Aziz inson, senga nima kerak?
Qaylarga shoshasan, qayda manziling?
Asqad Muxtor
Har qadamda shoshayotgan, shoshilayotgan odamga duch kelasiz. Ro‘parangizdan nuqul qayoqqadir shoshayotgan yo shoshilishga shay turgan odam chiqib qolaveradi, qolaveradi… U shoshib yoningizdan o‘taveradi, o‘taveradi… Siz esa hayron bo‘lib turaverasiz, turaverasiz…
Qay tomonga qaramang, shoshayotgan odamni ko‘rasiz. U turfa xayollar girdobiga g‘arq bo‘lib, atrofingizda yuguradi: yo taniysiz, yo tanimay qolasiz. Chunki yo‘lingizni kesib, ba’zan to‘sib, ba’zan turtib ketayotgan odam haqiqatdan ham qaygadir shamolday yelayotgan bo‘ladi.
Darvoqe, ey odam bolasi, bunchalar qayoqqa shoshasan? Nega shoshasan? Nima uchun? Mening shoshilib berayotgan savollarim havoda varrakday osilib qoladi. Havoda. Ular haqiqatan ham yerdagi odamga yetib bormaydi.
Shoshayotgan odam bu savollarni mutlaqo eshitmaydi. Eshitsa ham javob bergisi kelmaydi. Chunki ulardan biri shoshyapti, yana biri shoshilyapti, biri shoshmoqda, boshqasi shoshayotir, shoshib-shoshqaloqlik qilib noma’lumlik sari ketayotir. Xayolingizga keltirsangiz, Gyote yozganidek: “Shoshqaloqlik – barcha adashishlarning onasi”, ekan…
Sen ham odatdagiday erta tongda shoshib uyg‘onasan. Ko‘zlaringni ochasanu tok urganday shoshilib o‘rningdan turasan. Yoningda yotgan yoringga qayrilib yo yolchitib qaramaysan. U ham sen kabi shoshilib uyg‘onadi. Uyg‘onadiyu vannaga shoshadi. Azbaroyi shoshilganidan yuz-qo‘liga hatto suv tegmaydi. Tishlarini yuvishga ham ulgurmaydi. Sen kabi u ham ishga shoshayapti. Aslida, xotining bozorga oshiqayapti. Bozor ham zo‘r va gavjum ishxona-da! Xuddi korxonaday gavjum!
Nonushta ham shoshilish notalari ostida o‘tadi. Og‘zingdagi ovqatni shoshib chaynaganingdan nima yeganingni ham bilmaysan. So‘ng, shoshib kiyinib, ko‘chaga otilasan. Va ko‘chani, yo‘laklarni to‘ldirib oshiqayotganlar safiga qo‘shilib, suvdagi baliqday “suzib” ketasan. Shoshayotganlar to‘dasi yana bir shoshqaloq bilan boyiydi, xolos.
Uydan ishga, ishdan bozorga, bozordan bog‘chaga, bog‘chadan do‘konga, do‘kondan shifoxonaga, shifoxonadan dorixonaga, dorixonadan oshxonaga, oshxonadan boshqa… xonalarga shoshasan. Aslida, bozorga ham jonsarak borib, shoshqaloq o‘rdak kabi boshingni to‘kin rastalarga urib, arzonroq mahsulot izlaysan. Bozor qiziq: bittasi shoshib sotadi, bittasi shoshilib oladi. Lekin mashhur she’rda aytilganidek, “Molim yomon degan kimsani ko‘rmaysan”. Sen faqat bozorda emas, balki yo‘lda, ko‘chada, bekatda, hatto tor yo‘lakda ham shoshib ketayotgan bo‘lasan. Turfa avtolarda, metroda shoshasan. Xudo asrasin, gavjum chorrahada, katta-kichik mashinalar suvday oqayotgan tig‘iz ko‘chalarda shoshasan. Ayt, yana qayoqqa shoshasan? Shoshqaloqliging boisi ne? Bundan maqsad nima o‘zi, birodar?
Qayon ketmoqdasan, ey allohning shoshqaloq bandasi? Nega sabr qilmaysan, qanoatni bilmaysan, shukrona aytmaysan?.. Birim ikki, ikkim o‘n, o‘nim yuz, yuzim ming, mingim esa million bo‘lsin, deb, halloslab chopasan, qoplab yig‘asan, yig‘ib aslo to‘ymaysan. Ochko‘z yuhoga o‘xshaysan. “Eb to‘ymagan, yalab to‘yarmidi”, degan naql borku xalqimizda! Daqiqalar, lahzalar, kunlar, oylar shoshib o‘tmoqda. Yillar ham poygachilar misol shoshayotir. Xuddi tob solingan soat millariday tez o‘tayotir. Go‘yo bularning barchasini vaqt kushandasi yutib yuborayotganday.
Hoy, chopib ketayotgan odam, bir lahza to‘xta, nafas rostla, atrofingga boq. Aks holda, hovliqib ketayotib, o‘zingni bexosdan biror-bir devorgami, daraxtgami yoki temir panjaragami urib olasan. Eng yomoni, o‘zing kabi shoshib, shoshilib ketayotgan yana bir shoshqaloqqa urilasan. Bundan yo boshing yoriladi, yo peshonang g‘urra bo‘ladi, yo burning qonaydi…
Esingdami, beshikdan chopqillab tushganing?! Shundan buyon tinim, orom neligini bilmaysan. Shiddat bilan o‘tayotgan umring davomida, yelib-yugurib, chopib, oshiqib, shoshiqib qo‘lga kiritganing shu birgina aso bo‘ldimi? Butun umring davomida yelday shoshib erishganing shu bir quloch yog‘och bo‘ldimi? Hissiz, zabonsiz yog‘och?!.
…Nima, hayotning mazmuni faqat shoshilishdan, shoshqaloqlikdan iboratmi? Mundoq bir pas o‘tirib, qilayotgan ishlaring, o‘tayotgan umring haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rdingmi, jiddiy bosh qotirdingmi? Jonsarakliging boisini tushunib yetdingmi? Chopachopdan, hansirab yugurishdan maqsad neligini bildingmi? Birov ota-onam, deydi, birov bola-chaqam, deydi, yana birov nabiramning holi ne kechadi, deb qayg‘uga botadi? Ularni dunyoga keltirgan alloh rizqini ham berar…
Zamon o‘zgarishlari shiddat bilan kechayotir. O‘tish davrining zalvorli g‘ildiraklari aslo tinmay aylanayotir. Obodlik avjiga chiqqan palla. Yurt bilan birga o‘zimiz ham, qalbimiz va turmush tarzimiz ham keskin o‘zgarib borayotir. Afsuski, “sholi kurmaksiz bo‘lmagandek”, bu jarayonda ba’zan ko‘zbo‘yamachilik, ba’zan buyruqbozlik qilib o‘z shaxsiy manfaatlari uchun shoshayotgan ayrim g‘alamis va cho‘ntakparast kimsalarning nojo‘ya, nopok ishlarini ko‘rib ranjiysan. Ey badnafs va ochko‘z banda shoshilib, shoshib ariq qazasan, imorat qilasan, nihol ekasan. Sen qazigan ariqning torligidan suv tiqilib yo toshib ketayotir. Qurgan imorating tez orada ta’mirtalab bo‘lib borayotir. Ekkan niholing ildiz otmasdan qurib, so‘liyotir. Sababi – shoshqaloqlik! Shoshilinch yoki shoshqaloqlik bilan bajarilgan ishda unum va baraka bo‘lmaydi. “Shoshgan qiz…” degan xalq maqolini eshitmaganmisan?..
Shoshib uylanganing yodingdami, birodar? Keyin tirikchilik, degan olis va yetib bo‘lmas manzil sari yelkangga “olaxurjun”ni ilib, hovliqib chopib ketding. Hamon to‘xtashni bilmaysan. Sen intilayotgan manzilning, aslida, manzili bormi? Oqibatda, bola-chaqalaringni ham hovliqib tarbiya qilding. Halovat neligini bilmagan sargardon umring hamisha yelib-yugurish lahzalaridan iborat bo‘ldi. Shoshganingdan sochlaringga erta oq tushdi. Peshonangga ajinning mashaqqat chiziqlari ayovsiz muhr bosdi. Ko‘zlaringdan nur, belingdan quvvat ketdi. Yuragingdan cho‘g‘, umringdan qo‘r ketdi, lekin sen shoshilishdan aslo to‘xtamading. To‘xtash nimaligini bilmading. Endi o‘rni keldi, yana bir tashvishli shoshqaloqlikdan ogoh etmasak bo‘lmaydi. Agar bilsang, izingdan bolalaring shamolday shoshib kelmoqda. Ularni bir lahza to‘xtatish, tin oldirish o‘rniga, aksincha, ularni ham shoshqaloqlikka o‘rgatyapsan. Masalan, bittasi bolam she’r yozadi, deb, bir dasta almoyi-ajmoyi yozilgan, havaskorlik darajasidan ham past mashqlarni tahririyatdan tahririyatga olib yugurgani- yugurgan. Bular she’r emasligi, she’rning yozilish qoidalari haqida sho‘rlik muharrir kuyunib gapirdi. Uning jon kuydirib tushuntirishlari behuda ketdi. Chunki bo‘lajak “she’riyat yulduzi”ning kitobi allaqachon chop etilibdi. Kitobga taniqli shoirlardan biri jimjimador “oq yo‘l” yozib, yosh “talant”ning “piligini” rosa ko‘taribdi.
– Bolani shoshirib nima qilasizlar? – degan savolga ota-onalari:
– Ko‘rik-tanlovda qatnashadi. Kerak bo‘lsa, g‘olib bo‘ladi, – deyishadi ishonch bilan.
Shoshilib “she’rlar” yozgan, shoshilib “kitobi” chop etilgan “talant” atrofida nimalar bo‘layotganini bilolmay hayron edi, lol edi, garang edi…
Bunday soxta shoshqaloqlik kimga kerak, nimaga kerak?.. Axir, shundoq ham yosh talantlarga, yosh iste’dodlarga keng yo‘llar ochilyapti-ku! Bolani chalg‘itgandan ko‘ra, unga hunar o‘rgatsangiz bo‘lmaydimi?
Umring go‘yo telba shamolday, tezoqar soyday o‘tdiyu ketdi. Nega bu dunyoga keldingu, qanday umrguzaronlik qilding? Qanday ezgu amallarga bosh-qosh bo‘lding, qanday xayrli, ibratli, savobli ishlarni amalga oshirding? Shoshilinch ketayotib beozor chumolini bosib olmadingmi? Endigina qad rostlayotgan niholni to‘satdan sindirib ketmadingmi? Yoningdan o‘tayotgan go‘dakni bexosdan turtib yubormadingmi? Yam-yashil maysalarga ozor bermadingmi?..
Kimga mehr ko‘rsatib, kimga yaxshilik qilding? Kim bilan do‘st bo‘lib, kimga sadoqat, vafo ko‘rsatding? Kimning og‘irini yengil qilib, dardiga malham bo‘lding? Kimning qanday mushkulini oson qilib, qanday og‘ir yumushiga madadkor bo‘lding? Qaysi dilozorning diliga malham bo‘lding? Aqalli, birorta huriliqoni sevdingmi, o‘zing ham sevildingmi? Sevgining shirin-shirin dardlariga mubtalo bo‘ldingmi?..
Shoshqaloqlik bilan o‘tgan o‘z umringdan qanday ma’no-mazmun topding? Kim va nima uchun shoshilding?
Shoshilayotib boshingni sajdaga qo‘ydingmi, bilib-bilmay qilgan gunohlaring oldida tavba-tazarru qildingmi? Oxiratingni o‘yladingmi? Qabr azoblari haqida bosh qotirdingmi? Aziz avliyolar va ota-bobolaring qabrlarini ziyorat etdingmi, ruhlariga duo-fotiha qildingmi?.. Shoir deydiki:
Avlod-ajdoding kim? Shoshmay fikr qil,
Shoshmay so‘z degilu shoshmay zikr qil.
Shoshqin daryoman, deb, vaqt-bevaqt toshma,
Ummon bo‘lmoqlikka, ayniqsa, shoshma!
Sening shoshilib yurganingga ko‘p bora guvoh bo‘ldim. Sen negadir so‘nggi paytlarda ma’naviyat gavhari bo‘lgan – kitob do‘konlari yonidan loqayd o‘tib ketadigan yomon odat chiqarding. Do‘kon oldidagi rastalarda yoyib qo‘yilgan turfa kitoblarga aqalli bir qarab ham qo‘ymaysan. Hatto kitobning nomiyu muallifiga mundoq ko‘z yugurtirmaysan. Chunki sen shoshasan. Faqat kitoblar olamidan emas, balki ilmdan, ma’naviyat va ma’rifat dunyosidan o‘zing bilmagan tarzda uzoqlashib boryapsan.
Sen hatto ibratxona bo‘lgan – teatrlar yonidan ham beparvo o‘tib ketayotganingni bilmaysan. Azbaroyi tez yurganingdan teatr afishasiga ham yolchitib qaramaysan. Shoshqaloq birodarim, kutubxonalarni allaqachon unutib yuborganingni aytmay qo‘yaqolay. Bilaman, bir marta berilgan umringni ko‘proq to‘ylarga, ziyofatlarga, choyxonalarga bag‘ishlaysan. To‘ydan-to‘yga shoshasan, oshdan-oshga chopasan. Ziyofat, desa, yelib-yugurasan. Bir gal do‘stingni to‘yiga shoshib kirib, chiqib ketganingni ko‘rdim. Chunki boshqa bir to‘yga shoshayotgan eding-da! Seni yana bir azada ko‘rgandim. Shoshib kelib, shosha-pisha fotiha qildingu darhol jo‘nading. Azadorlardan tuzukroq ko‘ngil so‘rashga fursating yetmadi. Shundoq yon qo‘shning qazo qilganida, tobutni ham birrov ushladingu yana qayoqqadir darhol oshiqding. Bilsang, u ham senga o‘xshab shoshgan edi. Mana, endi, “to‘rt oyoqli cho‘bin ot”da mutlaqo shoshilmay ketayotir. Endi, u, aslo, shoshmaslar, shoshilmaslar olamiga borayotir. Ahmad Yassaviy yozganidek:
Gunohingga tavba qilib, yig‘lab yurg‘il,
Ketarman deb, yo‘l boshig‘a borib turg‘il,
Ketganlarni ko‘rib san ham ibrat olg‘il,
Ibrat olsang, yotmish yering bo‘lar gulzor…
Oxir-oqibat shoshqaloqlik bilan o‘tgan umring so‘nggida seni ham shoshilib kuzatdilar, farzandlaring, yaqinlaring ham shoshilib ko‘zyosh to‘kdilar. So‘ng qabring ustiga shoshilib tuproq tortdilar.
Shoirning o‘tli misralari yodga tushadi:
Uyum tuproq bo‘ldi quvonchi-g‘ami,
Kimdir boqib dedi: “Shunga shunchami?!.”
Qabrlarda qulf bo‘lmaydi, lekin ulardan chiqib ketishning aslo iloji yo‘q. Shoshishning ham zarracha foydasi yo‘q.
Qabr – umrning so‘nggi bekati, shoshayotgan odamning oxirgi manzili. Chunki shoshayotgan, shoshilayotgan odamni to o‘zi to‘xtamaguncha, uni hech kim to‘xtatolmaydi. Yelib-yugurib, horib-tolib, oxiri o‘zi to‘xtaydi. To‘xtaganida esa kech bo‘ladi…
Oxirating obod bo‘lsin, shoshilgan odam! Toki, sening shoshqaloqlik bilan o‘tgan umring, boshqa shoshayotganlarga ham saboq bo‘lsin.
Alvido, shoshgan odam!..
Sen bilan vidolashdimu, afsuski, bu dunyoni qanday tark etganingni, mutlaqo bilmay ketganingga juda-juda achindim. Bu kutilmagan dahshatli hodisa bir lahzada ro‘y berdi. Mashhur qo‘shiqda aytilganidek: “Chapingdan o‘ngingga boqqancha bo‘lmas”, ekan. Agar vaqti-soati yetib, ajal quvib kelsa, tamom, hech qanday iloj topilmas, na boylik, na mansab, na kuch-qudrat uni to‘xtatib qolaolmas ekan…
Haqiqatan sen ham ko‘plar qatori oddiy tasodif tufayli qazo qilganingni bilmay, bilolmay ketding, shoshgan odam.
O‘sha kuni xarxasha qilaverib holi-joningga qo‘ymagan o‘g‘ilchangga o‘yinchoq olib kelish uchun “Bolalar dunyosi” do‘koniga oshiqayotgan eding. Yo‘l-yo‘lakay, xotining aytgan qandaydir yumushni bajarish uchun, odatdagidek yelib-yugurib “Super market” tomon chopqillab ketayotganingni bilmay qolding. Ha, har safargiday yelib-yugurib!.. Tekis ko‘chadan tizginsiz xayollar girdobida shoshib borayotib, kutilmaganda o‘ng oyog‘ing bilan sirpanib ketding. Ketdingu ikki oyog‘ing havoda o‘ynab, boshing bilan beton yo‘lga yiqilib tushding. Ko‘z olding qorong‘ulashib, qanday dahshatli voqea sodir bo‘lganini anglab-anglamay hushingni yo‘qotding. Kasalxonada ham o‘zingga kelmading. Tiling kalimaga kelmay, biror og‘iz so‘z aytolmay, bu yorug‘ olamni tark etding. Aslida, sen mevasi yeyilib, yo‘lakka tuflab ketilgan oddiy o‘rik danagiga sirpanib ketganingni bilmading. Ha, shoshib ketayotib arzimagan kichik bir danakni bosib olgan eding. Poshnang bilan, qattiqroq bosganingdan danak chaqilib ketgan edi. Danak puch ekan…
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi.