Ahmad A’zam. Ketgan birov edi (novella)

Yana nima qoldi ekan? Shoshganimdan xayolimni bir joyga to‘play olmayman. Yana nimani olmadim? Hammasini oldim shekilli. Yashab turganimda bularning ko‘pi keraksizdek ivirsib yotardi. Odamning uyida o‘ziga kerak bo‘lmagan lash-lushlar tiqilib yotadi-ya, o‘zi tor joy, maosh ham oyga uchma-uch, yana shuncha narsani olavergan ekanman-da, a, deb ko‘p xunob bo‘lganman. Endi esa yashab turganimda keraksiz tuyulgan hamma narsalar kerakliga o‘xshab, bir kuningga yarayman hali, deb tilsiz imo qilayotganga o‘xshaydi. Hatto tovoni bosilib, hovlichada oyoqqa ilib sudrashdan boshqaga yaramaydigan eski boshmog‘im ham, shuncha xizmat qilib, endi chiqitga chiqdimmi, olib ket, yararman bir kuningga, deb arazlayotganga o‘xshaydi. Boshmog‘imga qarab, yangi olgan paytlarim esimga tushadi. Hozir rangi bilinmaydi, lekin yangiligida yarqirab turardi, ikki soat navbat turib, zo‘rg‘a yetgan edim. Import, yugoslaviyaniki, kiyganimda hammaning havasi kelgan, qoshiqdek, bejirim edi! Kiyganimda jichchagina tor keluvdi, navbatdagilar shovqin ko‘targanidan keyin, shartta pulini to‘ladim. Keyin o‘n besh kuncha oyog‘imni siqib azob berdi, lekin keyin o‘zi uch yilga chidadi. Oxiri tovonini bosib hovlida sudraydigan qildim. Shunda ham hozirgacha butun, asfaltda shuncha yurib, hatto poshnasining naqshlari ham yeyilmagan. Qani hozir bunaqa boshmoqlar! Mung‘aytirib tashlab ketaveraman-da endi, bechora boshmoq mening bechoraligimdan bir yodgor bo‘lib qolaveradimi?
Zarur toshning og‘irligi yo‘q deb, hamma narsani yig‘nagumcha terlab ketdim. Tashqarida esa xuddi birov bo‘l-bo‘l, bo‘lsang-chi, deb shoshirayotgandek.
Tokchada faqat to‘zib, nayqog‘oz pillalari chiqib ketgan qalpog‘im qoldi. Qalpoqligi ham qolmagan. O‘zi ham otam zamonida tikilganga o‘xshaydi, rangi bilinmay ketgan. Qachon kiyganim ham esimda yo‘q. Kiygan bo‘lsam ham o‘sha paytlari biron lozimatga kiymagan bo‘lsam, boshqa umuman kiymaganman. Uni ham o‘zim olmaganman, onam odamning yonida qalpog‘i albatta bo‘lishi kerak, o‘zbek qalpoqsiz bo‘lmaydi, deb chamadonimga solib qo‘yganlar. Yangi edi, yangiligida meniki edi, qachon buncha eskirgan ekan, chamadonga kirib-chiqaverib, tokchada turaverib birovnikiga o‘xshab qolgan.
Yigirma yillar bo‘ldi-yov. Sochimni o‘stirib yurishimga qancha bo‘ldi? Onam: “Sochingni kaltartirib, munday o‘zbekka o‘xshab qalpoq kiysang bo‘lmaydimi, bolam? O‘g‘il bola ham yelkasiga tushirib soch qo‘yadimi?” deb qachon aytgan edilar? Said uylanganda kuyovjo‘ra bo‘lib borgan edim, qishloqning bolalari “Vuy, manovi kishining sochini!”, deb orqamdan duv ergashgan, chimildiqqa Saidni olib kirayotganimizda, ularning “kampir o‘ldi” degan odati bor ekan, bir kampir ostonaga yotib oldi, endi shunga uch so‘mmi, besh so‘mmi bersak, u yotgan joyidan tirilib turib, kuyov bilan uning jo‘ralarini o‘tkazib yuborar ekan, yotib olgan edi, men “Bosib o‘tib ketaveramiz, qari kampir ekan, e-e, o‘lsa o‘libdi-da”, deb hazillashsam, boshini munday burib menga qaradi, sochimga ko‘zi tushib, “Voy, bu odamyovvoyi rostdan bosib ketadi!” deb sakrab turib ketgan edi. Sochimni sartaroshga oldirmas edim. Oynaga qarab, katta qaychi bilan uchini o‘zim qaychilab qo‘yardim, xolos. Ko‘p bo‘ldi bunga, o‘sha mahallardagi qalpoq-da, bechora juda ado bo‘libdi. Qalpoq bo‘lib qalpoqligi ham qolmabdi. Kiyib ko‘rishga ham ko‘ngil bo‘lmaydi. Tokchaning changida yotaverganidan unniqib, rang jonivor ham qolmagan, titilgan qalpoqni boshga qo‘ndirib ham bo‘lmaydi. Sal taxi ochilib turibdi, ichiga mayda-chuyda hasharotlar ham in qo‘ygandi… , masalan, mayda tortanaklar. Ming yillik qalpoq – do‘ppi, taqiya, kallapo‘sh yaqinda sinch devorning orasidan topib oldik, deb bemalol muzeyga berish mumkin. O‘zimniki-ku, har holda, boshning buyumi, tashlab ketsam, yaxshi emas, deb olib ketsam, qayerga qo‘yaman bu eski matahni? Yo‘q, birov ko‘rsa, o‘l-e bu kuningdan, shu qalpoqni ham asrab yuribsanmi, qalpoq topilmas matah emas-k… , uch so‘mga yangisini beradi, yomon qurumsoqsan-ey, deb uyaltirishi mumkin
Shoshilyapman, mashina kira qilganman, shopiri, bemalol yig‘ishtiravering, men kabinada uxlab olaman, degan bo‘lsa ham ichim hovliqyapti. Hamma narsani yig‘ishtirdim, hatto eski boshmog‘imni ham oldim, bilintirmay chiqindixonaga chiqarib tashlarman. Lekin qalpoqni olmadim, uni chiqindixonaga tashlashga ko‘nglim bo‘lmadi – boshning buyumi. Qandoq turgan bo‘lsa, shundoq tursin, oromini buzmay, balki bu ham bir keksadek, qarib-churib, esi kirarli- chiqarli bo‘lib qolgandir, tashlab ketganimni bilmay qo‘yaqolsin, dedim.
Narsalarimni yelkalab chiqib ketdim, qalpoqqa qaramadim, ko‘nglim bo‘lmadi. Ha-ye, bir eski qalpoq-da, shuni qalpoq deb kiyib yurmayman-ku, baribir, kiymaganimdan keyin nima ham qalpoqligi qoladi, o‘zi juda qo‘sqi-yag‘ir qalpoq-da, deb o‘zimga taskin berdim. Qalpoq esa tokchada taxlog‘ligicha, xuddi urush vaqti askarlardan keladigan uchburchak xatga o‘xshab qolaverdi.
Yangi ijaramga keldim, yo‘lda kelayotganimda boshim yalangligi bilindi, xuddi o‘sha qalpoqni doim kiyib yurgandek, endi boshyalang qolgandek, boshqa endi qalpoq bo‘lmaydigandek. O‘zim emas, xuddi boshim doimgi qalpog‘ini so‘rayotgandek tuyuladi. Bo‘lmasa, aytdim-ku, kiymaganman deb.
Narsalarimni tushirib, sal saranjomlagandan so‘ng tin olgani o‘tirgan edim, yana eski ijaramda qolgan qalpoq esimga keldi. Shuncha soch bilan boshimga salqin tekkandek bo‘ldi, bo‘lmasa yelvizak yo‘q, issiqqina xonada o‘tiribman. Yana shunday tuyuldiki, men hali ko‘chib kelmagandek, bu xonada mening o‘rnimga uzun soch qo‘ygan, boshyalang bir begona yigit o‘tirgandek tuyuldi. Ertaga bozorga chiqib, bir yangi do‘ppi olaman, deb niyat qilib qo‘ydim. Lekin, bari bir, ko‘nglimning bir chekkasi idrab borayotgandek, yeganim ichimga tushmayotgan edi.
Birdan o‘sha eski qalpog‘imning hech kim yo‘q, huvillagan bir ovloq xonada bitta o‘zi egasiz qolgani shundoq ko‘z o‘ngimga keldi. Uning taxlamida shu paytgacha yashagan kunlarim, bolaligimdan sochimni o‘stirib yurguncha o‘tgan hamma kunlarim qatlanib qolgandek, nafaqat o‘tgan yillar, balki endi yashaydigan uzun umrimning yillari ham o‘sha qalpoqqa taxlangandek, qalpoqqa qo‘shib ularni ham tashlab kelgandek, bundan keyin kelajagimni ko‘rolmay, bir gumrohdek yashab yurishimga to‘g‘ri keladiganga ham o‘xshab qoldi. Kim biladi, onam shuning uchun ham “Bosh kiyimingni hech yerda qoldirma!”, deb tayinlagan ekanlarmi? Nega bosh kiyimning boshqasi buncha aziz emas, shapka eskirsa, yo telpakni kuyaga oldirib qo‘ysangiz, unga emas, pulingizga achinasiz-u, tashlab yuboraverasiz, qalpoqni tashlamaysiz. Bo‘lmasa, o‘qigan odamlarning qalpoq kiymay qo‘yganiga ko‘p bo‘lgan, ham desa qalpoqqa eskilik sarqiti deb qaraladi, unga hatto siyosiy tus ham beradilar. Yuqoridagilar uncha xush ko‘rmaydi, urfdan chiqib qolgan, lekin, bari bir, hamma o‘zbekning hech bo‘lmasa bitta qalpog‘i uyida turadi. Nega tashlab keldim o‘zi, og‘irligi tushgani yo‘q edi-ku, qog‘ozga o‘rab chamadonga tashlab qo‘ysam ham bo‘lardi-ku, mendan osh-non so‘ragani yo‘q edi…
Yangi ijaramda ich-etimni yeb o‘tiribman-u, lekin xuddi eskisi – endi keraksiz narsalarning hammasi olib ketilgan, faqat tokchasida bitta eng kerakli narsa – qalpoq turgan xonada unga qarab o‘tirgandekman. Hammasi ko‘z oldim-da, shiftini tortanak bosgan xona, bo‘m-bo‘sh, menu tokchadagi qalpoq! Ketmaganman, taxi sal ochilgan qalpoqqa qarab o‘tiribman.
Hali ko‘chib ketmaganman!