Anvar Obidjon. Mo‘ttivoymisan, Mittivoymisan? (qissa)

Bolalar va o‘smirlarning aksariyati tabiatan sho‘x, o‘jar, shu bilan birga, o‘ta qiziquvchan, behad ta’sirchandir. Ulardagi bu xususiyatlarning yaxshi tomonga shakllanishida tarbiyadan tashqari, muhitning ahamiyati ham beqiyos. Bola el-yurtning quvonchu tashvishlari asosan nimalarda namoyon bo‘lishini, oddiy kishilar turmushining lazzatli kechishida odmilik, mehnatsevarlik, oilaparvarlikdan tashqari, to‘g‘riso‘zlik, ahillik, halollik, ayniqsa, adolatning o‘rni nechog‘lik ulkan ekanligini qanchalar erta anglab yetaversa, jamiyat uchun shunchalar qayishuvchan bo‘lib ulg‘ayaveradi. Bunda bolaning ko‘proq kattalar orasida bo‘lmog‘i, ularning tirikchilik tarzi bilan yaqinroqdan tanisha bormog‘i o‘ziga xos bir maktab vazifasini o‘tashi shubhasizdir.
Quvnoqlik va jiddiylik qorishmasidan iborat bo‘lgan ushbu qissada ajabtovur bir tasodif tufayli chigal ahvolga tushib qolgan va atrofidagi samimiy, insofli, pokizaqo‘l insonlar ta’siri bois o‘smirlikdanoq o‘zi uchun yorug‘ yo‘l topib olishga tirisha boshlagan yosh zamondoshimiz kechinmalari haqida hikoya qilinadi.
Bu asar yosh o‘quvchilarga ozmi-ko‘p shavq ulashibgina qolmay, ko‘ngillarida elsevarlik, yurtparvarlik tuyg‘ularini yanada jonlantirishga qittakkina ulush qo‘sha olsa, o‘zimni juda-juda baxtiyor his etgan bo‘lardim.
Muallif

Yasama yo‘lbars hangomasi

E, oshnajonlar-a, ja g‘alati ish bo‘ldi-da. Ikki oyoqda unchalik lapanglamasdan yura olishimga qaralsa, harqalay, odam desa degulik bo‘z bola edim, ko‘zni bir ochib yumguncha to‘rt oyoqli kuchukchaga aylanib o‘tiribman-ku. Bu ko‘rgilikning yuz berishi oltinchi sinfga havva-huvva ko‘chvolgan paytimga, qiyqiriqlar bilan boshlangan yozgi ta’tilning qoq beshinchi kuniga to‘g‘ri keldi.
Bungachayam boshimdan g‘alva arimay turuvdi, o‘zi. Uch oylik hordiq e’lon qilingan zahoti “Kallani ishlatishdan qutuldik!” deb hayuvlaganimcha xonadan shunqorlanib chiqayotib, uzunyo‘lak shiptidagi qandilning kuyik nokchirog‘ini almashtirayotgan elektrchiga urilib ketganimni; u desangiz, to‘g‘rima-to‘g‘ri yiqilavermay, oyog‘i ostidagi stuldan chechan futbolchiga o‘xshab, qaychi usulida teskarisiga umbaloq oshganini; qo‘lidan uchgan nokchiroq devorga paqillab tegib, shisha siniqlaridan biri pol yuvayotgan farroshning burniga sanchilib qolganini aytmasam, ta’tilning birinchi kuni men uchun ortiqcha mashmashasiz o‘tgandek edi. Ikkinchi kungi qilig‘im andak chakkiroq bo‘ldi, menimcha.
O‘shanda behining qayishqoq shoxidan kamon yasayotib, bu ishning chakki tomoni bo‘lishi mumkinligi sira-sira xayolimga kelmagandi. Olti yasharligimdan beri kamon otaman. Uni qanday yasashni, bir gal opog‘otamnikiga borganimda, kichik tog‘am o‘rgatgani esimda. Bu orada, tokdagi uzumlarimizni, ayniqsa, ertaki quvonchqoralarni yopirilib cho‘qilovchi qancha-qancha qushning patini to‘zg‘itdim, qancha-qancha it-mushukka jarohat yetkazdim. Muzloqda sirpanib o‘ynayotganimda boshimdan uchib tushgan quyonteri telpagimni chaynab qo‘ygan, qishlog‘imizdagi eng sayoq, eng surbet ko‘ppak sanalmish Oqchoponning o‘ng ko‘ziniyam men ko‘r qilganman.
Kamon bitgach, qurigan qamishning silliq g‘arovi ichiga uchi bigizdek o‘tkirlangan cho‘pni suqib, chiylangan ipda mahkamlab bog‘ladim. O‘q-yoy ham tayyor bo‘ldi. Bir zamonlar hatto Alpomishdek pahlavonlarimizga asqatgan qaqshatqich qurolning zabtini sinash istagida to‘rt tomonga alangladim. Kechpishar toshnokning ustida chaqchayib turgan hakka Alpomishga ko‘p yomonliklar qilgan Surxayl kampirga o‘xshab ko‘rindi-yu, unga tish qayraganimcha, kamondan o‘q uchirdim…
Qarabsizki, yana xarxasha chiqib turibdi-da!
Xo‘sh, jodugarni eslatuvchi lo‘liko‘z qushga o‘q otishning qanaqa xarxashasi bor ekan, dersiz. Agar, o‘q hakkaga tegmasdan o‘tib, devor ortidan: “Qaaaq! Qaqaaaq!!!” degan nola eshitilmaganida, hamma ish sippa-silliq kechgan bo‘lardi, albatta. Jon holatdagi qaqag‘lashlarga qo‘shnimiz Mahay xo‘rozbozning “E, voh! “Samuray”imni o‘ldirib qo‘yish­di-ku!” degan vag‘illog‘i qo‘shildi. Sal o‘tmay, hovlimizda o‘zi ham paydo bo‘lib, bu yengilmas xo‘rozni qo‘tosdek keladigan qo‘chqorimga alishtirganidim, endi Xo‘ppakallangni og‘ilimga bog‘lab qo‘yasan, deb so‘lak sachratgan ko‘yi meni tizg‘itishga tushdi. Pirpiraklanib, ko‘chaga qochdim.
Haytovur, Xo‘ppakalla degan urishqoq qo‘chqorimiz o‘zimizda qoldi, “Samuray”ning qanoti bor-yo‘g‘i andakkina lat yegan ekan. Xudo bir saqladi-yov!
Uchinchi kun, aslida, xuddi so‘qmoqqa suv sepgandek bo‘lib, hech bir chang-to‘zonsiz o‘tishi kerak edi. Chunki ko‘chaga chiqayotib, yetar, bugun ko‘ngilning gapiga kirish yo‘q, buvim sho‘rlik meni tergayverib holdan toydi, davrimda bir yayrab dam olsin, deb ichimdan tuginib qo‘yuvdim. Bekor turmaslik, omadim yurishsa, birorta qariyadan duo-puo eshitib qolish niyatida “uloqchi” bolachoqlardan birining cho‘bak otini tortib oldim-da, ariqdagi kattaroq toshlarga qadalib qolgan qog‘ozu xashaklarni “saman tayoq”da qirg‘oqqa surib, suv yo‘lini tozalashga tutindim. Shu pallada uzoqdan mahalla sartaroshi Baraka marakaning “Eshvoynikiga ma’rakagaaa!” degan chinqirig‘i taraldi. To‘satdan miyam tumanlashdi.
Qishloqni aylanib, erinmay surishtirib ko‘ring, Baraka marakani yoqtiradigan biror­-bir bolani topib bo‘psiz. To‘yda kichkintoylarga kun bermaydi, bir dasturxondan nariga haydasa, bir shovqinimiz yuragiga sig‘may qoladi. Ayniqsa, To‘lan to‘lpoq qizini uzatgan to‘yda qozonga yaqinroq borganimni bilaman, yelkamdan vahshiylarcha tutamlab, ayamay siltab tashlagani po‘kanimga zildek botganidi.
Velosiped minib olgan usta, odamlarni tekin oshga chorlagan asno, tobora yaqinlashib kelaverdi. Yaqinlashayotib, menga xiralanib qarash o‘rniga, balli, Mo‘ttivoy, ariq tozalashning savobi katta, deb o‘tsa, burni bujmayib qolmasdi. Yo‘q, o‘sha turq, o‘sha bashara.
E, qaysarligim qursin – qo‘limdagi tayoqni velosipedining old g‘ildiragiga qanday tiqqanimni bilmay qolibman. Odam uchmaydi, degan gap yolg‘on ekan. Oldindagi g‘ildirak taqqa to‘xtab, velosipedning orqa tomoni tepaga ko‘tarilishi bilanoq usta Baraka maraka “Eshvoynikiga maaa…” degan asno havoda shunaqangi tekis uchishni boshladiki, buni qaysidir lochin panadan ko‘rib turgan bo‘lsa, hasaddan kuyib o‘lishi aniq edi. Tekis uchishdan tashqari, ancha uzoqqa uchdi. Ammo hay, darig‘, deb qo‘yish kerak, qo‘nishi jichcha pala-partish tus oldi. O‘zidan ko‘rsin, uni binoyidek uchirdim, qo‘nishni eplolmasa, men nima qilay?
To‘rtinchi kunga o‘tar kechasi odamning zavqini chuchvaraqaynar qilvoradigan qoyilmaqom tush ko‘rdim. Shu desangiz, xachirdan sal chog‘roq bir yo‘lbarsga dangal tashlanib, tappa bosib yiqitibman. Keyin, uning bo‘ynidan bog‘lavolib, qishloqda ko‘chama-ko‘cha kezaverdim. Menga ko‘zi tushgan odam borki, quloq-burunli ustunga aylanib, joyida dong qotib qolaverdi.
Uyg‘onib, nonushta qilyapman-u, o‘ngimdayam xaloyiqni qandaqasiga angraytirib qo‘ysam ekan, deb o‘ylanaman, xolos. Oxiri, kallajonimda ajoyib bir fikr charaqladi…
Buvim, tirikchilikning ketidan quvib, qo‘y boqib turadi. Ikkita sovliqdan tashqari, kinnang ichingda ketgur Mahay xo‘rozbozning aytishicha, quyrug‘idagi yukning o‘zi ikkita polvonning belini sindiradigan o‘sha Xo‘ppakalla qo‘chqorimiz ham bor. Bo‘rdoqiligidan beso‘naqay ko‘rinishiga qaramay, qo‘ylarni yaylovchaga haydab borsam, sheriklari singari indamasdan o‘tlayvermay, uchragan hayvonga kalla solib, bo‘ridek tezgir quvalashga tushadi.
O‘ylab qo‘ygan maqsadimni yuzaga chiqarishdan oldin qo‘ylarni yaylovchada o‘tlatib, uyga peshinda qaytdim. Tushlikdan sal o‘tiboq, buvim bo‘g‘chaga ko‘rmana tugib, xolamning nevarasiga qilinayotgan beshik to‘yiga jo‘nadi. Xoli qolgach, dimog‘imda xirgoyilanib, bemalol yumushga berildim:

U qizgayu bu qizga
Chalib berayin sibizg‘a.
O‘yinchi qizlar ichida
Nima bor Suvon semizga?
Maydalab bosib o‘ynasin,
Patini yozib o‘ynasin…

Ishni yungi kechagina qirqilgan Xo‘ppakallani qoziqqa kaltalatib bog‘lashdan boshladim-u, tanasiga o‘rikning yelimi aralashtirilgan tezakni surtib, qo‘ng‘ir rangga bo‘yab chiqdim, qozonkuyada yo‘l-yo‘l chiziqlar tortdim. Keyin, boshiga kanop xalta kiydirdim, qaychida ikkita ko‘z ochdim, jag‘i bilan bo‘ynining atrofiga uvada tiqib, yo‘lbarsning kallasidek qilib shishirdim, uniyam ola-bulaga bo‘yadim. Tumshug‘iga tishlari irshayib turgan kattakon og‘iz chizdim. Chipor arqondan dum yasab, orqasiga osiltirdim.
Vah! Yo‘lbarsmisan yo‘lbars bo‘ldi!
Sinfdoshim Parpivoynikiga kirib, jahonda hali hech kim ko‘rmagan chingilin tomosha boshlamoqchi bo‘pturganimni aytdim-da, ozgina ko‘mak so‘radim. Xayriyat, bo‘yin tovlamadi – “video”sidagi multfilmdan yo‘lbarsning turlicha nag‘madagi irillashu bo‘kiriqlarini qo‘l telefoniga yozib, vaqtinchalikka menga berdi.
Ishni bitirgunimcha qosh qoraydi. Yana biroz kutdim. Tuzukroq qorong‘i tushib, guzaru simyog‘ochlardagi chiroqlar yoqilgan mahalda Xo‘ppakallaning boshiga kiydirilgan kanop xaltaga telefonni tiqib, arqonni qoziqdan yechdim; lozimandadan endigina qaytgan buvimning ko‘zini shamg‘alat qilib, ko‘chaga sekingina yetaklab chiqdim.
Ko‘cha bo‘m-bo‘sh edi. Guzardagi choyxona tomonga borayotib, Parpivoyning telefonini shovqinlatib ishga soldim. Yo‘lbarsning irillagan tovushi yangrashi bilanoq, qo‘chqor jon halpida potranishni boshlab, meni turtib yiqitganicha, ko‘chada sakranib-sakranib chopa ketdi. Ariqdan suv olayotgan Jamila opaning paqiri qo‘lidan tushib, dod-voy bilan uyiga poyga qo‘ydi.
Qishlog‘imiz stadioniga ko‘chma ajoyibxona kelib, anchadan beri tomosha ko‘rsatayotgandi. Choyxona ayvonidagi so‘rilarni to‘ldirib o‘tirganlardan biri “Iye, ajoyibxonadagi yo‘lbars qafasdan qochibdi-ku!” deb baqirganini biladi, hamma to‘rt yoqqa tum taraqay bo‘ldi.
Shilingan tizzamni ishqalay-ishqalay, yiqilgan joyimdan asta qo‘zg‘alayotganimda, mistovoq ko‘targan choyxonachi uchqurlab kelib, tepamdan mushukdek irg‘ib o‘tdi. Mistovoqdan to‘kilgan novvot bo‘lagini uvol qilmay, tezda tilimning ustiga tashladim. Hali turib ulgurmasimdan, endi Mahay xo‘rozboz chap qo‘lida choynak, o‘ng qo‘lida piyola bilan menga qora bulut uyuridek yaqinlasha boshladi. O‘zi nima ahvolda-yu, ora-sira choyni ho‘plab-ho‘plab qo‘yadi deng. Bu gal ustimga qaynoq choy to‘kilishidan cho‘chib, yo‘lni bo‘shatish uchun chetga yumalandim.
Boshimga qop-qop kulfat orttirganimni payqab, o‘rnimdan turdim-da, qo‘chqorning iziga tushdim. Bo‘ynidagi telefondan tinimsiz ravishda o‘kirig‘u irillashlar taralayotgan Xo‘ppakalla choyxonadagilarni to‘zg‘itib bo‘lgach, o‘zini ko‘chaning u yuzidagi darvozaga urib, Toshpo‘lat merganning uyiga kirib ketdi. Izma-iz darvozadan o‘tganimni bilaman, ayvonda televizor ko‘rib o‘tirganlar irilloq maxluqqa tikilgancha ayyuhannos sola ketishdi, keyin biri eshikdan, biri derazadan uyning ichiga otildi.
Qo‘chqorni ana ushladim deganimda tomorqaga qarab qochdi. G‘o‘zapoyadan qilingan chovrani buzib o‘tayotgan vaqtda, Toshpo‘lat mergan o‘zini o‘nglab ulgurgan bo‘lsa kerak, miltig‘ini varang­latib osmonga o‘q uzdi.
Xo‘ppakalla chovradan o‘tib, endi To‘lan to‘lpoqning hovlisida g‘irro-g‘ir aylanishga tushdi. Yaqindagina to‘y qilgan To‘lan to‘lpoq olti paqir suv sig‘adigan, keksalar “choyqozon” deydigan alyumin samovarni mahalla omboriga topshirib ulgurmagan ekan, qo‘chqor bir kalla qo‘yishda shuni paqqos qiyshaytirib tashladi.
Samovarning bejo daranglashi sergak torttirdimi, To‘lan to‘lpoqqa qo‘shilib, xotini va bolalari ham uydan ketma-ket chiqib kelishdi. Chiqiboq, bari tengdan so‘rrayib qoldi. To‘y kuni tashqidagi xurmo shoxiga osilgan ikki yuz shamli chiroq quyoshdek charaqlab tovlanayotgani uchun to‘nkarib qo‘yilgan doshqozon atrofida beto‘xtov chopayotgan yasama yo‘lbars kaftdagidek aniq-tiniq ko‘rinib turardi.
– Bolalarni uyga hayda! – deya xotiniga qichqirdi To‘lan to‘lpoq. – Yo‘lbarsga yem bo‘lmay desang, eshikni ichkaridan tambala!
Tap tortmasdan “yirtqich”ni quvib yurganim unga dalda berdi, shekilli, To‘lan to‘lpoq yerda yotgan ketmonni qo‘lga olib, o‘zini himoyalashga shaylanarkan, “Joningdan to‘ydingmi, Mo‘ttivoy? Bu yoqqa yugur!” deb qichqirdi menga.
Choyxonadan qochganlarning ba’zilari ko‘cha devordan hovliga mo‘ralab turgan ekan, ular ham birin-sirin baqira ketdi:
– Qoch, Mo‘ttivoy! O‘zingni uyga ur!
– Yosh joningga jabr qilma!
– Ochga o‘xshaydi bu yo‘lbars, tilkalab qo‘yadi-ya!
Shu payt, buzilgan chovra tomondan Toshpo‘lat merganning qaldiroqli ovozi yangradi:
– O‘zingni chetga ol, Mo‘tti! Bu odamxo‘rni otib qo‘yaqolay endi!
Shunday deya, qo‘shotar miltig‘ini nishonga to‘g‘rilaganida, To‘lan to‘lpoq “Otma, xumkalla! Davlatning yo‘lbarsi qimmat turadi, mashinang­ni sotib ham uzolmaysan!” deb bo‘kirdi. Bu ogohlantiruvdan so‘ng Toshpo‘lat mergan shippa shashtidan tushgan bo‘lsa-da, erkakcha gapim yelga sovrilmasin deb o‘yladimi, oyni urib tushirmaguncha ko‘ngli to‘lmaydigandek, osmonga qaytadan o‘q otdi.
Xo‘ppakalla miltiqning gumbirlashidan cho‘chib yiqilgani o‘ng‘aylik tug‘dirdi-yu, turayotganida ustiga tashlanib, qo‘llarimni bo‘yniga chirmadim. Qo‘chqor meni sudragan ko‘yi doshqozonning tegrasida chambaragulchin aylanaverdi; telefondan chiqayotgan yo‘lbarsona na’ralar uning ora-sira xirqiroqlanib babalashini ko‘mib yuborayotgandi.
Chetdan xilma-xil nidolar taraldi:
– Vahh!!!
– Hayhay-ov!!!
– Yo, qudratingdan!!!
– Bu bola odammi, shaytonmi?!
Tushim o‘ngidan kelib, orzum ushaldi. Akang qarag‘ayning to‘s-to‘zonli olishuvini kuzatib turgan qo‘shko‘z banda borki, yoppasiga anqaytirib tashladim.
Terga botib ketgan Xo‘ppakalladan qo‘lansa bug‘ ko‘tarildi. U meni chetga itqitish umidida xo‘tikdek shataloqlashga tushdi; oxiri dorda yoyig‘liq turgan sholchaga urilib, yonboshga ag‘anadi. Sholchani epchillik bilan uning ustiga yopib, tipirchilatganimcha bosib turaverdim. To‘lan to‘lpoq ketmonini, Toshpo‘lat mergan miltig‘ini tashlab, ko‘makka shoshilishdi. Devordan mo‘ralab turganlar ham menga tasanno yog‘dira-yog‘dira, hovliga yopirilib kira boshladilar:
– Yuragingga qoyil, Mo‘ttivoy!
– E, otangga balli, sherbola!
– Sen alamazondan bir ish chiqishini bilardim!
– O‘g‘il bola degani mana shunaqa o‘tbosar bo‘lishi kerak-da, og‘aynilar!
Boshimdan jala bo‘lib quyilayotgan olqishu maqtovlar menga asal choydek yoqayotgan edi. Bilaman, saldan keyin bularning bari so‘kinishu qarg‘anishlarga aylanadi. Tarsakilar yog‘ilishiyam hech gapmas. Ishqilib, qattiqroq tepki yemasam bo‘lgani.

Yurakdan chiqqan qarg‘ish

Nimasini aytay, bu galgi qilig‘im hammasidan oshib tushdi. Qadimgi zamon bo‘lsa, mahalladagilar meni eshakka teskari mindirib sazoyi qilishlari aniq edi; ularga ming rahmat deyish kerak, ortimdan kesak otgancha bir yarim soatgina quvib yurishdi, xolos. Qorong‘idan foydalanib, oxiri chap berib ketdim.
Tun men uchun og‘irdan og‘ir kechdi. Tug‘ilganimdan beri birinchi marta molxonamizning chordog‘ida uxlab ko‘rdim. Shuyam uyqumi – bir ko‘zing ilinadi, bir sapchilab uyg‘onasan. Sichqon nimanidir qitirlatayotgani, qo‘ng‘izning g‘o‘ng‘illab o‘tishi, itlarning ulishi, mushuklarning vag‘illog‘i, hatto yaproqlarning shitirlashi ham kechasi qo‘rqinchli eshitilarkan.
Tong otib-otmasidanoq junjikib uyg‘ondim. Uyqusirab turtingancha chordoqdan tusharkanman, ta’tilning endi-endi boshlanayotgan beshinchi kuni turmush tarzimni butkul ag‘dar-to‘ntar qilvorishini hali bilmasdim.
Tashqidagi ko‘rada yuzimni yuvib, qo‘limni qo‘ltig‘imga, betimni etagimga artdim. Borib, uy eshigini ozgina qiyalatdim-u, xonaga boyo‘g‘­lidek mo‘raladim. Buvim namoz o‘qiyotgan ekan, ichkariga tashlagan qadamimning sharpasini sezgan zahoti pichirlashlari ham, bukilib-tiklanishlari ham birdaniga tezlashdi, sal o‘tmay, shosha-pisha duoga qo‘l ochdi. Odob yuzasidan to‘shakka tizzalab, men ham ikkala shapalog‘imni yoydim, buvimga qo‘shilib, suzilganimcha yuzimga fotiha tortdim.
Buvim joynamozni yig‘ishtirib bo‘liboq, yaxshi yotib-turdingizmi, mehribonim, degan gapimni zarracha mensimay, indamasdan borib, uy eshigini ichkaridan mahkamlab yopdi. So‘ng aniq maqsadda ilgaritdan tayyorlab qo‘yilgan xivichni sholchaning tagidan oldi-yu, kela solib, boldirimga beayov charsillatishga tushdi:
– Mana senga yo‘lbars! Mana senga odamlarni mazaxlash! Mana senga mahallani alg‘ov-dalg‘ov qilish! Seni deb choyxonada qancha-qancha choynak-piyola sinibdi… Mana! Seni deb ko‘pchilikning choyqozoni majaqlanibdi… Mana! Seni deb Toshpo‘lat merganning ikkita o‘qi isrof bo‘libdi… Mana! Eng yomoni – Jamilaxon sho‘rlik qattiq qo‘rqib ketib, oy-kuni yetmasidan tug‘ib qo‘yibdi… Mana! Mana! Qachon esing kiradi, oshing sovimagur? Qachon qulog‘imni tinch qo‘yasan? Mana senga! Mana bo‘lmasa!..
Boldirimga kaltak yog‘ilaverdi, men “Voyey! Voyey!” deyish bilan cheklanib, ortiqcha vavag‘lamasdan irg‘ishlayverdim. O‘ylashimcha, odamning tirikligi har xil qiynoqlarga yo‘liqib turishidan bilinadi. Bunaqada tishni tishga bosib chidash kerak. Uvvos solib yig‘lash o‘g‘il bolaning qimmatini bir pul qiladi-qo‘yadi.
Baxtimga, xudo buvimni vaqtida qaritib, kuchini ulgurjisiga kamaytirib tashlagan ekan, tezda sillasi qurib, tappa o‘tirib qoldi. Hansiroqlanib kaltak o‘ynatganicha tag‘in nimalardir demoqchi bo‘ldi-yu, ko‘ksiga to‘satdan qo‘l bosib, silkina-silkina yo‘tala ketdi. Xontaxtadagi termosdan quyib uzatgan choyimni ketma-ket ho‘plab, arang o‘ziga keldi. Kechki ovqatdan quruq qolganim tufayli ochqagandan ochqab ketuvdim, gapni buramalab o‘tirmay, ko‘zimda ilkillab turgan yoshni yengim bilan artaturib, hingilloq tovushda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muddaoga ko‘chdim:
– Choyni bitta o‘zi ichaverish ekan-da? Bizgayam navbat tegarmikin?
– Beting charmdan battar qatib ketibdi, – deb xirqiroqlandi buvim. – Kaltakning jizillog‘i bosilmasidan, tomoqni o‘ylayotganingni qara. Ee…
– Kaltakdan o‘lmaganimga suyunib o‘tiraversam, ochdan o‘laman-ku, buvi!
Buvim ustma-ust tomoq qirib olib, endi xirqiramasdan, hafsalasiz kayfiyatda dedi:
– Ana choy, ana non. Tosrayib jig‘ildoningga tiqaver.
– Qand-chi, qand?
– Bor, qara, idishda qand tugul, qandning kukuniyam qolmabdi. Bir kilo narsani o‘n kundayoq yamlab qo‘yibsan. He, yeganing tanangga botgur-a!
Qoqmoch qatlamapatirni o‘zimizning oq kishmishdan quritilgan mayizga qo‘shib, tanamga botguncha yeyaverdim. Choyning salomatlikka qanday foydasi borligini bilmadim-u, lekin ikkala lunjingga to‘lib ketgan yemishni tomoqqa tiqiltirmay o‘tkazvorishda rosa asqatadi. Buni tetapoyalab yura boshlaganimdan beri bilaman.
Nafsimni o‘lda-jo‘lda qondirib bo‘lib, qittak mudrab qolibman. Tekin taom ilinjida izg‘ib yurgan bir pashsha qulog‘imga “tirk” etib urildi-yu, kipriklarim “chirk” etib ochildi. Derazadan o‘t purkayotgan quyoshning yorug‘i ko‘zimni qamashtirib, qovoqlarimni qo‘shqo‘llab ishqalashga tutindim. Miyam varaqa-vuruq qaynayotganga o‘xshardi.
Tashqariga chiqqach, ko‘radagi suvni mangla­yimga bosa-bosa, esimni jippa jamlab oldim. Boshim tekis ishlashga tushib, umrimni qanday davom ettirish to‘g‘risida yoyilibroq o‘ylashga sharoit tug‘ildi.
Xo‘sh, bugungi kunimga qanaqa qiliqlar yarasharkin? Jamila opanikiga kirib, tuqqan bolasi o‘g‘ilmi-qizmi, bir surishtirib ko‘rsammikan? Yo choyxonadagilarga yo‘liqib, uzr-ma’zur aytib qo‘yganim tuzukmi? Menimcha, sal uzoqroqda turib kechirim so‘ragan yaxshi. Qayoqdan bilay, balki, kimningdir g‘azabi hali tiyilmagandir…
Qani, oldin uydan nari chiqaveray-chi. Ta’bimga shundoqqina mos tushuvchi biror-bir yumushni har safargidek ko‘chaning o‘zi topib beraveradi.
Joyimdan siljiganimni bilaman, buvim oshxonaning ochiq darchasidan o‘qrayib, ha, yo‘l bo‘lsin, deb so‘radi. To‘xtab, talmovlanib turaverdim.
– Bas! Ko‘chaga chiqish yo‘q endi! – deb bobillay ketdi buvim. – Ana, hayhotdek hovlimiz bor, xohlasang – u chekkasida sandirag‘la, xohlasang – bu chekkasida. Biror kun bo‘lsayam, odamlar sendan qutulsin.
– Men… men… opog‘otamnikiga ketyapman, – dedim, kallamga kelgan birinchi o‘yni tilimga ko‘chirib. – Bu mahallada kun ko‘rishim qiyinga o‘xshaydi. O‘sha bo‘jiko‘z odamlaringiz jonimni hiqildog‘imga keltirdi. Biror hafta shulardan uzoqda yursam, etimga et qo‘shilardi.
– Menga desa, bir haftamas, bir oy gumdon bo‘pket!
Sezib turibman, buvim bu gapni achchiq ustida aytvordi. Qanchalik jig‘iga tegmayin, meni ikki kun ko‘rmasa, yolg‘izlikdan sabri titilib, sog‘inishga tushadi. Qishki ta’til chog‘i opog‘otamnikiga ketganimda, uchinchi kuniyoq talpanglab borib, izimga qaytarib kelganida bilganman buni.
Xulq-atvorim sal mujmal ekanini o‘zim ham tan olaman. Ammo tuzi pastroq qiliqlar qilib qo‘yishimga ko‘pincha boshqalar sababchi bo‘ladi-yu, doim bitta o‘zim baloga qolaman. Agar ko‘chaga chiqqach, telefonini berib qo‘yishga kirib, tashqida kumushrang uchog‘ini osmonga uchirib o‘ynayotgan pashmaksoch Parpivoyni ko‘rmasam, u irshayib boqib, qism-qismga ajratib sotiladigan bu “qiruvchi samolyot”ni dadam shahardan opkeldi, qog‘ozdagi ko‘rsatmaga qarab uni o‘zim tikladim, manavi tugmani bossang, ichidagi kuchalatosh parrakni varillatib aylantirishga tushadi, deb maqtanmasa, opog‘otamning uyigacha to‘xtamay ketavergan bo‘lardim.
– Televizordagi bir kinoda ko‘ruvdim – mana shunga o‘xshagan uchoqni zenit zambaragida otishsa, orqasidan tutun chiqarib, yerga shunaqangi chiroyli qulardiki!
Bu gapimni eshitib, avvaliga Parpivoyning qiziquvdan ko‘zi chaqnadi, so‘ng tuyqus hushyor tortib, telefonimning oynasini yorgandek, samolyotimniyam rasvo qilmoqchimisan, deb taysallandi.
– Qo‘rqma, buningga ziyon yetmaydi, orqasiga bog‘langan lattani tutatib uchiramiz, xolos, – deb aql o‘rgatdim.
Parpivoyning ko‘ngli tinchidi. Maslahatimga ko‘ra, omborchaga kirib, yirtiq paypog‘ini kerosinga botirib chiqdi. Xayriyat, gugurt olvolishniyam unutmabdi.
Birgalashib ko‘chaga yo‘naldik; choyxonaning berirog‘idagi kengroq joyga borib, paypoqni uchoqning dumiga bog‘ladik. Men gugurt chaqib yoqishim bilanoq, Parpivoy parragi varillab turgan uchoqni bir siltab, osmonga uchirdi. Dum tomoni og‘irlashgani xalaqit berdimi, “qiruvchi” lapang­lab-lapanglab uchib, birdan pastga sho‘ng‘idi.
Guzardagi yalanglikning to‘ri choyxona bo‘lsa, ko‘ndalang tomonida sartaroshxona bilan qassobxona bor. Qassobxonaning biqiniga keng qizil soyabon o‘rnatilgan. Soyabon tagida o‘zi uyida pashmak, holva, novvot, xo‘rozqand, chaynamayshiming tayyorlab sotadigan, menga bag‘ri ochiqdan ochiq Momogul qandolatchi o‘tiradi. Bag‘ri ochiqligi shundaki, tog‘dagi konda ishlab, qishloqqa uch-to‘rt haftada bir kelib-ketuvchi dadamdan birato‘la undirib olishini aytib, menga shirinliklarni nasiyaga beraveradi.
Qandolatchining qizil soyabonidan sal berida tandir yuklangan eshakarava turuvdi, uchog‘imiz lovullaganicha tushib, eshakning belginasiga urilsa bo‘ladimi!
Qishloq bolalari orasida “Hangirshteyn” laqabi bilan mashhur bo‘lgan qorapo‘stin eshakning tuklari jazillab lovullay boshladi-yu, bor tovushda hangraganicha, jitranglay ketdi. Qizil soyabonni yiqitib o‘tib, qassobxonaga urilgan chog‘da tandir aravadan uchib tushib, qirq bo‘lak bo‘ldi. Qiron qassob uzun pichog‘ini qilichdek viz-vizlatib, jabrdiyda Hangirshteynni nariga quvayotganida, ming shukrki, Baraka maraka sartaroshxona derazasidan bir paqir suv sepib, o‘tni o‘chirdi. Choyxonadan quyunlanib chiqqan Sangin tandirchi yerda parchalanib yotgan tandirni ko‘rib, ayvon ustuniga suyangan alpozda shalviroqlanib qoldi.
Qilar ishni qilgin, qochishniyam bilgin, deganlar. Bu janjalistondan vaqtida g‘oyib bo‘lish uchun oyoqlarimni varvarakka aylantirganimda ortimdan Sangin tandirchining baqirig‘i eshitildi:
– To‘xta deyman, itvachcha! Mendan qochganing bilan, xudodan qocholmaysan! Meni xonavayron qilganakansan, seni xudoyim o‘zi jazolasin – yarim odam, yarim it bo‘lib o‘tib ket!
So‘rg‘ich so‘rishdan allaqachon xalos bo‘lgan, qaddini ketmon sopidek tik tuta olish yoshiga yetgan odam bolasi o‘laroq ikki oyoqda tuppa-tuzuk yugurib ketayotganidim, yo‘lning muyulishidan o‘tganimda etim g‘alati jimirlab, negadir endi to‘rt oyoqlab chopa boshlaganimni payqadim. Sinchiklabroq qarasam, to‘satdan qo‘ng‘ir tukli old oyoqchalarga aylanib qolgan qo‘llarim yerni potira-putur changitganicha harakatlanib, burnim yerga tegay-tegay deb boryapman.
Qo‘rquvdan yuragim uzilib tushgudek bo‘ldi. Taqqa to‘xtab, bir o‘ng biqinimga, bir chap biqinimga ko‘z yugurtirdim. Bu yog‘imdayam, u yog‘imdayam o‘sha qo‘ng‘ir yunglar paxmayib turardi. Orqa tomonimda desangiz, buvimning hivichini eslatuvchi bir dum tinmasdan likillayapti. “Dod!” deb qichqirmoqchi bo‘luvdim, og‘zimdan “vav, vav” degan ingichka sas taraldi.
Bir narsaga hayron edim – yungim nega aynan qo‘ng‘ir? To‘g‘ri, sochim kichkinaligimda sarg‘ishroq edi, ammo yetti-sakkiz yoshimdayoq o‘z-o‘zidan qorayib ketgan. Kuchuk bo‘lganga yarasha yo oppoq, yo ola-bula bo‘lsang-da!
Aldar Xoldorning eshigi yonidagi kajavali ko‘k mototsiklga yaqin borib, bir sakrashda egariga chiqdim-da, ruldagi ko‘zguga bo‘ylandim. Qarasam, tumshug‘i bodringsimon, quloqlari qamishdek dinkaygan qo‘ng‘irbashara kuchukcha ko‘zlarini qitmirona yiltiratib, meni ermak­lash bilan ovora. Itchasiga “Uvvv!” deb yuborganimni bilmay qoldim.
Shunda bir gap lop etib esimga keldi. “Bu dunyoda kulfat ko‘rmayin desang, qarg‘ishmas, duo eshitishga urinib yashagin. Avliyolarning aytishicha, Tangri har qanday odamga karam ko‘rsatib, yurakdan chiqarib qilgan iltijosini, u duomi, qarg‘ishmi, hech bo‘lmasa, hayotda bir marta yuzaga chiqararkan”, degandi buvim. Sangin tandirchi umrida, balki, milliard marta tutoqib, milliard marta so‘kingandir. Qarangki, eng yurakdan chiqarib aytgan qarg‘oviga men ko‘ndalang kepturibman-ku. Bu tandirfurush, bolaligida qaysidir nafasi o‘tkirroq odamning g‘azabini qo‘zitib, hu, soqov bo‘lgur, degan tavqi la’natga yo‘liqmaganidan behad afsuslanib ketdim shu topda.
Boshimda attanglar to‘zg‘ilanib, ingillay-hingillay yo‘l bosyapman-u, juftakni rostlash o‘rniga Sangin tandirchidan astoydil kechirim so‘rasam, og‘zim qiyshayib qolardimi, deb o‘ylanaman nuqul. Ja nari borsa, ikki-uch shapaloq yeb qutulib ketardim. Hatto yalang‘och yotqizib qo‘yib, ho‘llangan so‘yilda savalasayam mayli edi. Harqalay, itga aylanib, egasiz itning kuniga tushmasdim.
Ko‘cha chetidagi qum g‘arami ustida qo‘rg‘oncha yasab o‘tirgan bolalarni ko‘rib, badanimga bezilloq oraladi. Masalan, ularning o‘rnida bo‘lsam, sang‘i itga tosh-posh otmay turaverishga chiday olardimmi? Hecham-da!
Toshbo‘ron qilmaslaridan burun irillagancha borib, birortasining ishtonidan xappa tishlasammikin? Bu dunyoning ishlarini yaxshi bilaman – qopog‘ondan hamma o‘zini chetga oladi, qo‘rqoqni hech kim hurmat qilmaydi. Kunlarim izzatda o‘tsin deguchilar, jangarilik bilan yuvoshlikning o‘rtasini topib yashashni uddalashi kerak, shekilli.

Tanishing – Aldar Xoldor!

Boyto‘ra tepakal bilan Masir yarg‘oqboshning avlodlari yoppasiga ota-buvalariga tortganini hisobga olmaganda, asosan, to‘liqsoch kishilardan iborat bo‘lgan, shunga qaramay, nimagadir Kalto‘pi deb ataluvchi qishlog‘imizda bir yarim mingta xonadon bor. Biz mana shu kattakon qishloqning berigi chetida yashasak, opog‘otam narigi chekkasida turadi. U yoqqa yetib borgunimcha tomog‘im cho‘llab, tilim sangillab qoldi.
Itlikni bo‘ynimga olib, opog‘otamning hovlisiga buvaklardek emaklab kirdim. Kirib-la, qatorlatib ekilgan sapsargullar ostidagi ariqchaga apil-tapil oyoq tiqdim-u, tilimni chilipa-chiliplatib suv icha ketdim. Chanqog‘imni bostirgach, ayvonning taxta polidagi sholchada qo‘larrani egovlab o‘tirgan, ora-sira menga qiziqsiranib qarab qo‘yayotgan opog‘otam tomonga yurdim. Dumimni yelpug‘ichlatib borib, tovoniga bosh ishqadim, mahsilarini galma-gal iskalab, ilpang-jilpang erkalanaverdim.
Opog‘otam miyig‘ida kulimsirab, joning uzilgudek ochqagandirsanki, begonaligimdan hayiqmay, poychamga suykanayotgandirsan, deb o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Ayvon chetidagi pastak so‘rida o‘rog‘lik turgan dasturxondan bir to‘g‘ram non olib, yalangga chiqib bordi-da, ma, jonivor, ma, deya uni avaylab yerga qo‘ydi. Asta kelib, tuproqda yotgan nonni ko‘nglim tortmayroq hidladim. Keyin birdaniga nafsim hakalak otib, shappa-shuppa yeyishga tushdim. O‘l deydigan odam yo‘q.
Qornimni shildiramagudek to‘ydirdim-u, hanuz arra egovlayotgan opog‘otamga boshqatdan yaqinlashib, oyog‘iga biqinimni bosdim:
– Bu – menman, opog‘otajon! Mo‘ttivoyingizni nimaga tanimayapsiz? Quruq nondan boshqa narsayam bordir bu uyda!
Gapim ichimda qolib, tashimda g‘ingshib-g‘ingshib qo‘yganim bois, opog‘otam so‘zimga tushunmadi. Faqat, qo‘lini ehtiyotlik bilan cho‘zib, boshimni bir-ikki siypalagan bo‘ldi.
Vah-vah, qanday yoqimli!
– Bo‘ldi, ko‘p yopishaverma, – deb, uzatig‘liq oyog‘ining tizzasi yelkamga beozorgina turtkiladi opog‘otam. – Menga burgangni yuqtirib yurmagin tag‘in.
Shu chol juda qiziq odam-da. Aniqroq aytsam, haddan tashqari sodda. O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, bundan bor-yo‘g‘i o‘n bir kun oldin hammomga tushgan bolada burga nima qiladi?
Iye, “bola” devordimmi? Tilimni ahvolimga moslashtirish ancha qiyinga o‘xshayapti-ku.
Arraning tishlarini o‘tkirlab bo‘lgach, opog‘otam ariqchada qo‘lini yuvib, eshigi lang ochiq turgan oshxonaga kirdi; gazga gugurt chaqib, plitadagi qozoncha ostiga o‘t yoqdi. Bog‘chada ishlovchi kelini yo nonushtadan, yo kechagidan ortgan ovqatni qozonning tagida qoldirib ketgan bo‘lsa kerak, degan taxminda to‘xtadim. Ishqilib, bizgayam ehson-pehson qilinarmikin? Uch-to‘rt yutum bo‘lsayam mayli-da.
E, yashasin-e! Xuddi ko‘nglimdagini sezib turgandek, opog‘otam idishjavonni timirskilab, chetlari uchgan eskiroq bir kosa topdi; isitilgan mastavaning quyuq-quyuq joyini o‘ziga qu­yib, qolganini menga atalgan idishga ag‘dardi.
Salgina o‘tib qarabsizki, opog‘otam ayvondagi so‘rida, men sapsargullar salqinida taomni yumaloq-yostiq qilyapmiz.
Opog‘otam ichidagini o‘zi biladi; mendan ahvol so‘rasangiz, quvonchim qulog‘imdan toshgudek kayfiyatdaman. Ko‘zim ovqatda-yu, ko‘nglim chamanda. Endi tayinli hovlim bor, bu uydagilar o‘zimga eskitdan qadrdon kishilar. Eng muhimi, mana, doimiy ityaloqqa ham ega chiqdim. Bitta itga bundan ortiq nima kerak?!
Ovqatni tinchitib bo‘lib-la, kosaning chetidan tishlab, ariqchadagi suvda yaxshilab chayqadim. Ityaloqni qaytib joyiga qo‘yayotganimda, “Vohh!” degan tovush yangradi. Yarq etib o‘sha yoqqa boqsam, opog‘otam, og‘zi karrak, ko‘zi durbin bo‘lganicha, menga lol tikilib turibdi.
Buning nimasi hayron qolarli, bilmadim. Men uchun kundalik odatga aylanib ketgan bu ish – maktabga borishni boshlaganimdan beri ovqatimning idishini o‘zim yuvaman. Shunday qilmasam, buvim tinch qo‘yarkanmi? Idish-ku – idish, onda-sonda tobi qochibroq tursa, kiyimimniyam o‘zimga yuvdiradi.
Tushlikdan ke­yin opog‘otam do‘ppiyu yaktagini almashtirib, ko‘cha tomonga odimladi. Darvoza oldida menga yuzlanib, boradigan bo‘lsang, yur, dedi. Tarang qilmay, shippa ortidan ergashdim. Kimsasiz hovlida yolg‘iz qolish qo‘rqinch­li. Birorta katta it ivirsib kirib qolsa, u yog‘i nima bo‘lishini folchi ham aytolmaydi. Ayniqsa, butun boshli qishloqni kezib charchamaydigan o‘sha Oqchopon degan ko‘ppakning yo‘li shu tarafga tushsa bormi, ityalog‘imning bo‘m-bo‘shligini ko‘riboq, alam ustida meni tizg‘itishga tushadi. Opog‘otam novvoyxonadan to‘rtta kulcha, do‘kondan oqqand, quruq choy olib, salafan xaltani ko‘targanicha, to‘g‘ri kunchiqarga qarab yo‘l oldi. Qishlog‘imizning u yog‘i – dalalar.
Tuproq yo‘ldan, birida g‘o‘za gul tashlay boshlagan, birida bug‘doy boshoqlab qolgan paykallar, meva tugib ulgurgan bog‘lar oralab yurib, derazasining oynalari changdan xira tortgan, shiferli tomini xas-xashak qoplagan, oq devorining suvoqlari u yer-bu yeridan chizilib yorilgan, bir cheti ayvonli shiyponga yetib bordik. Shiyponning chap biqinida kattagina hovuz; hovuzning tevaragida baland-baland qoratollar; tollar ostida, oyoqlari yerga qoziqdek qoqilib, ustiga taxta qoplangan ikkita uzun-uzun stol. Stollardan beriroqdagi oq “Neksiya” mashinasining yonida kajavali ko‘k mototsikl rulini o‘sma qo‘yilgan qoshdek kerib turibdi.
– Bu – anavi kasofatining matasekili-ku! – deb qovog‘ini uydi opog‘otam.
Shiyponning o‘ng yog‘idagi xirmon chetidan boshlangan kengdan keng paykalda ekinlarni bir paytning o‘zida ham tagini yumshatib, ham o‘g‘itlab ketuvchi traktor tarillaganicha to‘xtab turar, biri novcha, biri pakana kishi traktorchi bilan nimalarnidir muhokama qilayotgandi. Novchasi – dong‘i ketgan Rahimboy fermer, pakanasi – teskari dovrug‘ qozongan Aldar Xoldor ekanini tanib olish qiyin emasdi.
Opog‘otam shiypon yaqinida to‘xtalib, tevarakka alangladi:
– Otaquuul! Shu yerdamisan?
Shiypon ichidan oldin “hov” degan tovush, so‘ng polning g‘ijirlashi eshitilib, Otaqul tog‘am uyqusiragan kepatada chiqib keldi.
– Assalomalaykum, dada. Suvchilarimiz tun bo‘yi g‘o‘za sug‘orishdi, shularga choy-poy damlab yurib, uyqum chala bo‘luvdi. Sal ko‘zim ilinibdi.
Ayvonga to‘shalgan eskiroq to‘shaklardan biriga opog‘otam, ikkinchisiga tog‘am o‘tirdi. O‘rtadagi dasturxonda katta cho‘yan choynak, uch-to‘rtta piyola turardi. Itligim xayoldan ko‘tarilib, men ham to‘shakning bir chetiga cho‘nqayganimni bilaman, tog‘am yuziga fotiha tortib bo‘liboq, kaftini selpidi:
– Chip! O‘zini yumshoq joyga urishini qarang! Buni qaysi go‘rdan topdingiz, dada?
– Bugun o‘zicha alanglanib kepqoldi. Itlarning peshanasiga yozilgani shu – sutdan chiqdimi, onasining quvg‘iniga uchraydi, o‘z joniga o‘zi qayg‘urishni o‘rganadi.
Tog‘am menga zimdan razm solib, opog‘otamga yuzlandi:
– Shuningizni olib qolsammikin? Kechqurun biror sharpa sezsa, akillab-netib turarmidi. Pishgan-pishgan handalaklarimni qanaqadir maxluq kemirib ketyapti deng.
– O‘zingga o‘rgatolsang, ana, olaqol, – dedi opog‘otam. – Juda esli it bo‘ladi, shekilli. Boya ovqat quyib bersam, yeb bo‘lib, kosasini ariqchada yuvib qo‘ydi.
– Yo‘g‘-e!!!
– Kim biladi, balki yalog‘ini ariqchaga yiqitvorib, keyin sekingina tortib olgandir. Harqalay, ko‘zimga ataylab yuvganga o‘xshab ko‘rindi-da.
– Aytganday, bu mittivoyga ot qo‘ydingizmi?
– Ana, otni o‘zing topding. Endi Mittivoy deb chaqiraver buni.
Ming tasanno! O‘zimga jippa yopishadigan ot qo‘yishdi. Mo‘ttivoy nima-yu, Mittivoy nima?
Tog‘am piyolaga choy quyib, sovigan bo‘lsayam, chanqoqni bosishga yarar, deb opog‘otamga uzatdi. Opog‘otam piyolani oldiga qo‘yib, xaltadagi narsalarni dasturxonga to‘kdi.
Ota-bola yayrabgina gurunglashib o‘tirganida Rahimboy fermer bilan Aldar Xoldor paykaldan chiqib kelib, suhbatning beliga tepishdi. Opog‘otam o‘rnidan turib, fermer bilan quyuq ko‘rishdi, baqaloq Aldar Xoldorga esa sovuqqina qo‘l cho‘zib qo‘ya qoldi.
– G‘imm… Menga doim shunaqa ola qaraysiz, – deb tutollandi Aldar Xoldor. – Tushunsangiz-chi, kulfat faqat o‘g‘lingizning boshiga tushgani yo‘q. Ikkalamiz kasodga uchradik, ikkalamiz qiynog‘ini tortyapmiz. Odamlar tashimga qarab baho beradi, ichimdan nima o‘tganini bilguchi zot yo‘q. Kamxarjlik qursin, payti kelsa, ro‘zg‘orimdagi qozon ikki-uch kunlab jaz ko‘rmaydi. Er-xotin shakarchoyga non bulab, bir-birimizga achinqirab o‘tiramiz.
Opog‘otam unga tumtayib qaradi:
– Senga biror nima dedimmi, o‘zi?
– Demaslikka demadingiz-u, baribir, ko‘zi­ngiz meni yeyman deb turibdi. Odamni bunaqa qon qilvormang-da, Yo‘ldosh aka! Ilgariyam aytganman, yana aytaman – agar o‘g‘lingizni aldagan bo‘lsam, onamning… g‘imm… onajonginamning arvohi ursin meni!
– Ho‘o‘, Xoldor, onangni go‘rida tinch qo‘y! – deb jerkindi opog‘otam. – Bilaman, qasam ichish araq ichishdek bir gap senga. Fermerlar uyushmasida senday mo‘ltoniga kim amal berdi, bilmadim. Bu idoradayam bir ishkal chiqarasan hali.
Otaqul tog‘am opog‘otamning yelkasiga qo‘lini yengilgina bosib, dada, bo‘ldi endi, qo‘ying, deb, uni tovranishdan qaytardi.
Aldar Xoldorning paytavasiga qurt tushib, bo‘pti, Rahimboy, narigi fermerdayam bir ishim boridi, deya tez-tez odimlab uzoqlasha boshladi. Borib, mototsiklni o‘t oldirgach, “pat-pat”latib oldinga haydadi.
Opog‘otam uning ortidan tikilib, xudo shu qilvirgayam, hech bo‘lmasa, bittagina farzand bersaydi, boladan poklik yuqib, haromdan xafsalasi sovirmidi, deb qo‘ydi.
– Bu zang‘arning nimasidan o‘pkalaysiz, Yo‘ldosh aka, – deya mo‘ylovining bir tomonini dikkaytirib, labini burdi Rahimboy fermer. – O‘z oti o‘zi bilan Aldar Xoldor-ku bu. Qancha-qancha odamni chuv tushirgan. Otaqulingiz nima jin urib shunga sherik bo‘ldi, o‘ylab, hech aqlim yetmaydi.
Otaqul tog‘am birdan shalvirab, nima qilay, avrashiga uchibman-da, deb past ovozda qisinqilandi.
– Ha, avrashda bunga teng keladigani yo‘q, – yuzini tepchitib jiyindi Rahimboy fermer. – Mana, hozirgina biqinimga suykanib, shiyponimning tomidagi shiferlardan yigirmatasini bo‘ron uchirib ketdi, deb ariza yozishga meni iylab turuvdi. Sug‘urta idorasida tanishim bor, pul undirib, arra qilamiz, deydi-ya. Bunaqa pulga olingan narsani bolamga yedirishdan qo‘rqaman, dedim.
– Oh, oh, oh! – deb tebrandi opog‘otam. – Zap o‘rinlatib aytibsan! Barakalla, Rahimboy! Manavi Otaqul oshnanggayam shunaqa hikmatlardan ko‘proq gapirib tur.
Buni eshitib, Otaqul tog‘am duv qizarib ketdi.
Tomorqachilardan meva-sabzavotni ko‘taramasiga olib, “fura” deb ataluvchi vagonsimon mashinalarda qo‘shni yurtlarga eltib sotish orqali ancha boylik orttirgan Otaqul tog‘am birdan kasodga uchrab, bor-budidan ayrilgani qishloqda rosa shov-shuv bo‘lganidi. Buning ikir-chikirini, biznikiga xamirturush so‘rab kirgan qo‘shni kampir, mevafurush qondoshingiz katta zarar ko‘rganmishmi, deb gap kovlagach, buvim uni so‘riga o‘tqazib, ijikilanishga tushganida bilvolgan edim.
Aldar Xoldor bir kuni Otaqul tog‘amga yo‘liqib, Armiyada birga xizmat qilgan jonajon o‘rtog‘i qo‘shni yurtdagi yirikkina bozorni o‘ziniki qilib olgani, yaqinda mehmonga kelib ketgani, davrimda sandig‘ingni pulga to‘ldirib tashlasang-chi, deya tantilanganini aytib, pishiq mevafurushligingni bilganim uchun seni tanladim, xohlasang, sherikchilikda ish qilaylik, debdi. Bir o‘ris kishi chindan ham unikida uch-to‘rt kun mehmon bo‘lib yurganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani tufayli (aslida, u kishi boshqa viloyatda yashovchi tanishi ekan), tog‘am tezda tuzoqqa ilina qolibdi. Tog‘am bu yoqdan yuk jo‘natishni, Aldar Xoldor u yoqdagi “o‘rtog‘ining bozori”da pullab yurishni bosh­labdi. Aldar Xoldor avvaliga bir-ikki marta mo‘may-mo‘may pul yuborib turgach, keyin boshqacha yo‘lga o‘tib, sen yuklarni nasiyaga olib bo‘lsayam jo‘nataver, foydadagi mablag‘imizni ulgurji lattafurushlarning qo‘lida aylantirib ko‘paytiraman, borganimda barini butunicha bo‘lishib olaqolamiz, deb telefon qilibdi. Ilgarilari tog‘amdan biror marta pand yemagani uchun qishloqdagilar meva-sabzavotini nasiyaga beraveribdi, mashina bozorga yetib borganida yo‘lkirani o‘sha yoqdagi Xoldordan olish sharti bilan yuklar “fura”larga bosib jo‘natilaveribdi.
Uch oydan so‘ng Aldar Xoldor kir-chir ki­yimda qaytib kelib, keyingi mollarning bir qismi irib-chirib yetib bordi, ba’zan boshqa yurtlardan shunga o‘xshash mevalar vagonlab yog‘ilib, bozorda narx pastlab ketdi, arzonga sotib, taniniyam chiqarolmadim, talay zarar ko‘rdim, deb yig‘lamsirashga tushibdi. Tog‘am, nimaga shuni oldinroq aytmadingiz, ishni vaqtida to‘xtatardik, desa, bunisidan ziyon ko‘rsak, ke­yingisidan foyda toparmiz, degan o‘yda o‘zimni o‘tdan cho‘qqa uraveribman men nodon, deb tuyqus ho‘ngrab yuboribdi.
– Bo‘lar ish bo‘ldi, Otaqul, – debdi so‘ng Aldar Xoldor. – Endi, nasiyaga mol bergan odamlarning yarmini men rozi qilay, yarmini sen to‘lagin.
Tog‘amning kapalagi uchib, to nasiyaga o‘tgunimcha bor pulimni ishlatib bo‘lganman, qolgan qarzlarni qanday uzaman, deb so‘rasa, Aldar Xoldor bo‘ynini bechorahol egib, unisini bilmadim, uka, shu paytgacha yig‘ib-tugib yurganim tarqat-tarqatga yetarmikin deb o‘zimniyam boshim qotib turibdi, deb munglanibdi.
Qo‘shni qishloqlik ayrim mevafurushlar ham o‘sha yurtdagi bozorda tirikchilik o‘tkazarkan, ular bu voqeani eshitib, Xoldor kasodga uchragan bo‘lishi mumkinmas, yuklar doim yaxshi yetib borganini o‘zimiz ko‘rganmiz, bozorda narx tushib ketganiyam yolg‘on, deyishibdi. Mahalla oqsoqollari bu gaplarni Aldar Xoldorga pesh qilishsa, duch kelgan maymunga ishonaverasizlarmi, ularning bari menga eskitdan g‘anim, ataylab nomimni bulg‘amoqchi bo‘lishyapti, deb shovqin ko‘taribdi.
Otaqul tog‘am, oxiri, kungurador darvozali, dang‘illama uyli, g‘ishtin devorlar bilan o‘ralgan hovlisini, bir gektarlik o‘rikzorini, “Kobalt” mashinasini sotib; u tomondan qaynotasining, bu tomondan opog‘otamning yig‘ib-tejab yurganini ham qo‘shib, qarzlardan zo‘rg‘a uchma-uch qutulibdi. Qalloblik bilan talay boylik orttirib olgan Aldar Xoldor esa nasiyaga mol berganlarning yarmini rozi qilishga yashirin foydaning o‘ndan birini sarflaganmi-yo‘qmi, u yog‘i oddiy bandalarga haliyam qorong‘iligicha turganmish.
Opog‘otam kichik mehmonxonaga ko‘chib o‘tib, institutni bitirganidan keyin tumanda arxitektor bo‘lib ishlayotgan kenja o‘g‘li Sanaqul tog‘amni dahlizli uyga uylab qo‘ygani bois, hovlisini sotgan Otaqul tog‘am xotini bilan ikkita qizini ortiqcha imorati bor qaynotasinikiga joylashga majbur bo‘lgandi. Bir kuni Rahimboy oshnasi kelib, yangi kelinchakning yonida devanglab yurma, otang ham sen bilan tiqilishmay bemalol yashasin, deya dalasiga yetaklab ketganini eshituvdim. Endi bildimki, tog‘am shiyponga qorovullik qilayotgan ekan…
Otaqul tog‘am ma’yus qiyofada chuqur tin olib qo‘ygach, picha o‘tirib turinglar, bitta handalak so‘yib beray, deb zovur yoqasidagi poliz sari keta boshlaganida, ortidan yuragim ezilib-­ezilib termildim. Yaqin-yaqindayam, hali tovoni yeyilib ulgurmagan xirom tuflini eskirganga chiqarib, boshqasiga almashtirib yurgan; meni ko‘rib qolsa, ma, muzqaymoq olib ye, deb, beli sinmagan pulni cho‘ntagimga shildiratib tiqib qo‘yadigan tamtamfe’l odam hozirgi ahvolga qanday chidayapti ekan, deb o‘ylayotgandim.

Kalamush bilan olishuv

Tog‘am ketgach, opog‘otam shopmo‘ylov fermerning ko‘ziga zehn solib turib, to‘g‘risini ayt, Rahimboy, bu dalako‘rmagan oshnang senga og‘irini tashlab olmayaptimi, ishqilib, deb so‘radi.
– Nimalar deyapsiz, Yo‘ldosh aka! – deya e’tirozlandi Rahimboy fermer. – Mana, shiyponning ich-tashini binoyidek toza tutib kelyapti. Dam oshpazga ko‘mak bersa, dam paqirni ko‘tarvolib, paykaldagi ishchilarga yaxnachoy ichdirib yuradi. O‘g‘it omborining kalitiyam uning cho‘ntagida. Ekib bergan handalagingizni eplab-seplab pishirib olganini aytmaysizmi!
– Avvalo, yer ajratib berganingga ming rahmat, – duo ohangida so‘z qotdi opog‘otam. – Tayyor ekib berilgan handalakni pishirvolish qiyinakanmi?
– To‘g‘ri-yu, lekin, ko‘rganmiz, odam tug‘ma epaqasiz bo‘lsa, shuniyam uddalolmaydi. Otaqul haqiqiy ketmonchi bo‘pketdi, qanday chopiq qilishni bir-ikki ko‘rsatishim bilanoq, qolganini o‘zi do‘ndirib tashladi. Aytdim, handalak tugasa, o‘rniga yeryong‘oq ekvoladi.
– Bilaman, o‘g‘limning yomonini yashirib, yaxshisini oshirib gapiryapsan. Chinakam do‘st shunaqa bo‘ladi. Otangga balli, Rahimboy!
Rahimboy fermer bir chaqmoq oqqandni sovuq choyga botirib, shimib-shimib yumshatdi; chetidan tishlayotib, menga ko‘zi tushdi-yu, opog‘­otamdan otimni surishtirib olgach, tishlangan qandning yarmini tumshug‘imning tagiga itqitdi:
– Ol, Mittivoy!
Yaxshi odamdan ortgani – tabarruk, deyishadi. Sira jirkanmasdan, kappa otib qo‘yaqoldim.
Suhbat paynovlanib, gap Otaqul tog‘amning bola-chaqasi sal qisindi ahvolda qolganiga borib taqaldi. Rahimboy fermer bu to‘g‘ridayam o‘ylab yurgan ekan.
– Qirning etakrog‘iga davlat “Namunaviy qishloq” qurishni boshlab, hashamdor uylarni o‘n besh yil muddatli qarzga sotmoqchi bo‘layotganini bilasiz, Yo‘ldosh aka, – dedi u. – Shu hovlilardan bittasini Otaqulga to‘g‘rilaymiz, mablag‘i yetmasa, qo‘llavoramiz.
Opog‘otam quvonchdan terisiga sig‘may ketdi:
– Umringdan baraka top, Rahimboy, ko‘kraging bundan keyinam ordenga to‘laversin! Ehtiyojmandlarga mana shunaqa qayishib yurishing xudoga xush kelgandirki, viloyatdagi to‘rtta eng oldi fermerning bittasi bo‘pturgandirsan.
Tog‘am ikkita handalak ko‘tarib kelib, das­turxonga qo‘ydi; yelkasini ter tuzi oqartirgan kulrang kostyumining cho‘ntagidan janaqush pichoqcha olib, bittasini so‘yishga tutindi. Yoqimli hid taralib, og‘zimda so‘lak ko‘lmaklana boshladi. Birovlarning chapir-chupirlatib narsa yeyishiga suqlanib o‘tirishdan ortiq azob borakanmi? Qani, o‘sha handalaklarni bir ko‘rsam ko‘ray-chi, deb poliz tarafga yo‘l soldim.
Polizga yetgach, o‘zimni atir-upa do‘koniga kirib qolgandek his etib, dimog‘im yashnadi. Ammo, million marta afsuski, shirin hid qorin to‘ydirmaydi.
Shunda handalaklarni nimadir kemirib qo‘yayotgani haqida tog‘am aytgan gap esimga tushdi-yu, o‘shandaqaning bittasini topib, chetidan zig‘irdaygina tishlab ko‘rgim kepqoldi. Jo‘yak ichida jovdiroqlanib borarkanman, qachondir o‘rtasidan ajrab ketgan, bir qismi yerda mog‘orlab yotgan po‘lat qaychi diqqatimni tortdi; uni oyoqda chetga surayotganimda, barglar qattiq shitirlab, kattakon bir kalamush qarshimga otilib chiqdi. Shartta yo‘lini to‘sgan edim, o‘tkir tishlarini irshaytirib, uzun tirnoqlarini do‘laydi:
– Hey, itcha, burningni g‘arch-g‘urch tishlavolmasimdan oldin ko‘chingni yig‘ishtir! Menga yaqin yo‘lashga barzangi ko‘ppaklarniyam yuragi betlamaydi, hov!
Opog‘otam bilan bu yoqqa kelayotganimda, yo‘l bo‘yidagi tutga qo‘nib turgan g‘urrak yonidagi sherigiga qarab, ehtiyot bo‘l, dalada bir ovchi yuribdi, seni otib qo‘ysa, bolalaring ochdan o‘ladi, deb gapirgandek; uvatda o‘tlayotgan qo‘y esa tirmashqoq qo‘zichog‘ini turtkilab, hoy, hadeb emavermagin, o‘zi bugun mazam yo‘qroq, deb has­ratlangandek bo‘lib tuyuluvdi. Yarim qadamgina naridagi kalamushning do‘qini eshitganimdan keyin, itga aylanganimdan beri parrandayu hayvonlarning tilini tushuna boshlaganimga to‘la ishonch hosil qildim.
– Sal savlatliroq hayvon qurib ketmagandir! – deb piching otdim men. – Kelib-kelib, sen so‘ltamatdan qo‘rqamanmi?
Kalamushning battardan jazavasi tutdi:
– Yo‘qol deb turibman-a!
– O‘zing kapalak bo‘l!
– He, attaaang, yaxshi gapni tushunmading-ku! Endi o‘zingdan o‘pkala!
Changaktish kemiruvchi burnimga sapchishga shaylanganida, odamchasiga harakat qila olishim yana asqatib, yerda yotgan qaychi bo‘lagini oldingi oyoqlarimda mahkam tutamladim-da, bor kuchim bilan selpidim. Bunaqasini kutmagan kalamush g‘aflatda qoldi-yu, qaychi bo‘ynini yelka aralash tilib o‘tganida, “Voy, enayuuu!” deb chiyillaganicha osmonga sakradi. To o‘ziga kelib ulgurmasidan, qaychida endi qoq kallasiga urgan edim, tap etib yiqildi, shu zayl qimirlamay qoldi. Boks musobaqasidagi hakamdek sanashga tushdim:
– Biiir, ikkii, uuuch, to‘o‘rt, beesh, oltii, yettii, sakkiiz, to‘qqiiz, o‘o‘n… Nokaut!
Nariroqda boshqa kalamush ham pisib turgan ekan, sherigini qanday sulaytirib qo‘yganimni ko‘rib, shunaqangi zuvillab qochdiki, akkashdan chinakamiga qo‘rqib, izzatimni joyiga qo‘ygani uchun uni quvalab o‘tirmadim. Faqat, ortidan dag‘dag‘alab, ho‘, tekintomoq, boshqa kalamushlargayam aytib qo‘y, men borakanman, bu yerga kelganlar tirik qaytmaydi, deb qichqirdim.
– Rahmat, Kuchukvoy aka!
– Qonxo‘r kalamushni boplaganingiz ajab bo‘ldi!
– Bu maraz kecha onamizni yeb qo‘yuvdi. Endi o‘zimiz zo‘rg‘alatdan qorin to‘ydirib yuribmiz…
Pastga qarasam, bir to‘p qo‘ng‘izcha menga guldiros qarsak chalib turibdi.
Yo kalamushning bor olamni titratguchi chi­yilloq ovozidan, yo mening qattiq huriganimdan sergak tortganmi, Otaqul tog‘am polizga halpillab yetib kelib, oldimga yaqinlashdi. Oyog‘imning tagida shalpayib yotgan zararkunandaga ko‘zi tushdi-yu, yuziga quvonch yoyilib, e, qoyilman, Mittivoy, arslon bo‘pket-e, deganicha ismimni olqishga ko‘mizaverdi. Dumim unchalar likonlamaganidan bildimki, bu maqtovlardan ortiqcha taltayishni o‘zimga ep ko‘rmadim.
Tog‘am kalamushning uzun quyrug‘idan ushlab, shiypon sari chaqqon odimlay ketdi. Borayotib, ayvonda o‘tirganlarga murdani ko‘z-ko‘zlagan asno, manavinga qaranglar, bu handalakxo‘rni Mittivoy o‘ldiribdi, bo‘ynini kirt chaynab qo‘­yibdi, deb jar soldi.
Gapni ko‘ring, bo‘ynini chaynaganmishman! Kalamush-ku – kalamush, agar kalamushga o‘xshatib pishirilgan tortni oldimga qo‘yishsayam, bo‘ynidan tishlashga hazar qilgan bo‘lardim. Tfu!
Polizdan chiqayotganimda, ichimda yana g‘alati jimirlash sezilib, boshim o‘z-o‘zidan tepaga ko‘tarilib borayotgandek bo‘ldi. To‘xtab, past-balandimga nazar solsam, oyog‘imda o‘zimning pushti krosovkam, egnimda ko‘kish jinsidan tikilgan o‘sha shim, o‘sha nimcha. Mana, u qo‘limdayam, bu qo‘limdayam beshtadan barmoq uzun-kalta askarlardek tizilib turibdi.
Sevinchim ichimga sig‘may, irg‘ishlab yubordim:
– Ureeey, itlikdan qutuldiiim!
Ayvondagilar, kalamush qolib, endi tengdan men tomonga yuzlanishdi. Ularning yoniga yetib borishim bilanoq, birinchi bo‘lib opog‘otam savolga tutdi:
– Hey, qayerdan kepqolding, o‘zi? Bu yoqdaligimni kimdan eshitding?
Nima deyishni bilmay, turganlarning goh unisiga, goh bunisiga ko‘z gildiratdim. Borini boricha aytay desam, kuchuk bo‘lganimga birortasi ishonib bo‘pti, meni qiy-qiyovlab mazax qilishadi, xolos.
– Bu yerdaligingizni bilmovdim, opog‘ota, – o‘nglanib oliboq, gap to‘qishga o‘tdim. – Otaqul tog‘amni sog‘inib qolganidim, so‘rab-surishtirib, topib keldim-da… Handalak yeyishdan burun bir achomlashvolaylik…
Avval opog‘otam, keyin tog‘am bilan quchoqlashdim. Rahimboy fermer bilan qo‘l berib ko‘rishdim. Ko‘rishib bo‘ldim-u, o‘tir, dasturxonga qara, deyishlarini kutishga vaqt sarflamay, atigi ikki tilikkinasi hozircha but turgan handalakka shartta chovut soldim.
Shu mahal tog‘am birdan kuchukni eslab qolib, atrofga alangladi:
– Mittivoooy! Mittivoooy! Husht, husht! Iy, kuchugimiz qayoqqa yo‘qoldi?
– Tirmizak qahramoning yana kalamush ovlayotgandir-da, – deb kulimsiradi Rahimboy fermer. – Bor, qo‘lingni yuvib kel. Mehmonchaga handalakning unisiniyam so‘yib ber endi.
Tog‘am yerdagi kalamushni olib zovur tarafga uloqtirdi-yu, nariroqdagi ko‘mma ustunga o‘rnatilgan, ba’zilar “umivalnik” deb ataydigan osmako‘vaning tilini tepaga ko‘tarib-ko‘tarib, qo‘lini yuva boshladi. Eee, kalamushni ushlagan qo‘lni sovunlab yuvmaydimi, deb xitlandim ichimda.
Xayriyat, tog‘amning kelishini poylab o‘tirmay, opog‘otam dasturxondagi janaqushni olib, ikkinchi handalakni o‘zi so‘ydi.
Otaqul tog‘am ustundagi mixga osilgan sochiqqa qo‘lini artib, ortga qaytdi. Kelib, to‘shakka o‘tirarkan, to‘satdan menga sinchiklanib ko‘z qadadi:
– To‘xta-to‘xta, bu yoqqa kelayotib, itdan qutuldiiim, deb baqirganday bo‘ldingmi? Sen bola, Mittivoyimizni kesakbo‘ron qilib haydagan bo‘lmagin tag‘in?
Yangi so‘yilgan handalakning navbatdagi luqumini shoshib yutib, tog‘amga jizg‘anoqlandim:
– Hech qanaqa Mittivoyni ko‘rmadim! Qandaydir qo‘ng‘ir kuchukka kesak otishdan boshqa ishim yo‘qmi?!
– Hey, bola, kuchukni ko‘rmagan bo‘lsang, qo‘ng‘irligini qayoqdan bilding? Gapir!
Tuyqus dovdirab qoldim:
– Gapiraman! Nima, gapirishdan qo‘rqadi deb o‘ylayapsizmi? Anavi-i… Men sizga aytsam…
– Xo‘sh?!
– To‘ppa-to‘g‘risini aytadigan bo‘lsam… Mahallamizdagi bir o‘rtog‘imning qo‘ng‘ir iti yaqinda to‘qqizta bola tuqqanini eshituvdim. Bilsam-bilmasam, kuchugingiz o‘sha itning bolasi. Onasi qo‘ng‘ir bo‘lganidan keyin, bolasiyam qo‘ng‘ir bo‘lmay qayoqqa borardi? Endi tushundi­ngizmi?
Rahimboy fermer, bir hiringlab qo‘yib, o‘rtaga gap suqqani jonimga ora kirdi:
– Seni sog‘inib kelgan jiyanga oqibat shumi, Otaqul? Dalada yurganim sayin, turmushning haqiqiy shirinliklarini anglab-anglab yayrayapman, deysan-u, asabing haliyam rosa joyiga tushmaganga o‘xshaydi.
– O‘sha kuchukka namuncha kuyunmasang! – deb qo‘shimcha qildi opog‘otam. – Balki, sang‘igisi kelib, tovuqxona tomonga ketgandir.
Polizdan nariroqda pastakkina uzun bino borligini ko‘ruvdim, demak, tovuqxona ekan-da.
Shu mahal rangi uniqqan do‘ppini peshanaga qing‘ir qo‘ndirgan chuvakkina yigit kirza etikda tuproqni to‘zg‘itganicha, biz tarafga bostirib kelayotgani ko‘rindi. Rahimboy fermer dimog‘ini do‘rillatib, ana, o‘sha tovuqxona xo‘jayinining o‘ziyam kelyapti, dedi-da, uning yaqinlashishini kutmay, o‘v, Mo‘saqo‘zi, yo‘lda qo‘ng‘ir kuchukka ko‘zing tushmadimi, deb so‘roqladi. Mo‘saqo‘zi tovuqboqar ayvondan to‘rt-besh qadam narida to‘xtab, yo‘q, ko‘rmadim-a, deya boshini tebratdi.
– Ke, bolam, o‘tir, – deb, tovuqboqarni dasturxonga chorladi opog‘otam. – Handalakka rizqing qo‘shilganakan.
O‘rgilib qo‘ydim bunaqa rizqdan. O‘zi choynakdekkina handalak bo‘lsa, shungayam sherik topilmasa nimaydi!
– Bu Mo‘saqo‘zining ishlari besh, – handalakni allaqachon voshillata boshlagan ishchisini opog‘otamga maqtay ketdi Rahimboy fermer. – Tovuqxonaning yoniga uy qurib berganimizdan keyin bola-chaqasi bilan ko‘chib kelgani yaxshi bo‘ldi. Tovuqlari shu kunlarda mingtadan oshdimi-ey…
– Yaqin-orada bir ming ikki yuztaga borib qoladi. Xotinim bir qism tovuqlarga ancha jo‘ja ochtirvoldi. Xudo xohlasa, yana ochtiramiz.
– Yasha, Mo‘saqo‘zi! Ishchilarimizam seni duo qilgani qilgan. Tushlikka kunda-kunora tovuq so‘yib beryapsan. Lekin… tuxumga qolganda, sal qizg‘anarmishsan?
– Bilasiz-ku, Rahimboy aka, haftasiga falon donadan tuxum yetkazib beraman deb makaronchilar bilan shartnoma tuzib qo‘yganman, uch g‘ildirakli mototsiklda kelib, o‘zlari tashib ketishadi. Ishchilaringiz shundan ortsa yeydi-da.
Boshing to‘ydan chiqmagur Rahimboy fermer savobga ko‘mildi – tovuqboqarni qancha ko‘p gapga solsa, men shuncha mo‘lroq handalak yeyaverdim.
Vaqillab o‘tirishga berilib, handalakdan paqqos quruq qolganini kechroq payqagan tovuqboqar menga bir tig‘lanib olib, ro‘molchada noiloj og‘iz artarkan, nihoyat, maqsadga o‘tdi:
– Qarang, ro‘zg‘orda tuz uzilibdi. Agar ortiqchasi bo‘lsa, bir siqimgina berib turing, Otaqul aka.
– Ana, ichkariga kirsang, uch quti tuz turibdi, bittasini olaver, ukam, – dedi tog‘am. – Ammo xafa bo‘lmagin-u, onam rahmatli bizga uqtirgan bir gapni sengayam aytib qo‘yay, qo‘shnidan uchta narsani so‘rash uyat bo‘larkan: birinchisi – tuz, ikkinchisi – gugurt, uchinchisi – igna. Shularni doim keragidan ortiq g‘amlab qo‘yishni o‘rgangin.
Quyosh yonboshlayotganida, opog‘otam uyga qaytishga chog‘landi. Menga qarab, senam ketasanmi, deb so‘ragan edi, handalakka bir yo‘liqqanimda tuzukroq to‘yib olishdan umidimni uzmay, qiziqsiz-a, opog‘ota, biror kun yonida qolmasam, Otaqul tog‘am qattiq xafa bo‘ladi-ku, dedim.
To‘g‘risiyam shu-da!

Chapchap luqum

Tongda uyg‘onib qarasam, Otaqul tog‘amning ko‘rpasi yig‘ib qo‘yilibdi. Turib, xonadan shiyponning ayvoniga chiqdim. Bir-ikki kerishib olib, erinibgina bordim-da, osmako‘vada yuz-qo‘limni yuvib, bujur sochiqda artindim.
G‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir tovushlarni eshitib, shiyponning orqasiga o‘tsam, tog‘am bir cho‘tiryuz kishi bilan uzun taxta stollardan beriroqdagi o‘choq yonida nonushta qilib o‘tiribdi. To‘shak oldiga yozilgan dasturxonda non, mayiz, turshak, oqqand kabilar sochilib yotardi. Tog‘am meni ko‘rib, ke, choy-poy ichvol, deyishi bilanoq yoniga tizza urib, ishni bo‘sh piyolaga besh chaqmoq oqqand solishdan boshladim.
– Bu – jiyanim Mo‘ttivoy, – piyolamga choy quya­yotib, meni sherigiga tanishtirdi tog‘am. – Kecha mehmonga keluvdi.
Cho‘tir kishi fermer xo‘jaligining oshpazi ekan, nonushta tugaganidan keyin, tushlikka taraddud ko‘rishni boshlab, o‘choq boshidagi xontaxtada turgan mis tog‘orani ko‘tarib keldi, ichidagi sabzavotni o‘rtaga to‘kib, dasturxondagi ikkita pichoqdan birini qo‘liga oldi. Tog‘am ikkinchi pichoqni ishga solishdan ilgari cho‘ntagidan janaqushini chiqarib, bekor o‘tirma, jiyan, deya menga uzatdi. Piyozga azaldan tobim yo‘q, ko‘zni achishtiradi; sabzining po‘stini qalinroq archib qo‘ysang, kattalardan gap eshitasan; kartoshkaning buqoq-butog‘i, ko‘z-kemtigi ko‘p; bizga shunisi o‘ng‘ayroq deb, sholg‘omni tanladim.
Uchinchi sholg‘omni archib tugatayotganimda, “pat-pat”lagan tovush eshitildi. Aldar Xoldor paydo bo‘lib, mototsiklini tolning tagiga to‘xtatib o‘chirdi; yerga tushib, turgan joyida kekkaygan ko‘yi, hormanglar, deb do‘rilladi. Bu nusxani iqi suymaydigan tog‘am o‘girilib ham qo‘ymadi, oshpaz shunchaki bosh qimirlatgan bo‘ldi.
– G‘ulom cho‘mich! – deb oshpazga murojaat qildi Aldar Xoldor. – Rahimboy qani?
Xo‘jayin uzumzordagi xomtokchilarning yoniga ketuvdi, degan javobni eshitib, endi birdaniga menga yopishdi:
– Hey, bola! G‘imm… Bor, Rahimboy tog‘angni chaqirib kel.
To‘nglanganidan g‘ashim qo‘zib, iltimosmi bu, deb chimirilgan edim, u dovdirashdan tili gulala bo‘lib, g‘imm… seni qara-yu… institutni tamomlab, tasodifan ustimga boshliq bo‘lvolsang, ana o‘shanda iltimos qilib gapiraman, deb karilladi.
Tog‘amdan uzumzorning qayoqdaligini surishtirdim. U bo‘lsa, senga tushuntirib o‘tirguncha o‘zim borib kelaqolaman, deya joyidan turib, yo‘lga tushdi. Bildimki, Aldar Xoldorning soyasiniyam ko‘rgisi yo‘q.
Otaqul tog‘am ketgach, Aldar Xoldor bitta-bitta odimlab kelib, G‘ulom oshpazga qo‘rsayib qo‘l uzatdi, men bilan ham barmoq uchida ko‘rishgan bo‘ldi; to‘shakka cho‘kib, choynakdan o‘ziga choy quydi; mayizga ochofatlarcha changal solib, dumidagi cho‘plarni yulib o‘tirmay, birvarakayiga nos otish qildi.
Tog‘amning dushmani to‘g‘rimda tarvayib o‘tirganidan tixirlanib, janaqushni dasturxonga irg‘itdim-da, turib, hovuz tomonga keta boshladim. Mototsiklning yonidan o‘tayotib, kajavaga tashlab qo‘yilgan karton qutiga ko‘z qirimda qarasam, ustiga yopishtirilgan yorliqqa “Chapchap luqum” deb yozib qo‘yilibdi. Bilaman, bu Qo‘qonda chiqariladigan, do‘konlardan topish mushkul bo‘lgan eng mashhur shokoladning nomi. Dadam tug‘ilgan kunimda meni xuddi shunaqa shirinlik bilan siylagan edi. Rasmdaftarni eslatuvchi guldor qutichani ochsangiz, ichidagi chuqurchalarda roppa-rosa o‘n beshta yum-yumaloq shokolad terilib turgan bo‘ladi. Bittasini hovrinib-hovrinib tishlab ko‘rasiz. Qahvarang shokoladning qatidagi oppoq qiyom tilingizda shunaqangi vijvijlanib eriy boshlaydiki!
Og‘zim suvlashib, hushim alg‘ovlandi-yu, oshpaz bilan Aldar Xoldor bu tarafga teskari o‘tirganidan foydalanib, karton qutiga bog‘langan ipning bog‘ichini qanday tortganimni bilmay qolibman. Ochib ko‘rsam, guldor qog‘oz qutichalar ustma-ust taxlanib yotibdi-da.
Meni qing‘irqo‘llikda ayblashdan burun o‘rnimga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring. Shunda karton qutini tag-tugi bilan ko‘targan asno zovur yoqasidagi do‘ngning ortiga o‘tib borishga qay yo‘sinda botinganimdan taajjublanib o‘tirmasangiz kerak. Qolaversa, birovlarni shilib kun kechiruvchi egri kimsani qoqlash, balki, to‘g‘rilikning o‘chi hisoblanar.
Kallam tegirmondek guldirab ishladi. Shokoladli qutichalarni bo‘ychanlanib o‘sgan sassiqko‘mpalar orasiga to‘kib, isi sezilmaydigan shuvoqlarni tomir-pomiri bilan yula-yula, karton qutiga zichlab bosdim. Tog‘am kecha irg‘itib yuborgan kalamushning o‘ligi shu yerga kelib tushgan ekan, uniyam shuvoqlarning tepasiga tashladim. Keyin, karton qutining ipini aslidagidek qilib bog‘ladim-u, panalab borganimcha, mototsiklning kajavasiga qo‘yib qo‘ydim.
Qayoqqa g‘oyib bo‘lganimni surishtirib o‘tirishmasin deb, shiyponning biqinida taxlanib yotgan o‘tinlardan bir quchog‘ini ko‘tarib oldim-da, o‘choqning yoniga eltib to‘kdim.
– E, balli! – deb alqadi G‘ulom oshpaz. – Endi chegovni olib, qozonga suv quy. Og‘ziga tomizsang, o‘likniyam tiriltiradigan zo‘r qaynatma sho‘rva qilaylik bugun.
Qirq litrli alyumin bidonning qopqog‘ini ochib, ichidagi suvni kattakon cho‘michda qozonga quyishga tutinganimda, tog‘am Rahimboy fermer bilan qo‘shoqlanib kepqoldi. Aldar Xoldor pishillab o‘rnidan turib, fermerga qo‘l uzatarkan, na salom-alik, na hol-ahvol so‘rash bor, birdaniga tanbehlashga o‘tdi:
– Bee, to‘yga boradigan odam tuzukroq kiyinib olmaydimi!
Rahimboy fermer mo‘ylov silayotib, qanaqa to‘yni gapiryapsiz, deb so‘rasa, Aldar Xoldor ko‘ksini shopirintirib, iye, uyushma raisi nevarasini “kestirayotgani” esingdan chiqdimi, deb do‘ng‘illadi.
– Meni to‘yga aytibdimi? – dedi fermer.
– Uyushmadagi yig‘ilishda mikrofonni jaranglatib, hamma fermer yoppasiga to‘yga, dedi-ku! G‘imm…
– Yoppasiga to‘yga deyishni mahallaning sartaroshiga chiqargan. Men bu qishloqda yashayman, raisingiz u qishloqda turadi.
– Bormayman demoqchimisan?
– Tayinlab aytilmagan joyga qanday boraman?
– G‘imm… Juda izzattalab bo‘pketibsan. Mayli, unda, ataganingni uzat, raisga o‘zim biror bahona to‘qib qo‘yarman.
Rahimboy fermer istehzoli jilmayib, raisimiz yana to‘y qilib qolar, meni alohida aytadigan bo‘lsa, ataganimni o‘shanda berarman, degan edi, Aldar Xoldorning ensasi qotib, o‘zing bilasan, deb, arazlangan turxatda ortga burildi.
Ichi shuvoqqa to‘ldirilib, kalamushning o‘ligi ham tiqib qo‘yilgan karton quti Aldar Xoldor bilan birga mototsiklning kajavasida ketdi.
Rahimboy fermer bankda zarur ishi borligini aytib, oq “Neksiya”sida tuman markaziga yo‘l oldi. “Neksiya” u tomonda ko‘zdan yo‘qoldi-yu, bu tomonda uzun tayoq ushlavolib, hu, haromzoda, mana ko‘rasan, o‘zingniyam haydab solaman, bolalaringniyam, deb jizg‘inlangan ko‘yi qora mushukni g‘izzo-g‘iz quvib kelayotgan Mo‘saqo‘zi tovuqboqar ko‘rindi. Qo‘limdagi cho‘michni tashlab, yo‘l tarafga yugurdim. Mushukning oldini to‘sishga ulgurolmagan bo‘lsam-da, “Afrosiyob” poyezdi misol shuvillab kelib, yonimdan pupup­lagandek so‘kinib o‘tib ketgan tovuqboqarning vagoniga aylanganimcha, ortidan takira-tukurlab boraverdim.
Tovuqboqar oxiri charchab to‘xtadi, tayog‘ini chetga otib, hansiragan alpozda iziga qaytdi. Unga ergashmoqchi bo‘lganimda, tanam bir jimirlab olib, qaddim o‘z-o‘zidan pastlayverdi. Boshim yerga tegay-tegay deganida, mundoq qarasam, yana o‘sha qo‘ng‘ir tukli qo‘llarga tayanib turibman-da.
Bu qanaqasi? Yomon ermak bo‘ldim-ku! Yo kechadan beri tush ko‘ryapmanmi?
Shunda Sangin tandirchining qarg‘ishi qaytadan yodimga tushdi: “Seni xudoyim o‘zi jazolasin – yarim odam, yarim it bo‘lib o‘tib ket!”.
Bari tushunarli! Bundan bu yog‘iga bir itga, bir odamga do‘nib, arosatda yuraveraman, chamasi.
Mungli ingillab qo‘yib, Mo‘saqo‘zi tovuqboqarning ketidan emakladim.
Tog‘am, dili xijillanib qaytayotgan tovuqboqarga qarab, “boyagi mushuk…” deya endigina gap boshlagan edi, menga ko‘zi tushib, quvonib ketdi:
– Iye, shu yerda ekansan-ku, Mittivoy! Qorin qalay, qorin? Ma, kuchi-kuchi, hozircha shuni yeb tur-chi. Sho‘rva pishsa, tovuqlarning bor suyagi o‘zingga qoladi.
Shu topda xayolim ham, ko‘nglim ham shokoladda bo‘lgani uchun, oldimga tashlangan non burdasini istamaygina kavshadim.
Bu orada G‘ulom oshpaz tovuqboqarni so‘roqqa tuta boshladi:
– Tinchlikmi, Mo‘saqo‘zi? Mushuging qaltis­roq ish ko‘rsatdimi deyman?
– Tovuqxonaga o‘g‘rilikka tushib, bitta xo‘rozni pok-pokiza urib qo‘yibdi-ya, – deb g‘ijindi tovuqboqar. – Xo‘rozning ko‘ztikonlar orasida to‘zg‘ib yotgan patlariyu chirt uzilgan kallasini ko‘rmasam, bexabar yuraverar ekanman. So‘­yilgan tovuqlarning ichak-chavog‘ini doim shu la’natiga ilinaman, yettita bolasini atrofiga to‘plavolib, burnidan chiqquncha yeydi. Shungayam qanoat qilmaganini qarang.
– Mushuk jo‘jani yeyishi mumkin, – dedi oshpaz. – Ammo-lekin xo‘roz tugul, tovuqqayam dap qilolmaydi. Xo‘rozingni nima yeb ketganini aniq bilmay turib, mushukka chakki jabr qipsan-da.
To‘satdan tog‘amning esiga tushdim, shekilli, bitta o‘zing qaytding, nima balo, jiyanim haliyam mushukni quvib yuribdimi, deb so‘radi tovuqboqardan.
– Bilmadim, – deb yelka qisdi tovuqboqar. – O‘zi, sizga qanaqa jiyan bu bola?
– Opam rahmatlining o‘g‘li, – tuyqus hazin tortdi tog‘am. – Opam yomonroq dardga chalinib bandalik qilganida, Mo‘ttivoy ikki yoshgayam to‘lmaganidi. O‘shandan beri buvisi bilan turadi. Pochcham tog‘dagi konda ishlaydi, onda-sonda kelib, onasiga pul-mul tashlab ketadi. Kon tomondan birorta ayolni topib-netvolgan bo‘lsa bilmadim-u, uylanibdi degan gapni eshitganimiz yo‘q.
Tovuqboqar mavzuni boshqa yoqqa burib, aytganday, o‘zingizda bolalardan nechta edi, deb so‘ragandi, tog‘am bir xo‘rsinvolib, ikkita qizim bor, kattasi to‘rtinchini bitirdi, dedi.
Oshpaz ham gapga aralashdi:
– Ularni ko‘rib-netib turibsanmi, ishqilib?
– Bola bo‘ladi-yu, ko‘rmasdan bo‘larkanmi? – deb ko‘ksini siypaladi tog‘am. – O‘tgan kuni handalakni sotib, ularga xarajat tashlab keldim. Xotinimga ancha-muncha pul ham berib qo‘ydim. Qaynotam ja boshqacha odam-da, bu tomondagilardan tashvish tortmang, kuyov, o‘zingiz qiynalib qolmasangiz bo‘lgani, deydi.
– Tashvish tortma deb to‘g‘ri aytibdi baraka topkur, – deya tog‘amning ko‘nglini ko‘tardi oshpaz. – Qaynotang o‘ziga tinch kishi. Qaynog‘ang ham toparmon-tutarmon yigitlardan. Bolalaringni hech narsaga zoriqtirib qo‘yishmaydi. Mana, qora mehnatdan qochmay, yolchitib ishlayotgan ekansan, meni aytdi dersan, hademay o‘zing­niyam ishlaring yurishib ketadi, inshaollo.
Bir kuni mahmadanaligim tutib, alohida uy bo‘lganidan keyin, tog‘am ham bolalarining oldiga borib yashayvermaydimi, deb keksaqorilansam, erkak kishi uchun, ayniqsa, qo‘li yupqa erkak uchun qaynotaga ichkuyov bo‘lib yurishdan og‘iri yo‘q, deb javob qilganidi buvim.
Qozonga o‘t yoqilayotgan chog‘da Otaqul tog‘am meni yana esga oldi, yo‘lga chiqib borib, tevarakka alangladi:
– Mo‘ttivoy! Ho‘, Mo‘ttivoy!
Ortga qaytib kelganidan so‘ng, bu bola tayyor ovqatni tashlab, uyga ketvorganga o‘xshaydi, deya afsuslanib bosh tebratdi.
Qayoqqa ketardim? Oyog‘ining tagida turganimni bilmasa, nima qilay?
Tog‘am “tayyor ovqat” degan so‘zni ishlatgandayoq, shokoladlar lop etib ko‘z oldimga keluvdi, pismaygancha o‘rmalab borib, zovur yoqasidagi do‘ngning orqasiga o‘tdim. Kerakli joyda to‘xtab, to‘rt tomonga ziyraklanib razm soldim-u, shokoladli qutichalardan birini tirnoqlab yirtdim…
Qolganini men aytmay, siz eshitib, quruq yutinishdan qiynalmang.
Chapchap luqumning uchinchisini g‘ilqillatayotganimda, nimadir shitirlagandek bo‘ldi. Qulog‘im o‘z-o‘zidan dinkayib ketdi. Sassiqko‘mpalardan biri xiyol tebranganidan yanayam sergaklanib, sekingina borib qarasam, haligi qora mushuk bilakchalariga iyak tirab, ma’yus cho‘zilib yotibdi. Ko‘zlarida jiqqa yosh.
Meni ko‘rib-la, qochishga shaylanganida, qo‘rqma, mushuklarda hech qanaqa qasdim yo‘q, deb, shahdidan qaytardim.
– Shunaqa deysan-u, qaysi itga yo‘liqma, qasdi bor-yo‘qligini o‘ylab o‘tirmay, akillab quvishga tushadi.
– Meni qayoqdagi shildirvoqi itlarga teng­lashtirma, – deb zardalangan bo‘ldim. – Undan ko‘ra, egangga qanaqa yomonlik qilganingdan gapirsang-chi.
Mushuk yig‘lamsirab ming‘irlashni boshladi:
– Aldayotgan bo‘lsam, til tortmay o‘lay. Egamga hech qanaqa yomonlik qilganim yo‘q. Meni nimaga kaltaklamoqchi bo‘ldi, sira tagiga yetolmayapman.
– Tovuqxonaga o‘g‘rilikka tushibsan-ku! G‘ajib tashlangan xo‘rozning patlarini egang tikonzordan topvolibdi.
– Voy! Bunaqa ig‘voni kim tarqatibdi? – ang­rayib so‘radi qora mushuk.
Odamlikdan itga evrilib qolganim, itligimda jonivorlarnikidan tashqari insonlarning tilini ham tushunaverishim to‘g‘risida mushukka ezmalanib o‘tirmay, eshitganimni gapiryapman-da, deb qo‘yaverdim.
Mushuk birpas o‘ylanib turib, topdim, kim o‘g‘irlaganini topdim, deya to‘lqinlanib tipirchilandi.
Uning aytishicha, Pixpix Chandr degan o‘g‘ri mushuk bor ekan. U battol, egang bergan ovqatning teng yarmini menga asrab qo‘ymasang, o‘zingniyam, bolalaringniyam bo‘g‘ib tashlayman, deb qora mushukka soliq solgan ekan; qorni ochganida kelib, tegishli ulushini yeb ketarkan.
– Bunday yirtqichlik bitta o‘shaning qo‘lidan keladi, – dedi qora mushuk. – Sen nima bo‘psan, hatto bir kasalmand tulkiniyam bo‘g‘izlab tinchitganman, deb maqtanganidi.
Taskin bergim kelib, ko‘p ezilaverma, egang jahlidan tushib qolar, desam, o‘zim-ku bir kunimni ko‘rib ketarman, bolalarimniyam haydab yuborsa, qayoqqa bosh uradi boyoqishlar, deb titrandi qora mushuk.
– Nima, bolalaring emiziklimi?
– Sutdan chiqishgan. Lekin ularni sira ko‘zim qiymaydi, endi o‘zlaringni eplayvering­lar, deyishga tilim bormayapti.
Bu bechorani o‘zim qo‘llab yubormasam bo‘lmaydi-yov, deb tugindim ichimda. Ammo qanday qilib?
Turmushda nechchi marta ko‘rganman – miya yaxshilab ishlatilsa, o‘limdan bo‘lak hamma narsaning iloji topiladi. Miyani yaxshi ishlatish uchun nima qilish kerak – hech bo‘lmasa, shokolad yeyish kerak!
Bu yoqqa yur, deb qora mushukni shokoladning oldiga boshlab bordim. Chapchap luqumdan bittasini qog‘oz qutichaning chuqurchasidan tirnoqda surib chiqarib, avval tumshuqqa ilintirdim, keyin boshimni balandga ko‘tarib, og‘zimga yumalatdim. Dunyodagi bor huzur-halovat ichimda to‘planayotgandek bo‘ldi. Mushukka tantilanib qarab, ol, tortinma, Mittivoyning davrida bir chapchap luqum yesang yebsan-da, dedim.
Qora mushuk shokoladlardan birini iymanibgina oldi, sal yalab ko‘rib, rohatdan ko‘zlari suzildi.
– Mazzami? – deb tirjaydim. – O‘rtog‘im kuchuk – yeganim chuchuk, deganakan… bir puchuq.
Qiziqchiligimdan qora mushukning kulgisi qistab, mayingina pixillab qo‘ydi-da, yerga uzala tushib, shokoladni panjalari orasiga qisganicha, shoshmasdan yalashga kirishdi. Orada to‘xtalib, bir ustki, bir ostki labini tilida tozalab-tozalab ham qo‘yadi.
E, dog‘man! Shunaqa imilloqlik bilan tirikchilik qilib bo‘larkanmi? Topildimi, shappa-shuppa urgin-qo‘ygin. Yo‘qsa, Pixpix Chandrga o‘xshagan quduqqorinlar oldingdagini ship-shipang supurib ketadi.
Odamligimda turli jonzotlarni qiyratib yayrar edim; itga aylanganimdan buyon ularning qiynalib-qiynalib turmush kechirishini ko‘rib, buni qisman o‘z boshimdan ham o‘tkazib, sho‘rliklarga tobora rahmim kelishni boshladi. Rahmimni qo‘zitgani sayin, ko‘nglimga qarindosh­lardek yaqin bo‘lib borayotgandi ular.

Pixpix Chandr janoblari

Qani, u yoqdagi ahvolniyam bilaylik-chi, deb tovuqxona tomonga yurdim. Qora mushuk tizzasini qaltiratib, ortimdan qo‘zg‘aldi.
Borsak, yettov mushukcha ochiq ayvonli uy yonidagi tandir ostida, bir-birining pinjiga kirganicha, mo‘ltiroqlanib yotibdi. Onalarini ko‘rib, irg‘ishlay-irg‘ishlay, quchog‘iga otilishdi.
Mo‘saqo‘zi tovuqboqarning xotini tandirdan nariroqda kir yuvib o‘tirar, uchga to‘lib-to‘lmagan qizchasi uning yoniga cho‘nqayvolib, kichkina mislaganda ro‘molcha chayish bilan band edi. Ular yumushdan to‘xtab, ona-bola mushuklarning achom-achomini zavqlanib kuzata boshlashdi.
– Qorabeka, Qorabeka! – deb iljaydi qizaloq.
Shu pallada Mo‘saqo‘zi tovuqboqar shiypondan qaytib kelib qoldi. Qorabekani ko‘rib, he, o‘sha sendaqangi bolaparvardan o‘rgildim, deb yerdan kesak olayotganida, xotini tutoqib ketib, hoy, so‘loqmonday odam do‘ppidek mushukka namuncha o‘chakishmasangiz, deb sannab berdi.
– Bu o‘g‘rining yonini olma!
– Qanaqasiga o‘g‘ri bo‘larkan? Mundoq o‘ylab gapiring-da, dadasi. Mana shu qiltiriqning xo‘rozga kuchi yetarkanmi?
Qizaloq: “Mushugim o‘g‘rimas!” deb gapga aralashgan edi, Mo‘saqo‘zi tovuqboqar unga e’tibor bermay, xotiniga o‘shqirdi:
– Xo‘rozni shu mushuging yemagan bo‘lsa, kim yedi? Senmi?
– Ha, men yedim zahrimga! Qutuldimmi? Boring, uyga kirib, choyingizni iching.
– Choyni shiyponda ichaman, – dedi tovuqboqar. – Qozonga o‘t qalandi, tuzlangan tovuqlarni vaqtida eltib beray.
Hozirga kelib, bu kichik oila har xil g‘idi-bidilarga to‘lib yotgandek ko‘rinayotgan bo‘lsa-da, G‘ulom oshpazning aytishicha, Mo‘saqo‘zi tovuqboqar sinfdosh xotiniga majnunlanib yurib uylangan ekan. Sevgilisiga hatto dars paytidayam tinchlik bermay, ishqiy so‘zlar bitilgan qog‘ozlarni qatorlatib itqitavergach, uni oxiri “A” sinfdan “B” sinfga surgun qilishibdi. Mislsiz o‘rtanishlar yigitchani to‘satdan shoirga aylantiribdi-yu, umrida birinchi va so‘nggi marta she’r to‘qib, uni maktab kutubxonasining stoliga o‘yib yozishga majbur bo‘libdi:

Seni ishqing meni to‘pdek uchirtirdi,
“A” sinfdan “B” sinfga ko‘chirtirdi!

Mo‘saqo‘zi tovuqboqar uydan usti bo‘z matoda yopilgan tunuka tog‘orani ko‘tarib chiqib, yana shiypon sari yo‘naldi.
Qorabeka yengil tin oldi. Yuringlar, ochqab qolgandirsizlar, deya mushukchalarni o‘ziga ergashtirarkan, o‘girilib boqib, meni ham o‘sha yoqqa imladi.
Quvnoq mushukchalar onasining ortidan tizilib, askarlardek bir xil odimlagancha, jo‘rlikda kuylab borardi:

Ovqat yeymiz,
Katta bo‘lamiz.
Ovqat yemasak,
Latta bo‘lamiz…

Uyning orqasiga o‘tib qarasam, choyxonadagi palovxo‘rlar ishlatadigan, cheti sal sinib, sirlari ko‘chib ketgan katta sopol oshtovoqda tovuq qoldiqlari aynigan moshxo‘rdaga aralashib yotibdi. Ko‘nglim ozayotganini bildirmaslikka tirishib, o‘zlaring yeyaveringlar, men to‘qman, deb bo‘ynimni qashlashga tutindim.
Ona-bola mushuklar endigina tamaddilanishga kirishganida, “Osh bo‘lsin, pix!” degan tovush eshitildi; basti menga bir yarimta keladigan semiz malla baroq shoxi tarvaqaylagan bangidevonalar orasidan oliftanamo qiypang­lab chiqib, ola ko‘zini kosachada aylanayotgan soqqadek g‘ildiratdi. Ilgari ko‘rmagan bo‘lsam ham, uning kimligini tezda fahmlab oldim – Pixpix Chandr! Zoti oliftalari!
Ona-bola mushuklar ovqat chaynashdan to‘xtab, toshqotma shaklida turib qolishdi.
– Xush ko‘rdik, Pixpix Chandr janoblari! – deb iltifotlandi, nihoyat o‘ziga kelgan Qorabeka. – Haqingizga tekkanimiz yo‘q, bir chetidan ozgina tatib turuvdik.
O‘g‘ri mushuk menga chaqchayib qarab qo‘yib, bu illati kim bo‘ldi, deb so‘ragan edi, Qorabekaning tili tutilib, bu… bu… Mittivoy… shunchaki ta… ta… tanishim, deya duduqlanishga tushdi.
Pixpix Chandr ko‘zlarini g‘azabli chaqnatdi:
– Boshqa ko‘rimliroq hayvon yitib ketganmidi? Kelib-kelib, it bilan tanishasanmi, kallavaram?
– Bu – kuchuk-ku hali, Pixpix Chandr janoblari.
– Pix! Erta-indin baribir it bo‘ladi!
Pixpix Chandr sopol tovoqqa yaqinlashib, taomning u yer-bu yerini hidlab ko‘rdi. So‘ng menga hadikli tikilib, pix, o‘zing ketaverasanmi, yo achangning uyigacha kuzatib qo‘yaymi, deb o‘qraydi.
Xiyol seskangandek bo‘lsam-da, sakkizinchida o‘qiydiganlargayam gapini bermay yurgan mendek gajirni hurkitish oson bo‘ptimi, deb o‘yladim-u, Pixpix Chandrning ko‘ziga tik boqdim; tovuqxonadan xo‘roz o‘g‘irlab, Qorabekaniyam baloga qoldirganing uchun o‘zingni archib qo‘ymasimdan shippagingni sudra, dedim irillab.
– O‘zing o‘g‘risan! – deb burun uchirdi Pixpix Chandr. – Yumdalashishga bahona axtarayotgan bo‘lsang, yur, chekkaroqqa o‘taylik.
So‘lqillab odimlayotgan Pixpix Chandrning ortidan chimloqqa chiqib borayotganimda, jiydaga qo‘nib turgan jaqqi chumchuq “Chiq-chiq-chiq! Hoooy, bu yoqqa kelinglar, zo‘r musht-musht boshlanadi hozir!” deb chiriqlay ketdi. Yon-­atrofdagi paxta paykali, bug‘doypoya, polizzor u yoqda tursin, uzoqdagi bog‘u uzumzorlarda yurgan chumchug‘u to‘rg‘aylar, maynayu g‘urrak­lar, musichayu qaldirg‘ochlar, qizilishtonu popishak­lar ham pirro-pir yopirilib kelib, jiydaning ustini bulutdek qopladi; tevarak chigirtkayu qo‘ng‘iz, qirqoyog‘u o‘rgimchak, buzoqboshiyu kaltakesakka to‘ldi; ariyu kapalak­lar, pashshayu chivinlar galasi boshimiz uzra tinimsiz aylanishga tushdi; hatto o‘ta intizomli chumolilar ishini butkul yig‘ishtirib, bo‘lajak olishuvdan ko‘ngil uzolmay, qizilmiyalar shoxida g‘ujlandi. Bo‘rtiqko‘z qurbaqa chirmovuqlanib o‘sgan oqpechakning salqinida talpaydi. Chuvalchanglar yer kavagidan bosh tikkaytirdi.
– Yanayam beriroq kel, akasi bo‘yidan, – deb meni mazaxladi Pixpix Chandr. – Endi tumshug‘ingni buyoqqa to‘g‘rilab tur.
Shunday dedi-yu, kutilmaganda tumshug‘imga kalla soldi. Orqaga yumalab yiqilib, birpas masovsirab qoldim. Endigina turayotganimda, havoda ko‘ndalang uchib kelib, ikkala oyog‘ida ko‘kragimga tepdi. Yana chalpa­yib­ yiqildim.
– Vah! O‘zimizning tepishdan qildi-ku! – deb chirilladi bir chigirtka.
– Sakrashi baribir menikidan sust, – deb pisandsizlandi qurbaqa.
Uchinchi hujum och biqinimga tepki yeyi­shim bilan tugadi, nafasim qisilib, ko‘zimning oldi qorong‘ilashdi. Ingillab, yerga cho‘zildim.
Atrofda turganlarning biri menga jon tortib, “ux-ux”lab qo‘ysa, boshqasi tang ahvolimga boqib, kinoyali hiringladi. Yaqin orada bunaqa o‘sal bo‘lmaganidim.
Pixpix Chandr ustimga kelib, g‘olibona tirjaydi:
– Pix! Shu yog‘iyam yetar deyman, qiltanoq polvon?
Qorabeka singari mushukchalar ham surobimga achinqirab termilayotganini ko‘rib, ichimni bulduruq bosdi.
Shu mahal bokschiligim birdan esimga tushib qoldi. Ho ishoning, ho ishonmang, kuzning o‘rtalarida maktabdagi boks to‘garagiga bir kunmas, ikki kunmas, roppa-rosa uch kun qatnaganman. Agar beayov do‘pposlayotgan tajribali raqibimning qulog‘idan tishlab olganim uchun murabbiy meni oldiga solib haydamaganida, erinmay o‘n-o‘n besh kun qatnashgayam toqatim yetgan bo‘lardi.
O‘shanda murabbiy meni o‘rinsiz xafa qildi. O‘zingiz ayting-chi, raqibining qulog‘idan tish­lash amerikalik Taysonga mumkin-u, o‘zbekis­tonlik Mo‘ttivoyga nega mumkin bo‘lmas ekan? Amerikalikning o‘zbekdan nimasi ortiq, to‘rtta ko‘zi bormi?
Boksga uch kungina borgan bo‘lsam ham, eng keraklisini – murabbiyimiz maqtanib, buni o‘zim o‘ylab topganman, deb aytgan “uchzarba” bilan “beshzarba”ni o‘rganib ulgurgan edim. Ikkoviyam nihoyatda olatasir usul!
Uchzarbada raqibni oldin o‘ng, keyin chap qo‘lda yengil-engil nuqilab, oxirida o‘ng qo‘l bilan qattiq musht tortiladi – gup-gup, gupang! Beshzarbada chapdan, o‘ngdan, tag‘in chapdan xomaki urilib, ketidan o‘ng qo‘lda boshga, chap qo‘lda biqinga qaratib ayamasdan solinadi – gup-gup-gup, gupang-gupang!
Gavdam kichik bo‘lsayam, umrida boks to‘garagini ko‘rmagan o‘g‘ri mushukdan o‘lsam o‘ligim ortiq, deb havolandim-u, baland ruhda joyimdan ko‘tarilib, ikkala oyog‘imda tik turgancha, qo‘shaloq mushtumimni jag‘imning ostiga tiradim. Hayvonlar o‘rtasidagi bellashuvning bunday yangicha usulini birinchi bor ko‘rayotgan tomoshabinlar davrasida g‘ala-g‘ovur boshlandi.
Pixpix Chandr ham avvaliga g‘ayrihayvoniy turishimdan sal hayratlangandek bo‘ldi, so‘ng vahimali pixillab olib, bor basti bilan menga tashlandi. Oldin uchzarbani qo‘llab ko‘rdim – gup-gup, gupang! Gup-gup, gupang!
Pixpix Chandr bir qalqib ketdi. Ko‘zlari g‘ilaylanib, boshini qattiq-qattiq silkitdi.
– Biiir, ikkii, uuch, to‘o‘rt, beesh…
Raqibim hushini yig‘ib, qaytadan menga yaqinlashdi. Yo‘q, bu nokaut emas, shunchaki nokdaun, deb qo‘ydim ichimda.
Pixpix Chandr ko‘zi qonsiragan vajohatda ustimga otildi. Bu gal qo‘rqishni xayolimgayam keltirmay, endi beshzarbani ketma-ketlatib ishga soldim – gup-gup-gup, gupang-gupang! Gup-gup-gup, gupang-gupang! Gup-gup-gup, gupang-gupang! Gupang!!!
Bir zumda masala hal bo‘ldi-qoldi – Pixpix Chandr gandiraklagan asno orqaga ilang-bilang tisarilib borib, shilq etib yiqildi. Bosh ko‘tarishga urinishi zoye ketdi. Tevarakdan “Vahov! Bay-bay-bay!” degan tovushlar taraldi. Chirmashqoq oqpechakning ostida og‘zi lang ochilib turgan qurbaqaga qarab: “Ag‘dar, kabobing kuymasin!” deb pisandaladim.
Mahallamizda shunaqa hazil bor – kimdir angrayib turib qolsa, bunaqa uzoq anqayma, agar hozir kabob pishirayotgan bo‘lsang, kuydirib yuborarding, degan ma’noda shu qochirimni qo‘llashadi. Qiziq! Buni birinchi bo‘lib kim topib aytganikin?!
O‘zini sal o‘nglab olgan Pixpix Chandr jag‘ini o‘ng-chapga qimirlatib ko‘rib, arang o‘rnidan turgach, menga o‘chli ko‘z qadab, ko‘p gerdayma, sen bilan bo‘lak joyda gaplashamiz hali, deb tish g‘ijirlatdi; tevarakdagilarga ham ola-kula alanglab qo‘yib, sassiqko‘mpalar orasida g‘oyib bo‘ldi.
Tomoshabinlar, bunisi irg‘ishlab, unisi gijinglab, qiy-chuv ko‘tarishdi; biridan biri oshirib-toshirib, meni maqtay ketishdi.
Jonivorlar bozor-do‘konda izg‘ib, yemish tanlab yurmaydi, qo‘liga nima ilinsa, o‘shani kavshaydi. Shu bois ular pul degan narsaning nimaliginiyam bilmaydi. Yo‘qsa, boshimdan jaraq-jaraq pul sochishmasmidi shu topda!

Tovlamachining xazinasi

Ishchilarning tushligidan ortgan tovuq suyak­laridan bir-ikkitasini g‘ajib ko‘rdim, me’damga botmadi. Akillab Qorabekani chaqirdim, mushukchalari bilan yetib keldi, ikkita qutichadagi chapchap luqumni xash-pash deguncha xomyutdi qildik. Shundan keyin u tomondagilardan ham xabar olib qo‘yay deb kun tikkadan o‘tganida qishloqqa qarab yo‘l soldim.
Opog‘otamnikiga kirsam, cho‘qqisoqol qo‘shnisi bilan u yoq-bu yoqdan gaplashib, tomorqadagi anorlarning mevasi yetilib og‘irlashishidan oldin, nozikroq shoxlar ostiga ayri tirab yurishibdi. Opog‘otam meni ko‘rib-la, uyingni topib keldingmi, Mittivoy, deya, uvatga yoyib qo‘yilgan, ustida choynak-piyola, non, shirinliklar turgan chorsidan bitta pechakqand olib, oldimga tashladi. Chapchap luqumga teng kelmasayam, buyam bir rizq-da, deb ta’mi qotgan nisholdani eslatuvchi oppoq pechakqandga tumshuq yugurtirdim.
– Xullas, xotinim borib, o‘sha tul kampir bilan gaplashib ko‘ribdi, – deya so‘zini bo‘lingan joyidan davom ettirdi cho‘qqisoqol kishi. – Yo‘ldosh akani bilaman, halol-bosiq odam, lekin erga tegaman deyishga betim chidaydimi, bolalarim ermak qilishmaydimi, deb ko‘nmabdi kampir.
Opog‘otam qadrdoniga royishli yuzlanib dedi:
– Mayli, yoziqda borini ko‘rarmiz, o‘rtoq. Kampiring ham menga xotin axtaraverib, charchab ketdi. Aytib qo‘y, endi urinishini bas qilsin.
Anavini qarang, opog‘otam tushmagur yangitdan kuyovto‘ra bo‘lib, shoyi chimildiqqa kirmoqchi, shekilli? Oltmishdan oshgan odamga nikoh o‘qib, pand-nasihat aytib qo‘yish uchun, kamida yuzga borgan mullani topish kerak bo‘ladi-ya.
Ko‘rib turibman, kampir masalasini hisobga olmaganda, opog‘otamning ishlari joyida. Borib, buvimniyam bir yo‘qlayin endi.
Ketayotib, Aldar Xoldorning darvozasi oldida ko‘k mototsikldan tashqari, moshrang “Spark” avtomobili ham turganiga ko‘zim tushdi-yu, negadir ichkariga nazar tashlab qo‘ygim keldi. Temir darvozaning o‘ng qanotidagi qiya ochiq eshikchadan o‘tsam, atirgullar ortidagi stolda Aldar Xoldor kigizdo‘ppili qovunbosh kishi bilan aymoqlashib o‘tiribdi. Dasturxonda hech vaqo yo‘q.
Sopol terilgan yo‘lakdan yurmay, to‘rtburchak maydonchadagi gullarni panalab, stolga yaqinroq bordim. Stol yonidagi kashtan daraxtiga suykanib biqin qashlayotgan jikkakkina ola mushuk, qoramni ilg‘aboq, o‘zini chetga tortdi.
Aldar Xoldor tevarakka sergak alanglab, qani, narsangizni bir ko‘raylik-chi, degan edi, qovunbosh kishi, tashvishlanmang, hammasi asl mol, deb beastar choponining qo‘ynidan baxmal yonchig‘ini oldi, ichidagi sariq tangalarni, uzuk, baldoq, oyqoshliq, bilakuzuk singari yarqiroq bezaklarni avaylab stolga to‘kdi. Aldar Xoldor sariq tangalardan birini og‘zining chetiga tiqib tishlab ko‘rgach, qayta joyiga qo‘yib, endi yorug‘da kamalakdek tovlanayotgan shishasimon toshchani tomosha qilishga tutindi.
– Oltinlar-ku haqiqiyligi bilinib turibdi. G‘imm… Manavi olmoslarga kafalot bormi?
– Ie, mendan biror marta pand yegandek gapirasiz-a, – deb qoshini bilanglatdi qovunbosh kishi.
– Xo‘p, bariga qancha so‘raysiz?
Tortishib-tortishib, savdoni pishirishdi. Aldar Xoldor uyga kirib ketib, picha hayallab qoldi. Qaytib chiqib, o‘zimiznikiga o‘xshamagan pullarni bitta-bitta sanay-sanay, qovunboshning qo‘liga tutqazdi.
– Tutumingizga doim besh ketaman, Xoldor og‘a, u yoqdan pul topib-la, bu yoqdan darrov meni chaqirasiz, – pulni cho‘ntakka solib, ixcham soqolini barmoqda pardozlagan bo‘ldi qovunbosh kishi. – Sizdaqangi donolar az-azal juda tanqis.
– Bu alg‘ov-dalg‘ov dunyoda qog‘ozga ishonib bo‘larkanmi, inim?
– Lokigin, ortiqcha kamtarlik qilvorasiz-da. Hech bo‘lmasa, anavi matasekilni yo‘qotib, o‘rtacharoq bir mashina olvoling.
– G‘imm… Chekkalab top, chekkaga ko‘m, degan gap bejiz to‘qilmagan. O‘zingni ko‘rsatishga berildingmi, tevaragingda zoriqqanlar ko‘payadi, qarindoshlar pat-paringni yulishga urinadi, kattalarning tamagirligi oshadi. Qolaversa, meni falon joyda chalib ketgansan deb yurgan tuhmatchilar yo‘q haqini so‘rab, tugalay yopishvoladi.
Mehmon shu joyning o‘zida xayrlashib, darvozadan chiqib ketganidan keyin Aldar Xoldor stoldagi bezaklarni dasturxon-pasturxoni bilan yig‘ishtirib, uyga yo‘naldi.
Pisib borib, o‘ymachilar naqshlab yasagan baland-baland ustunli ayvonning supasiga sakrab chiqdim, sekingina derazadan mo‘raladim. Aldar Xoldor poldagi tukdor gilam ustida turgan pastak temir javon qarshisida tizzalab, eshigiga o‘rnatilgan tilsimli g‘ildirakchalarni aylantira boshladi. Shunga o‘xshashini dadamning diplomatida ko‘ruvdim – g‘ildirakchalar aylantirilib, to‘rtta katakdagi raqamlardan keraklilari terib chiqilsa, qulf ochiladi.
Ana, qulf shiq etib, javonning eshigi chertildi. Aldar Xoldor beshikbolishdan sal kattaroq charm xaltani tashqariga sug‘urib, bo‘g‘zini ochdi-da, dasturxondagi yaltir-yultirlarning hammasini unga to‘kdi.
Voy, aldoqchi-ey! Bu yoqda ko‘kcha qovundek keladigan xazinani yig‘ib qo‘yibdi-yu, u yoqda o‘zini kambag‘allikka solib, xotinim bilan quruq non kavshab o‘tiribmiz, deb yig‘lamsirashiga o‘lasanmi!
Ola mushuk men tomonga miyovlab qaray-qaray, charm xaltani temir sandiqchaga joylayotgan Aldar Xoldorning oyog‘ini nuqilay boshladi. Aldar Xoldor, jim, Olamosh, deb qo‘yib, atrofga alang-jalang ko‘z yugurtirayotganida, ish pachava bo‘lishidan cho‘chib, ayvondan tushiboq, ko‘cha tarafga o‘rmaladim. Stolning tagidan o‘tayotganimda, dasturxonga o‘rog‘liq katta tog‘ora ko‘targan lavoqyuz xotin darvozadan kirib kelayotgani ko‘rindi, o‘zimni yana gullarning panasiga olishdan bo‘lak ilojim qolmadi.
Lavoqyuz xotin shundoqqina yonimga kelib to‘xtadi, qo‘lidagi tog‘orani stolga qo‘ydi, stullardan biriga o‘tirib, ro‘molchada yelpinishga tushdi. Uydan Olamoshni ergashtirib chiqib kelgan Aldar Xoldor, ha, to‘y tugadimi, deb so‘rab, narigi stulga yalpaydi.
– E, to‘yga bormay men o‘lay! – deb javrandi xotin. – Sharmanda bo‘ldim, sharmanda!
– Nima gap?
– Anavi raisingizning xotini bilan bitta dasturxonda o‘tirib qoluvdik. Bir hangomani aytib berib, hammaning ichagini uzdirdi. Men desangiz, yer yorilmadi-yu, yerga kirmadim…
Uyushma raisining to‘yida xonadon bekasi kazo-kazolarga qarashli ayollarni alohida uyda mehmon qilayotib, Aldar Xoldor boya uning qo‘liga chiroyli karton qutini tantanavor tarzda tutqazgani, bu chapchap luqumni eng aziz mehmonlarga qo‘yarsiz, deb tayinlagani yodiga tushibdi-yu, kelinini chaqirib, o‘sha tansiq narsani olib kelishni buyuribdi. Karton qutini keltirib, deraza tokchasida ocha boshlagan kelin birdaniga “Kalamuuush!” deb baqirib yuboribdi. Quti derazadan ag‘nab, gilamga eng oldin kalamush shaloplab tushibdi, keyin – shuvoqlar.
Buni eshitib, Aldar Xoldor talvasalanganicha o‘rnidan sapchiladi:
– Bilamaaan, bilamaaan, bu ishni dushmanlarim uyushtirgan! Izimdan poylab, payimni qirqishga urinadiganlar ko‘payib ketyapti! Shunchalik ko‘pki, g‘imm… hozir birortasi anavi gullarning orasidan mo‘ralab turgan bo‘lsa, sira hayron bo‘lmayman!
Yuragim taka-puka urib, battardan biqinib oldim.
– Ayb o‘zingizda! – deb dakki berdi xotin. – Pul topish ekan deb, qancha-qancha odamni ip boylamay o‘ynatganingizdan keyin, g‘anim ko‘payadi-da. Yaxshiyamki, ukam amaldor. U qo‘llab turmasa, sizni allaqachon yeb tashlashardi. Idorada tarvayib o‘tirish tugul, odamlargayam qo‘shilolmay qolardingiz.
Aldar Xoldor ham bo‘sh kelmadi:
– Ukanggayam, sengayam ja osilvolgan joyim­ yo‘q. Oilaning aravasini eshakdek jiiim tortib kelyapman. O‘rnimda bo‘lak odam bo‘lsa, ro‘zg‘or tashvishlaridan toliqqanini pesh qilib, ke, xotin, uzuging o‘zingda tursayam, tillo baldog‘ingni sotib tirikchilikka ishlataylik, demasmidi?
– Yopishmaganingiz baldog‘im qoluvdi, o‘zi!
Xotinining qahri lovullab, tog‘orani ko‘targanicha uy tomonga yo‘nalgach, Aldar Xoldor ham o‘zicha g‘udrangan ko‘yi tomorqaga o‘tib ketdi.
Olamosh men tomonga xavotirli qiyalagan edi, unga yomonlik istamasligimni anglatish uchun samimiy qiyofada qilpillay boshladim. Mushuk nima qilishini bilmay, ikkilangan alpozda turib qoldi.
– Qo‘rqma, Olamosh, shu paytgacha birovni bekorga xafa qilmaganman, – dedim past tovushda. – Rosayam chiroyli mushuk ekansan, ke, o‘rtoq bo‘lamiz.
– O‘rtoq bo‘lvolib, keyin nima qilamiz? – deb so‘radi mushuk.
– Birgalashib quvlashmachoq o‘ynaymiz. Sog‘inganda bir-birimizdan xabar olib turamiz.
Olamosh anchadan beri yolg‘izlikdan zerikib yurganmi, bu uydagilar meni hech qayoqqa chiqarmaydi, deb xo‘rsingan edi, o‘sha qilpanglashda yoniga borib, unda o‘zim kepturarman, deya biqiniga biqinimni qadadim. Ishqalanishim unga yoqinqirab, unaqa bo‘lsa, mayli, deb halimday yumshadi.
Mana, do‘stlarim yana bittaga oshdi. Badfe’l­ligi jaddidan nuqul dushman orttirib yashashni Aldar Xoldorga o‘xshash nusxalarga qo‘yib beravering.
Darvozadan chiqib, ayrim joylari o‘ydim-chuqur bo‘lib ketgan, Kalto‘pining qoq o‘rtasidan kesib o‘tuvchi ko‘hna o‘qko‘chaning chetida to‘rt oyoqlab boraverdim. Yo‘lning chapidagi ariq yoqasida qatorlashib o‘sgan tikqomat teraklar shabadada bir xil tebranib ko‘rkam raqs tushayotganini o‘ng yoqdagi qarag‘aytan simyog‘ochlar havasi toshib-toshib kuzatayotgandek, yashnoq daraxtlik chog‘larini ezginlanib eslayotgandek edi. Hasharot ovlashdan charchagan qaldirg‘ochlar elektr simlariga tizilib, kim qayerlarga borgani, nimalarni ko‘rgani to‘g‘risida bir-biriga gap bermay, beto‘xtov g‘ujirlashib turardi. Qaniydi, ariqda childirab-childirab oqayotgan suvlarning tilini ham tushuna olsam.
Ikki yoqdagi past-baland uylarning mo‘risidan ko‘tarilayotgan tutunu bug‘lar dimog‘imga turli taomlar isini keltirib urar, shavlami lag‘mon, sho‘rvami qo‘g‘irmoch, chuchvarami moshkichir, atalami palov bo‘lmasin, qay biri qaysi xonadonda pishirilayotganini adashmay ajratib borayotgandim. Shundan bilingki, itlikning o‘ziga xos tomonlari ko‘p.
Hakillab-hakillab, oxiri guzarga yetib keldim. Qarasam, Parpivoy oshnam Momogul qandolatchidan so‘rg‘ildiriq olib turibdi. Xo‘rozqandning shaftoli sharbati shimitilgan yangicha bu turini Momogul qandolatchi o‘zi o‘ylab topgan; uni buyurtma bilan yasalib, ustiga “So‘rg‘ildiriq” deb yozilgan guldor xaltachaga solib sotadi.
Oshnamga yaqinlashib, qalaysan, Parpivoy, degan edim, bo‘g‘zimdan odatdagi vak-vaklar taraldi.
– Voy! Bu to‘lpoqqina kuchuk kimniki? – deb, menga charaqlab boqdi Momogul qandolatchi.
– Bilmadim, – dedi Parpivoy.
So‘ng mo‘ltillab qarayotganimdan erib ketdimi, so‘rg‘ildiriqning bir chetini tishida sindirib, menga tufladi. Jonajon o‘rtog‘imning so‘lagiyam dori, deb shirinlikni o‘rnida shapillatib qo‘yaqoldim.
Kunduzi ko‘pchilik u-bu yumush bilan band bo‘lgani uchun choyxona ayvonidagi so‘rida uch-to‘rttagina odam piyola o‘girib o‘tirardi. To‘riga yonboshlab olgan To‘lan to‘lpoq, ha, Mahay, choyxonaga burilmay, g‘irmayib o‘tib ketyapsan, yana omading chopmadimi deyman, deb mazax­omuz gap otgan edi, “Samuray”ini qo‘ltiqlab olgan Mahay xo‘rozboz azadordek tundlanib, qatorasiga ikkinchi marta yutqazdi bu xumpar, uni bugunoq dimlamaga bosaman, deganicha yo‘lida davom etdi. Til tushunmas “Samuray” umri bugun poyoniga yetishini xayoligayam keltirmay, egasining qo‘ltig‘ida parvosiz borayotganini ko‘rib, jigarim to‘kilgudek bo‘ldi.
Ortga qayta boshlagan Parpivoyning shimidan tortib tegishqoqlik qilishga shaylanayotganimda, yonginamga bir bujmoq mahsi kelib to‘xtadi. Tepaga qarasam, shalviroq shim, qo‘shcho‘ntakli kitel kiyib, boshiga cho‘chchayma do‘ppi qo‘ndirgan, ellik yoshlar chamasidagi yalpoqburun kimsa ustimda suyuqlanib turibdi.
– Keling, – dedi Momogul qandolatchi. – Pashmaklar bor, holvalar bor.
– Shartta-shurttasini aytsam, menga o‘zingiz kerak bo‘pturibsiz, Momogul bibi, – deb ching‘illadi yalpoqburun. – O‘n yilchadan beri so‘qqaboshman, sakkiz tanobli alohida hovlim bor, topar-tutarim yomonmas. Oldingizdan bir o‘tib qo‘yay dedim. Zora, yulduzimiz bir-biriga to‘g‘ri kelib, qo‘shaloqlanib ketsak.
Choyxona so‘risida gurunglashayotganlar tuyqus jimib qolishdi; To‘lan to‘lpoq qo‘lidagi piyolani dasturxonga qo‘ydi; Qiron qassob qayroqqa pichoq ishqaganicha do‘konidan zog‘lanib chiqib keldi; sartarosh Baraka marakaga qo‘shilib, sochining yarmi qirilgan Toshpo‘lat mergan ham derazadan tashqariga mo‘raladi. Barchaning ko‘zi Momogul qandolatchining og‘ziga qadaldi.
O‘ttiz besh yoshlarga borayotgan Momogul qandolatchi – mahallamizdagi bittayu bitta qariqiz. Er tanlayverib bezor qilgani uchun ota-onasi uning ishiga aralashishni yig‘ishtirib, qizimizga uylanaman deganlar o‘zi bilan gaplashaversin, deya eshikni tambalab olishganiga ancha bo‘ldi. Shundan beri sovchilar ko‘chadan kelib, ko‘chadan ketadi. Bu odam sovchilarning ming birinchisi bo‘lsa, ajabmas.
Toshpo‘lat merganning derazadan chiqib turgan sovunli kallasidagi og‘iz qittak tirjayib, yalpoqburunga so‘zlana boshladi:
– Sizni tanigandek bo‘lyapman, mehmon. Yanglishmasam, shiydontepalik G‘ilmir ziqna deganlari o‘zlari bo‘lsalar kerak. Topdimmi?
– Ziqna deganlari – tuhmat! – deb hurpaydi sovchi. – Xudoyorxonlaram molini sochsa, menchalik sochgandir! Rahmatli xotinim tirik bo‘lganida aytardi: makaron issiqqa sakkiztagacha vermishelni sanab berib, mastovaga ellik oltita guruch soldirardim. Agar osh qilsa, guruchni ayab o‘tirmay, shartta-shurtta uch yuztasini bervorgan paytlarim bo‘lgan! Ha, bo‘ynimga olaman, birda-bir isrofgarchilik ham qipturganmiz.
– Dunyo dunyo bo‘lib, bunaqa sovurmachilikni yo ko‘rgan, yo ko‘rmagan! – deya qiqirladi Baraka maraka.
G‘ilmir ziqna qiqirloq sartaroshga orqa o‘girib, Momogul qandolatchiga xushomadli qarash qildi:
– Xo‘p desangiz, shartta-shurtta to‘y qilib, may-chay yashashni boshlardik.
Qiron qassob pichoq qayrashdan to‘xtab, “may-chay” deganingizni “bo‘kkuncha yeymiz” deb fahmlasak bo‘laveradimi, akaxon, deb piching tashlagan edi, G‘ilmir ziqna qo‘lidagi chit xaltaga ishoralab, xudoga ming shukrki, yeyish-­ichishim joyida, mana, hozir ham bozordan ooolam-jahon xarajat ko‘tarib kelyapman, deb qo‘rsaydi.
Momogul qandolatchi ta’bi suymagan sovchini kalaka qilib, holvaytar yalagandek rohatlanishini hamma yaxshi biladi. Bu gal ham shunday bo‘ldi:
– Ooolam-jahonmish! Xalta jonivor bo‘m-bo‘shga o‘xshab turibdi-ku, tog‘aginam.
– Nimaga bo‘m-bo‘sh bo‘larkan? – deb xaltani titkilashni, ichidagi ba’zi narsalarni ko‘z-ko‘zlab ko‘rsatishni boshladi G‘ilmir ziqna. – Mana, haftalik yegulikning hammasi dusambalanib yotibdi.
To‘lan to‘lpoqning lunji yoyildi:
– Heh-heh-he… Qani, qani!
– Manavinisi – bitta kaaatta piyoz! – maqtanishga tushdi G‘ilmir ziqna.
– O‘o‘o‘!!! – deb tasannolandi Momogul qandolatchi.
– Naq to‘rt dona rediska…
Bu safar Momogul qandolatchiga qo‘shilib boshqalar ham tengdan na’ralandi:
– O‘o‘o‘!!!
– Uchtacha kartishka…
– O‘o‘o‘!!!
– Yarimta impo‘rniy karam…
– O‘o‘o‘!!!
– Ikkitadan ortiq sabzi…
– O‘o‘o‘!!!
– Salkam yuz ellik gramm go‘sht…
– O‘o‘o‘!!!
– Yigirma besh gramm dumba yog‘i…
– O‘o‘o‘!!!
– Qolaversa, uyga sarimsoq-parimsoq, ko‘kat-po‘katlar ekib qo‘yganman.
– O‘o‘o‘!!!
– Nima “o‘o‘o‘”?! Bitta jonga bundan ortig‘i qorinni yorvormaydimi? Uylansam, boshqa gap, xarajatni shartta-shurtta ikki baravar oshirvorishga qodir odamman!
– O‘o‘o‘!!! – na’ra tortishda davom etdi atrof­dagilar.
Momogul qandolatchi maynavozlikni avj pardaga ko‘tardi:
– Tejamkorlikni bilmaydigan odamga o‘xshayapsiz-ku, tog‘aginam. Bir kishiga yetgan narsa ikki kishigayam bemalol yetadi.
G‘ilmir ziqnaning ko‘zlari hayajonli chaqnadi:
– Va-vah! Iqtisod bo‘yicha prapessir bo‘pketing-e!
– Iloji bo‘lsa, ko‘paytirish o‘rniga, hozirgisiniyam sal qisqartirgan yaxshi.
– Va-vah! Naq akademik ekansiz-ku! Shartta-shurtta tushundimki, sizni qo‘ldan chiqarmasligim kerak, Momogul bibi!
– O‘lding endi, Momogul! – deb qiyqiroqlandi choyxonachi.
Momogul qandolatchi esa shaddodlanishini qo‘ymadi:
– Zo‘rg‘alatdan o‘zimbopini topganimda, unaqa demay turinglar…
Momogul qandolatchining bu yanglig‘ sichqon-mushuk o‘yini rango-rang hangomalar bilan tugashiga oldinlari nechchi marta guvoh bo‘lganman. Tomoshaning qahqahali yakunini kutib o‘tirmay, uyimizga qarab yurdim.

“Samuray”ning qutqarilishi

Darvozamiz yopiq ekan, kuchangancha itarib, zo‘rg‘a ochdim. Ko‘zoynagini yiltiratib, ishkom ostiga yoyilgan sholchada to‘shak qavib o‘tirgan buvimga picha mo‘ralab turgach, uning “chip-chip”lab haydashidan cho‘chidim-u, orqasidan sekingina o‘tib borib, tomorqaga kirdim. Birinchi o‘rinda og‘ilxonadan xabar oldim. Qo‘ylarimiz dadam g‘amlab berib ketgan yem-xashaklarni armonsiz kavshayotganini ko‘rib, ko‘nglim tinchidi.
Qarasam, qo‘shni hovlidagi o‘rikning shoxida “Samuray” o‘yga cho‘mib o‘tiribdi. Hey, bu yoqqa o‘t, gap bor, degan edim, men xo‘roz bo‘lsam, sen it bo‘lsang, o‘rtamizda qanaqa gurung bo‘lishi mumkin, deb g‘o‘dangladi. Joni qil ustida turgani, shu topda gapimni eshitmasa, keyin attang qilishgayam ulgurolmay qolishini aytganimdan so‘ng sal hushyor tortib, devordan uchib o‘tdi. Patlarining ba’zi joylari titilib, bo‘yni qon yuqiga belanganidan payqadimki, yengilishdan oldin o‘zini ayamay jang qilgan.
– Hoziroq uydan qochishing kerak! – dedim gapni cho‘zib o‘tirmay. – Egang bugun seni dimlamaga bosmoqchi.
– Nima-nima? Qanaqa dimlama? – deb xo‘shshaydi “Samuray”.
– Qozonda pishiriladigan dimlama.
– Iye! O‘ylab gapirsang-chi! Qaynoq qozonga solinsam, o‘lib qolaman-ku!
– Qanaqa qovoqbosh maxluqsan? Qozonga tushmasingdan ilgariyoq, allaqachon o‘lgan bo‘lasan, tentak!
– Unchalik ilg‘olmadim. Hali qozonga tushmay turib, qanaqasiga o‘lishim mumkin? Og‘zim borakan deb gapiraverarkansan-da.
Odamlar “tovuqbosh” degan so‘zni bekorga ishlatmas ekan, uni qanday fojia kutayotganini uqtirgunimcha, mahallani bir kezib chiqqulik vaqtim ketdi. Dimlama nima ekanligini zo‘rg‘a anglab yetgan bu pandavaqiga hademay odamga aylanib qolishim ehtimoli borligini, buning barcha sabablarini tushuntirish oson emasligini bilib, boshqacha yo‘sinda so‘z qotdim:
– Qisqasi, mundoq qilamiz, anavi molxonaning chordog‘iga chiqib, miq etmasdan yot. Ertaga yo o‘zim kelaman, yo Mo‘ttivoy keladi. Seni boshqa joyga olib ketmasak, bo‘lmaydi.
“Samuray”ning birdan ko‘zi olaydi:
– Tunov kuni meni kamalakda otgan Mo‘ttini aytyapsanmi? Dimlamadan ham xavfli bola u!
– Bezovtalanma, tayinlab qo‘yaman, senga boshqa teginmaydi.
– Odamchasiga gapirolmaysan-ku, qanaqasiga tayinlab qo‘yarkansan?
– U yog‘i bilan ishing bo‘lmasin. G‘o‘rga qo‘shilgan – g‘o‘r, zo‘rga qo‘shilgan – zo‘r, degan gap bor. Menga o‘xshagan esi butunlarning aytganini indamay qilaversang, kam bo‘lmaysan…
Uyning tashqisidan yo‘g‘on-ingichka tovushlar eshitildi. Ishora qilishim bilan, “Samuray” yerdan parillab ko‘tarilib, o‘zini molxonaning chordog‘iga urdi. Tomorqaga buvimning yonida kirgan Qiron qassobning menga ko‘zi tushib, iye, boya guzarda ivirsib yurgan anavi kuchuk siznikimidi, deb so‘radi. Buvim hayron bo‘lib, buni endi ko‘ryapman, dedi.
Qiron qassob lo‘kanglab borib, molxonaning ochiq eshigidan qo‘ylarga yutoqib nazar solgach, buvimning oldiga qaytayotib, tunov kuni qo‘chqoringizni besh yumaloqqa bermagan edingiz, beshu choraktaga ko‘narsiz, deb do‘rangladi.
– Bolalasa, sovliqlardan birortasini sotsam sotarman, – dedi buvim, boshidan siyliqayotgan ro‘molini to‘g‘rilayotib. – Qo‘chqorni sotmaymiz deb aytuvdim-ku, Qironboy.
– Bilib turibman, narxini oshiryapsiz, – soxta tirjaydi Qiron qassob. – Besh yarim yumaloqqa rozimisiz?
Obbo-o, tag‘in o‘sha gapmi? Qiron qassob bir oychadan beri buvimni hol-joniga qo‘ymay, shu qo‘chqorning kuyitkisida yuribdi. Shunaqayam bezbet bo‘ladimi odam? Sotilmaydi deyilganidan keyin sotilmaydi-da! Hadeb qistayveradimi!
– Qo‘chqorni sotmayman, doning ko‘paygur.
– E, ketsa mendan ketibdi! Mayli, chorakam olti yumaloq beraqolay.
To‘satdan buvimning o‘jarligi tutdi:
– Oltitagayam, yettitagayam sotilmaydi! Boshqa gapim yo‘q!
Azali polvonog‘iz bo‘lgan Qiron qassob dabdurustdan qo‘pollandi:
– E, qanaqa noshukur bandasiz? Kampir sho‘rlik o‘zini sal o‘nglavolsin deb, g‘amingizni yeb yuribman-a. Qo‘lingiz pul ko‘rsa, manavinaqa tiviti to‘kilgan kamzir, guli o‘ngib ketgan ro‘molda yurishdan qutulasiz, andak odambashara bo‘lasiz. Yaxshilikni bilmaydigan g‘irt ovsar ekansiz-ku!
Iy, iy! Buvimni “ovsar” devordimi?! Hoziroq ko‘rsatib qo‘ymasammi unga!
Achchiq ustida itligimni unutib, yerda yotgan yong‘oqdek toshga chang soldim-u, uni tirnoqlarimda mahkam changallab, qassobga qaratib otdim. Tosh qoq kallaga borib tegdi. Qiron qassob jo­­yida bir irg‘ishlab olgach, avvaliga bosh changallagan asno gandiraklab tebrandi, keyin olayib ortga o‘girildi. Mendan shubhalanishni xayoligayam keltirmay, u yon-bu yonga alangladi, halpillab borib, devordan qo‘shninikiga bo‘ylandi; qanisan o‘zing, mard bo‘lsang, bekinmasdan bu yoqqa chiq, teringni shilvolaman, deb o‘shqira ketdi.
Ko‘rib, tushunib turibman – nimadandir fig‘oning oshganida, birovga baqirganing sayin, ko‘ngling yozilib boraveradi. Ayniqsa, yo‘q odamga do‘q urish yanayam o‘ng‘ay.
Qiron qassob orqadan chil beruvchi nomardlar ko‘payib ketayotganini jahonga ovozalay-­ovozalay narilab borarkan, buvim ko‘zimga diqqatini jamlab tikildi. Nahotki, toshni men otganimni payqagan bo‘lsa? Yo‘g‘-e, ko‘zoynaksiz hech nimani tiniq ilg‘ay olmasligini bilaman-ku.
Ahvolimning pachavaligidan xabardorsiz – qachon it, qachon odam bo‘lib qolishim, afsus­ki, o‘zimga ham butkul qorong‘i. Xayriyat, etim buvim tomorqadan chiqib ketganidan keyin jimirlashni boshladi.
Xo‘roz bilan zap vaqtida gaplashvolgan ekanman. Agar odam qiyofasiga qaytishim uning ko‘zi o‘ngida sodir bo‘lganida, qozonda qaynashdan asrandim deb suyunayotgan “Samuray”, baribir, yuragi yorilib o‘lgan bo‘lardi.
Oyoq uchida yurib borib, tashqiga qiyalasam, buvim qavib bo‘lingan to‘shakni ko‘tarib, uyga qarab kiryapti. Devor bo‘ylab nariroqqa yugurib o‘tdim-da, xuddi ko‘chadan kelayotgandek bo‘lib ortimga qaytdim.
– Assalomalayko‘o‘o‘m, buvi! – deb quyuq salom berdim derazadan.
– Keldingmi? – dedi buvim. – Opog‘otang yaxshi yuribdimi?
Uchrashuv marosimi do‘q-so‘roqlarsiz o‘tganidan biram quvondimki!
Uncha ochqaganim yo‘q, deyishimga qaramay, buvim ugra isitib kelib, qistay-qistay oxirigacha ichdirdi. Orada u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirdik. Ovqatlanib bo‘lib, kosa bilan qoshiqni hovuzcha yoqasiga to‘kilgan kulda ishqalab yuvdim, so‘ng ko‘chaga otlandim.
– Ha, eshikdan kirib, teshikdan chiqib ketyapsan? – dedi buvim.
– Parpivoyda bir ishim boridi. Zuvillab kirib, zuvillab chiqaman.
Kirsam, Parpivoy kompyuterga qadalvolib, matematikaga oid qandaydir masalalarni yechib o‘tiribdi. Algebra, fizika, geometriyaga o‘xshagan asabtirnar narsalarning nima qizig‘i bor, bilmadim. Undan ko‘ra televizorning jamoliga tikilib, kino-pino ko‘rgin edi. Hech bo‘lmasa, kitob varaqlab, Go‘ro‘g‘linimi, Kuntug‘mishnimi, pichira-pichirlab o‘qib yotmaysanmi, nodon?!
Zuvillab kirib, zuvillab chiqishim uzoqqa cho‘zildi. Parpivoyning kompyuterida “urush-­urush” o‘ynashga berilib ketib, uyga qosh qorayganda qaytdim.
Yana ovqatlanishimga to‘g‘ri keldi. Buvimga sherik bo‘lib, televizorda serial ham ko‘rdim. O‘tgan kuzda boshlangan bu kinoning bir-ikkita qismiga ko‘zim tushgandek bo‘luvdi, qarasam, o‘shanda bir juvonni sevdimlab qolgan su­zilmaqosh kishi haliyam sevganicha shumshayib yuribdi. Yoqtirib qoldingmi, orqasidan xunoblanib yuguravermay, choyxonachimizning jiyaniga o‘xshab, bir hafta o‘tmasdanoq shartta sovchi yubor, yana ikki haftadan keyin uylangin-qo‘ygin. O‘zing­niyam qiynamaysan, boshqalarniyam.
Buvim joy solib berdi. Ko‘rpaga kirib-la, uxlab qolibman.
Xuftonda to‘ralanib uyquga ketgan bo‘lsam, bomdodning yorishib-yorishmagan tongida quymichimga tushgan tepkidan xo‘rlanib uyg‘ondim.
– Chip! – deb g‘adabladi buvim. – Hu, juning to‘kilmagur! Itga ko‘rpada o‘ranib yotishni kim qo‘yibdi? E, tur-e!!!
Uyqusirashda, hozir qay turxatdaligimniyam anglolmay, iye, e yo‘q, be yo‘q, odamni gupira-gupang tepaveradimi, deb jaybillolanishim akillashlarga aylandi-yu, buvim hayiqish bilan orqaga tisarilib, deraza tomonga ovoz qildi:
– Hoy, Mo‘ttivoy, so‘fi azon chaqirmasidan, qayoqqa g‘oyib bo‘lding? Kecha bir kuchuk tomorqada timirskilanib yuruvdi. Endi, ana, ko‘rpangda tosrayib yotibdi. Kelib haydamaysanmi buni!
Sholcha tagidagi kaltak qo‘lga olinayotganida, zippa esimni yig‘ib, tashqariga qochdim. Buvim ortimdan tomorqagacha quvib kirib, tandirning oldida to‘xtadi; tevarakka alanglay-alanglay, ketma-ket Mo‘ttivoylashni boshladi. Javob eshitilmagach, bu daydi bola nonushtayam qilmasdan, yana opog‘otasinikiga ketvorgan bo‘lsa-ya, deb g‘udrandi. Bunaqada na kulishingni bilasan, na yig‘lashingni.
Tepki yegan bo‘lsam ham, uyqudan erta turganim, qaytaga, qo‘l keldi. Ko‘pchilik hali uyg‘onmagan. Qulay fursatdan foydalanib, xo‘rozni tezroq qutqarish kerak.
Birozdan keyin qarabsizki, “Samuray” bigiztirnoq oyoqlarini popillatib, ko‘chada izimdan yugurib ketyapti-da. Machit oldida turgan kishilardan biri qo‘llarini yoyib, oldimizni to‘smoqchi bo‘lganida, men chotning orasidan shuvillab, xo‘roz boshning ustidan pirillab o‘tib, yo‘limizda davom etdik.
Dala shiyponiga kun tog‘ning cho‘qqisiga sakraganda yetib bordik. “Samuray”ni to‘g‘ri tovuqxonaga boshladim. Uch yog‘i baland simto‘r bilan o‘ralgan, to‘rtinchi tarafi binoning ikkita darvozasimon eshigidan biriga borib taqaluvchi yo‘ng‘ichqazor maydonchada tovuqlarni ertalabdan tushgacha sayr qildirib boqish bu yerda azaldan kundalik odat tusiga kirgan ekan. Toza havoda yurmagan tovuq kasallikka tez chalinarkan, tuxum tug‘ishiyam kamayib ketarkan.
Borib, to‘siq atrofini ko‘zdan kechirsam, simto‘r ostidagi chimli yerlarning yarim qulochcha qismida negadir maysa o‘smabdi. Bu joydagi tuproq qazib bo‘shatilgandek tuyuldi. Tirnab ko‘rsam, chindanam yumshoqqina ekan, bolalarini yetaklab ko‘makka kelgan Qorabeka bilan birgalashib, osongina tuynuk ochdik. Vaqt ziq bo‘lgani uchun “Samuray”ga mushuklarni qisqacha tanishtirdim-u, tuynukdan o‘tib, darrovda tovuqlarga aralashib olishni buyurdim.
Sayrdagi xo‘rozlardan uch-to‘rttasi simto‘rga yaqin kelib, yangi baboqqa tajovuzkor tikilgancha, qaq-qaqag‘lab yerni timtaladi:
– Qonyuqi bashara bilan qayoqdan qochib kelyapsan, chuvrindi?
– Qorangni o‘chir, hov!
– Yo birato‘la o‘lmoqchimisan?
“Samuray” zarrachayam pinak buzmay, katta jang ko‘rmagan bunaqa churvaqalar menga cho‘t bo‘ptimi, deya tuynukdan o‘tdi-da: “Yuuu! Iyyaaa! Iyyaaa!” deb qichqirganicha, raqiblarini ikki tepib-bir cho‘qib, ketma-ket ag‘darib tashladi. Kimning kimligi bir zumda oydinlashdi. Kaltak yeganlar jimgina tarqalayotganida, chandiqyuz “Samuray”dan ko‘z uzolmay qolgan tovuqlar orasida visir-visirlar boshlandi.
– Ana Samuray-u, mana Samuray! – deb hayratlandi Qorabeka.
Tuproqlarni oyog‘imda sura-sura, simto‘r tagidagi tuynukni ko‘mib ko‘nglim to‘qlangach, tekin nonushta ilinjida shiypon sari jadal yo‘l oldim.

Toshotarlar o‘rdasi

Shiyponga yetib borolmadim. Handalak polizi yoqalab ketayotganimda, yo‘l chetidagi yulg‘unlar panasidan Pixpix Chandr chiqib kelib, ko‘zini ko‘zimga nayzalatib to‘xtadi. Uning ketidan, gavdasini pahlavonchasiga larzanglatib, Oqchopon paydo bo‘ldi; go‘yo meni ko‘rmayotgandek, boshqa tarafga alanglab turib, tumshug‘ini osmonlatgan asno sokin tovushda hingilladi:
– Yangi polvon chiqibdi deb eshitdik. Kim bo‘lsaykin o‘zi? Hayt! Kuchiga jaaa ishonvorgandirki, bizga qarashli ukaxonni tap tortmay savalagandir. Qiziq! Qilar ishni qipqo‘yib, qaysi ituzumning panasida yotibdiykin? Bu yoqqa chiqsa, turxatini bir ko‘rib qo‘yarmidik…
Chaqimchi Pixpix Chandr bir menga, bir himoyachi akaxoniga qarab olib, ana, turibdi-ku o‘sha mushtumzo‘r, degan edi, Oqchopon o‘zini o‘g‘ri mushukning gapini eshitmaganga, meni hanuz ko‘rmaganga solib, birdan jahldor qiyofaga kirdi-yu, tutqanog‘i tutgan alpozda ovozini varanglatdi:
– Hayt! Axloq qani?! Andisha qani?! Mendek zotni yuz-xotir qilmay, yaqinlarimni paypaslashga bir jaydarivachchaning qanday beti chidadiykin, irrrr! Oqchopon hazratlari oqsuyaklar avlodidandirki, junlariyam oppoqdir deb o‘ylamadimikan o‘sha sho‘rtumshuq! Bu qanday to‘porilik bo‘ldiki, ota tomonim Xorazm bo‘ribosariga, ona tomonim Andaluziya tozisiga borib taqalishini bilmasa? Hayt-hayt!
– O‘zimni aytsangiz-chi, o‘zimni! – gapni ilib ketdi Pixpix Chandr. – Meniyam palagim Hindistondan cho‘zilib kelgan, pix! Cho‘ng bobolarimdan biri hind-ingliz urushida qatnashib, bosqinchi generalning ovro‘palik mushugini g‘ajib qo‘yganakan!
Oqchoponning lunji asabiy titrab, yana og‘zining choki so‘kildi:
– Hayt! Oldimda maqtanma! Katta enang Hindiston tugul, Farangistondan kelganidayam, baribir mendan ancha past turasan! Men kimman-u, sen kimsan! Irrrr!
– Kechiradilar-u, o‘zingizga ortiqcha bino qo‘yvoryapsiz! – men bu yoqda qolib, it bilan mushuk endi o‘zaro nasl-nasab talashishga o‘tdi. – Meniyam o‘zimga yarasha obro‘yim bor! Qirqta mushukka soliq solib, qirq joydan ulush olib turishimni bilasiz, bu ovqatlarga ko‘pincha sherik bo‘lgansiz! Kalto‘pidagi birorta to‘y mensiz o‘tmaydi, siz tushingizdayam ko‘rmagan taomlarni men o‘ngimda yeganman! Mana, yaqinda bo‘lgan bir to‘yni olaylik…
Pixpix Chandr shunday dedi-yu, bir dovruqli boyning to‘yida bo‘lganini; qator-qator haybatli uylar qolib, u tomonidan bu tomoniga otda borib kelinadigan keng hovli ham odamga liq to‘lib ketganini; boshdan-oyoq marmar bilan qoplangan tashqidagi son-sanoqsiz stollar ustida, odatiy nonu choy, mayizu turshak, sho‘rvayu achchiq-chuchuk­lardan tashqari, qaziyu qarta, pishlog‘u yaxna go‘sht, shokoladu asal, ananasu banan, mandarinu kivi, pistayu bodom, balig‘u uvildiriq, shishalari xilma-xil sharbatu nosharbat ichimliklar tiqilib yotganini; mantining ketidan jigar-buyrakli qovurma, dudlangan tovuq, jiz kabob, tandir barra tortilib, oxirida osh tarqatilganini yutina-yutina ta’riflay ketdi. Oxirida bag‘baqasini ishirib, yakuniy qismga ko‘chdi:
– Rizqim qo‘shilganakan, pix, manaman degan puldorlar, katta-katta amaldorlar, taniqli-taniqli ashulachilar, ketvorgan-ketvorgan o‘yinchilar bilan to‘yni birga o‘tkazib…
– Hayt-hayt! – sherigining so‘zini bo‘ldi Oqchopon. – Birovlar chala tupurib tashlagan narsalarni yeb kelib, xuddi mehmonlarning ichida o‘tirgandek gupirasan-a! Yana o‘zingni aslzodaga solganingga o‘laymi? Irrrr! Haqiqiy oqsuyak bo‘lsang, bir o‘laksaxo‘r laychadan kaltak yeb, menga arz qilarmiding?
Sha’nimga nisbatan aytilgan shilta haqoratni eshitib, o‘zimni bosib turolmadim.
– Kim o‘laksaxo‘r?! – deb Oqchoponning qarshisiga otildim. – Og‘zingizga qarab gapiring!
Oqchopon boshini o‘ngroqqa burib, chapdagi sog‘ ko‘zi bilan menga boshdan-oyoq razm solib chiqdi:
– Senmiding o‘sha laycha? Hayt!
– Ha, menman o‘sha! Nima deysiz?!
Oqchopon bir zum jimlanib, aftimga tiyrak termilib qoldi:
– Negadir ko‘zlaring taniiish… Ko‘zlaring taniiish…
Ilgari aytganimdek, uning o‘ng ko‘zini men ko‘r qilganman. Kimligimni bilib qolmasaydi, deb yuragim po‘killadi. Qo‘qqis yuzaga kelgan bu qo‘rquvdan hovurim keskin bosildi-yu, meni birov bilan adashtirayotganga o‘xshaysiz, sizni birinchi ko‘rishim, dedim quyondek qunishib.
Oldiga otilib chiqqanimdayoq, osongina yon berib qo‘yadiganlardan emasligimni payqagan, hozirgi ahvolimga qarab, yaxshilikcha kelishuvdan ham umidvorligimni anglab yetgan Oqchopon, xayriyatki, pastroq pardada suhbatlashuv yo‘lini tanladi.
– Ukaxonimga bilmasdan teginib qo‘yuvdingmi? – dedi u, kichkintoyni kichkintoylanib avrayotgan kimsaga do‘nib. – Endi kechirim so‘ramoqchi bo‘pturibsanmi? Dangal gapiraver, kuchukvoy, dangal gapir.
Bosiq muomalaga yarasha, men ham muloyimlandim:
– O‘zi tovuqxonaga o‘g‘rilikka kirmasa, u bilan nima ishim boridi, Oqchopon hazratlari? Buni deb aybsiz bir mushuk tuhmatga qoldi. Balki, mendanam shubhalanishgandir.
– O‘g‘irliqqa kirganimni o‘z ko‘zing bilan ko‘ruvdingmi? – deb vig‘illadi Pixpix Chandr. – Aytdim-ku, qirq joyga soliq solganman, deb. Yeganim – oldimda, yemaganim – ketimda bo‘lsa-yu, pix, jonimni garovga tikib tovuq o‘g‘irlaymanmi? Kallangni ichida biror nima bormi, o‘zi?
Bu gapdan keyin sergak tortdim – Pixpix Chandr chindanam aybdor bo‘lmasa-chi?
Shu mahal qulog‘imga Qorabekaning tovushi chalindi:
– Uzoqdan qarasam, janjallashayotganga o‘xshab ko‘rindinglar. Tinchlikmi, Mittivoy?
Pixpix Chandr battardan tumtaydi; bolalarini ergashtirganicha yaqinlashayotgan Qorabeka tomonga olayib, ana, meni o‘g‘riga chiqarganlardan yana bittasi jilpillab kelyapti, deb zaqqumlandi.
– Sizni hech kim o‘g‘riga chiqargani yo‘q, Pixpix Chandr janoblari, – dedi Qorabeka, yaqinroqda to‘xtalib. – O‘sha xo‘rozni siz yedingizmikan deb shunchaki shubhalanuvdik, xolos.
– Shunchaki shubhalanuvdik? – deb jirilladi Pixpix Chandr. – Shunchaki shubhadagilarni paxtasavar qilish qachondan beri rusumga kirdi?
– Hayt! – o‘g‘ri mushukka ko‘zini o‘ynatdi Oqchopon. – Nuqul gap talashasan! Undan ko‘ra, bu qoramag‘iz xonimga nasl-nasabimni aytib tanishtirmaysanmi, oqsuyakligimni bilganidan keyin, menga bukilib-bukilib ta’zimlanmaydimi!
Pixpix Chandr jahlini zo‘rg‘a ichiga yutib, tuzukroq tarbiya ko‘rmagandirki, sizdek Oqchopon hazratlariga salom bermagandir, deb ping‘illadi. Qorabeka andak odobsizlikka yo‘l qo‘yganidan uyalgandek, sal o‘ng‘aysizlanib, sipolik bilan bosh egdi:
– Assalomalaykum, Oqchopon hazratlari!
– Vaalaykum assalom! – deb suzildi Oqchopon. – Balli, bo‘tam! Hayt!
Sayoqlikda kechayotgan turmush tarzining taqozosi bilan Oqchopon o‘zini hanuz botir, o‘ta tishlog‘ich ko‘rsatishga urinib kelayotgan esa-da, qartaygani sayin har xil mojarolarga toqati kamayib, ko‘ngli yumshab borayotgani keyingi gap-so‘zlaridan yaqqol sezilib turardi. Shundan kelib chiqib, ishni murosa ko‘chasiga burishga tirishdim:
– Biz tomonlarga bir kepqolgan ekanlar, qolganini ziyofat ustida gaplashsak qalay bo‘larkin, Oqchopon hazratlari?
Pixpix Chandr o‘jarlanib, kunimiz senga o‘xshagan go‘ngyalarga qoptimi, deya o‘shqirishni boshlagan edi, Oqchopon unga “Hayt!” deb qo‘yib, menga do‘stona ko‘z qadaganicha, oldingi oyog‘ini qulog‘iga tutdi:
– A? Ziyofat degan so‘zni ishlatgandek bo‘ldingmi?
– Ha, ziyofat tap-tayyor turibdi. Qani, bu yoqqa yursinlar.
Turganlarni shokoladlar yashirib qo‘yilgan joyga yetaklab bordim. O‘zimniyam qo‘shib sanaganda, o‘n bir jonning og‘zi to‘xtovsiz ishlay boshlagani uchun guldor qog‘oz qutichalarni oldinma-ketin yirtaverdim, noyob shirinlik­lar birma-bir g‘oyib bo‘laverdi. Bundan picha oldin menga o‘xshagan “go‘ngyalar”ning taomidan ko‘ngli aynib turgan Pixpix Chandrning ham ishtahasi tarnovlanib, shunaqangi oshalashga tushdiki!
E, suvarak-sulla bo‘lmay ketgur-a!
Mushukchalardan biri guldor qutichaga yoniqib intilayotganida, Oqchopon uning tumshug‘ini asta nari turtib, oxirgi chapchap luqumga bahodirlarcha panja urdi. Uni oshqozonga jo‘natib bo‘lib, yashnoq kayfiyatda qorin siladi:
– Hayt! Olamda shunaqa liqila-liqil yemish­lar borakan-u, bilmay yurganimizni qarang!
Mana, chapchap luqumlarniyam urvog‘ini qoldirmay xapiragum qildik. Tusmollashimcha, endi hammaning kallasi tekis ishlayapti. O‘z qorningni to‘ydirish tashvishlari miyani qaytadan aynitmay turib, to‘qlikda umumiy ishlar haqidayam bir kengashvolishga ulgurgan yaxshi.
Boya simto‘rning ostidagi bilqilloq joyni kavlayotib, bizdan ilgari bu yerni bo‘lak hayvon ham qazib yumshatganga o‘xshaydi, degan o‘y kechgandi boshimdan. Hozir esa Qorabekaning tunov kungi gapi esimga tushib, Pixpix Chandrga yuzlandim:
– Bir kuni Qorabekaga kasalmand tulkini bo‘g‘izlaganingni aytgan ekansan, shu gap rostmi?
Pixpix Chandr go‘yo bo‘yniga jinoiy ayblov qo‘yilayotgandek seskanib ketdi.
– To‘g‘risi, o‘shanda kasal tulki ana o‘ldim, mana o‘ldimlab yotgan ekan… pix, – yuzi bo‘zarganicha tushuntiruv bera boshladi u. – Bo‘g‘izlasammi, bo‘g‘izlamasammi, deb turganimda, anavini ko‘ringki, o‘z-o‘zidan tinchidi-qoldi.
O‘g‘ri mushukning so‘zini eshitib, bundan chiqdi, shu atrofda tulkining uyi bor; eri o‘lgan bo‘lsa xotini, xotini o‘lgan bo‘lsa eri tirik, degan to‘xtamga keldik. Boshqa yoqdan qaragandayam, o‘zi kandik qazigan joyni yana avvalgidek qilib ko‘mib qo‘yishga mug‘ambir tulkidan o‘zga qaysi jonzotning aqli yetardi?
– Gap shu – tulki bilan solishmasak bo‘lmaydi! – dedim o‘zimdan kattaroqlardan fikr so‘rashni unutib. – Indamasak, yana o‘g‘rilik qilaveradi. Keyin Qorabeka tugul, meniyam, Pixpix Chandrdek zotniyam boshi tuhmatdan chiqmay qoladi.
Buni eshitgan Oqchopon qittak sarosimalangandek bo‘lib, menga o‘xshagan oqsuyaklarning qandaydir urug‘i pachaq tulki bilan yumdalashib yurishi risolaga to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi, buni bir surishtirib ko‘rgan ma’qul, deb dudmallangan edi, Pixpix Chandr zimdan qiyalab, birovdan oq fotiha olishni o‘ylayotgan ekanlar, demak, o‘zlaridan oliyroq zotlar ham bor ekan-da, dedi, qitmirlanib.
– Mabodo, shunaqalar topilsa, demoqchi edim, – izzatni boy bermaslikka urindi Oqchopon. – Nima, meni so‘qishmadan hayiqyapti deb o‘ylayapsanmi? Irrrr!
Oqchopon bejiz ikkilanmayotgan edi – agar, tulki bilan olishishga to‘g‘ri kelsa, asosiy og‘irlik uning yelkasiga tushishi aniq-ku.
Jangda qo‘mondon bo‘lishga intiluvim Oqchoponning hamiyatiga tegishi mumkinligini bilib, unga ehtirom bilan so‘z qotdim:
– Mayli desangiz, askarlaringizni o‘zim ozgina mashq qildirsam.
Rozilikni olib-la, darhol ishga kirishdim. Eng avvalo, Qiron qassobga ishlatgan usulimni qo‘llab, katta-kichik mushukning barini tosh otishga o‘rgatishim kerak edi. Dalada tosh kam bo‘lgani uchun ularni Mo‘saqo‘zi tovuqboqar uyiga poydevor yotqizganida ortib qolgan shag‘alning yoniga boshlab bordim. Toshni tirnoqlar orasida siqib ushlashni, qanday otishni uch-to‘rt marta ko‘rsatib berganimdan keyin bu mashg‘ulot o‘yinqaroq mushuklarga yoqib qolib, zuvira-zuvirni shunaqangi kuchaytirib yuborishdiki, vaqtinchalik nishonga aylantirilgan to‘nkaning po‘stloqlari paqqos archilib ketdi. Aslzodaligini namoyish qilayotgandek chetda g‘o‘dayib turgan Oqchoponning ham birdan havasi qo‘zib, tosh otishda qo‘mondoncha o‘rnak ko‘rsatib qo‘yishga tutindi.
Toshotarlar o‘rdasining mashg‘uloti kun tikkalab qolganida to‘xtadi. To‘rt oyoqli askarlar uy ortidagi oshtovoqni qurshab, ola mushukning hisobidan tushlik qilishga kirishayotganida, o‘zimni qorni og‘riyotganga solib, yolg‘ondan ingillay-ingillay, yerga cho‘zildim. Oshtovoq ishqorlab yuvilgandek top-toza tus olganida, mashqlarni kun qiyalagunicha davom ettirishni, undan keyin yumaloq-yumaloq toshchalarni simto‘rga yaqin joyga ko‘proq g‘amlab qo‘yishni tayinlab, asta joyimdan turdim.
– Iye, ishni boshlashga boshlab, endi qayoqqa jo‘nayapsan? – deb to‘rsaydi Pixpix Chandr.
– Qornimdagi og‘riq zo‘rayib boryapti, – tag‘in yolg‘ondan aftimni burishtirdim. – Shiyponga boray-chi, egam turishimni ko‘rib, balki, birorta malham-palham berar. Agar kasalim kuchayib kelolmay qolsam, chetda indamay biqinib yotinglar. Hech bo‘lmaganda, tulki chindan ham bormi- yo‘qmi, shuni bilvolishimiz kerak. Bor bo‘lsa, keladi. Ana unda, xohlasalaring mushtlashinglar, xohlamasalaring – yo‘q.
– Bizga es o‘rgatma, hayt! – deb kekkaydi Oqchopon.
Pixpix Chandr esa o‘zicha mehribonlangan bo‘ldi:
– Qorning tuzalmaguncha, yaloqqa yaqinlashmay tura tur. To bizga o‘xshagan jonkuyarlaring borakan, ortgan ovqatingni achitib qo‘ymaymiz.
Shu mahal kallamda yangi bir fikr aylanib, jang qiladigan bo‘lsalaring, shovqin ko‘tarib turinglar, tovuqboqar eshitsa, yordamga chiqadi; shiypon tarafdagilardan ham birortasi kepqolsa, ajabmas, deb uqtirdim sheriklarimga.
Jangdan qochib o‘libmanmi? Tuyqus yana odamga o‘girilib qolishdan cho‘chiyotgandim.

Bir o‘limdan qolgan oshpaz

Oddiy kuchuklikdan odamlik mansabiga ko‘tarilishim shiyponga yetmasimdan ozgina oldinroq yuz berdi.
Qozonxona tomonga borib qarasam, G‘ulom oshpaz tushlik sho‘rvani cho‘michda shopirish, Otaqul tog‘am o‘choqqa tarasha tashlash bilan band ekan. Hol-ahvol so‘rashib ulgurmasimdan, o‘tin opkelishimni buyurishdi. Shiyponning narigi biqiniga o‘tib, taxlab qo‘yilgan o‘tinlardan bir quchog‘ini ko‘tarib qaytdim.
Gap daraklagan bo‘lib, ho‘ ko‘prik tomonda mototsikl ko‘rindi, Xoldorvoylaring kelyapti, shekilli, deganimni bilaman, G‘ulom oshpaz cho‘michni qozonning qiriga qo‘yib-la, tog‘amga elanishga tushdi:
– Jon og‘ayni, sho‘rvani o‘zing pishirib turasan endi. Aldar Xoldor meni surishtirib qolsa, bugun ishga kelolmadi deb, biror vaj to‘qirsan.
– Tinchlikmi, G‘ulom aka?
– Kecha kechqurun guzarda yo‘liqib, shiydontepalik bir akaxonimning yubileyi bor, daladagilarga tushlikni pishirib berganingdan keyin o‘sha yoqqa opketaman, oshpazliklikni o‘zing qo­­yillatib berasan, deganidi. Vaqtim yo‘q desam, mendek odamning bir ishi tushibdi-yu, tarang qilishingni qara, deb babalashni boshladi. Bu tullakning niyatini bilmasamakan, tekin oshpazni yetaklab borsa, to‘yananing o‘rniga o‘tadi. Heh, topgan malayini qara… Xullas, men yo‘qman!
G‘ulom oshpaz qozonni tog‘amga topshirib, lo‘killab borganicha, hovuzdan naridagi qiytiq yerga ekilgan makkalar orasida g‘oyib bo‘ldi.
Aldar Xoldor kajavali mototsiklini pat-patlatib kelib, tolning ostida orqaga burib to‘xtatdi. Bizga yaqinlashayotib, horma, Otaqul, degan edi, tog‘am unga yelka o‘girgan asno sho‘rvani shopirishda davom etdi. Otaqul tog‘amning u bilan gaplashishga toqati yo‘qligini sezgan Aldar Xoldor menga qosh kerib, G‘ulom cho‘mich ko‘rinmaydi, deb savol yumalatdi.
– G‘ulom tog‘a bugun ishga kelolmadi, – deb gapni qisqalatdim men.
Aldar Xoldor bir “g‘imm” deb olib, unda uyiga boraqolay, deya ortga qayrilayotganida; oshpazning xotini eri daladaligini aytsa, ish chalkashib ketishini o‘ylab, borib ovora bo‘lmang, G‘ulom tog‘a kasalxonaga tushibdi, dedim.
Shundan keyin Aldar Xoldorning so‘roqlari yomg‘irlanaverdi, javoblar esa og‘zimdan qo‘ziqorinlardek potira-putur unib chiqaverdi.
– G‘ulom-cho‘mich kechaginayam guzarda gijing­lab turuvdi, qanaqasiga kasalxonaga tusharkan?
– Palakat oyoq ostida, deyishadi-ku. Palakatga yo‘liqqan odam kasalxonada yotmay, saylda yursinmi?
– G‘imm… Qanaqa falokat?
– G‘ulom tog‘a ertalab qarasa, sandiqning tagidagi taxtamushukka sichqon ilinib turganmish. Shuni olmoqchi bo‘lganida, sandiqning chirigan oyoqchasi sinib, kaptini ezib qo‘yibdi.
– Shungayam kasalxonami?
– U yog‘iniyam gapirsam, G‘ulom tog‘a sichqonning o‘ligini ko‘mmoqchi bo‘lib tomorqaga kiribdi. Kirgan zahoti to‘xlidan sal kichikroq afrikancha mushugi balo-qazoday zuvillab kelib, ko‘kragiga guparang kalla solganicha sichqonni opqochibdi. Shunda qovurg‘asi lat yebdi, shekilli.
– Voy, boshi pishmagan-ey, fe’l-atvorini yaxshi bilmay turib, impo‘rtniy hayvonni boqib bo‘larkanmi? Ayniqsa, hali u chekkasida, hali bu chekkasida ur-yiqit bo‘pturadigan Afrikanikini! G‘imm… Lekin bo‘lak tomondan qaralsa, qovurg‘asi qittak zaxalansayam kasalxonaga yotvolish erkakka yarashmaydi.
– Agar mushuk kalla qo‘yganidan keyin, G‘ulom tog‘a nariroqdagi eshakka urilib, qattiq tepki yemaganida, balki kasalxonaga yotmasmidi…
– Bee, shunga shunchami? O‘spirinligimizda eshakdan kunora tepki yeb yuribam, biror marta do‘xtirga arz qilmaganmiz.
– To‘g‘ri aytyapsiz, eshakning tepkisigayam chidasa bo‘lardi. Buni qarangki, eshak tepib uchirganida, yem kavshab turgan buqaning tog‘orasiga borib yiqilibdi. Masalan, palovni mo‘ndalatib oshalayotganimizda birov tovog‘imizning ustiga yotvolsa, achchig‘imiz chiqarmidi, chiqardi. Buqayam o‘zini tutolmay qolib, G‘ulom tog‘ani shartta shoxiga ilibdi-yu, muuu deganicha duvoldan oshirib irg‘itvoribdi.
– E, bilaman, pastakkina devori bor. Shugina joydan oshib tushib, darrov ko‘rpa-to‘shakka yopishibdimi?
– Shoshmang-da endi, gapning oxiriga qarab kelyapmiz-ku.
– Xo‘sh?
– Aytishlaricha, shu mahalda ko‘chadan bir traktor vozillab o‘tib borayotganakan, duvoldan chirpiraklanib tushayotgan G‘ulom tog‘ani “Qaars!” etkizib urib, yo‘lga hasibdek cho‘ziltirib qo‘­­yibdi! Bunisiga nima deysiz?
Aldar Xoldor bunisiga nima deyishni bilmay, bir muddat kalovlanib turgach, g‘imm… mana shunisi sal chatoq bo‘pti, deb ezmalik qilishdan tiyildi.
Bu lattachaynardan qanday qutulishni bilmayotganimda, Rahimboy fermer kelib qoldi; Aldar Xoldor bilan ko‘rishib bo‘lib-la, jo‘natgan selitralaringiz qog‘ozdagidan ancha kam-ku, deb qovoq uygan chog‘da oshpaz mavzusi butunlay chetga surilganidan quvonib, ko‘nglim tinchlandi.
– Bilasan-ku, Rahimboy, – dedi Aldar Xoldor. – Bu narsa bitta menga bog‘liqmas.
– Nega bog‘liq bo‘lmas ekan? – deb unga o‘tkir nigoh qadadi Rahimboy fermer. – Ijaraga yer olgan ekinchilarga o‘g‘itlarni yeng uchida sotayotganingizni hamma biladi. O‘sha pullar qayoqqa ketyapti, o‘zi?
Aldar Xoldor biz tarafga olazarak qarab qo‘yib, Rahimboy fermerning yelkasidan tortganicha chetga yetakladi:
– Raisimizning nazaridan qolmay desang, bu gapni qaytib gapirma. G‘imm…
– Bunisi bilan ishim yo‘q. O‘g‘itning qolganiniyam tezda joyiga qo‘ying. Ekin to‘ymaguncha, dehqon to‘ymaydi. Dehqonning rizqini qiygan odam oxiri bir baloga yo‘liqmay qolmasligini ko‘p ko‘rganmiz…
– Tilimni qichitma, Rahimboy, o‘zing ham ja oppoq emassan. Kolxozlar tugatilayotganida, bosh bug‘oltirligingdan foydalanib, bo‘liq-bo‘liq yerlarni egallab olgansan.
– Endi meni qo‘rqitishga o‘tdingizmi? Bu ishlar umumyig‘ilishda hal qilingan, nimani berishsa, shuni olganman…
Ikkovi bizdan tobora uzoqlashayotgani bois adi-badilarning u yog‘ini eshitolmadim.
Aldar Xoldor jo‘nab ketgach, G‘ulom oshpaz makkalar orasidan chiqib kelib, hey, bola, meni o‘ldiga chiqarib qo‘yay deding-ku, deya tizzasiga shapatilab-shapatilab, xoxolay ketdi.
– Ha, G‘ulom aka, bir o‘limdan qoldingiz! – deb qahqah urdi tog‘am ham.
Tushlik tugashi bilanoq, dasturxondagi pichoqni olib, tolning yoniga bordim-da, hovuzga osilib turgan shoxlaridan birini kesdim, unga piyozli qopning og‘zidan yechilgan kapron ipni tortib, kamon yasashga tutindim. Dalada nima ko‘p – o‘rilib, zovur yoqasiga yoyib qo‘yilgan qamish ko‘p. Ulardan o‘n beshtacha o‘q tayyorladim.
Ishimni kuzatib turgan G‘ulom oshpaz karis­larning qadimdagi urushlar to‘g‘risidagi kinolarini ko‘raverib, bolalar kamon otishga ishqivoz bo‘pketyapti, degan edi, bu seriallarni tomosha qilgan odam dunyoda karisga teng keladigan kamonchi yo‘q deb o‘ylasa kerak, deya miyig‘ida jilmaydi tog‘am.
– Mundoq sarasap solib qarasang, har qaysi millatning chindanam bitta zo‘r tomoni bo‘larkan-da, – o‘zicha donolandi G‘ulom oshpaz.
– Masalan? – deb uning og‘ziga tikildi tog‘am.
G‘ulom oshpaz birdan qo‘bizsiz baxshiga aylandi:
– Misol uchun olsak, hindning tabibi zo‘r, nemisning muallimi zo‘r, arabning qorisi zo‘r, gollandning gulchisi zo‘r, xitoyning sopolchisi zo‘r, inglizning birjachisi zo‘r, braziliyalikning futbolchisi zo‘r, o‘risning qurolsozi zo‘r, turkmanning gilamchisi zo‘r, yaponning ixtirochisi zo‘r, boshqirdning asalchisi zo‘r, mazangning o‘yinchisi zo‘r, ozarning mashshog‘i zo‘r, farang­ning bichiqchisi zo‘r, habashning ovchisi zo‘r, lazginning zangbozi zo‘r, yunonning roviysi zo‘r, forsning zardo‘zi zo‘r, amerikalikning bankiri zo‘r, uyg‘urning oshpazi zo‘r, ispanning ho‘kizo‘ynatari zo‘r, turkning zargari zo‘r, yahudiyning savdogari zo‘r, qozoqning chorvachisi zo‘r…
Otaqul tog‘am uning so‘zini kesib, o‘zbekniki-chi, o‘zbekniki, deb so‘ragan edi, G‘ulom oshpaz, buni olam biladi-ku, o‘zbekning dehqoni zo‘r-da, deya dabdabali boqish qildi. Keyin, tog‘am hanuz indamay qarab turganini ko‘rib, qo‘shib qo‘ydi:
– O‘zbekning eng zo‘r tomoni bitta shumi, deb hayron bo‘lma, Otaqul. To‘g‘ri, o‘zbek qirq hunarning qirida yuradi. Ammo-lekin, yerchilikda biznikilarga aql o‘rgatadiganni menga ko‘rsat-chi. Aytaylik, irlandgami, shvedgami, dalaga handalak ekib berib, qolganini o‘zing pishirvol, desa, u yog‘ini eplay olarkanmi? Mana, yerchilik qoningda shovullab turganakan, sen buni bir urinishdayoq qiyomiga yetkazyapsan. Avvalo-ku, odamlarga shu ahvolda ko‘rinishdan ko‘ra ochdan o‘lganim yaxshi deb satanglanmay, poson kiyimlaringni chit choponga almashtirishdan irganmaganingga balli. Xudo senday yotiqfe’llarni mukofotlamasdan qo‘ymaydi.
Bu so‘zlardan tog‘amning bahri gurros ochilib ketganini ko‘zlarida o‘zgacha bir porpiroqlik aks eta boshlaganidan ilg‘ab olish qiyin emasdi.
Bekor o‘tirish juda zerikarli, hatto kapor zararli. Ish topilmasa, hech bo‘lmaganda, arining uyasiga cho‘p suqib, ularning quvg‘iniga uchragancha, hak-haklab yuguravergan yaxshi. Otaqul tog‘am shiypon xonalari ichini tozalab-netishga kirishganida, men tashqarini supirishga tutindim. Keyin birgalashib, deraza oynalarini yuvdik.
Hamma yoq saranjom-sarishta bo‘lgach, o‘tin tugab borayotganini ko‘rgan tog‘am oyboltada g‘o‘la yorishga tushdi. Bunaqa yumush hozircha menga to‘g‘ri kelmasligini bilib, o‘rtacharoq bir g‘o‘lani nishonga aylantirdim-u, kamon otishga berildim. Qancha otgan bo‘lsam, biror martayam mo‘ljaldan yanglishmadim.
Ishonmaganlar ishib o‘lishdan qo‘rqsin.

Tulkining asir olinishi

Yirtqichlar yarim kechadan oldin ovga unnamasligini eshitib yurganim uchun Otaqul tog‘amning qotib uxlashini oshiqmasdan poylab yotdim. Xurraklar baland pardaga ko‘tarilganida, sekin o‘rnimdan turib tashqariga chiqdim-u, o‘qlarni shimimning kamariga qistirib, yelkaga kamon osgan asno tovuqxona tomonga yo‘naldim.
O‘tkirquloq mushuklarga, ayniqsa, o‘qsanchar bolani ko‘rgan zahoti shaytonlab qolishi mumkin bo‘lgan Oqchoponga o‘zimni sezdirmaslikka tirishib, zovur do‘ngi ortidan sharpasiz odimlab bordim-da, tovuqboqarning uyidan beriroqda g‘ujg‘onlanib o‘sgan yulg‘inlar orasiga cho‘zildim. Havo ochiq, oy to‘lin bo‘lgani uchun tovuqxona oldidagi yalanglik ham, yalanglikning tevaragiga tortilgan simto‘rlar ham kunduzdagidek yaqqol ko‘rinib turardi. O‘sha yoqdan ko‘z uzmay, yonboshlab yotaverdim.
Hadeb bir joyga tikilaverishdan ko‘zim toliqqanida, chalqanchasiga uzalib, qovoqlarimni yumdim. Uyqu tortishiga sal qolibdi, vovulloq tovushdan cho‘chib tushib, mundoq qarasam, simto‘rning bu yog‘ida Oqchopon yer tatalab tinimsiz huriyapti, u yoqda bir tulki tovuqxona devoridagi yostiqdek keladigan darchaning yarmi siniq panjarisiga osilgan tarzda jonhalak jalanglab turibdi. Chiranchoqlik bilan joyimdan qo‘zg‘aldim.
Etib bormasimdanoq, jang boshlanib ketdi. Nogahonda itning ta’qibiga yo‘liqqanidan vasvasaga tushgan tulki pastga sakrab, simto‘rning hozirgina o‘zi o‘tib kelgan joyiga qarab yugurdi. Kelib, kandikka tumshuq suqqan zahoti, umrida hech uchratmagan ajabtovur qarshilikka duchor bo‘ldi-yu, shu asno janggohda bir xil manzara ustma-ust takrorlana boshladi – tulki simto‘r tagidagi kandikdan tashqariga chiqib olishga ketma-ket urinaverdi, biroq to‘qqizta mushugu bitta it do‘ldek yog‘dirayotgan toshlar zarbiga dosh berolmay, chiyilloqlana-chiyilloqlana, qashqalangan boshini qayta-qayta ortga olib qochaverdi.
Yuguroqlanib boriboq, kamonimni ishga soldim. Shundoq ham holi tang bo‘lib turgan tulki vizillab uchayotgan o‘qlar badanining besh-olti joyini jizillatgach, uzoqroqqa chekinib, o‘zini simto‘rning boshqa joylariga urib-urib ko‘rdi. Buning foydasi yo‘qligini bilganidan keyin andakkina quvvat to‘plab olish niyatida, hansiray-hansiray bir muddat tek turib qoldi.
Shu payt sira kutilmagan hodisa yuz berdi – professional yakkakurashchi hisoblanmish yulishqoq “Samuray”, ko‘zini oydinga ozmi-ko‘p moslab ololgan bo‘lsa kerak, panjarasi siniq darchadan burgutdek uchib chiqib, hali nafasini rostlab ulgurmagan tulkining ustiga tashlandi; uning majolsiz hamlalariga epchillik bilan chap bergan ko‘yi, cho‘qila-tepkilani tobora kuchaytiraverdi.
Battardan talvasaga tushgan tulki qo‘rquv qoplagan ko‘zlarida oyning aksini yiltiratganicha zuvillab kelib, o‘zini yana kandikka urdi. Boshu tanasiga yangitdan yog‘ila boshlagan o‘qu toshlardan ne chog‘li aziyat chekayotgan bo‘lmasin, bor chidamini ishga solib, jon-jahdi bilan tashqariga otildi. Oqchopon bir sapchib, tulkining bo‘ynidan, tulki uning oyog‘idan tishladi-yu, ikkovi tomog‘i yirtilgudek irillay-irillay, yumalab-yumalab olisha ketdi.
Barchamiz qurolsizlangandek ahvolda dovdirab qoldik. Tulkiga otilgan tosh yoki o‘q bu umbaloq-dumbaloqda Oqchoponga borib tegishi hech gap emasdi. Tosh ushlab olgan mushuklar hayot-mamot jangiga kirishgan it bilan tulkining atrofida miyovlab-pixillab aylanar, hozir kuchuk qiyofasida bo‘lmaganim sababli bu gal ularning nimalar deb juvirlashayotganini tushunolmay turgandim. Kandikdan chiqib kelgan “Samuray”gina, tulkini tepib-cho‘qilab, itga ancha-muncha ko‘mak berayotgandi.
Yon-verimga alanglab, tayoq qidira boshlaganimda, shovqindan uyg‘onib ketgan Mo‘saqo‘zi tovuqboqar birdan qatorimizda paydo bo‘ldi. Vaziyatni ko‘rganidayoq, kallasi tez ishlab, baliq tutishda foydalanadigan to‘rini ham olvolgan ekan; tulki Oqchoponning changalidan chiqib, endigina qochishga shaylanganida, uni havoda yoyiltirib irg‘itdi. To‘rga o‘ralib qolgan tulki bir vahimali uvlab, bir cho‘ziq angillab, to‘xtovsiz tipirchilashga tushdi.
Tong yorisha boshladi. Bu orada Mo‘saqo‘zi tovuqboqar Oqchoponning tulki g‘ajigan oyog‘iga qozonkuya bosib, lattada avaylab bog‘ladi; xotini esa kecha ortib qolgan tuppaga non to‘g‘rab, jangchi hayvonlarga ziyofat tortdi. Keyin “Samuray”ga makka sochayotib, bizda dakang xo‘roz yo‘q edi, shekilli, bu qayoqdan kepqoldi, deb eriga yuzlandi.
– Shuni o‘zimam bilolmay turibman, – dedi Mo‘saqo‘zi tovuqboqar, “Samuray”ga diqqat bilan tikilib. – Lekin rosayam urishqoq ekan.
Beka endi eriga dashnom berishga o‘tdi:
– Ishning tagiga yetmasdan burun, Qorabekaga qancha zulm qildingiz. Odam deganiyam shunchalik hovliqmachi bo‘ladimi?
– Vaysinavermagin! Hovliqmachiyam bo‘ldimmi hali?
– Hovliqmachi bo‘lmasangiz, mushuklar tulkini toshbo‘ron qildi, deb meni ishontirishga urinarmidingiz?
– Ishonmasang, ana, borib qara, kandikning tevaragi toshga to‘lib yotibdi! Ko‘rganni eshitgan yengibdi, deganlari shu-da! Senam bir nima desang-chi, Mo‘ttivoy!
Beka mendan gap so‘rab o‘tirmadi, kalishini shalpillatib borib, manavi yer yutgur ham o‘lmay tursin-chi, deya, oyoqlari arqonda chigib bog‘langanicha tandirning yonida po‘killab yotgan tulkining oldiga bir kosa suv, ikki bo‘lak qotgan non qo‘yib qo‘ydi.
Hayvonlar siylab bo‘lingach, uyga kirib, o‘zimiz ham choy ichishga to‘garaklandik.
– Sen lik etib qayoqdan yetib kelaqolding? – hamon pishillab uxlayotgan qizchasining ustidagi adiyolni to‘g‘rilayotib, menga savol tashladi Mo‘saqo‘zi tovuqboqar.
– Uyqum qochib, xirmonda aylanib yuruvdim, – deb darrov gap topdim. – Itning vapira-vapini eshitib, kamonni oldim-u, shu yoqqa yugurdim.
– O‘zing ham juda urag‘on ekansan-da, vey bola! Ofarin deyish kerak!
Nonushtani tugatib, tashqariga chiqqanimizda, Oqchoponning o‘ng ko‘zi ko‘rligi yetmaganidek, chap oyog‘i ham cho‘loq bo‘lib qolganidan ichim tirnaldi. Unga yaqinlashayotib, o‘zimni mehribondek tutishga nechog‘lik intilmayin, mendan nuqul jafo ko‘rib kelgan jabrdiydaning badani bezilloqdan titrab, sarosimali irilladi. Qopib olishidan hadiksirayotgan bo‘lsam-da, baribir yaxshi niyatdan qaytmadim – Oqchoponjon, Oqchoponjon, deya ehtiyotkorona qo‘l cho‘zib, yelkasini yengil-engil silay boshladim. It avvaliga ko‘zimga sinovchan tikilib turdi, keyin xavfsirashdan tiyilib, dumini likillatdi. Ana, osongina yarashib oldik. Bundan kayfiyatim ochilib, endi mushukchalarni qitiqlab-piypalab erkalata ketdim.
Shiyponga borsam, Otaqul tog‘am G‘ulom oshpaz bilan nonushta qilib o‘tirgan ekan, tovuq o‘g‘irlashga kelgan tulki qo‘lga tushganini suyunchilashim bilanoq, dasturxonning chetini non-choyning ustiga tortib, bepul tomoshaga oshiqishdi. Oq “Neksiya”ni tol ostiga to‘xtatib, selkillaganicha mashinadan tushgan Rahimboy fermer ham yangilikni eshitib-la, ularga ergashdi.
U yer-bu yeri sitila boshlagan dasturxonning chekkasini ochib, yarim hovuch mayizni og‘zimga tiqqach, tomoshatalablarning ortidan sudralibgina yo‘lga tushdim. Borayotib, etim g‘alati jimirlayotganini sezdim.
Obbo-o, yana boshlandi-ku!
Bundan birpas oldin shiyponga odam shamo­yilida ketgan bo‘lsam, endi tovuqxonaga kuchuk shaklida qaytdim.
Kelganlar asir olingan tulkini g‘ala-g‘ovurlab tomosha qilishga tutindi.
Rahimboy fermer, bu tulkining kallasi namuncha mo‘mataloq bo‘pketibdi, deganini biladi, Mo‘saqul tovuqboqarning shavqi toshib, mushuklar uni qanday toshbo‘ron qilgani to‘g‘risida jo‘shqinlana-jo‘shqinlana so‘zlashga kirishdi.
– E, odamlarga kulki bo‘lmasangiz-chi! – deb erining tilini tiyishga urindi xotin.
– Nimaga kulki bo‘larkanman? – cho‘chchangladi tovuqboqar. – Kim ishonmasa, ana, Mo‘ttivoydan so‘rab ko‘rsin! Hey, qayoqda qoldi o‘zi bu bola?
Men bu paytda undan uch qadamgina naridagi hayvonlarning orasida turgan edim.
– Qorin og‘rig‘ing sal bosildimi? – deb so‘radi Qorabeka.
– Ancha tuzukman, – dedim kulgim qistab.
– Qiyyo-qiyomat jangdan quruq qolding-da, – deb havasimni qo‘zishga urindi Pixpix Chandr. – Tulkini toshlarda shunaqayam savaladikki, og‘zi “voy buvijon”lashdan bo‘shamay qoldi. Keyin haligi Mo‘ttivoy ham kamoni bilan kelib, yonimizda turib berdi, pix. Ayniqsa, Oqchopon hazratlarining polvonlarcha olishuvini ko‘rganingdaydi!
Oqchopon o‘ziga xos tarzda kamtarinlangan bo‘ldi:
– Ochig‘ini gapirsam, o‘sha Mo‘ttivoylaring boya menga yetti bukilib yelkamni silaganida, tulkining jig‘ini ezib qo‘yganimdanam ko‘proq maza qildim. Nodonroq paytida o‘ngdagi ko‘zimni shu bola ishdan chiqarganidi. Esi quyulgandirki, oqsuyakligimni sezib qolib, oxiri menga murid bo‘lgandir. Hayt!
Iye, “murid” degani nimasi yana? “O‘rtoq” deganimikin? Balki, “malay” deganidir?
To anig‘ini bilib olmagunimcha muridlikdan nariroqda turay deb, tulki tomonga qarab yurdim. U desangiz, tundagi kamonchini tanimay, meni avrashga tushdi:
– Kechasi anavilarga qo‘shilmaganingdan ko‘rinib turibdi, o‘ta oliyjanob zotsan. Jooon, ukajonim, ke, oyog‘imdagi arqonni g‘ajib, meni bo‘shatvorgin. Ahvolimni so‘rasang, uyini suv bosgan, xotinsizlikdan o‘ksinib yashayotgan bir g‘arib tulkiman, hozir ko‘maklashmasang, keyin vijdoning qiynaladi, uyqungda dodlaydigan bo‘pqolasan…
Qanchalar beta’sir bo‘lmasin, bu ahvolda azob­lanib o‘lmasaydi, deb tulkiga baribir achinib turuvdim; xayriyatki, stadionimizda tomosha ko‘rsatayotgan ko‘chma ajoyibxonadagilarga Rahimboy fermer telefon qilib qo‘ygan ekan, ko‘p o‘tmay, qafasli yuk mashinasi vozillab yetib keldi.
Bu dunyoning ishlari chalkash, hozirgacha nima bo‘lganini-ku bilamiz, ammo, keyin nima bo‘lishini aniq aytolmaymiz. Mana, tovuqxo‘r yirtqichning endigi taqdirini har kim o‘zicha bashoratlab turganida, vaziyat qo‘qqisdan o‘zgarib, qismat oqimi ko‘pchilikning xayoligayam kelmagan o‘zanga burildi-yu, ajal panjasida joni so‘lib borayotgan maxluqqa hayotgina emas, yangi boshpana ham hadya etdi.
O‘ylab qaralsa, shugina voqeaning tagidayam bir olam tasodif, bir olam sir yashirinib yotibdi – agar Kalto‘pi qishlog‘i yaralganidan beri bu yerga birinchi marta ko‘chma ajoyibxona kelmagan; kelganidayam, aynan shu kunlarda tomosha ko‘rsatib turmagan; tomosha ko‘rsatib turganidayam, Rahimboy fermer u yerga bolalarini yetaklab bormagan; yetaklab borganidayam, hayvonboqarlar boshlig‘i bilan tanishib qolmagan; tanishib qolganidayam, ehtiyot shartdan bir-birining telefon raqamini yozib olmagan; yozib olganidayam, o‘sha odam to‘satdan fermerning esiga tushmagan bo‘lsa, tulkining boshi oxiri qayerga urilib to‘xtardiykin, buni hech kim bilmaydi.
To‘g‘ri, masalaning boshqa tomoni ham bor. Biroq bunisi siz bilan menga aslo bog‘liq emas. Tulki uchun, tirikchilik tashvishiga ko‘milib bo‘lsa-da, erkinlikda yashash yaxshimi yo tutqunlikda tayyorini yeb yotishmi, buni solishtirib ko‘rishni tulkining o‘ziga qo‘yib beraveraylik, oshnalar.

Meni pullamoqchi bo‘lishgani

Mashinada kelgan jingalasoch kishi haydovchi yigit bilan birgalikda tulkini qafasga joylab qaytgach, shiypon oldida kutib turgan Rahimboy fermer ularni dasturxonga taklif qildi:
– Endi bir piyola choy ichib ketinglar, Qulqul Davedivich. Sho‘rvayam pishib qoldi. Mehmonlar osmako‘vada qo‘l yuvib, shiypon ayvonidagi to‘shakka borib o‘tirishdi. Dasturxon yozildi. Choy, u-bu yegulik keltirildi. Tushlikka hali picha ertaligiga qaramay, Rahimboy fermer tog‘amga yuzlanib, borib qara-chi, Otaqul, sho‘rvaning yog‘i yoyilgan bo‘lsa, quyib kelaver, dedi.
Tog‘amga ergashib shiyponning ortiga o‘tsam, G‘ulom oshpaz ovqatning oldini allaqachon o‘zi tatimlab o‘tirgan ekan. Tog‘am uch kosa sho‘rva buyurgan zahoti, chaynalganicha o‘rnidan turib, qozon tarafga yurdi.
Qornim juda och edi. O‘choq boshidagilar o‘z yumushi bilan ovoraligidan foydalanib, dasturxonga hujum uyushtirishdan o‘zimni tiyib turolmadim. Tog‘am ikki kosa sho‘rvani, G‘ulom oshpaz bir qo‘lida ovqat, bir qo‘lida qoshiqlarni ko‘tarib ayvon tomonga o‘tib ketishi bilanoq, oldiniga oshpazdan qolgan tishloq nonni ikki chaynab bir yutdim, so‘ng shosha-pisha taomga yopishdim.
Shu pallada: “Hey!” degan qichqiriq yangradi. Cho‘chib qarasam, G‘ulom oshpaz mumdek qotib, menga hangu mang tikilib turibdi. Uning ne boisdan haykallanib qolganini sal kechroq anglab yetdim – shoshilishda itligim esimdan chiqib, sho‘rvani qoshiqda ichmoqchi bo‘lib turgan ekanman.
– Ket!!! E, chip-e!!!
Haykal harakatga kelib, yerdagi ko‘sovni qo‘lga olayotganida, changalimdagi qoshiqni tashlab, ura qochdim.
G‘ulom oshpaz haddan tashqari erinmagan banda ekan, shiyponning narigi biqinidan gir aylantirib o‘tib, meni xirmongacha quvib chiqdi. Sho‘rva ichayotgan Rahimboy fermer mehmonlarga xijolatomuz qarab qo‘yib, ha, G‘ulom aka, bu kuchuk haliyam qarzini to‘lamay yuribdimi, deb askiyaga olgan edi, oshpaz yugurishdan to‘xtab, yap-yangi idishni makruh qildi bu changtumshuq, dedi, fig‘oni ko‘kka o‘rlab. Keyin ko‘sovni tashlab, o‘tirganlarga yaqinlasharkan, hobbonilanib so‘zlana ketdi:
– Aytsam, ishonmaysizlar! Mundoq qarasam, mendan qolgan sho‘rvani qoshiqda ichib o‘tiribdi! Qoshiqda-ya!
– Mabodo tush ko‘rmadingizmi? – deb kuldi Qulqul Davedivich.
– O‘lay agar… Sizlarni aldab nima qilaman?! – qasam ichayotgan kepatada ta’kidladi G‘ulom oshpaz.
Tog‘am menga zog‘lanib ko‘z qadadi:
– Bu Mittivoyni dalaga boshlab kelganida, dadam ham g‘alatiroq bir gap aytganidi…
– Qanaqa gap? – deb qiziqsirandi Rahimboy fermer.
– Ovqatni yevolib, yalog‘ini ariqchada o‘zi yuvib qo‘ydi, deganday bo‘luvdi.
– Yopiray! – deb yoqa ushladi haydovchi yigit.
Qulqul Davedivich qo‘lidagi kosani dasturxonga qo‘yib, menga astoydil razm soldi:
– Agarda gaplaring chin bo‘lsa, tabiiy instinktidan tashqari, aqliyam o‘tkir rivoj­langan noyob kuchuklardan bu! Xo‘p desalaring, shahar tsirkida bir ito‘ynatar do‘stim bor, buni o‘shanga eltib beray, sinchiklab sinab ko‘rsin.
Bu so‘zni eshitib, yuragim jiqjiqlay boshlaganda, tog‘amning keskin qo‘l siltab, e, bunaqa gapni qo‘ysangiz-chi, Qulqul Davedivich, deganidan ichimdagi kurtaklar qiyg‘os gullab ketdi.
– Qo‘ysangiz-chi, demang, – deb, tog‘amga qoshini kamalaklatdi Qulqul Davedivich, – Kuchugingiz imtihondan yaxshi o‘tsa, tuzukkina pul ishlab olasiz, birodar.
Otaqul tog‘am qo‘lini qaytadan siltadi:
– Puliyam kerakmas! Bu kuchuk otamniki! Pul tugul, tillogayam sotilmaydi – gap tamom!
Tog‘am savdoning kavagiga uzil-kesil loy chaplaganidan shashti pasaygan Qulqul Davedivich sho‘rva xo‘rillatishda davom etarkan, menga ora-sira tiyrak nazar tashlab turdi. Qiziquvini bosolmadimi, ovqatni yarim-yorti ichgach, dasturxondagi popukqandlardan birini olib qaddini tikladi.
– Ma, Mittivoy, ma! – popukqandni balandlatib shildiratganicha tepamga keldi u. – Qani, konfetga ikki oyoqlab sakra-chi! Sakrayqol!
Qulqul Davedivichga bir qarab qo‘yib, o‘zimni anqovlikka solgan turxatda go‘layib yotaverdim. Shundan keyin uning hafsalasi tugalay sovidi, popukqandni oldimga itqitib, yana joyiga borib o‘tirdi.
Boya aytganimdek, qornim juda och edi. Bir chidadim, ikki chidadim, oxiri nafsim jikira-jikirlab, popukqandni sekingina oldimga surdim.
Shirinlikni yayrab so‘rayotib, mundoq qarasam, choy ho‘playotgan Qulqul Davedivich menga zimdan qiyalaganicha, mug‘ambirona iljayib turibdi. Shunda ketma-ket ikkinchi bor xato qilganimni fahmladim. Qarangki, bu gal ham itligimni unutibman-u, oldin popukqandning qog‘ozini archib tashlab, keyin yeyishni boshlab­man.
Qulqul Davedivich hammaga bir-bir qo‘l cho‘zib xayrlasharkan, tog‘amning kaftidan tutib turib, bu Mittivoyingizda baribir nimadir bor, boyagi taklifim to‘g‘risida dadangiz bilan maslahatlashib ko‘ring, tirikchilikning uyat joyi yo‘q, Otaquljon, deb alohida tayinladi. Tog‘am indamadi.
Mehmonlar ketganidan keyin G‘ulom oshpaz tumshug‘im tekkan kosani sho‘rvasi bilan ko‘tarib kelib, osmako‘va ustunining yoniga qo‘ydi:
– Ol endi, o‘zing harom qilgan narsani o‘zing ye!
Otaqul tog‘am mehmonlarning kosasi tagida qolgan sho‘vaniyam yalog‘imga keltirib quygach, yig‘ma taomni o‘rtangan siyoqda tanovul qilishga kirishdim. Bundan pay-paylarimga quvvat yoyilayotganini his etganim sayin, hatto serbardosh ajriq ham ba’zan qovjirab quriy boshlashining asosiy sababi oziqqa tashnalik ekanligini tub-tubigacha tushunib yetaverdim.
To‘yib olganimdan keyin qornimni chirmandalab yotarkanman, oqsoq Oqchopon bilan Pixpix Chandr yo‘ldan o‘tib borayotganiga ko‘zim tushib, o‘rnimdan turdim. Ularga ko‘prikdan beriroqda yetvolib, qayoqqa ketishayotganini surishtirdim.
– Bunaqa gadoytopmas yerlarda ivirsib yurish haybatimga putur yetkazadi, – deb tumshug‘ini balandlatdi Oqchopon. – O‘zimga munosib joyga borganim ma’qul. Hayt!
Pixpix Chandr ham o‘zini salobatli ko‘rsatishga tirishib, dimog‘ida so‘zlandi:
– Pix! Bizda yana birorta ishing bormidi, akasi bo‘yidan?
– Tabaqasi yuqori zotlarga ishdan gapirib o‘libmanmi? – deb tilyog‘lamachilikka o‘tdim men. – Mabodo haddim sig‘sa, sizlarga bir iltimosim boridi.
– Bu iltimosning panasida bizgayam tegishli biror naf yotgandirki, beting chidab gapirmoqchi bo‘pturgandirsan, pix?
– Agar ish bitsa, quyuq bir o‘tirishni tashkillash bemalol qo‘limdan keladi.
– Hayt-hayt! Nasabimga haddan ziyod yarashadigan gap aytding, bo‘tam. Qani-qani, so‘roving­­ni eshitaylik-chi.
Tasodifan Aldar Xoldorning hovlisida bo‘lib, yashirin xazinasi borligidan xabar topganimdan buyon, qanchadan-qancha odamning og‘zidagini yulvolish evaziga katta boylik orttirib kelayotgan, ayniqsa, Otaqul tog‘amni juldurchoponga aylantirayozgan bu butunyutarga o‘zimcha jazo tayinlab, miyamda bir rejani pishitib yuruvdim. Hozir shuni amalga oshirishning ayni fursati kelgandek tuyuldi.
Sheriklarimni Aldar Xoldorning uyi sari yetaklab borarkanman, qilishimiz lozim bo‘lgan ishni, umumiy tarzda bo‘lsa ham, yo‘l-yo‘lakay bayonlab o‘tdim. Ishning asosiy tomoni Olamosh o‘z vazifasini uddalay olganmi-yo‘qmi, shunga bog‘liq bo‘lib turgandi.
Gap shundaki, o‘sha kuni Olamosh bilan xushlashishdan oldin miyamda to‘satdan bir fikr balqidi. Mushuklarning xotirasi kuchliligi barchaga ayon, uni adashtirish uchun yuz chaqirim joyga eltib tashlasangiz ham, uyini bexato topib kelaveradi. Shuni hisobga olib, hovli devorining qora bo‘yoq tortilgan ostki qismiga tirnog‘imda o‘nta katakcha chizdim-u, har biriga noldan to‘qqizgacha bo‘lgan raqamlarni alohida-alohida yozib chiqdim.
– Jon Olamosh, oldin devordagi manavi raqamlar… hmm… rasmlarni yaxshilab yodlab olishga urin, – deb yalindim mushukka o‘sha kuni. – Keyin, egang temir javondagi shunaqa rasmlarni terayotganda, yoniga borib, qunt bilan qarab tur, oldin qay birini terdi, keyin qaysilarini, hammasini esingda saqlab qol. Menga chin yurakdan o‘rtoq bo‘lmoqchimisan yoki shunchakimi, mana shu o‘tinchimni qanday o‘rinlatishingdan bilinadi. Uqdingmi?
– Uqdim. Buning nimasi qiyinakan?
Hozir shular haqida o‘ylab kelib, Aldar Xoldorning darvozasidan beriroqda to‘xtadim-da, sheriklarimga shu yerda turib turishni tayinlab, yana oldinga yurdim. Borib, temir darvozaning o‘ng qanotidagi eshikchani sekingina qiyalatdim. Qarasam, hovlida hech kim yo‘q, beka tomorqadagi tandirga non yopib turibdi. Past tovushda sal angillaganim zahoti, sopol yo‘lakda o‘zini quyoshga solib yotgan Olamosh shoshib boshini ko‘tardi, meni ko‘rib, pizillab oldimga keldi.
– Qanaqa rasmlar borligini bilvoldingmi? – deb so‘radim, salom-alikniyam unutib.
– Bilvoldim.
– Hammasi esingdami?
– Esimda bo‘lganda qandoq? Egam nechchi marta uyga kelsa, xotiniga bildirmay, javonni bir ochib ko‘radi. Xaltachani olib, ko‘kragiga bosadi. Rohatdan tebranib, ko‘zlari yumiladi. O‘sha rasmlaringni har safar ko‘raverib, tushimdayam aytib beradigan bo‘pketdim.
Pixpix Chandrni yonimga imladim, uchalamiz hovliga kirib, devorning raqamli katakchalar chizilgan joyiga bordik. Olamosh zarracha qiynalmasdan, birinchisi manavi, ikkinchisi manavi, uchinchisi manavi, to‘rtinchisi manavi, deb kerakli sonlarni oldinma-ketin ko‘rsatishga tushdi. Demak, tilsimlangan raqamlar – bir, to‘qqiz, to‘rt, yetti.
Bu – ishning yarmi bitdi degani edi. Qolgan yarmining qiyin tomonlari ko‘proq, chuqur o‘ylab, har bir harakatning bor ikir-chikirini bittama-bitta belgilab chiqish kerak bo‘ladi.
Maslahatlashib-maslahatlashib, oxiri bir to‘xtamga keldik: barcha ishlar yarim kechadan keyin boshlanadi; ichkaridagi Olamosh zarur raqamlarni terib, temir javonchani ochadi; Pixpix Chandr derazaning doim qiya turadigan yeltuynugidan o‘tib, duxoba pardaga osilgan tarzda pastga tushgach, javondan olingan xaltani tishlaganicha, xuddi o‘sha yo‘l bilan ortga qaytadi. Keyin xaltani devor ostidagi suv tuynugidan ko‘chagacha sudrab chiqsa bo‘lgani, uni tashqarida kutib yotgan Oqchopon o‘ljani yelkaga o‘ngarib, kelishilgan manzilga jo‘naydi.
– Pix! O‘sha xaltaning senga nima keragi bor, o‘zi? – deb so‘rab qoldi Pixpix Chandr. – Yo ichi to‘la chapchap luqummi?
Kallamda birdan jo‘yali javob chaqnab, o‘zimga o‘zim tahsin yog‘dirgim keldi:
– Xaltada judayam noyob dori bor, palaklarning tagiga ooozgina sepilsa bas, handalakning sapchasi ko‘payadi. Bu yaramas odam egamning o‘shandaqa dorisini o‘marib ketib, birovlarga sotish uchun javoniga yashirib yuribdi. O‘g‘irlatgan narsasini o‘ziga qaytarib, egamga yaxshilik qilmoqchiman.
– Birovga tegishli dorini eplashtirgan bo‘lsa, tagi past odam ekan, – dedi Oqchopon. – Bunaqalarning adabini berish oqsuyaklar udumiga g‘oyatda mos tushadi, bo‘tam. Hayt!
Xazinani qayerga berkitishniyam oldindan o‘ylab turuvdim. Uni shiypon yaqinidagi polizga eltib, tog‘am osongina topib olishi uchun handalak palaklari ostiga tiqib qo‘yishdan qulayrog‘i borakanmi?
– Xaltani polizga yashirib bo‘lib, meni tovuqxona tomonda kutib yotinglar, – dedim sheriklarimga. – Ziyofatni o‘sha yerga olib boraman.
Va’da qilinayotgan ziyofatning qanday noz-ne’matlardan iborat bo‘lishini hozircha o‘zim ham bilmasdim. Buvimgami, opog‘otamgami, mung‘aygancha suykanib, sinfimizdagi bir qalin oshnam tug‘ilgan kuniga aytuvdi, yaxshiroq sovg‘a olib bormasam uyatga qolaman, deb cho‘ntakka yuqadiganroq pul undirvolsam – marra meniki, bazmning ko‘lami mablag‘ning salmog‘iga qarab yo undog‘roq bo‘ladi, yo mundog‘roq.
Aslida-ku, yomon narsa mundog‘roq, yaxshi narsa undog‘roq bo‘lganiga nima yetsin?!

Tovuq haqida qo‘shiq

To‘satdan odamga aylangunimga qadar nazardan chetroqda yurgim kelib uyimizga bordim-u, tag-zoti tayinsiz kuchukning eshikdan yana qiypanglab kirishiga ja ko‘zi uchib turmagandir-ov, deb buvimga ham ko‘rinish bermadim. Kecha uyqum chala bo‘lgani uchun molxona burchagidagi parquvsimon xashak g‘aramiga yotiboq, mizg‘ib qolibman. Go‘ngning sassig‘idan dimog‘im yorilgudek alpozda uyg‘onib qarasam, bosh tomonim xashakka cho‘kib, pushti krosovkali oyoqlarim tepamda ayrilanib turibdi.
Qiziq! Allaqachon odamlik tusini olganimga qaramay, osmonga tikilib, cho‘ziq-cho‘ziq vovullagim kelayotgandi.
Tag‘in o‘sha ko‘z ochib ko‘rgan ishlarimga unnadim – ishkom ostidagi ko‘rada yuz-qo‘limni yuvdim, artindim; barmoqlarimni og‘zimga bir tekkizib, oshxonada uymalanayotgan buvimga uchirma o‘pich yo‘lladim; uyga kirdim, islanib ketgan ichki kiyimlarimni almashtirdim; dadam bilan ayamning devordagi suratiga ichikib-ichikib tikildim; xontaxta qarshisiga cho‘kkaladim, tovoqchadagi gilosni oldimga surib, bir zumda danakka aylantirdim; qaytadan tashqarida paydo bo‘ldim; sopi chiqib yotgan teshani tuzatib, ayvonning tokchasiga qo‘ydim; tunda burun qitiqlab yurishini yashirmoqchidek, hozir tokcha chetida kiborlarcha tavozelanib turgan lo‘ttiboz pashshani do‘ppimda bir urib yalpaytirdim; tomorqaga o‘tdim, ketmonni oldim, sarimsoqpiyozlarga suv ochdim; qiyshiq mistog‘orani topdim, ichiga somon solib, ustiga kunjara uqaladim, ularni namlab aralashtirib, qo‘ylarga yem qorishni boshladim…
Quyosh botdi. Kechki ovqatni buvim bilan birga qildim. Keyin Parpivoy oshnamnikiga yugurdim.
Hatto dengizni quritvorsa bo‘larkan-u, insonni o‘zgartirib bo‘lmas ekan. Kirsam, hanuz o‘sha ahvol – Parpivoy xuddi o‘n marza sabzi qazigan odamdek terlab-pishganicha, kompyuterdagi matematik jumboqlarning tugunini yechib o‘tiribdi. Shartta yelkasidan g‘ijimlab, hey, pashmaksoch, boshing yorilib ketmasin tag‘in, deb ko‘chaga sudradim.
Guzar tomonga borayotib, mundoq qarasam, Oqchopon bilan Pixpix Chandr ushbu tundagi qaltis yumushni bajarishga kuch to‘plab, yollamachini kutayotgan mardikorlardek ariq yoqasida yonboshlab yotishibdi.
– Uyga kirib, biror yegulik opchiqsang-chi, – dedim Parpivoyga. – Manavi bechoralar juda ochga o‘xshaydi.
Parpivoy iljayib kesatdi:
– Bu itni o‘zing ko‘r qiluvding, shekilli? Endi unga ja akajonlab qolibsan?
– Yangi gunoh qilishdan oldin eskilarini yuvib turish kerak, – deb chala farishtalandim. – Bor, tuzukroq narsalardan opchiq.
Parpivoy uyga kirib, uch-to‘rt bo‘lak qotgan-qutgan non, besh-oltita po‘palanglagan vafli, namiqib sarg‘ishlangan oqqandlarni qog‘ozga solib chiqdi. O‘ramni uning qo‘lidan olib, ichidagilarni itligimdagi qadrdonlarimning oldiga to‘kdim:
– Olinglar, azamatlarim, bu – xamir uchidan patir.
Daladagi silab-siypalashlarimdan so‘ng mendan hurkimay qolgan Oqchopon yemishga birinchi bo‘lib tumshuq urdi. Keyin nasabi undan pastroq bo‘lgan Pixpix Chandrning gali keldi.
Hech kim yo‘qligidan foydalanib, Parpivoy ikkalamiz machitning hovuzida rosa akula-­akula bo‘lib suzg‘ilandik. Kechqurungi cho‘milishning ikkita yaxshi tomoni bor: birinchisi – kun bo‘yi yuqqan chang-chunglardan teringni tozalaysan, ikkinchisi – suv etingni shalpaytirib, qor tagidagi ayiqdek miq etmay uxlaysan.
Tunda ko‘rpaga yotayotib, ertalab yana tepki yeyishim ehtimoli borligidan cho‘chigan asno buvimga bezillab-bezillab qarab qo‘ygandim. Xayriyat, tongda odamligimcha uyg‘onib, hozirgina qozondan chiqqan ko‘katli chalpakni qaymoqqa botira-botira, odamdek nonushta qildim.
Qornim to‘ygach, babalayotgan qo‘ylarga xashak tashlab qo‘yib, guzarga chiqdim. To‘rt oyoqli do‘stlarimni siylash maqsadida buvimni iydirib undirgan pulimdan ozginasini sarflab, so‘rg‘ildiriq olib so‘rishga tutinarkanman, agar sheriklarim ishni uddalagan bo‘lsa, yangi shov-shuv mahallamizga ham yetib kelishidan umid­vorlanib, shu yerda ivirsib turaverdim.
– Ko‘rinmayroq qolganingdan hayron bo‘lib, kecha buvingdan so‘rasam, tog‘asi bilan dalada yurishni o‘rganvoldi, dedi. O‘zi, dalaning nimasi yoqib qoldi senga?
Momogul qandolatchi bekorchilikdan zerikib, meni gapga sola boshlagani qo‘l keldi, yoniga o‘tib, uzun taxtakursining bir chetiga o‘tirdim.
– Dalaning tekin handalagi yoqib qoldi.
– Ha-a, gap bu yoqda ekan-da? Hey bola, unda-bunda bizgayam ilinib turgin.
– Ilinardim-u, handalakni men ekmaganman-da.
– E-e, o‘zimniyam bo‘ynim qisiq degin?
Kutgan ishim bo‘ldi – Baraka-ma’raka qo‘shni mahalladan soqol oldirishga kelgan buqoq kishi bilan birga sartaroshxonadan chiqib, choyxona so‘risida o‘tirganlarga qarata gajakdor so‘z qotdi:
– Yangilikka toblaring qalay?
– Yangi gap birinchi bo‘lib yo sartaroshga, yo choyxonachiga yetib keladi-da, – deb mutoyiba qildi Toshpo‘lat mergan. – Gapiraversinlar.
– Aldar Xoldor esidan og‘ganmish!
– Yo‘g‘-e! – shoshganicha do‘konidan chiqib keldi Qiron qassob. – Buni kimdan eshitding?
– Mana, o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan odam yonimda turibdi, – deb buqoqni ko‘rsatdi sartarosh.
Hamma tengdan buqoqqa yuzlandi.
– Bu yoqqa kelayotib qarasam, Aldar Xoldor ko‘chadagi qayrag‘ochning ustiga chiqvolib, hammang o‘g‘risan, hammangni yo‘qotaman, deganicha qushlarning inini buzyapti, – ping‘illoq tovushda so‘z boshladi buqoq. – Ana endi ko‘rsangiz – qayrag‘ochning tagida qo‘ni-qo‘shni to‘plangan, Aldar Xoldorning xotini o‘zini har tomonga urib, sizga nima bo‘ldi, dadasi, yiqilib o‘lasiz, tushing, deb uvvos solgan…
Qo‘shnilardan biri uyidan shoti olib chiqqach, uch-to‘rtta erkak bir bo‘lib, Aldar Xoldorni qayrag‘ochdan zo‘rg‘a yulqilab tushirishibdi. U oyog‘i yerga tegishi bilanoq, bilaman, baring tug‘ma tomtesharsan, shuniychun o‘g‘ri qushlarning yonini olyapsan, deb, endi atrofdagilarga musht o‘ynata ketibdi. So‘ng tuyqus jimlanib, tevarakka iljayib alanglabdi; yerdan cho‘p olib, hih-hih-hi, bular – uyushgan talonchilar, deya chumolilarning uyini buza boshlabdi.
– Xudoyim shunaqa ko‘rgiliklardan asrasin, – deb xo‘rsinib qo‘ydi Momogul qandolatchi.
To‘lan to‘lpoq gapning tag-tagigacha yetishga oshiqib, buqoqni so‘riga o‘tqazdi; qo‘liga bir piyola choy tutqazib, xo‘sh, keyin nima bo‘ldi, deb so‘radi.
– Keyin qandaydir tovuqqa bag‘ishlab, to‘satdan ashula aytvordi, o‘zining ashulasiga o‘zi o‘yin tushganicha uyga qarab yo‘rg‘aladi, – deb choydan ho‘pladi buqoq. – Xotinidan gap so‘rasak, o‘zimam hech nimani anglolmay turibman, dedi.
Xotini nonushta tayyorlashga urinayotganida, Aldar Xoldor o‘z xonasiga kirib ketib, ancha vaqtgacha qaytib chiqmabdi. Dasturxonni tuzab bo‘lgan beka uni chaqirmoqchi bo‘lib, xonaga bosh suqsa, eri gilamga cho‘kkalagan tarzda bir nuqtaga tikilganicha, qoziqdek qoqilib o‘tirganmish. Yuring, nonushta qilvoling, deb dasturxonga chaqirsayam, qilt etib qo‘ymabdi. Bekaning yuragi shuvillab, ichkariroqqa o‘tib boribdi-da, hoy, bu nima turish bo‘ldi, dadasi, deb uning yelkasiga turtibdi. Aldar Xoldor bir seskanib olib, muzga aylangan ko‘zlari bilan bu safar xotiniga uzoq tikilib qolibdi; unga barmog‘ini bigizlab, e, kuning qashqarbaldoqqa qolmay o‘l-a, debdi-yu, birdan qahqahlab yuboribdi.
– Menimcha, bu haromchaynar oxiri tangrining qahriga uchradi, – deb yanada balandroq ping‘illadi buqoq. – Ko‘p odamni kuydirgan-da!
Muyulishdan tandir yuklangan arava chiqib keldi. Choyxonaga yaqinlashganda, eshak taqqa to‘xtab, egasining qamchilashiga zarracha parvo qilmasdan, bezlanib turaverdi.
– Iye, yana ho‘ppayib oldimdan chiqdingmi? – deb men tarafga og‘zidan dag‘dag‘a ufurtirdi Sangin tandirchi. – Mana, Hangirshteyn seni ko‘riboq taxta bo‘pqoldi! Yaxshilikcha tuyog‘ingni shiqillat-e!
Momogul qandolatchi menga jon tortishgan bo‘ldi:
– Bolaga baqirmang! Eshagingiz azaldan xira, o‘zi!
– Fe’li xira bo‘lsayam, esi tiniq! Dushmanini yuz yildan keyinam taniydi!
Kerakli gapni bilvolganimdan keyin o‘zim ham bu yerdan jilmoqchi bo‘pturuvdim, indamay o‘rnimdan qo‘zg‘alib, dala tomonga yo‘l oldim. Kushandasini badarg‘a qilishga erishgan Hangirshteyn tantanavor hangraganicha olg‘a odimlab, choyxona qarshisiga kelib to‘xtadi.
Uchko‘chaga yetib, “Paynet” do‘konchasi yonidan o‘ngga burildim. Terakzor yo‘ldan borarkanman, Aldar Xoldorning uyi oldida peshanasiga yarim oy tamg‘asi tushirilgan “Tez yordam” mashinasi turganini ko‘rib, qadamimni sekinlatdim. Aldar Xoldor oq xalatli ikkita barzangi sanitarning yetagida, ashula aytganicha, ko‘chaga alpang-talpanglanib chiqib keldi:

Salimjonning tovug‘i bor,
Olachipor qanoti.
Salimjonning shu tovuq deb,
Maqtanishi g‘alatiii.
Qaqa qaq-qaq, qaqa qaq-qaq,
Ququ quq-qu, ququ quuuuu…

Ochig‘ini aytsam, Aldar Xoldorning ta’zirini berib qo‘yishga shaylanayotib, ish bu darajada fojiali tus olishini xayolimgayam keltirmagandim.
O‘zimni gunohkordek his etganim uchun etim jimirlab ketdimikan, deb turuvdim; yo‘q, shunchaki odatiy hol yuz berib, yana kuchukka do‘ngan ekanman.
– Ko‘rdilaringmi, ko‘rdilaringmi? – og‘zi yirilgudek bo‘lib qahqah otgancha irg‘ishladi Aldar Xoldor. – Odam itga o‘girilib qoldi! Veh-hah-ha, veh-hah-ha…
Qisiqko‘z sanitar bu gapni telbaning galdagi aljirashiga yo‘yib, ko‘rdik, bilamiz, odamlar qut-qut itga aylanib turadi, deb mi­­yig‘ini jimirdi.
Uni mashinaga chiqarishayotganda, Aldar Xoldor bir siltanib to‘xtadi-da, keskin jiddiylashib, mabodo surishtirib ko‘rmadingmi, bir karat olmos jahon bozorida qanchaga chiqdiykin, deb so‘radi qisiqko‘z sanitardan.
– Bundan bexabar ekanman, – dedi sanitar mazaxnamo ohangda.
Aldar Xoldor endi ikkinchi sanitarga qo‘rsayib yuzlandi:
– Bir untsiya oltin-chi?
– Bilmadim-a…
Aldar Xoldor iyagiga barmoq tirab, osmonga o‘ychan tikildi:
– Oltin… oltinlar… G‘imm… Qayerdadir ko‘rganman-da… Ha! Rahmatli otamning qo‘lida ko‘ruvdim!
– To‘ppa-to‘g‘ri!
Sanitarlar bir-biriga iljayib qo‘yib, Aldar Xoldorni orqa eshikdan mashinaga tiqqach, o‘zlari ham uning yoniga tiralishdi. Keyinroqda chiqqan vrach ayol kabinaga o‘tirdi.
Yo‘l-yo‘lakay opog‘otamni bir yo‘qlab qo‘yish niyatim bor edi, shu turishda kirib borishga ko‘nglim chopmadi. Umuman, bu yerga kelganga yarasha anor pishig‘ida kelsang-da. O‘shandayam, itligingda emas.
Stadionni yoqalab o‘tayotganimda, ichkaridagi bolakaylarning jarangdor baqiriq-chaqiriqlarini eshitib, entikib ketdim. To odamga aylanib, do‘kondan ziyofatbop narsalar olvolgunimcha shu yoqqa kirib vaqt o‘tkazay, bahonada hibsdagi tulkimizniyam bir ko‘rib qo‘yarman, deb o‘yladim-u, oyog‘im o‘z-o‘zidan ajoyibxona bo‘sag‘asiga qarab o‘rmaladi. Eshik oldida chipta yirttirib turgan kishilarning poyabzali orasida o‘ralashganimcha ichki yo‘lakka o‘tib oldim.
Sinfimizdagi bolalar bilan o‘qituvchimiz boshchiligida kelib, bu ko‘chma ajoyibxonani ilgariyam rov ko‘rib ketuvdim. Endi har qaysi qafas oldida xohlagimcha to‘xtalib, turli jonivorlarni shoshilmay ko‘zdan kechirishimga imkon tug‘ilgandi.
Tulkimizni topolmadim, yaralari bitgunicha chetroqda davolanib yotibdi, shekilli. Xilma-xil qushu hayvonlarni bir-bir tomosha qila borib, maymunlarning qarshisida uzoq turib qoldim: hammasidan kattasi – gorilla, shimpanze undan kichikroq, narigi qafasda jajjigina “martishka”lar onasiga bitini terdirib o‘tiribdi.
Qafaslardan beriroqdagi yog‘och to‘siqning tirqishidan o‘tib, bolalar irg‘itgan har xil mevayu shirinliklarni talashib-tortishib yeb turgan maymunlarga yaqinlashdim. Ulardan biri olma chaynashdan to‘xtab, ko‘zimga maynavozlanib tikildi. Yanayam yaqin borganimni bilaman, og‘zidagi olma qoldig‘ini yuzimga tuflab, qiyqira-qiyqira, ustimdan kula ketdi. Qonim qaynagandan qaynab, bir sakradim-u, panjaradan osilib turgan dumini ayamasdan tishladim.
Ha chinqirmaysan-a! Tegmaganga tegishning oqibati mana shunaqa bo‘ladi!
Bir zumda to‘polon ko‘tarildi. Boshqa maymunlar ham qiy-chuvlashga tushib, oldidagi narsalarni odamlarga ota boshladi. Borliq hayvonboqar shu joyga to‘plandi. Ular maymunlarni tartibga solishga tirishayotganida, Qulqul Davedivich gerdaygancha bo‘y ko‘rsatib, g‘ala-g‘ovurning sababini surishtirdi.
– Manavi kuchuk anavi maymunning dumini tishlavoldi, – dedi tomoshabinlardan biri.
– Shundan keyin jamiki maymun qo‘zg‘olon ko‘tardi, – deb qo‘shimcha qildi boshqasi.
Meni ko‘rib-la, Qulqul Davedivichning basharasidan tajanglik alomati so‘nib, iye, Mittivoymisan, deb hiringladi. Atrofimda odamlar tirbandligi uchun qochishga urinishim habada ketdi, boshliqning “Uushlanglar uni”, degan buyrug‘ini eshitiboq, hayvonboqarlardan biri menga shartta changal soldi.
Birpas o‘tib qarabsizki, Qulqul Davedivichning xonasidagi chuqur yashiqda aristonlanib o‘tiribman-da. Oldimdagi laganchada – suv, tovoqchada – guruch-qiyma aralash ovqat. Menga vaqtinchalik boshpana hozirlab bergan hayvonboqar boshliqqa qarab, endi bu kuchukni nima qilamiz, Qulqul Davedivich, yo arslonga beraylikmi, deb so‘raganida, o‘takam yorilishiga oz qoldi.
– Shu jinqarchang arslonning chap ichagiga yuq bo‘larkanmi! – dedi Qulqul Davedivich. – Men senga aytsam, juda uquvchan kuchuk bu. Uni kecha dalada ko‘ruvdim, o‘zini mug‘ombirlikka solib, meni laqillatmoqchi bo‘ldi-ya. Sirkdagi og‘aynimga eltib bersam, rosa xursand bo‘ladi.
Bu gapni eshitib, xiyla o‘zimga keldim.
Qani, o‘sha tsirkidayam bir yalansak yalanibmiz-da. Agar yanglish fikrlayotgan bo‘lmasam, itligimda halqadan sakrab, odamligimda masxarabozlik qilib non topish arslonga yem bo‘lishdan ko‘ra birmuncha fayzliroq.
Kamina uchun byudjetdan ajratilgan taomni tushlikda yedim. Qorin to‘yib, endi chalaroq uxlab olsammikin deb turganimda, Qulqul Davedivich meni cho‘girmadek ko‘tarib chiqib, oynalari zich yopilgan “Matiz”ning orqa o‘rindig‘iga irg‘itdi. Bu – it bo‘lganimdan beri ilk bora mashinaga o‘tirishim edi.

Hamyonni oching, Qulqul Davedivich!

Mashina shahar sari g‘ildiroqlana boshlaganida, orqa o‘rindiqda kulchalanib yotishdan zerikib, oldindagi suyanchiqlarning ikki chetiga qo‘shoyoqlab osildim-da, tevarakka alang­lab-jalanglab boraverdim.
Arosatda yashashga o‘tganimdan buyon meni eng qo‘rquvga solib yurgan narsa – itligimda hayvonlarning ko‘zi oldida odamga, odamligimda kishilarning orasida itga aylanib qolish edi. Qarangki, o‘sha xodisa ayni shu pallada yuz berib turibdi-ku!
Esankirashdan qutim o‘chib, gavdamni yonroqqa yashirishga uringanimda, Qulqul Davedivich old oynak tepasiga o‘rnatilgan cho‘ziq ko‘zguchaga qiyaladi-yu, orqada kimdir baqrayib o‘tirganini ko‘rib, tomi ketishiga oz qoldi. “Va-vah!!!” deb sapchilaganida, rul qo‘lidan chiqib, mashina birdan chetga burildi; yo‘l yoqasidagi yoyilmada o‘sgan qamishlarni shatirlatib o‘tib, ariqqa sanchildi.
Qulqul Davedivich vahimadan hala-halovlanib, peshanasini rulga qadagan asno nafasini pishpishlatib turarkan, men old o‘rindiqqa urilishdan achishayotgan ko‘kragimni silay-silay, sekingina mashinadan tushdim. O‘zimni o‘nglab olgach, mashinaning narigi yog‘iga o‘tib, kuchuk o‘g‘risiga oynakdan bezrayib mo‘raladim:
– Po‘killab o‘tiravermay, bu yoqqa chiqmaysizmi endi!
Mashinaning ort qismi yoyilmaning sayoz joyida, old tomoni ariqning chuqurida bo‘lgani bois, eshik ochilishi bilanoq, ichkarini suv bosdi; Qulqul Davedivich tizzagacha shalabbo bo‘lgan alpozda yo‘l chetiga chiqib keldi.
– Hey, shatmoqvachcha! Birov sen bolaga xo‘rozqand tutqazib, Qulqul Davedivichni o‘ldirib berasan, demaganmidi? – deb, temirchining ko‘miridek bozilladi u. – O‘zi, mashinada qayoqdan paydo bo‘pqolding? Suyanchiqning orqasida biqinib yotuvdingmi?
Tayyor bahonani o‘zi topib berganidan suyunib, uzr endi, shaharni bir ko‘rib kelay devdim-da, deya o‘zimni izza bo‘lganga soldim.
– He, sendaqangi kezargondan o‘rgilib qo‘ydim! – qittak tilingan burniga ro‘molcha bosayotib, ko‘zini chaqchaytirdi Qulqul Davedivich. – Qaytishda yo‘limni topamanmi-yo‘qmi, deb o‘ylamadingmi, qozonkalla?!
U yana nimadir deyishga og‘iz juftlayotganida, asosiy narsa tuyqus esiga kelib, suv kechib borganicha, mashinaning orqa eshigini ochdi; ichkariga bosh suqib, pastu balandni qitir-shitir timirskilay ketdi. So‘ng jussasini tashqariga olib, kuchuk qani, deb so‘radi mendan.
– Mashinadan tushayotib qarasam, kuchuk o‘lib yotibdi, – deb parvosizgina javob qildim. – Shartta olib, ariqqa irg‘itvordim. O‘ligi dalaga oqib borsa, balki, Otaqul tog‘a uni topib, o‘zi yaxshilab ko‘mib qo‘yar.
Bu so‘zimni eshitib, Qulqul Davedivichning yelkasi uchindi:
– Iye, kuchukni tanirmiding?
– Bo‘lmasam-chi! Dalaga borganimda nechchi marta ko‘rganman. Agar o‘g‘irlamasangiz, hoziram o‘sha yoqda tirik yurgan bo‘lardi.
– Kim o‘g‘irlabdi? – deb gezardi Qulqul Davedivich. – Bunaqa gapni boshqa gapirma!
– Unda, begona kuchuk mashinangizga o‘zi o‘tirvolibdi-da, Qulqul Davedivich?
Shu payt bir traktor tar-tarlab kelib qoldi. Uni to‘xtatib, mashinani yo‘lga torttirib chiqardik. “Matiz”ning o‘ng chirog‘i sinib, Oqchoponning ko‘ziga o‘xshab ko‘rinayotganini hisobga olmaganda, boshqa joyiga ortiqcha shikast yetmagan ekan, egasi kalitni buraganida, bir-ikki bor chuchkurgan bo‘ldi-yu, keyin motori guvillab ishlay boshladi.
Traktor ketgach, Qulqul Davedivich menga mo‘ltayib, jon ukajon, o‘tgan ish o‘tdi, kuchuk to‘g‘risida egasiga indab yurmagin, a, deb elangan edi, to‘rt oyoqli o‘rtoqlarimga katta ketvorganim yodimga tushib, mo‘ndaroq ziyofatga erisangiz, soqovga aylanaman-qolaman, dedim.
Otaqul tog‘amning g‘azabiga uchrashdan ko‘ra kuchuk o‘g‘risi degan laqab orttirib olishdan ko‘proq qo‘rqayotgan Qulqul Davedivich ora-sira injiqlana-injiqlana, aytganlarimning hammasini muhayyo qildi – birko‘z “Matiz”ni haydab borib, paxta zavodining oshxonasi yonida to‘xtatdi; ichkariga kirib ketib, o‘n bir qo‘shoq parmo‘da somsa, o‘n bitta gamburger, o‘n bitta qiymakabob, o‘n bitta sosiska, bir kosa no‘xatsho‘rakni salafan sumkaga tiqqanicha qaytib chiqdi. Ishim yurishib, ertalab buvimdan olgan pulim yonimga qolib turibdi-ku!
– Mayli, qoqlangan hamyonni boshdan o‘girgan bo‘layin, – dedi Qulqul Davedivich, mashinaga o‘tirayotib. – Omaleykin, bir narsani oldindan aytib qo‘yay, bularning yarmini yamlab ulgurmasingdanoq, qorning vavanglab portlashi mumkin!
– Qo‘rqmang, bundan ko‘piniyam yeb yurganmiz, – deb keriklandim unga. – Endi meni dalaga tashlab qo‘ying.
Dalaga yetib borgach, zovur yoqasida mashinadan tushdim.
– O‘sha gap – gap-a? – deb ko‘zimga sinchilandi Qulqul Davedivich. – Birovga indash yo‘qmi, axir?
– Nima, qiz bolaga o‘xshayapmanmi? O‘g‘il bolaning gapi bitta bo‘ladi – tamom!
Qulqul Davedivich bilan hani-huni xayrlashdim. Yon-verimga qarasam, yaqin atrofda hech zog‘ yo‘q. Salafan sumkani zovur ko‘prigining ostiga yashirib, shiypon sari yurdim. Ziyofatbop o‘ljani osongina qo‘lga kiritganimdan ko‘nglim charog‘onlashgani sayin, qadam bosishlarim ham yengillashib borayotgandek edi.
Kelib, derazadan shiyponning ichiga mo‘raladim, Otaqul tog‘am ko‘rinmadi. Uni qidirib orqa tarafga o‘tsam, G‘ulom oshpaz tushlikda ishlatilgan idishlarni ariqchada yuvib turgan ekan. Salomlashib bo‘lib, tog‘amni so‘roqlagan edim, Otaqulning pati birdan yarqirab tovlandi-yu, pirillaganicha uchdi-ketdi, deb xoxoladi.
Uning aytishicha, tog‘am Rahimboy fermer ikkoviga handalak so‘yib berish niyatida poliz tomonga ketib, birpasdan keyin handalak o‘rniga qandaydir charm xaltani ko‘tarib kelibdi-da, buni ko‘ringlar, palaklarning orasidan topvoldim, deya og‘zi ochiq topildiqni dasturxonga qo‘yibdi. Qarashsa, xaltaning ichida oltin taqinchoqlar bijib yotganmish. Oshpazning ichi dolg‘alanib, endi buni nima qilamiz, deb so‘rasa, tog‘am hech ikkilanmasdan, nima qilardik, molini o‘g‘irlatgan kishini topib, o‘ziga qaytaramiz-da, debdi.
– Egasi chiqmasa-chi? – deb yana tergovchilanibdi G‘ulom oshpaz.
Shunda Rahimboy fermer o‘rtaga bir maslahat tashlabdi:
– Yaxshisi, buni milisaxonaga topshiraylik. Egasini o‘zlari surishtirib topadi. Egasi topilmasa, davlatga qoladi.
Buni eshitib, o‘sha yaltir-yultir narsalarni pisinib-biqinib to‘plab kelgan kimsa uchun endi Salimjonning tovug‘idan boshqasi sariq chaqa, deb qo‘ydim ichimda.
Xullas, Rahimboy fermerning taklifi ma’qul kelib, tog‘am ikkovi oq “Neksiya”da tuman markaziga qarab jo‘nashibdi.
G‘ulom oshpaz idish-tovoqlarni allaqachon yuvib-joylab qo‘yganiga qaramay, u yoqda nima gap bo‘lganini bilishga qiziqib, uyiga ketmasdan o‘tiraverdi. Ketganlar shomga yaqin qaytishdi. Milisaxona xodimlari xaltadagi narsalarni birma-bir qog‘ozga yozib chiqib, Rahimboy fermer bilan tog‘amga guvoh sifatida qo‘l qo‘ydirib olishibdi.
Otaqul tog‘am kechki ovqat mahali bug‘doy yormasi ustiga uch-to‘rtta tuxum chaqib, huzurijon bo‘tqa pishirib berdi. Ishtaham karvonsaroyning darvozasidek ochilib turganida bu bo‘tqa ko‘prikning tagiga yashirilgan taomlardan ham tansiqroqdek tuyuldi. Shu orada tovuqxona tarafdan Oqchoponning qisqagina vovullab qo‘ygani qulog‘imga chalinib, meni kuta-kuta, o‘lgudek ochqaganga o‘xshaydi bular, degan o‘y kechdi boshimdan.
Tun quyuqlashdi. Tog‘am qattiqroq charchagan, shekilli, uxlashga odatdagidan ancha barvaqt yotgani zap ko‘nglimdagidek ish bo‘ldi. Ko‘prikning tagidagi salafan sumkani olib, zovur do‘ngini panalaganimcha, tovuqxonaga qarab yurdim. Mo‘saqo‘zi tovuqboqarning uyidan o‘n-o‘n besh qadam berida to‘xtab, yulg‘unlar orasiga yastandim.
Itga aylanishni bunchalik orziqib kutganimni sira eslolmayman, tun yarimga qarab og‘yaptiki, haliyam odamligimcha so‘ljayib yotibman.
Xayriyat, baqalarning qurillashi avjga mina boshlagan chog‘da, nihoyat, etim jimirladi. Shuni intiqib kutayotganim uchunmi, har qachongidan yoqimliroq jimirlaganga o‘xshab ketdi.
Kuchukka do‘nganim zahoti tagdor ingillab, sheriklarimga chorlov ishorasini qildim. Ziyofatdan umidvor bo‘lib yotganlar yoppasiga oyoqqa qalqigani potira-putur tovushlardan yaqqol sezilib turardi.
Bazmga qanchalar oshiqayotgan bo‘lmasin, Pixpix Chandrdan tortib Qorabekaning bolalarigacha o‘zini bosib olishga kuch topib, oqsuyaklarga xos vazmin odimlayotgan Oqchopondan orqaroqda kelishdi; salafan sumkani tatalab yirtganimdan keyin ham, taomga undan keyin tumshuq cho‘zishdi.
Qarang-a! Aftingni kibor ko‘rsatib, nasabing balandligini tinmay pesh qilaversang, oxiri hamma bunga ko‘nikib qolar ekan.
Edi-ichdi qizg‘in pallaga kirayotganida, bunisi “Samuray”ga, deya yupqa plastmassa kosadagi no‘xatsho‘rakni oldingi oyog‘imda chetga surib qo‘ydim.
Ha, davrada yana bitta do‘st yetishmay turgandi. Tovuqxonaga yaqin borib, jangovar xo‘rozga ovoz qildim:
– Vanguuu vang!
“Samuray” darchaning siniq panjarasidan bosh chiqarib, atrofga elovladi. Ko‘pchilik parrandalar qorong‘ida uzoqni yaxshi ko‘ra olmasligini bilganim bois, simto‘r ostidagi tuynukdan o‘tib, unga yanada yaqinlashdim:
– Men Mittivoy oshnangman. Bu yoqqa sakra.
“Samuray” oldimga uchib tushishi bilan, yur, ziyofatga aytgani keluvdim, deb ortimdan ergashtirdim.
Qiyomat o‘tirish bo‘ldi. Bari o‘zimbop yemish­lar edi, shu tufayli birinchi bor sheriklarimga qo‘shilib, burunma-burun ovqatlandim.
Salafan dasturxonni janubdan shimolga qarata yalanglatib kelgan Oqchopon bir to‘xtalib olib, kekirig‘ini karnaylatdi. Keyin qorin silaganicha o‘z-o‘zidan kuylashga tushdi:

Yuvindining yog‘i qani,
Sho‘rvaning qaymog‘i qani,
Voqi bobooo,
Vovva vovooo!
Son suyagi qattiq ekan,
Sut achigan – achchiq ekan,
Voqi bobooo,
Vovva vovooo!

Osh pishirib, baqirib keling,
Oshga meni chaqirib keling,
Voqi bobooo,
Vovva vovooo!..

Ayvon tomondan Mo‘saqo‘zi tovuqboqarning bor tovushda shang‘illagani eshitilib, qo‘shiq endigina qiyomlashayotganida, to‘satdan bo‘linib qoldi:
– Chip!!! He, tomog‘ing titilgur!!!
Po‘pisa tinib-tinmasidan, yirtiq bir shippak havoda chirpiroqlanib kelib, uyga orqamacha o‘tirgan begunoh Pixpix Chandrning kuragiga tegdi.
– Haaa, did yomooon buzildi! – deya burnini salobatli tebratdi Oqchopon. – Qadimiy qo‘shiqlarimizni mensimaydigan paytavaquloqlar ko‘payib boryapti.
O‘tirishimiz qo‘shiqsiz ham, binoyidek davom etaverdi.
Yayragandan yayrab ketib, shunchalar uzoq chaqchaqlashibmizki, tong yorishayotganini “Samuray” o‘z-o‘zidan qichqira boshlaganida payqab qoldik.
Bu – tanishganimizdan buyon o‘tgan qisqa davr ichida menga qirq yillik qarindoshlardek aziz bo‘lib ulgurgan jonajon oshnalarim bilan oxirgi marta ularning tilida gurung­lashib o‘tirishim ekanligini o‘shanda qayoqdan bilibman deysiz? Bilsam, har birini alohida qucha-qucha, qalbimdagi mehru muhabbatning borliq o‘t-otashini, so‘zlarimning eng jo‘qin, eng totlilarini boshlaridan gulbarglardek to‘kib-sochmasmidim?!
Qayoqqa qarama – attanglar, attanglar, attang­lar. Chamasi, buning oldini olish juda mushkul – odam shaklida dunyoga kelibmizki, soatning har bir chiqirlashida nimanidir boy berayotgan bo‘lamiz…

Oddiydan oddiy jasorat

G‘ira-shira tongdayoq tirillab yetib kelgan uch g‘ildirakli mototsiklga tuxum yuklab jo‘natgan Mo‘saqo‘zi tovuqboqar simto‘r bilan devor orasidagi eshikchaning qulfini yechib kirib, tovuqxonaning darvozasini ochdi. Tovuqlar to‘g‘onni qo‘porgan suvdek tashqariga guvranib yopirildi. Ana endi, yo‘ng‘ichqa cho‘qilash bo‘yicha tovuqxona birinchiligini tomosha qilib yotavering!
“Samuray” simto‘r ostidagi kandikdan pismayib o‘tib, ertalabki saylga chiqarilgan tovuqlar orasiga eson-omon qo‘shilib olgan payt­­da Oqchopon bilan Pixpix Chandr ham ketishga hozirlandi.
– Hayt-hayt! – deya shavqlanib silkindi Oqchopon. – Umrimda bunaqa vahvahali chaynovga duch kelmaganidim. Qornim nog‘ora bo‘pketdi-ya!
Maqtovni Pixpix Chandr davom ettirdi:
– Qoyilman, Mittivoy! Menga o‘xshab labzida turadiganlardan ekansan! Ochig‘i, bunchalik sershira o‘tirish qilib berishingni kutmovdim, pix!
Ko‘tarinki kayfiyatda xayrlashdik. Oqchopon nariroqqa borganida o‘ychan to‘xtalib, ha, aytganday, bir narsani so‘rash esimdan chiqibdi, deb yonimga qaytib keldi:
– Hayt! Haligi… bo‘lichkali ovqatning oti nimaydi?
Ziyofat chog‘ida bu savolga bir-ikki bor javob bergan bo‘lishimga qaramay, sokin tovushda yana qaytariqladim:
– Gamburger.
– Gamburger… gamburger, – yangi so‘zni xotirasida qotirishga tirishdi Oqchopon. – Anavi… qizil ichakning oti-chi?
– Sosiska.
– Sosiska… sosiska… gamburger… sosiska, – yana o‘zicha bidirladi Oqchopon. – Menimcha, bu kamyob taomlar ataylab oqsuyaklar uchun pishirilsa kerak. Nima deding, hayt?!
– O‘ylab qaralsa, gapingizda jon bor, Oqchopon hazratlari.
Fikriga qo‘shilganim Oqchoponga yoqib tushdimi, oldingi oyoqda yelkamga qoqib qo‘yib, g‘o‘qqayganicha ortga burildi.
Qornim to‘q bo‘lgani, birovning u-bu yegulik itqitishiga zor emasligim tufayli shiypon tarafga bormadim; yana odamnusxa bo‘lishimni kutib, biqqi chimloqqa yastandim. Tuni bilan uxlamay chiqqanim uchun sal pinakka ketibman. Qo‘ng‘iroqnamo kulgu tovushidan seskanib ko‘z ochsam, Mo‘saqo‘zi tovuqboqarning jikkak qizi mushukchalarni quvalaganicha o‘ynab yuribdi. Quvlashmachoqni jo‘shqinlanib kuzatarkanman, mushukchalarning o‘rnida emasligimdan xitlandimmi, ularga g‘ayirlanib boqdim.
Qizaloq bir u mushukchani, bir bu mushukchani tutmoqchi bo‘lar, epchillikda tengi yo‘q paxmoqvoylar esa har safar chaqqonlik bilan chap berib, uni dog‘da qoldirardi. Quvlasha-quvlasha zovur yoqasiga borib qolishganda, qizaloq mushukchalardan birining ustiga tashlandi-yu, oyog‘i toyib ketib, pastlikka qarab yumalandi.
Sapchib turib, zovur tomonga uchqurladim. Borib qarasam, qizaloq chinqira-chinqira suvda oqib ketyapti. Oqini uncha tez bo‘lmagan zovur yoqalab chopishga tutindim. Mo‘ljalga yetganimda, o‘zimni suvga otib, qizaloqning yonginasiga shaloplab tushdim; ko‘ylagining yoqasidan tishlab olgach, u bilan birgalikda goh tubga cho‘kib, goh yuzaga qalqib oqqanimcha, jon halpida potranib, qirg‘oq sari intilaverdim. Shu topda o‘z jonim ko‘zimga ko‘rinmay, qizning yoqasi yirtilib tishimdan chiqib ketmasa bas, deb xavotirlanayotgan edim.
Quyonning kuni bitmasa, bo‘rining yuguroqligi nima bo‘pti, deganlaridek, bizning ham umrimizdan bor ekan, zovurning yarmida sayozlik hosil qilgan do‘ngalak joyga uchrab, tajovuzkor suvning chovutidan yulqinib qutuldik. Cho‘ziq-cho‘ziq chinqiriqlardan vahimaga tushgan Mo‘saqo‘zi tovuqboqar sohilga halloslab yetib kelganida, men qizaloqni allaqachon suvning chetiga tortqilab chiqayotgan edim.
Pastakkina uy bir zumda quvonch qasriga aylandi. Ko‘zi yosho‘ragan xotin xudoga shukrona ayta-ayta, qizining kiyimlarini almashtirarkan, Mo‘saqo‘zi tovuqboqar suvkalamushdek ivib turganimga qaramay, meni bag‘riga mahkam bosib olib, qaltiroq tovushda duo-alqovlarni shovvalatdi:
– Ha Mittivoy-a! Ha kam bo‘lmagur-a! Bizga qanday katta yaxshilik qipqo‘yganingni anglolmay turishingni qara! Itligingdan afsuslanib ketyapman hozir! E, yo‘q, sendaqalarni it deyishga til bormaydi, bunaqa gap senga sirayam munosibmas, Mittivoy! Qaniydi, xudo saxovat ko‘rsatib, seni umrbod odamga aylantirib qo‘ysa-yu, og‘a-ini tutinib, borimni o‘rtaga to‘kib tashlasam!..
Bu so‘zni eshitiboq, hademay chindanam odamga aylanishim mumkinligi birdan esimga kelib, ko‘nglim dalg‘ovlandi. Qizchaning ki­­yimlarini almashtirib ulgurgan xotin javon tortqisidan ikkita popukqand olib, ma, Mittivoyjonim, vuy, senginadan o‘zim aynanib keta­yin-a, deb ularni palosga qo‘yganida, nihoyat, Mo‘saqo‘zi tovuqboqarning og‘ushidan xalos bo‘lib, pastga qo‘ndim. Popukqandlardan birini shu joyning o‘zida xapillatgach, ikkinchisini tishlarimga qistirib, tashqariga yurdim.
Tashqariga chiqdim-u, og‘zida popukqand salanglab turgan odamga evrildim. O‘ta tatinqirab tuyulgan birinchi popukqandning ta’mi tanglayimdan ketib ulgurmagandi, ikkinchisining ham qog‘ozini ochayotganimda, “Iyyeee!” degan ovozdan bir cho‘chib tushib, mundoq qarasam, ostonadan hatlayotgan Mo‘saqo‘zi tovuqboqar menga davaralanib kelyapti:
– Hey, qanaqa ochofat bolasan? Qandni itning og‘zidan yulvolishga uyalmadingmi?
Tovuqboqar tevarakka jovdirab, ardoqli kuchugini, ya’ni meni ko‘zida qidira boshladi. So‘ng Mo‘ttivoyning qiyofasiga kirgan Mittivoyni tanimay, qaytadan zahrini sochdi:
– Mittivoy qani? Yo uni tepib haydavordingmi, oyog‘ing qiyshaygur?! O‘zi, turumimning tagida nimaga talmovsirab turibsan?
Jo‘yali javob zip etib tilimga qo‘naqoldi:
– Shu yoqda birov hadeb chinqirayotgandek bo‘ldi. Nima gapligini bilgani keluvdim.
– Hech gap yo‘q! Bor, kelgan joyingga jo‘na!
Indamay burilib, shiypon tarafga yo‘l soldim. Mo‘saqo‘zi tovuqboqar zovur sari yurib, ma, Mittivoy, husht-husht, deya bo‘ychan shuvoqlarni paypaslay-paypaslay, yo‘q kuchukni axtarishga tutindi.
Shiyponga borsam, Otaqul tog‘am guruch tozalab, G‘ulom oshpaz sabzi archib o‘tiribdi.
– Nonushta qilmay qayoqlarda yuribsan, Mo‘ttivoy? – meni ko‘rib-la, yengil dashnom berdi tog‘am. – Ke, chaqqon-chaqqon ovqatlanvol. Keyin handalak uzamiz. Ko‘taramachi xaridorlar qo‘limga qo‘ng‘iroq qilib, tushga yaqin boramiz, deyishdi.
Qornimning to‘qligini aytib o‘tirmay, to‘shakka chordana qurib, yengil-elpi tamaddilanishga tushdim. Ortiqchasi teshib chiqarkanmi!
Hali qandchoyimni ichib tugatmasimdan, Mo‘saqo‘zi tovuqboqar burnini bir o‘ngga, bir chapga burganicha kelib, menga ola qarab qo‘ygach, tog‘amni so‘roqqa tutdi:
– Kuchugingiz ko‘rinmaydi, Otaqul aka?
– Yurgandir-da, – dedi tog‘am hayron bo‘lib. – Salomlashmasdan turib, kuchugimni surishtirib qolding, tinchlikmi, Mo‘saqo‘zi?
Mo‘saqo‘zi tovuqboqarning birdan chehrasi quyoshlandi:
– E, Otaqul aka-ya yaxshiyam o‘sha kuchukni boqvolgan ekansiz! Ming rahmat sizga! Bitta osh qarzdor bo‘ldim! Osh nima, oshdan keyin to‘n kiydiraman!
Shunday dedi-yu, yuz bergan falokat, telpakdekkina kuchukning qoplonlarga xos jasorati to‘g‘risida to‘liqib-toshiqib so‘zlana ketdi. O‘tirganlar hayratdan dong qotishdi.
Jasoratmish! Birovning cho‘kayotganini ko‘rsa, kim chetda tomoshabinlanib tura olarkan? Qutqarishga urinish – oddiydan oddiy bir ish-ku!
Tol ostiga oq “Neksiya” kelib to‘xadi. Rahimboy fermer mashinadan tushib, bizga yaqinlasharkan, yangi gapni eshitdilaringmi, Aldar Xoldor asab kasaliga chalinibdi, xabar olgani borsam, hozircha mumkinmas, deb ichkariga qo‘­­yishmadi, deya ro‘molchada peshonasini artdi.
– Buni G‘ulom akadan bilib turuvdim, – dedi tog‘am. – Bunaqa vaqtda battar bo‘lsin deyishgayam tiling bormay qolarkan, baribir ichim og‘ridi.
Rahimboy fermer o‘zicha mulohazalandi:
– Menimcha, buning asosiy sababi – farzandsizlik. Bolasiz uy – zindonning o‘zginasi, besh-o‘n yilda har qanday odamni jinni qipqo‘yishi hech gapmas.
– Singlisi bolalaridan bittasini bermoqchi bo‘lganida ko‘nmovdi, – dedi G‘ulom oshpaz, archib bo‘lingan sabzi-piyozni suvli tog‘orada chayqayotib. – Hech yo‘q, o‘sha bolani asrab olsa, uyiga farishta qo‘narmidi deyman-da…
Mo‘saqo‘zi tovuqboqarning shiyponga o‘z oyog‘i bilan kelishi ayni muddao bo‘ldi – hasharga qo‘shilgach, handalak uzishda ham, ularni uvatga tashib chiqishda ham, xaridorlarning mashinasiga yuklab jo‘natishda ham qo‘ldoshimizga aylangani, uyqusizlikdan garangsib turganimda, jonimga ora kirdi. Akaxonginam ushbu ishi bilan, o‘zi buni mutlaqo bilmagan holda, agar odamga do‘nib qolsam, menga og‘a tutinishi haqidagi qasamnamo so‘zining ustidan chiqdi.
Payshanba kuni bo‘lgani uchun, o‘zbekning hamma xonadonidagi singari, dalada ham palov damlangandi, quyuq tushlikdan keyin orzuyim ushalib, oshxamirdek ko‘pchib uxladim. Jimjimali tush ko‘ribman – alamzada eshak bilan yarashib olib, kattakon stolning u yog‘ida Hangirshteyn, bu yog‘ida men, bir muzqaymoqdan yalab, bir sharbatdan ho‘plagancha, olamning go‘zalligini haybarakallalab o‘tirgan emishmiz…
Asr mahali so‘lagim tomchilab uyg‘ondim. Jasoratdan keyin ham baribir qoringa qayg‘urib yashash kerak bo‘ladi – sovuq choyga qo‘shib bir o‘ram pecheniy yeb olgach, tog‘am qopchiqqa solib bergan oltita handalakni yelkalagan ko‘yi uyga jo‘nadim. Ulardan ikkitasini yo‘l-yo‘lakay opog‘otamga, bittasini Momogul qandolatchiga, bittasini Parpivoy oshnamga tarqata borib, qolganini bus-butunicha buvimga topshirdim.
Hayotning tugalay o‘zgacha bir tarziga endigina ko‘nika boshlaganingda, birdan tag‘in eskicha holatga tushib qolsang, sarosimali vaziyat yuzaga kelarkan. Bir kun o‘tdi – odamligimcha turibman, ikki kun o‘tdi – o‘zgarish yo‘q…
Uchinchi kuni ham ikki oyoqlab izg‘iyverganimdan so‘ng do‘ppini qoshga surib, buning sababini qidirishga tushdim. Miyamning qatig‘i qaynashiga sal qolganida, oxiri bir o‘yda to‘xtaldim – nahotki, Mo‘saqo‘zi tovuqboqarning duoli iltijolari xudoga yetib borgan bo‘lsa?!
Hadiksirab yurishim o‘n kunlarga cho‘zildi. Bilib-bilmay, yana chatoqroq bir betamizlik qipqo‘yib, butkul itga aylanib qolishim ham mumkinligidan bezillabmi, shu o‘n kun ichida fe’l-xo‘yim o‘z-o‘zidan o‘zgaraverdi – tevaragimdagi kishilar bilan dunyoning sirli-sirli ishlari, turmushning tushunarsiz qirralari, odamning odamligi asosan nimalarda namoyon bo‘lishi kabilar to‘g‘risida yoniqa-yoniqa suhbatlashib to‘ymayotgandek edim. Buning sayin, borliqni sevib-ardoqlashga, undagi barcha mavjudotni birdek qadrlashga, qisqa umr ichida o‘zgalarga imkon qadar ko‘proq yaxshilik qilib qolishga ko‘nglimda ishtiyoq to‘fonlana borib, naq o‘n yoshga ulg‘aygandek bo‘ldim.
Yon-verimdagilardan bilib olmoqchi bo‘lgan narsalarimning cheki yo‘qdek edi:
– Buvi, dunyodagi eng katta yaxshilik nima?
– Birovning ko‘nglini og‘ritmaslik…
– Bir narsaga aqlim yetmay turibdi, opog‘ota. Tirik jon borki, nimaychun hammasi bolasini yaxshi ko‘radi?
– Zurriyotga mehr – xudoyimning ming-ming­lab mo‘jizalari ichida noyobdan noyobi bo‘lsa, ajabmas. Shu narsa bo‘lmaganida, hatto o‘t-o‘lan ham ko‘paymasdi, yer yuzi yap-yaydoq dashtligicha turaverardi…
– Hey, Momogul opa, namuncha er tanlamasangiz?
– Emchilarning aytishicha, yo u, yo bu kasallikka qirq ming xil ko‘katdan bittaginasi yoqimchil bo‘larkan. Opaginang ham turmushiga yoqimchilini izlayotgandir-da, Mo‘ttivoy…
– Aldar Xoldor boringizni shilvolsayam, nimaga ta’zirini berib qo‘ymadingiz, Otaqul tog‘a?
– Tishlagan itni kaltaklashga vaqt ketkazmasdan, yaraga tezroq malham topishga uringan ma’qul, jiyan.
– Halol odam bugun yo‘qotganini ertaga ortig‘i bilan topaveradi, – deb, tog‘amning so‘ziga qo‘shimchalaydi G‘ulom oshpaz. – Kimki haromdan qo‘rqmabdi – o‘zini o‘zi jazoga yo‘liqtiribdi. Undaylarning kir yoqasidan olib, qo‘lni bulg‘aganing qoladi.
– To‘g‘ri! Birovning haqini biydalashga yoshlikdanoq o‘rganmagan yaxshi, – o‘ngg‘ovi kelganidan foydalanib, ilmoqli gap tashlaydi Mo‘saqo‘zi tovuqboqar. – Bunaqalar bora-bora itning og‘zidagini tortvolishdanam toymaydigan bo‘ladi.
Gap aylanib, tuyqusdan yo‘qolib qolgan o‘sha kuchukka borib taqalayotganida, tovuqboqarning ko‘ngliga taskin urug‘ini sepishga talpinaman:
– Bir sinfdoshimdan eshitishimcha, bashang kiyingan boyvuchcha xonim yo‘l chetida o‘ynoqlab yurgan Mittivoyimizni “Jip”iga solib ketganmish. Balki, o‘ziga to‘q xonadonga borvolib, boshi maishatdan chiqmay yotgandir.
– Unaqa bo‘lsa-ku yaxshi-ya! – deb ko‘zini charaqlatadi Mo‘saqo‘zi tovuqboqar. – He, attang! O‘sha kuni kuchukni achomlab turganimda, xotinimga aytmabman-a, telefonida suratga opqo‘ysa, esdalik bo‘pqolardi.
Birdan yuragim jig‘illaganini sezaman. Bunday suratni o‘zim ham bir qulochga kattalashtirib, mehrobimizning yoniga ilib qo‘ymasmidim!
Odamligimdagi qarg‘ish tufayli itga evrilgan bo‘lsam, itligimda qilingan duo meni odamlikka qaytardi. Bolasi o‘zidan ko‘ra yaxshiroq yashashini orzulab, issiqni issiq, sovuqni sovuq demay, qo‘lini qirqqadoq qilib kun kechirayotgan tovuqboqarning iltijosini ham nazardan qochirmagani yuragimga bir daryo tug‘yon bo‘lib quyildi-yu, buvim “Ollohjonim” deb e’zozlovchi Yaratguchimizni nihoyatda yaxshi ko‘rib qoldim. Bandalarini borliqqa, avvalo, bir-biriga mehr-oqibatli, rahm-shafqatli, izzat-e’tiborli bo‘lishga chorlash bilangina kifoyalanmay, O‘zi bu borada kunu tun ulgu ko‘rsatib turishini teran anglab yeta boshlaganingdan keyin ham ixlosing guvlanmasinmi?
Shularni o‘ylaganda, birovga yaxshilik qilolmaganga yarasha, loaqal, yomonlik qilmagin, degan gapni unchalar hikmatga yo‘yging kelmay qolarkan. Menimcha, xohi odam, xohi jonivor, xohi o‘simlik bo‘lsin – ularning hech biriga zararing tegmasligining o‘zi yetarli emas. Kimki bunga qo‘shilmabdi, malol oladimi-yo‘qmi, unga oshnalarcha ochiq aytaqolay – agar, atrofingdagilarga biror yaxshilikni sog‘inish qo‘lingdan kelmasa, ko‘chani nimaga band qilib yuribsan?!

Qisqagina qo‘shimcha

Bu ishlarning bo‘lib o‘tganiga ikki yildan oshdi. Esim ancha quyuldi, endi tugalay boshqa odamman. Boshqachaman-u, yashirmay aytsam, birda-birda oldingi Mo‘ttivoyni sog‘ingandan sog‘inib ketaman.
Kechgan davr ichida qancha-qancha narsa o‘zgardi. Eng quvonarlisi – dadam butunlay uyga qaytib, tumanimizdagi ichimlik suv qazuvchilar idorasiga joylashib oldi. Ko‘p o‘tmay, G‘ilmir ziqnaga o‘xshaganlarni dog‘da qoldirib, Momogul qandolatchi bilan turmush qurdi. Er-xotinning puli bitta sandiqda yig‘ildi-yu, guzardagi qizil soyabon o‘rnida tepasiga “So‘rg‘ildiriq” deb yozilgan oynavand do‘koncha qad ko‘tardi. Keyin qarabsizki, singillik ham bo‘lvoldim. Yonidagilarga ziyrak qiyalab, miyig‘ida kulib turishi bilan ochiqyuz buviginamga tortgan bu qizaloq shunaqayam chiroyliki, shunaqayam shirinki!
Otaqul tog‘am xazina topib olganidan xabardorsiz. Qonunga ko‘ra, davlatga topshirilgan xazinaga baho qo‘yilib, uni topgan odamga shu qimmatning bir qismi to‘lanar ekan. Tog‘am boyib ketib, qir etagida yangitdan yaralgan Namunaviy qishloqdagi qo‘shqavat uylardan birini sotib oldi. Xotini, bolalari yana bag‘rini to‘ldirdi. Goho ularni “Lasetti” mashinasiga o‘tqazvolib, biznikiga kepturadi.
Bu orada opog‘otamniyam hujrasi yorishdi. Unga anchadan beri yostiqdosh topolmay yurishuvdi. Otaqul tog‘amning o‘n bir yasharlik kenja qizi internetdagi “Bolalar sayti”ga kirib, oltmish besh yoshli buvasining fe’l-atvori, yashash sharoiti, ilgari agronom bo‘lgani, hozirda tomorqasini anorzorga aylantirib olganini ta’riflab o‘tgach, unga mos ayol axtarishayotganini aytib, tengqurlari bilan muloqot qila boshlabdi.
Oxiri, beshinchida o‘qiydigan shaharlik bolaning qirq oltiga borgan boshi ochiq onasi ma’qul tushib, “kelin-kuyov”ni uchrashtirishibdi. Shu zayl, opog‘otamning xonadoniga shaharlik ona-bola kelib qo‘shildi. Ayol qo‘li gul soch turmaklovchilardan ekan, qishloqda xotin-qizlar pardozxonasini ochdi.
Uchinchi sinfdaligidayoq “Mulla Algoritm” laqabini olgan Parpivoy oshnam tuman, viloyat, respublika bosqichlarini yengil-elpi piypalab, yosh matematiklarning chet elda tashkillangan xalqaro olimpiadasida ham g‘olib bo‘ldi.
Odamning achinishini qo‘zitib, ko‘chada ba’zan Aldar Xoldor yo‘liqib qoladi. Repertuarida haliyam o‘sha bittayu bitta qo‘shiq:

Salimjonning tovug‘i bor,
Olachipor qanoti.
Salimjonning shu tovuq deb,
Maqtanishi g‘alatiii.
Qaqa qaq-qaq, qaqa qaq-qaq,
Ququ quq-qu, ququ quuuuu…

Yana aytsam, Rahimboy fermer qahramonlik unvonini oldi; xotini bir savat tuxum ko‘tarib, qizchasi yelkaga jo‘ja qo‘ndirib, o‘zi tovuqlarga don sepib turib tushgan surati rangli jurnalda bosilgan Mo‘saqo‘zi tovuqboqarning parrandalari uch mingtadan oshdi; G‘ulom oshpazning ayoli oltita qizdan keyin egizak o‘g‘il tug‘di; sharttaki Mahay xo‘rozboz nevara ko‘rgach, birdan sipolanib, namoz o‘qishga o‘tdi; To‘lan to‘lpoqning o‘g‘li harbiy bilim yurtining kursantiga aylandi; sartaroshimiz Baraka ma’rakaning o‘rtanchasi Sangin tardirchining qiziga uylanganidan so‘ng, egasiga o‘xshab Hangirshteyn ham mahallamizda begonasiramay yuradigan bo‘ldi; Toshpo‘lat mergan cho‘ponlarning boshiga qishin-yozin tashvish solayotgan chiyabo‘rilarni qiyratishdagi xizmatlari evaziga ovchilar jamiyati tomonidan durbinli miltiq bilan taqdirlandi; qo‘chqorimizga suqlanishdan tiyilib qolgan Qiron qassob suyakni tezu toza g‘ajishda qatorasiga o‘n uchinchi bor choyxona chempionligini qo‘lga kiritdi; qattiq hayiquv bois mo‘ljaldagidan oldinroq tug‘ib qo‘ygan Jamila opaning o‘g‘ilchasi javondan sekingina popukqand o‘maradigan yoshga bordi; tovuqxo‘r tulkining xaloskoriman, deb maqtansa-da, kuchuk o‘g‘irlab uyatli ish qilganini aytishga mardligi yetmayotgan Qulqul Davedivich aybi fosh etilishidan hali-hanuz qo‘rqib yashayotgani aniq…
Jonivorlar olamidagi qadrdonlarimdan sanalmish Oqchopon hozirda xususiy ityaloqqa xo‘jayinlanib, keksaygan chog‘i, nihoyat, biznikida qo‘nim topdi; suzag‘on Xo‘ppakalla boshchiligidagi qo‘ylarimizni yaylovchaga o‘zi haydab chiqib, o‘zi qaytarib keladi; buvim uni alqagani alqagan. Qaroqchilikni tashlab, tandir ostidagi kulxonada Qorabeka bilan apoq-chapoqlanib yashayotgan Pixpix Chandr allaqachon nevara-chevarali bo‘ldi. “Samuray” tufayli tovuqxonada jo‘jaxo‘rozlarning o‘ta urishqoq turi urchib borayotganmish. Tannoz Olamosh bolalarsiz huvillab yotgan befayz xonadonni butunlay tark etib, mening ko‘magimda Sanaqul tog‘amning uyiga o‘rnashib olganicha, uning emak­lag‘ich o‘g‘liga tirik o‘yinchoq bo‘lib, kunlari maroqlidan maroqli kechyapti…
O‘zimga kelsak, doimiy odamlik maqomiga erishganimdan keyinoq, viloyatdagi sport maktabi talabalarining qatoriga borib qo‘shilgan edim. Sportchi sheriklarim bilan shu yerda o‘qib, shu yerda yashab, shu yerda mashq qilib, kun sayin payimiz pishyapti. Ja qo‘msanib ketsak, uyga borishimizga dam olish kunidagina ijozat berishadi.
Bolalarning ko‘pchiligi tez ommalashayotgan futbol, boks, kurash bo‘limlariga yopishvolgan bo‘lsa, men kamonchilikni tanladim. Axir, bu afsonaviy qurolni olti yoshimdan beri qo‘ldan qo‘ymay kelaman-a! Qani, birov menga tenglashib ko‘rsin-chi!
Yana gupirishni boshladingmi, demang. Chippa-chin gapirayotganimga asoslarim yetarli – ikkita bronza, bitta kumush, to‘rtta oltin medalim bor. To‘rtinchi oltinni o‘smirlar o‘rtasida bundan ikki oycha ilgari xorijda o‘tkazilgan Osiyo birinchiligida oldim.
Ketma-ket yutuqlarga erishuvimda murab­biylarimga o‘jarlana-o‘jarlana, o‘zimga azaldan qulay bo‘lgan o‘zbekona kamonning sal zamonaviylashgan xilini mahalliy ustalar ko‘magida yasab olganim nihoyatda qo‘l keldi; qayerga bormay, tamoman boshqacha ko‘rinishdagi bu qurolni raqib­larim qiziqib-qiziqib tomosha qiladi. Shundan bilingki, tushunarsiz yangiga ergashgandan ko‘ra tushunarli eskini pishitgan yaxshi.
Bilaman, yotlarga qanday qavmdanligimni ko‘rsatib yuraverish, birinchi o‘rinda, o‘zimning urinchoqligimga bog‘liq. Buvim manglayimga barmog‘ini niqtab tayinlaganidek, bundan bu yog‘igayam asti bo‘sh kelmasligim kerak. Olamda tengi yo‘q Alpomishimiz qalmiq elidan narilamagan bo‘lsa, endi men yelkamga unikiga o‘xshash kamonni ilvolib, butun Yer kezg‘ichini aylanib chiqaman, chamasi…
Kuchuklikdan qutulganimdan buyon ikki yil o‘tibdiki, ayrim mazaxsevarlarga kulki bo‘lishdan, meni ashaddiy lofchiga, hatto ovsarga chiqarib qo‘yishlaridan cho‘chib, ushbu g‘aroyib kechinmalarimni hech kimga gullamay yuruvdim. Oxiri, o‘ylab-o‘ylab, aytmasam bo‘lmaydi, degan to‘xtamga keldim-u, mana, barini oqizmay-tomizmay so‘ylab berdim. Chunki, shu bahonada, u tengdoshimmi, mendan kattaroq yoki kichik­roqmi, tanishmi, notanishmi – hamma-hamma bolani qo‘rqinchli bir xatardan vaqtida ogoh qilib qo‘ymasam, o‘z elatdoshlarimga yomonlik tilayotganga o‘xshab ko‘rinyapman.
Qisqasi, bolalarga chikitmaguncha ko‘nglim tinchimaydigan uchtagina o‘gitim bor: qarg‘ish eshitishdan juda ehtiyot bo‘ling, qarg‘ish eshitishdan judayam ehtiyot bo‘ling, qarg‘ish eshitishdan juuuda-juda ehtiyot bo‘ling…
Endi bas qilay. O‘tgan ishlarni eslab-eslab, gapirib-gapirib, tilim tugul, boshim ham charchagandan charchab ketdi. To‘yib-to‘yib uxlamasam bo‘lmaydi, shekilli. Balki, bu gal rosa uzoq uxlarman…

Toshkent, 2015 yil.

«Yoshlik» jurnali, 2016 yil, 1-2-sonlar