Bahodir Qobul. Oy yo‘li (qissa)

YO‘L KO‘RISh

Qishloqda avval ko‘cha uyg‘onadi…
Kattasoydan boshlanib, qishloqni qoq ikkiga bo‘lib, naqd Kattatoqqa borib qadaladigan yo‘l aslida yog‘in-sochin g‘ayrat qilganda chag‘atu o‘ngir, hovli-yu hayotlardan yig‘iladigan selu selovani soyga quyadigan jar. Ham jar, ham ko‘cha. Shuning uchun Jarko‘cha deyishadi. Jarko‘cha to‘g‘ri tog‘dan tushib qishloq oralab, yetti qavat qabristonni o‘rtasidan o‘tgancha, eski-yangidan xabar olgancha, Qo‘rg‘ontepa ko‘zi ostidagi Otabuloq boshida bir qur aylanib, keyin Bozorjoyga tushgan. Ro‘zg‘or qilib, tiriklikning boshini ushlagandan keyin, qizligida o‘ylagani salgina aytganiday chiqmay qolib, tirnoq umidiga tushgan kelinchaklarni insofi bo‘lsa qaynonasi, bo‘lmasa tug‘ib, katta qilib baloga qolgan o‘z onasi buloq boshiga yetaklab keladi. Zoriqqan hamma narsadan ko‘zlarini chirt yumib, Hu deb qo‘l tashlaydi. Kimga nechta tosh ilinsa, shuncha marta yangi yo‘rgak yo‘rgaklagan. Suprasini quriq qo‘ymagan. Toshbuloq oti shundan qolgan. Buloq ko‘zida hech kim tosh ko‘rmagan. Uning boshqa otlariyam bor. Unday otlarni duch kelganga aytavermaydilar. Ilinmagan o‘zidan ko‘radi. Tilaganga ilinsa ilinadi. Sidqidil bo‘yin egganga bo‘yin bergan. Buloq hech kimni aldamagan. Hazillashmaydiyam. Oqar ko‘zi qadimdan qadim daraxtlarning bir-birini suyab kelgan, bo‘yniga bo‘ynini bergan, bo‘ynini bo‘yniga ishongan tomirlari orasidan keladi. Jarko‘cha shu yerga kelganda ikki shox tashlaydi. Marra Oqtosh. Otabuloqdan iziga toqqa tikka o‘rlaganda otam zamonidan qo‘rg‘on bo‘lgan, dushmanning zulmini zo‘ridan go‘ristonga aylangan, qadim qal’a o‘rniga o‘zini tashlagan otamozorlar oralab Katta sharrakka, undan O‘rtaqirga ko‘tariladi. Machitni kun chiqaridan kelib Kichik sharrakda terakzorlar oralab o‘zini soyaga oladi. Undan keyin gulmozorlar-na’mataklar, bo‘ritaroqlar, undan u yog‘ida ko‘zi na ochiqqa, na yopiqqa yotadigan, sarg‘aygangayam sariq, sargardongayam sariq jiydaman degan tiziladi. O‘tib tokzor, isiriqzor. Ora-oralarda shaddod qizlarning peshonasini o‘pib, qulog‘iga yetmaydigan qilib kesilgan sochiday osilgan, osilib ham tinch turmaydigan jar devorlariga tirmashgan kovullar ham bor. Gullaganda xuddi qadimiy xoqonlarning saroylaridagi qandillarga o‘xshaydi. Oq guli oqdan oq, sariq guli sariqdan sariq. Bekorchi suv sal ko‘llab qolgan joylarda ituzumlar qur soladi. Qizil, qora, sariq deganday. Keyin ko‘ksultonlar aralashgan o‘rikzor. Ko‘rsodiq, subhoni, ahroriy, qizil yuz otliq. O‘zi kelib qolgan daraxtlar ham bor. Novustepani kun botaridan o‘tib Bo‘rio‘ynar bilan yonma-yon ketadi. Undan u yog‘ida yong‘oqzor. Olashaqshaqlar ekkan. Jarko‘chaning yaxshisini oshirib, yomonini yashirgan toklarni daraxtlarga chirmashib ketgan zanglariga cho‘pkadilar osilishadi. Kattasi katta odamni, kichigi bolani kallasiday boshlari shamolda saraklanadi. Kuz kelib, shamol yeb, rangi sarg‘ayib, pishgandan keyin ichi bo‘shligi bir-birlariga cho‘qishganlarida bilinadi.
Turkqishloqning yaxshi-yomoni shu ko‘chada. Qora tortib qaro soniga kirganniyam, qora bosib qaro urganniyam ko‘chada yurishidan ma’lum. Ko‘chaga chiqa olmay qolgandan asrasin. Ko‘chada qolgandan asrasin. Ko‘cha sig‘dirmagan kunni-ku, so‘rama. Dushmaningni itigayam ko‘rsatmasin. Doni shunda sochilganini, tuzi shundan ko‘tarilishi bilgan biladi. To‘rtta qo‘yni sassig‘ini zo‘ridan, dimoqqa boshqa narsa kirmay “ko‘cha maniki” deydigan ko‘p bo‘lmasayam bor. Urug‘liqqa bo‘lsayam topiladi. O‘g‘ilto‘yda tuyog‘igacha yasatig‘lig‘ “toy keldi, qarang-qarang” ham, ko‘ylagidan o‘zi yengil kelinchakni otdan tushirishdagi “ko‘tar-ko‘tar, yerga qo‘yma” ham ko‘chaning yelkasida. Rizqi shu ko‘chadan kirib, tobuti shu ko‘chadan chiqadi. Bo‘lg‘ulig‘i ham, ko‘rguligi ham. Bo‘limiyam, boshqasiyam. Ko‘chani ko‘rgani qursin. Bu bosh necha bor omon-omon, necha bor ushla-ushla, necha bor qochdi-qochdini o‘tkazgan. Hamma ko‘chani birday ko‘rmasayam, ko‘cha hammani birday ko‘radi. O‘g‘ri-to‘g‘ri, yosh-qari, katta-kichik, urilgan-surilgan, ko‘r-cho‘loq, boy-quloq, xayol-xiyol, xonu-xoin, ilon-chayon, tuyoqli-tuyoqsiz, shapkali-shapkasiz, o‘txo‘r-sutxo‘r, oqsuyak-qorasuyak ekan demaydi. Teng ko‘radi, teng ko‘taradi. Unga bari bir. Hech biriga ishi tushmagan. Qush-quzg‘un, darranda-parranda, ilon-chayongayam yaxshi gap, vaqti xushlik xush keladi. Ko‘chagayam. Ko‘cha to‘y xabarini aytganda, yetkazganda ko‘ngli yorishib ketadi. Jarchini orqasidan parillab ergashadi. Qo‘shilishib jar solgilari keladi. Aytuvchi o‘z g‘arazi, alami, gapi kelishmay qolgan, o‘zaro urush-janjali borligidan atayin aytmay tashlab ketgan bitta-yarimta uylarniyam shamolga qo‘shilib aytib, xabarni yetkazib chiqadi. Kambag‘alni to‘yini buzgisi kelmaydi. Ko‘cha qishloqni, qishloqda ko‘p narsani, ko‘p joylarni yaxshi ko‘radi. Ayniqsa, injiqligiga chidolmay, uray desa urolmay, yurgin deb yurg‘izolmay, qo‘lidan tortib turgizmoqchi bo‘lsa battar baqirgancha yer depsinib yig‘laydigan ukasini ko‘ndirolmay alamiga tishini tishiga qo‘yib hiqillabgina yig‘layotgan, o‘zidan ikki-uch yosh katta akachaning mehrli g‘azabda andarmon-sarson turishi juda yoqadi. Keyin, yana hali maktab yoshiga chiqmagan bolalarning yuz ochar yo sochalaga borayotgan onalariga yetishib yurmay, yurishni istamay, orqangga ko‘tarasan deb tantiqlanadiganlar ko‘cha yuziga o‘tirib, janjalni urib, yer tepinib, orqada yolg‘iz qolgan bolalarni yengilgina epkin, yelpin, hilpin qurigan barglarni oldiga solib kelganda unga qo‘shilib bolakayning atrofida aylanib shitirlabgina, shivirlabgina qo‘rqitishni, qo‘rqqanidan o‘rnidan irg‘ib turib onasiga yetib olgancha shatranglab qochishini, onasiga yetib, etagini tutamlab orqasidan kim quvganini topolmay, qulog‘iga kim shivirlaganini anglamay kelgan yo‘liga qarab qolishini, keyin seskanib-seskanib siyib qo‘yishiniyam. Shunda onasining ortidan chopayotgan bolakayning oyog‘iga bir narsa kirmasin, ilashmasin, kim qayoqqa otsa borib bosh yoradigan, yo ko‘z chiqaradigan, nima ish qilishidan emas qo‘lga olinganidan xursand tosh ko‘rlik qilmasin deb go‘dak yo‘liga o‘zi to‘shanchi bo‘ladi. Bolakay ortidan ko‘tarilib qolgan changni ko‘z-qoshlariga dorilikka surtadi. Yuragini urishini bolakayning yugurgandagi yalangoyog‘ining ko‘ksiga kelib tushishish shahdiga moslaydi. Qo‘shilishib chopib ko‘ngli yosharib ketadi. Bola bo‘lgisi kelib ketadi. Bolalanadi. El o‘zidan ko‘payib, ko‘z quvonch kunlari suyunchi so‘rab yuguriklaganlarning boshlaridan aylangilari keladi. Aylanadi. Tolchiviq otliqlarning orqasiga mingashadi. Bir vaqtlar quchog‘ini rostakam bahodirlar mingan suvlig‘i kumushdan, uzangisi tillodan, jilovi ipakdan, yoping‘ichi bir yurt bahosiga teng hashamlik, turishi bulutdek g‘aybatliq, soyasi tog‘dek haybatlik arg‘umoqlar to‘ldirib yurganini birovga aytarga yuragi ko‘tarmaydi. Aytarlik topolmaydi. Ko‘klam kelib yosh-yalang bir-birini qutlashganda uyalgandan uyaladi. Nimagadir shunday. Ko‘klam kelaversa yuragini urishi tezlashib ketadi. Sog‘inadi chog‘i. Yigitlar qo‘llaridagi turli-turli suratliq, nozli-nozli bo‘yliq, turfa-turfa buyli chechaklar bo‘yinsa, bo‘ysira qizlarning qo‘llariga o‘tganda, yaxshi ko‘rganidan, uchrashib yurganidan, soglasin bo‘lgan yigitidan sovchi kelgan qizdek yashiringani joy topolmaydi. Ishonchli, yaxshi ko‘rgan joylari ko‘p bo‘lsayam. Eng yaxshisi esa Ulug‘ Enaning hamisha supurilgan, suv parcha-parcha sepilgan, ertayu kech ko‘chaga qarab o‘tiradigan supadekkina yeri. Enaning oyog‘i osti. Hidiyam boshqacha. Oq kigiz, kigiz ustidan tashlangan olacha, olacha ustiga to‘shalgan po‘stakning muzdekkina yarg‘og‘ini bir chetiga boshini qo‘ysa bo‘ldi. Shu yerda o‘zini boshqacha sezadi. Kerakligini sezadi. Tirikligini sezadi. Hayotligini sezadi. Hayot, tiriklik tugun-tugun bo‘lsa-da, tuganmasligini sezadi. Ko‘chadan kim changga botib, kim chang yutib, kim changitib, kim changday o‘tib ketishini, o‘tib borishini ko‘rib turganday bo‘ladi. Hamma narsaga o‘lchab berilgan vaqtning chiqishi, chaqnashi va channashiniyam. Ena bir zum tinmaydigan xayollarini, o‘ziga-o‘zi gapiradiganday tuyuladigan gap-so‘zlarini aslida unga omonat qilib topshirayotgandek sezadi. Shunday tuyuliblar ketadi. Enaning xayolini ilg‘ab, xayolot ohangi, xayolot hangiga, hayolot nangiga, hayolot rangiga, hayolot shahdiga, gap ma’zasi, so‘z tig‘ining tiliga quloq solib yotishdan ortig‘ini ko‘rmagan, bilmagan, eshitmagan. Ko‘rmasayam, bilmasayam, eshitmasayam kerak. Bu gap-so‘zlarga birov ishonmasayam, nimagadir shunday. Men esa Enamning ertaklarini yaxshi ko‘raman. Keragidan ortiq soddaligi uchun kulgiga qolgan “Lakipay bilan Jonipay”niyam, aytishlaridan oldin yig‘lab olib, kamiga yana yig‘lab-yig‘lab aytadiganlari “Erdona Cho‘kki”niyam. Ayniqsa, juftini yalmog‘iz kampir yamlab, yolg‘iz qolgan qushchaning bormagan joyi, uchrashmagan odami qolmagan, hech kim unga yordam berishni istamagani, akalarning “himmati” bilan ikki oyoqni tizzasidan cho‘rtta ayrilgan Erdonabekka “Childir – chinachoq, childir – chinachoq” deb zorlanishiga chidash qiyin. Qushning juftini yalmog‘iz tiriklay yutib chinachog‘iga bekitgan bo‘ladi. Nasib bo‘lsa ertaklarni boshqa safar aytib berarman. U ertaklar juda uzun. Enam salkam yuz yildan beri aytadilar. O‘zlariga o‘zi ertak aytib o‘tiradilar. Ertaklarini qayta so‘rash, mumkin. Lekin, xayollariga aralashish mumkin emas. Xayollariga so‘roqsiz ergashsam ha, balajon, deb qolsalar uyalaman. Jarko‘chaga birov bir narsa ekmagan, bir narsani kesmagan ham. Kesgani kesilgan. Kesaman deb kelganiyam. Hamma narsani ko‘tarar ekan deb o‘ylamang, jini suymaganni, ko‘ngliga tekkanni ko‘tarmaydi, ag‘darib tashlaydi. Jarko‘chaning devi, parisiyam bor deyishadi. Jarko‘chaning devi qilig‘i elga yoqmaganlarni yo‘lini poylab, to‘g‘ri kelganda yarim kechasi meshday bo‘lib oldiga chiqarkan. O‘ngdan ham chapdan ham yo‘l bermasmish. Ikki yon esa tikka jar. Kaptarlar zo‘rga oshadi. Mesh o‘zi nimaligini bilasizmi? Ikkita teng yoshli, katta-kichikligiyam bir bo‘lgan takalarning terisini bir-biriga betma-bet qo‘yib, qopday qilib tikilgan, to‘rt oyog‘i to‘rt tomonga turtib chiqqan, Sangloqning katta yapaloq toshi ustiga o‘tkazilgan faqat boshi yo‘q, bo‘yni yelkasiga tashlab qo‘yilganni mesh deydilar. Ichi suvga, suyuqlikka, aytaylik suzmaga, ayronga to‘la mesh juda qo‘rqinchli bo‘ladi. Bir joyda turmaydi. Biltanglagani biltanglagan. Shuning uchun meshni mevali daraxtga suyab, bo‘ynidan bog‘lab quyishadi. Kechasi bilqillagan tanasi qayoqqa yursang oldingga dumalab kelsa, terisining taqir joylari oy yorug‘ida sovuqdan sovuq yiltillasa, uzun-uzun tuklari soya tashlab shalpillasa, odam ko‘p narsani ko‘rganday bo‘lsa kerak. Ko‘chaning meshiga yo‘liqqanlarni qishloq nomma-nom biladi. Beti, og‘zi-ko‘zi aytib turadi. Gapirish esidan chiqib ketgan bo‘lsa ham. Parilariga esa gap yo‘qmish. Olov yoqib, olovday bo‘lib, davra olib, soch solib, yelka tashlab, pocha qoqib, qosh uchirib, chappar urib, qarsak chalib, ko‘zi tushganni yo‘ldan cholib yer-u ko‘kni ko‘nglini ko‘klarmish. O‘zi Enamni ertaklaridagi dev-parilar bilan Jarko‘chaning dev-parilarini ajratish qiyin.
Marradan kunchiqarga yurgani Hasandalani husni jamoliga og‘zi ochilib, chiroyidan oyog‘i chalkashib, Kavsar bulog‘i hidlik Novqada boshini yuvib, atrofida qishloq ko‘rinmasayam ming yillik go‘rlarni qo‘riqlab yotgan Qizilmozorda enib, ne bir shohlar Oq chodir tikkan avom xalq Supa deydigan haqiqiy shohlar ko‘zi ochiq yulduzlar bilan sirlashgan Shohsupada bir kecha qolib, makedonlik Iskandarning tishini sindirgan Zominda qo‘nib, O‘ratepaga o‘tib ketadigan yo‘lni O‘smat yo‘li deyishadi. O‘ratepadan narini Xitoy yo‘li. Ikkovini qo‘shganda – “Yozgi karvon yo‘li”. Eskidan shunday.
Oqtoshdan kunga qo‘shilib kun botarga ketgani Oqyo‘l atog‘liq. Oq yo‘l Samarqandga Oydala oralab ketadi. O‘raydan o‘tib, Taypoqsoyda taypanglab, Gulbuloqda qarsillab, Oqtepada gursillab katta kitoblarda yozilganidek, har dashtining yuzidan jannat ko‘rinadigan va har dalasidan Eram bog‘i bilinadigan Samarqandga jo‘naydi. Bir vaqtlar bog‘laridagi mevalar barchaga baravar, tekin bo‘lgan bog‘lar o‘rnidagi haydovlar oralab ketadi. Yo‘lma-yo‘l Molguzarni Toshoxurdan Otakentning Konigiligacha bo‘g‘ziga dovur ko‘milib qolgan, bir qarasang o‘tmish xotiralarini yod etishga da’vat etib turgandek yo‘l qaraydigan, bir qarasang otasini otini unutib qo‘ygan boladay, otasini otini aytsa, boshini olishlarini qattiq tayinlangan go‘dakday, bora-bora otaniyam otini unutgan esarday mung‘ayadigan tepaliklarga ko‘z ilg‘agancha qaragan bo‘ladi. Bir vaqtlar hammasining otini nomma-nom, qaysisi qaysisiga tovun, qay biri qay biriga xabar berish tartibigacha bilardi. Hozir hammasi esidan chiqqan. O‘rtada bordi-keldi bo‘lmagandan uzilishib ketasan deganlari shu bo‘lsa kerak. Otlarini chala-chula, qatorda turish tartibini buzgan bo‘lsa-da, eski qo‘ldosh qadrdonlari otlarini ko‘kayidan o‘tkazgan bo‘ldi. Mirzatepa, Qo‘rg‘ontepa, Dunyotepa, Qorovultepa, Nog‘oratepa, Shunqortepa, Ilonlitepa, Adrasmontepa, Kultepa, Sariqtepa, Zartepa, Yetimtepa, Yumoloqtepa, Galatepa, Yapoloqtepa, Xirmontepa, Ajdartepa, G‘orlitepa, Kindiktepa. Shu ketgandan bek bolalaridan biri bir qirqimni puliga soldirgan imorat, o‘smatilar Otamakonga borganda qo‘nadigan, ust-boshini to‘g‘rilab oladigan, qaraydigan, yelka qismay kiradigan Mulla Do‘stbek madrasasi soyasida nafasini rostlaydi. O‘pkasi joyiga tushgach yuz bir hadikda madrasa o‘ng yonboshi, yo‘lning narigi betidagi Registonga qaraydi. Yolg‘izgina Ulug‘bek madrasasi bo‘lgan, madrasa ikki oshyonli, ikki qavatli bo‘lgan zamonlarda bu atrofni oti kitoblarda Bob ul qutton, el og‘zida Miskinlar darvozasi deb atalgan vaqtlardagi tuproqlarni avval isidan, keyin rangidan taniydi. Qo‘l beradi. Azaldan qildan qiyiq topishga ishqi baland do‘stu dushman nozik ta’blik va tez xafa bo‘lishidan tashqari boshqa biron nuqsonini topolmagan Alisherbek yashagan hujraga bo‘ylaydi. Yetmish qur davru davron, yetmish qatla suru suron, yetmish qat gardi-gurd qarolig‘i ostidan isu izini kishi bilmas axtargan bo‘ladi. Bir xayolda Samarqandda hukmdor o‘zgarishi ochunning, olamning taqdirida o‘rin tutgan; rol o‘ynamagan, o‘yin o‘ynamagan, o‘yin ko‘rsatmagan vaqtlarda, ol qulim deganda, dunyoyi-dun shu yerdan boshqarilgandagi shukuhini, bir o‘yda o‘l qulim deganda, chopon kiyganligi uchun o‘qqa, do‘ppi qo‘ndirgani uchun dorga sazovor, uyidan eski yoziqli bir parcha qog‘oz chiqib qolsa, unda nima yozilganidan qat’i nazar, uy egasiga kesim qog‘oziligiga o‘tgan kunlarini, kuni sag‘atlarga qolib, yog‘ini yog‘iy yeb suyak talashgan xoinlar, xonlar, buzuqi va yuvuqsizlarga oyoq osti bo‘lib, xoru zorlikdan qaraguligiyam qolmay qaqshaganligini, shahar huvullagan taqir dashtday bo‘lgan, sanoqli ro‘zg‘orlargina kappa tikkan, Registon madrasalarida qishda qo‘y qamalgan kunlarniyam eslaydi. Madrasalar peshtoqlari kitobasini, kitobatlaridagi, minoralarni bosh-oyoq ushlab turgan, chiroy bergan, devorlariga ko‘rga hassaday qilib yozilgan oyat-belgi, yoziqlarni pichirlabgina ichida o‘qiydi. O‘tib-qaytayotganlarning bu yoziqlarga suratga, kashtaga qaraganday, chiroy uchun chizilgan bezovga qaraganday bez qarashlaridan uyaladi. Boshini yurib kelgan yo‘lining o‘zi qurli, tengqur tuprog‘iga tiqib oladi. Hansirab turgan umrining rangiga qarashga uyaladi. Oriyat qo‘rg‘oni, nomus qo‘rg‘oni Toshqo‘rg‘onni takkursilari o‘rnini ko‘zini yumib ham topadi. Yovvoyilar Otamakonni, Oqsaroyu Ko‘ksaroyni o‘ragan Chaqarni, unga qo‘shib Zamon Yagonasi sharafliq Nuriddin Basir otliq avliyo mozori portlatilgan Isoning mavludi hisobi bo‘yicha 1878 yil avgustining qora kuni yumsa ko‘z o‘ngida, ochsa xayolida turadi. Otakentning kuni ne bir sag‘at, ne bir bezotlarga tushganiga shohid bo‘lgan, lekin, mozordan qo‘rqib, go‘r bilan urush qilganlarni ko‘rmagandi. Ne bir mashoyixlar, avliyolar qabriga baqamti qurilgan, necha yuz yillik qabriston ustiga tasraytirib qurilgan aroq zavodning qoradan qora cho‘yan darvozasi betiga qaragisi kelmaydi. Shumxayol Oqposhshoni oq urganligiga, yaratganning o‘zi oq qilganiga o‘shanda ko‘ngan. Kuchini mozorga ko‘rsatgandan yaxshilik kutmaydilar. Keyin, bir oti Novalik, bir oti Novadon bo‘lgan buloqdan suvlanadi. Dam o‘tmay bahridili yashnaydi. Ming-ming yillik gapu so‘z xayolida tiklanadi. Tiniqlanadi. Ruhobod oyog‘ida, Oliy Ark ostonasida to‘xtaydi. Haddini biladi. O‘smatdan kelganligini, bir vaqtlar, bolalikdagi oti Asmand, Samand atalganligini, katta poshsholarning ming yillik xat-qalamlarida shunday yurganligini, oti Samarqandga uyqash bo‘lganligidan ich-ichdan faxrlanadi. Hayajonning zo‘ridan ichidagi gapning hammasini hammaga aytib qo‘yay, aytib qo‘yay deydi. Shoshganidan ikki qo‘lini og‘ziga qo‘yib yashirgan bo‘ladi. Roppa-rosa ming yil oldin, Ibrohim Tamg‘axon otliq poshsho zamonida poshsho hisobidan el uchun bepul ochilgan shifoxona o‘rnini oyoq uchida bosib o‘tadi. O‘shandagi Ark darvozasiga Samarqandning atoqli o‘g‘ri-qaroqchilari, “Biz qamishga o‘xshaymiz, qancha ko‘p qirqsalar shuncha ko‘p o‘samiz”, deb yozib ketganlarini, unga javoban Tamg‘axon, “Men bu yerning bog‘boniman! Sizlar qancha o‘ssangizlar, men shunchalik ko‘p yulaman”, degan yoziqlarni yelkasida ko‘tarib turgan o‘rinlarniyam tusmollaydi. Har safardagidek, Ulug‘ Said oyog‘i uchidan joy tegishidan umidvor bo‘lgan Sultoni a’zam, Xoqoni akram, Sohibi Qiron Katta Ota sag‘anasi, xotira toshi, otatoshi, mohtobidagi yurak tomiri suratliq yoziqlarni, otaso‘zlarni yod bilsa-da, pichirlabgina qayta o‘qiydi. Yoziqlar azaldagidek, bir chiziq o‘zgarmay joy-joyida turganiga shukronalik keltiradi. Qudratiga yana bir marta tan beradi. Ulug‘ligiga, yagonaligiga guvohlik beradi. Bir-biriga o‘ngdan chapga qo‘l berishgan, hamfikr, hamxayol, hamo‘y, hamtaqdir qo‘l ushlashgan yoziqlar ortidan pichirlabgina ergashgan ko‘ziga ko‘ksidagi tovushlar ovoz chiqarib qo‘shilishadi. “…yo, Rabbiy, sen mendan bo‘lak bandani toparsan, men esam qilgan gunohlaru ayblarimni afv qiladigan sendan boshqa Egamni topa olmayman. Ey, G‘afur, ey, Rahim, ey, Karim. Mening gunohlarimni o‘z karaming ila kechirgin…”
Har biri, “Abul Muzaffar val Mansur Amir Temur Muhammad Bahodirxon so‘zim!” deb boshlanib, “…hukmi oliy bitildi”, deb tugatiladigan, bodom nusxa muhr bosiladigan Yorliqlarni manziliga yetkazish uchun shamolga qo‘shilib ko‘tarib chopgan davrlarni eslarkan, boshidan shunday kunlar ham o‘tganidan quvonganidan esi og‘ib qolishiga sal qoladi.
Oqyo‘lning ko‘zi yo‘l ko‘rgani bilan yelkasi yengil tortadi. Otatoshga uzoqdan bo‘lsa-da, peshonasini surtgan, bir boshni atagan bo‘ladi.
Xayolida Bobur bahodir faslining ustidan buyurgan, qadam urdirgan, o‘n ming olti yuz qadam chiqqan qo‘rg‘on devorlarini, ko‘k orzumand bo‘lgan Ko‘ksaroyni, Oqsaroyni, davlatchilik o‘y-xayoli butkul esidan chiqsin, bolalari otaqo‘rg‘onini qidirib ham topolmasin deb tag-tugi bilan portlatib tashlangan qo‘rg‘on devorlarini tiklaydi. Har bir darvozasi, har bir burji, devorning har bir qarichini, har bir changal loyda qolgan qo‘l izlariniyam. Ko‘zyoshlariniyam. Qon izlariniyam. Allalar yashiringan tokchalarniyam.
Xayolida Tangrining inoyati yetib bahodirligi tutgan, dimog‘i dog‘ vaqtlarda, “Ming qarg‘aga bir kesak yetarli” demoqni yoqtiradigan Temurbek ibn Bahodirning yuz ko‘rinishini, chehrasini ko‘rgilari keladi. Diydor qiyomatga qolganini bilsayam. O‘ttiz minglik qo‘shinini samarqandliklar, turonliklar noniga semirtirib yotgan mo‘g‘ul xonidan elni orini olish, ozod qilish o‘y-xayoli uchun quvg‘inga uchragan, iziga odam qo‘yilgan, qochqinlik yillarida Samarqandda egachisi Qutlug‘ Turkon og‘a uyida qirq sakkiz kun yashirinib yurgan joyning tuprog‘idan bir chimdim olib, o‘ng qoshining ustiga qo‘yadi. Alamini kitobdan, Temurbekning o‘z og‘zidan yozilgan, yetti iqlim sultonining o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, birga bir dasturxondan non yegan, qadim davlatlarning atoqli elchilari o‘z qo‘llari bilan yozgan kitoblarni o‘qishdan oladi.
…Bu yerning hamma narsasi zo‘r, nonlari, may ichimligi, go‘shti, mevalari, qushlari bunga misol. Samarqandning qo‘ylari semiz va katta bo‘lishiga qaramay, narxi juda ham arzon. Sohibqiron o‘z qo‘shini bilan shaharda bo‘lgan vaqtlarda, bir juft qo‘yning narxi bir dukat turardi. Boshqa narsalar ham arzon. Bu yerda nondan arzon narsa yo‘q… Samarqand shahrida qonun juda kuchli…
…Ma vara’da an-nahr – daryo ortidagi yerlar shaharlarida qurilgan haddan chiroyli sanoqsiz saroylar, machit-madrasalar, karvonsaroy-yu xilxonalar, bozoru-hammomgacha har birining loyihasini Janob shaxsan o‘zi ko‘rib chiqib tasdiqlar, didiga, ko‘ngliga o‘tirmasa qayta tuzattirar…
…Bu qurilish bitgandan so‘ng, Samarqand shahri haqida ko‘p qayg‘urgan Sohibqiron yangi qurilishni boshlab yubordi… Samarqand – o‘ta boy shahar. Shaharda savdo-sotiq qilish uchun qulaylik bo‘lmagani sababli Janob shahardan katta ko‘cha o‘tkazish va uning ikki tarafiga do‘konlar qurishni buyurdi. Ko‘chaning boshi shaharning bu chetida bo‘lib, oxiri uning narigi tarafidadur. Ko‘chani juda keng qilib qurdilar, uning ikki tarafiga esa do‘konlar va oldiga oq marmar bilan qoplangan oliy o‘rindiqlar bino qildilar. Ko‘chaning tepasini esa tom bilan berkitib, unga yorug‘ tushmasligi uchun tuynuklar o‘rnatdilar. Yigirma kun deganda, shuncha katta ish amalga oshirildiki, bunga hayron qolasan kishi…
O‘sha ko‘chaning bir cheti o‘ziga tegib ketgani, o‘shanday kunlarni ko‘rganini, birovga aytsa, baribir ishonishmaydi.
Esini yo‘qotmasdan oldingi oxirgi borganida malikalar, shahzodalar va shahar ayonlarining xotinlari Muhammad Sulton Mirzo xonaqosida ko‘k kiyib, sochlarini yoyib, yuzlarini yulib qonatib, qorakuya surtib, dod-faryodlar solib aza ochgan ta’ziya marosimi ustidan chiqqanini es-es eslaydi.
Bir narsasini yo‘qotganday, nima yo‘qotganini o‘ziyam bilmaydigan, yo‘qotganini qidirgan, jalanglagan Oy bo‘ladi. Qimirlagan qora tanishday tuyulib orqasidan ergashadi… Jovdiragandan Oy jovdiraydi. Jovdiragan Oy bo‘ladi. Oq yo‘ldan engan bilan teppa-teng parillab jo‘naydi. Yursa yuradi, to‘xtasa to‘xtaydi… O‘rlagan bilan izma-iz o‘rlaydi…

KIMGA JAR, KIMGA KO‘ChA

Jarko‘cha yozda kechasi bilan guppillab kulcha urib chiqqan, magazinning uniday mayin bo‘lib ketgan tuproqdagi ilonlarning izlariga qo‘shilib uyg‘onsa, qishda nav­batga chiqib, chakana boqadigan, elning moliga bir kun bo‘lsayam xo‘jayindek egalik qiladigan kunlik navbatchi cho‘ponlarning ovozidan uyqusi qochadi. Shu vaqtgacha eshitgan ovozlarining ichida eng yaxshi ko‘rgani muazzinning ovozi edi. Ko‘p yillar bo‘lgan eshitmaydi. Eshitmagandan keyin esdan ham chiqib ketarkan. Endi unday odamning o‘ziyam yo‘q. Azon aytganda yig‘iladigan ham. Mardonning aytishicha, haromning daryosi toshgan, otdan eshak o‘zgan, paytava sallalikka o‘tgan, el egasiz, to‘qim ko‘rmaganlar no‘xtasini uzib o‘z-o‘ziga jabduq urgan, o‘zicha jilovni ushlagan qaro bosgan, Xudo qisgan, qarg‘ish urgan, kunlarda azon aytarniyam, eshitganda yig‘ilarniyam tuxumiga qirg‘in kelgan. Odamlar kun botishidan yurak oldirib qo‘ygan. Pichoqqa ilinadigan borki terib ketilgan. Na darak, na bedarak. Bilsa osmondagi oy, ko‘rgan bo‘lsa Oyqordagi oy ko‘rgan deyishadi, yarim kesatiq, yarim tirsiq qilib. To‘rt ko‘chaning boshidagi machit ham egasi bedarak ketgan, so‘rovchisi yo‘q, orqasi uzilgan suvsiydikni uyiday huvullagan, qolgan. Rangida rang yo‘q. Devorlarini ming bir pushaymondagi yomg‘ir yuvadi. Yonidan o‘tgan, salgina o‘rnashgan, o‘rmalashganlar kechasi yo‘qolib, yo‘qolmagani ham kunduzi kappasini topolmay qolganidan odamlar machitdan ham bezor bo‘larkan. Zulm bilan hazillashmaydilar.
Bir vaqtlar Jarko‘cha Oyqortog‘dan tushib kelib, machit yonidagi Sharrakning bo‘yida to‘rtga bo‘linardi. Shu joyni To‘rko‘cha deyishardi. To‘rt ko‘cha degani. To‘g‘riga ketsa qishloqdan mozoratni oralab O‘smat qa’lasiga, Temurbekka og‘ir kunida – Samarqandda turish xatar, Toshkent yov qo‘lida bo‘lgan kunlarda boshpana bo‘lgan Qo‘rg‘ontepaga, oradan ancha o‘tib Oyqorni qori necha bor oqarib, necha bor ko‘karib, necha bor tuproq bosib, elni qaro bosib yaxshidan yomonni, do‘stdan dushmanni ajratolmay qolganda, qarg‘ish, uvol urganda yoshni yosh, qarini qari demay, yurimiga yurmaganni, hushiga yoqmaganni, xat-savodi borni dushman sanab, Oq poshshoga qo‘l qo‘targan o‘g‘lingni, bolangni, eringni topib berasan degancha teppa-teng tig‘dan o‘tkazgan Nekalay bosqinida tag-tugi bilan vayron qilingan, bir elning yoppa mozoriday to‘mpayib turgan Qo‘rg‘ontepaga yonishadi. Dilida boshqa, tilida ayri, yurakda boshqa, tilakda bo‘lak, ochiyam bir balo, to‘qiyam bir balo, janjaldan maza topadigan Oqposhshodan o‘shanda ko‘ngli qaytgan. O‘rniga o‘rin deganday qo‘lidan buzg‘unchilikdan boshqa narsa kelmaydigan askar, sotta o‘g‘ri, dordan qochgan olim va cho‘chqaxona ustidagi kappasidan sudrab tushilgan, o‘rmondagi yerto‘lasidan ushlab olingan, och-yalang‘och holiga topganini aroqqa almashib erkak-ayol teppa-teng tortadiganlarga, surgunga yo‘liqqanlarga, onasining tojidagi qimmat toshni o‘ynashiga o‘g‘irlab bergan o‘g‘ri o‘g‘lini bosh qilib qo‘shib jo‘natgan Oqposhshodan o‘shanda ko‘ngli qolgan. Suvga suyanib, Oqposhshoga ishonib bo‘lmas, degan gaplar o‘shanda aytilgan deyishadi. To‘rtko‘chadan chapga ensa Sangloqqa tushgan, el Saynoq deydi, o‘ngga jardan o‘tgan Dunyotepaga o‘rlagan.
O‘smatga bo‘ynida qo‘l charxi osig‘liq mehmon yalg‘iz kirib kelgan kun ham esida. Xuddi eskida Shoh Mashrab Namangandan Keshga o‘tarda yolg‘iz kirib kelganidek. To‘g‘ri machitga tushgan. Bir-ikki kun suv isitgan. Atrofini tozalagan. Ayvondagi bir-birini chotiga boshini tiqib turgan eshaklarni haydab tushirib, jar-jurdan shox-pox topib, ayvon ustunlariga bog‘lab, mol chiqmaydigan chappar qilgan. Tamom. Shu ish qilmish topilgan. Qidirmishga tortilgan. Sudra-sudra boshlangan. Otsang ot, ossang os degandaymi, bunday yashagandan ko‘ra o‘lgan yaxshi degandaymi, yeganni og‘ziga qarab toziyam kun o‘tkazadi degandaymi, men odamman degandaymi, har qalay og‘iz ochmay, mijja qoqmay qarab turavergan. So‘roq-savol tafti sal sovigandan keyin bitta yarimta tish qoqqan o‘rtaga tushib, mehmonni soqovga, gungga chiqarib, kamiga kelishib, yetmaganiga rozi qilib, o‘rtadan olib chiqishgan. O‘rtada machitning ayvoniga eshak chiqolmasligi foydaga qolgan deyishadi.
Jarko‘cha kimga jar, kimga ko‘cha.
– Hammayam fe’liga yarasha yo‘l topadi. Birovni besabab bir tarsaki urib, haqini yeb jardan yurgandan ko‘ra, bir tarsaki yeb, och nahor katta ko‘chadan yurgan ma’qul, – deydilar Enam urchuqlariga, urchuqning girillab aylanishidan tovlanib, pishib beliga o‘ralib borayotgan ipidan ko‘z uzmay. Men bunaqa gaplarni tushunmayman, lekin menga aytilayotganini ilg‘ayman. Qulog‘i o‘rgansin deb aytayaptilar. Shuning uchun yozib qo‘yaveraman. Kattarganimda Enamdan so‘rab olaman. Men katta bo‘lganda Enam yuzdan oshgan bo‘ladilar. Ichimdagi jo‘ram hozir so‘ra, hozir so‘ra deyaptiyu, Enamning xayoli yosh bolalar bunday narsalarni so‘ramaydi, uyat, deganday bo‘layapti-da. Shuning uchun so‘rolmayapman. Jarko‘cha menga jo‘raday bo‘lib qolgan. Undan nimani so‘rasam bo‘laveradi. Men jo‘ralarimni Jarko‘chada topganman. Nafas, Yofas, Lapas, Lolobek, Gulbek. Esonni Yason, Bo‘ronni Borya, Qurolni Kolya deb chaqirganimizni eshitib qolgan qishloqning tentagi Mardon hammamizni hangisi bilan bir qator qilib qo‘yib adabimizni bergan. Birdaniga go‘ri-qiyomatdan olgan. Azonu janozadan kelgan. Hurrani uchirgan. Shundan buyon hammani azon aytilgan oti bilan chaqiramiz. Aniq nima deb urishganini aytsam uyat bo‘ladi. Judayam uyat bo‘ladi. Jo‘ralar bilan topgan tolchiviq, topmagan enasini tandir ko‘sovini ot qilib, chotini kuyaga bulab ko‘cha changitadi. Jarko‘cha orqadan changib ergashganicha qoladi. Ko‘chada birov bolaligini, birov bolasini, birov o‘zini, birov molini yo‘qotganmish. Birovlar topganmish. Birovlar, qanday kelgan bo‘lsa shunday o‘tib ketganmish. Bunaqa gaplar faqat Mardonning xayolida bo‘ladi. To‘g‘risi, Mardonning xayolidan o‘tganday-u, men ilg‘agandayman. Nimagadir shunday. Bu gaplarniyam yozib qo‘yaveray. O‘zi endi uchinchi sinfga o‘tdim. Endigina yetmish bitta besh oldim. Odamlar tushunmagan gaplariniyam gapiradi-ku. Bu gapni aniq Mardondan eshitganman. Uning aytishicha, yaqinda zog‘ora nonga qorni to‘yganiga dimog‘i chog‘, palakat urush yetaklab kelgan qahatchiligida aka-uka, opa-singillari pishmagan chirishni tomirini yeb qorni xishib uzilishgandan qolgan avlod, inson nomiga sodiq qolgancha, kechagi kunini unutib, biri-birin yegudek bo‘lib non tanlashiga qoni qaynarmish. U kunlarni ko‘rgan Oyqorning qorlari hali erib ketmaganmish. O‘shanda, qishloq magazini oldida Saratovning uni tarqatilayotganda oyoqda zo‘rg‘a turgan, o‘zicha magazinchiga pirchalik, elga o‘tag‘olik qilayotgan, oyda bir magazinchini, yo magazinchini yordamchisi, yo biror stol egasini ustidan yozmasa ko‘ngli joyiga tushmaydigan, yana hech narsa ko‘rmaganday o‘zidan o‘zi ko‘zi o‘lgan qo‘yni ko‘ziday gezarib, kallani qiyshaytirib kelib, tekinga quyib bersa ichib, bo‘zarib turaveradigan o‘ris tili muallimiga: “…O‘v, bulg‘omishiy, o‘zing tushunmaydigan gapni nima qilasan gapirib! Satqai mallimchilik! Sanga o‘zi tayoq ham xayf! Qavatingda yurgan molgayam cho‘chqa kasali yuqtirasan! Balalarni sanga ishonganniyam, sani o‘qitganniyam padariga nag‘lat, ko‘tar to‘qimingni!” degan. Muallimni nag‘masidan ko‘pning og‘zi ko‘p kuyganidan odamlar tosh otilgan chumchuq galasiday har yoqqa tarqab ketgan. Gapning boshini eshitmaganman. Mardon cho‘chqa kasali deb aroq ichishni aytadi. Mardonni aytishicha inson arabcha so‘z. Ma’nosi, tarjimasi “unutuvchi” degani emish. Enamdan so‘rashga uyalaman. Kitob qarashim kerak. Lekin oy hammasini bilsa kerak.
Bir narsasini yo‘qotganday, nima yo‘qotganini o‘ziyam bilmaydigan, yo‘qotganini qidirgan, jalanglagan Oy bo‘ladi. Qimirlagan qora tanishday tuyulib orqasidan ergashadi… Jovdiragandan Oy jovdiraydi. Jovdiragan Oy bo‘ladi. Oq yo‘ldan engan bilan teppa-teng parillab jo‘naydi. Yursa yuradi, to‘xtasa to‘xtaydi, o‘rlagan bilan o‘rlaydi…

YO‘L-YO‘LAKAY

Kech kuzning zaharday sovuq, turushdan turush havosi olako‘sov qirov bosgan tongidan yelkasi tirishibgina uyg‘ongan qishloqni aytuvchining do‘rillagan ovozi bosadi:
– Do‘mnikiga…
O‘ziga o‘zi g‘o‘ng‘illab, har zamonda dardini zaxga to‘sh berib yotgan To‘rtko‘zga aytib, kechki sabzi jo‘yagiga andarmon, Davlatmurod cho‘chib tushdi. Avval a’zoyi badani seskanib, keyin dir-dir uchib, aytuvga quloq tutdi.
– Do‘mnikiga savobi janozaga…
O‘tira solib shoshgancha, hishtarovlagancha kalima qaytargan bo‘ldi. Xuddi o‘sha bolaliklarida Ilmisdan qo‘rqib kalima qaytarganlaridek, tizzalab o‘tirib, kalima qaytardi. Shu asno o‘g‘ri xayollari ming bir joyga ketib, ich-ichdan xursand ham bo‘ldi. Xursandchilik nimaligini unutgan yuziga sovuqdan sovuq, beo‘xshov tabassum yugurdi. Yuzi achigandan-achidi.
– Kulish ham hammaga yarashavermas ekan, – dedi xuddi og‘zi bir boshqa, ko‘zi bir boshqa ishshaygan holida beo‘xshov, beso‘naqay qotib qolgan yuzini oynada ko‘rgandek o‘z-o‘ziga. Sal o‘tmay: “Beayb Parvardigor, o‘zing kechir”, degancha yaktagining yoqasini ko‘tarib tuf-tuflagan, kapgirday bo‘lib qolgan ketmoni betini bir tumam xas bilan tozalagan bo‘ldi. Yirtiq maxsi-kalishi avval oyoq ostida o‘ralashgan To‘rtko‘zning belidan, keyin, erganak ostonasini hatlab Jarko‘chaning tuprog‘iga botgancha yo‘lga tushdi. Yo‘liga shoxdan shoxlarga osilib turaverib isliqqan, qaro bosgan mezon arqonlari dor osib chiqadi. Boshing ko‘zing demay jappa yopishadi. Katta bir tutami bo‘yniga zunnor soladi. Og‘zi-burniga kelib urilganlarini tozalagan bo‘ladi. Tuflagandan qolgan, ajralmaganlarini nima qilarini bilmagandan, birov ko‘rmasin deganday yamlab qo‘yaqoladi.
Yo‘l-yo‘lakay Elmurod bilan o‘tgan kunlarni esladi.
O‘shanda Turkqishloq nari-beri yigirma chog‘li ro‘zg‘ordan iborat edi. Keyin Barlos, Kaltatoy, Irg‘aychi, Kenagas, Ko‘rpa, Ravot, Yumoloqbosh, Uyas, Elomon, O‘ray to‘plar kelib qo‘shilgan, deyishadi. Elmurodlarning uyi Sepkisoyning yuqori burilishida joylashgan. Davlatmurodlarniki esa pastroqda, Musulmonqulining tegirmoni yoni, Sepkisoyning Kattasoyga qo‘shilishida edi. Tizza baravar toshlarni yarmi yerga botib, yarmi tuproqdan chiqib, egat olib, urug‘ sepilganday ko‘ringani uchun shunday atashgan.
Ularning bolaligi oxirgi urushdan oldingi katta ocharchilik yillariga to‘g‘ri kelgan. Odamlarni qorni endi-endi qavzanganiga xursand kunlar edi. To‘yib yeyish faqat tushda ko‘rilgan. “Qimmatchilik bo‘lsa bo‘lsin, qahatchilik bo‘lmasin”, “Non – payg‘ambar, osh – avliyo” degan gaplar o‘sha vaqtlarniki deyishadi. Qilar ishlari elning ishongan tog‘lari – yolg‘iz sog‘in qo‘yi, o‘zini san tuyog‘ini siz deydigan sog‘in echkilarini toqqa bir aylantirib kelish, kuch yetgancha o‘tin terish bo‘lgan. Tog‘ dordan qochganga to‘la, qishloq chollar, kampirlar, ayollar, o‘spirinlarga qolganidan qo‘riydigani yo‘q. Sog‘in sigirlar kunduzi ayvonda, kechasi uyni to‘riga chiqqan deyishadi. Onalarining aytishicha, Elmurod qovun palaklariga chumchuq soyalaydigan paytda, Davlatmurod esa qovunning oldi bozorga chiqqanda tug‘ilgan ekan. Qiyomatli jo‘ra bo‘lishsin deb otlarini atayin qovush, uyqash qo‘yishgan.
Davlatmurod anchayin qaysar, nohaq bo‘lsa-da, aytganida turadiganlardan edi. Yiqilgan yonini bermasligi uchun “O‘r davlat” deyishardi. “Biroz qo‘rqoqligingni aytmasa, sendan jo‘ra chiqadi”, degan Elmurod o‘sha vaqtlar qo‘y boqarda kunning kechiga qolib, eshakka Davlatmurodni mindirib, o‘zi piyoda qolgan paytlar.
O‘sha kun Elmurod zamzama qilgancha Ko‘ktosh supasida, Davlatmurod sal pastroqda o‘tin terishayotgandi.

Do‘stlik o‘zi bir chiroq,
Sinsa aslo tuzalmas,
Do‘stligimiz chin bo‘lsa,
Uni dushman buzolmas.

Qo‘shiq joyida uzildi. Davlatmurod jo‘rasining ovozi tomog‘iga tiqilib qolganini sezdi. G‘ippa buqqandek. Tim-tirs tinchlik vahimasidan seskandi. Boshini ko‘tarib jo‘rasiga qaradi. Elmurod serraygancha qotib qolgandi. Undan o‘n besh qadamcha narida oppoq, uzundan-uzun etaklari shamolda hilpirab turgan Ilmis tovlanardi. Sochining yarmi na qora, na oq, yarmi na qizil, na sariq bo‘lib ko‘ylakka ulangan, ko‘ylakning uchi-keti ko‘rinmas, havoga qo‘shilib ketganday. Yuzi bormidi-yo‘qmidi, eslolmaydi. Lekin Ilmis juda chiroyliligini bilishgan. Davlatmurod dovdiragancha avval pastga yugurdi, keyin yuqoriga chopdi. Bir balo qilib jo‘rasini izlab topdi va uning orqasiga yashirindi. Qaltiragancha nimalardir deb g‘o‘ldirardi. O‘shanda ikkoviniyam qulog‘i g‘ippa bitgan, ko‘rayotganlari tushdagiday bo‘lgan. Og‘izlar ochilib yopilgani bilan birini ovozi biroviga eshitilmagandi. Ulardan teparoqda katta archaning ayri shoxlariga bamaylixotir joylashgan, o‘z-o‘zi bilan band Ilmis goh qizaloq, goh bo‘z bola, goh yigit, goh qarsillagan bo‘y qiz, goh kampir tusiga kirardi. Kelinchak tusiga kirganida atrofida qiz qirg‘in. Qo‘llarida toshoyna. Qirq oyna qir tarafdan Ilmisga qaragan. Qirqida qirq turli surat ko‘rinadi. Biri qush, biri quzg‘un, biri hur, bir ko‘r deganday. Ko‘ringani qaragancha bo‘lmaydi. Ilmis bir maydon tovlanib turgach, ko‘zdan yo‘qoldi. Qiz-qirg‘ingayam qirg‘in keldi. Qirchilganday bo‘ldi. Osmonga uchdimi, yerga kirdimi – ikkisi ham anglamadi. Biroq, Ilmis qo‘ngan archami yo o‘sha atrof joydagi shoxlar qarsillab ketgan, ikki archa o‘z-o‘zidan qad rostlaganday ko‘ringan, yukini bir chap, bir o‘ng oyog‘iga olgan baqoloq odamday lapanglab ham qo‘yishganday bo‘lgach, Elmurod yerga o‘tirdi. Qayta turishga kuch topolmadi. Davlatmurod bo‘lsa, tizzalab o‘tirgancha boshini ko‘tarmay, yerga qaragancha, qaltiragan, dirdiragan ovozda tinmay kalima qaytarardi. Oradan sal o‘tmay, ikkalasiniyam qulog‘i shang‘illab ochilib ketgan, yiqqan o‘tinlariniyam joy-joyiga tashlab, jonholatda bir-biridan o‘tariga pastga – qo‘ylar o‘tlab yurgan joyga qarab yugurishgan. Qishloqqa qaytishgach, Davlatmurod onasini ko‘rib yig‘lab yuborgandi. Shunda Elmurod unga qo‘rqoq nomini qo‘ygan. Keyinchalik ham bir marta “qo‘rqoqsan” degan. Yaxshilab o‘shqirgan ham. Buning ustiga: “Sendan nafratlanaman, ilojini topsam otardim! Ko‘zimga ko‘rinmagin, mani jo‘ra demagin, jo‘ra”, degan.
Davlatmurod o‘shandan buyon ilkisdan sinib tushgan shoxlar yoki shamoldan qarsillab sinayotgan dov-daraxtlarni ko‘rsa, eshitsa, yuragi o‘z-o‘zidan shuvullaydigan, boshi o‘ylashdan to‘xtab qoladigan bo‘ldi.
Davlatmurod otasidan o‘n to‘rt yoshida qolgan, onasining tuqqani ham, turgani ham bitta edi. Urush boshlanganida o‘n to‘qqizni bosgandi. Stalin stolbadagi radiodan gapirgan kunning ertasiga qo‘shni qishloqlik Sanam satang degan uch er ko‘rgan, o‘zidan o‘n ikki yosh katta xotinga uylandi. U bir qiz – ergashtirmasi bilan Davlatmurodnikiga tushdi-yu, ravish topdi. Eski o‘ynashlar, erlik xotinning ortidan uyalmay-netmay keladiganlarning betiga qaytib qaramadi. Ro‘zg‘orini mahkam ushladi. Oradan besh-olti yil o‘tib, yana bir qiz ko‘rdi. Davlatmurodning ko‘z ochib ko‘rgan farzandi shu bo‘ldi. Yakkadan-yakka bo‘ldi. Davlatmurod ko‘p kuyinmadi. Urug‘i o‘zi shunday. Yakkaotar.
Qiz tengini topib ketganiga ancha bo‘lgan. Sanam ham yoshini yashadi. Satang oti Sanam otin bo‘ldi. Obro‘ topdi. Xotin-xalajlar o‘tkazadigan mavludlarga bosh bo‘ldi. Izzat bilan ko‘z yumdi. “Dunyo – bilgich emas, buzguch ekan”, – xotinining jon chiqarda degani shu bo‘ldi. Beraman desa ham, olaman desa ham bir nafaslik ekan. Bir puf ekan. Ilg‘agani borki Oyga qaraydi. So‘zsiz, mo‘ltillabgina Oyga zorlanadi.
Bir narsasini yo‘qotganday, nima yo‘qotganini o‘ziyam bilmaydigan, yo‘qotganini qidirgan, jalanglagan Oy bo‘ladi. Qimirlagan qora tanishday tuyulib orqasidan ergashadi… Jovdiragandan Oy jovdiraydi. Jovdiragan Oy bo‘ladi. Oq yo‘ldan engan bilan teppa-teng parillab jo‘naydi. Yursa yuradi, to‘xtasa to‘xtaydi, o‘rlagan bilan o‘rlaydi…

NAFAQA YO‘LIDA

Necha yildirki, chol yolg‘iz. Kattalar o‘rmon qorovulligini bekor qilganidan buyon esa ishsiz. Boqqan jonvorini so‘yib yeyishni tabiati ko‘tarmaydi. Shuning uchun tuyoq boqmaydi. Yakkaqo‘l dehqonchilik qiladi. Xotini borida u-bu narsa orttirgandi, xotini ketgach, uydan baraka ham ko‘tarildi. Bir vaqtlar oxiratni yo‘liga deb yiqqanlarini ham yeb-ichib bo‘ldi-yu, jon chiqay demaydi. Davlat nafaqasi unga nasib etmagan. O‘shanda tengqurlariga qo‘shilib hujjatlarini raysabezga olib borgandi, igna yutgan itdek oriq bir yigit, “Boboy, yoshingiz yetmaydi, biroz kutasiz…” desa bo‘ladimi?
Chol yigitning mensimaygina, tagdorgina qilib “boboy” deganiga ko‘ngli sal g‘ashiqqan bo‘lsa-da, toshni yoraman degan kesakday or-nomusi, o‘rinsiz dovu daskasi yig‘rilib kelgandayam ish bermay angrayib qoldi. Talmovsiragancha tiliga kelgan gapdan o‘ziyam xursand bo‘lib ketdi.
– Tengqurlarimga berilayapti-ku…
Yigit yelka qisdi. O‘g‘ri-to‘g‘ri chollar bilan gaplashaverib soddaligu shumlikda ulardan ham o‘tib ketgan yigit so‘radi:
– Urushga borgan qog‘ozingiz bormi?
Javob bo‘lavermagach, tagdor qilib g‘o‘ldirab qo‘ydi:
– Biz bilmaymiz, otaxon, o‘zingizdan so‘rang. Keyin yana qo‘shib qo‘ydi: – Yoshingizni to‘g‘irlab keling, ko‘ramiz. Yoshni selsovet aytadi…
O‘rning betiga qon yurishdi. Jo‘rasi bilan bitadigan ish ekan-ku. Shunga shuncha ota go‘ri qozixonami?
Yigitga, xuddi qishloq magazinidan narsa olib puli yetmay uyatga qolgan odamdek, ertaga hujjatlarni tayyorlab kelaman, – dediyu ko‘chaga, behol, bejon chiqdi. Yo‘l ustidaligi uchun to‘g‘ri Do‘mning idorasiga kirdi.
Do‘mning avzoyi buzuq edi. Davlatmurod bilmaganga oldi. Uch kundirki, Do‘mning sog‘lig‘i yomon, protez kiyadigan oyog‘i qaqshab qattiq og‘rirdi. Havoga bulut chiqqan kunlar Do‘mga og‘ir bo‘ladi. Biroq hech kimga bildirmas, dardni faqat tishlari orasidan sirg‘alib chiqayotgan gapining ohangidan bilsa bo‘lardi.
Do‘m jo‘rasini sovuq qarshi oldi.
– Kel, xizmat? Qaysi shamol uchirdi? O‘ziyam birinchi bor kelishing, tinchlikmi?
Davlatmurod Do‘mning “birinchi bor” deganini o‘zicha anglab, ancha tetiklandi.
– Isparavka kerak ekan.
– Nima haqda?
– Shu, halol yoshim haqida…
Elmurodning ilkis qarashi, vajohatidan hayiqib davomini ayta olmadi. Tili aylanmadi. Shu gapni aytishga ulgurganiga, kuch topganiga ham rozi bo‘la qoldi.
Do‘m indamadi. Og‘ir xo‘rsindi. Derazadan tashqariga qarab ancha tek qotdi. Chap qo‘lining orqasi bilan og‘zini yashirib, chuqur damsar urdi. Keyin yorildi. Yuzlari qizarib, ko‘zlari qahr sochib, qo‘lini musht qilib dedi:
– Senda halol yosh bormi? Sen o‘zingni, yoshingni hali halol deb yuribsanmi? Sendan istaganchani kutardim-u, biroq bunisini kutganim yo‘q edi. Tengqurlaring urushga ketayotganda qanday qilib qatordan qolganingdan xabarim bor. O‘shanda yoshingni kichraytirish uchun ro‘zg‘orlaringdagi bittayu bitta sigirni olib borib berganding. O‘rningga Oyjamolning yoshi yetmagan norasida sag‘irini jo‘natganding. Endi yoshingni kattartirgani kelibsan. Halol yosh haqida qog‘oz kerak bo‘lib qoldimi? Yo sigirni kimga olib borganingni hech kim bilmaydi, deb o‘ylaysanmi? Bilganlar urushda o‘lib ketdi, deysanmi? Adashasan, og‘ayni! Kattasoy bilan Kattatog‘ o‘rtasidagi odam tugul, har bir it biladi buni! Sening halol yoshing yo‘q! Mening Davlatmurod jo‘ram qirq ikkinchi yil o‘lgan! Qadim jo‘rachilik haqi, meni ortiq gapirtirmay bu yerdan yo‘qol. Sendan nafratlanaman! Ilojini topsam, sen qo‘rqoqni, palidni peshonangdan otardim. Tirik ekanman, qo‘lim bilan elning nonini, oshu halolini og‘zingga solib qo‘ymayman. Sening hozirgi yupunliging, yalang‘ochliging ko‘nglimni zarracha yupata olmaydi, degancha o‘ng qo‘li bilan ko‘ksini gursillatib qayta-qayta urgan, urgan vaqtida bir narsa bo‘ldi chog‘i gapi ichiga tushib ketgan, nafasini o‘nglagach, yana o‘sha g‘azabda qisqaroq qilgandi.
– Birovni hisobidan bo‘ladigan mehribonchilikni, bo‘lari-asliyati o‘zidan ojizning ko‘zidan yoshini oqizib, tiriklay ko‘mish bo‘lgan tirikchilikni, urushdan qaytmagan o‘ttiz bir tengqur bilan ko‘mib kelganman!
Do‘m shunday dedi-yu, hassasini polga qarsillatib urdi. Hassa cho‘rt ikkiga bo‘lindi. Deraza oldidan ortiga qaytarkan, yurishga qiynalib uzundan uzun stolni bir chetini ushlagan bo‘ldi. Stol nochiz, ojiz ekan yuk tushganidan beo‘xshov g‘iqillab, qiyshaya boshladi.
Keyin qo‘shib qo‘ydi:
– Senga o‘xshaganlar bizda bir tavoqlik. Mening bolalik jo‘rachiligi xotiramni harom qilma!
O‘r bir ko‘nglida jo‘rasini yurishiga, joyiga o‘tirishiga yordam bermoqchi bo‘ldi-yu, yana o‘rligi qo‘zidimi, yo jo‘rasining yanayam battar achchig‘i chiqishidan hayiqdimi, ishqilib stolni o‘zi turgan joydan turib ushlagan, suyagan bo‘ldi. Uzundan-uzun stolning bir boshida bir qo‘li bilan stolni ushlagan Do‘m, bu boshida stolni bir qo‘li bilan ushlagan O‘r. Orada sovuqdan sovuq jimlik. Biri ilojsizlikdan paypaslab, biri xijolatu hamiyatdan ushlaganlari har ikkisiga o‘tib bo‘lmas devorday, daxmazaday sovuqdan sovuq ko‘rinadi.
Davlatmurod sho‘rvasi qo‘yniga to‘kilib, tashqariga chiqdi. Karaxt edi. Do‘mni bemehr deb sanasa-da, bu qadar deb o‘ylamagandi. Qirq yillik gapga shunchami? Ichida esa:
“Amal bitgan o‘zidan ketmasa-da”, deb qo‘ydi…
Bir narsasini yo‘qotganday, nima yo‘qotganini o‘ziyam bilmaydigan, yo‘qotganini qidirgan, jalanglagan Oy bo‘ladi. Qimirlagan qora tanishday tuyulib orqasidan ergashadi… Jovdiragandan Oy jovdiraydi. Jovdiragan Oy bo‘ladi. Oq yo‘ldan engan bilan teppa-teng parillab jo‘naydi. Yursa yuradi, to‘xtasa to‘xtaydi, o‘rlagan bilan o‘rlaydi…

TAVBA YO‘LINING TAShVIShI

Janozaga odam tuproq bo‘lib keldi.
Do‘m shu holidayam salobatli edi. Ko‘zlari yumilgan, lablari qimtilgan, ko‘zini bir pasga yumgancha, xuddi nima haqdadir o‘ylayotganga o‘xshar, tishi og‘rib jag‘ini ostidan oq ro‘mol o‘tkazib boylatgandek, hali-zamon bir oyog‘iga hassasini himo qilib o‘rnidan turib ishga otlanayotgandek.
Bek yurish bor, bek o‘lish yo‘q, deganlar xom aytibdi, chakki aytibdi, o‘tirik aytibdi, ko‘rmay aytibdi. Ming boy bir bek bo‘lmasligini anglamagan aytibdi. Do‘mning shu turishi ham bir bekcha bor edi. Oldiga kirib chiqayotganlardan ziyod edi.
Davlatmurod mayit oldiga el qatori kirib chiqdi.
Do‘mning qirqini o‘tishi cho‘zilgandan cho‘zildi. Davlatmurod hech qachon kunlarni bunchalik uzundan-uzun bo‘lishini o‘ylamagandi. Urushdan qochib-pisib yurgan to‘rt yili bir bo‘ldi-yu, Do‘mni qirqini kutish bir bo‘ldi. Ma’rakadan keyin ancha yil burun yiqqan hujjatlarini qo‘ltiqlab yo‘lga tushdi.
Qaytishda jo‘rasini ziyorat qilmoqchi bo‘ldi. Biroq, qabristonning, O‘smat ota­ning mol-hol oralamasin deb ilmoq tashlab qo‘yilgan g‘ovidan hatlashga kuch topolmadi. Nazarida g‘ovdan hatlasa, qaytib chiqolmaydigan, qolib ketadigandek. Avvaliga yosh bola bo‘yidek keladigan, issiq-sovuq, qor-yomg‘irdan to‘kilib borayotgan go‘riston devori ortidan bo‘ylab, keyin yorig‘idan mo‘ralagancha Do‘mning joyini tusmollab topdi, to‘g‘rayiga kelib cho‘kkaladi. Uzoqdan-uzoq duoi fotiha o‘qidi. Bir xayolda shu o‘tirishi o‘ziga yoqib qoldi. Turgisi kelmasada qo‘zg‘aldi. O‘rnidan turish barobarida vujudiga nimadir enganini his etdi. Shu narsa tirikligining barcha ko‘rguliklarini o‘z-o‘ziga aytmasa bo‘lmasligini, iqror bo‘lmasa boshqa ishlari kor etmasligini ta’na qilgandek bo‘ldi. Ko‘rinmasayam, xuddi odamday tana qilgan bo‘ldi. Ovozi tovushday eshitilmasayam, xayolining ich-ichida aks sado berdi. Ilg‘agani sayin yengil torta boshladi. Ko‘zlariga guvullab nam keldi. Qaltiragan barmoqlari bilan paypaslab ko‘rgandi, qaynoq hovurini sezdi. “Tavba!” dedi. Bir martagina aytgan tavbasi ich-ichida tog‘dan qaytgan sadoday qaytalayotganini ilg‘arkan, avvaliga seskandi, keyin sovuq ter bosdi. Ko‘ziga yosh, ko‘ksiga yig‘i berganidan, o‘zining chini bilan yig‘layotganidan o‘zi qo‘rqib, boshiga qo‘ngan holu ahvolni boshqara olmagancha, yo‘qotgan narsasini izini olgan dovulday uvvos tortib, uvvos solib, uvvos urib oyog‘i chalkashib, o‘ziga o‘zi poyintar-soyintar gap qo‘shib, o‘rlab jo‘nadi. Jarko‘chaning tuprog‘iga belanib, turtinib-surtinib, har qadamda yaktagi etagini bosgancha yiqilib, yana o‘rnidan turgancha, qishloqning yosh-yalangiga kulgi bo‘lgancha, g‘ayrat bilan tikka urib borardi. Mayrilgan tanasini yarmini o‘zi, yarmini shamol ko‘tarib ketayotgan O‘rning borishini ko‘rgan borki bir martaga seskandi. Bir martaga bo‘lsayam qo‘li yoqasiga bordi. O‘rning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmas, ovozida o‘ktam iqrorlik bor edi.
– Qiynalib ketdim, Do‘m. Yutarga qattiq nonim yo‘q. Qachon kech tushsa, qo‘shnilardan qaybiri yarim kosa yovg‘on berarkin, deb o‘g‘ri pishakday yo‘l poylayman, saharni bugun kim ma’raka qilarkan, deb kutaman. Odam ham shunday sharmanda bo‘ladimi? Bir umr ketmon ko‘tarib, cho‘lda paxtasi-yu, tog‘da ko‘chatxonasiga suv tarab erishganim shu bo‘ldi. Fe’lim tagimga suv quyib bo‘lgan ekan. Bilmabman. Uy-joyingni sot, deb kelishyapti. Bilasanmi, jo‘ra, uyimni nuqul qayerdagi qalang‘i-qasang‘i, mandan ham battarlar so‘rab kelishayapti. Shunaqasiyam bo‘ladimi? Xi, xi… Tirik bo‘lganingda hammasini aytib berardim. Otsang ham mayli edi. Yo‘q, dedim. O‘ligim o‘z uyimdan chiqsin, dedim. Olsa, Oyjamolning nevaralariga qoldiraman, olmasa keyin davlat biladi, dedim. To‘g‘ri qipmanmi, jo‘ra? Olmazorimniyam, boshqasiniyam. Haliyam rahmat shu odamlarga, yoqamdan olsalar ham haqlari ketardi. Ayniqsa, Oyjamolning avlodi. Tushlarimga Oyjamolning sag‘iri, qabrimni topib ber deb, kirgani-kirgan. Charchab ketdim, jo‘ra! Jonimni qaysi tosh ostiga bekitishni bilmayman, jo‘ra? …Mendan qachon yuz o‘girganini, qachon orqaga ketganini bilaman, jo‘ra! Yurakni choki salgina so‘tragan, so‘kilgan ignani ko‘zicha qaqramaguncha teshik ko‘rinmas ekan, jo‘ra! Eskilarni gapi eskirmas ekan, jo‘ra! Birov ekkan rayhondan beso‘rov bir quloq, barg uzib, bir hidlab-hidlamay ko‘chaga otganiyam, bir shoxini beso‘rov sindirib, quloqqa qo‘ndirganiyam hammasi hisobli ekan. Boshqasini qo‘yaver, jo‘ra! Yo‘qotadagan narsam qolmagan, o‘ziyam avvaldan bo‘lmaganga o‘xshaydi, jo‘ra! Borida, boringda bilmaganga o‘xshayman, jo‘ra! O‘rtaqirning cho‘nqayma toshlari ko‘zimga uch birday o‘g‘lini urushga yuborib, daragini yo‘qotgan, yo‘l qarab, sog‘inaverib esi og‘ib qolgan, o‘tgan-qaytgan samolyotlarni orqasidan qo‘l ko‘tarib yuguraverib charchagandan keyin, yoz-qish, issiq-sovuq demay, tuz totmay ikki tizzasida o‘tiradigan, yo‘l qaraydigan Oynigor kampirday ko‘rinaveradi, jo‘ra! Yuzlab kampirlarning tizzalab o‘tirishini ko‘rapsanmi, jo‘ra? Endi bu tirriqi nima qilarkan deb orqamdan qarab qolayotgandek tuyulaveradi, jo‘ra! Toshlar ham odamga qarar ekan, jo‘ra!
Jarko‘chaning marzalariga tomosha talabida tizilishganlar ko‘chaga bir yiqil­ganida peshonasini, bir toyinishida qansharini yorib, bir surunganda burnini qonatib, bir surilganda bor tishidan ham ayrilib, bor kasofati ikki kaftiga to‘kilganday, qonga botgan tishlariniyam ko‘rmayotgan, bir ho‘kizning qoniga qonlatilgan odamday, laxtaga to‘lgan og‘zidagi tili aylanib-aylanmay borayotgan, bir osmonga termilib, bir Oyqortog‘ning oy suratlig‘ qoriga niqtalib o‘z-o‘ziga sandirab, sandiraklab ketayotgan, enarida sap-sarig‘u, o‘rlarida ko‘m-ko‘k rang olgan soqoli jiqqa ho‘l bo‘lib, bosh-oyoq tuproqqa belangan, tuproqqa qo‘shilib, tuproq bilan birday, teng ketayotgan cholni ko‘rib birovi Turkariq tegirmonining devi uribdi dedi, birov tavba dedi… Birovlar yosh bolalarining ko‘zlarini kaftlari bilan ko‘rmasin degancha yashirdi… Ko‘zi O‘rning ko‘ziga tushganlarning mazasi qochib, holu ahvoli to‘g‘irlanib, turish-turmushi shalvirab joyida o‘tirib qoldi. Cho‘kkalaganlar ham bor. Shoshganni zo‘ridan jarning labi uchgan, ko‘chaning yelkasi ko‘chgan joylariyam bo‘ldi.
Bir narsasini yo‘qotganday, nima yo‘qotganini o‘ziyam bilmaydigan, yo‘qot­ganini qidirgan, jalanglagan Oy bo‘ladi. Qimirlagan qora tanishday tuyulib orqasidan ergashadi… Jovdiragandan Oy jovdiraydi. Jovdiragan Oy bo‘ladi. Oq yo‘ldan engan bilan teppa-teng parillab jo‘naydi. Yursa yuradi, to‘xtasa to‘xtaydi, o‘rlagan bilan o‘rlaydi…

YO‘L BOShIDA DOVUL URGAN DOVUL

Charaqlab, yayrab turgan havoning fe’li birdan aynidi. Puf deganni yarmicha bo‘lmay orqasi qo‘zidi. Zig‘irdagi Qora Abdol etagidagi Gulchambar otliq qishlovning qoq o‘rtasidan, no‘xotdagi yuz yillab ko‘ksini yerga berib yotgan joyi Qaroqchitog‘ bilan izma-iz ketgan Kampirdevorni soyasidan, toshqini tog‘dayi bir yelkasini Turkistonga bir yelkasini Nurotaga suyagan Temir Qapig‘ og‘zidan, g‘ayrati, haybati otni hurkitadigani Hayotboshining Osmonsoyidan ko‘tarilgan chang-to‘zon o‘rama ustun, quyun, dovul bo‘lib yer bilan ko‘k o‘rtasini bir-biriga bog‘ladi. To‘rt o‘rama ustun avvaliga quvlashmachoq o‘ynagandek biydek dala – Galaxirmonjoyni u boshidan, bu boshiga yuguruklashdi. Qorakesak, Yovemgandan chiqqanlar ham yetsa yetmasa orqadan o‘ralashdi. Bir marrasi Samarqand bo‘ldi, bir tomoni Sadr Vaqqos otani marqadi bo‘ldi. Birovi biroviga yetib olgan, quchoqlashgan, yosh boladay it­olish kurashda bir-birini yiqitgan joylariyam bo‘ldi. To‘palang qildi. To‘palang yasadi. To‘palangni katta qildi. To‘palangni qizitdi. To‘palangni begona qilmadi. Odamlar jinlar raqs tushayapti deyishgancha, xuddi bir narsani tushunadiganday, qaramasa bir narsadan quruq qolganday yuzlarini quyunlarga qaratdilar, burdilar. Quyun suron soldi. Salkam sur chalganday qildi. Dovul dovul qoqdi. O‘rama o‘rni o‘r, qirni qir demadi. O‘liginiyam, tiriginiyam ko‘zini ochirmadi. Kiprik qoqqancha bo‘lmay o‘ramalar kelishib olgandek, o‘zlarini baravariga Jarko‘chaga urdi. Jarko‘cha boshida bir tan, bir jon bo‘lib birlashdilar. Qizig‘i shunda bo‘ldi. Jarko‘cha bo‘ylab, yoqalab tizilgan uylarning tomi-yu, hovlidagi tog‘ara-yu, dordagi kirlarni yig‘ishtirib, hishirib ustuniga o‘rab oldi, ko‘tardi, ketdi. Ko‘chaning tit-pitonini chiqardi. Mochani hidini, mazasini endi-endi totib qolib, xumori tutib, arqonni uzib, lo‘killabgina yo‘lga tushganu, shamolning shovqinidan shoshib, ko‘chaning o‘rtasida turib qolgan eshakni azzot ko‘tarib, tos tevvasi bilan yerga urdi. Yaqinda sutdan chiqqan kurrani, eshak bolani ermakka oldiga solib quvib o‘ynadi. Ko‘zlaring shahlo, ko‘zlaring qaro ekan demadi. Mandan zo‘r it yo‘q, itni zo‘ri manman deganlarni yelkasi yelka joyida, dumi dum joyida qisilib in-iniga kirdi-ketdi. Damiyam chiqmadi. Sang‘ilar pana-pastqamga zor bo‘ldi. Topgan topgan teshigiga o‘zini urdi. Zo‘r kelgandan sichqonning inini ming tanga bo‘ldi. Daraxtman deganning ko‘ziga ko‘rsatdi. Teragini tolga, yong‘og‘ini tutga yopishtirdi. Dunyo maniki, osmonni suyab turibman degan, bir-biriga shox tirashgan shoxlarni cho‘rtta-cho‘rtta yulib oldi. Oyog‘ini yerga tikkizdirmay oldiga solib ko‘cha supurtirdi. Burnini yerga ishqab ko‘cha shipirtirdi. Cho‘kirtakka aylanguncha ketini yer iskatmadi. Tutantiriqqayam arzimaydigan bo‘lgandan keyin, gadoy topmas arnalarga olib borib, suyishga kulluklangan qo‘yday qilib tiqdi. Tashladi. Pichoq hayf dedi. Qishloqda qachon ekilganligini, birlashib ketganidan nechovliginiyam birov bilmaydigan, balandligi bir qircha bor, eniga to‘rt odamning qulochi yetmaydigan Tojixol kampirning teraklarini qarsillatib cho‘rt belidan ikkiga bo‘lib, O‘rning oyog‘i ostiga tashladi. O‘r quyunning naqd ichida qoldi. Lekin, Davlatmurod pinagini ham buzmadi. Daraxtlarning qarsillashidan ham, shamolning uvullashidan ham qo‘rqmadi. Qaytaga o‘zini o‘sha Ilmis ko‘rgan kundan oldingi kunlardagi Davlatmuroddek his etdi. Qo‘rqadigan narsa boshqa narsa ekanligini, umrini qo‘rquv bilan o‘tkazib, xotirasi tingan, singan, so‘ngan, to‘ngan odamga dov-daraxtlarning qarsillashi, shoxlarning uchishi, tomlarning ko‘chishi qarashga, qo‘rqishga arzigulik narsa emasdek tuyuldi. Bir lahza Davlatmurod o‘zini bolaligiga, o‘sha kunga qaytgandek his etdi. Mashrabi majzubiday sochi to‘zib kelgan o‘rama-quyun O‘rni joyidan qimirlata olmay, yo‘lidan chalg‘ita olmasligiga ko‘zi yetgach, Jarko‘cha bo‘ylab toqqa o‘rladi.
O‘r o‘z tashvishi, o‘z xayoli, o‘z dardi bilan olishadi.
– Tirikchilik ham o‘tin terishdek gap ekan, jo‘ra! Tirikchilikka men o‘tin bo‘ldim, jo‘ra! Tirikchilik meni o‘tinday otdi, terdi, taxladi, tashladi, jo‘ra! Nazarimda bir chekkada, devor panasidagi o‘tinday, qachon o‘choqqa tushar ekanman deb ko‘zi tasraygan, g‘amlangan g‘aramdan so‘ppayib chiqib turgan xodadayman, jo‘ra! Odamni tergan o‘tiniyam o‘ziga o‘xshar ekan, chog‘i. Kim tarasha, kim pona, kim tutatqi, kim tutantiriq deganday. Ho‘l-quruq deganday, qarsillab yonar, pisillab tutar, na yonar na tutar turmishi sasish deganday. Bizniki endi na ho‘l, na quruq chiqdi, jo‘ra! Endi bo‘lari shu bo‘ldi, jo‘ra! Tergan o‘tin yelkada, o‘tin ham o‘zim, arqon ham o‘zim. Egasiz o‘chog‘u, bekasiz qozonu, egasi hamisha hozir katta-kichik ko‘sov ham o‘zim. O‘zimga o‘zim. Xudo o‘zi bilarkan qachon, kimga nima qilishini, jo‘ra! Rahmatli Katta enam, keyin opam ham ko‘chada birovdan tushib qolgan o‘tinni g‘ovdan ichkariga olib kirmay, egasi tanisa olib ketar deb ko‘cha devoriga tikka suyab qo‘yishlarini, suyovdagi o‘tinga birov qaramasligini, egasi chiqavermasa ko‘p sarg‘aytirmay ustidan uch marta suv quyib, qurt- qumirsqadan, ushlagan qo‘lning balo-qazolaridan yuvib, tozalab kunchuvoqda yaxshilab quritib, keyin o‘tinlar qatoriga qo‘shganlarini, o‘tinlarga odamga gap qo‘shganday gap qo‘shganlarini endi tushungandayman, jo‘ra! O‘tinniyam tozasi, notozasi bo‘lishini ming marta eshitganman-u, ma’nisini o‘ylab ko‘rmagan ekanman, jo‘ra! Odamlar o‘tin ham davlat deyishganda, og‘zimni bekitib kulgandim. O‘tin ham davlat ekanligini saratonda sovuq yegan bilarkan, jo‘ra!
Men bolaligimga qaytdim, jo‘ra. Hozir tog‘dan keldim. O‘tin terib keldim. Ikkimiz tashlab qochib kelganda qolib ketgan o‘tinlarni qayta yig‘ib-terib keldim. Haliyam joy-joyida turgan ekan, jo‘ra! Xuddi bolaligimizdagidek Dunyotepaning ustidan tikka tushib keldim, jo‘ra! Qo‘rqmadim jo‘ra, qo‘rqmadim! Tikka tushdim! Dunyotepadan Jarko‘cha boshqacha ko‘rinishi rost ekan, jo‘ra! Sen shunday deganingda, men ichimda kulgandim, jo‘ra! Mana, men endi daraxtlarning qarsillashidan qo‘rqmayapman, eshityapsanmi, qo‘rqmayapman. Sen to‘g‘ri aytgan ekansan. Qo‘rqoqlik ifloslikning boshi ekan. Nafas olishim juda yengil. Qo‘rqmasdan, g‘irromlik qilmasdan nafas olish bunchalik yengilligini bilganimda, men boshqacha yashagan bo‘lardim… San ketdingu qishloq huvullab qoldi. Mani uyim nima-yu, boshqasi nima… Sani bir o‘zing manga o‘xshaganning, mandan ortig‘ining bir tomimi, bir qurimi, bir qo‘rasimi, bir qo‘tanimi ishqilib baridan ziyodligingni endi bildim… ichingda tiriging bormi, degan gapni anglagandayman… Hayot sen bilan, senga o‘xshaganlar bilan hayot ekan… Qirq otar qo‘y kalla talashib ko‘cha changitib kirib, chiqqani bilan qishloq qishloq bo‘lib qolmas ekan, jo‘ra! Jon jo‘ra, meni kechir, kechirmasang jonim chiqmaydi…
…Meni kimligimni elga aytmading-a, jo‘ra? Qirq yil gaplashmasang ham elga kimligimni aytmading-a? O‘rtada nima gapligini birov bilmadi-ya? El biladi deganing bari achchiq ustida-ya? Lekin, men kimligimni bilaman, jo‘ra. Ertadan-kechgacha ishlayman. Egasi yo‘q daydi, sumangi itdek men kirmagan ko‘cha, qilmagan mehnat, ko‘rmagan g‘urbat qolmadi. Itda tinim bor, menda tinim yo‘q. Olgan hosilimga bir qishloqni boqsa bo‘ladi. Mandan boshqa bu tirikchilikni qilganda itining yalog‘iyam tilladan bo‘lib ketardi. Lekin, yuqmaydi, jo‘ra! Qayoqqa ketganini, nimaga ishlatganimni bilmayman. G‘irrom tirikchilikniki shu bo‘larkan. Buyurmagandan keyin qiyin ekan. Mehnatlarim zoye ekanligini bildim. Qishloqda o‘lgan eshakniyam odamlar galalashib, sudrab borib ko‘mishadi. O‘ligim ko‘chada qolmasligini, ma’rakamga kelgan odam bir tishlam nonimga zor emasligini, shunga o‘xshamay, deb og‘ziga olmasliklarini, elchilik oriyatidan kelishlarini bilsam-da, quruq qo‘l bilan o‘lib ketgim kelmayapti. Hech bo‘lmasa o‘ligimni birovlarga tashlamay degandim. Hamma umidim nafaqadan edi… To‘rtko‘zgayam javob berib yubordim. O‘zi it kunida yashasang-u, it boqqaningga balo bormi, dedim. Uniyam qiynab nima qildim. To‘g‘risini aytsam, yomonotliq bo‘lib o‘lib ketishdan qo‘rqayapman, jo‘ra! Endi otimni oqlab ololmasam kerak-a, jo‘ra? Esingdami? Qishloqda Dadahoji degan odam, bo‘ynida hamisha qo‘l charxi osiqliq bo‘lardi. Shu charxni bo‘ynidan qo‘ymay, yayov-piyoda hajga borib kelgan deyishardi. Qishloqdagi oxirgi Hoji deyishardi. Endi hajga borish qayerda, shu ketish bo‘lsa haj degani nimaliginiyam odamlar yaqinda unutsa kerak. Kelgan kunidan boshlab boshi so‘rog‘dan chiqmagan, melisaxonani oldidan o‘tsam kun bo‘yi eshik oldida mustar turganlari ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Jovdiragancha Oyqorning boshiga qarab turganday bo‘laveradi. Borib salom berolmaganimning so‘rovi, bir burda non ilinmaganligim so‘rovi suyaklarimni zirqiratadi. Endi-endi bilsam odam bilan itning farqi juda oz ekan. Farqi ikki oyoqda yurib turishi emas ekan. Hojining yaxshi odamligini, birovga zarari tegmaganligini hamma bilardi. Charx charxlab, birovdan biron so‘m so‘raganini birov ko‘rmagan, eshitmagan ham. Lekin, hech kim yaxshilik qilolmasdi, yaxshi odam deyolmasdi, jo‘ra! Deyolmadi jo‘ra! Nega shunday edi, deb savol bermaslik uchun esa odam vahshiy, yovvoyi bo‘lishi kerak, jo‘ra! Birovni ko‘chasida o‘sgan rayhonidan beso‘rov uzilgan bir quloq bargni hidlab-hidlab, keyin ko‘chaga otganning uvoliyam, bir shoxini so‘ramay sirdirib, quloqqa qo‘ndirib, uyga olib kelib to‘g‘rab ayronga qo‘shib ichganniyam, hamma hammasi hisobli ekan, jo‘ra! Boshqasini qo‘yaver. Gunohlar yengillasharmikan? Yo‘qotadigan narsam yo‘q, jo‘ra! O‘zi avval boshdayam bo‘lmaganga o‘xshaydi, jo‘ra! Ushlab ko‘riladigan, sotiladigan, olinadigan narsaning bari bir kunmas bir kun sotilishi, olinishi, yangi qo‘lga o‘tishi, yo‘qotilishini, zaruratga ko‘ra yo‘q qilinishini, yo‘qotilmaydigan narsalar ko‘ngilda, olinmaydigan narsalar ko‘kayda, sotilmaydagan narsalar xayolda, beriladigan narsalar niyatda bo‘lishiga iqrorman, jo‘ra! Nima qilgan bo‘lsak qaytdi, jo‘ra! Bir chiziq kam ham emas, bir chiziq ziyod ham emas. Bilarkan. Oyiga o‘ttiz ikki so‘mdan nafaqa beradigan bo‘lishdi. Nafaqaniyam xili ko‘p bo‘larkan, jo‘ra, eshityapsanmi, nafaqa beradigan bo‘lishdi. Qarilik nafaqasi, deyishdi. Yana aytishdiki, “Selsovetdan kelgan ro‘yxatda nomingiz bor, front orqasida urush orqasi fronti dedimi, front orqasi dedimi, harqalay qatnashgan ekanman”. Rahmat, jo‘ra! Mani kechiribsan-da, a? Kechir deyolmasam-da, kechiribsan-da! Shu itniyam ko‘zi ochiq ketmasin, debsan-da. Ro‘yxatdagilar vaqtli, erta olishsa olti oydan keyin, g‘ing degani bir yildan narida nafaqa olishar ekan. Bunchaga yetolmayman, dedim. Uch oydan keyin berishadi. Qo‘lga ushlashga yetamanmi, yo‘qmi, Xudo biladi. Ikki oyligini korhaqi deyishdi. Karhaqimi, ko‘rhaqimi, zo‘rhaqimi ishqilib shunday. Go‘rga, dedim. Tushunsam, tushunmasam rozi bo‘ldim. O‘zi ko‘p narsani tushunishingniyam ko‘pam qizig‘i yo‘qqa o‘xsharkan, jo‘ra. Raysabesni odamidan “nafaqa” nima degani deb so‘rasam, nevarang qatori bola yodlab olganday, “G‘urbatda turarlik to‘lovi degani”, dedi. Yer yorilmadi, yerga kirib ketsam. Sanga shu zarilmidi, o‘l bu kuningdan deydigan odam yo‘q. Odam xom gapirib pishiq gap eshitganda shunday bo‘larkan. To‘g‘risini aytsam, gapi tegib, teshib, o‘yib ketdi, jo‘ra. Jondan o‘tdi, jo‘ra. Nafaqani ushlamasdan to‘yganga o‘xshayman, jo‘ra! Lekin, aytsam go‘r tutaydigan, aytmasam go‘riston yonadigan g‘urbat gapim, qarz to‘lov gapim bor senga, jo‘ra! Hamma narsa sabil qoladiganda-yu, bor gap, bo‘lgan gap, to‘g‘ri gap sabil qolmaydiganday, jo‘ra! Og‘izdan chiqqani u yoqda tursinu, xayoldan o‘tganiyam bir kun bo‘lmasa bir kun hammaga ayon bo‘lishiga iqror berdim, jo‘ra! Jo‘rachilik faqat jo‘rachilik bilan qaytarilishini bildim. Mol-dunyo dushman ko‘zi, oshna yalog‘i deganlar bir narsani ertaroq ko‘rgan ekan, jo‘ra!
O‘rning gap-so‘zlarini eshitgan ko‘chaning xayoli qochadi. Urushning ertasi stolbadan aytilgan gap ham O‘rni uylangan kuniyam kechagiday esida. Simyog‘ochning chekkasiga qo‘ndirilgan, o‘sha kundan boshlab ustasi har kuni qulog‘ini qayta-qayta soz­laydigan, sozlashda ichiga tushib oladigan, o‘sha to‘rt tomoni temir to‘siq, qafasday ko‘rinadigan, usti ochiq osma ayvonchaga qo‘ngancha, yelkasini simyog‘ochga bergancha eslaydi. “Dushman shafqatsiz va yovuzdir. Uning muddaosi peshona terimiz to‘kilgan yerlarimizni, mehnat qilib topgan g‘allamizni va neftimizni bosib olishdir. Uning muddaosi pomeshchiklar hokimiyatini tiklash, chorizmni tiklash, ruslar, ukrainlar, beloruslar, litvaliklar, latishlar, o‘zbeklar, totorlar, moldoviyanlar, gruzinlar, armanlar, ozarbayjonlar va boshqa ozod xalqlari yaratgan milliy madaniyatlarni va milliy davlatlarni vayron qilib tashlashdir. Ularni nemislashtirish, nemis knyazlari va baronlariga qul qilib berishdir. Shunday qilib, gap xalqlarining hayot-mamoti to‘g‘risida borayotir, xalqlari ozodligicha qoladimi, yoki qullikka tushadimi – gap ana shu to‘g‘rida borayotir”. Ayvonchani taxtasi ho‘l-quruq, issiq-sovuqda to‘kilgan, taxtaligi qolmagan, karnayni kimdir ilib ketgan, ko‘rinmaydi. Ayvonchani olarman ko‘p-u, olgandan keyin nima qilarini bilmaganidan joyida turibdi. Bilganda allaqachon egalik bo‘lib ketardi. Kim kim? Ko‘cha kimning kimligini biladi. Bekoriga yelkasida ko‘tarib yurgani yo‘q. Yelkasidan o‘tgan issiq jon issig‘idan simyog‘och ham bekoriga sarg‘aymaganini sezadi. Tilini tushunmasa-da, boshini silab qo‘ygan bo‘ladi. Urush yotgan kundagi gap-so‘zlar ham esida. To‘g‘risi, uni gazetadan o‘qigan. “Hukumat 1945 yilning 24 mayida Kremlda qo‘mondonlar sharafiga, Stalin ta’limini ko‘rgan lashkarboshilar sharafiga ziyofat qilib berilganini, o‘rtoq Stalin bu ziyofat majlisida sovet xalqining, avvalo …ittifoqiga kirgan barcha millatning eng ulug‘i bo‘lgan rus xalqining Vatan urushida ko‘rsatgan xizmatlaridan gapirgani, o‘rtoq Stalin, bu urushda rus xalqiga hamma qoyil qoldi, rus xalqining mamlakatimiz xalqlari orasida …ining rahbar kuchi ekanini hamma biladi degani, o‘rtoq Stalin rus xalqi faqat bir rahbar xalq bo‘lganligi uchungina emas, balki rahbarligi bilan birga ravshan fikrli bir xalq bo‘lib, bardoshli, sabr va toqatli, shoshmagan bir xalq bo‘lganligi uchun ham uning omonligiga qadah ko‘targan”i haqidagi yoziqlarni xuddi shu ayvonchaning simyog‘och bilan birlashgan, bir-biriga qotirilgan qozig‘ining peshonasiga yopishib, shamolda pirpiraganida o‘qiganini, oxirigacha o‘qiy olmaganligini, o‘shanda Oynigor kampir to‘rtinchi o‘g‘lining qora xatini olgani va xatni olganda hushidan ajrab, “suyunib” jarni jar, ko‘chani ko‘cha demay bir oyog‘ida toshtovon, bir oyog‘i anchadan yalangligidan yorilib-yorilib toshtovonday bo‘lib ketgan Oynigor kampirning sochini yoygancha, qarg‘alarni samolyot deb orqasida yugurganidagi o‘kirigidan cho‘chib tushgan. Ayvoncha serrayib qolganiniyam, O‘rning hozirgi holiga tushganday bo‘lganiniyam yaxshi eslaydi. O‘sha yoziqlarni o‘qiganidan buyon o‘risni ko‘rsa uyaladi. Tushungan o‘ris ham uyalishini ko‘rgan, sezgan. Shunda shu vaqtgacha jo‘rasi yo‘qligi nimagadir xayolining bir chekkasidan o‘tib ketdi. Simyog‘ochga qaradi. Ko‘zi simyog‘ochning oyog‘iga tushdi. Betiga qarashdan ichidagi nimagadir tortdi. Xayolidan o‘tgan, odamlar bir-biriga kam aytsayam, ko‘plik qiladigan gap-so‘zdan o‘zidan o‘zi xafa bo‘lib ketdi. Do‘st boshga, dushman oyoqqa qaraydi.
O‘ris bosgandan keyin odamlariga qo‘shilib kelgan isqotiga qo‘yayning sassig‘iga dami qaytadi. Xuddi o‘zining sassig‘i yetmaganday. Pensiyasini oldi degandan ichib, itni orqa oyog‘i bo‘lib, ko‘lmakka dumalab, ko‘chani sasitib, yetib kelolgan joydagi simyog‘ochni quchoqlagancha turaveradigan, o‘rgatgan masterini izini bosganlar ham bor. Ushlatib ketilgan simyog‘ochiga chirmashgancha, oyoqlar qaltirab, o‘tgangayam, qaytgangayam baqraygani bilan ko‘z hech narsani ko‘rmaydi. Oti chiqqan alkashlarni otini chiqargan simyog‘ochlar ham bor. Falonchini simyog‘ochni desa bilinki, o‘sha piyonista o‘sha simyog‘ochni ko‘p quchoqlagan. O‘sha joy – o‘shaning marrasi. Oti shundan chiqqan. O‘zi o‘lib ketgan bo‘lsayam oti simyog‘ochda qolganlariyam yo‘q emas. To‘raning simyog‘ochi, Jo‘raning stolbasi deganday. To‘g‘risi, o‘zi hamma simyog‘ochni stolba deb kelgan. Simyog‘och so‘zi, oti, atamasi begona sanalib, begonasirab xuddi eski yo‘l buzilib, tekislanib, yangi yo‘lni o‘rtasida so‘ppaygancha qolib ketgan uzun bo‘yli bir narsaday bo‘lib qolgan. El tili bilan el. Tili bilan tirik. Tili o‘lgan elni el sanamaydilar. Ko‘chaning boshidan bir kunlar o‘tdiki, eslasa, seskanib ketadi. O‘shanda o‘y-xayoli bitta, el tili tashvishi edi. Tashvishni zo‘ridan ko‘zi ilinmasdi. Xayoli dunyoni u boshidan kirib, bu boshidan chiqar, savoliga javob topolmasdi. Xayolida ota tilda gapiradigan oxirgi avlodni ko‘rayotgandek, kuzatayotgandek bo‘laverardi. Kunduzi-kechasi sherigi oy edi. Oyni hamisha bir beti kulgan, bir beti yig‘lagan edi. Oy hamisha kulganga kulgan, kuygangan kuygan ko‘ringan.
Odamni odam soniga qo‘shadigan ham, odam sonidan chiqaradigan ham, tirik­lay ko‘madigan ham, ajali bilan o‘lganni ketmondan keyin ishini tugatadigan ham so‘z emish. Bu Mardonning gaplari. Tilni berib qo‘ygandan keyin – saroyni qo‘riqlashni qizig‘i yo‘q emish. Oqiniyam, Ko‘kiniyam. Til tilga dushman emasmish. Tilni egasi bir emish. Til aslida bir emish. Birni bir bilganlar bilarmish.
Bir narsasini yo‘qotganday, nima yo‘qotganini o‘ziyam bilmaydigan, yo‘qotganini qidirgan, jalanglagan Oy bo‘ladi. Qimirlagan qora tanishday tuyulib orqasidan ergashadi… Jovdiragandan Oy jovdiraydi. Jovdiragan Oy bo‘ladi. Oq yo‘ldan engan bilan teppa-teng parillab jo‘naydi. Yursa yuradi, to‘xtasa to‘xtaydi, o‘rlagan bilan o‘rlaydi…

YaNA YO‘LDOSh BO‘LAMIZMI, JO‘RA?

O‘r qo‘liga usta Mavlonning molxonasi og‘zidan qo‘liga ilingan teshik tog‘orani hafsalayu havasda kashtasini keltirib chertib, gashti kelganda ko‘chani bir chetiga qo‘nib, chotini orasiga olib savalab, xumori tutganda o‘zi aytgan yor-yoriga o‘zi qarsaklarni qarsillatib chalib, ko‘ziga nima ko‘rinsa o‘shani qo‘shiqqa qo‘shib, qo‘shiqqa solib, qimirlagan narsalarni shu vaqtgacha ko‘rmaganu endi ko‘zi tushib, termilib, dov-daraxtni, tog‘u toshni, suvi-soyni, qushu quzg‘unni endi ko‘rayotgandek har biriga hayratu havasda qarab, o‘zini ko‘zini cho‘g‘ida o‘zini ko‘rib, ko‘kay bilan tilni birday qilib, hamma-hammasiga salom berib, boshini xam qilib, ovozni bor bo‘yicha qo‘yib jo‘naydi. Kelin tushirib borayotgandagidek. Jarko‘cha shoshgandan shoshadi. Shoshgandan Jarko‘cha shoshadi. Bir shoshgan Jarko‘chacha bo‘ladi. To‘y desa to‘y, maraka desa maraka emas. “Yor-yor” dunyoni buzadi.

Tushunmasang bir dard, yor-yor yoron-e,
Tushunsang ming bir dard, yor-yor yoron-e,
Eski tog‘arani teshigi, yor-yor yoron-e,
Kelmish dunyo eshigi, yor-yor yoron-e,
Qochmish dunyo eshigi, yor-yor yoron-e,
Quvmish dunyo eshigi, yor-yor yoron-e,
Etmish dunyo eshigi, yor-yor yoron-e…
Hazor hazorga borar, yor-yor yoron-e,
O‘lik mozorga borar, yor-yor yoron-e,
Enasi to‘rt yasharu, yor-yor yoron-e,
Bolasi bozorga borar, yor-yor yoron-e…
Topishmog‘im, topguncha, yor-yor yoron-e,
Topganlarga oq kulcha, yor-yor yoron-e,
Topmaganga kul kulcha, yor-yor yoron-e,
Kulganlarga kuy kulcha, yor-yor yoron-e…
Eshik oldi bo‘zalam, yor-yor, yoron-e,
Qizlar qoshida qalam, yor-yor yoron-e,
Yigitlik davridir dam, yor-yor, yoron-e,
Keyingisi dard alam, yor-yor, yoron-e…
Qo‘lingga qarar qalam, yor, yor, yoron-e,
Ko‘zingga qarar qalam, yor, yor, yoron-e,
So‘zingga qarar qalam, yor, yor, yoron-e,
Qalamni qadri baland, yor, yor, yoron-e.
Qadridan dardi baland, yor, yor, yoron-e,
O‘ylab yoziq yozilmas, yor, yor, yoron-e,
O‘ylab yozgan yoziqmas, yor, yor, yoron-e,
O‘yga kuning qolmasin, yor, yor, yoron-e.
Ko‘rga kuning qolmasin, yor, yor, yoron-e.
Berganini tushirgin, yor, yor, yoron-e,
Tushirmasang bir dard, yor-yor yoron-e,
Tushirsang ming bir dard yor-yor yoron-e…
Tam-tam, tara-tam, tam-tarara tara-tam.

Ko‘rayapsanmi, yor-yor aytayapman, tiq etgan tovushni tog‘araga solib ko‘rayapman, jo‘ra? Mulla minmagan eshak har maqomga yo‘rg‘alar, jo‘ra! Qariganda otarchi otini olmasaydim. Hozir otarchi degan gapniyam ko‘p odam tushunmaydigan bo‘p ketdi. Hammayoqni ­otarchi bosib ketgan bo‘lsayam. Avvallari qo‘shiqchi degani boshqa, otarchi degani bo‘lak bo‘lardi. Qilmagan ishimizdan o‘zi shu g‘arlik qoluvdi. Xi-xi-xi… Yaramay qolganda g‘irt bo‘lib ketmasam-a, jo‘ra! Erkakni g‘ari bo‘lmaydi, to‘g‘rimi, jo‘ra? Endi yashagim kelayapti-yu, sen yo‘qsan jo‘ra! Endi yer ustida yurishni gashtini sezgandaymanu, sen yo‘qsan, jo‘ra! Endi nafas olishni mazasini angnigandaymanu, sen yo‘qsan, jo‘ra! Umr­ni ushlovi qolmaganda, sharti ketib, parti qolganda. Umr ko‘mirga aylanganda. Xi-xi-xi… Shu vaqtgacha quloqni orqasida bir enlik muzdek bir narsa turganu, endi-endi iliyotganday, jo‘ra. Toshmi, qo‘rg‘oshingmi erib siljiyotganday, jo‘ra! Bir kunda o‘n o‘lib o‘n tirilaman, jo‘ra! Sensiz tiriklik o‘zini qadriga yetkazdi, jo‘ra! Sensiz umr surobimni to‘g‘rilab qo‘ydi, jo‘ra! Soyangni pana qilib bo‘lsayam suyanib yurgan ekanman, jo‘ra! O‘zimni nimagadir o‘zini o‘zi talagan itga o‘xshataman, jo‘ra! Ayniqsa, ilkisdan qo‘limga, yelkamga ko‘zim tushganda… Ertayu kech ovchining ortidan bir yaloq to‘la yuvindi umidida tili osilib, birov buyurib, birov uchirib, birov otgan qushni olib kelganidan xushu xursand, dumni o‘ynatib, qiyshanglagan toziga o‘xshayman, jo‘ra! Sassiq og‘zini jon talvasasida patirlayotgan qushga botirgan, o‘ljasini ovchiga olib kelib zo‘r ishni mengarganday yaloqlangan, yaltoqlangan itga o‘xshayman, jo‘ra! Boshi uzra soya solgan itga, og‘zidan so‘lagi oqqan itga, so‘lagi ko‘zi jovdiragancha qaragan qushning o‘z qoniga bo‘yalgan boshiga tomib dili yayragan, ko‘zi qushning tumshug‘idagi doniyam paqqos qonga botib, don ustida et o‘rib qotayotgan qonni ko‘rganda til bir qarich bo‘lib suyungan itga o‘xshayman, jo‘ra! Bolalariga rizqini yetkazishdan umidini uzmagan, og‘zidagini tashlashni xayoligayam keltirmagan, ucholmasa-da qanot qoqayotgan, ko‘ksi bilan yer haydab borayotgan, hammasi albatta yaxshi bo‘lishidan umidvor qushlarga tish botirgan itman, jo‘ra! O‘qqa uchragan bo‘lsa-da, og‘zidagini bolasiga olib borishdan umidini uzmagan qushlarning ko‘ziga qarashga, quvvat bo‘lishga kuchi yetmagan itman, jo‘ra! Qushlar qarg‘agan itman, jo‘ra! Bir qanoti qora, bir qanoti oq qushlar atrofimda aylanadi. Ko‘zlari ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Qanot qoqqanlaridagi epkin ikki qulog‘imga nappar urgandek. Men ham odam sonidamanmi, jo‘ra? Nega meni o‘shanda otmagansan, jo‘ra? Ko‘rgilikni zo‘ridan tili ikki qarich bo‘lib og‘zidan chiqib turgan itni ko‘rganmisan, jo‘ra? Ko‘rgan bo‘lsang ham, ko‘rmagan bo‘lsang ham o‘sha menman, jo‘ra! Goy-goyda o‘zimni cho‘nqayib, ikki tizzasini ko‘ziga navbatma-navbat qo‘llarini qo‘yib, boshi qiyshayib tilanib o‘tirgan va bir to‘da ko‘chabezori o‘tib qolib ermakka og‘zi-burni qonga to‘lguncha kaltaklangan, kaftidagi chaqalari sochilib ketib, tepkigayam qaramay, tangasini yig‘ayotgan tilanchiga o‘xshataman, jo‘ra. Dardimni doston qilib vovullagilarim keladi-yu, eldan uyalaman, jo‘ra. Ming yillik qo‘tir itligingni bilib turib, yuzingga solmagan eldan uyalaman, jo‘ra! Uyatni kech berganiyam urgani o‘rnida ekan, jo‘ra! Qarg‘ish tekkan qari itman, jo‘ra! Ko‘ringan itdan bir suyak qarzdayman, jo‘ra! Qani endi quvvatimni borida shu uyat ham bo‘lganda edi… O‘zing urushdan qochgan bir tirriqi qochoq bo‘lsang, odamlarga aql o‘rgatishni sanga kim qo‘yibdi deyman o‘zimga o‘zim. To‘g‘rimi, jo‘ra?! Xayolimda umrim shu savolga nima deb javob berishga so‘z topolmagan, topsayam aytolmagan gungday o‘tdi, ketdi. Odam katta yo‘lda bila turib adashmasin ekan, jo‘ra! Men o‘sha yo‘llar uzra adashgan so‘qmoqning boshini, yillar to‘qmog‘ini, to‘qmoqlarini yillar to‘qmog‘i, to‘qmoqlari boshga, boshlarga to‘qillatgan vaqtni bilganu, ortga qaytolmagan, qaytishga kuchi yetmagan, qo‘lidan birov urib tushirgan qushni, olib kelishdan boshqa narsa kelmaydigan dumi likillagan tozi itman, jo‘ra. Yo‘l boshiga qaytishdan qo‘rqqan, nimadan qo‘rqqanini o‘ziyam tuzuk-quruq bilmaydigan, qaytmasa hech kim hech narsani bilmaydiganday, hech qachon so‘rov bo‘lmaydiganday, o‘lmaydiganday, o‘zini qo‘lga ololmagan, ikkio‘y, beega, beso‘rov, besurov itman, jo‘ra! To‘rtko‘chaning o‘rtasida qolgan jo‘ra! Egalik, so‘rovlik, yaloqlik it bo‘lish ham hammaga emas ekan, jo‘ra! Yomonni yomoni menman, jo‘ra! Meni yomonam yomon ko‘rma, jo‘ra! Meni yomon ko‘rma, jon jo‘ra! Meni o‘lgan dema, jo‘ra! Sendaylar nimaga tug‘ilishi, nimaga yashashi va oti nima uchun tildan tushmasligini bildim, jo‘ra! Eshiginda bog‘log‘liq iting bo‘lay, meni kechir, jo‘ra! Sen bilan betma-bet bo‘lishdan qo‘rqib ketayapman, jo‘ra! Mendaylarga tekkan barcha lang, barcha oyin men bilan ko‘milib ketsin endi, jo‘ra! Qilgan qilmishlarimga o‘zim to‘lov bo‘lay, jo‘ra! Meni bola, begunoh bola xuni urgan, jo‘ra! Meni urushim qiyomatgacha tugamaydi, jo‘ra! Taqdir o‘z ishini qilib qo‘yganini o‘sha Oyjamolning go‘dagi onasini ko‘ksiga boshini qo‘yib xayrlashganda va boshini ko‘targanda jalanglab atrofga qaraganda taqdir ishni qilib qo‘yganini ilg‘ovdim, jo‘ra! Onasining qaqshab, bolasining dovdirabgina xayrlashganida, bolasini kuzatarga, tishlatarga butun non topolmay yetim kulcha tishlatganini Yakkatut panasidan, bekinib kuzatib turganman, jo‘ra! Xuddi uni urushga ketishi noto‘g‘riligi ochilib ketmay qoladi-yu, meni sen borishing kerak joyingga tur deb sudrashadigandek. Jon shirin ko‘ringan, jo‘ra! Jonni jonday asrash hammagayam emas ekan, jo‘ra! Urush elni qonini buzar ekan, jo‘ra! Urushni chiqarganni uyi kuysin! Urushni beti qursin, betini teskari qilsin, jo‘ra! Uv, u kunlarning yalog‘iga qayta kun qolmasin, jo‘ra! Urush odamlarni boshini yegan bo‘lsa, meni borimni yedi, jo‘ra! Sen ko‘rgan urush urush yotganda yotgan, men ko‘rgan urush hech qachon yotmaydi! Qiyomatgacha yotmaydi, jo‘ra! Yoziq shunday bo‘lgan, jo‘ra! Men yomonman, lekin meni yomon ko‘rma, jo‘ra! O‘sha-o‘sha Yakkatutniyam betiga qarolmayman.
Ezmalik bo‘lsayam aytay. Gap og‘izdan chiqsa bo‘ldi ekan! Yo‘q, xayolda bir aylansa bo‘ldi ekan, jo‘ra! Birov bo‘lmasa birov eshitarkan. Men iqrorman! Qilt etgan xat-savodim, salom berdirar mol-dunyom, it hurkar amalim bo‘lmasayam gapim shu, jo‘ra! Aqlli gaplarga da’vogarligim yo‘g‘u, lekin, hech bir narsa o‘z-o‘zidan bo‘lmasligini, har bir so‘zga so‘rov, har bir qiliqqa hisob bo‘lishiga besh qo‘lday iqrorman, jo‘ra! Bolalagimizda podayotoqdan tezak tergan kunlarimizni qo‘msayman. Elni yarmidan ko‘pida tezakni qoplagani qopiyam yo‘q edi. Qopni navbat qilgan kunni orzulamasam ham odamlarning o‘shandagi bir-biriga oqibatini orzuqaman, jo‘ra! Mol-mulkning so‘rovi qattiqligi bir joydan eshittimmi, tush ko‘rdimmi, soyada qoldimmi, qaro bosdimi har qalay mol-dunyodan sovidim, jo‘ra! Biror o‘qimishli mullani gapini eshitay desam, zotini kunduz kuni chiroq yoqib topolmasang. Mullaman deb sallani katta o‘rab, to‘rga chiqqanini gapi eshitding nima, partkomni gapini eshitding nima. Tus bir. Chumoli chaqqancha bo‘lmaydi. Chim etmaydi. Machit ham kolxozning dalaga soladigan dorixonasiga aylangan. Dunyodagi bor sassiq dorini bari shu yerda. Eng yomoni sariq qumga o‘xshagani. Yaqinlashganni bir martaga yiqitmay qo‘ymaydi. O‘zing o‘g‘ridan battar bo‘lib, kuchni borida aroqqa oshna, oshga og‘ayni, qo‘ldan ish, og‘izdan tish ketib, hassaniyam birov topib ushlatganda machitni g‘amini yesang kulgilimi, jo‘ra? Odam o‘zining rasvo-yu raddiligini bilsayam qiyin ekan, jo‘ra! Jarko‘cha uzumlarini bolaligimizdagidek uzib yegim keladi, jo‘ra! Lekin, qani uni uzishga uzatiladigan qo‘l!? Qani yurak!? Qo‘rqaman, jo‘ra! Qo‘l cho‘zgani qo‘rqaman, qo‘lim o‘zimga qaytib kelmaydigandek, uzanganda shartta sinib tushadigandek, jo‘ra? Uzum donalari tizilishgan, g‘ujlashgan, bir boshga birlashgan va har bir qadamni kuzatadigan mingko‘zdek tuyuladi, jo‘ra! Ipga o‘tkazib tizib qo‘ygandek, qaroko‘zlardek. Bir-biriga, “Bu iflosni betini ko‘rmanglar!” degancha qarab turgandek, jo‘ra! Ko‘cha to‘la ko‘z, nigoh, nazar, nafas, jon, suq ekanligini eskilardan eshitganda bu quloqdan kirib, bunisidan chiqib ketgan ekan. Ko‘ch ko‘roniga, es esariga ketganda tirikchilik gulmixlari joy-joylariga qanqillatib qoqilayapti, jo‘ra! Dadahojidan tavarik bir gap qolgan, jo‘ra! “Qo‘ling tuproqqa to‘lsin”, degan. Qo‘l tuproq narxi navosini bilmasdan, titrog‘ini sezmasdan oldin betiga tuproq sochilgan maddohdayman, jo‘ra! Oynigor kampirga yo‘liqqanimda, ketar oldidan bir kun avval aytgan gapi teshib ketgan. “Sen Oyjamolning bolasimisan, mani bolalarimni ko‘rmadingmi?” desa bo‘ladimi, jo‘ra!? Endi mani bu yerda qiladigan ishim qolmadi, Do‘m, – deydi xuddi ikkovi Do‘mning ishxonasida-yu, to‘rt oyog‘i to‘rt tomonga tarvaqaylagan, o‘z yukini o‘zi ko‘tara olmay har yili bola tashlaydigan, ko‘taram kasali tekkan sigirday chayqalib, omonat turadigan, ustiga qip-qizil baxmal solingan stolning narigi boshida, baxmal ostida qachonlardir bir bayram oldi stol ustiga alvon latta yozilib unga moybo‘yoqda “Partiya um, chest i sovest… es-pes, falonu tugun” deb yozilganu, yoziq lattada yozilganidan ziyod bo‘lib betiga o‘tib qolgan stolning narigi boshida, bir janjalni ustida ikki oyog‘i qoq belidan cho‘rtta singan va har tarafidan hakachak bog‘loqliq, yana bir oyog‘i avval boshdan kalta kesimligidan ponaday qilib ulatqi solingan stolning narigi boshida, ish stolini yangilatib, eskisini ishga yaramaydi degan xayolda o‘tinxonaga chiqarib tashlangan stolning narigi boshida, kasalxonada yotadigan kunlaridan boshqa mahal, shomu sahar selsovetni idorasini oldida, qo‘ltiqtayoqlarini yo‘lak yoqasiga to‘shab ustiga tanda qo‘yadigan, kirganniyam chiqqanniyam og‘zini hidlaydigan, bosgan iziga belgi qo‘yib qo‘yadigan, undan boshqa hech kim urushda qatnashmaganday, tayoq hamma narsadan ustun, “Adolat yo o‘lim, yo o‘ldirish!” degancha tutaqadigan, qaltirovning zo‘ridan rangi ko‘karib ketadigan, ozg‘idan ko‘pik sachrab qoladigan, paxta birgadir shiypon hovuzi tollari shoxini siyraklatsayam, mol ferma eski go‘ngni dalaga chiqarsayam, cho‘chqaxona megajinlar nasliga tortib bolasini yeb qo‘ymasin deb ortiqcha cho‘chqa bolalarini tarqatsayam, qayerda nimadir kimgadir berilgan, berilayotgan bo‘lsa bo‘ldi, quriq qolmaydigan, zarur nozarurligi qiziqtirmaydigan, har yili selsovetni qog‘ozi bilan bepul oladigan shifer, yog‘ochlarini sotib yana hech narsa ko‘rmaganday hammadan oldin muhtojlar, chorasizlar, zor qolganlar ro‘yxatini boshida turadigan Jo‘lantuya yo‘q yerdagi janjalni boshlab, kattartirib katta idoralarga ko‘tarib borgan, shunday ulug‘ shiorga behurmatlik qilgani uchun Do‘m mum bo‘lib ta’zirini yegan va bemahalda bexitgina o‘z o‘rniga qaytgan stolning narigi boshida, bir vaqtlar biri boshi aylangandan ushlamasa yiqilishidan qo‘rqib, paypaslagan, biri hamiyatdan, o‘zini nohaq g‘azabini qaytarish uchun tutamlagan, ushlagan, har ikkisiga o‘tib bo‘lmas devorday sovuqdan-sovuq ko‘ringan stolning narigi boshida Do‘m, bu chekkasida o‘zi tik turgandek, shoshgancha kiygulik surobi, yelkaga tashlarlik aylasi, ko‘ylaklik holi qolmagan jandani yoqalarini to‘g‘irlagan bo‘lib, davom etadi.
Har holda umidim nafaqadan. Boshqasidan buyurishidan uzilganman. Ikki oyligini yig‘sam yetadi. 64 so‘m. Bir yilga 1 so‘mdan. O‘tin puli! Nima deding, jo‘ra. Nasib etsa, kafanligimni yig‘sam, boraman… qo‘lga ushlashga yetarmikanman?
…Men ham yashadimmi, men ham qaridimmi?…
Tam-tam… taram-taram. Bu gap tog‘araga tushmas ekan.
Otamning otasidan eshitgan, menga aytgan, tayinlagan eski bir gapi bo‘lardi: “Tishli bo‘lding nima, tishsiz bo‘lding nima, hammasi og‘izdan so‘ramay chiqib ketadigan bir puf, jo‘ra! Jo‘rani ko‘paytiring, jo‘ra” degan.
…Tam-taram, tam-tamtaram, tam-tara, tam-tam taram… bunisi tushdi…
…Otani gapi quloqqa kirganga o‘xshaydi, jo‘ra…
…Hammasi bir pufga o‘xshaydi, jo‘ra…
…O‘smat ota menga yer berarmikan, jo‘ra?…
…Qani endi bola bo‘lib qolsang…
…Yana yo‘ldosh bo‘lamizmi, jo‘ra…
…Eh, yana jo‘ra bo‘lamizmi, jo‘ra?..
Bir narsasini yo‘qotganday, nima yo‘qotganini o‘ziyam bilmaydigan, yo‘qotganini qidirgan, jalanglagan Oy bo‘ladi. Qimirlagan qora tanishday tuyulib orqasidan ergashadi… Jovdiragandan Oy jovdiraydi. Jovdiragan Oy bo‘ladi. Oq yo‘ldan engan bilan teppa-teng parillab jo‘naydi. Yursa yuradi, to‘xtasa to‘xtaydi, o‘rlagan bilan birga birga o‘rlaydi…

YO‘L QARAGAN MUSTARLAR

Qishloqda hamma uxlasayam ko‘cha uxlamaydi…
Turkqishloqda hamma uxlasa uxlaydi, Jarko‘cha uxlamaydi…
Ko‘chaning ko‘zi hamisha ochiq.
Ko‘ngliyam.
Nomardga sarg‘ayganday bo‘lsa-da…
Ota-ona – mard, bola – nomard, deyishgan….
Ko‘cha dovulni, bo‘ronniyam, chopqinniyam, to‘zonniyam, selniyam, issiq-sovuqniyam ko‘pini ko‘rgan. Yo‘li necha yopilib, necha ochilgan. Turkqishloqqa qidirib – mehmonga kelgan bormi, qidirib ketgan bormi? Bir umr nimani qidirib yurganini o‘ziyam bilmaydigan bormi. Qidirishni o‘ynab kelish degan bormi? Hammasini xorlikka ko‘nikib qolgan kunlarida ko‘p ko‘rgan. To‘ygandan to‘ygan. Qo‘shilishib yurishga or qilgan bo‘lsa-da, qo‘l urmagan – Xudodan ko‘rgan. Xudoga solgan. Xudodan qo‘rqqan. Ko‘rgan, ko‘rmagan emas. O‘rga o‘xshaganlarniyam, ular gapirgan gaplarniyam ko‘pini, undan og‘irini eshitgan. Endi eshitgan, ko‘rganlarini bir-bir solishtirib ko‘rishi kerak. Qachondir kimgadir aytishi kerak. Eshitgan, ko‘rgan – qarz, deganlar. Surishtiradi. Pulga sotilmaydigan, molga alishilmaydigan sirlarini aytgani qora axtarib yo‘l qaraydi. Shoh Mashrab kashkulini bir maydon qo‘ygan tosh, yukini tosh ko‘tara olmay o‘yilib qolgan chuqurchani,
Buxoroni Buxoro desa bo‘lur,
Yozini zimiston desa bo‘lur,
Agar Bahovuddin bo‘lmasa,
Farangi kofiriston besa bo‘lur, – degancha xayol qilib, qotgan nonini suvga botirgan buloqni, Sohibi Hidoyaning o‘g‘li Abu Bakr Marg‘iloniy ustozinikiga, tahsilga qatnagandagi izlarni, Temurbek o‘zi bilan o‘zi xayol surib bosgan, unga yelka tutgan o‘ngirlarni, boshiga ko‘targan qirlarni, xayoldosh bo‘lgan toshlarni, Otakentni olish umidida tog‘ma-tog‘ yurgan, necha durqun olgan bo‘lsa-da qo‘lida tutolmagan, biroq qalam bilan dunyoni abadul abadga egallagan Boburbekning ne bir alam bilan “Bizga kelganda saxovat bila mashhur bo‘lg‘on el xasis bo‘lur, muruvvat bila mazkur bo‘lg‘on elning murivvati unutular”, degan xayollar, “Kim ko‘rubtur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshiliq?” deguvchi qiyomatgacha o‘qiladigan ruknlar qog‘ozdan oldin qaysi soy suvining betiga, qaysi og‘ochning yaprog‘i qoralaganini, Samarqand xayolida yo‘l qaragan xayrixoh xotiri va to‘g‘rilik istar ko‘nglidan o‘tgan xayollarni, har bir ishining boshidan oxirigacha ketadigan vaqtni yo “Alhamdini” yo “Qulfiolloh”ni necha marta takrorlash bilan hisoblaydigan, xurjunida hamisha qotgan non solib yurishni yoqtiradigan bolalik xayollarini, beg‘uborlik xayollarini, buyuklik xayollarini, …yana Tengriga tavakkul qilib o‘shuk xayol bila Vasmandtin namozi peshindin so‘ng Samarqand ustiga ilg‘agandagi jar devoriga ko‘zi tushgan qush uyasini, yurgan yuruk chiroyini, xayoliga yetishgan Mirzo tomini ustiga oq chodir tikib o‘tirgan, qamchini qalam, alifni kaltak deb yurgan, soya beradigan daraxt ko‘ziga baloday ko‘rinadigan, imorat zotini dushman sanaganidan, ikkinchi qavatiga chiqqan odam shaharni hamma joyini ko‘rarkan deb, bir qavati, oshyoni buzib tashlangan Ulug‘bek madrasasining bosh mudarrisi Qozi Soqiyning otayurti Zominga o‘tar-qaytarda qo‘ngan chinorlarni, qadim-qadimdan azon aytilgan otlariga otameros qo‘shiq al-Usmandiy as-Samarqandiy nomlarini yelkadan qo‘ymay kelayotgan, dunyoni kitobini o‘qib, dunyo o‘qiydigan kitoblarni yozgan, dunyoni o‘qitgan bir etak o‘qimishli bolalarini quvalash o‘ynab qaysi biri qaysi toshning ustiga necha marta chiqib tushganini, ayniqsa, al-alou-l olam – olamni ustuni, al-alo-ustun, al-alous Samarqandiy, alou-d-din-dinning ustuni degan nom, shonu sharaflarga burkangan bolasi – Muhammad ibn Abdulhamid Usmandiy Samarqandiyning elda O‘smat ota atog‘liqning dunyo o‘qigan, dunyoni o‘qitgan “Kalom ilmining javhari”, “Rivoyatlarning xilma-xilligi”, “Ko‘ndalang va xilma-xil”, “Kalom yo‘lidagi to‘g‘ri yo‘l”, “Tafsir ilmida imlo qilingan masalalar”, “Fiqx ilmida izoh”, “Fiqx asoslariga chuqur nazar”, “O‘tgan allomalar o‘rtasida fiqx ilmidagi ixtilof yo‘llari”, “Muayyan masalalar va yo‘llar” otlik yoziqlari, kitoblariga urug‘likni qaysi qirdan tergani, qaysi dalalarga ekkani, ne bir buloqlarni ko‘zidan suv ichgani, unni qaysi toshda tuygani, xamirturish xaltasi osilgan gulmixni, o‘tin tergan so‘qmoqlarni, tandir oqartirgan joylarini ko‘rsatgisi keladi-yu, tiyiladi. O‘zini o‘zi tiyadi. Sir sandiqda sir! Keyin yuviqli-yuvuqsizni nas bosgan nazari, isliqini iqi, g‘ashov qarashidan o‘rtada aybdor bo‘lib qolishidan qo‘rqadi. Kitoblar nomlaridagi “..yo‘l..”, “…yo‘l”, “…yo‘l” so‘zlari yo‘lning xayollarini egallaydi. Kuni kecha shu kitoblarni mukka tushib yozgan yozgan bolalari, yozib bo‘lganlaridan keyin xush-xursand qo‘ltiqlagancha Otakentga tushib ketgandi-ya. Esidan chiqqanini qarang. Har safar o‘ziga o‘z yoqqisi kelib ketganda “Boburnoma”dagi tush voqealarini qayta-qayta eslagisi, yod bo‘lib ketgan satrlarni o‘ziga-o‘zi aytadi, tush ko‘rgisi keladi.
Ko‘zi ilinavermaganidan xotirasining boshqa varag‘ini ochadi, bir vaqtlar otliq, atoqliq otalar Samarqanddan qo‘sh gilamxurjunni og‘zigacha bozorliqqa to‘ldirib kelib, g‘oviga yetganda, onasining qo‘ying-qo‘yingigayam qaramay chug‘ullashib chiqqan bolalarini otiga mindirib, qaytaboshdan Sharrakdan aylantirib kelishini, bolalarning hayratdan hapqirgan qarashlari, otalarning boladay bo‘lib qolishlari ko‘z o‘ngidan ketmaydi. O‘zining ham bola bo‘lib ketgisi keladi. Sovuq gap eshitsa, nohaqlik ko‘rsa kuchi yetmaganidan yuragi tugiladigan, yuragi musht tugadigan, yaxshilik eshitsa o‘zi yig‘lamayman desayam ko‘zlari yig‘lab yuboradigan beg‘ubor bolalik, begidir bolalik, botir bolalik, bahodir bolalikka qaytgisi kelib ketadi. Bunaqa bolalik hammadayam bo‘lavermaydi. Bundan boshqasini bolalik demaydilar. Bundayin bolalarini nomma-nom biladi. Ko‘pi uzoqda yashaydi. Samarqand, Buxoro, Toshkent… Har biri ko‘zini yumib shamolidan, hididan taniydi. Maskov, London, Porij, Kiryuvguchni o‘g‘lini shahri – Vashington degandayam. Yaqin ora yo‘l bo‘lmasa.
Yo‘l qaraydi… yo‘l qaragani qaragan…
Yo‘l qarab, ko‘z ochiq tush ko‘radigan ko‘chagayam yengil tutmaydilar…
Yo‘l qarab, ko‘z ochiq tush ko‘radigan ko‘chaning joniga to‘zim bersin…
Yo‘l qarab, ko‘z ochiq, o‘ziga o‘zi gapirib, o‘zini o‘zi xursand qiladigan ko‘chagayam oson emas…
Yaling‘ich bo‘ldi so‘zlarim,
Termulgich bo‘ldi ko‘zlarim.
Yo‘l qarab, ko‘z ochiq o‘ziga o‘zi gapirib, o‘zini o‘zi xursand qilganu og‘ir uf tortib, birov eshitmadimi degancha to‘rtko‘chaning boshiga qaraydigan, har ufidan ke­yin chang bir ko‘tarilib tushadigan ko‘chagayam oson tutmaydilar.
Yo‘l qarab, ko‘z ochiq, yelkasini tosh bosgan ko‘chaga gap qo‘shish ham qiyin. Sog‘inchning zo‘ridan yuragi bir suv ochadi, bir suv ichadi.
Joynamozga bosh qo‘ymoq – kundaga bosh qo‘ymoq, “Allohi Akbar”, degan eng katta dushman, eshitgan eshitgan joyida sachrab tushgan, orqa oldiga qaramay o‘zini chetga olgan, g‘ar – otin, qo‘shmachi – kayvoni, o‘g‘ri to‘rda, to‘g‘ri go‘rda, piyon – peshvo, bexabar – supi, qashqir bakovullikka o‘tib qo‘shqo‘llab urgan kunlarni eslasa, qo‘ynida yotgan toshlar tars ikkiga bo‘linib ketadi. Ketaveradi.
Ko‘cha yo‘l qaraydi. Yo‘l qarab kuni o‘tadi. Ko‘chani boshida qo‘riqchiday turadigan Oqtosh ham yo‘l qaraydi. Ustiga bolalar chiqib o‘ynashlarini qumsaydi. Yigit-qizlar eldan uyalib, biri toshning bir betida boshqasi boshqa betda bir-biriga aytarlarini aytishini, o‘rtada guvoh bo‘lishini sog‘inadi. Xuddi bir vaqtlardagidek. Eng yaxshi ko‘rgani, kitobni yaxshi ko‘rgan, ko‘ngliga qaragan bolalari… Yilda bir keladi, yo yo‘q. Ularni ko‘rgisi, ko‘zlariga to‘ygisi, ovozlaridan quvvat olgisi, yelkasida gursillab yurganlarida bor dardi duv-duv to‘kilishini qumsab, hasratini o‘ziga o‘zi aytib yangilab oladi. Ko‘cha, ko‘cha yoqalagan turgan-yurgan soya borki yo‘l qaraydi. Murodxonalar, mustarxonalar, mushtiparxonalar …Yo‘l qaraydilar. Sochi supurgi, qo‘li ko‘sov bo‘lib yo‘l qaraydi. Soyasini o‘zi bosib qolgan soyasini qayta tikka bo‘lishidan, izidan ergashib yurishidan umidvor, ko‘zi ochiqlar ham. Hammaning derazasidan ko‘rinib turadigan, elning yaxshi kunida to‘shanchi bo‘ladigan, darvishonalar o‘tkaziladigan qir – Kattaqashqa yana bir oti O‘rtabaland hammaga bosh bo‘ladi. Yo‘lqararlar: Toshbuloq, Qo‘rg‘ontepa, Dunyotepa, Kattaqashqa, Yakkatut, Oqtosh, Oqterak, tumshug‘iga katta savatday qilib ayvoncha o‘rnatilgan Simyog‘och. Mardon uni Elomon deydi. Bilmasangiz bilib oling: Elomon qo‘riqchi, soqchi, qo‘ruvchi degani. Katta kitoblarga solishtirganman. Ayvoncha monterlarni simyog‘ochni uchidagi ishxonasi. Kimni uyiga yuk mashinasinida qancha g‘alla keldi-ketdisiga qarab turadigan, joylariyam. Bir kuni tok urib o‘lguncha, albatta. Keyin Katta sharrak. Sharrak. Sharrakning o‘ng yelkasiga chiqib olgan Hulvolik, chap yelkasiga osilgan Ko‘kbo‘zalam. Qishloqda o‘zi yashil o‘tniyam “ko‘k” deydilar. “Er ko‘klapti”, deydilar. “Bo‘z” deganiyam ko‘k degani. Ularni farqini faqat qishloqni tentagi Mardon biladi. Ko‘k. Bo‘z. Yashil. Uni aytishicha, ularni farqi jonida, yoshida emish. So‘zlarning ham yoshi bo‘larmish. Yoshu qarisi, katta yoshligi, kichik yoshligi, o‘lik-tirigi, tansiq-sassig‘i, o‘tkir-o‘tmasi deganday. Suv kesmasiyam. Ko‘chaning kechasi yolg‘iz qo‘ymaydiganlar: Olapar, To‘rtko‘z, Sartoy, Bo‘ribosar, Sirtlon, Qoplon, Arslon, Qorabosh, Yo‘lbars. Tunggi jo‘ralar otadoshlari ming yil oldin ko‘chani qanday qo‘riqlagan bo‘lsalar shunday qo‘riqlaydilar. Shunday qaraydilar. It sodiqmish. Mardonniki qo‘zib qolganda, “Bir itchalik bo‘lmaganingdan keyin oting eshak bo‘ladi-da! Kim ustingga chiqsa zippillab ketaverganingdan keyin eshak bo‘lmay nimasan!” deydi. bozordagi eshak o‘g‘rilaridan biri eshagini minib jo‘naganda ushlab olib, eshak o‘g‘riga, “sanga tarbiya bergan ustozingga raxmat, otangga katta raxmat degancha o‘g‘rini o‘rniga eshagini savalab qolganda. Bilganlar bilmaganga oladi, bilmaganlar kulib qo‘yib Tentakdan tegishini oladi.
Hozir qishloqdagi eng zo‘r it Ataulla tog‘aning o‘g‘li Ilhom cho‘ponning To‘rtko‘zi. Uyga qarash desa uyga, qo‘yga qarash desa qo‘yga qarashadi. Qo‘yda charchagan itlarni o‘zini o‘nglab olsin deb uyda qoldirishganda yalog‘iga solingan yuvindiga bir qarab, bir qaramaganday totilanmaydi. Borini ko‘rib ketaveradi. Boriga ko‘nib ketaveradi. Katta otasini ko‘rgani kelgan nevaralari, chig‘dan chiqqanga tegmaydi. Kuyovlarni qo‘ymaydi. Birov chiqib olib kelmagancha ko‘chani boshida ushlab turaveradi. Ilhom cho‘pon qo‘y boshida bitta-yarimta bilan baqirishib qolganda yonida turib o‘sha odamga qarab hurganidan uyalganidan uyda qoldirgan edi. Ko‘chani og‘zida yotsa qo‘li egri, oyog‘i chakkilar qimirlolmay qoladi. It holiga o‘tgan qaytganni yurishidan ajratadi. O‘zini uyquga solib yotgani yolg‘on. To‘rtko‘z tog‘adan hayiqadi. Ko‘rgandan pana joy topib borib bekinib, bekingan joyidan pisinib tog‘aning qo‘liga qaraydi. Hamma itlar qatori boylab qo‘yadi deb zanjirdan qo‘rqadi. Ayniqsa shaqirlagan ovozidan. Zanjirga mehr qo‘ygan itni it demaydilar. Yaqinda Haqnazar cho‘pon cho‘pon it uyda yotmasin, bizga qarashsin deb qo‘yga olib ketgan ekan, bir kun ham turmay egasini oldiga qochib ketibdi.
Mustardan mustarlar ham bor. Onalar avval elak, sal o‘tmay qo‘lida nonpar ushlab qo‘shnisidan chekich so‘rar bahonasida ko‘chaga chiqqan, otalar talmovsirab bir darvoza qulfini ko‘rgan, bir suvi to‘xtagan ariqdan suv toshmadimikan degancha suvdan xabar olgan kishiday yo‘l qaraydi. Sog‘inch har qanday sog‘ni nosog‘ qiladi… Sog‘adi… Sarg‘aytadi… Sarsonlar soniga soladi… Birovni dardiga birov voy jonim demagan. Hammaning ham ko‘chada ishi bor. Ko‘chadan yaxshi gap umidvor. Ko‘chadan yaxshilik umidvor. Ishonchi ko‘chada, ishongani ko‘chada. Ko‘zi ko‘chada qolgan. Tirik ko‘z ko‘cha bilan. Tirikni ko‘zi ko‘chada. Tirik ko‘chaga chiqqani bilan tirik. Soyasi ko‘chada izidan yurgani bilan tirik.
Jarko‘cha bosh qo‘ygan supadagi Enaning ko‘nglidan o‘tganini, o‘ziga o‘zi gapirgan gapni eshitgan eshitadi. Birovi biroviga bildirmaydi.
– Xudo bir! Rasul barhaq! Nafasi tekkan ko‘karmay qolmaydi, – deydi Ena urchug‘ini aylantirib, ko‘zlari yaxshi ilg‘amasa-da yigirgan har quloch ipini qulochi orasida tarang tortib, tekshirib, ovozidan, tortilishidan bir tekis va pishiqligini ilg‘ab, ko‘ngli to‘lgach urchuq beliga o‘raydi. Enaning yigirgan ipiyam, o‘ziga o‘zining gapirishiyam uzilmagan: hammayam bir kun, bir chimdim ko‘kal bo‘lib chiqadi-da…Chiqsing‘da… Chiqadi… Xudo bor!
Ha-ya, yana bitta yaxshi ko‘rgan qo‘shig‘i bor. Yomg‘ir yoqqanda, ko‘ksiga nam tegib, maysalar yer ostidan qimirlab qolganda, til chiqargan ko‘kallarga qo‘shilib eshitadigan qo‘shig‘i. Uni hamma biladi. Kattalar ham. Yoshligida aytishgan, aytmagani eshitgan. Eshitgan borki, maza qilgan. Kattalarning qo‘shig‘iniyam, gapiniyam ovoz chiqarib aytib bo‘lmaydi. Biroviga bo‘lmasa biroviga tegib ketadi. Bolalikning qo‘shiqlari zo‘r. Ovoz chiqarib, yomg‘irda ivib aytsayam bo‘ladi. Hamma eshitadi. Siz ham eshiting:

Yomg‘ir yog‘aloq,
Echki tug‘aloq,
Xudo bergan yangamni,
Qorni dumaloq.

Yangi kelinchaklar nimaga jerik bo‘lganniyam o‘zi bilmaydigan kunlarda unga qiyin. Birovi kaltachasining kissasini choldevorni kesagiga to‘ldirgan, boshqasi bir yengini yermoyga, solyarkaga botirib iskab yuradi. Ko‘kpiyozni katta tishlab, mayda chaynagani qancha? Bolaligida katta bir laylakning bir bosh uzum olib kelib qo‘l yetar joyda, ko‘z o‘ngida turishini eshitgan qiz borki kelin bo‘lganning ertasidan boshlab xayolidan ketmaydi. Kuni kecha xola-xola o‘ynagan bo‘lalar, xolavachchalarning qizlik bilan xayrlashuv kechasi va kelinchaklik oqshomlari haqidagi so‘rovlariga javob berolmay qiynalayotganliginiyam eshitgan, ko‘rgan. O‘zini erdan bezor bo‘lgandek ko‘rsatsa-da, yemni ko‘rsa boshini oxirdan ko‘tarmaydigan, tishi o‘tsa o‘tmasa oldiga solinganni qaytarmaydigan eski baytalday, og‘ziga kelganni qaytarmagan, og‘ziga siqqanni to‘xtatmay yangi kelinchaklarni og‘zini ochirib qo‘yadigan xotinlar suhbatidan o‘ziyam uyalib ketgan kunlar bo‘lgan, bo‘ladi, bo‘layapti. Devorniki qulog‘i bor, ko‘chaning yo‘q narsasi yo‘qligini bilmasa shu xotinlar bilmaydi.
Yaxshi ko‘rgan joylaridan biri yer toklarning osti. Shamolda daraxtlardan sinib tushgan yoki bironta insofli yonboshlatib o‘rnatib ketgan shoxlar ustini paqqos qoplagan toklar osti. Bu toklar ko‘milmaydi. Qishda ko‘milmaganligi, sovuqqa o‘rganganligi uchun qayroqi deyiladi. Yovvoyi emas. Tokni yovvoyi desa uyat bo‘ladi. Yovvoyi deb qishloqda to‘ng‘iz bilan jar mushukni aytishadi. Jarko‘cha toklari hammaga ko‘ringani bilan uzumlari hammagayam ko‘rinavermaydi. Ko‘ringaniyam hammaga uzilavermaydi. Nopok qo‘l cho‘zilsa ko‘rinmay qolarmish. Ko‘zdan yo‘qolarmish. Shuning uchun ko‘rganiyam ko‘ringaniga qo‘l cho‘zavermaydi. Enam aytganlar. Yer toklarning bo‘g‘ziga hakachak tiralgan, so‘kichak qo‘yilganlari alohida savlat to‘kib bosh tugadi. Tokni tagiga katta-kichik itlarni kirib chiqaverganidan og‘zi Jarko‘chaga qaragan kamarchalar qorayib turadi. Pishiqchilikka yetishganda uy chumchuqlar yertoklarni boshi ko‘zi, yelkasi demay ega chiqadilar. Dunyoni bor chumchug‘ini shundan topasiz. Yo‘qolgan itlarniyam. Kamarlar shifti shig‘il bo‘ladi. Sariq, qizil, qora, gulobi, yarmi qizil yarmi oq. Qorayganni zo‘ridan ko‘karib ketganlariyam bor. Otlarining o‘zi bir kitob. Sultoniy, Shivilg‘oniy, Buvaki, Vassarg‘a, Toifi, Qorajanjal, Bedoniy, Charos, Baxtiyoriy, Behishti, Bayoni sheriy, Soyaki, Obaki, Tog‘obi, Xalili, Husayni. Husaynisini o‘zi yig‘ilsa bir qur. Murchamiyon husayni, Kelinbarmoq xusayni, Qora husayni, Qizil husayni, Lo‘ndi husayni. Qurg‘urlarni otlari xuddi katta shoirlarni otlariga o‘xshaydi. Men ularni otini Mardon ularga gap otganda, meni eshitsin, esida qolsin deb qayta aytib, bir qarab qo‘yganda ildirib olganman. Mardonni aytishicha, odamlar ota­sining otiga qo‘shib, yeydigan yemishini yeb, otiniyam unutib bo‘lgach odam sonidan chiqarmish. Tozi itday kim nima deb atasa, chaqirsa yutim yo‘lida yutoqib orqasidan dumini likkillatib ergashib ketaverarmish. Bu gaplarni ko‘chada aytgan, ko‘chayam eshitgan. Ko‘cha hammani hamma gap-so‘zidan xabardor. Yomonini yashirib, yaxshisini oshiradigan ham ko‘cha. Boya yozganimdek uning yaxshi ko‘rgan joylaridan biri toklar osti. Toklarni tagiga kirib Olaparday ikki qo‘lini oldinga cho‘zib, yerga to‘shab ustiga boshini qo‘yib o‘tgan qaytgan katta shovur-shuvurlarga men hammasidan xabardorman deganday ko‘zlarini birini ochib, birini ochgisi kelmay yotishniyam yoqtiradi. Keyin itlarni yangi maysalarni qo‘yday uzib olib yemoqchi bo‘lib o‘xshata olmasligini, uzumlarni terib-terib yeyishini ko‘p poylagan. Jarko‘chaning uzumlari kimga qanaqa deyishadi. Birovga zahari qotilday achchiq, turish, birovga shirindan shirini tuyularmish. Shuning uchun birov birovning oldida uzum uzib olmaydi. Qo‘rqadi. Uzangan qo‘l quruq qolsa uyatga, yeganda achchiq tuyulsa gap-so‘zni tagida qolib ketadi. Bir shingilni ikkiga bo‘lib yegandayam birovga unday, birovga bundayi ko‘p bo‘lgan. Shundan bo‘lsa kerak uzgan ham, yegan ham hech kimga ko‘rsatmay uzib, ko‘rsatmay yeydi. Shirin chiqqaniyam birovga bildirmaydi. Lekin hamma kimga nima chiqqanini, chiqarini biladi. O‘zi bir bosh uzumni birovining kasaliga, birovining qasamiga qarab bir shingili shirin, bir shingili taxir chiqqanlaryam bo‘lgan deyishadi. Avvaliga taxir, keyin shirin tuyuladigani yoki aksi, avvaliga shirin tuyulib, keyiniga zahardan turish tuyulishiyam bor. Hech birini yashirib bo‘lmaydi. Til yashirgani bilan bet yashira olmaydi. Bet yashirganni ko‘z yashirolmaydi, deyishadi. Men ham bir marta Olaparga qo‘shilib yertokni tagiga kirib yotganman. Akam bilan urishib qolib, uydan chiqib ketib, to‘g‘ri tokni tagidan joy qilganmiz. Kuni bilan ichimdagi jo‘ram bilan “men ko‘rganni kim ko‘rdi” degan o‘yinni o‘ynaganmiz. Bu zo‘r o‘yin. Kim to‘g‘ri, kim yolg‘onchiligini darrov bilib olsa bo‘ladi. Navbati kelgan bir nuqtaga qarab, “Men ko‘rganni kim ko‘rdi?” deydi, topaman deb da’vogarlik qilgan, “Men ko‘rdim”, deydi. Keyin o‘sha qaragan joyiga qaraydi va ko‘rgan narsasini aytadi. Bittada topsayam bo‘ladi. Lekin, uch marta aytganda topolmasa yutqazgan bo‘ladi. Ana shu uch martada ko‘ringan narsani aytish chog‘ida “men ko‘rganni kim ko‘rdi” deganning rostchiligi yoki yolg‘onchiligi bilinadi qoladi. Biz bekingan tokning osti kengish. Engashmay yursa bo‘ladigan joylariyam bor. Quyoshni ko‘zida qolib, boshqalardan ko‘ra ertaroq qizara boshlagan uzum boshiga, uning o‘rtasidagi jo‘ralaridan kattaroq va qizg‘ishtobroq, o‘ziga tushgan yorug‘likni to‘rt tomonga sochayotgan donasiga ko‘zim tushgan-u shu o‘yinni boshlaganmiz. Jo‘ram ham men ham bir-birimizni aldamaganmiz. Kechga yaqin Enam o‘zlari kelib, yetaklab olib ketganlar. Bo‘lmasa bormasdim. O‘shanda katta beshiktebratar, qishloqda beshiktervatar deyishadi, qishloqcha gaplarni qo‘shmasam yoziqlarim xayoli boshqa so‘zi boshqa kasal odamday bo‘lib qolayapti: shuning uchun oz-ozdan aralashtirib turaman. Kulmang. Shunday qilib katta beshiktervatar Olapar ikkalamiz tokni tagiga kirishimizdan betini ikkala qo‘lini tili bilan xo‘llab betini tez-tez yuvib, boshini yelkasidan ajratgudek bo‘lib, qayta-qayta engashadi. Salom bergani bo‘lsa kerak. Men ham salom bergan bo‘laman. Avvaldan ko‘ztanish. O‘zi Enamdan uzoqda o‘ynasam, oldimdan chiqib qolaveradi. Tokni tagiga bekinganimni shu aytgan bo‘lsa kerak. Bo‘lmasa topisha olishmasdi. Ostidan chiqayotganimda tok etagimga bir bosh uzum soldi. Olasola Enamga berdim. Anjancha aytganda, “Olibla Enamga berdim”. Ota­doshlar shevasini mehmonga kelganda o‘rganib olganman.
Bir narsasini yo‘qotganday, nima yo‘qotganini o‘ziyam bilmaydigan, yo‘qot­ganini qidirgan, jovdiragan Oy bo‘ladi. Qimirlagan qora borki tanishday tuyulib orqasidan ergashadi… Jovdiragandan Oy jovdiraydi. Jovdiragan Oy bo‘ladi. Oq yo‘ldan engan bilan teppa-teng parillab jo‘naydi. Yursa yuradi, to‘xtasa to‘xtaydi, – o‘rlagan bilan o‘rlaydi…

YO‘L TO‘LA MEZON QO‘ShIG‘I

Ko‘cha yaxshi ko‘rgan narsalaridan yana birini aytmagan ekan. Bolakaylarning qo‘ynini to‘ldirib tandirpish, urish navbati kelgan bolaning panqillog‘ini ichiga katta tuflab, “Musigugi (musicha)ning o‘ng qulog‘i, chap qulog‘i”, deb panqilloq o‘ynashiniyam. Panqilloq piyoladek keladigan va o‘xshaydigan loydan yasalgan va o‘ynaydiganlar navbati bilan panqillog‘ini teskari qilib yerga uradigan o‘yin. Kimni panqillog‘i katta yoriq ochsa, o‘sha yutgan bo‘ladi. Shalpayib yorilmagan, pissillab kichkinagina teshik ochganlar kulgiga qoladi. Teshik ochmaganlarniki kuy hisoblanadi Panqilloqni yorig‘ini yutqizgan bola loy bilan yamab to‘ldiradi. Yoriq yamashga loyi yetmaganlar yutqizgan hisoblanadi. Loyni yetarlicha qilib vaqtida yaxshi pishirmaganlar hamisha yutqazgan. Tandirpishda loy kerak emas. Mayin tuproqni to‘plab, bir mushtini yerga qo‘yib, bu qo‘li bilan mushti ustini tuproq bilan yopish, ustidan yaxshilab pishib urish, keyin mushtini tuproq, tandir ichidan olganda tandircha joyida qolishiga aytiladi. Kimni tandiri katta va ko‘p bo‘lsa o‘sha yutgan bo‘ladi. Ana shu o‘yinlar o‘ynalganda Jarko‘chaning changu-tuprog‘i o‘zini qo‘yaga joy topolmaydi. Bolakaylarning qosh-kipriklariga, quloqlariga chiqib oladi. Betlarini yalagilari keladi. Tandirpish, panqilloq o‘ynayotgan o‘g‘il-qizlarining ota-onalari bir vaqtlar xuddi shu joyda, xuddi shunday o‘yinni o‘ynaganlarini eslab kulib o‘tishlari, orqalariga qarab-qarab ketishlari sog‘inganlaridan. O‘yinni har doim Mardiqul duxtirning oq xalatda kimgadir ukol qilish, dori berish uchun o‘tib qolishi buzgan. Bolalar duxtirni oq xalatidan qo‘rqishadi. Undan ham yomon qo‘lidagi o‘zi oq, qornida qizil rangli qo‘shuv belgisi bor chamadonidan qo‘rqishadi. Hammasi shuni ichida. Og‘izni katta ochirib, tilni bosib qiynaydigan yaltiroq og‘zi yo‘q qoshig‘iyam. Qishloqning itlaridan ham bunchalik qo‘rqishmaydi. Oq xalatni ko‘rdi degancha turra-turra qochadilar. Keyin o‘yinxonaga jar mushuklari ega chiqishadi. Kerishib, tannozlanib dumlarni xodaday tik tutib tumshug‘ini hali bu, hali nariga tandirga tegizishadi. Sichqonning ini o‘rniga dasturxon poylaydigan mushuklar oyoqlariga ilashgan gard-gurdlarni oyoqlarini birma-bir, navbatma-navbat ko‘tarib siltab-siltab tozalagan ham bo‘ladilar. O‘lag‘oyda. Mayin tuproqni bo‘lg‘ash pishaklarga otameros. Qo‘ydan qaytib kelayotgan cho‘pon itlari o‘yinxonaga ser solib qarab, chekkalab o‘tadi. Sanqi itlar bir tumshug‘ini tekkizib bulg‘amasa, ko‘ngli joyiga tushmaydi. Ularni qilig‘i ko‘chaning ko‘ngliga tegib ketadi, yoqmaydi. Jo‘raga yoqmagan narsalarni yozmaydilar. Buni o‘zim birdan bilib qolganman. Paqilloqning oxirida bo‘ladigan o‘yin esa hammasidan zo‘r. Bolakaylar, qizaloqlar jarning tikka devorlariga, jar yoqalagan uylarning devorlariga teskari turib, ichlarida sirlarini aytib, oxirida, “Otamning puli ko‘p bo‘lsin”, deb loy otishlari, otganda qanday ushlab olishlarini esa o‘zi aytgisi kelmaydi. Bolalik sirlari. O‘rtalaridagi sir. Sirni begonaga aytmaydilar. Har bir bolaning sirini biladi. Qizchalarniyam. Qulog‘iga Zebunniso oti o‘qilgan, el Biyniso deb ketgan qizcha bolaligida ilkis oy izidan yurganini, to‘xtasa to‘xtaganini, betini oydan olib ozgina yurib yana qarasa, oy ham qarab turganin, yana yursa yurganini, to‘xtasa to‘xtaganini sezib, xursand bo‘lib ketgani, ko‘zlari charaqlab ketgani kunni o‘ziga o‘zi aytib o‘zini ko‘nglini o‘zi chog‘ qiladi.
O‘ziga o‘zi yoqadigan kunlar ham bor. Bu kunlar qamish qo‘g‘asi, g‘o‘g‘asi patiga o‘ralishgan, qizchalarning o‘yin to‘pidan kichikroq kichikroq to‘ppichalarning, mezon aravalarining g‘ildirashib bir-birining orqasidan yursa yurib, to‘xtasa to‘xtab saralangan askarday, tartibli qo‘shinday yurishidan boshlanadi. Aravalar ortidan izma-iz mezonlar savoqlari qo‘l yetgan joyigacha dor osadilar. Mezonning yana bir oti – Ulgu. Ulgudan ulgu teksa chehrada hamisha kulgu degani shunga. Ulgusi o‘sha, shamolda ketayotganlardan kim qancha ushlab qolishi, tegish degani. Birovga bir savoq, birovga o‘n. Birovga kattasavoq, birovga kalta savoq. Savoqni uzunligi mana shuncha degan aniq mezoni bo‘lmaydi. Har kimniki o‘ziga, yarim qulochiga yarasha o‘lchanadi. Burunning uchidan yonga yozilgan bir qo‘lni uchigacha bo‘lgan ip bir savoq. Noqobilning savog‘i uzun bo‘ladi. Mezon dorlarining bo‘ritaroqlarga xayolday suzilishib, chuvalashib kelib ilinishi, ilinib kun nafasida sollanishi ayniqsa xush yoqadi. Jarko‘cha yoqasida bo‘yniga dor osmagan qolmaydi. Bo‘riguldan tortib pochaqirqar, dilikaptar, ilonquyruq, arslonquyruq, itbodom, itog‘iz, ittovon, lattatikan, otquloq, shaytonkelmas, shaytonkovush, chaqamig‘-u eshakmiyagacha. Dov-daraxtning bir yillik ko‘z ochiqlikka uyg‘unlik davrining xat-chizig‘ini shamol varaqlariga xayolan yozilishiday tuyuladi. Kimning boshidan nima o‘tganini bir biriga aytayotganday. Bir vaqtlar kelinlar yangi kelinlik kunlari boshiga soladigan, oppoq ipakdan to‘qilgan iroqi, sochiqli, po‘pilli ro‘molga o‘ranganday bo‘ladi. Shokilalari uzun-uzun, kelinchakni oppoq bo‘yniga paqqos chirmashib, yana ko‘ksiga bosh tashlaganday bo‘ladi. Bunday ro‘molni o‘ragan kelinchakning armoni yo‘q edi. Bunday ro‘mol qishloqda o‘zi bitta. Enamning enasini, enasini kelinlik ro‘moli. Qadimdan qadimi. Hech kim Enamdan ro‘molini berib turishni so‘rolmagan. Xushiga o‘tirgan, aytgan chizig‘idan chiqmagan, bir vatanni obod qilishiga ishongan qizlar, o‘z og‘zi bilan ro‘molini berib turishni va’da qilgan qizlargina o‘rashgan. Archani o‘tin, hammayam xotin bo‘ladi deb yuribsan-da. Erkakni yelkasida vatan, ayolni quchog‘ida chaman bo‘lsin. Bularniyam Enamdan yozib olganman. Otdosh shamolda nomayi a’mollarni bir chiziq qilib yoyib, yozib, sudrab, suzib, suzilib, sochlari sollanib kirib kelgan mezon iplari bir savoqliq, bir savoqliq qilib ko‘ringan shoxga o‘zini ilib chiqadi. Yer bilan Ko‘kning bir-biriga ko‘klagani o‘zlariga joy tanlaydilar. Xayollariniyam. Yillik tiriklik tashvishlariga tarozi osadi. Chap yelkasiyam o‘zi, o‘ng yelkasiyam o‘zi. Toshini o‘zi qo‘yadi, o‘zi oladi. Shayini, shaytoni, tili-yu, tilmochiyam o‘zi. Kallasi xirmon joyday bo‘lib bo‘ritaroqlar mashshotalikka o‘tadilar. Shamolga qo‘shilib taragan bo‘ladi. Bir-biriga istar-istamasgina qo‘l berib, uzundan uzun bo‘lib ketgan, o‘z yukidan ortiqni ko‘taraman degan dorlar baribir uzilishadi. Kuchi yetgan xayollar bilan olishadi. Kuch yetmaganlarini bo‘ritaroqqa taroqlatadi. Mezonlar tanish va sodiq xayollardek atrofida o‘ralashadi. Biri betiga, biri qulog‘iga osiladi. Erkalanadi. Taroqlangan, tozalangan xayollar quvvatli, dilbar bo‘lishini o‘ziyam ilkis ilg‘aydi.
Enam mezon iplarini patmalak deydilar. Pati malak, malaklar pati. Malaklar, farishtalar yettinchi qavat osmondan uchib o‘tganda tushgan patlar deydilar. Bir yilning yozig‘ini ko‘rgan, bir yilning yozig‘iga javob berishda guvoh bo‘ladiganlar deydilar. Kunchuvoqda urchuq yigirib o‘tirganlarida atroflarida hashtala osgan patmalaklarning har biri bilan birma-bir gaplashadilar. Xayr-xushlashadilar. Yanagi yil, yanagi shu oy, yanagi shu kunga yetkazishini so‘raydilar. Duo qiladilar. Malaklarga javob beradilar. Dumog‘i chog‘ mezon tillari osilgancha osmonlarga sig‘maydilar. Mardon ham mezonni ko‘rdi degancha avrodga tushib qoladi. Ko‘nglida o‘qiyotganlari oldiga tushadi.
Albatta, mezon haqdur.
Albatta, nor-olov haqdur.
Albatta, sirot haqdur.
Albatta, Havzi Kavsar haqdur.
Albatta, shafoat haqdur.
Albatta, Munkar va Nakr haqdur.
Albatta, va’da haqdur.
ALBATTA, SAN’AT- QIYoMAT HAQDIR.
Bizga insoniy xislatlarni ato qil!
Avvalini to‘g‘ri, o‘rtasida najot ber, oxirni imonli qil!
Mezonda o‘zi kifoyadur.
Eng yomon ko‘rgan kuni yoshgina kelinchaklarni ko‘k kiyib, sochlarini yoyib, yuzlarini tirnab qonatib, qorakuya surtib, uvvos solib, hushudan ketib qolganini ko‘rish. Hech kim yigit o‘lmasin deb shunga aytishadi.
Bir narsasini yo‘qotganday, nima yo‘qotganini o‘ziyam bilmaydigan, yo‘qotganini qidirgan, jalanglagan Oy bo‘ladi. Qimirlagan qora borki tanishday tuyulib orqasidan ergashadi… Jovdiragandan Oy jovdiraydi. Oq yo‘ldan engan bilan teppa-teng parillab jo‘naydi. Yursa yuradi, to‘xtasa to‘xtaydi, o‘rlagan bilan yonma-yon o‘rlaydi…

OY YO‘LI

Muchal boshda avval boshdan sichqon turgan,
So‘ngra sigir, yo‘lda yo‘lbars quyonni quvgan.
Suvda rizqin baliq bilan ilon tergan,,
Otu qo‘yning qo‘sh-qo‘rasi birga bo‘lgan..
Izma-izda maymun, tovuq, it keladi,
To‘ng‘iz kelsa muchal degan tugun tukkan.
Muchal ag‘darmagan bolani katta bola demaydilar. Kimning ishi muchalga tushsa Mardondan so‘rashadi. Muchalni Mardon ag‘darsin. To‘g‘risigayam teskarisigiyam. Menga Enam o‘rgatganlar. O‘rganganim uchun pul ham berganlar. Enam o‘zi shunaqa. Aytgan narsalarini yodlab olsam albatta pul beradilar. Olmay deymanu, lekin uyalaman. Qishloqda o‘zi odamlar tug‘ilgan yilini emas, muchalini hisobini qiladilar. Yildosh degani tengqur degani. Lekin itlarniki boshqacha. Bir yili ikki yilga o‘tadi.
Sal bo‘lmasa Jarko‘chaning olashaqshaqlar yong‘oq ekkandan keyinini aytish esimdan chiqibdi. Oyqortog‘ni ustiga chiqib Aymoq qa’lasiga yetguncha, yo‘lma-yo‘l keta-ketguncha har bir tikkaygan tikon, har bir qarich yerning o‘z oti bor. Har bir qo‘ra, qo‘nalg‘a, qo‘nim, qo‘shqo‘ra, qo‘tan, tosh, burum, qirra, o‘r, enishning tus oti bor. Yakka archa, Bir quloq o‘rik, Qorasovuq, Novustepa. Oyqorning chap qo‘liday uzalib tushgan qir – Bo‘rio‘ynar. Qirning belidan o‘tgan yo‘l ham atoqlik. Bo‘ri yo‘li. Undan narida Oybodom dovoni yuradi. Qishloq tugagan, olashaqshaqlar ekkan yang‘oqzordan keyin yo‘l torayib torayib, bir eshak sig‘adiganday bo‘lib qolsa-da Jarko‘chadan uzilmagan, na jar, na ko‘chaga yotadigan, yo‘lma-yo‘l qishloqdan chiqib Kattabetni belidan oshib Oybetgacha boradigan yo‘ldagi ish ko‘rsatgan soya-soyasiz, hunarli narsa-qora otliq, atoqlik. Nega endi yetti qir oshib keladigan uzundan uzun yo‘lning oti yo‘q? Kattabetga chiqqaning soyasi tikka qishloqqa tushadi. Oybetda yurgan qorani yurishidan hamma taniydi. Bu yo‘l elning ko‘zida turadi. Bu yo‘lda o‘g‘ri yurmaydi. Ishiyam, o‘ziyam to‘g‘rining yo‘li. Tog‘ning ortidagi otadoshlar mehmonga shu yo‘ldan keladilar. O‘g‘ri yo‘llar boshqa, pana-pastqamda. Somon tashish, o‘rmonchilar bilan kelishib o‘tin o‘g‘irlashda ishongan ishongani bilan to‘da-to‘da bo‘lib olishadi.
Buloqlarniki, qo‘yavering. Nomlari qo‘shsha-qo‘shsha, nomidan dovrug‘i ziyod.
Hushtak chalib, hishqirig‘i dunyoni tutib yotgan joyidan uchib kelib Oybuloq boshiga tushadigan, kallasi juda katta, tojiyam bor ilonni ilonlarning poshshosi deyishadi. Shamolidan tanisharmish. Bir oyda bir buloq ko‘ziga yuragini kuyugini bosgani, suvga tushgani kelarmish. Shu kuni Kattasoyning suvi sergib qolarmish. Qattiq kulcha urib yotsa, suv jippa qurirmish, g‘ippa bug‘ilarmish. Ko‘rganlar ko‘rganini birovga gapirmaydi. Imo-ishora bilan tillashadi. Bo‘lsa bordir. Enam ham, eski, bor gap deganlar. Otiyam qiziq. Morilon. Forsiyda mor, turkiyda ilon degani. Odamni tiriklay yutadigan baliqni, Nahangbaliq deyishadi. Buyam huddi shunday.O‘zi hamma tillar jo‘ra-jo‘ra bo‘lsa kerak. Keragida bir-biriga yordam berishadi, chog‘i. Bo‘lmasa, Kattailon yoki Kattabaliq desa Morilon bilan Nahang baliqni hech kim ajratolmay qoladi-da. Ilon-ilon, baliq-baliq desa kulguli. Do‘ltabo‘riyam shunday. Do‘ltabo‘ri bu – kallasi bir bo‘lak, tanasi bir bo‘lak katta ko‘k bo‘ri. Xohlasa, odamning oldiga kelib qoshini kerib, tilini bir qarich chiqarib, shoshmasdan lab-lunjini aritib, “ha, jo‘ra!” deb qarab turadigan, istasa, istagan hovlisini istagan joyida istagancha cho‘nqayib, xayolini joyiga qo‘yib olgancha birovga bir nima demay, bir narsaga tegmay indamay yana iziga ketadigan, ko‘zlari hamisha yig‘lagan, lekin ko‘z yoshini ko‘rsatmaydigan, shamol ham xurmat yuzasidan omonatday silkingan yoliga qo‘lini uchinigina tekkizadigan bo‘rini Do‘ltabo‘ri deydilar. Men Mardonni Do‘ltabo‘riga o‘xshataman. Yurishiniyam, turishiniyam. Yig‘layotgan bolaga jim Do‘ltabo‘ri oynani orqasida o‘tiribdi desa ko‘rmagan bo‘lsayam, ko‘zda yosh besh qator bo‘lsayam jim bo‘ladi. Otini qon taniydi deyishadi. Mardonni aytishicha, qadimgi turk tilidagi do‘lta bugungisida bo‘ri degani. Ota bir bolalarni murosaga keltirganday gap deb qo‘yadi dimog‘i chog‘ bo‘lib, Do‘ltabo‘ri haqida gap ketganda. Uni odamlar Ko‘kalay deydi. Men Ko‘kyol deb chaqiraman. Ko‘kyol har doim katta qor yoqqanda Enamni ko‘rgani keladi, chog‘i. Hayotimizning boshidagi do‘ngliklarning eng kattasini ustiga kelib o‘tirganda Enam uy ichidan turib unga gap qo‘shgan bo‘ladilar. Katta otamni kitob o‘qigani uchun qamashgan. Orasida kitoblar bor deb yiqitilgan devorlar yer bilan bitta bo‘lib, bir avlod birdaniga bir kunda ko‘milganday tizilishgan to‘mpoqlar ustida o‘ynasam Enam juda xursand bo‘ladilar. O‘shanda kitob o‘qiganlarni yomon ko‘risharkan. Ko‘kalayniyam, Sherdor madrasasi tomidagiga o‘xshash boyagi do‘ngchalarniyam Enam tanishtirganlar. Enam bu joyga har erta ko‘klam bir martagina to‘shanchi yozdiradi. Otameros oq kigiz ustidan qo‘g‘irchoq surat nusxa qoqma gilamni to‘shattiradi. Oddatdagidek urchuq yigiradilar. Har bir gaplarini, “San bil, Xudo!” deb boshlab, o‘zlariga o‘zlari gap qo‘shadilar. Boshqa gaplarni yozish mumkin emas. Tamom. Ma’quli muxtasar. Oymoh ham shunday. U Oyqorning ustidagi qadimi qa’la, qishloq. O‘rislar Turkistonni bosib olganlaridan keyin o‘ljani hisobini olish uchun karta tuzishgan, o‘zini tili, dili, yozig‘iga moslab Oymohni Aymax deb tushirgan, keyin-keyin Aymoqqa aylangan deyishadi. Enam Oymoh deydilar. Men ham. Qolgan gap-so‘zlarni ahmoqni og‘zidagi gap deganlar. Katta enalari Enamga bir zamonlar Oymohda yashagan davr­larini ertak qilib aytib berganlar, Enam menga.
Har safar eshitganimda Oymoh ko‘chalarida yurgandek bo‘laman, xuddi burnog‘i yil tarix o‘qituvchisi Ergash muallim o‘g‘illari Amriddin akaga tayinlagan va u kishi qo‘limdan yetaklab Afrosiyobning necha ming-ming yillik ko‘chalarini birma-bir tanishtirganlaridek o‘zimga o‘zim tanishtiraman. U yerdagi tumpoqlar ham bizni to‘mpoqlarga o‘xsharkan. Lekin, qattaroq-kattaroq. Enam Oymohga bolaliklarida, Oqposhshoni soldati O‘smatni qirg‘in qilganda qochib chiqqanlar. Mozorlari uzun-uzun va sanog‘i yo‘q, qal’a devori har biri katta tegirmon toshiday keladigan toshlardan qurilgan deyishadi. U yerdan dunyoning u chetidan bu cheti ko‘rinarmish. Bir kaftda Samarqand, birda Panjikent turganday bo‘larmish. Birov Aleksandr Makedonskiy qurdirgan desa, birov Iskandar Zulqarnayn zamonidan qolgan deydi. Boshqa biri ikkovi bir odam deydi. Kimdan qolganini Enamni ertagini eshitsangiz bilasiz! Ikkovi bir odam ekanligini esa aniq bilaman. Kitobdan o‘qib, albatta. Katta bo‘lsam, Mardon Oymohga olib chiqishga so‘z bergan. Avval otam ruxsat berib, Enam xo‘p desalar, albatta. Lekin, o‘shandan beri ko‘zimga Oyqorga chirmashib ketgan Oymohga yetish yo‘li ko‘rinaveradi. Enam yangi oyni hilol deydilar. Hiloloy otliq dugonalariyam bor. Hilol har safar hovli supirgani chiqqan bir kunlik kelinchakdek uyalibgina ko‘rinish berganda, Enam duoi-fotiha qo‘l ochadilar. Qo‘llarini betlaridan olganlarida yuz-ko‘zlari birdan yasharib, yosharib ketadi. Keyin, oy haqidagi qadimi topishmoqni birga-birga aytamiz.

Chinni, chinni, chinni qiz,
Chin tepaga chiqdi qiz.
Bolalarin yetaklab,
Tomoshaga chiqdi qiz.

Nimaga endi hamma narsani oti boru Oyqorni ustiga olib chiqadigan yo‘lning oti yo‘q? Bu yo‘lning otini hech kimdan eshitmaganman. Oti nima deb so‘rasam bilmas ekan deb kulishadi. Oti nima bo‘lishi mumkin? Oyqor yo‘limi? Oymoh yo‘limi? Aymoq yo‘limi? Unday bo‘lmasa kerak. Nimagadir o‘xshamayapti. Ichimdagi jo‘ram xo‘p demayapti. Yetti qir yo‘li? Yo‘q. Bunday atalsa inglizcha otni tarjima qilganga o‘xshab qoladi. Yetti qir ortidagi tog‘ yo‘li. Bundayda nemicha kallaning gapiga o‘xshab qolayapti. Bo‘lmaydi. O‘zi atrofi to‘la oy bilan boshlanadigan otlar. Oyqor, Oymoh, Oybet, Oybuloq, Oybodom, Oydala. Lekin ularni boshini birlashtirib turgan, biridan biriga olib boradigan yo‘lning oti yo‘q. Shuyam ish bo‘ldimi? Oy ko‘chami? Sal kelishdi. Topdim: “Oy yo‘li!” Ha. Oy yo‘li bo‘lishi kerak. Oy har kuni Oyqorga kelgandan keyin, ikkolovi uchrashadigan va xayrlashadigan yo‘l bo‘lgandan keyin Oy yo‘li bo‘ladi-da. Menga yoqayapti. Jo‘ramgayam. Tosh ega chiqqan yo‘lni Toshyo‘l, bo‘rilar yuradigan yo‘lni Bo‘ri yo‘li, Xitoyga olib boradigan yo‘lni Xitoy yo‘li deyishadi-ku. Oy qo‘ngan, boshida Oy turadigan, Oy qo‘riqlaydigan yo‘lni oti albatta Oy yo‘li bo‘lishi kerak. Qishloqdan chiqib ketgan, Oyga qo‘l bergan yo‘l beot, benom bo‘lishi mumkin emas. Enam benom, bezotlikdan asrasin deganlar. Oy yo‘lining eng uchiga chiqsa, Oqyo‘lning narigi boshiyam ko‘rinsa kerak. Bu hozircha sir. Men, Oyqor va Oy o‘rtamizdagi sir. Hech kimga aytmang, tag‘in. Avval Enamga aytishim kerak.
Kun sovutgan. Hamma uy-uyiga kirib ketgan. Hali o‘choq-pechka yoqqani yo‘q. Mening joyim katta uyning o‘rta oynasining to‘g‘risida. Yotgan joyimda Oyqorga, Oymoh deyiladigan joyga tusmollagancham termulaman. Oy menga termuladi. Deraza ikki tavaqali. Pastki ko‘zlari chog‘roq-chog‘roq. Hozir ter bosib turibdi. Yuqoridagilari kichik-kichik uch ko‘zli, ochilmaydigan. Sovuq va shamol uchta ko‘zgayam muzdan kashta urganday o‘xshatib gul solgan. Kerak bo‘lsa rasm muallimiyam munchalik chizolmaydi. Multifilmdagi malika ustidagi kiyimi, tojidagi gullarning o‘zi. Rasm darsida chizish uchun eng chiroylilarini eslab qolishni o‘ylayman. Oy yorug‘ida, shamolni keldi kettisida rasmlarning joni borga o‘xshaydi. Qimirlaganday bo‘ladi. O‘rtasidagi ko‘ziga Oy va Oyqorni uchrashish, bir bo‘lib sig‘ish, boshma-bosh sig‘ishi vaqtini kutaman. Unga hali sal bor. Oy endi Oqtoshdan panalab chiqayapti. Men ham bu tarafdan borayapman. G‘oyibnazar tog‘a og‘zaki tushuntirib, qo‘llari bilan chizgandek qilib ko‘rsatgan joylardan Oy yo‘lini tusmollayman. Topganday bo‘laman. Izillab Oyga yetib olishga shoshgancha chopib borayotgandek bo‘laman. Yo‘l boshida Oy turadi. Yo‘l oyday yorug‘ bo‘ladi. Yo‘l Oy yo‘li otliq bo‘ladi. Oyko‘chani boshi Oyga qo‘lga bergan ko‘rinadi. Oy suratliq qorga, Oyga yuzma-yuz bo‘laman. Ovozidan mingga kirganligi bilinadigan bo‘ronlar men taraf bo‘ladi. Etagida qora bulut paypaslanib yurgani bilan Oyqorning boshi, Oymoh sutday yorug‘. Oy qo‘l uzatsa yetgulik joyda. Chirog‘ini yoqqancha Oyqorni panalab yaxshi ko‘rgani, sevgani Samarqandga termuladi. Samarqandni qanday yaxshi ko‘rishini “Ena shamol”da yozganman. Yangi oyning kulishiyam zo‘r. Tiniq. To‘lgan oyni betiyam, o‘ziyam yuk dog‘i tushgan kelinchaklardek og‘ir bo‘lib qoladi. Nafas olishiyam. Yangi oyning shamoli hammadan zo‘r. Izzillab keladi. Yosh-yalang demaydi. Hammani iligini bir yalab ketadi. Yangi Oy shamoli kelganini birinchi bo‘lib Enam sezadilar. O‘zi shunday eshikning orqasida hovliqib turganidan, hansirashidan biladilar. Oy orasi shamoli bo‘lak. U hamma narsani, hammani shoshiradi, bezovta qilib ketadi.
– Aylanay, boringga shukur. Berganiga, yetkazganiga shukur. Kelsang qari-qurriga kel, yoshlar o‘ynasin, kulsin, – deydilar.
Enam Yangi oyni Oyqiz to‘lganini Oymomosi deydilar Oyning ko‘rguligi ko‘p bo‘lganidan bir oyda ham kulib, ham to‘lib, ham to‘yib, ham to‘kilarmish. Yangi Oy shamoli Oydan tushib, Oyqorni ustida o‘zini to‘g‘rilab, qorni sovug‘idan qo‘ynini to‘ldirib olib, keyin Oy yo‘lidan to‘g‘ri tushib kelsa kerak.
Oy yo‘li oqshomda chip-chiroyli bo‘lib ketadi. Oyning Oydan tushganday xushsuratini tanib qolaman. Oy yo‘lga, yo‘l boshiga, yo‘l ustida koptok otishga tayyorlangan qizchaday turib olgan bo‘ladi. Kelinchaklar baldog‘idagi suratiday, otalar yodtoshi, xotira toshi, otatoshi yoziqlari ustidagi suratidagiday turadi. Bunday vaqtlarda esini tanigan borki qo‘lini duoga ochadi. “Elga tinch, o‘ziga notinch kelgan oydan aylanay, – deydi. – Yanagi yil, yanagi shu oy, yanagi shu kunlarda to‘rt ko‘z tugal ko‘rishaylik”. Yonbosh qaragan oy irini nozlikdan nozlik, nozikdan nozik, xushruydan xushruy, totliqdan totliq, chiroylikdan chiroylik bo‘ladi. Oyning Oyqor yelkasiga boshini qo‘yib turishini yozay desam, yozolmayapman, yig‘lavorayapman.
Oy qo‘shiq aytadi. Oyqor qo‘shilgan bo‘ladi. Birov eshitmasin deb emas, uxlaganni uyqusi uchmasin, buzilmasin deb sekingina aytadi. Enam ertak aytganday. Eshitar qulog‘i ochiq teraklar bir qirday o‘sadi. Yong‘oqlar hovliqqandan eniga tashlaydi. Soy nafasini ichiga yutadi. Qushlar o‘zlarini qo‘yarga joy topolmaydilar. Kattatog‘ yana qachon ko‘ngligini ochishini hech kim bilmaydi.
Oymohning kulgusi Oyqordan tushib keladigan oq bulutday yoppa enadi. Quchog‘ini bor bo‘yicha ochib, quchoqlab oladigan, bag‘riga bosadigan, bet-ko‘zingni suv qilib o‘padigan, qo‘ynidan chiqib ketganingdan keyin izlaringga kaftlarini bosib, barmoqlarini qoshu ko‘zlariga surtib, yig‘lab-yig‘lab oladagan, kulgusi bilan yig‘isini ajratib bo‘lmaydigan, atirining hidlari zo‘r kelinchaklarnikiga o‘xsharkan. Muz gul chizgan oyna ortidagi Oy turgan joyida qaltiraganday bo‘ladi. Men ham bir marta maktabda sovuqda qaltiraganman. To‘g‘ri, u rostakam maktab emas, Abduvoyit avoning, birgadning shiyponi. Lekin, oti maktab. Deraza oynasiga adashib kelib uringan jonliq hammasini rasvo qiladi. Oy bilan Oyqorning uchrashganini derazaning o‘rtasidagi ko‘zida ko‘rolmay qolaman. Shamsiy harflarni o‘ng chekkasiga, qamariylarini peshonasiga xayolan ilib, osib chiqqan Oy Oyqordan oshib ketgan bo‘ladi.
– Avval otangdan qolgan choldevorga ukalaring bilan tiqilishma. Kapa tik. Elni oldiga qattiq bo‘lsayam to‘rtta non qo‘y. O‘zing yegan ovqatni pulini og‘rinmay to‘laydigan, yonda turadigan yor-jo‘ra ortirib, keyin semiz gapirgan yarashadi,- degandilar otam ertalab qishloqi bir odamiga. Gap-so‘zlarga qaraganda bir joyda katta gapirib qo‘ygan, etigi tor kelib otamning oldiga maslahatga kelgan ko‘rinadi. Eshitganim, anglaganim shu. Ishi chatoqlar uyga kirmaydi. Darvozaxonada otamni yo‘liga qaraydilar. Darvoza ostida gap ketsa, hovliga chiqish mumkin emas. Boshqa gaplar sekin gaplashilgan. Bilaman, bular mengayam tegishli. Bir kuni bo‘lmasa bir kuni foydasi tegadi, qulog‘i ilsin, kallani ishlatsin deb aytayaptilar. Tegishli bo‘lmasa eshittirib gapirmaydilar. Bu gaplarni hozir yozib qo‘yolmayman. Ertalab yozib qo‘yaman. Hozir qorong‘uda timirskilansam, otam tomoq qirib, opam o‘rnilaridan turadi. “Darslaringizni barini qilib bo‘lgansiz, balajon? Yotishdan oldin Latofat opangizdan so‘raganman, yotavering, yo siyib kelasizmi?” deydilar. Endi men katta bola bo‘lsam. Chiqqim kelsa, o‘zim chiqib kelaveraman.
Bir narsasini yo‘qotganday, nima yo‘qotganini o‘ziyam bilmaydigan, yo‘qotganini qidirgan, jalanglagan Oy bo‘ladi. Qimirlagan qora tanishday tuyulib orqasidan ergashadi… Jovdiragandan Oy jovdiraydi. Jovdiragan Oy bo‘ladi. Oq yo‘ldan engan bilan teppa-teng parillab jo‘naydi. Yursa yuradi, to‘xtasa to‘xtaydi, o‘rlagan bilan o‘rlaydi…

YO‘LNING KO‘ZI HAMIShA OChIQ

Mardonga hamisha katta ko‘cha. Xohlagan joyiga qo‘sh tashlaydi. Qishning chillasidayam toklarni qo‘yniga qo‘l solib uzum uzadi, kerak bo‘lsa. Enamga olib keladi. Bir marta olib kelganda men Enamga tekkan otamning mayda qaviq tunlarining ichida uxlab yotgan edim. Yonboshlarida. Enam peshonamni qo‘shib boshimni siladilar. Bu turing balajon deganlari. Agar boshimni orqasini, yelkamni qo‘shib silasalar yotavering deganlari. Xayollariga qo‘shilib yig‘layotgan bo‘ladilar. Aytmagan bo‘lsalar ham bilaman. Bu gaplarni kallamdan yozayapman, kerak bo‘lsa. Men o‘zi yolg‘on yozolmayman. Enam xafa bo‘ladilar. Enamning bizni yoziqlarga ko‘zlari o‘tmaydi. Katta otalar yoziqlarini biladilar. Yoziq degani harf degani. Enam yozganlarimni o‘qiy olmasalar ham qanday yozganimni ilg‘aydilar. O‘zi yozganlarimni, yozayotganlarimni Enam aytib turgandek bo‘laveradi. Ma’nolar mag‘zini chaquvchi nuktasanjlar ko‘ngliga malol kelmasin. Gap-so‘zlarni salgina to‘g‘rilab qo‘yishim mumkin. Judayam to‘g‘ri gapni yuki og‘irmish. Zo‘r kelganda to‘g‘ri gap tuqqaningga, tug‘ishganingga yoqmasmish. To‘g‘ri gapni egri odam ko‘tarishi qiyinmish. Aytishiyam. Gap quvgan go‘rga yo‘liqarmish. Bularni Enamning boshi aylanishdan tinmaydigan urchuqlariga aytgan. Mening boshtagim, yostig‘im Enamning ikki buklab taxlangan, rayhon hidi keladigan kulatalari. Otamni choponi ostida yotib eshitganman. Yozib qo‘ymasam ham esimdan chiqmaydi.
O‘rislar Jizzaxning kulini eson-omon ko‘kka sovurib, to‘plarini sudragancha, uchi-qiyri yo‘q askar bilan Kampirdevor yoqalab Samarqandga yo‘l olgan oqshom, 1868 yilning 1 mayiga o‘tgan kechasi, tong saharga yaqin osmondan son-sanoqsiz yulduzlar to‘kilganmish. Xuddi yulduzlar ko‘z yoshi to‘kkandek ko‘ringanmish. Osmondagi yulduzlarning faqat bittasigina joyidan qimirlamasmish. Uni oti Oltin qoziq emish. Qolgan yulduzlar uning atrofida aylanishar emish. Samarqand yerning Oltin qozig‘i emish. Oltin qoziq o‘rni – Samarqand ruhini yovga bermaslik uchun ko‘z yoshlari bilan ko‘mganmish. Bosqinchilar ertasi kuni shaharni olganlari bilan, har xil qalang‘i-qasang‘i tap tortmay kirib chiqadigan egasiz, eshigu to‘sig‘i yo‘q uyday bo‘lib qolgani bilan uning ruhini sindirolmagan, ololmagan ekan. Ololmas ham ekan.
Insof boshida bo‘lgan bo‘lsa, oxirigacha turarmish. Jarko‘cha o‘risning yaxshisiniyam ko‘rgan. Ko‘rmagan emas, ko‘rgan. Ko‘rmaganman desa ko‘zi ko‘r bo‘larmish. Otilgan, osilgan, qamalgandan qolgan qishloqning harf tanigani surgunga tushgan, qo‘lidan ish kelari quloq etilgan, el och, qimmatchilik qahatchilikka o‘tib ketgan, bir chumchuqqa ham bo‘ri, ham tulki ko‘z tikkan, ota o‘g‘ilni sotgan, o‘g‘il ota­ni otgan, bosh-oyoq urib ketgan kunlarda ustiga ustak och o‘ris tutib ketganmish. Na iyag na suyak, ikki ko‘m-ko‘k ko‘zdan boshqasi ko‘rinmagan o‘ris bosib ketgan. Qahatchilikning kamiga ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan oyinlardan arnalar shod bo‘lgan, bir yoqda bir boshli-yu, bir yoqda qo‘sh boshli quzg‘unni kuni tuqqan kunlar o‘shanda bo‘lgan deyishadi. Och-yalong‘ochga qo‘shib yo gapirgan gapi, yo yurish-turishi, yo mol-dunyosi ishqilib nimasidir hukumatga yoqmay haydalganlar ham bo‘lgan. Er-xotin duxtirlarni shundaylardan deb hech kim hech kimga aytmagan bo‘lsayam, hamma shunday deb biladi. Bu yerdayam daraxtlar o‘zidan o‘zi qimirlamaydi. Ana shu duxtirlar ko‘p yosh-yalangni ichtermala, qizamiq, yana oti judayam sovuq oyinlardan olib qolgan. Shundoqqina melisaxonaning ko‘zi ostidan joy berilgan duxtirlar eshigi boladan uzilmasdi. Vagonga urilib, bir necha kun och-nahor, sovuqda izillashgan qochoqlarni Xarkanada tushirishgan. Qizchasi bir necha kun oldin uzilgan bo‘lsa-da uzilganini askarlardan yashirib kelishgan. Bo‘lmasa, ota-onaning qo‘lidan olib qo‘yishlari, o‘zlarini qayta vagonga qamashlarini ko‘rishgani, bilishgani uchun shunday qilishgan. Bittayu-bitta qizini G‘allaorol stantsiyasiga, temiryo‘lning labiga topshirib kelganlarini hamma biladi. Sochlari sap-sariq, ko‘zlari ko‘m-ko‘k bo‘lganliginiyam. Duxtirlar Musulmonqul tegirmonchining Biyniso otliq qizini, ko‘zlari ko‘m-ko‘k, sochlari sap-sariq qizini, uch akasini urish yegan, birini bir oyog‘idan ajratgan sakkiz yasharlik qizchani ko‘rdi deganlaridan boshqacha bo‘lib qoladilar. Qizchani onasi ruxsat bergan kunlar uylarida pah-pahlab cho‘miltirib, sochlarini qayta-qayta tarab, bittalab sanaganday qarab, biri qo‘yib, biri quchoqlagan, yig‘laganlariniyam. Kunora kadichada sut olib keladigan, sut haqiga ikki kesim non yoki to‘rt dona yong‘oq beradigan o‘ris er-xotin qizcha keldi degandan o‘zlarini qo‘yarga joy topolmaydilar. Qizginasining kiyimlarini yig‘lab-yig‘lab kiydirgan kunlariyam bo‘lgan. Er-xotin qizchani g‘ovdan chiqib, katta yo‘lni kesib, Ota buloq yonidan mozorlar oralab Jarko‘chaga o‘rlab ketguncha qarashib qolishini, issiq-sovuqdan terga botgan deraza ko‘zlariga yopishgancha termulishib qolganlarini ko‘p odam ko‘rgan, ko‘rmaganlar ko‘rganlardan eshitgan. Urush boshlangandan keyin bir kechada yo‘qolib qolgan. Urush shu ikkovginasiniyam ko‘p ko‘rgan. Urushga duxtur yetishmay qolgan ekan deyishgan. Bu gaplarni ko‘pi o‘zi katta kitoblarda yozilgan. Ularni Mardon o‘qigan. Qo‘y boqqanimizda aytib bergan. Bir qarasang qizlarning o‘sma qo‘yadigan oynachasiday yaltiraydigan, bir qarasang tosh ko‘mirday berang, tosh desang toshgayam o‘xshamaydigan toshlarni qo‘liga olib, “Bu o‘sha kundagilar” degan, xuddi bir sirni faqat u biladigandek. Katta kitoblar Samarqandda bo‘ladi. Samarqanddagi katta kitoblarni o‘qish uchun avval maktabda yaxshi o‘qish kerak. Enam shunday deganlar. Xudo hohlasa, keyin Samarqanddagi kitoblarni bitta qoldirmay o‘qiyman.
O‘sha gap–o‘sha gap. Mardonga esa hamisha katta ko‘cha. Har kuni Hayit. Takbiri tashriq tilidan tushmaydi. Bir vaqtlar odamlar Hayit namozini o‘qish uchun machitga ketayotganda, yo‘lda bir-birlari bilan uchrashganda, baland ovozda aytishganidek, ko‘ziga yaxshi ko‘rinib qolgan daraxtga, toshga, qushga takbiri tashriq aytib qoladi.
allohu akbar, allohu akbar,
la ilaha illa-l-lohuv- allahu akbar,
allohu akbar va lillahi-l-hamd.
To‘rt tomon qibla. Xohlagan joyiga qo‘sh tashlaydi. Birovdan bir narsani so‘ramaydiyam, birovga yaxshi ko‘rinay deb ham, bekorchilikdanam gap qo‘shmaydi. Ko‘chadan topganiyam, ko‘chaga topshirganiyam, topshirayotgani, topayotganiyam. Birov biron narsani so‘rolmaydiyam. Gap qo‘shsa ko‘chaga, dov-daraxtga, toshga, suvga, eshagu itga gap qo‘shadi. Jarko‘chaning boshidan oyog‘igacha qayerda nima, kim borligini, qachon nima bo‘lganini bilsa faqat Mardon biladi. Qishloqdagi har bir narsa bilan o‘zaro gapi borday o‘sha-o‘sha gaplarni takrorlaydi. Yakkatutni ko‘rganda, “Tut yaxshisi yerga tushar, qiz yaxshisi ko‘rga tushar”, deb ko‘ziniyam bir qisib qo‘yadi. Ayniqsa, Jarko‘chaga tushgandan har qadamda o‘ngu chapiga salom berishini ko‘chaning ikki birday yoqasiyam yoqtiradi. Inoyati yetib mardonligi tutganda dajam yuradi. Gap qo‘shishiyam, jarror-jarror chiqadi.
– Assalomu alaykum ahli qabr, qiyomat yaqindir…
Xohlasa, g‘o‘ldirab o‘rlaydi, istasa og‘zi gapirmasayam, izidan xayolida aylangani ovoz chiqarib ergashadi. Ko‘cha Tentakning paypaslanib yurishidan quvvat oladi. Shuniyam boriga shukur deydi. Ovozini eshitsa, fikri oydinlashadi. Ayniqsa, O‘qotarning tandirga tuproq olinaverib g‘orday bo‘lib qolgan kamarida eski kitob­larni ovoz chiqarib o‘qishi yoqadi. Bittasini yodlab ham olgan. Tentak bu gaplarni o‘ziga xassadek tutadi. Kitobdagi yoziqlarni o‘zgartirib, o‘ziga moslab yodaki aytib yuradi. Tush ichra, xayol ichra, hush ichra deganday.
– Ozodvash kishi bo‘l! Befoyda el bila musohibliq qilma, nevchunkim, bejihat mashaqqatlarni o‘zingga ravo ko‘rma! Umid ulkim, bu davlat barchag‘a nasib bo‘lg‘ay! Xudoning quli bo‘lish, Xudo qulim deyish nasib etsin! Noshukur bo‘lma! Yerni bosib yurganingni qadrini bil! Yer bosgandan keyin qizzig‘i yo‘q. Sovug‘iyam. Yotasan, chapingdan o‘ngingga o‘ngarilolmay, ko‘zingni teshigiga in qurgan o‘rgamchaklarni bolasini tebratib.
Xurmat qilsa, faqat yosh bolalarni hurmat qiladi. Kattalardan qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga urgan. Salom bergan bolalarni ko‘rganda yayrab ketadi. Eshakni bamaylixotir to‘xtatib, xurjinga qo‘l solib, sovg‘alarni shaylab “go‘zal so‘zni kim aytib bersa sovg‘asi tayyor” deydi. Go‘zal so‘zni aytib sovg‘a olishga qatorlashgan bolalarni adog‘iga qarab ko‘ngli to‘lib, o‘pkasi og‘ziga kelib tiqiladi. Navbatma navbat sharillatib aytilayotgan go‘zal so‘zni o‘ziyam takrorlab kun bo‘yi xursand yuradi. Go‘zal so‘z: Laa ilaha illollohi.

* * *

Jar yoqalagan ochiq derazalardagi ko‘z-quloqlar, yo‘ldan o‘tib-qaytayotganlar eshitsa qo‘rqmasin degan xayolda bo‘ladi. Xayolidagi gap-so‘zlar ortidan ovoz chiqarib ergashgani eshitarga eshitiladi. Mardon ko‘p kitob o‘qigan, kamini gulmozorlar kesaklari, ko‘chaning toshlariga yozib qo‘yilganu, ko‘zini yumgancha bir chetdan o‘qib borayotgandek, har vaqt, har vaqt bir chimdim tuproqini enkayib olib, puf-puflab boshlab, o‘ng keyin chap qoshiga surgancha ko‘zini yumib atrofga ser soladi. Toklarga, uzumlarga ko‘zi tushganda “ayo, soqiy”laydi. Tentak eshak ustida, yelkaga ajralmas yo‘ldoshi tayoq tashlangan, tayoq ustiga ikki yelkasidan o‘sib chiqqanu unga aloqasi yo‘qday ikki qo‘lini osiltirgancha, qo‘lga tushgan asirday qo‘llari ko‘tarig‘liq enadi.

Ayo, soqiy, sunib joming qil ehson, yashnasin dillar…
Sabo yechmoqchi bo‘lgan xushbo‘yiga ontkim… qon bo‘ldi bu dillar..
Jabroil, borg‘il nari, bolu parimni kavlama…
Uchovaraning biri hallozi, biri povilg‘oni bo‘lg‘anda…so‘z …aytma…
Ko‘ngilchalilar orasida o‘tayotganni umr dema…g‘il…
Egri o‘sgan shox na ustun, na to‘sin…ermish…
Kishi silsilasi bila hech yerga yetmas…
Boru-yo‘g‘imiz bari xijolat ermish…
Na bilsin holimizni chetda yurgan yuki yengillar…
Jonliq to‘kilsa qarg‘a shod, el qirilsa arna shod…ermish
Tandir boshiga o‘tin yig‘ilsa, ko‘sov xalqining g‘ayrati kelurmish…
Tuproqning yetilish vaqtini bilgan nasihat so‘rab o‘tirmaydi.
Ota-onasi, og‘a-inisiga vafo qilmag‘onni do‘st tutmaginkim,
begonaga albatta vafo qilmaydur.
Kishi silsila bila hech yerga yetmas.
Ajali yetgan qarg‘a egalik go‘ngtepaga qo‘nurmish…
Don bo‘lsang quzg‘unlar tinch qo‘ymas…
Hammadan yomoni simizlik va to‘qlikdir.
Noshukurlik xorlik nahridir…
Ahmoqlik Xudoning qahridir…
Mundin nari may ila mayxona…
Mundin nari bola bo‘lib qolsang…omon…
Ayb etma maniki ayb erur ayb etmak…
Qarshingda hasratli o‘yga tolurman-o…
Yaxshidir achchiq haqiqat, lek shirin yolg‘on yomon…
Iroda qilsa ul hayyu tavono,
Qilur bir lahzada bilmasni dono.
Ashraqat min aksi shamsi-l-kasi anvoru-l-Xudo
Yor aksin mayda ko‘r deb jomdin chiqdi sado.
Xizr bilan suhbat tutsang, tavba qil,
Bir kechada Hirotdan Makkaga borsang, undayam tavba qil.
Dining bilan emas, kasbing bilan rizq top.
Kishi silsila ila hech yerga yetmas…
Ahli vahshat aqli yetmagan qog‘ozni yondirib, soyasi soya tashlagan imoratni yiqitib bahra topadi…
Tushunmaganni qulog‘iga faqat ovoz kiradi.
Ko‘pkarini oxirida katta solinni zotiga, tavog‘iga bir rukn ashtar, bir rukn solim solib jo‘naydi:
G‘ofil o‘lma, ey soqiy, gul chog‘in g‘animat tut,
Vaqti aysh erur boqiy, ol chog‘ir, ketur bot tut…

–Ha, Ko‘rsodiqlar, ichdik va undan mast bo‘ldik to yaralmasdan burun! Ko‘zingda boshqaning xayoli bo‘lganini ko‘rmasin! Bu yurtni, bu elni, bu tilni qanchalar yaxshi ko‘rishini sezsang edi… Til elining siri, o‘rtadagi sir, boshqa bandalaridan bekitikchi bergan ne’mati. Tildan ketgandan keyin baridan ketding. Til elining ko‘ngliga ekilgan gul. Gullatasanmi, quvratasanmi endi bu har boshning vijdoniga havola. Dunyoni kapalagi shu yerda, kapalakning tozasi shu yerda. –degancha orqa-oldiga qaramay meva tukkanligi uchun toshu tayoq otilaverib shoxlari singan, mevasini ko‘tarolmay o‘z shoxini yegan bukri o‘riklarga gap ham otgan bo‘ladi. Keyin qo‘shib qo‘yadi: – Hammasi sen so‘zni tanib, so‘z seni tanigandan keyin boshlanadi. O‘z so‘zingni minglab yoziqlar orasidan ilg‘aganingdek, millionlab yoziqlar orasidan faqat sen uchun aytilgan so‘zlarni tuyunsang qanchalar yaxshi. O‘zi mehribon bo‘lmasa bari bekor. Keyin bir muddat gap-so‘zsiz tek turadi. Ilkis esiga zarur gap kelgandek g‘ayrati toshib, eshakdan tushib, kuyib-pishib xurjundan eski qadrdoni, sal kam bir qo‘ltiq keladigan radiosini oladi. Qulog‘ini buraydi. Qadim qishloqning tus shevasi va tus-tuqqan ohangi, tus otabir shahdida yozilgan, aytilayotgan, gurillayotgan qo‘shiq tirik sonidagi hammaga yoqadi. Hammani yuragini yoqadi. Gulmozorlar quloq osadilar. Isiriqlar isiriq soladi. Kovullar chiroq yoqadi. Ko‘chaning bahri dili ochilib ketadi. Ko‘cha qo‘shiqqa to‘ladi. Ko‘chaning ko‘ngli qo‘shiqqa to‘ladi. Ko‘cha qo‘shiq aytganday bo‘ladi. Kuyi kuydirib ketadi. Kuyi hamma narsani kuy qilib ketadi. Ko‘cha kuyxona bo‘ladi.
Parvoyim yo‘q zarra xonumonlarga…
Lola yang‘lig‘ to‘lib bag‘rim qonlarga…
Xayoli esa, boshqa joyda, xuddi Keshga yetib, Dor ut-Tilovat bilan Dor us-Siyodatga esh Hovuzi Mardon yoqasida farishtalar bilan tillashib o‘tirgan yoqavayron Shox Mashrabday xayolga cho‘madi. Cho‘miladi. Xayoli o‘zidan katta ko‘rinadi. Sharobi antaxurni ichib, Oqsaroy qasrini tomiga chiqib olgan-u, hammasi kaftda turgandek. Uni yo‘ldaligini ko‘rganlar, borar joyiga yetguncha ergashmaydilar. Sel Jarko‘chani yuvganda ochilib qolgan gulmozorlar yorig‘ini yopadigan ham, jag‘ bir yon, chanoq bir yon, xol bir yon ahvol bir yon, yerga qarab bosh ko‘tarolmay qolgan, kunning sarig‘ini sanab sarg‘ayganlarni to‘plab, yangidan kafanlaydigan, tuproqqa topshiradigan ham shu Mardon. Shuning uchun xurjunida xamisha oq qarslar solib yuradi deyishadi. Bir o‘rlagan, bir engan yo‘lovchilarning O‘rtaqirda uchrashib, biri hozirgina Mardon enib ketdi desayu, boshqasi hozirgina oldimdan o‘tib o‘rladi desayam ishonavering. Ikkoviniyam gapi to‘g‘ri. Katta sel kelganda Novustepadan o‘tgan ko‘chaning ikki yelkasida loydan yasalgan sandiqchalar ochilib qoladi. Toklarning tomirlari ularni qattiq quchoqlaganidan selga bermaydilar. Ichida nima bor deb borov ochib ko‘rmaydi. Ichida odamni taxlangan suyaklari bor deyishadi. Kallasiniyam. Men ham sandiqchalarni ko‘rganman. Sirtida uzum, tok novdalari, barglari, gajaklarining suratlari solingan yoki loyqa bosganda yopishib qolganidan izlari qolgan bo‘lsa kerak. Ko‘rganimni Enamga aytganimda kalima qaytarib, fotiha o‘qiganlar. Keyin, “XUDO OLDI BETINGIZDAN RIZQ BERSIN, XUDODAN QOLMANG, BALAJON!” deganlar. Men hamma xarflarini xuddi shunday katta katta qilib yozib qo‘yganman. Hozircha yaxshi tushunmagan gaplarimni shunday yozaman. Keyin topib olishimga oson bo‘lishi uchun.
Shunday kunlarning birida bo‘yniga qasmog‘i bir qarich bo‘lib, oldi betida ikkita cho‘ntak, ikki biqinida qo‘shkissali bo‘g‘jamaday keladigan, surat olgich asboblarini soladigan, rangi o‘chib va sasigandan jiyib ketgan sumkasini o‘ng yelkasiga osgan, qop-qora va tarashaday jasadini chapga tashlab, qiyshayib, jangallar orasidan, itburun-u, bo‘ritaroq ostidan enkaygancha isga botib, tortanakka talanib, timirskilangan suratchi juhud chiqib keladi. Xuddi kelishishgandek Tentakka to‘g‘ri keladi. Hamishagidek tegishini bekamu ko‘st oladi.
– Ha, yaratiq, yuribsanmi o‘zincha yerni bosib…
Suratchi odatdagidek indamaydi. Tentakniki sal qo‘ziydi.
– Ha, Morid itburunni ostida nimangni yo‘qotuvding, tikonga talanib.
Tikonga talangan o‘zini tag‘ofulga soladi.
– To‘g‘ri yo‘l turib jangal oralab, jar yoqalab yurgandan keyin ham qiyin ekan-da, – deydi. Tentak eshagiga avval tomoq qirib, keyin yo‘talib. Eshak to‘xtaydi. Jarni labidan tushgan soya bir Tentakni betiga, bir yerga qaraydi. Keyin boshini ko‘tarmaydi. Yelkasidagini ko‘chani o‘rtasiga qo‘yib, charchagan, dam olgani to‘xtagan kishi bo‘ladi. Ustiga o‘tiradi. Mardon o‘ng oyog‘ini eshagiga urilgan ot egarini qoshidan o‘tkazib bo‘g‘jama ustidagiga qaragan kuyi tek turadi. Kerak bo‘lsa soatlab turishadi. Shunday kunlarda bo‘g‘jama ochilib gulmozorlardan topib olgan narsalar chiqarib beriladi. Labi uchgan xumchalar, tilla-kumush tangalar, taqinchoqlar, kitoblar… Osh yeyishga ishqivozlar chinni tavoq, choynak-piyolalarga almashgan tillaqoshlar, jamalaklar, zebigardon, isirg‘a-yu, bilakuzuklarga qaytib qaramaydi. Bo‘tan, bo‘lak qo‘ydiradi. Birovning savdosiga aralashmaydi. Tentakni qahri kelgan kunlar, qo‘zigan kunlar mehmonni oyog‘ini oyog‘idan o‘tkazmay qo‘ygan. Tentak o‘tib ketib yana o‘sha joyga qaytib kelguncha, o‘sha joydan qaytib o‘tmaguncha qimirlamay, qimirlolmay turgan deydiganlar ham, suratchini o‘zi irim qilib, qimirlamay turgan deganlar ham bor.

YO‘L SARSON, YIGIT SARSON

Yuz yildan ziyoddirki ko‘chaning es-hushi o‘zida emas. Yuragini boshiga tiqilgan tosh bo‘shashmaydi. Oqyo‘lning bu boshi Qo‘rg‘ontepa, u boshi Toshqo‘rg‘on. Ikkisiniyam oti uyqash. Ikkisiyam yiqilgan. Ikkisiniyam yiqitishgan. Ikkisininyam bir balo yiqitgan. Ikkisiyam yo‘l qaraydi. Keyin O‘rning jigar-bag‘rini tilib o‘rlab ketgandagi gap-so‘zlariyam botgandan botib ketgan. Uning ham dardi, dardining pishma gapi oting o‘chgur urushga borib taqaladi. Urush desa yuragi bezillab qolgan. Urush deganda odam degan bilan hayvon deganning qadriyam, narxiyam teppa-teng bo‘lishini u juda yaxshi biladi. Tiriklik tashvishining tentiratar charchovining zo‘ridan ko‘z ilinganday ko‘ringani bilan bosh ichidagi vag‘ir-vug‘ur tinmaydi. Tinchitmaydi. Urush yotgandan keyingi qo‘yni to‘lib ketgan bir qo‘lsiz, bir oyoqsiz, cho‘rtta oyoqsiz Erdona Cho‘kkiday ikki tizzasini pastidan ajraganlarga to‘lib ketgan kunlarni eslagisi kelmaydi. Ularni yelkasida ko‘targan kunlardagi yukning yuki hali-hali o‘yib ketadi. Esladi degancha xayoli muzlab, ko‘zi to‘nglab, tili tushovlanib qoladi. Haya, endi esiga tushib qoldi. O‘shanda, Samarqandga borganda madrasalar peshtoqlari kitobasini, kitobatlaridagi, minoralarni bosh-oyoq ushlab turgan, chiroy bergan, devorlariga ko‘rga hassaday qilib yozilgan oyat-belgi, yoziqlarni pichirlabgina ichida o‘qiganda o‘tib-qaytayotganlarning bu yoziqlarga suratga, kashtaga qaraganday, chiroy uchun chizilgan bezovga qaraganday bez qarashlaridan uyalganidan boshini yurib kelgan yo‘lining o‘zi qurli tuprog‘iga nimaga tiqib olgani endi esiga tushdi. Quloqlari ostida gubernatorning Oyqordagi dam olish go‘shasida quridagilarga aytgan gap so‘zlar o‘ralashadi. Javob topganday bo‘ladi. “…Biz tub aholini ellik yil maktab hayotidan chetda tutdik! Taraqqiyotdan jilovladik… ijtimoiy va aqliy rivojlanish imkoniyatidan mahrum etdik… Shuning uchun qadah ko‘tarsak arziydi, janoblar”. Oyqordagi bazmi jamshidda aytilganlar ham yetmish yillik gap. Ellikka yetmishni qo‘shib ham ko‘rdi. Hisobini topgisi kelmadi. Otning o‘limi – itga bayram. Haromning daryosi toshgan, otdan eshak o‘zgan, karaxtlik, qaramlik, mustarlik, zanjirbog‘lik yillarini, ota bolaga, bola otga, aka ukaga, uka akaga, hamma hammaga yovgarchilikda, xoingarchilikda non yeyilgan, non yedirilgan yillarning, kun kundaga, oy oyboltaga qolgan yillarning hisobini topgisi kelmadi. Sherdor madrasasi Mulla Do‘stbek madrasasiga aytgan va o‘sha yerda eshitganiyam kam bo‘lmagan. Avvaliga soldatlar “hazrat” deb murojaat qilishgan, keyinroq, fe’li ketgan, rasm chizishdan ko‘ra jallodlikka uquvi balandligini bilishgach, Vasiliy Vasilevichga aylangan qalami paqqos qonga to‘ygan poruchukning Registonni o‘rtasida, “…Hazrati Oliylari, ruxsat etsangiz bu gaplarni aytayotganim qandaydir qahramonligimdan emas…” deb boshlangan mashvaratni eshitgan borki, dindan chiqib ketgan. “Yarim poshsho shahardan tashqarida, Buxoro amirining quyushqonini to‘g‘irlab yurganda, tub yerli el Samarqandga, ularning ustiga vahshiylarcha “bostirib” kelganliklarini, kasbi rassomlik bo‘lsayam o‘zini o‘zi vatan xizmatiga safarbar qilganligini, bunday holatda sog‘lom odamining bir chekkada tomoshabin bo‘lib turishi gunohi azim hamda tasavvurga sig‘maydigan ish bo‘lishini, ko‘rsatgan qahramonliklarini sanab, ikki sartni ko‘chama-ko‘cha qanday quvib borgani, biriga zarb bilan nayza sanchgani, uylarni yoqish uchun yonida olib yurgan olovi qo‘lini kuydirgani, sal bo‘lmasa sart uni o‘ldirib qo‘ygani, bir soldat yetib kelib joniga oro kirgani, o‘sha soldatga chin yurakdan minnatdorchilik bildirgani va 10 rubl va’da qilgani, o‘zi qayerdan o‘tgan bo‘lsa orqasidan qora tutun buriqsib ko‘tarilganini, sartlarni ruhini o‘ldirishda sadoqat bilan fidoiylik ko‘rsatganini javragan. Kimki duch kelsa, keksami-yosh, ayolmi-bolami hammasini o‘ldirganini, ammo ortiqcha shavqatsizlikka yo‘l qo‘ymaganligini, qoraboshlar hujumini qaytargandan keyin kechki taom ustida sha’niga aytilgan qadah so‘zlarni, maqtovni yig‘idan o‘zini zo‘rg‘a tiygan holda to‘qinlanib eshitganiniyam biron bir nishon-pishon olish umidida talmovsiragan…dorga osilgan odamlarning tipirchilab turgan rasmlarini chizish, biror mullavachchani shaxsan minoradan uloqtirib yuborishga sharoit yaratib berishni iltimos qilagandi…. bu gaplarni aytayotganim qandaydir qahramonligimdan emas Hazrati Oliylari…”
Yarim poshshoga poruchukning bitta gapi yoqmagan. “Siz uzoqda ekanligingizda”, degan gap. Bu gap, “Bizni tashlab ketganingizda”, “Siz bo‘lmasangiz ham uddaladik”, degandek tekkan. Gubernator o‘ng qo‘lidagi oppoq qo‘lqopini chap kaftiga qarsillatib urgandan keyin tan qo‘riqchi poruchukka qayerda turish kerak­ligi ko‘rsatib qo‘ygandi. Hozirgina unga havas bilan, kulibgina qarab turgan qo‘riqchining kiprik qoqqancha vaqt o‘tmay tumshug‘i osilib, jerkigan nigohidan og‘zidagi gap og‘zida, bo‘g‘zidagisi bo‘g‘zida qolgan.
O‘ylamay desa bo‘lmasa. Ichidagi bir ko‘z peshonadagi ikki ko‘zga tik qarashni qumsayversa. O‘zini oyoq-qo‘liga qo‘shib tiliyam kesilganday sezadi. Ko‘ngli aynaydi. O‘lmagan qul qo‘raverarkan. Hushi o‘ziga kelib qolganda dardu xayoli Enam aytgan ko‘kda, ha demay til chiqaradigan yangi maysalarda bo‘ladi. Nam tekkan yer ko‘karmay qolmasligini, qayerda yangi maysa unib chiqsa, ummat qalbida yana toza orzu bo‘lishini burung‘ilar yelkasini jar tuprog‘iga tirab katta kitoblarni ag‘darganda ko‘zi tushgan, o‘qishganda eshitgan. Aqli yetmagan narsalarni Mardonga o‘xshab gulmozorlardan so‘raydi. Ikki yelkasi, bosh-oyoq ko‘m-ko‘k bo‘lishini, ko‘klamni, ko‘kalamni, ko‘k alamni, yangi maysalarni boshiga ko‘tarishni qumsaydi. Qo‘rg‘onlari chinorlarga to‘lganini ko‘rganday bo‘ladi. O‘pkasi to‘lib ketadi. Shu kunlarni orzulaydi. Orziqadi. Kechayu-kunduz, o‘ngu-tush qanday o‘tayotganini bilmaydi. Bilgisiyam kelmaydi. Bir vaqtlar kech bo‘lgandayam bag‘rini to‘ldirib o‘ynaydigan yosh-yalang qorong‘i tushib, birov birovni tanimaydigan, ovozidangina tusmollab qolgandagina bugungi jo‘raboshi o‘rtaga chiqib aytadigan, qo‘lidagi koptoknimi, chillik tayog‘inimi osmonga otib, bolalar chuvillashib ushlab olishga shoshganlari bugungi oxirgi o‘yin ekanligini, bu o‘yin bir martagina bo‘lishini, ushlab olgan ertaga jo‘raboshi bo‘lishini, keyin hamma uy-uyiga ketishi kerakligini bildiradigan gapni o‘ziga o‘zi aytadigan bo‘lgan. Qo‘shiq shunday:

Uy uyingga,
To‘y to‘yingga,
Bitta xo‘rozim bor,
Qaysi biringga?!

O‘zi bilan o‘zi o‘ynaydi. O‘zi osmonga otib o‘zi ilib oladi. O‘zicha bola bo‘ladi. Bugun ham shunday qildi. Xayolida kecha bolalar qorashomgacha o‘ynaganda yo‘qotib qo‘ygan to‘pni, keyin olaman deb do‘lananing panasiga bekitilgan va esdan chiqib ketgan latta qo‘rchoq, qo‘g‘irchoqni, ikkovi jarning ikki labida lablari pirpirashib bir og‘iz gap chiqmaydigan, serrayishadigan sevishganlar yozganlariniyam qo‘lma qo‘l berolmay ko‘zlar xatlar berkitiladigan joylarni ko‘rsatishganlari, yigitning ishongani, ishonchi, umidi, taqdiri berkitilgan Yakkatutni, qizgina o‘zi ustiga chiqib olgan, ustiga ustak tinmay oyoqlari uchida turganidan niqtalanayotgan toshni, izhor bosilgan toshni qo‘rib, qo‘riqlab chiqishi kerak. O‘g‘riyam begona emas. Men hali bolaman. O‘g‘rilar haqida yozishim mumkin emas.
Jarko‘cha Oq yo‘l ham o‘ziday xayollar bilan yashashini, xayollarida yo‘l ko‘rishini ilkis ilg‘ab qoladi. Zehni olganidan o‘zidan o‘zi xursand bo‘lib ketadi. Oq yo‘l xayol­lariga quloq osadi: Toshqo‘rg‘on devorlari tiklangan, Oqsaroy oqday, Ko‘ksaroy ko‘kday qaddini ko‘targan, devorga sirdosh buloq qiqirlab kulgan, cho‘yan darvozalar yiqilgan, oyoq osti bo‘lgan arvohlar shod, mozor chaman bo‘lgan, ekilgan daraxtlar ko‘kargan, ko‘karganlari soya bergan, soyasida maysalar bir-biri bilan sirlashgan, tillashgan kunlarni tush ko‘rmoq bo‘ladi. Qani endi ko‘zi ilinsa? Yo‘q. Ko‘z ilinishi g‘aflatga tovun. Bir marta ildirib bo‘lgan. Ko‘rariniyam ko‘rgan. Ha, deydi o‘ziga o‘zi xayolniki ko‘ngilga solibdimi, ha demay nasib qilsa o‘ziniyam ko‘rsatadi. O‘shanda dunyo­ning to‘rt tomonidan kelgan otadoshlar, jo‘ralar bilan devorlar ustida quvalash-quvalash o‘ynaydi. Ularni hididan, shamolidan taniydi. Ha, shamolidan taniydi. Ilkis shunday tuyuldi. Ko‘zi ilinishida aldangan, zaharlanganligini, ilingandan keyin bo‘g‘ilgan, xo‘rlangan ruhining ko‘z ochayotganini, bosh-oyoq oralab iliqlik yugurayotganini, tanasidagi muzlatilgan, uxlatilgan, karaxtlangan, chavaqlangan, kaltakdan qoraygan, tushov qiyib yuborgan, zanjir ezgan o‘rinlardagi ko‘zchalarni, yurakchalarni, qo‘lchalarni o‘yg‘onayotganini, o‘yg‘onganiniyam. Xotira yaralaridan sizayotgan zardob undan oldin oqib-oqib charchab tingan, to‘ngan qon g‘adiriga qararkan achindi. O‘zining ahvoliga o‘zi achindi. Achinishdan foyda yo‘qligini endi sizib chiqqan zardobning yaltiragan ko‘zidagi belgidan sezdi.
Qorasovuqning izidan izma-iz yetib kelgan ko‘kayoz hunarini ko‘rsatadi. Tikkaygan narsani joy-joyida qotiradi. Qimirlagan, iniga kirolganni inidan chiqarmaydi. Yetolmagan yetolmagan joyda qoladi. Ishni bildirmaygina bilganiday qiladi. Sovuq qirqib ketganidan yomoni yo‘q. Qurt-qumirsqalarni joy-joyida jonini sug‘rib oladi. Jir bitganiniyam oyog‘ini oyog‘idan o‘tkazmadi. Kechagina daraxt shoxida osilishgan ko‘m-ko‘k olmalar bir kechada sovuqni damidan qip-qizilga aylanadilar. Qadrdon, eski tanish qarg‘alar bir kechada, qorong‘idayam o‘z joylarini adashmay topadilar. Egasiz go‘ngtepalarga ega chiqadilar. Egalik go‘ngtepalarni itlari qo‘riydi. Yoniga sanqi-panqi, cho‘loq-mo‘loq, moshak-poshak bir qo‘tan mayda-chuydalarni iyartib, ergashtirib, iliqtirib oladi. Qarg‘a zotini qo‘ngani qo‘ymaydi. Oyog‘ini yerga tekkizmaydi. Xuddi hammasini yeb qo‘yayotgandek, kamayib qoladigandek. “Bekorchi it-sug‘orar, ishdan chiqqan it-go‘ngtepa qo‘rir” deganlari shundan qolganmish. Go‘ng titish ham qarg‘aga hunarmish. Yo‘l tortgan, ko‘pni ko‘rganlari, ko‘zi pishganlari yuqoriroqdan, yong‘oq shoxlarini egallaydilar. Dunyo bexabarlar, to‘daga qo‘shilganidan xursandlari mevasiz daraxtga omonatgina qo‘nishadi. Ustasi faranglari yong‘oqni toshni ustiga urib chaqishni, mag‘zini, yog‘ini ta’mini totganlari, tiriklik mag‘zini tushinishga ko‘p yillarning toshini boshdan o‘tkazish kerakligini qanoti endi qorayotgan qarg‘alarga o‘rgatishniyam istmaydilar. Ko‘zi ochig‘i, es engani, o‘zi ko‘rib, o‘zi bilib o‘rganishini yuz yilliklardan iborat go‘ngga botgan uzoqdan uzoq umr o‘qimay o‘rgatgan. Qari qarg‘alar zerikkanda yong‘oq ekadilar. Dunyoda burgut, lochin, qirg‘iy, kalxat deganlar borligini faqatgina eshitganlari qanotlarini yoygancha o‘zlarini shamolga soladilar. Qarg‘a holiga shamol bilan o‘ynashgan bo‘ladilar, qurg‘ur.
Avvaliga yoqimsiz bo‘lib daraxtlar barglariga qo‘ngan, yopishgan, suvalishgan bitta-ikkita tomchining orqasi zo‘r keldi. Boshlamasiga shuvot shiddat ko‘rsatdi. Kuz yomg‘irining shashti baland keldi. Ding-ding, digi-ding deb yog‘di. Bir-biri bilan quvalashmochoq o‘ynadi yoki ot choptirishdi chog‘i. Biz ham tolchiviq ot minganimizda digi-dig deb choptiramiz. Shamolga qo‘shilib yoz bo‘yi chang bosgan, jatmalangan yaproqlarni orqa oldini ag‘darib yuvganday qildi. Ko‘rmaganday qildi. Dardu dunyosini to‘kkanday qildi. Onadan tug‘ilganday qildi. Peshonasida yaltiradi. Birini biriga oynaday qildi. Birini ko‘zida biri ko‘rindi. Ko‘chaniyam.
G‘uborsiz Jarko‘chaning harpirabgina iymanishidan ortiqroq chiroylilik kam. Bo‘lsa, Turkqishloqning qizlari bordir. Ko‘zing ko‘ziga tushsa, yo‘q, ko‘zi ko‘zingga tushsa ko‘zingni cho‘g‘i yonib, tutab ketganingni o‘zing ham bilmaysan. Kappang qayon, kapponing qayerdaligini topolmay. Bir qarab, bir kulib, katta yomg‘irdan keyin ko‘chada toshlar ustida yurib, etakka nam tegmasin deb salgina ko‘tarib, toshdan toshga hatlaganday, tosh terib, bir bir qadam tashlab o‘tib ketgan bo‘lsa, ro‘molini uchi bir pirpirab ketgan bo‘lsa, tamom. O‘qqa uchgan kaptarday patirlaysan, qolasan. Soyang sani, san soyani bosib, sudrab, bosh-ko‘zing qonga botib deganday. Mardon tilida tap-tayyor shoir bo‘ladi. Endi ochdi nima, ko‘mdi nima, baribir o‘sha surrat. To ko‘z o‘zi bilmay yumilguncha. Uyquni halol haromligini endi birov ajratib berolmaydi. Endi ko‘chaga qorovul kerak emas. Ermakka o‘rlaydi, ermakka enadi. Boraveradi, kelaveradi. Yo‘l sarson, yigit sarson. Ko‘chaning itlariyam jo‘ra bo‘lib ketadi. Dunyo bosh-oyoq bir derazadan, Jarko‘cha yelkasidagi ko‘k ranggi urniqib ketgan, bir derazasining oshiq-moshug‘iyam ko‘chadagi oshiqday borib kelaverganidan moyi qochib, g‘iqqillab, shilqillab qolgan, ochilsa yopilmaydigan bo‘ladi qoladi. Qani endi derazaning ortidagi harir parda bir martagagina qilt etsa, ortidan ingichka soya bekinganday o‘tsa, bo‘ksuklagan, durdonasi ko‘tarilib ziynati ko‘rinib qolgan qomatning pardaga tushgan shamoyilini ko‘rsa? Ko‘z tushsa bo‘ldi, g‘uvullab qolgan boshga qon siljisa kifoya, iliqlik yursa yetadi deyishadi. Men qizlarni hali bilmayman, bolaman. Qizlarni chatoq, shayton deyishadi. Nasib etsa bir bola bo‘lay, hamma havas qilsin. Enam shunday deganlar. Keyin qizlar haqida yozaman. O‘zi kelinchaklar ham, qizlar ham hech kimga aytmagan sirlarini menga kelib aytaveradilar. Nimagadir shunday. Lekin, men birovni sirini birovga aytmaganman. Aytmayman ham. Yig‘laganlari yamon-da. Aldandim, ukajon, aldandim. Ayb o‘zimda deb yig‘laganlari yamon-da. Aldagan ham yalg‘on gapirganga kiradi-ku, to‘g‘rimi? Yalg‘on gapirgan hammadan yamon. Yalg‘onchi eng yamon odam.

KO‘Z OChIQ – YO‘L OChIQ

Qishloqda hamma uxlasa uxlaydi ko‘cha uxlamaydi…
….Faqat sochini yoyib, jalpillab yurganlarni ko‘rsa seskanib ketadi…
Shirabo‘ron maydalab urdi. Shamol aralash mayda qor-yomg‘irni shirabo‘ron deydilar. Kuchaysa chopqin, zo‘raysa bo‘ron bo‘ladi. Avzoyidan avjiga oladigan ko‘rinadi. Katta qorni sovug‘i kelayapti. Ha, demay qish. Qalin qor ostida, issiqda, yelkani tomiri yozilib, ko‘zlardan panada maysalar bilan tillashib, pah-pahlashib yotishga nima yetsin.
Qishloqda hamma uxlasa uxlaydi ko‘cha uxlamaydi…
Oyqorning oqbadan bulutlari har oqshom qo‘yniga tushib suzishib, suzilishib kun peshonaga urgangacha quchog‘idan bosh ko‘tarmay yo‘ldan ursayam…yarmi ochiq yelkasi, yelkasidagi ko‘ylagiyam bir rang havo erta qaroshomdan sarg‘ayib etagiga etana bo‘lsayam…har oyda yosharib, yashnab, hilollanib keladigan Oy yil o‘n ikki oy xayolini o‘g‘rilasayam.
Qishloqda hamma uxlasa uxlaydi ko‘cha uxlamaydi… elomon ham.
Qishloqqa odatda o‘tga kelganday, tutantiriqqa cho‘qqa kelganday shoshib kelib, yov quvganday hishtarovlab qaytadigan, ota uyiga, ukasining uyiga, yaxshiyam ukasi bor, ukasinikiga mehmonga kelgan Shaharlik aka bir yonida uchinchiga chiqqan Katta bola, birida besh yasharlik Kichik bola bilan “non yeyish”ga aytilgan, avvallariyam ko‘p marta aytilgan-u ukaning vaqti bo‘lmay, oshi qozonda, patiri o‘chog‘ida qolib ketgan, shundayam xafa bo‘lmaydigan ammanikiga yo‘lga tushadilar. Ko‘chaning har bir toshi, pastu-balandi, dov-daraxti tanish. Ularning mani tanirmikan deb qarab turgan, ko‘p yillar ko‘rishmagan qadrdonlarday iymanibgina qarayotganini ilg‘arkan, bir vaqtlar kechqurinlari qo‘shnilarga qo‘shni tavoq tashiganda shu nigohlardan qo‘rqqanini, qo‘rqmasligi uchun Enasi o‘rgatgan she’rni ovoz chiqarib aytsa, qo‘rqqani ketib qolganlari esiga keldi. Harakat qiluvdi esiga tushdi. Ovoz chiqarib aytmoqchi bo‘lgandi, yuragi bo‘shashganidan ovozi boshqachaligini ilg‘ab, bolalar qo‘rqmasin degan xayolda ichida takrorladi.

Qorong‘i kecha,
Toshlaring qancha,
Qizingni quvay,
Yo‘limni bo‘shat.

Ota ko‘pga qo‘shilib ketgan, ona hayot vaqtlarda shahardan oyda bir yo‘qlab kelar kunlar ham omonat ekan. U kunlar ham ketgan, onaga qo‘shilib. Endi qishloqqa yilda bir kelsa keladi, bo‘lmasa yo‘q. Enasining har bir gapi oldidan chiqayapti.
– Man borman, balajon, qiyin bo‘lsayam oyda bir kelasiz. Keyin ham kelib turing. Ko‘zimiz baribir yo‘lda bo‘ladi. Siz Toshkentdan yo‘lga chiqishingizni bilgandan otangiz ko‘chani tozalashga tushadi. Bir xas qoldirmaydi. “Tur, qara, balang kelayapti, yo‘l changimasin”– deydi g‘azabga olib, kechasi bilan qayta-qayta tushimga kirib. Men kelishingizni shundan bilaman. Arvoh hamisha hozir. Ota-ona o‘g‘illaridan bir hovuch fotiha umidvor-da. Qiz bola Xudogayam banda, bandagayam banda. Ertaga men ham shunday yotaman. Yo‘lda-qirda, tog‘da-soyda qayda bo‘lmang omonda bo‘ling, balajon. Meni sizga nasihat qiladigan savodim yo‘q, lekin siz bilan ko‘proq gaplashgim kelaganidan gapirayapman, balajon. Ota suygani Xudo suygani deganlar, balajon. Yana kelganingizcha bormanmi yo‘qmanmi Xudo biladi…
O‘sha ko‘cha, o‘sha uylar, o‘sha tog‘, o‘sha shamol, o‘sha oy, o‘sha-o‘sha hid. O‘sha ko‘ngil. Yo‘q. Ko‘ngil o‘sha ko‘ngilga o‘xshamaydi. To‘g‘ri, ularni hammasi bir-birini bir kun ko‘rmay qolmagan, soyasi soyasiga tushmagan kuni yo‘q. Faqat ko‘ngil sal begonalashganday, sal uzilishganday bo‘lib qolgani xayoli, otahovlidan chiqqan o‘g‘ilning yigirma yil deganda tug‘ishgan opaning uyiga odamday bo‘lib mehmonga borayotgani xayoli yo g‘ovning g‘iqqilashidan keyin, yo oyoqlari yerga tegay-tegay deb borayotgan eshak ustidagi odamning salom berganidan keyin keldi. Keldi-yu qilichday yalab o‘tdi. Qachon, qayerda tekkanini bilmay qoldi. Shoshganidan bolalarning betiga qarashga uyaldi. Ammaning uyi ko‘chaning nari betida.
Jarko‘cha odamning oyoq olishidan taniydi. Tanimay o‘lsinmi. Xursandligidan yelkalari titrab ketadi. Ota bolalar gurungidan, bolalarning bir-biriga gap bermay chuldirashidan ichi-tashidagi g‘uborlar tutday to‘kiladi. Og‘zi hervayib qoladi. Bir ko‘zi soyalarning oldiga tushgan, biri orqadan ergashgan bo‘ladi. Bironta qurt-qumursqa bejag‘imlik qilib qo‘ymasin, mehmon ekan deb hunar ko‘rsatmasin, bolalar qo‘rqmasin, begona emas, ota-ena arvohlari qarab turibdi degan o‘yda bo‘ladi. Necha bor endi oyoqqa turganda, esini tanib, oq-qorani ajratganda yovgarchilik davroni o‘tmaganini, o‘zidan chiqqan o‘zini sotgani, o‘z bolasi o‘z boshiga yovni yetaklab kelgani, birda zarga, birda g‘arga uchiqqanga kuni qolganini, birda araqqa bosh qorong‘u, birda bebismillo, birda besavod, birda besalom, birda benamoz, birda beota, birda benomus, beimonlarga yo‘liqqanidan yo‘lini yo‘qotgan kunlarani eslarkan esini yetaklab kelgan xayolning ko‘ziga, ikki qoshining o‘rtasida vajohat bilan qarab turgan o‘z xayolini ko‘ziga qarashga sillasi, quvvati yetmadi. Shuncha ko‘rgulikni ko‘rgan bo‘lsa-da inoyatini darig‘ tutmaganiga shukur qildi. Etagini yig‘ishtirdi. Do‘ppini bostirgan bo‘ldi. Bosh yorig‘i burk ostida degan xayol bilan ko‘p boshlar o‘tgan bu ko‘chadan. Og‘zi gapirganni qulog‘i eshitmagan ham. Og‘zi katta ham. Og‘ziga kuchi yetmagan ham. Og‘zi bilan yuradigan ham.
Ota qadim va tanish hulvozordan bir shox yalpiz uzib avval o‘zi hidlab, keyin bir shox uzib Katta bola, bir shox Kichik bolaga beradi. Hidlar hidlamas Kichikning gapi tayyor.
– Dadajon, yalpizdan saqichni hidi kelarkan.
– To‘g‘ri.
– Dadajon, kapalak ham o‘zi gul-a.
– Ha.
– Dadajon, ada degani ota deganimi, dada deganimi?
– Ota degani.
– Avval dadajon, soqol qo‘ygandan keyin otajon bo‘ladi-a.
– Shunday desayam bo‘ladi.
– Dadajon, dadalarni tishi bo‘ladi, otalar tishini kechqurin piyolaga solib qo‘yadi-a.
– Unday desayam bo‘ladi.
– Ana, aka, men sizga nima devdim.
– Dadajon, men endi katta bolaman-a.
– Ha, lekin akangdan kichkina.
– Dadajon, Oy kasal bo‘b qopti, qarang, – degancha qo‘li bilan ko‘rsatgan bo‘ladi, Katta bola.
– Nimaga unday deyapsan?
– Qarang, ranggi kasalga o‘xshaydiku.
– Bulutni orqasidaligi uchun shunday ko‘rinyapti. Kasal emas.
Gapga besh yasharlik qo‘shiladi:
– Dadajon, Oymomo nimaga yursam yuradi, to‘xtasam to‘xtaydi?
– Sani yaxshi ko‘rganidan.
– Dadajon, Oy chirog‘-a?
– Ha.
– Yo‘llarni yorug‘ qiladi-a?
– Ha.
– Odamlar qorong‘uda adashmasin deydi-a?
– Ha.
– Ana, aka, men sizga nima devdim. Dadajon, Oyqortog‘ni ustiga chiqsa Oy bilan ko‘rishsa bo‘ladi-a?
– Ha.
– Ana, aka men sizga nima devdim.
Katta bolani ko‘zlari katta-katta bo‘lib dadaga qaraydi. Dada kulib yubormaslik yo‘lini qilib, ikki qoshni bir-biriga tekkudek uyib, boshini kishi bilmas eggan bo‘ladi. Katta bola va dada til topishadi. Kichik bola Oy bilan ko‘rishganda qaysi she’rni aytib berishini o‘ziga o‘zi g‘ujurlaydi.
– Dadajon, Oymomoga she’r aytib bersa sovg‘a beradi-a?
– Ha. Ko‘chagayam she’r aytib bersa sovg‘a beradi.
– Besh ham qo‘yadimi?
– Ha.
– Besh qo‘yishni dadalarni ustozlariga aytadi-a?
– Ha.
– Bo‘lmasa men birinchi.
– Faqat suv birinchi kichkinalardan, qolgan narsalarda kattalar birinchi, – deydi Katta bola ham shoshgandan, ham qizg‘onish aralash.
– Bo‘ldi, bo‘ldi, chuldiringlar, chuldirashma! Ertaga, yorug‘voshda aytib berasilar. Kelishdikmi?
– Kelishdik.
– Aka, Toshkentga borganda, bog‘chaga borganimda sumkamni esimga soling. Esimdan chiqmasin, tag‘in.
– Sumkani nima qilasiz, balajon?
– Besh olib kelaman.
– Ha.
– Dadajon, ammajonnikida yotib qolamizmi?
– Xudo xoxlasa.
– Xudojon hamma narsani biladi-a?
– Ha.
– Hammadan zo‘r-a?
– Ha.
– Ammajon bizani yaxshi ko‘radilar-a?
– Ha.
– Men katta bo‘lsam ammajonga telefon olib beraman.
– Ha.
– Telefonlari yo‘q ekan. Keyin har kuni gaplashaman.
– Ha.
– Dadajon! Balongizni olay, balajon degani nima degani?
– Qayerdan eshitding?
– Ammajon manga aytganlar.
– Mangayam aytganlar…
– Dadajon, shamol daraxtni panasiga o‘tirivopti.
– Nima qilish kerak?
– Salom berish kerak. -Salom, Shamol!
– Salom, Shamol!
– Salom, Shamol!
– Dadajon, dadajon yor degani jo‘ra deganini sinonimi-a?
– Ha. Nima edi?
– Ammajon menga Xudo yoringiz bo‘lsin deganlar.
– Mengayam aytganlar..
– Dadajon, ertaga tishi yo‘q ammajonnikigayam boraylik…
Avval yurakning boshiga beshtoshni toshiday, keyin tomoqqa o‘ymoqdaygina narsa tiqilgandaygina bo‘ladi.
– Unday desa uyat bo‘ladi, Katta ammajonnikiga deyish kerak…uka…
– Esnaganda chap qo‘lni orqasi bilan og‘izni yopadi-a?
– Qo‘lni emas, kaftni orqasi deyiladi, ukka…
– Man kichkinaman-ku…
– Dadajon, nimaga endi odamlar ko‘chaga chiqqanda gapirsa og‘zidan tutun chiqadi? Avval undaymasdi-ku?
– Tutun emas, u bug‘ uka. Tutun yaxshi yonmagan olovdan chiqadi, bilding?
– Odamlarni ichida olovi bormi?
– E, bor-e.
– Dadajon, qarang Oymomoni atrofini kamalak o‘rab olipti.
– Bulut siyraklashgan. Shundan.
– Dadajon, Oymomoni shu turishi akvarel bilan chizilgan gulga o‘xshar ekan. Qarang. Sariq, to‘q sariq, pushti, oq, yashil…
– Ha.
– Dadajon, oygul desayam bo‘ladi-a?
– Oygul qizlarni oti, uka.
Jarko‘cha avval uxlasayam endi uxlamaydi…
Qo‘yni oy nuriga to‘lgan, qulochi oy nurini quchgan, bosh-oyoq oy nuriga ko‘milganini, ikki yoqasigacha usanib kelgan archalarning qadim shamolda, shahdu-nangi o‘likni tiriltiradagan, orani ochiq qiladigan oy sovug‘i shamolining qadimdagiday shovullashini, yangi maysalarning, tuproq ostida o‘ynoqlashib, turtkilashib qolgan son ming turlik chechaklarning tanish shirin shivirini ilg‘arkan tushu-hushligini ajratolmaydi. Shu vaqtgacha shu narsalarni esi olmaganiga, olmaganidan, ko‘zi ko‘rmaganidan, qulog‘i eshitmaganidan yoqasini tutamlaydi.
Jarko‘cha avval uxlasayam endi uxlamaydi…
Ko‘chaning o‘rtasiga tushib, oy nurida, ikki yonida ikki bolasini qo‘lidan ushlagancha yetaklab borayotgan soyaga, ikki yonida pildirashayotgan soyalarga, ora-orada birlashib ketadigan soyalarga ser solarkan yuragi yorilib ketay yorilib ketay deydi. Bir vaqtlar bomdodga odamlar shunday borardi. O‘zi o‘shanda soyalarning shovur-shuviridan o‘yg‘onardi. Qo‘shilishib bomdodga kuzatib borardi. Xayollari, ko‘nglining ko‘z ilg‘amas sohillarida ko‘tarilayotgan tanish yog‘dular jilosi na tush, na o‘ngligini ayrit qilolmaydi. Aqli bir yetib, bir yetmaydi. Bir xush, bir bexush bo‘ladi. Shoshganidan tushini boshqarishni endigina o‘rgangan odamday o‘ng yoniga qarab pichirlagan bo‘ladi.
Yusuf alayhissalom yaxshilikka yo‘ysin…
Yusuf alayhissalom yaxshilikka jo‘risin…
Yusuf alayhissalom…
Jarko‘cha avval uxlasayam endi uxlamaydi…
Oy har puti ayri, boshi yumaloqni ko‘ziga ko‘nglidagi bo‘lib ko‘rinadi. Zoriqqanga beshik, xiyolga teshik, basiratga eshik, sarrof, maydakashga tanga, o‘lmasa to‘ymasga tavoq, o‘z husniga o‘z hayronga yuz ko‘rar oynak, yangi sopchiga o‘roq, so‘roqdagiga so‘roq, qasoskorga qilich, o‘yinchiga childirma, gunga kar, behushga hiylagan dilbar, o‘zini taniganga bomdodu-xufton oyati-belgisi bo‘lib ko‘rinadi. Qaraganga qaraganning xayolini o‘ziga ko‘rsatadi. Hamma o‘zini ko‘radi…
Bir narsasini yo‘qotganday, nima yo‘qotganini o‘ziyam bilmaydigan, yo‘qotganini qidirgan, jalanglagan Oy bo‘ladi. Qimirlagan qora borki tanishday tuyulib orqasidan ergashadi… Jovdiragandan Oy jovdiraydi. Jovdiragan Oy bo‘ladi. Oq yo‘ldan engan bilan teppa-teng parillab jo‘naydi. Yursa yuradi, to‘xtasa to‘xtaydi… O‘rlagan bilan o‘ralashib o‘rlaydi… O‘ynagilari keladi…
Bekitgan qizlari nevalarik bo‘lib ketgan, necha bir yildan beri toklar ostida yotgan, shamol qo‘zg‘atib Jarko‘chaning o‘rtasiga tushirgan beshtosh toshlari qarsillagancha o‘shandagi o‘yindagi gaplarni gap deb bir-birlariga gap bermay­dilar.
– Men ko‘rganni, kim ko‘rdi?
– Men ko‘rganni, kim ko‘rdi?
Uchinchi martasini aytmay turaman.
Uzumni ta’mi qanday chiqqanini birovga aytmaydilar…
Go‘zal so‘z yo‘ldoshingiz bo‘lsin. Ichingizda aytib yursangiz yana yaxshi.
Turkqishloqda hamma uxlasa uxlaydi Jarko‘cha uxlamaydi.

Toshkent
2016 yil 12 yanvar

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 7-son