Kuzda mehnat ta’tiliga chiqaman. Bizda o‘n besh ish kuni bu. Lekin o‘zimning hisobimdan qo‘shtirib, bir oy qilib olaman. Bekorgamas. Qishlog‘imga boraman-da, akamga yordam beraman. Nima ko‘p, Forishda qishloq ko‘p. Har qir oshganingda bir qishloq. Ularni oralab yong‘oq yig‘amiz. Rostini aytsam, men shu ta’til vaqti yong‘oq yig‘mayman, mening yig‘arim boshqa narsa.
Pari momo
– Yong‘oq olyapsanmi, bolam, – deydi ozg‘ingina, yong‘oq po‘stini tozalaganidan qo‘llari qorayib ketgan momo menga dadil boqib.
– Ha, – deyman jilmayib. Buni menga akam o‘rgatgan. Agar kulib qarasam, sotarmon tez erir ekan.
– Qanchadan olyapsan?
– Har xil, olti minggacha.
– Hmm, yaxshi olarkansan. Lekin men va’da qilib qo‘yganman.
– Zakalat olmaganmisiz? – deydi akamning o‘rtog‘i Sodiq aka (u kishi men bilan mashinasida yong‘oq yig‘ishga chiqadi).
– Nima deysan? – momo diqqat bilan tikiladi.
– Uchidan pul olmaganmisiz? – bosh barmog‘im bilan ko‘rsatkich barmog‘imni bir-biriga ishqalab ishora qilaman.
– Yo‘q, lekin lafz qilganman.
– Kim bilan? Men taniymanmi?
– Qizil “Damas”da keladigan yigit bor-ku, oti nimaydi, Lazizmidi?
– Ha, Laziz, – deyman kulib, – u kishi akam bo‘ladi. Hozir shaharga ketgan mag‘iz topshirgani. Shunga men keldim.
– Aldama meni. Uyat bo‘ladi. Yong‘oqsiz qolsang ham yolg‘on gapirma.
– Rost aytyapman, momo, – ishontirishga urinaman. – “367” “Damas”i bor. Qizil.
– Raqamini bilmayman.
– Men o‘xshamayapmanmi akamga?
– Yo‘q, u shilqim emas senga o‘xshab.
– Qanaqa shilqimlik qildim, momo, – deyman jahlim chiqqanini yashirmay.
– Lafz qildim, deganimni eshitsa, u allaqachon ketgan bo‘lardi. Sen esa hali ham oldimdasan.
Endi gapim ortiqcha ekanini tushunaman. Akamning o‘zi kelmasa, bu momodan yong‘oq olib bo‘lmaydi.
– Telefon qilib berayinmi, gaplashasizmi? – deydi Sodiq aka yong‘oqdan umidini uzgisi kelmay. – Narxini kelishgan bo‘lsalaring olib ketaveramiz-da. Baribir bir joyga boradi hammasi.
– Hammamiz ham bir joyga boramiz, – deydi achchiqlanib momo.
– Ismingiz nima, momo? – deyman gapidan zavqlanib. – Uyga borganimda akamga aytaman, o‘zi kelib oladi.
– Ma, – deydi xalatining cho‘ntagidan uch-to‘rtta yong‘oq chiqarib. – Akangga bersang, o‘zi biladi.
Rostdan ham, akam bu qishloqdagi qaysi yong‘oqni ko‘rsatsangiz egasini, egasini aytsangiz yong‘og‘i qanaqa ekanini aytib beradi. Axir, o‘n yildan beri shug‘ullanadi bu ish bilan.
– Mayli, – deyman momo bergan yong‘oqlarni qisib ko‘rib. – Oq mag‘izmi?
– Sendan shaharning isi kelyapti, – deydi momo savolimga javob bermay. – Qishloqning bolasi bo‘lganingda, qirs qilib chaqqan bo‘larding hozir. Qohati bu. Bu yil kamroq soldi. Baribiram po‘stlog‘i yupqa.
Ishonmaganimdan qattiqroq qisib ko‘raman yana. Yorilgan po‘stloq ichidan pilladay oppoq mag‘iz ko‘rinadi.
– Shuni bizga soting, – deyman ichim qizib. Axir, bunday chiroyli mag‘izning narxini bilaman–da. – Akam aytganiga besh yuz qo‘shaman.
– Meni kim deb o‘ylayapsan? – deydi momo hovlisi sari yurib. Keyin bir nima esiga tushgandek ortiga qaytadi. – Lazizga telefon qil. Akang bo‘lsa bir gaplashay.
Umidvor bo‘lib akamning raqamlarini teraman, ovozini balandlatib telefonni momoga uzataman.
– Lazizmisan? – deydi momo u tomonda javob bo‘lgach. – Mana bu sening ukangmi?
– Ha, – deydi akam. – Pari momo sizmisiz?
– Ha, o‘sha momongman.
– Ukam bo‘ladi shu bola, menga yordamlashayapti. Yong‘oqni tozalab bo‘lgan bo‘lsangiz, momo, undan berib yuboravering.
– Sen aytib ketgan pulga besh yuz so‘m qo‘shib berarmish, yong‘oqni bersam, – deydi momo boshini egib, bir nuqtaga tikilgancha. – Senga yordam beradigan bola shunaqa bo‘lami?
– Bermaganingizga aytishgan-da, momo. O‘zi yaxshi yigit, Samarqandda ishlaydi.
– Qo‘y, bolam, senga lafz qilganman. Ko‘zingni ko‘rmasam, baribir ko‘nglim xijil bo‘laveradi. Berolmayman.
– Mayli, momo, indinga o‘zim boraman…
– Negadir shu yigitni yaxshi ko‘raman, – deydi momo telefonni menga berayotib. – Pulida baraka bor.
Akamga o‘xshamaganimdan uyalib ketaman.
Izzat
– Orif aka bormi? – deyman akam aytgan kishining uyini surishtirib topgach, yo‘qlab borganimda uyidan chiqqan qizga.
– Yo‘q, – deb javob beradi qiz.
Nigohlarim qizni boshidan tovoniga qadar suratga oladi. Qaldirg‘och qanotlarini-da yo‘lda qoldiruvchi qoshlar, qoshdan-da tim qora ko‘zlar, silliq taralib, bitta qilib o‘rilgan sochlar va ularning barchasini mukammal etib, go‘zal libosga o‘ralgan qaddu–qomat.
– Yong‘oq bor degan ekan, – deydi Sodiq aka, qiz savol nazari bilan qarab turgani uchun oydinlik kiritadi.
– To‘yga ketgan edilar. Qishloqni aylanib, qaytishlaringda so‘rab o‘tinglar, balki ungacha kelib qolarlar.
– Onangiz ham yo‘qmi? – deyman umid bilan.
– U kishi ham ketgan edilar to‘yga. Uyda bo‘lganlarida ham sizga benaf. Bizda savdoni erkak kishi qiladi.
– Unda akangizmi yoki ukangiznimi chaqiring.
– Akam o‘qishda, ukam esa dadam bilan birga. To‘yda.
– Siz ham bormabsiz–da, – deyman piching qilib, – Hovlini, ana, – tilini chiqarib bizga qarab o‘tirgan itga ishora qilaman, – olapar qo‘riqlab turardi.
– Hali ham shunday bo‘ladi, – deydi qiz kinoyamni havoga sovurib.– Bazmgacha boraman-da.
– Unda bizga yo‘lboshchi bo‘ling, Orif aka bahonasida to‘y yeb qaytardik.
– Bahona qidirmay boravering. Bizning qishloqdagilar taklifnomasiz ham kiritaveradi to‘yxonaga.
– Yomon chiqdi-ku bu qiz, – deydi Sodiq aka sekin shivirlab. – Gapdonlikni qo‘y, so‘z topolmay qolmasingdan ketaylik.
– Shoshmang, – deyman qo‘l silkib qo‘yib, keyin qizga so‘zlanaman: – To‘g‘riku-ya, lekin Orif akaning tanishlari ekan deb to‘rga o‘tkazib yuborarmidi deyman-da.
– Telefon qilib aytib qo‘yaman, – deydi qiz nim tabassum bilan. – Borgunlaringizcha to‘rdan joy ajratib qo‘yishadi. Ammo ilik yetmay qolsa, o‘pkalamay ketasiz-da.
– Xo‘p, – deyman Sodiq akaga ketdikmi deb ishora qilib, – Iligimiz to‘q, ilikka muhtojligimiz yo‘q.
Qiz bir zum jimib qoladi. Mashinamiz joyidan jilayotgan paytda chaqiradi:
– Hoyo aka!
– To‘xtang-chi, – deyman Sodiq akaga. – Tinchlikmi?
– Men hazillashdim, ammo o‘zingiz birinchi boshladingiz…
Sodiq aka signal chalib, gazni bosadi. Men esa xayrlashganday qizga qo‘l siltab qo‘yaman.
– Qanday, – deydi Sodiq aka to‘yxonani so‘rab ketarkanmiz, – bopladi-ya?
– Maza qildingizmi?
– Ha-da.
– Endi unga nisbatan fikringizni ayting.
– Tashqaridan qarasang, shaddod, betgachopardek, lekin to‘g‘ri qildi. Sen bilan laqillashib o‘tirsinmi…
– To‘g‘ri qilmadi, – deyman ichimda qizni oqlasam-da. – Biz mehmon edik. Tanimagan, bilmagan odamiga ham shunday gapiradimi?
– Qanaqa mehmon?! – deb qizishadi Sodiq aka. – Biz kliyentmiz. Sen yong‘oqqa emas, o‘ziga xaridor bo‘la boshlading. O‘zing aytganingday mehmon bo‘lsang, izzatingni bilishing kerak edi. Endi nima deb o‘zingni oqlaysan.
Sir boy bermaslik uchun kiftimni qisaman.
Dallol
To‘yxonadagilar sira qo‘yishmagach, ichkariga kirdik. Dasturxonga palov tortgan chog‘da bir kishi kelib salom berdi, keyin o‘zini tanishtirdi.
– Ismim Orif, so‘rab kelgan ekansizlar? – Yuziga qarab asabiylashganini sezaman, lekin o‘zini sipo tutishga urinadi. – Men boyvachcha bilan edim. Kutib ololmadim, uzr.
– Boyvachchangiz kim? – deyman o‘zimni tanishtirib.
– Uka, – deydi Orif aka ovqatga ishora qilib. – Sizlar ham qishloqning bolasisizlar. Shu paytgacha qishloqlaringda birortasi to‘y-ma’rakasiga ofitsiant olib kelganmi?
– Yo‘q, – deymiz Sodiq aka bilan bir-birimizga qarab.
– Bizning olifta ukamiz esa shahardan oltita yigit olib kelibdi. Nima emish, “To‘yimda hamma maza qilib o‘tirsin” emish. To‘yda kuyovdan boshqasi xizmat qiladi, o‘ynaydi. Mana shu-da mazasi. Otasi yer bo‘lib o‘tiribdi. Buni tushunmaydi boyvachcha kuyov bola. “Sen bilan yelka tirashib katta bo‘lgan jo‘ralaring o‘lganmi?” dedim, oxiri jahlim chiqib. “Ko‘pchiligi uylanganda to‘yiga kelolmaganman, xizmat qilmaganman. Ular ham qaytarsa kim qiladi xizmatni?” deydi o‘zini oqlamoqchi bo‘lib. Shu ham gapmi, ukalar?! To‘g‘ri, nomus qilayotgandir, ammo sababi bordirki, kelolmagandir. Qolaversa, yuziga soladigan nomard bo‘lganida shu paytgacha nomi chiqardi. Bir haftadan beri qishloq shu yerda, hech kim o‘zini tortgani yo‘q. Bugun bu shunday qilsa, ertaga yana bitta ahmoq chiqadi-da unga ergashadigan, “To‘y-ma’raka qilsam, ofitsiant olib kelaman”, deb elga el bo‘lgisi kelmaydigan. Odamning kimligini bildiradigan shu to‘y bilan aza-ku, to‘g‘rimi? Maxtumquli aytganmidi, “Ma’rakada o‘tirib turishin ko‘ring”, deb? Uzr, ukalar, qizishib ketdim. Sizlar ovqatdan olaveringlar. Qonim qaynab ketdi-da. Oxiri chidolmaganimdan bo‘ralatib so‘kdim. Haqqim bor-da, otasi bilan amakivachchamiz. Anavi xizmatga kelgan yigitlarga bittang turib xizmat qilmaysan, deb aytdim. “Mehmonday o‘tirib, yeb–ichinglar. Keyin o‘zim olib borib qo‘yaman shaharga. Pulingniyam beraman”, dedim, bittasi taraddudlanib turgandi. Pul odamning oridan azizmi?!
– Biz aslida sizni yo‘qlab kelganmiz, yong‘oq yig‘ib yurgan edik, – deydi Sodiq aka muddaoga ko‘chib. – Uyingizni so‘ragan edik, bu yoqdaligingizni aytishdi.
– Men bugun bo‘shamayman. Yigitlardan birortasini qo‘shib yuboraman. Yong‘oqni ko‘ringlar, keyin insofga qarab narx qo‘yib olib ketaveringlar. Men Lazizni bugun ko‘rgan emasman, o‘rtamizdagi yong‘oqni puchga aylantirmanglar.
Borlig‘imni egallab borayotgan allaqanday vahm bilan to‘yxonadan chiqaman. Endi men xaridor emas, akam va Orif aka o‘rtasidagi dallolman.
Mehrning aksi
– Kelinglar, kelinglar! – ochiq chehra bilan kutib oladi Mehrigul opa (ismini keyinroq bilib olganmiz).
– Assalomu alaykum, – darvozadan ichkariga kirib salom beraman opaga. – Yong‘oq olib yurgandik.
– Yaxshi-yaxshi, – deydi opa, keyin uyi tomonga qarab o‘g‘lini chaqiradi. – Davron, bu yoqqa qara, bolam. – Davron chiqib kelgunicha, bizni temir chorpoyaga taklif qiladi. – Havo ham isib ketdi. Hozir tarvuz so‘yib beraman. Bir salqinlab olinglar.
– Opa, tashvishga qo‘yamiz sizni, – deyman xijolat tortib. – Biz qaytamiz. Yong‘og‘ingiz bo‘lsa ko‘raylik.
– Xijolati bormi? Musofir bo‘lsalaring. Mana, Davronim ham yaqinda chet eldan keldi. Boshidan o‘tkazganlarini aytsa, yig‘lab yuboribman. Hamma o‘zbek bo‘lolmas ekan. Bo‘lolmaydi ham.
– Biz shu yerning bolasimiz, opa, – deydi Sodiq aka. – Lazizni taniysizmi? Qizil “Damas”i bor. Joyi kelsa, kirakashlik qiladi. Mavsumida tarvuz-qovun sotadi. Mana, endi yong‘oq yig‘yapti. Bu ukasi bo‘ladi, – deb meni ko‘rsatadi. – Yordamga kelgan. Birga yuribmiz.
– Tilla bola-da, – deb menga tikiladi Mehrigul opa. – Akang kam bo‘lmasin, baraka topsin. Menga ko‘p yordami tekkan. Davron chetda, kattam Toshkentda. Nabiralar bilan qolgan paytlarim qishloqqa yo‘li tushsa, nimani iltimos qilsam yo‘q demaydi. Ro‘zg‘or-da, hali u, hali bu kerak bo‘lib turadi. Tuman markaziga borib-kelishning o‘zi bo‘lmaydi. Shunaqa paytlar “Uka, yana qachon kelasiz, menga falon narsa kerak edi”, desam, aytgan narsamni olib kelib berib ketadi. Baraka topsin, ilohim. Menda telefon nomeri ham bor. Davronim kelguncha ham bir-ikki telefon qilib u-bu tayinlaganman. Endi aytay desam, o‘g‘lim unamaydi, tashvishga qo‘ymang, deb.
– To‘g‘ri-da, – deb gapga qo‘shiladi Davron, – u kishining tashvishi kammi? Aytishga uyaladi odam. Yozda kelib qolishsa, ikki-uchta qovun bilan tarvuz tashlab ketisharkan. – Xijolat tortasan kishi.
Akam haqidagi iliq so‘zlardan to‘lqinlanib ketaman.
Tarvuzni yeb bo‘lgach, dasturxonga duo o‘qib, o‘rnimizdan turamiz. Shunda Davron bir qop yong‘oqni olib chiqadi.Chaqib ko‘rmoqchi bo‘lsam:
– Shartmas,– deydi Mehrigul opa. – Bu akangga, dehqonchiligimizdan.
– Akam olmaydi, – deyman qat’iy qilib. – Fe’lini bilsangiz kerak, opa?
– Unday bo‘lsa aytmaysizlar-da, – deb kuladi opa. – O‘ng qo‘ling berganini chap qo‘ling bilmasin deydi-ku.
– Sotsangiz olib ketaman, bo‘lmasa qoladi yong‘og‘ingiz, – deyman nima deyishni bilmay.
– Buni atab olib qo‘ygandim. Sotiladiganlarini keyinroq aytarman, sotadigan paytimda. Hozir pulga zaruratimiz yo‘q.
– Bitta ish qilaylik, – deydi Davron. – Laziz aka berganingiz bilan baribir bir qop yong‘oqni olmaydi. Duongiz yetadi, deb ketarkan-ku. Shuning uchun hamma yong‘oqni olib ketishsin. Sotib, puldan foydalanib turishsin. Bu yerda turganidan nima naf?!
Menga yaxshi yo‘ldek tuyiladi bu ish. Lekin yong‘oqni olib kelganimni eshitgan akam mendan ranjiydi.
– Bekor qilibsan. Bir oymi, ikki oymi o‘tib, yong‘oqning narxi oshsa afsuslanishadi. Yaxshi ish bo‘lmabdi.
Shunday deb Mehrigul opaga qo‘ng‘iroq qiladi:
– Opa, ukam xato ish qilib kelibdi. Pul kerak bo‘lgan vaqti aytsangiz, o‘sha paytdagi narx bilan beraman pulni. Agar narx-navo tashlasa, bugungi narx bilan. Bo‘lmasa, yong‘og‘ingizni ololmayman…
Mehrigul opa rozi bo‘lgach, go‘shakni qo‘yadi.
– O‘sha yong‘oqlarni bir chetga olib qo‘y, – deydi akam.
– Nega?
– Menga omonat ular.
Aka
– Men senga narxini aytdim, uka, – deydi Shomir degan kishi savdomiz kelishavermagach. – Aytganimdan bir tiyin ham tushmayman.
– Aka, siz ham tushuning, bir-ikki so‘m naf ko‘raylik deb yuribmiz. Sizga dehqonchilik-ku, bunchalik qattiq bo‘lmang-da.
– Sen olmasang, boshqasi oladi. Kunda nechta xaridor keladi. Yaxshi foyda qilishyaptiki, qishloqma-qishloq yurishibdi.
– To‘g‘ri, pulni pulga almashtirib yurish uchun chiqmaydi hech kim bozorga. Lekin sotarmonda ham ozgina xayr-baraka bo‘lishi kerak, aka. Injilmay bersangiz, sotib olgan baraka topadi.
– Menam yomon narx aytmadim, yong‘og‘im sinovdan o‘tgan, uka.
– Po‘choqning ichida hammasi. Biz Xudoga tavakkal qilib olamiz. Mag‘zi yaxshi chiqsa, baxtimiz. Bo‘lmasa – peshona, puch yong‘oqni qo‘ltiqlab ketganimiz qoladi.
– Mening yong‘og‘im puch emas.
– Biror ishimiz Xudoga xush kelmasa, puchga aylanadi-da, aka. Men aytgan narxdan baland so‘rab kelishsa, berib yuboravering. Lekin siz istayotgan narx hali yo‘q. Balki keyinchalik bo‘lib qolar, ungacha kutsangiz, albatta.
– Mayli, kimga taqdir qilgan bo‘lsa, o‘sha oladi-da.
– Aytganingizdan qancha o‘tib berasiz. Mana, oxirgi marta so‘rayin. Mol bozoriga chiqsangiz, “Devorning ham kemtigi bor”, “Kindigingni o‘zing kesganmisan?” degan gaplari bo‘ladi-ku, – kulib qarayman Shomir akaga. – Ana shunday siz ham aytganingizga sotmay, bir nima o‘tib bering.
– Bo‘lari shu.
– Mayli unda. – Shomir akaning xonadonidan ortimga qayta boshlayman. Shu payt bog‘ tomon bir ayolning shoshib kelayotganiga ko‘zim tushadi. “Yong‘og‘i bo‘lsa, aytishga kelayotgandir balki?” – o‘zimcha xayollanib yurishdan to‘xtayman. Ayol hansiragancha yaqin kelib:
– Yong‘oq olyapsizmi? – deydi.
– Ha, – deyman ayol tomon yurib. – Qancha bor?
– Ko‘p emas. Bor-u, hali tozalab ulgurmadim. Bolam kasalxonaga tushib qoldi, aka, – ayol Shomir akaga qarab qo‘yadi-da, yana menga yuzlanadi. – Hozir o‘n-o‘n besh kilocha bor.
– Yuring, – deyman-da ayol kelgan bog‘ tomon qadam bosaman. – Shu tomondan boramizmi?
– Ha-ha, yuravering.
– Bolangga nima qildi? – jimgina qarab turgan Shomir akaning ko‘zida xavotir akslanadi.
– Hali bilmayman. Isitmasi tushmayapti. Analiz topshirtirib, yotqizib keldim, – deb ayol ko‘ziga yosh oladi.
– Uka, – deydi Shomir aka meni chaqirib, – Boya yong‘og‘imga qancha beraman deding?
– Kilosiga olti ming uch yuz.
– O‘sha aytganingga olaqol. Ikki qopdagi ellik kilodan oshsa kerak. O‘zimiz tortaveramiz. Hozir mana bu opangga uch yuz ming berib yubor. Qolganini hisob-kitob qilaveramiz. Bolasining oldiga ketaversin. Yong‘og‘ini keyin kelganingda olarsan. Ungacha tozalab qo‘yishadi hammasini.
Hozirgina bir tiyin ham tushmayman, deb turgan odamning birdan o‘zgarib qolishidan hayratlanaman. Yong‘oqni tortib olayotib so‘rayman:
– Shomir aka, opa kimingiz bo‘ladi?
– Singlim, – mehr bilan javob qaytaradi Shomir aka. – O‘g‘li bilan yolg‘iz yashaydi. Shu yerdan uy solib berganmiz.
O‘sha ayol kelgunicha, tasavvurimda po‘stlog‘i oq-u, mag‘zi qorayib ketgan yong‘oqqa o‘xshatib turganim Shomir aka to‘g‘risidagi fikrlarim tubdan o‘zgarib ketadi.
***
“Yong‘oq qirq dardni qo‘zg‘aydi, ko‘p yemanglar”, derdi Iqbol momom. Ta’til vaqtim nihoyalab akam bilan bozorga chiqdim. Odamlarga: “Yong‘oq oling, yesangiz qirq dardni qo‘zg‘aydi bu. Dard qo‘zg‘asa, davosini izlaysiz”, deyman. Odamlar menga “jinnimi” degandek qarab qo‘yishadi. Akam e’tirozli ohangda:
– Shoir, puch yong‘oqday ko‘p shaqillama, – deydi. So‘ng “Kelasi yil yana kelasanmi?” deb so‘raydi.
– Kelaman, – deyman beixtiyor.
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 1-son