini bilmay qolgandi. Bir unga, bir ko‘chaga qarab jovdirardi. Ayol yana o‘sha suvga bo‘kib, shalabbo bo‘lgan sarg‘ish kursi tomon boqdi. U nigohlari bilan ayolning bolalarini qidira boshladi. Ko‘zlari yomg‘ir ostida qolgan daraxtlar-u, o‘sha dardisar kursidan boshqa narsani ilg‘amasdi. Ammo ayol iltijo bilan uning roziligini kutib turardi. U battar dovdiradi. Chunki ayolning yolvorib qarashlari esankiratib qo‘ygandi. Beixtiyor “mayli” degandek boshini qimirlatdi. Ayol shu ondayoq tashqariga o‘qdek otilib chiqib ketdi. U hammasini ayvondan kuzatib turdi. Ayol katta daraxt tanasi panasiga yashirinib, shumshayib olgan bolakaylarni tortqilab chiqardi. Ularning biri uch, ikkinchisi besh yoshlarda edi chamasi. Ust-boshlari ivib chinor po‘stlog‘i rangiga qorishib ketgani sabab, ko‘zga tashlanmasdi ham. Hash-pash deguncha uchchalovi ichkarida paydo bo‘lishdi. Hatto qachon kirganlarini-da payqamay qoldi. Katta o‘g‘li kira solib uyni gir aylanib nimanidir qidira ketdi. Nihoyat yotoqxonaning bir burchagida karovat oyoqlari tagida qisilib yotgan ayiqchasini topib, beg‘uborlarcha bag‘riga bosdi. Kichkina o‘g‘li esa, pildirab to‘g‘ri oshxonaga bordi. U yerdagi kursiga chiranib yurib chiqdi. Amallab o‘rnashib olgandan so‘ng:
– Non, – dedi dasturxondagi noz-ne’matlarga ishora qilib.
Uni ko‘rgan akasi chopqillab kelib ukasiga dakki berdi.
– Bular sengamas, – dedi u bosiqlik bilan. Akasi o‘zini kattalardek tutardi. Ukasi uning gaplariga parvo ham qilmadi.
– Qornim ochdi, – dedi chinqirib yig‘lab. U shundagina o‘ziga keldi. Xotini “Tamaddi qilarsiz”, deb qo‘liga tutqizgan yeguliklarni allaqachon unutib yuborgandi. Shoshib borib nondan ushatib, bolakayga uzatdi. Yana pishloq, qaynatilgan go‘shtdan kesib, yoniga qo‘ydi. U tortinmay hammasidan birma bir olib yeya boshladi. Akasi burchakda tamshanib, yutinib turardi. Sovuqda ochqaganini shundoq ko‘zlaridan bilsa bo‘lardi. Ukasining yonidagi kursiga uni ham o‘tqizib, dasturxonga taklif qildi. Oldiga u-bu yeguliklarni qo‘yib yeyishga undadi. Bola iymanibgina husayni uzumdan bir shingil oldi-da, birin-ketin donalarini uzib, sekingina og‘ziga soldi. Ayol devorga suyangan ko‘yi diqqat bilan ularni kuzatardi.
– Nimani kutyapsiz? Siz ham keling! – dedi unga ham. Ayol qimtinibgina asta ularga qo‘shildi. Ammo hech nimaga qo‘l urmadi.
– Oling! – dedi u yana qistab. – Ochig‘i yolg‘iz tomog‘imdan hech narsa o‘tmayotgandi. Yaxshi bo‘ldi.
U biroz vaziyatni yumshatishga harakat qildi. Ayol ham kichkina o‘g‘liga tanbeh bergan kishi bo‘lib, ora-orada u-bu yeguliklardan chimchilab-chimchilab yeyardi. Ammo bolakay to‘ygandi. O‘zini kursiga boricha tashlab, yalpayib suyanchiqqa suyanvoldi.
– Nimaga bizni uyga kirib oldingiz? – dabdurustdan so‘roqqa tutdi bolakay jiddiy. Uning og‘zidagi luqmasi tomog‘iga tiqildi. Chaynalib nima deyarini bilmay, najot bilan ayolga qaradi. Onasi:
– Unaqa be’mani gaplarni gapirma. Amaking usta. Uyimizni ta’mirlab berdi, – dedi o‘g‘liga.
– Shunaqa, – deb qo‘ydi u ham bolaga mo‘ltillab.
Ona-bolalarni tilanchi deb ham o‘yladi. So‘ng bo‘layotgan bari ishlarga o‘sha yomg‘irda ivib, shalabbo bo‘lib ketgan sariq kursi aybdordek ayvondan tashqariga ko‘z tashlab qo‘ydi. Uning qarashlarida yana biron kimsa bormikin, degan xavotir ham mujassam edi.
– Boshqa hech kim yo‘q, – dedi ayol uning xavotiromuz yuzlariga termulib, xayolidagi fikrlarni o‘qigandek. – Tilanchi ham emasmiz.
Hijolatomuz og‘iz juftlagan edi, gapirishga qo‘ymadi.
– Hozir ketamiz. Bolalarim “Uyimizga boraylik”, deb izzillashgandi. Ularni ko‘rsatgani olib kelgandim, xolos. Sizga rahmat, – dedi va shoshib o‘g‘illarini yetaklab, ketishga chog‘landi.
Ayolning gaplaridan o‘zlarining qismatini uqdi. Onasining taqdiri kimlardadir qaytarilayotgandek tuyuldi. Otasining uzoq safarga kuzatishgani ko‘z oldiga keldi. (Bu onasining yupanch so‘zlari ekanini katta bo‘libgina tushunishgandi.) O‘shanda aka-uka ayuhannos solib rosa yig‘lashgandi. Shundan so‘ng otasini boshqa ko‘rishmadi. Onasi bilan yashash uchun qilmagan ishlari qolmadi. Otasining yaqinlari deyarli ulardan yuz o‘girishgandi. Keyinchalik o‘zlari yashagan uydan ham quvib solishdi. Bir muddat ko‘chada qolishdi. Avvaliga u qarindoshinikida, yana bir kun boshqasinikida yashab yurishdi. Darbadar hayot jonlariga tekkach, ijaraga kichkinagina xona olishdi. Ahyon-ahyon onasi bolalarini yetaklab bir vaqtlar o‘zlari baxtli hayot kechirgan qadrdon uylari yoniga boshlab kelib, tunda derazadan taralayotgan shu’lalarga termulib o‘tirishardi. O‘sha paytlarda onasining ko‘nglidan o‘tkazgan iztiroblarni endigina tushunib turibdi.
Borib poygakda ularni yo‘lini to‘sdi. Allaqachon qorong‘i tushgan edi. Ayni shu damda boshqalar singari ikki norasidasiga qo‘shib mushtipar ayolni sovuqda ko‘chaga haydash uchun vijdoni yo‘l bermadi. Hayotning murakkab so‘qmoqlarida yakka yolg‘iz qolgan bu ojizaning nima aybi bor! Endigina dunyoning shafqatsiz o‘yinlari-yu, rahmsiz hukmiga duch kelib, umrning achchiq ta’mini totayotgan, xuddi o‘zlari singari onasining yolg‘iz umidi, suyanchi bo‘lgan manavi ikki bolakayni-chi?..
U shosha-pisha kiyimlarini kiydi.
– Sizlar qolinglar, – dedi o‘tingannamo va uy kalitini eshikning og‘zida qoldirib, chiqib ketdi. Shu topda tutqunlikdan xalos bo‘lgan qushdek his qildi o‘zini. U unchalik boy bo‘lmasa-da, avvalgidek qashshoq ham emasdi. Yo‘l-yo‘lakay bu ishini to‘g‘rimi yo‘qmi, deb o‘ylardi. O‘sha la’nati sarg‘ish kursi yoniga yetib borganda ortidan oyoq tovushi eshitildi. Qayrilib qaramoqchi bo‘lganda:
– Shoshmang! – degan hitobdan vujudi titrab ketdi. Bu goh onasining, goh o‘sha ayolning ovoziga o‘xshardi. Quloqlariga ishonmadi. Asta u tomonga o‘girildi. Ayol soyabonini uzatgan ko‘yi ro‘parasida turardi. Uning nigohlari onasi kabi mehribon va mag‘rur edi. Shu alfozda soyabonni qanday olganini ham bilmadi. Ayol uyga kirib borardi.
Ketmoqchi bo‘lganda soyabon tutqichidan bir uyum qog‘oz shitirlab, yerga sochildi. Bu uyning hujjatlari edi. Yomg‘irda ivib, loyga qorishayotgandi. Ularni qaytarib bermoqchi bo‘ldi-yu, ammo orqasidan borishni istamadi. Agar inson qismati mana shu qog‘ozlarga bitilgan ayqash-uyqash yozuvlar-u, siyohi qotgan muhrga bog‘langan bo‘lsa, tuproqqa qorishib yo‘q bo‘lib ketsin bu matohlar, deb o‘yladi.
U hushiga kelganda ayol sharpasi yo‘qlik sari sochilib, allaqachon g‘oyib bo‘lib ulgurgandi. Uyning yolg‘iz yo‘lagi bilan ostona poyida berahm dunyoning qaqshatqich zarbalaridan o‘laksa holga kelgan yalang‘och xayollarning jasadi yotardi go‘yo. Uning ortidan ichkariga kirishga oshiqardi-yu, ammo yuragi bunga dov bermasdi. Qandaydir vahm xuddi o‘rgimchak to‘ri misol oyoqlarini chirmab tashlagandek edi. Qanchalik harakat qilmasin qimirlashga o‘zida kuch topolmadi. Faqat nigohlarigina uning izidan istaksiz sudraldi, xolos. Butun vujudida majol yo‘q edi. Shuurida esa xayollarini tag-tugi bilan qo‘porib tashlagan bu uy haqidagi xotiralar o‘rnashib olgandi. Yana o‘sha soyabon tutgan, yomg‘ir ostida uzzukun qolib ketgan mushtipar onaning suvrati aylanib yurardi. Uning bo‘lsa, o‘zi yaqindagina necha yillar davomida yig‘ib-terib ne ko‘ylarda yashash uchun sotib olgan kulbadekkina boshpanasi va bolalari bilan u yerda kechirgan baxtiyor hayoti haqidagi ezg‘in so‘zlari hech tinchlik bermasdi.
Ro‘parasida o‘sha qarashlarini buzib, chilparchin qilib tashlagan, beg‘ubor bolalikning quvonchlariga sherik uyning o‘zi viqor to‘kib turardi. Ichkarida esa, ikki norasida bolasini bag‘riga bosib, erkalatib, shodu hurramlik gashtini surayotgan baxtli ona; yomg‘irdan qochib, uyning mo‘risi tagiga berkinib – pinjlariga suqilishib – baxtiyorlik sururini totayotgan beozorgina bir juft musicha… Bularning bari chinmidi yoki tasavvuri mahsulimi, bilmaydi. Bilgani endi uning o‘zi o‘sha sarg‘ish kursi atrofida umidvor aylanayotgani edi, xolos.
Biroq bir necha kun avval mana shu uydan boshpana sotib olgani bor gap.
2017 yil, 6 oktyabr