Kichik ilmiy xodim Hamdamov simyog‘ochga suyangancha sigaret tutatayotgan ikki o‘smirga loqayd nigoh tashlab o‘tib ketdiyu to‘rt-besh odim yurmasdanoq qulog‘iga ularning gapi chalinib qoldi.
— Mahallangdagi istagan odamingni chalpak qilaman.
Unisi nimadir deb hiringladi. Hamdamov qulog‘ini ding qildi, ammo eshitmadi. Haligi o‘smir ovozini balandlatdi:
— Qani, ayt-chi, kim men bilan chiqadi? Bittasi anavimi?
“Anavi” Hamdamov edi. Hozir qaytib borib, bu mishiqini bir solsa, chappa ag‘darilib tushadi-yu, biroq katta ko‘chada hammaga sharmanda bo‘ladi-da yosh bolaga qo‘l ko‘targani uchun. Lekin qo‘rqitib qo‘yishi ham kerak, bo‘lmasa har o‘tganida mayna qilaverib joniga tegadi. Bularga bir yon berdingmi — tamom, keyin tomoshangni ko‘raverasan.
Hamdamov bir qarorga kelguncha yana to‘rt-besh odim yurib, o‘smirlardan uzoqlashib qolgan edi.
U shahd bilan ortiga qayrildi-yu, nima deyishini bilmay, o‘smirlarga tikilgancha tek turib qoldi. Jin ursin, nima qilardi, qayrilib! To‘g‘ri yo‘ldan ketavermaydimi, shularga bas kelib qancha obro‘ topardi.
Damdamovga tegizib gapirgani tikrog‘i edi, uning o‘girilishini kutib turgandi shekilli, birdan o‘shqirdi:
— Ha, akam, nimaga qaraysiz? Biron narsa demoqchimisiz menga? Hamdamov yana bir zum garangsib turdi-da;
— Qani, buyoqqa kel-chi!—dedi.
Ovozi sal titrab chiqqani uchun ko‘ngli g‘ash tortdi. Dag‘alroq gapirish, do‘q urish kerak edi.
O‘smir joyidan jilmagach, Hamdamovning o‘zi u tomonga yurdi. Shundan so‘ng o‘smir ham Hamdamovga qarab xezlanib kelaverdi.
Yo o‘ninchida o‘qiydi, yo shu yil bitirgan. Ursamikin, a? Hech portfel ko‘tarmagan odam kelib-kelib shu bugun…
Hamdamov bir qo‘li bandligidan juda afsuslandi.
O‘smir ikki qo‘lini beliga tirab Hamdamovning qarshisida g‘oz turdi.
Qo‘rqmaydi ham. Voy, sening qorakuya surtilgan mo‘ylabchalaringga…
— Meni taniysanmi o‘zi?—Hamdamovning tiliga kelgan gap shu bo‘ldi. O‘smir ishshaydi:
— Yo‘q!
Rostdan ham. O‘zi yaqinda ko‘chib kelgan bo‘lsa, bu bola uni qaydan tanisin. Shunaqa ham bo‘lmag‘ur savol bo‘ladimi?!
Hamdamovning ko‘ngli xijil bo‘ldi.
— Qayerda ishlashimni ham bilmaysanmi? O‘smir yana ishshaydi:
— Yo‘q!
U-uh, surbet! Basharasiga tushirib qolsami!.. Lekin odamlar nimaga urding, deyishsa, bnronta jiddiyroq sababni ro‘kach qilish kerak-da.
Hamdamov, xunobi oshib, boshqa gap esiga kelmaganidan yana o‘sha savolini takrorladi:
— Bilmaysanmi!
— Bilmayman. O‘zingiz ayta qoling, — deb erikladi o‘smir,— odamni ko‘p qiynamang. Qayerda ishlaysiz?
Hamdamov indamadi. Bildiki, aytsa battar kalaka qiladi. Kichik ilmiy xodimligiyu akademiyada ishlashi bularga bir pul. Shunaqa ham ahmoqona savol bo‘ladimi?! Ko‘nglida boshqa gap-u, tilida… Bunaqa adi-badi aytishib o‘tirgandan ko‘ra, keliboq solib qolishi kerak edi. Do‘q urishni eplolmagandan keyin… Endi kech-da.
— Militsiyada ishlaysizmi, a?—deya ijikilashda davom etdi o‘smir.— Meni qamab qo‘yasizmi? Voy, qamang!
Biladi-da, militsiyada ishlamasligini. Shuning uchun haddidan oshyapti.
— Yo‘g‘-e,— deb chaynaldi Hamdamov.— Seni qamatmoqchi emasman, sal… mundoq, o‘znngni… Qayerda turishimni ham bilmaysanmi?
Obbo, yana shunaqa savol beradimi, a?
U shosha-pisha savoliga o‘zi javob berdi:
— Men hu anavi yashil darvozali uyda turaman. To‘rtinchi. Istagan paytda borishlaring mumkin.
— Aroq ham quyib berasizmi?—dedi o‘smir juda eshilib ketganday.
Hamdamov keyingi gapini ko‘plashib borishsa ham mushtlashishga tayyor ekanligini pisanda qilib aytgan edi, o‘smir butunlay boshqa nag‘maga o‘tgandan so‘ng sal dovdirab, gapini yo‘qotib qo‘ydi.
— Boring, aka, yo‘lingizdan qolmang!—dedi o‘smir dabdurustdan, siz ham odammi, deganday.
— E-e, sen juda ahmoq bola ekansan-ku!—dedi Hamdamov bosh chayqab. O‘smirning ko‘zlari chaqchayib ketdi!
— Kim ahmoq?
— Bor-e, sen bilan pachakilashib…
Hamdamov go‘yo qattiq afsuslanganday bir qo‘l siltadiyu ortiga o‘girildi.
— Voy, aka, qamab qo‘ymadingiz-ku, uni!—deb qichqirdi shu payt ularning bahsiga aralashmay bir chetda turgan ikkinchisi.
O‘smirlar sharaqlab kulishdi.
Hamdamov tishini tishiga bosdi. Endi ortiga qaytsa yomon bo‘ladi.
Agar qaytsa…
Hamdamov o‘smirlarga qaramay, yana bir marta “Bor-e!”—deya qo‘l siltab yo‘liga ravona bo‘ldi.
Darvozaning eski, zanglagan qulfi hadeganda ochilavermagach Hamdamovning o‘bdon g‘azabi oshdi. Uyda o‘tirib ustlaridan darvozani qulflab olishadi-ya. O‘g‘ri urib ketarmidi!
U sharaq-shuruq qilib darvozani ochguncha bo‘g‘ilib ketdi, kalitni sindirishiga oz qoldi.
Ona suti og‘zidan ketmagan mishiqilar! Bir ursang yetti yumalab turadiyu bodilanishini aytmaysanmi! He o‘sha…
Xurram kelibdi. Semirib ketganini qara! O‘ttizga chiqmasdanoq qorin qo‘yib… Yigit degan sal uyoq-bu-yog‘iga qarab yurmaydimi. Tiqmachoq! Do‘mboq! O‘l-e!
Xurram quchog‘ini yozib peshvoz chiqdi.
Hozir labini cho‘chchaytiradi — o‘pishib ko‘rishmoqchi. Hamdamov o‘zini orqaga tortib qo‘lini cho‘zdi
— Yaxshimisiz? Qalay endi?
Shundan so‘ng Xurram ham quruqqina: “Yuribmiz-da”, deb qo‘ya qoldi, Hamdamoviing yozg‘irishidan ranjib.
Hamdamov shaxmat taxtasiga enkaygan hamxonalari oldiga keldi.
— Keldingizmi?— dedi Tursun bosh ko‘tarmasdan.
— Keldim. I-i, unday yurmang, chatoq bo‘ladi. Ismoil hayron bo‘lib qo‘lini tortdi:
— Nega?
— Farziningizni olib qo‘yadi bir yurishdan keyin,— dedi Hamdamov.
— Qanaqasiga?
— Ot bilan shoh beradi, farzinga ham tushadi.
Bu yurish Tursunning ham xayolida yo‘q edi chog‘i, o‘ylanib qoldi. Ismoil piyodani surdi.
— Boring, aralashmang. Nuqul shunaqa qilib odamni chalg‘itib yurasiz,— dedi Tursun,
Hamdamov indamadi.
Mushtday bolalar-a?! Shunaqa ham bez bo‘ladimi! Bir ursang… Kayfiyatni ham rasvo qilishdi-da.
— Voy tirmizaklar-ey,— dedi Hamdamov jahlini yutib yubora olmay.
— Kim? — deb qiziqsindi Xurram. Tursun Hamdamovga yalt etib tsarab qo‘ydi.
— He, hozir ko‘chada kelayotsam… Tursun, har kuni simyog‘och tagida to‘planib turadigan bolalar bor-ku?..
— Ha-a,— dedi Tursun taxtadan ko‘z uzmay.— Ochmas. Ko‘rmayapsanmi, ruh turibdi-ku. Hamsoyalarning bolalari-da.
— O‘shalar.— Hikoyasi hech kimni qiziqtirmayotganligini sezsa-da, Hamdamov gapida davom etdi.— Kelayotsam…
— Shoh!— dedi Ismoil.
— E-e, ko‘rmabmiz-da uni, — dedi Tursun va kaftlarini bir-biriga ishqab burgut qarash qildi.— Hozir, hozir! Shunday boplaymizki!
Oraga jimlik ch…kdi. Hamdamov siqilib ketdi. Noilojdan taxtaga tikildi. Otni yursa Nega yomon ko‘rishadi uni? Tavba! Tekkanga tegib, tegmaganga kesak otishadi-ya. Otni yursa shohni bekitib ruhga ham tushar ekan.
— Tursun, piyodani suring,— dedi Xurram.
— Yo‘q-yo‘q,— deya yana aralashdi Hamdamov.— Otni yurish kerak.
— To‘xtanglar, bir o‘zimga qarshi necha kishi?— dedi Ismoil xafa bo‘lib.
— O‘zim hozir otni yurmoqchi edim,— dedi Tursun xunob bo‘lib,— endi siz o‘rgatgan bo‘lib chiqasiz.
— Ha mayli, endi indamayman.
Hamdamov boshqa o‘rgatmaslikka qaror qildi.
Filni ishlatish kerak endi. O‘zi ham latta-da, bo‘lmasa shu boladan dakki yeydimi. “Boring, akam, yo‘lingizdan qolmang”. Haqorat qilyapti-yu, u esa…
— Jon do‘stim, borib maqolangizni yozmaysizmi!— dedi Tursun yalinib.
— Jim turibman-ku, axir!—dedi Hamdamov o‘ksinib.— Nafasimni ham ichimga yutib yuraymi!
— Bari bir chalg‘ityapsiz-da odamni. Iltimos, boring. Shu… tepamda tursangiz, negadir…
Hamdamov qattiq ranjidi: miq etmay qarab tursa ham Tursun asabiylashadi-ya. Bugun hammaga bir gap bo‘lganmi o‘zi!
Hamdamov yechinayotib toshoynaga o‘g‘rincha qaradi. Yelkalari keng. Mushaklari o‘ynab turmasa ham baquvvat, yo‘g‘on-yo‘g‘on. Bo‘yi ham u qadar daroz bo‘lmasa-da, har qalay, baland. Ular nimasiga ishondi ekan, a?
Hamdamov havorang sport kiyimini kiyib narigi xonaga — “kabinet”iga o‘tdi. Ancha o‘tirdi. Qo‘li ishga bormadi. Keyin stol ustidagi sochilib yotgan kitobu qog‘ozlarni yig‘ishtirdi, kuldonni tozaladi, latta ho‘llab kelib stolni artdi: tartibni yaxshi ko‘radi — uy qo‘qib yotsa, stol ustida ortiqcha narsalar bo‘lsa, yoza olmaydi.
Hamdamov ancha o‘tirdi. Na biron jumla yozdi, na biron sahifa o‘qidi. Chekdi, yoqmadi: tutun tomog‘ini achishtirdi. Ko‘chada chiqishi kerak bo‘lgan g‘azabi shundan so‘ng birdan junbushga keldi.
Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Bu, bu… qanday gap axir! Ishxonada katta-katta odamlar undan hayiqishadi! Hamkasb tengqurlari, Hamdamovning jahli chiqibdi deb eshitsalar, hay-haylashib qolishadi… Boshqa raqib yo‘qmidi! Hozir chiqib ikkalovini ham dabdala qiladi. Juda bo‘lmasa qattiqroq tanbeh berib qo‘yadi. Ma’suda kelmoqchi bo‘lib yurgan edi. Birga kelishayotganda bu bolakaylar albatta gap otishadi. Ana o‘shanda izza bo‘ladi. Ma’suda esa uni hech kimdan qo‘rqmaydi deb o‘ylaydi. O‘tirishda qo‘polroq hazil qilgani uchun Halimovni urmoqchi bo‘lganida, Ma’suda uni xonasiga qamab, bir soatcha avrab, tinchitgan edi, “Sariq emassiz-u, g‘azabingiz muncha tez!..” Shundan beri Halimov bechora undan yurak oldirib qo‘ygan… Odam qurib ketganday shu tirmizaklar!
Hamdamov shartta o‘rnidan turdiyu bir muddat o‘ylanib qoldi. Keyin vazmin qadam tashlagancha, hamxonalariga hech narsa demay, shippagini taqillatib ko‘chaga yo‘naldi. Yo‘l-yo‘lakay sigaret tutatdi.
Ular ko‘payishib qolibdi. Hamdamov sanadi: beshov. Beshoviga ham bas keladi — bari ushoq edi.
O‘smir Hamdamovga orqa o‘girgancha yonidagilarga, qo‘llarini havolatishiga qaraganda, allanarsalarni kuyib-pishib uqtirardi shekilli, boyagi sherigi unga im qoqib, Hamdamov tomonga ishora qilgach, burilib qaradi, keyin sarosimalanib yonidagilar bilan ko‘z urishtirdi.
O‘smirlar Hamdamovning ro‘parasida yarim doira bo‘lib turardilar.
Ko‘rishish kerakmi, yo‘qmi? Ishni nimadandir boshlash kerak-ku. He yo‘q, be yo‘q, birdan musht ko‘tarish aqlga sig‘maydi. Sport kiyimida, tayyorlanib, chaqqon bo‘lib kelibdi deb o‘ylashmasmikin? Mayli, zarari yo‘q, oyog‘idagi shippak bularni mensimasligini ko‘rsatadi.
Ularning oldiga borgach, Hamdamov chetdagi bolaga qo‘l cho‘zdi. Ikinchisi bilan ham ko‘rishib, uchinchisi — boya “qamab qo‘ymadingiz-ku uni”, deb qichqirganiga qo‘l uzatgan edi, u shoshilib qoldimi, negadir hadeganda, qo‘li yopishib qolgandek, shimining kissasidan chiqavermadi. Hamdamov ham qo‘lini tortmay unga tikilgan ko‘yi turaverdi. Nihoyat bola iltifot bilan qo‘sh qo‘llab ko‘rishdi, qiroat bilan “Assalo-mu alaykum” deb qo‘ydi.
Jo‘rttaga shunday qildi shayton!
Hamdamov endi nima deyishini bilmay boshi g‘ovlab turardi. O‘smir unga cho‘chinqirab tikilardi. Boshqalar ham jim edi.
Hamdamov o‘pkasini to‘ldirib sigaret tortdi, buruqsitib tutun qaytardi: tomog‘i qichishmasa ham yo‘talib qo‘ydi.
— Xo‘sh,— dedi u o‘smirga.
O‘smir indamay qarab turaverdi. Bo‘yi qariyb baravar ekan-da.
— Men senga nima yomonlik qildim,— deb Hamdamov o‘smirning tirsagidan tutdi.— Har kuni shu yerdan o‘taman, ertalab, kechqurun… Ko‘rgan bo‘lsang kerak?
O‘smirning ko‘zlarida istehzo chaqnab ketdi.
— Qo‘lni qo‘yvoring, qo‘lni,— dedi dag‘allik bilan.
Hamdamov beruxsat ish qilib tanbeh eshitgan boladay, shosha-pisha qo‘lini tortdi.
— Uka,— dedi,— birontalaringga zararim tegdimi yo xafa qildimmi? Nega unda menga bunaqa gapirasan?
O‘smir ukasining shikoyatini eshitayotgandek, qush boqish qilib qaqqayib turardi.
Hamdamov negadir ezilib, gapida davom etdsh
— Tekkanga tegib, tegmaganga kesak otasan. Uraman, deysan. Men sendan katta bo‘lsam, sen mendan kichik bo‘lsang. Men ham senga tengqur bo‘lganimda boshqa gap edi. Hozir sendan o‘n yosh katta bo‘lib qanday yoqalashaman? Odamlar kulmaydimi?.. Uyat, uka, uyat! O‘zingdan kattani hurmat qilishing kerak.
Hamdamov qolganlarga murojaat qildi:
— To‘g‘rimi, yigitlar?
— To‘g‘ri, – deya ilib ketdi “qamab qo‘ymadingiz-ku”, degani. – Zoir, nega bu akamni hurmat qilmaysan?
O‘smir tirjayib qo‘ydi.
Endi mushtlashib bo‘lmaydi.
– Nega maynavozchilik qilasan? Men jiddiy gapiryapman, – dedi Hamdamov.
– Men ham jiddiy aytyapman-da, – deya bidirladi bola. – Axir, rostdan ham, u sizni hurmat qilmayapti-ku. Men unga odobli bo‘l, o‘zingdan kattaga bunaqa qilma, deb nasihat o‘qiyapman-da.
Hamdamov bu gaplarning ma’nisini tushunib, iz-za bo‘ldi, go‘yo bolaga e’tibor bermaganday, yana o‘smirga o‘girildi.
– Ikkalamiz katta ko‘chada yoqalashib yursak yaxshimi, uka? Yaxshi emas-da. Sening og‘aynilaring bo‘lsa, menda ham bor…
Nimalar deyapti o‘zi! Birga-bir chiqsa kuchi yetmaydimi bu tirmizakka!
Hamdamov noo‘rin gapirganini anglab, endi nima deyishini bilmay, to‘xtab qoldi.
– Menga qarang, – dedi o‘smir, Hamdamov unga qarab turgan bo‘lsa ham. -Munday tushuntiribroq gapiring, nima demoqchisiz o‘zi? Agar men bilan chiqish niyatingiz bo‘lsa…
Nega buncha o‘ziga bino qo‘ygan, a? Axir, o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdi-ku: Hamdamov uni majaqlab tashlashi mumkin.
Lekin, keyin… bezori akalarini boshlab kelmoqchimi? Hamdamov ulardan qo‘rqmaydi-yu, biroq bu hovlidan ham ko‘chishi kerak bo‘ladi.
– Qo‘ysang-chi bunaqa gaplarni, – dedi Hamdamov yarash ohangida, go‘yo sulh sadaqa qilayotgandek. – Men teskarisini aytayapman. Janjal nimaga kerak, ikkalamizga ham yarashmaydi…
Keyin hammalari jim qolishdi. Hamdamov yana nima deyishini bilmay, bir oz o‘ylanib turdi-da, ularga hech gap aytmasdan, kelgan yo‘liga ravona bo‘ldi.
Uning ko‘ngli g‘ash, yutqizganini his qilib, ezilar edi.
Agar hozir bolalar kulsa yoki namoyishkorona yo‘talib qo‘yishsa ham Hamdamov qaytib bormas edn, erinardi.
Itday qilishdi-da. “Nima demoqchisiz”, deb mushtlashishga chorladi-ya. U esa sharmandalarcha chekindi. Chiqib ta’zirini beraman deb, battar bo‘lib qaytayapti. Ikkalovini ham dabdala qilarmish-a! Bilagida kuchi bo‘la turib chekindi-ya. Janjalning hadisini bilmas ekansan, uyda o‘tirmaysanmi!
Hamdamov uyga yaqinlashgan sari jahli chiqib, o‘zini o‘zi tuzlardi.
Mushtlashish hayvoniy illat, yirtqichlik, ziyoli odamga yot deb, birovning burnini ham qonatmading. Halimovni urmoqchi bo‘lganing ham artistlik edi, shunchaki Ma’sudaning oldida o‘zingni ko‘rsatmoqchi eding… Sen hech kimga qo‘l ko‘tarmading, biron kimsa ham seni urmadi. Ikki marta boplab kaltaklashganda edi, ko‘zing ochilardi, ko‘kayingda o‘t bo‘lardi, o‘t!
Hozirgidek tuyadan tushgan jabduqdek bo‘lmasding, qiliching sinib, qalqoning teshilib qaytmasding.
Hamdamov hovliga kirganda dum-dumaloq kuchukbola pildirab kelib oyoqlariga suykaldi. Hamdamov sigaret tutatdi-da, yana o‘ylay ketdi.
Nima ham qilsin, kitob o‘qishni, dissertatsiya yozishni to‘xtatib qo‘yib, bezorilikni, mushtlashish ilmini o‘rgansinmi? Fan sohasida u dadil-ku, axir! Ilmiy jasorat ham yigitning ko‘rki emasmi! Iloji qancha – kundalik mayda-chuyda jasorat qo‘lidan kelmaydi, unga kerak ham emas.
Hamdamov uyga kirdi.
Mana, mushtlashishni semiz bo‘lsa ham Xurramlar uchun chiqargan. Bular shu uchun yaratilgan – talashib-tortishib haqlarini yulib olishmasa, quruq qoladilar.
– E-e, borib keldim, – dedi Hamdamov Xurramga.
– Qayoqqa!
– Boyagi churvaqalarning oldiga-da, qayoqqa bo‘lardi! Menga o‘chakishma, ikkinchi marta bunaqa qilsang, kuningni ko‘rsataman, dedim.
Negadir shu topda Hamdamov Xurramga yolg‘on gapirishga o‘zini haqli deb bildi.
Ismoil taxtadan ko‘z uzmay:
– Erinmagan odamsiz-da, – deb qo‘ydi.
– Shoh! -deb qichqirdi Tursun va chapak chalib yubordn.— Mot ekan-ku! Mot, ukam, mot!
Ismoil Tursunning irg‘ishlashiga e’tibor bermay, boshini changallagancha shaxmat taxtasiga termilardi.
Hammalari taxtaga engashdilar.
– Mot emas,— dedi Hamdamov bir ozdan keyin.— Bitta yo‘l bor hali.
Ismoilga jon kirdi:
– Qani?
– O‘zingiz toping!