Botinkavoy bilan Tuflioy dalabog‘dagi bir uyning ostonasida uchrashib qoldilar.
– Haliyam asfalni o‘yib yuribsanmi, poshnangdan akang? – deya suqlanib gap otdi Botinkavoy.
– Bor-e! – nozlanib, burnini cho‘chchaytirdi Tuflioy.– A’zoyi badaningdan achigan paypoqning hiydi kelyapti. Nariroq tur.
– Ho‘! Namuncha osmonlaysan? Sen amrikoni xiromlardan bo‘lsang, bizam salamandirlardanmiz. Xo‘jaynim katta bir zavo‘dni guldiratib turibdi. Qasrdek idorasi bor.
– Bekamning idorasini oldida senlarniki bir chaqa. Xona tugul hatto yo‘laklarimizgayam gilam to‘shalgan.
– E-e, masalan, men mashinamizning ichidayam gilamni ezib turaman. Shuniychun doim top-tozaman… Xex-xex-xe, tunov kuni bir zoti past kalish loy ilashtirib chiqsa bo‘ladimi? Achitibroq so‘kay desang, xo‘jayinning qaynanasiga qarashli narsa.
– Fu! Unaqa befahmlar navalom, – pistonchasini yarqiratib suzildi Tuflioy. – Ayniqsa, to‘yga borsang, atrofingni bir zumda kalish bosadi. Biri burishgan, biri tirishgan…
– Ha, biz shukur qilishimiz kerak, – deb salmoqlandi Botinkavoy. – Harholda, obro‘yimiz bor. Tunov kuni ziyofatdan qaytayotganimizda, xo‘jayinning o‘rinbosari meni artib qo‘ydi.
– Voy! Shuyam obro‘mi? Xi-xi-xi, xi-xi-xi… Agar bekam istasa, xo‘jayiningga meni o‘ptirishi mumkin. Qolaversa, ziyofatdan gapirib, maqtanishingni qara. Nima, seniyam to‘riga o‘tirgizib, oldingga bedana kabob qo‘yishdimi?
– Endi-i har kimning o‘z o‘rni bor-da, akasi bo‘yidan. Mana, o‘zing ham joyingni bilib turibsan-ku axir.
Shu payt darvoza ochilib, hovliga so‘laqmonday bir yigit kirib keldi. Majnuntol ostidagi so‘richaga o‘tirib, shumshayganicha sigaret tutatdi.
– Ana, haydovchimiz ham keldi, – deb ishora qildi Botinkavoy.
– Buyam o‘zimizdan, – deya achinqiranib xo‘rsindi Tuflioy. – Bu sho‘rlik ham bizga o‘xshab doim tashqarida qoladi.
1980 yil.