Ahmad A’zam. O‘zim bilan o‘zim (novella)

1. ODAMNING ISMI

Nega faqat bitta ismga qaramman: Ahmad, deb chaqirsalar, labbay, deb chopib boraman.
Men shu Ahmad degan ismga bog‘liqman, sen o‘zi kimsan, deb so‘rasalar, Ahmadman, deyman.
Qayerda neki ish qilsam, yaxshisi ham, yomoni ham ismimga o‘tadi: Ahmad undoq qilibdi, Ahmad bundoq qilibdi. Ba’zi paytlari esa odamlar mening kimligimni emas, faqat Ahmad degan ismnigina biladigandek, ularga o‘zim emas, faqat ismim kerakdek, ismim menga tegishli hamma yaxshiyu yomon tomonlarni egallab, o‘zimga hech narsa qolmayotgandek tuyuladi. Mening esa do‘stlarim kabi Solih, Olim, Xurshid, Murod bo‘lgim keladi, kimsan, deb so‘rashsa, Solihman, Olimman, Xurshidman, Murodman – Do‘stman deb aytishni istayman.
Nahotki, umrim bitta ismga bog‘lanib o‘tib ketadi, deb ezilaman. Doim men ismimga qaramman, ammo ismim birgina menga nisba emas, u mendan boshqa odamlarni ham o‘ziga qaratgan. Bu ism mendan oldin ham bor edi, mendan keyin ham bo‘laveradi, odamlar mening bor-yo‘qligimga qaramay, bolalariga Ahmad deb ism qo‘yaveradilar .
Bir kuni do‘ppimni mundoq boshdan olib qo‘yib, o‘ylay boshladim: volidai muhtarama zaminda yana qancha Ahmad bor? O‘zbeklar bilan birga tojik, qozoq, turkman, ozarbayjon, qirg‘iz, qoraqalpoq, uyg‘ur, tatar, boshqird, avar, darg‘in, qalmiq kabi mamlakatimizdagi boshqa millatlarda ham Ahmad degan qardoshlar bisyor ekan. Axir, Aqmat, Axmet, Amet, Amit, Amadjon deganlarning bari bitta — Ahmad-da!
Xayolan mamlakatlar sarhadlaridan oshib, o‘ylay boshlasam, yer yuzining hamma mavzelariga Ahmad deganlar sochilib ketgan ekan.
Dunyoda shuncha ko‘p Ahmad borligidan ko‘nglim ancha taskin topdi.
Birdaniga ularni ko‘rgim kelib qoldi. Yo‘q, mamlakatma-mamlakat kezib sayohatga chiqmadim. Shu turgan joyimdan Asqartog‘ning tepasiga chiqib, jumla-jahonning hamma mavzelariga tovushimni yetkazib: “Xry Ahmad!”— deb bir na’ra qilgan edim, Ahmad deganning bari, labbay, deb chopib keldi.
O‘h-ho‘, shuncha ko‘p ahmadlar yig‘ildiki, Asqartog‘ning tegrasiga odam sig‘may ketdi: qo‘limni peshanamga qo‘yib, harchand tikilaman, ahmadlarning adog‘i ko‘rinmaydi! Oq tanli, sariq tanli, qora tanli, qizil tanli, bir xillarining uzoq yo‘lda chopib kelganidan, aft-angorini chang bosib, qanaqa tanli ekanini ham bilib bo‘lmaydi.
Odam ismining ohanrabosi shunchalar zo‘r ekanmi, ozodlik deb hibsga tushgan nechov-nechov ahmadlar chaqirig‘imni eshitgach, kishanlarni sindirib, turmalarni yiqib, yo‘ldagi mamlakatlarning chegaralarini buzib yetib kelibdilar; oshini oshab, yoshini yashab, oyoqdan madori ketgan ko‘p qarriqurri ahmadlari uzrlarini yetkazishni navqiron ahmadlarga qaytaqayta tayinlab qolibdilar; mishig‘ini eplolmaydigan jujuq, churvaqa ahmadchalar o‘z millati tilida: “Manam boyaman” (masalan, forschasi: “Manam me-yavam”), deb yig‘lab ergashgan ekan, ularni katta ahmadlar: “U yoqdan senlarga shunaqa hushtak olib kelamizki, puflasanglar, otlaring chalinadi”, deb avrabdilar; Eronu Iroqda ahmadlar bir-biri bilan urushib yotgan ekan, chaqirig‘im yetib borgach, qurollarini tashlab, birga, unisi yiqilsa — bunisi turg‘izib, bunisi yiqilsa — unisi turg‘izib chopaveribdilar.
Men Surinam degan mamlakatni Afrikada deb yursam, u Amerikada bo‘lib, o‘sha tupkaning tagida ham ahmadlardan bor ekan. Urugvay, Paragvay degan mamlakatlardan ham talay ahmadlar keldi. Ahmadlar u yoqlarda nima qilib yuribdi, deb hayron bo‘lsam, ularning ota-bobolari avval Afrikadan Andaluziyaga, u yerdan Lotin Amerikasiga uloqib borib, o‘sha yerlarda muqim turib qolgan ekan. Ko‘p ahmadlar tirikchilik g‘amida Yevropada ham tentib yurgan ekanlar, shular ham sarmoyadorlarning ishdan bo‘shatib yuborishlaridan qo‘rqmay (u yoqlarda musofirlarga bundan og‘irroq jazolarni ham tap tortmay qo‘llayverishadi), hamma narsani shu holicha tashlab kelaveribdilar.
Ha-ya, Yevropa, Amerika, Afrikada Amadeo, Amadey, Amadu deganlar ham yo‘lga otlanishgan ekan, ahmadlar faqat “Ahmad” ismli odamlarni chaqirdi, deb yo‘ldan qaytarishibdi. “Bekor qilibsizlar, ismi ancha uyqash ekan, kelishsa bo‘lardi”, deb afsuslandim.
Lekin kunchiqar mamlakati — Yaponiyadan bir Yamato degan odam, qulog‘i sal chatoqroq eshitar ekanmi, “Amat-o!”, deb chaqiryapti” deb o‘ylab, kelaveribdi, bunga quvondim.
Bizning ~azirada ham Ahmad degan podachi bir qo‘shnimiz bor edi, qarasam, shu ham yuribdi. “Ho‘, Ah-mad aka, qishloqning podasini beega qoldirdingizmi?”, deb tashvishlansam, u: “Shu paytda poda ko‘zga ko‘rinadimi!”— deydi…
Xullas, jumla-jahonning ming tuman, million-million ahmadlari bir joyga jam bo‘ldi.
Kel-e, bu dunyoda mendan ham bir xayrli ish qolsin, deb o‘yladim-da, adashlarimga qarab: “Bir-birlaring bilan tanishib olinglar”, dedim. Bu gapimni o‘zimizning mamlakat ahmadlari hamma xorijiy ahmadlarga tarjima qilib berdilar — yalpi ta’limning kuchi shunda bilindi.
Tanishish marosimi, yashirmaslik kerak, bir oz kulgiga ham sabab bo‘ldi, chunki qaysi adashim kimga: “Mening ismim — Ahmad”, desa unisi: “Men ham Ahmadman”, deydi, so‘ragan Ahmad: “Hazillashmang”, deb kulib yuboradi.
Turfa millat, turfa tilli, turfa shamoyilli ahmadlar dunyoda shuncha ko‘p Ahmad borligini bungacha o‘ylab xam ko‘rishmagan ekan, avvaliga ishonmadilar, keyin esa rosa quvondilar. “Shuncha vaqtdan beri bir-birimizdan bexabar yuravergan ekaimiz-da”, deb o‘kinganlari ham bo‘ldi.
Keyin Ahmadlar bir-birlaridan hol-ahvol so‘rashga tushdilar; millating nima, hukumatlaring qanaka, maoshing qancha, qaramog‘ingda nechta jon bor, ishlab topganing ro‘zg‘orga yetadimi, yetmasa — yordam beraylik, axir begona emas, o‘zimizning Ahmadsan, topganingda qaytararsan…
Bu yog‘i endi o‘z-o‘zidan ayon: dushmaninigdan bunaqa hol-ahvol so‘ramaysan, axir.
Hamma ahmadlar do‘stlashib ketishdi.
Shundoq ahil adashlarimga qarab turib, ismim Ahmad ekanidan, ahmadlarning ko‘pligidan, rosa ko‘nglim ko‘tarilib, boshim osmonga yetdi. Bundan buyon Ahmad ismimga minba’d dog‘ tushirmayman, yomonotliga chiqsam, odamlar bolalariga mening ismimni qo‘yishni bas qilib, tag‘in ahmadlar kamayib ketmasin, degan niyatni ham ko‘nglimga mahkam tugdim.
Keyin ahmadlar ichida bo‘lay, dedim-da, Asqartog‘dan tushib, adashlarimga aralashib, oralarida adashib ketdim.
Biz ahmadlar boshqa-boshqa mamlakatlarda yashasak ham, maqsadimiz — tinch, ozod yashash, shundan ismimiz bitta, kelinglar, bundan so‘ng bordi-keldi qilaylik, og‘ir kunimizda bir-birimizga yelkadosh bo‘laylik, yaxshi kunlarda quvonchimizni baham ko‘raylik, deb gapni bir joyga qo‘ydik.
Har bir Ahmad o‘zi yashayotgan mamlakatda, agar u ozod bo‘lsa, ozodligini yana ham mustahkamlash uchun, ozod bo‘lmasa, ozodlik uchun kurashsin: zamon notinch, har bir Ahmad o‘z elida tinchlikni o‘ylasin, boshqa ismdagi odamlarni ham ahillikka undasin, deb bir qarorga keldnk.
Ahmad degan-nom — dunyodagi jami ahmadlar lashkarining bayrog‘i, bu bayroq har qanday mashaqqatli damlarda ham baland ko‘tarilib tursnn, degan taklif bir ovozdan qabul qilindi.
Ana shunday yakdil, yaktan ruh bilan xo‘shlashdik. Bir talay ahmadlar, ta’sirchanroq ekanmi, xayrlashayotganda yig‘lab yuborib, boshqa ahmadlarning ham ko‘nglini buzdi. Mayli, nima bo‘pti, mehr millat, chegara bilmas ekan, shunday zo‘r yig‘inda yig‘lamasak, qaysiqachon yig‘lab yuruvdik, bunaqa ko‘zyosh yaxshilikka, deb namli ko‘zlarimizni hech birimiz bekitmadik…
Men endi Solih, Olim, Xurshid, Murodnigina emas, Shavkatni ham, Yo‘ldoshni ham, Erkinni ham, Usmonni ham, Yasharni ham, Mirzoni ham, Alisherni ham, xullas, barcha do‘st tanish-bilishlarimni menga o‘xshab Asqartog‘ning tepasiga chiqinglar-da, “Hoy Solih” yoki “Hoy Olim!..” deb chaqirishga undamoqchiman.
Kimningki ismi Odam bo‘lsa, shu ishga chorlamoqchiman. Bu endi amalga oshmaydigan havoyi orzu emas, haqiqat: agar Odam ko‘nglining eng baland cho‘qqisidan turib, ko‘kragini ulug‘ niyatlarga to‘-o‘ldirib: “HOY ODAM!”, deb jumla jahonning hamma ovloq burchaklarigacha tovushini yetkazib na’ra qilsa, ming-ming tuman, million-million odam labbay, deb chopib keladilar.
Agar dunyodagi hamma odam ODAMLIK degan bitta bayroq ostida to‘plansa, tasavvur qilasizmi, HOY ODAM!..

2. JIM O‘TIRGAN ODAM

Uyimdagi hamma narsa nimagadir quloq tutgan: go‘yo hozir birovi tuyqusdan tilga kiradiyu boshqalari uni tinglaydigandek. Balki, ular derazadan tushayotgan oyning nurini ko‘pdan buyon bahamjihat tinglashayotgandir. Balki, shu jimlikning o‘zi ularning so‘zlashuv tilidir, bu tilni men bilmasman. Har qalay, oylab, yillab kunbo‘yi bir uyda baqamti qoladigan narsalarning bir-biri bilan muloqotga kirishmasligi mumkin emas. Balki narsalar o‘z-o‘zi-cha bizning yetti uxlab tushimizga kirmagan o‘ylarini turar…
Derazadan osmonga qarayman: yulduzlar chechak otgan. Chechaklar bir-birlariga gul changini uzatib yashaydilar — shunday tillashadilar: yulduzlar ham bir-biriga nur yo‘llab gurunglashmaydimi? Yo‘qsa, nega buncha jimillaydilar? Uyga tolaman. Men ham go‘yo jim o‘tiribman. Ko‘nglimdagi so‘zlar osmondagi yulduzlarcha ko‘p. Ular bir joyda tek turmay, to‘planib-tarqalib yuribdi. To‘planganlarida ko‘nglim yorishib ketadi, tarqalganda — xira tortadi.
So‘zlar bezovta tillashayotir — meni tillashayotir.
Nima deb o‘ylaysiz, odamning ko‘nglidagi so‘zlar lug‘at kitobiga to‘plab bosilgan o‘lik harflar yig‘indisimi? Io‘q, ular — tirik, tirik narsalar jim turolmaydi.
Mana, shu tirik so‘zlar ko‘nglimda gangir-gungur muloqot qilayotir — ko‘nglim yorishib-xira tortib turibdi.
— Ey, sen,— deyman o‘zimga-o‘zim.
— Ha, men,— deb javob qilaman o‘zim.
— Mening kim?
— Men-da. Ismimni bilasan.
— Ismingni zmas, kimligingni so‘rayapman,
— Kim bo‘lardim, odamman-da.
— Odamligingni emas, kimligingni so‘rayapman.
Odamlikdan boshqa yana kim ham bo‘lardim, deb o‘ylayman. Agar bu savolni o‘zimdan-o‘zim emas, birov so‘raganda, nima deb javob qilardim. Bu savolni birov berganda, javobimni kutib o‘tirmay, yo‘q, sen odam emassan, deyishi ham mumkin. Axir, odam bo‘lish osonmi!
— Kimligingni bilmay turib qanday yashayapsan?— deyman yana o‘zimga-o‘zim.
— Qanday yashayapman?—deb yana ajablanaman o‘zim.— Xo‘sh, qanday yashayapman? Halol yashayapman, o‘zganing haqini yemayman, birovga yomonlik qilmayman, sidqidildan ishlayman, nonimni beminnat topaman. Bundan ortiq yana qanday yashashim kerak?
— Bu ish qumursqaning ham qo‘lidan keladi,— deyman o‘zimga-o‘zim.— Odam yashash uchun o‘zining kimligini bilishi kerak.
Yana o‘zim o‘ylayman, juda ko‘p kitob o‘qiysan-da, oshna, kallangga kimqaydagi kitobiy savollar keladi, deyman-u, lekin shu yashashimdan boshqa yana qanday yashashim kerak ekan, deb boshim qotadi. Agar bundan ham ortiqrog‘i bo‘lsa, shu kungacha yashaganimni nima qilaman, axir, umrimning shuncha qismini bekor o‘tkazgan bo‘laman-ku! E-e, biz yashayotgan ekanmiz, umrni faromush o‘tkazibmiz, deb o‘chirib tashlab, yashashni boshqattan boshlay olmayman-ku. Otilgan o‘q yana qaytib miltiqdan chiqadimi?
Yana o‘zim o‘ylayman: shunday yashayverganim yaxshi emasmi, kimdan kamligim bor?..
— Ha-a,—deb kinoya qilaman o‘zimga-o‘zim,—kimligingni bilishdan qo‘rqyapsanmi?
— Yo‘g‘-e,— deyman o‘zim g‘ashlanib.— Nega qo‘rqar ekanman. Odam o‘zining kimligini bilishdan ham qo‘rqadimi?
— Qo‘rqyapsan,— deyman o‘zimga-o‘zim, xuddi kimligimni bilaman-u, jo‘rttaga aytmayotgandek.— Ancha donosan, kimligingni donoliging bilan yashirasan.
Nazarimda, ko‘nglimga boshqa bir odam kirib olib, meni mayna qilayotgandek, fahmim yetmaydigan savollar berib, meni atay dovdiratayotgandek.
Qiziq, deb o‘ylayman yana o‘zim, ismim, tilim, millatim, tug‘ilgan joyim, totuvgina oilam bo‘lsa, qanday yashayotganim o‘zimga besh qo‘ldek ayon, boshqa birov, meni yaxshi bilmaydigan kishi shaxsim haqida har xil xayollarga borishi mumkindir, ammo hozir begona bilan emas, o‘zim bilan o‘zim gaplashayapman-ku, nimani yashirardimu nima manfaat topardim bundan?
– Xo‘p, ana, bilar ekansan, ayt kimligimni, – deyman zarda bilan o‘zim.
– Qani, ayt-chi, Vataningni sevasanmi?
– Albatta, sevaman.
– Xalqingni sevasanmi?
– Albatta, sevaman.
E-ha, gap bu yoqda ekan-ku, deb yengil tin olib, burro-burro javob qilaman.
– Xo‘sh,— deyman yana o‘zimga-o‘zim. – Qani, endi bu savolimga o‘ylab javob ber: Vataningni, xalqing-ni qanday sevasan?
– Iya, bu qanaqasi bo‘ldi? Sevamai, vassalom! Ko‘nglimda Vatanimga, xalqimga bo‘lgan ulkan muhabbatni avaylab yuribman.
– Xo‘p, ana endi kimligingga yaqinlashyapmiz, – deyman o‘zimga-o‘zim.
Ustimdan qanaqadir beshafqat hukm bo‘layotgandek yuragim orziqib ketadi.
– Uyingni, oilangni yaxshi ko‘rasan-a?
– X,a.
– Shuning uchun tinmay yelib-yugurasan. Ishqilib, uyimda kamchilik bo‘lmasin, bolalarim boshqalardan kam bo‘lmasin, deb qo‘lingdan kelganini qilasan. Xotiningga birov ola qarasa, mushtumingni tugasan, bolangni qo‘shnining bolasi ursa, otlanib chiqasan, Bironta bezori uyingga tosh otsa, alamingni olmaguncha tinchimaysan. To‘g‘rimi?
– To‘g‘ri.
– Nima uchun Vatan, xalqing uchun shunday yelib-yugurmaysan.
– …
– Bularga bo‘lgan muhabbatni ko‘nglingda avaylab yurishingdan kimga naf? Axir bunaqa befoyda yotgan muhabbatning tirikligi qoladimi? Muhabbat mehrob emaski, unga sig‘inib, shu bilan burchingni o‘tab yuraversang. Tirik tuyg‘u kurashishi kerak. Kurashmaydigan muhabbat — o‘lik muhabbat.
– Vatan degani ham aslida – kurashayotgan muhabbat, ana shu muhabbat birlashtirgan kishilar xalq bo‘ladi. Sen, sen uchun ham birov kurashishi kerakmi?
Aslini olganda, o‘zim bilan o‘zim bunaqa gaplashmasligim kerak edi. Gaplashsam ham avvaldanoq boshqa, o‘zimga tushunarliroq mavzudan boshlashim lozim edi. Masalan, o‘zimdan-o‘zim, qani, oshna, shu vaqtgacha nimalarga erishding, deb so‘rasam, qo‘lga kiritgan narsalarimni bir-bir sanab berar edim.
– Xo‘p, xo‘p, endi gapni ko‘p cho‘zmay, kimligimni aytib qo‘ya qol, – dedim zardam qaynab o‘zim.
Shunda faqat savol berayotgan o‘zimni emas, savolga tutilayotgan o‘zimni ham ko‘rdim, ikkovi ham – bitta o‘zim, lekin…
– Senmi? – dedim o‘zimga-o‘zim. – Sen – ko‘ngliga ganjinani ko‘mma qilib, qayerga ko‘mgani esidan chiqib ketgan qashshoqsan. Shu xalqning bir bo‘lagi emas, qatorning ichiga kirib olib, qator qayoqqa yetaklasa, shu yoqqa og‘adigan, o‘zini qator bilan panalab, tirikchnlik tashvishida g‘imirsib yurgan jo‘n-gina bir… mayli… odamsan…
Mulzam bo‘lib qoldim: o‘zimga o‘zim shunaqa ayblarni qo‘yamanmi-a?!
– O‘ylayapsanmi? – deb so‘radim yana o‘zimdan-o‘zim.
– O‘ylayapman, – deb javob berdim o‘zim…
– O‘yla, o‘yla, – dedim o‘zimga-o‘zim. – Lekin, muhabbat quruq o‘y ham emas.
– Tushunyapman, – dedim o‘zim.
– Tushunayotgan bo‘lsang, yashay boshlabsan, – deyman yana o‘zimga-o‘zim. -Mayli, yaxshilab o‘ylab ol, faqat qolgan umringni o‘y o‘ylash bilan o‘tkazib yuborma. Amalsiz o‘y ham — o‘lik…
Ana shunaqa, o‘zim bilan o‘zim gaplashib o‘tiribman.
Uyimdagi hamma narsa bekordan-bekorga shunday turmagandir…
Derazadan oy nuri uyimga bekorga tushmayotgandir…
Osmondagi yulduzlar bekorga jimillamayotgandir…
Ko‘nglimdagi so‘zlarning bezovtaligi bejiz emasdir, axir…
Chetdan qaragan odam mening hozir o‘zim bilan o‘zim gaplashib, o‘ylarimning beshafqat tovushini eshitib o‘tirganimni bilmaydi. Ko‘zini bir nuqtaga tikib jimgina o‘tirgan odamning ko‘nglidan nimalar kechayotganini chetdan qaragan odam eshitmaydi.
Lekin eshitishi kerak. Jim turgan odamning hammasi ham jim turmagan bo‘ladi. Odamning o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolgandagi jimlikda boshqalar ham eshitishi juda zarur bo‘lgan tirik so‘zlar tilla-shadi.
Ko‘nglim yorishib — xira tortib turibdi: SIZ KIMSIZ?..

3. KO‘ZGUDAN QARAGAN ODAM

Odam har kuni necha martalab ko‘zguga qaraydi: sochini tarash uchun, kiyimining yarashgan-yarashmaganini ko‘rish uchun, ko‘pincha esa ko‘zgudagi aksiga anchayin ma’nisiz ko‘z tikadi. Ko‘zguga nima uchun tikilgani esida yo‘q, boshqa narsalarni o‘ylab turaveradi…
Erkaklar soqol olayotganlarida ham albatta ko‘zguga qaraydilar, hatto jallod ham o‘z yuziga ko‘zgusiz tig‘ tekizolmaydi.
Ayollar esa ko‘zgusiz o‘zlariga oro berolmaydi lar – ular ko‘zgu yonidagina o‘zlarining orolanib borayotganliklariga ishonadilar. Albatta, ular erkaklarning suq bilan termilishiga ham ishonadilar, lekin erkaklarning ko‘zida ular ko‘zgudagidek aks etmaydilar — ko‘zgu behayo emas, gap ham otmaydi.
Chiroyli-chiroyli qizlar chiroylaridan o‘zlari ham bahra olish uchun ko‘zguga qaraydilar.
Yosh-yosh yigitlar kelishimli, xushbichim qomatlarini ko‘zguga solib, undan qizlarning ko‘nglini qidiradilar.
Agar uyga kiraverishda toshoyna turgan bo‘lsa, odam o‘tganida ham, qaytganida ham unga bir qur ko‘z yugurtiradi.
Ko‘chaga chiqayotgan odam ko‘chadagilarga qanday ko‘rinishini oldindan bilib, yuziga shunga mos tus berish uchun ko‘zguga qaraydi. Tusini o‘zgartirmaslik uchun odam hatto ko‘chada ketayotganda ham do‘konlar oynasida lip etgan aksini nazardan qochirmaydi.
Erkagu ayol — odam umri qanday o‘tayotganini ko‘zgudan kuzatib yashaydi. Agar oyna kashf etilmay, dunyodagi hamma suvlar loyqa bo‘lib, odamning yuzi hech bir narsada aks etmasa, odam o‘zining yuzidagi o‘zgarishlarni ko‘rmas, ildiz otayotgan ajinlarini payqamas, sochining oqi ko‘payib borayotganini qaddining egilayotganini payxas qilmas — yoshi qaytayotganini bilmas edi.
Odamning yoshi qaytgani sayin ko‘zguga el bo‘lishi shundan.
Odam ko‘zguda o‘zining hamma a’zosini: sochi, pe-shanasi, qoshlari, burni, lablari, yonoqlari, iyagi, baqbaqasi, bo‘yni, ko‘kragini, kiyimlarini; qaddi-bastini, boshmoqlarini ham ko‘radi, u yonboshini, bu yonboshini ham ko‘zguga soladi.
Qorin qo‘ya boshlagan odam hatto qornini ham ko‘zguga ro‘para qilib, e, padariga la’nat, halitdan semirib ketyapman, deydi.
Lekin odam ko‘zguda o‘zini ko‘rmaydi. Ko‘zguga qaragan odam o‘zining hamma joyini ko‘rib turadi, lekin – o‘zining ko‘zlariga to‘g‘ri boqolmaydi. Bordi-yu, ko‘zgudagi ko‘zlariga to‘qnash kelib qolsa, bildirmay, bilmagandek, go‘yo bu to‘qnashuv tasodifdek, sekin ko‘zlarini olib qochadi.
Men bir kuni o‘zimni ko‘rishga ahd qilib, ko‘zgudagi ko‘zlarimga to‘g‘ri tikildim. Tikildimu… shu onda seskanib ketdim: ko‘zgudagi ko‘zlar meniki emas edi, ularning boqishi o‘tkir, shafqatsiz, senga bir martagina berilgan hayotni buncha abgor qil-ding, deb qattiq qadalib turar edi.
Ko‘zgudagi ko‘zlar mening ko‘zlarimga aks edi. Ular – men yigit yoshiga kirayotganimda hali mana bundoq yashaymiz, deb umidvor qilganimga ishongan, endi esa hayotim hech qandoq emasligini ko‘rib turib, meni fosh qilishga payt poylab kelayotgan, hozir shunday paytni qo‘lga kiritgan ko‘zlar edi.
Ko‘zgudagi ko‘zlardan ko‘zlarimni olib qochdim.
Ko‘zgudagi ko‘zlardan ko‘zlarimni yashirdim.
Faqat… ichimdagi bir istak ularga qara, qara ularga, deb turar edi.
… va bu istak tobora kuchayib borar edi.
Chekinishga yo‘l yo‘qqa o‘xshaydi. Nimadir qilish kerak!

4. O‘ZIGA TERMILIB O‘TIRGAN ODAM

Tepamda birov o‘tiribdi. Boshimda, yuzini yuzimga yaqin tutib, meiga diqqat bilan tikilib o‘tiribdi.
Ko‘zlari hamdard, xayrxoh— uzoq vaqt meni sog‘ingan, nihoyat menga yetishib, lekin meni uyg‘otishdan ayab o‘tirgan qadrdonimning ko‘zlari.
Yuzim — uyqu bilan yopilgan kitob. Kitobimni o‘qimay tursin, deb uxlab yotibman.
Oyning nuri deraza pardalaridan sizib o‘tadi, yuzimga gardlarini sepadi, tepamda o‘tirgan birovning ko‘zlarida titraydi.
Oyda yorishgan yuz doim shafqattalab bo‘lishini, yumuq ko‘zlarga hech kim ozor berolmasligini bilib, ko‘zlarimni ochmay yotibman.
Birovning shafqatini himoya bilib uxlab yotibman.
Meni qandaydir muloyim vahm bosgan, qandaydir shodlanib seskanaman.
Vahm ko‘nglimga huzur bilan yastanib, oy yorug‘ida xira tovlanayotgandek…
Vahmni bemalol silasa ham bo‘lar ekan-ku, vahm bilan bemalol tillashsa ham bo‘lar ekan-ku, degan o‘ylarni o‘ylayman.
Vahmning og‘ushi iliqqa o‘xshaydi.
Nega shu paytgacha meni vahima bosardi, deb o‘ylayman yana.
Vahm menga yaxshilik tsilishga kelgandek.
Vahmga nimalardan qo‘rqishimni, nega yuzimni ochmayotganimni aytib bersammi, deyman. Aytib bersam, qo‘rquvlarning eng kattasini o‘zimga el qilsam, boshqalari meni daf qilishga botinolmas, deb o‘ylayman yana.
Uxlayotgan bo‘lsam ham bosh uchimda mening yuzimdan o‘zini o‘qimoqchi bo‘lgan birovni ko‘rib yotibman, uning hech qanaqa BIROV emas, O‘ZIM ekanligimni bilib yotibman.
Balki uxlamayotgandirman?., Balki bu tush emasdir?..
Buncha o‘zimga termilaman, menga nima bo‘ldi ekan?..

5. TANASIDAN KO‘NGLI QOLGAN ODAM

Uning hamma xohish-istaklarini bajarish menga qonun edi.
Uni deb o‘lib-tirilardim.
Har kuni ertalabdan uni parvarishlashga kirishar edim: soqolini olar, tishini tozalar, yuziga xushbo‘y atirlar sepib qo‘yar edim: ustaraning tig‘i tekkan joyiga zararli narsalar toshmasin, deb ham o‘ylardim-da;
har hafta hammomga tushirar, bug‘xonada obdan terlatib, uqalab qo‘yar edim;
har kuni kamida uch mahal ovqatlantirar, qurbim yetganicha unga yoqadigan taomlardan saylar edim; endi chamalab ko‘rsam, shu vaqtgacha yegan ovqatlari kirq tuyaning belini sindirib, yana ortilmay ham qolar ekan;
topganimcha yaxshi-yaxshi liboslarga o‘,ardim, sovuqda qalin, issiqda yengil kiyintirar, izg‘irin yuziga tegmasin, deb qishda po‘stinining yoqasini ko‘tarib qo‘yar, boshini oftob urmasin deb saratonlarda soya-salqin yo‘lkalardan yetaklar edim;
o‘zini salgina yomon his qilsa tashvishga tushar, injiqlanaversa, do‘xtirlarga qaratar, dardini aritadigan dorilardan topib kelardim;
charchasa, dam berardim, kuniga kamida yetti soat uxlatardim, sayr qildirardim, yana…
Endi men mayda gap odam emasman, uning aytsa bo‘ladigan xohishlaridan tashqari, aytish noqulay talay-talay mayllarini ham qondirardimki, hammasini sanayversam minnat qilyapti, deb o‘ylashingiz mumkin.
Gapning lo‘ndasi, o‘zimni unga bag‘ishlagan edim.
Bir kuni doimgidek uni papalab ketayotganimda, birdaniga oldimdan to‘siq chiqib qoldi.
— Qani, endi men bilan bir sakra, bu to‘siqdan oshib o‘taylik,— dedim. U to‘siqni ko‘rib chekindi, aniq — qo‘rqdi!
— Sakra, axir, seni kelib-kelib to‘siqdan chekinasan, deb shuncha parvarish qildimmi,— dedim unga ezilib.
U esa to‘siqqa qarab shalvirab qoldi.
Oxiri, bor-e, asli nomard ekansan, senga umrini bag‘ishlagan men — ahmoq, dedim-da, bir sakrab to‘sikdan oshib o‘tdim.
Tanamning quruq o‘zi qolaverdi, yo‘lning narigi yog‘iga faqat o‘zim ketaverdim…

6. KUNGLINI KO‘TARGAN ODAM

Ivirsiq uyimizga kirsak, betartib yotgan narsalar o‘zimizga joy qoldirmagandek, tor tuyuladi. Shuning uchun vaqt-vaqti bilan uy ko‘taramiz. Uydagi narsalarni tashqariga olib chiqib, ko‘rpa-yostiqlarni oftobga yoyamiz, uyni supurib-sidirib, shamollatib tozalaymiz-da, narsalarni joy-joyiga taxlaymiz: ivirsib yotgan uy keng, bahavo, odam kirsa, bahridili ochiladigan, eng muhimi — izlagan narsangiz topiladigan tartibli bir go‘shaga aylanadi. To‘g‘rimi?
Men bir kuni shu tarzda ko‘nglimni ko‘tarmoqchi bo‘ldim. Ivirsib ketgan ekan, zarur payti izlagan tuyg‘umni topolmayman; bu tuyg‘u yo‘qligidan emas, ko‘nglimning tartibsizligidan; unda hamma tuyg‘ularim aralashquralash sochilib-bosilib yotgan ekan.
Bir kuni televizorga qarab o‘tirgan o‘g‘lim: “Dada, siz ham otlarni yaxshi ko‘rasizmi?”, deb so‘rab qoldi. O‘ylamasdan. “Ha, o‘g‘lim”, deb yubordimu uyalib ketdim: ko‘nglimdan harchand izlamayin, otlarni yaxshi ko‘rishimni topolmayman. Bu tuyg‘u bolaligimdan beri bor, ko‘nglimda edi, go‘dakligimda xivichni ot qilib chopganman, sal kattarganimdan keyin ko‘pkari bo‘lgan joydan qolmaganman, o‘n sakkiz yoshlarimda otchopardagi poygadan zavqlanib, ko‘nglim yumshab ketgan; otlar shu qadar chiroyli chopgan edi. Lekin, mana, bugunga kelib, bu tuyg‘uni topolmayapman…
Bir maktabda yozuvchilar bilan uchrashuv bo‘ldi, menga ham so‘z berishdi. So‘zni tarixni chuqur o‘rganish kerakligidan boshladim. “Tarix — tarixda qolib ketgan o‘tmish emas, u bizning yuragimizda yashaydi, bugun biz yashayotgan kunlar ham avlodlarimiz umrida davom etadi, ota-bobolarimiz hayotini unutib qo‘ysak, kelgusida bizni ham esdan chiqarishadi, izsiz o‘chib ketamiz”, dedim. Shunday dedimu yura-gim shuv-v etib ketdi: ko‘nglimga nazar solsam, o‘zimning tarixni yaxshi ko‘rishim yo‘q! Bir vaqtlar tarixni shunday sevardimki, yotib olib, qulog‘imni yerga bossam, tarixdagi otlarning dupurini eshitgandek bo‘lar edim. Bu tuyg‘u ko‘nglimning qay bir burchagida, qanaqadir lash-lush kechinmalar tagida qolib ketgan shekilli, shunday zarur paytda izlab topolmayman. Mulzam bo‘lib minbardan tushdim…
Yana bir kuni meni atay yo‘qlab, to‘lib-toshib sinfdosh do‘stim uyga keldi. Darvozani ochishim bilan meni quchoqlab oldi. Men ham uni quchog‘imga oldimu esankirab turaverdim: yana o‘sha ahvol, sinfdoshimga bo‘lgan do‘stligimni topolmayman. Do‘stim, qo‘lida bir dunyo bozorlik, ko‘ngli mehrga limmo-lim to‘lib, ko‘zi yoshlanib menga boqadi; bechoraning meni ko‘rmaganiga o‘n besh yil bo‘libdi, axir! Men esa nima qilishimni bilmayman, nuqul: “Ey seni qarayu… Juda quvontirding meni”, deymanu ko‘nglimda quvonch yo‘q. “Bekorga kelmagandir, shaharga ishi tushgan, biron iltimosi bor-ov?”, degan xayollarga ham boraman. Lekin, yo‘q, hech qanaqa iltimos-piltimosi yo‘q; ishidan ikki kunga javob tekkan ekan, “Shu-u, jo‘rajonimni bir ko‘rmasam, ko‘nglimning xusuri bosilmaydiganga o‘xshaydi”, deb kelaveribdi. Kechasi alla-pallagacha gurunglashib yotdik; uning ko‘ngliga hayajon sig‘maydi, meni uyqu bosadi, men ham unga qo‘shilib jo‘shay deyman, ammo o‘sha jo‘shqin do‘stligimizni qayerga qo‘yganimni topolmayman, bilmayman.
Yana bir kuni shu yerda — shahardagi do‘stlarim bilan bo‘lgan bir gurungda gap birinchi muhabbatga kelib taqaldi. Do‘stlarimning mendan boshqa barida bu tuyg‘u yo‘qolmagan ekan, gurung qizigandan qizidi, ularning bari o‘sha o‘n olti, o‘n yetti, o‘n sakkiz yoshiga bir-bir qaytib chiqishdi. Birinchi muhabbat mening ham esimda ekan-u, ammo tuyg‘uning o‘zi yo‘qolib qolibdi. Bo‘lmasa, bir qizni ikkinchi sinfdali-gimdan tortib to maktabni bitirguncha yaxshi ko‘rganman, har kuni, ishonasizmi, har kuni uning otini aytib uxlaganman, uyg‘onganimdan keyin ham tilimga kelgan so‘z — uning oti bo‘lgan. U qiz menga moyil bo‘lganmi, yo‘qmi, bilmayman-u, lekin o‘zim uni juda qattiq yaxshi ko‘rganman. O‘sha shirin azoblarimning hammasini eslayman, lekin ko‘nglimda qilt etgan tuyg‘u yo‘q. Keyin eslasam, birinchi sevgimdan sovib, endi nima keragi bor, deb ko‘nglimning bir gadoytopmas burchagiga tiqib qo‘ygan ekanman, mana, topolmayman.
Bir kuni eski yozuvimizga bo‘lgan sevgimni topolmay qoldim. Do‘stimning o‘g‘li maktabida arabcha ham o‘qir ekan, harflarni aji-buji yozishini ko‘-rib, g‘ayratim jo‘sh urib ketdi, unga husnixatning qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldim. Ammo otimni yozish ham esimdan chiqib ketgan ekan. Yo‘qsa, bir vaqtlar qamishqalamni qiya yo‘nib, Navoiyning “Ashraqat min aksi shamsil…” deb boshlanadigan g‘azallarini qanchaqancha ko‘chirganman, husnixatim yaxshi chiqqanidan qanchalar quvonganman. Endi esa ko‘nglimda eski yozuvga mehr tugul, o‘zi ham yo‘qolib qolibdi.
E’tibor bermasangiz, ne-ne tuyg‘ularingiz yo‘qolib ketaverar ekan, e’tibor bersangiz, nimalarni yo‘qotganingiz kelaverar ekan: avval hafta-o‘n kunda, keyin kunda biron bir tuyg‘umni befoyda izlaydigan bo‘lib qoldim.
Ana shundan keyin ko‘nglimni, xuddi uy ko‘targandek, saranjom-sarishta qilishga bel bog‘ladim.O‘zi ham ko‘nglimda ming xil mayda-chuyda tuyg‘ular uyulib ketgan ekan, ularning keragini kerakka ajratguncha bo‘larim bo‘ldi. Ularni shamollatish uchun oftobga yoyganimda ko‘pi qurib, uvalanib ketdi.
Lekin ularning tagidan — ko‘nglimning tubidan shunaka tuyg‘ularim topilayotirki!.. Shunchalar badav-lat ekanimni o‘zim bilmay, qashshoq-benavo yuravergan ekanman.
Ko‘ngil ko‘tarishim to‘xtagani yo‘q, hali ish ko‘p, lekin xozirdanoq ko‘nglimga kirsam, yayrab ketaman — shunaqa sarishta, shunaqa bahavo, shunaka keng…

7. OQIB BORAYoTGAN ODAM

Allegro

Men bir kuyning to‘lqinlarida oqib kelyapman kelyapman kelyapman qalqib qalqib ketyapman ketyapman ketlpman bu kuy meni qaysi qaysi qaysi qirg‘og‘iga qachon qachon qachon tashlab ketadi bilmayman bilmayman bilmayman faqat bu kuyni o‘zim chalyapman chalyapman chal…