— Hammaning kelini abitta o‘tiri-ib kashta tiksa, meniki kitobga termiladi! «Olima-da!» — Qudasi Qurbon kampirning ma’rakada katta-kichikka eshittirib va atayin unga tegizib shangillashi Sobira xolaga og‘ir botdi. Atrofida o‘tirgan bir-ikki kampir labini qimtidi. Qo‘shnisi Payzi otin uning tizzasiga qo‘lini bosib:
— Indamang! — dedi.
Sobira xola og‘iz ochmadi. Ma’rakadan so‘ng boshda tuguni bilan qudasinikiga o‘tdi.
— Quda, — dedi. — Mana siz kelin-kevat ko‘rgan kayvoni xotinsiz. Mangina shu yosh, lodon qizimni sizga topshirganmanki, bilmaganini o‘rgatar, o‘zi bovlab olar deb. Lekin, haligi, ma’rakadagi gapingiz teshib ketdi-da, mani, quda!
Shunday dedi-yu, ovozi titrab, ko‘ziga yosh keldi. Sobira xolaning ko‘ngli bo‘sh. Sal dili ozor cheksa, darrov ko‘zi g‘iltillab qoladi boyaqishning. Qurbon kampir kesatig‘i qudasiga alam qilganini sezdi-da, ichidan yayrab ketdi. «O‘la, achitibdi-ku, gapim», deb xayolidan o‘tkazdi va yumshoq ohangda:
— Ha, endi, og‘izning darvozasi yo‘q, bir chiqib ketgandir-da, bunga xafa bo‘lmang, — dedi. — To‘g‘ri, Ma’sumaxon yaxshi, mehnatkash, qobil juvon. Kelinim bor, desa arzigulik. Odobi ham joyida. Ammo… shu bo‘sh qoldimi, o‘quvradi-o‘quvradi… Yuraklarim siqilib ketadi, unga qarab! Hoy, deyman, kelin, siz o‘zingiz bir kolxozchi bo‘lsangiz, o‘qib, nima, shahar olib berarmidingiz eringizga! Undan ko‘ra kashta tiking, ko‘rpa-yostiq qoplang. Bekordan xudo bezor, deb mundoq nasihat qilsam, bezrayib turaveradi. Miq etmay uyiga kirib yana kitobga termiladi. Ana, innakeyin menikiyam alanga oladi-da, quda!
Sobira xola bildiki, kudasi ham chakana alamzada bo‘lmabdi. U yotig‘i bilan gapira ketdi.
— Ma’suma yoshligidan shunday: ko‘p o‘qiydi. Bu dard unga yo‘rgakda tekkan. Qizlik payti necha martalab oldidan otib yuborganmanu, kitobni!
— Erminan yaxshi, Xudoga shukur. — Uning og‘zidan gapni ilib ketdi qudasi. — Qattiq-quruq ish kam oralarida. Endi… Ora-sira bo‘p turadi. Bir kuni Rajabboy daladan kech qaytib, dam olayotsa, Ma’suma unga g‘azal o‘qibdi. Charchagan emasmi, noilojdan eshitib o‘tirgan bolamni uyqu bosibdi. Shunga qancha arazlashdi-yu…
— Arazlashga arazlaydi, lekin menga o‘xshab darrov ko‘zining suvini sel qilavermaydi qizim. Sizga yolg‘on, xudoga chin, quda, shu qizni o‘stirib, hali bir tomchi ko‘z yoshini ko‘rganim yo‘q! Esini tanibdiki, birov bilan urishsa, arazlaydi, tumtayadi, ammo yig‘lamaydi! Mening yig‘imni ham siz yig‘lab qo‘ygansiz, deydi.
— Ha, ishqilib omon bo‘lishsin… — Qurbon kampir shahdidan tushdi. Ko‘p o‘tmay qudalar apoq-chapoq tarqalishdi.
Ma’suma kech qorong‘usida daladan qaytdi. Dalachilar tushgan mashina qishloq o‘rtasida to‘xtashi bilan shovqin-suron ko‘tarildi.
— Ma’ruf, tugunni uzat!
— Hoy, tushsangiz-chi, tezroq!
Ko‘chadagi tiq etgan tovushga quloqlari ding bo‘ladigan bolalar kechki ovqatlarini tashlab, onalari, opalarini qarshilagani yugurib chiqishdi.
Jimjit ko‘cha olomonga to‘ldi.
Ma’suma uyiga burilayotib, Ma’rifatxon bilan xayrlashmoqqa qaradi-yu, mashinadan «tap-tap» pastga irg‘itilayotgan o‘t bog‘larini ko‘rib, birdan bo‘shashdi: bugun ham o‘t yulmabdi! Tushlikdan so‘ng dam olishayotganda Ma’rifatxon ketuvdi-ya o‘tga, u kitobga qiziqib unutibdi. Ana endi jazosiga eshitadi qaynanasining sayrashini! Non tugunidagi kitob biqiniga botgandek bo‘ldi. U tugunni orqasiga yashirdi.
Yuk mashinasi bir jig‘illab qo‘zg‘aldi-da, chiroqlarining yorug‘i yo‘l yoqasidagi teraklarni, paxsa devorni, ikki tavaqali sariq darvozani va shu darvozaga yo‘nalgan Ma’sumaning xipcha qomatini, barmoqday-barmoqday o‘rilgan sochini, yelkasidagi ketmonini, chang bosgan kirza etigini bir zum oltin nurga burkadi. So‘ng ikki dumaloq nur qo‘shni uy devorini, simyog‘ochni keskin suzib o‘tdi-da, uzoqlarga chuzilgan tasmaday, asfalt yo‘lga to‘filandi. Mashina jo‘nadi. Ma’suma darvoza tavaqasini ichkariga itardi. Berk.
«Voy-ey, yo‘q bo‘lsaydi!» shirin tin olib xayolidan o‘tkazdi u omadiga ishonmay. Darvoza tavaqalari orasidan ko‘lini suqib zanjirni tushirdi.
O‘rtasi dahliz, ikki uy, ayvonli imorat qorong‘ida xo‘mrayib turardi. Ayvon oldi ishkom. Ishkomdan nari — tomorqa. Hovli paxsa devor bilan o‘ralgan. Uy qarshisida molxona. Kimdir kelganini sezib, sigir shikoyatomuz «mo‘…o‘»ladi.
«E, bugun Savri xolanikida ma’raka-ku! Kechki o‘tirishga jo‘nagandir, qaytmaydi endi!» Ma’sumaning oyog‘i ildamlashib, charchog‘i tarqab ketdi. Chiroqni yoqib, tugunini so‘riga qo‘ydi. So‘ng yana kelib qolsa, xarxasha qilmasin, degan mulohazaga bordi-da, tugun ichidagi kitobni to‘shak tagiga yashirdi. Tushlikdan ortgan nonni qayoqdandir yetib kelib, ko‘zlarini mo‘ltiratib turgan paxmoq kuchukka tashladi. Etigini ayvonga yechib, kelinlik xonasiga kirdi. Kenggina, tokchavand xona did bilan bezatilgan edi. To‘rdagi mehrobga qo‘yilgan naqshdor sandiq ustiga duxoba, atlas ko‘rpachalar taxlangan, qoziqlarga har xil gullar tikilgan sochiqlar ilig‘liq. Xona chetida ichi chinni idish-tovoqlarga liq to‘la bufet. Polga gilam tushalgan. Tokchalardan biriga «Kvarts» televizori o‘rnatilgan.
Ma’suma ust-boshini o‘zgartirdi-da, ko‘chaga chiqib, artezian qudug‘idan suv keltirdi. Dahlizdagi obrezda yaxshilab yuvindi. O‘sma qo‘ydi. Shifoner oynasiga qarab pardoz boshladi. Sochlarini yozib «prichyoska» qilib ko‘rdi. Orqasi bilan bitta ipakdek sochi uni kinolardagi frantsuz go‘zallariga o‘xshatib yubordi. U sochini goh o‘ng tomonga, goh chap tomonga ag‘darib, bundan zavqlanardi. Sochlarini «laylak uya»day tepaga turmakladi. Bu ham chiroyli chiqdi. Shifonerdagi yangi atlas ko‘ylagini olib kiydi, o‘zini oynaga soldi. Ko‘ylak xiyol uzun edi. Etagini bukib boqdi. Bari bir ko‘ngliga o‘tirmadi. U u yoq-bu yoqqa alangladi-da, lozimini yechdi.
Ko‘ylagini tizzasidan to‘rt enli yuqoriga ko‘tardi. O…Y! Oynadan unga bag‘oyat kelishgan, beli ingichka, oyoqlari bejirim, sarvqad, sochlari yelkasini qoplab, bir qarashda yuraklarni jazillatadigan jonon boqib turardi.
Birdaniga raqsga tushgisi keldi. Oynaga muqom qildi-da, qo‘llarini o‘ynatdi. Qoshini qoqib, ko‘z qisdi. Shu payt eshik g‘ijirladi. U gul-gul ochilib o‘sha tomonga o‘girildi. Eri emas ekan. Qora, o‘g‘ri mushuk bir zo‘m to‘xtab, unga ko‘z yugurtirdi-da, o‘ljasini tishlab, ura qochdi.
— Ha, xudo olgur! — deb nomiga po‘pisa qildi Ma’suma allaqachon ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan mushukka. Qorong‘ilik qa’ridan unga javoban mushukning masxaralovchi «miyov»i eshitildiyu uni o‘chdi.
Kelinchak qaytadan kiyindi-yu, ovqatga unnadi. Kartoshka, piyoz archib, gazga sho‘rva qo‘ydi. Xonani supurib, ko‘rpacha yozgach, ko‘ngli tinchib televizorni buradi. Televizorda film ketardi.
Go‘zal manzaralar, bir-biridan chiroyli, so‘nggi modada kiyingan qahramonlar… Mana, yigit bilan kiz qo‘ltiklashib, parqda sayr qilib yurishibdi. Boshlariga kuzning za’faron barglari yog‘iladi. Qiz — raqqosa, yigit — ashulachi. Qiz jahonga mashhur raqqosa bo‘lish orzusida, yigit ham undan qolishadigan emas…
Gaz vishilladi. Sho‘rva qaynab, toshgan edi. Ma’suma yugurib chiqib, o‘tni pasaytirdi. Sho‘rvani shopirib, tuzini ko‘rdi. Pomidorni ko‘p solgan ekan, sho‘rva qip-qizil. Taxirroq. Kartoshkasi xiyol ezilibdi, u butun, lekin salga uqalanadigan darajada hil-xil pishgan mushtday — tuxumday oppoq kartoshkalarni chinni kosaga oldi. Kosadagi bug‘i ko‘tarilayotgan, «o‘lgan» oq piyoz halqachalari, ko‘k piyozlar xolday yopishib qolgan kartoshka uyumini ko‘rib, ko‘ngli g‘alati bo‘lib ketdi. Dilidagi yaqin o‘tmish xotiralari entiktirib yubordi.
Bolaligida, uylarida, odatda, sho‘rvani alohida, har kimning o‘z kosasiga suzishgach, kartoshkasi bilan go‘shtini laganga solib, yo‘l-yo‘l chit dasturxonga qo‘yardilar. Ular obdan qaynab yetilgan sho‘rva suvini terlab ichishar, o‘rtadagi kartoshka va go‘sht uyumi dimoqni qitiqlovchi hid taratib, ko‘zlarini o‘ynatardi.
Ovqatdan so‘ng otasi seryung oyoqlarini cho‘zib, ko‘rpaga yonboshlar, agar kayfi xush bo‘lsa:
— O‘qi, qizim! — derdi Ma’sumaga.
Ma’suma «Kuntug‘mish», «Shirin bilan Shakar», «Malika ayyor»larni sharillatib o‘qib berardi. Ayvon ro‘parasidagi ishkomda yirik-yirik uzum boshlari chiroq nurida marjon tizimlariday osilib yotardi. Ba’zan dostonning eng qiziq joylari kelib, atrofdagilar «oh-voh» ko‘tarishganda, uzum boshlari ham ohista qimirlab ketardi… Oh, qanday baxtli damlar ekan o‘sha oqshomlar!..
Keyin otasi vafot etdi. Oilada kattasi Ma’suma edi. Onasiga ergashib dalaga chiqdi. Onasi ham indamadi. Bir jo‘yak g‘o‘za chopiq qilsa, bir bog‘ o‘t yulsa ham harna, dedi. O‘shanda Ma’suma o‘n ikkiga to‘lgan edi. Shundayicha mana yigirma birga kiribdi, paxtazorning qo‘ynida! O‘qish ham qolib ketdi! Sakkizinchi sinfni zo‘rg‘a bitirdi-yu, u yog‘iga sabri chidamadi. O‘n sakkizida uni Rajabboyga berishdi.
Rajabboy qo‘shni mahalladan, Ma’suma dirkillab, to‘lishib kelayotgan mahalda u o‘ninchini bitirgan, shaharga o‘qishga borib kirolmay qaytgan paytlar edi. Uzzukun mototsiklni «pat-patlatib» izg‘ib yurardi. Ko‘plar katori Ma’sumaning ham ko‘zi tushgandi unga. Keyin armiyaga ketibdi, deb eshitdi.
Ko‘p o‘tmay Ma’sumalarning eshigini ham gapdon, sermulozamat, chaqqon kampirlar — sovchilar cherta boshlashdi. Ma’suma kuyov tanlamadi. Bir vaqtlar qalbining tubida tug‘ilgan jingalak soch, kelishgan ziyoli yigit — Ma’suma bilan bog‘larda qo‘l ushlashib sayr etishi kerak bo‘lgan yigit qalbining o‘sha yerida o‘lib, dafn etilgan edi.
Bir kuni oyisi uni uy burchagiga tortdi-da, kechagina armiyadan to‘lishib, aqlli-hushli bo‘lib qaytgan qo‘shni mahallali Rajabboyni maqtay boshladi. Hamma qizlar nima qilsa Ma’suma ham shunday yo‘l tutdi. Axiyri ko‘ndi.
Keyingi paytlarning rasmini qilib, kuyov-qalliqni rayon markazida uchrashtirishdi. Ma’suma uyalib, Rajabboyga tik qaray olmadi. Ma’sumaning dugonasi bilan Rajabboyning o‘rtog‘i o‘zaro qandaydir imolar bilan kelishib, ularni yarim soatcha xoli qo‘yishdi. Rajabboy u yoq-bu yoqdan gapirdi, keyin Ma’suma bilan dugonasiga olib kelgan sovg‘alarini berdi. Ma’suma Rajabboyga ko‘sh atlas dastro‘mol uzatdi. Shu bilan uchrashuv tugadi. Bir oydan so‘ng uni to‘y qilib tushirib olishdi. To‘ydan keyingina Ma’suma Rajabboyning yuziga tik boqib termiladigan bo‘ldi. Rajabboy qoracha, qirraburun, yirik ko‘zli, gavdali yigit. Ma’suma o‘n olti yoshligida xayolida chizgan yigitdan unda bir narsa — jingalak soch bor edi. U Ma’sumani yaxshi ko‘rar, istaklarini bajo keltirardi. Kitoblarni ham u olib kelardi. Ma’suma ba’zan yozgan she’rlarini Rajabboyga ko‘rsatar, u miyig‘ida kulib qo‘ya qolardi. Lekin bu masxaralash emas edi, buni Ma’suma tushunar va eriga muhabbati jo‘sh urib ketardi.
Ma’sumaning ko‘p kitob o‘qishi, natijada uy ishlarining qolib ketishini qaynanasi janjallarda dastak qilar, Rajabboy kechalari uning sochini silab:
— Xafa bo‘lma, — derdi. — Kampir odam, kitobning nimaligini qayoqdan tushunsin…
Lekin onasi turtkilab qo‘ymayapti shekilli, u ham keyingi paytlarda o‘zgardi. Mashina olish dardiga tushdi. Ikki gapning birida falonchining xotini muncha pul ishlabdi, er-xotin mashinalik bo‘libdi va hatto: «E, anovimi?.. Ha, unga mashinani xotini ishlab topgan, o‘zi kayf-safodan bo‘shamaydi», qabilida uchiriqlar qiladigan bo‘ldi. O‘zini ayamay kolxozda bir ish qilsa, tomorqada ikki ishni bajaradi. Oilani ovqatdan, kiyim-kechakdan siqib, mashinaga pul jamg‘aradi. Ilgarigiday Ma’sumaga kitob keltirish ham kamaygan.
Ma’suma uzun bir so‘lish olib, kostryul qopqog‘ini yopdi-da, xonasiga kirdi. Kino tugabdi.
Ma’suma televizorni o‘chirdi-da, ko‘rpachaga yonboshladi. Jimjitlik yuragini sikdi. Yuzini yostiqqa bosdi. Qulog‘ida nimadir sokin shovullar edi. Bu — jimjitlikning tovushi! Chalqanchasiga o‘girildi. Havo dim. Saratonning qaynoq nafasidan tunlari ham hech yerda orom yo‘q.
«Bir ezildi, buyam qaylardadir-ey!» Xayolidan o‘tkazdi u erini.
«Hozir kelsa… quchoqlab o‘pib-o‘pib olaman!» deb pichirladi u qandaydir otashin g‘azab, nozli alamzadalik bilan. To‘satdan u halitdan beri faqat erinigina kutib o‘tirganini sezdi.
«Kelsin-chi!..» Xayolidan o‘tkazdi a’zoi badani yonib. U erini erkalashni, butun olam boshqa yoqqa ketib o‘zlari tanho qolganlarida ko‘ngillariga siqqanicha sho‘xlik qilishni yoqtiradi. Ba’zan shunaqangi yoniq ehtiros bilan erini erkalardiki, eri uning quchog‘ida o‘zini yo‘qotib qo‘yardi.
U ko‘rpa ustiga joy bo‘lolmay to‘lg‘andi. Ichi qizidi. Nimadir yuragini tirnagandek, holi joniga ko‘ymasdi. Ko‘nglini bo‘shatgisi kelardi. U o‘rnidan turdi-da, she’r daftarini ochdi.
Oynadan qorong‘i ko‘chadan «viz» etib o‘tgan mashinaning yorug‘i tushdi. Ma’suma pastki labini tishlab, ko‘zlarini sho‘x o‘ynatdi-da, bir varaq qog‘ozga yozdi:
Qirlarda lolalar ochildi,
Yigit-qizga gilam poyandoz.
Sizni kuta bag‘rim ezildi,
Siz-chi, kimga aytayapsiz roz?
Eri kelgan paytda she’rni yostiq ustiga qo‘yadi-da, o‘zini uyquga soladi!
U she’r yozilgan qog‘ozni yostiq ustiga, ko‘zga ko‘rinarli qilib qo‘ydi-da, o‘zi yuzini boshqa yostiqqa bosib, yuragi dukullab urgan holda kuta boshladi. Mana hozir u kirib keladi. She’rni o‘qiydi. So‘ng odatdagicha, Ma’sumaning sochidan tortadi. Ma’suma qaramaydi…
Gursillagan qadam tovushlari bir zum tindi-da, so‘ng yana xonaga yaqinlasha boshladi. Ma’suma qiqirlab kulib yubormaslik uchun yuzini yostiqqa mahkam bosdi.
To‘satdan… Zarb bilan tepilgan eshikning taraqlab ochilishidan Ma’suma sapchib o‘rnidan turib ketdi. Uy burchagidagi bufet ichida chinni idishlar bir-biriga urilib, jarangladi. Eshik yonida turgan choynak ag‘darildi.
Rajabboy ko‘zlari olaygan, g‘azabdan titragan holda ostonada turardi.
— Padaringga la’nat sendaqa xotinning! Sigir ochidan o‘lay deb qopti! Na o‘t yulibsan, na uydan biron nima topib solibsan! Do‘mpayib yotishingni qara!
U xuddi ovoz qaytargichi olingan mototsiklday vag‘illab ketdi. Qani endi to‘xtatib bo‘lsa… Ma’suma to‘xtatishga harakat ham qilmadi. U karaxt edi. Eshitmas, sezmas, faqat labi-labiga tegmay ochilib-yopilayotgan og‘izni ko‘rardi xolos.
Birdan ko‘zi yostiq ustidagi qog‘ozga tushdi-yu, ko‘ngli yumshab ketdi. Asta egilib uni oldi-da, ohista parcha-parcha qilib yirtdi. So‘ng she’r daftarini derazadan ko‘chaga, bo‘tana suvlar limillab oqayotgan ariqqa otdi. Daftar qanoti yozilgan kaptardek «shig‘g‘» etib uchib, ariqqa quladi. Mayda to‘lqinlar bag‘rida bir-ikki oqarib ko‘rindi-da… Oqib ketdi!
Ma’sumaning ko‘zlari tubida ham allaqachonlardan beri payt poylab yotgan bir tomchi yosh sizib chiqib kipriklariga ilashdi, so‘ng oftobda qoraygan yuzida iz qoldirib, atlas ko‘ylagiga yumaladi, unga ham singmay, pastga oqib tushdi.