Karim — pastakkina, ko‘rimsizroq yigit, lekin juda kuchli, chayir; mushtumlari yum-yumaloq, toshdek qattiq. Karim tosh ko‘tarib, espander bilan qo‘llarini rosa pishitgan. Agar ikkita yong‘oqni kaftida siqsa, yong‘oqlar ezilib, mag‘zi po‘chog‘iga o‘tib ketardi. Qalpini topib ursa, har qanday yigitni ham qulatadi. Paxtada, yotoqni tozalashga o‘zining o‘rniga uni majburlamoqchi bo‘lganda, fakultetning eng urishqoq, bo‘ychan yigitlaridan biri — kattaqo‘rg‘onlik Iskandarni qalpini topib bir urgan, yaxshi hamki, devor bor ekan, bo‘lmasa, Iskandar uchib tushardi. Agar shunda Iskandarning sherigi Qodir Karimni mahkam quchoqlab olmaganda, Karim uni chatoq qilardi. Lekin, bari bir, Qodir qo‘yib yuborgandan keyin u hech narsa qilolmadi — ular zo‘rlik qilishdi. Alamdan Karimning ko‘ziga yosh keldi. Xo‘rlikdan emas, alamdan: kuchi bo‘laturib bo‘yining pastligidan, shunday baquvvat qo‘llarining kaltaligidan, raqiblarining ikki kishiligidan, kursdoshlarining hammasi bundan bexabar, tashqarida — maktab hovlisida qiyqirib futbol o‘ynayotganidan, bularni derazadan ko‘rib qolgan Manzuraning chinqirib yuborganidan, yana bitta — juda muhim sababdan yig‘lab yubordi.
Bu gap shtabga borib yetdi. Manzura: “Kursdoshimiz Karimni uchinchi kursdagi Iskandar bilan Qodir tentak rosa urishdi”, deb qizlarga sotib qo‘yibdi; faolligi oshib-toshib yotganidan o‘zini yana nima masalalarda ko‘rsatishni bilmay yurgan Salima shtabga borib aytibdi. Dekan paxtadagilarning ahvolidan xabar olgani shu kuni kelgan ekan, bu gapni eshitgan zahoti uchalasini ham chaqirtirdi. Iskandar haydaladigan edi, g‘irromlikka o‘tdi, o‘laman sattor, oldin o‘zi urdi, deb isboti uchun shishib turgan yuzini pesh qildi, og‘zini ochib ko‘rsatdi: Karimning bir urishidayoq uning lunji ichidan taram-taram qirqilib, hamon qontalash bo‘lib yotgan ekan.
Dekan Iskandar bilan Qodirning bir oylik stipendiyasini olib tashladi. Biroq, buning Karimga issig‘i ham, sovug‘i ham yo‘q edi. “Mayli, ular stipendiyasini olsin, menga bari bir. Lekin bir kun emas, axir bir kun Iskandarning yakka o‘zi qo‘limga tushib qolar-ku”, dedi.
Iskandarni yakka qo‘lga tushirganda Karim nima qilishini o‘zi bilardi-yu, ammo vaziyat o‘zgarib qoldi — Iskandar shu kuni oqshom jo‘rajonlaridan oltitasini ergashtirib, ularning yotog‘iga bostirib kirdi. Endi uxlamoqchi bo‘lgan Karimni kutkilashib, o‘rtaga olishdi. Bu yog‘i tushunarli edi, yo‘q agar Adham bo‘lmaganda, bu yog‘i nima bilan tugash o‘z-o‘zidash ma’lum edi.
Ana shunda Adham o‘zini ko‘rsatib qoldi, shu bilan hammani hayiqtirib, Karimning hayotiga, ichki sirlariga aralashib ketdi. Karimning esa hech kimga aytmagan, aytolmaydigan bitta ichki siri bor edi. Va bu sir juda muhim edi.
Xullas, Adham ana shunda oraga tushdi. Iskandar jo‘ralari bilan bostirib kirganda boshqa bolalar qo‘rqib ketishdi (birinchi kursda), Adham esa kichkina egovcha bilan tirnog‘ini tozalab o‘tirgan edi, indamay qo‘zg‘aldi-da, Karimning yoniga kelib, uni Iskandarlardan to‘sib oldi va go‘yo b yerda hech gap bo‘lmayotgandek, bamaylixotir tirnog‘ini tozalayverdi. Boshi og‘ib, kimqaylardan adabiyot fakultetiga tushib qolgan xumkalla, g‘irt bezori Ma’ruf uni turtib, “ San bola, nari tur”, deganda, Adham kiprik qoqmay, xo‘ppasemiz, ayiqpolvon Ma’rufga shunday dedi: “Qo‘lingni tort. Kuchim bor, deb ovora bo‘lma, qo‘l ko‘targaning zahoti kekirdagingni sug‘urib olaman. Keyin, geofakdagi “Bayron”ni,
“Chingizxon”ni bilasanmi? Bilsang bo‘pti-da!”
Shu gapdan so‘ng Ma’ruf negadir birdan cho‘kdi, boshqalarining ham shashti so‘nib qoldi. Iskandar Ma’rufga qaradi, Ma’ruf esa sheriklariga mo‘ltirab tikildi. “Bu xotinlik,— dedi Adham shuncha gap yetmagandek. — Bir kishiga yetti kishi bo‘lib kelish — xotinlikning o‘zginasi. Albatta, hozir Karimni, Karimga qo‘shib, kim biladi, balki meni ham urarsizlar. Lekin ertaga… ertaga boshqatdan boshqacha gaplashamiz”. :
Keyin murosayu madora boshlandi: ular Karimn tinch qo‘yadigan, Karim ham Iskandarga indamaydigan bo‘ldi (buni Adham o‘z ustiga oldi). Ma’ruf Adhamni qo‘yardaqo‘ymay tashqariga sudradi. Ular nimani gaplashishdi — buni hech kim bilmadi. Qaytib kirishganda Ma’ruf Adhamning yelkasidan do‘stona quchmoqchi edi, Adham uning qo‘lini siltab tashladi. Shuncha gap-so‘zning orasida Adham qo‘lidan yaltiroq egovchani tushirmadi, puflab-puflab tirnog‘ini tozalayverdi.
Hammanilg ko‘zi, bor hayronlikning sababi shunda bo‘lgandek, egovchadan uzilmadi.
Xullas, janjal bosildi. Lekin Karimning qo‘li, Adhamning yuragi baquvvatligini hamma bildi.
Karimning yuragida gap bor edi.
“Bayron” bilan “Chingizxon”ning kimligini Karim ertasi kuni Adhamning o‘zidan bildi. “Bayron”— geografiya fakultetining to‘rtinchi kursidagi Qobil, “Chingizxon” esa unnng jo‘rasi Turmuhammad ekan. Karim ularni bir marta ko‘rgan: Qobil ozg‘in, oqsoq bola; silliq, cho‘zinchoq yuzi nimasi bilandir chindan ham shoirlarga o‘xshab ketadi. Turmuhammad — qiyiq ko‘z, mo‘g‘ulbashara, haybatidan odam hurkadi. Uning-ku zo‘rligiga ishonsa bo‘ladi, gavdasining o‘zi kimligini shundoq ko‘rsatib turibdi. Lekin Qobilning nimasi odamni cho‘chitar ekan, buni Karim bilolmadi.
Adham ham buni tushuntirib aytmadi, Karim ham so‘rashni noqulay deb topdi. “Lekin, oshnam, bizniki ham nomardlik bo‘ldi,— dedi Adham,— nom sotdik. Boshqa chora yo‘q edi-da”.
Shunda Karim Adhamni birdan yaxshi ko‘rib ketdi, Adhamning nimasidir uni o‘ziga rom qilib oldi. “Yakkama-yakka chiqqanda, Ma’rufni urarmidingiz?”, deb so‘radi Karim — shu topda u Adhamning Ma’rufga bas kelishiga ishonardi. Adham ma’yus iljayib qo‘ydi. “O‘sha ho‘kizni-ya! Bir kalla ursa, qaytib o‘nglanmasam kerak,— dedi.— Men nimani nomardlik deyapman—kuchim yetmasligini bilib turib, “Bayron” bilan “Chingizxon”ni oraga solganimni-da. Lekin endi bular bilan shunaqa gaplashish ham kerak”.
Karim aytmasligi kerakligini yaxshi bilib tursa ham, bari unga yaqnnlashgisi kelganidanmi yoki kechagi himoyasi uchun o‘zicha minnatdorchilik bildirmoqchi bo‘ldimi, ishqilib, Adhamga ko‘nglini ochdi: hech kimga sezdirmagan, bildirmagan yurak sirini — Mohbibini yaxshi ko‘rishshsh tutila-tutila aytib berdi. Adham esa u kutganchalik ochilib gaplashmadi, faqat: “Ha-a”, dedi-yu, g‘alati qarab qo‘ydi.
Karim sirini berib qo‘yganiga afsuslandi. Afsuslangani zahoti shu gaplarni aytib Adhamning domiga tushganini, nima uchundir bundan so‘ng unga bo‘ysunib yurishini his etib, ko‘ngli ezildi,
Adham uni yechintirib qo‘ygan edi. Uning yuragi yalang‘och, himoyasiz qolgan edi.
Shu voqeaga, mana, ikki yarim yil bo‘ldi. Vu orada Karim bilan Adham uzoqlashib ham ketishmadi, yaqin ham bo‘lishmadi. Karimning Mohbibiga munosabati esa kuchaygandan-kuchaydi, lekin jilla; ham oldinga siljimadi, ya’ni Karim munday yurak betlab, Mohbibiga dardini yorib ko‘rmadi. O‘zicha sevib, sevgisidan iztirob chekib, azoblanib yuraverdi. Har ertalab Mohbibini ko‘rganida yuragi zirq etar, ko‘ksi kuyishib ketar edi — xuddi birov uning og‘zidan ichiga bir hovuch lag‘cha cho‘g‘ tashlab yuborgandek. Yozgi ta’tillarni-ku, gapirmang: Mohbibi ikki oy olis Sariosiyosiga, Karim qurilishga ketadi!
Karim uch yildan beri Mohbibiga sevgi izhor qilishni, lof emas, yuz martalar o‘ylab-ko‘rgandir. Lekin qanday aytadi! Umrida bungacha biron-bir qieni sevib, unga sevgi izhor qilmagan odam! Ana, aytdi ham deylik. Agar Mohbibi: “Men ham sizni…” deb qolsa-ku, bu eh-he!.. Mohbibining roziligi shu qadar o‘tkir, shu qadar yorqin baxt ediki, Karim bunga ishonishdan ham qo‘rqib ketardi. Xo‘p, yaxshi, Mohbibi ham ko‘nsa, undan so‘ng bir gap bo‘lar. Har holda, bu yaxshilikka-ku. Lekin, rad qilsa-chi? “Boshqani sevaman, Karimboy, behuda ovora bo‘lmang”, desa-chi? Yo‘q, buni tasavvur qilish og‘ir. Karim quvonchiga chidar-ku, biroq qayg‘udan tayin o‘ladi Mohbibining rad javobini eshitgandan ko‘ra, shun day, hozirgidek uzoqdan yaxshi ko‘rib, umid uzmay yurgani yaxshi.
Odamlar nozik-nihol, bo‘ychan, xipchadan kelgan qizlarni yoqtirishadi, biroq Qarimga bunaqa qizlar uzun, chillakcho‘pday oriq, ya’ni xunuk ko‘rinadi.
Mohbibi deganimiz esa ismi jismiga mos — o‘n to‘rt kunlik oydek to‘lagina, oykulchadek shiringina qiz edi.
Mohbibining shunday chiroyli ismini buzib, “Mabiyi” deb chaqirishlari Karimga juda og‘ir botadi. Hamma shunday deb chaqiradi, pasportida shunday yozilgan ekan. Mohbibiga metrika bergan qay bir chalasavod, kar, to‘nka kotibning ishi-da bu! Noiloj Karim ham tishini tishiga bosib, Mohbibiga “Mabiyi” deb murojaat kiladi, Lekin u bilan har kuni, har soatda xayolan so‘zlashganda, albatta “Mohbibi” deb shivirlaydk. “Mabiyi”— “Ma, biyi — biyi, mana buni ol”, degan kabi yafda xunuk eshitiladi, axir.
“Mohbibi, men sizni sevaman!”
Karim tunni, ko‘rpaga kirishni sabrsizlik bilan kutadi, yotgani zahoti boshini ko‘rpaga burkab, Mohbibi bilan shirin-shirin, odamni entiktiradigan suhbatlarni boshlab yuboradi.
“Mohbibi, men sizni sevaman!”
Mohbibi indamay bosh egadi, Karim Mohbibining qo‘llaridan ushlaydi, Mohbibi o‘zini olib qochmaydi. Mohbibining qo‘llari shunday mayin, yumshoqki… Karim Mohbibining qo‘llaridan ushlab o‘ziga tortadi. Mohbibi unga tikiladi, ko‘zlarida — “Qo‘ying!” degan hayo. Mohbibi egilib, yuzlarini bekitib oladi, Karim esa uning yuzini ko‘rmoq-chi… Mohbibi boshini ko‘tarmaydi, faqat Karimning qo‘llarini qisib qo‘yadi — ohista, beozor…
Keyin… Keyin ular jimgina ketishadi. Mohbibi Karimning yelkasiga bosh qo‘yadi, sochlari Karimning bo‘ynini qitiqlaydi, yoqimli, mast qilg‘uvchi hid taratadi…
Mohbibining sochlari qanaqa hid taratadi? U nima bilan bosh yuvar ekan? Birga ketganlaridan so‘ng Karim nima deydi? Yigitlar sevgan qiziga ochiq-oshkora, sevaman, deb gapiravermaydi. Sevgi ularning dilida, boshqa narsalarni gaplashib o‘tirishganda esa ko‘zida bo‘ladi. Lekin mum tishlab ketaverish ham yaxshi emas-da.
Karim shirin xayolidan yanglishib ketadi-da, hammasini qayta boshdan boshlaydi…
Bilmaydi — qancha yotadi, ishqilib, ne mahalda ko‘rpa tagida dami qaytib ketadi-da, boshini ochadi; hamxujrasi Burhonga sezdirmay, sekingina uf tortadi; yana ikki-uch soat uxlolmay, o‘ylanib yotadi.
Uch yildan beri shunday. Uch yildan beri Karim azob chekadi, o‘rtanadi.
Endi bu yurak sirining sirligi hamma biladigan oddiy gap bo‘lib qolgan. Yo‘q, uni Adham yoymadi. Adham o‘zining o‘rischa kitoblari, sevimli yozuvchilari, bir-ikkita o‘ziga o‘xshagan dardkashlari bilan bo‘lib, Karimning muhabbatini esga ham olmagandir. Mohbibini yaxshi ko‘rishini Karimning o‘zv bildirib qo‘ydi. Doim Mohbibi ko‘rinadigan joyga o‘tirib olib, , bilan ko‘z urishtirganda lavlagisi chiqib, Mohbibi biron narsa so‘rasa, gapidan adashib, sevgisini hammaga o‘zi oshkor qilib yurdn. Axir, nima qilsin — uch yil natijasiz sevib yurishning o‘zi bo‘ladimi! Ustiga ustak, ko‘nglidagisi — ko‘zida, betiga qarasang — ichi ko‘rinib turadigan bola bo‘lsa…
Yaxshimi, yomonmi, Karim shunday yashab kelayotgan, kuni o‘tayotgan edi. Balki Burhonning bir gapi bo‘lmaganda, Karim eski dardini ortmoqlab to‘rtinchi, undan beshinchi kursga va shu ko‘yi — Mohbibiga dardini aytolmay, qishlog‘iga jo‘nab ketarmidi?
Bahorda — qizlar qishlik ro‘dapolarini tashlab, avval yengilroq yomg‘irpo‘shda, so‘ngra ko‘zni quvnatib, ko‘ngilni ezadigan gunogun ko‘ylaklarda darsga qatnay boshlaganlarida, Burhon ijaraxonada olma archib o‘tirib, shunday deb qoldi:
— Shu-u, Mabiyingiz bo‘yi pakana bo‘lsa ham, istarasi issiqqina, a? Yaxshi xotin chiqadi shundan. Yo noto‘g‘rimi, Karimboy? Bir gapirib ko‘rsangiz bo‘lardi — keyin mazza qilib yashaysiz: qaynatangiz — sovxoz direktori; institutni qizil diplom bilan tugatgan kuyovto‘raning taglarida mashina! Anovi Hayit degani bor-ku, juda olg‘ir ko‘rinadi qizingizni shu ilib ketar-ov…
Karimni issiqqina uydan qahraton ko‘chaga haydab chiqib, bu ham yetmaganday, ustidan bir paqir sovuq suv quyib yuborishgandek bo‘ldi.
— Qaysi Hayit?—dedi u ichi qaltirab.— U… Uning qizi bor emasmi?
Burhon: “Hay oshnam-ey, juda soddasiz-da”, degandek bosh chayqadi, kuldi. Olmadan bir bo‘lak qirqib, pichoq uchida Karimga uzatdi:
— Unga o‘xshaganlarning qizi bitta bo‘ladimi! Bugun birovi bilan yursa, ertaga boshqasini aylantiradi.
Karimning tomog‘idan olma o‘tmadi, bo‘g‘zida turib qoldi.
— Hademay bitiradi: bir oy o‘tadi-ketadi,— deya olma kavshab davom etdi Burhon.— Diplomga qo‘shib sovxoz direktorining qizini ham olib ketsa, nima, xeshib chiqadimi? Ey, oshnam, ular yashashni biladi!
Karimning ko‘nglida nuqta kabi muallaq yulduz chaqnadi, undan o‘tkir sanchiq taralib, ko‘krak qafasini teshib chiqqudek og‘ritdi.
Nimadir qilish kerak edi! Karim hozir nimadir qilmasa, holi ne kechishini o‘zi ham bilmasdi.
— Yana yeysizmi?—dedi Burhon.— Yaxshi olma ekan. Yana bir bo‘lak. Mozorbosdi, Qo‘shrabotdan.
Karim bosh chayqadi.
— Shu qizlarga ham hayronsan,— dedi Burhon.— Qarang, shu Salimacha ham o‘ziga topib olibdi-ya. Yigiti, bechora, fizfakda aspirant, domla emish, sho‘ringga sho‘rva to‘kilgur…
Burhonning jag‘i ochilib ketdi: Salimaning chittakdek ekanligiyu yigitining g‘irt ahmoqligini rosa chaynadi, keyin o‘zining soddagina qishloq qiziga uylanib (oliy ma’lumotlisining nozi-firog‘i ham diplomiga yarasha bo‘lib, “Men sendan kam emas”, deb turar ekan), tinchgina turmush kechirish niyatini bildirdi; qishloqlarida “Burhonjon akam qachon bizga og‘iz soladilar”, deb sochini o‘rib o‘tirgan qizlar son-mingta emish.
Karim uning gaplarini diqqat bilan tinglab, ishqilib, yana Mohbibi haqida gapirib qolmasin, deya yurak hovuchlab o‘tirdi.
Lekin ko‘nglidagi og‘riq zo‘raygandan-zo‘raydi, bunga chidashning sira iloji yo‘q edi: “Mohbibi” degan nomning o‘zi nur o‘rniga sovuq bir og‘riq taratayotgan oyga o‘xshab qoldi — faqat Karimning ko‘ngli emas, shu torgina hujra, tashqaridagi keng dunyo ham og‘riqqa to‘lib ketgandek, go‘yo havo ham tomoqni tirmalab o‘tib, o‘pkaga sanchilar edi.
Karim yotoqqa otlandi. Juda borgisi keldi. Hujrada ortiq qololmas edi.
Kiyinayotib oynaga qaradi-yu, darrov ko‘zini olib qochdi: oynadan ko‘rimsiz, beshinchi kursdagi hasip mo‘ylovli, jingala sochli, yetmish so‘mli jez tugma ko‘ylak, ikki yuz ellik so‘mli jinsi shim kiyib yuradigan Hayit — qizlarning “Hayit akajon”iga solishtirganda esa juda xunuk, burunboy bola—o‘zi qaragan edi.
Shu Burhonlarga o‘xshab hech kimni sevmay yursa nima qilardi, a? Bu nima azob!
Karim to‘g‘ri Mohbibilarning xonasiga bordi. Taqillatgan edi, hech kim ochmadi. Eshikni itarib ko‘rsa, ichkaridan qulflog‘li ekan. Birdan xayoliga kelgan mudhish, dahshatli manzaradan o‘zi ham qo‘rqib ketib, eshikni gursillatib urdi. Saldan keyin zshik qiya ochildi-da, Tursunoyning cho‘chigan, uyquga pishmaganidan ola-kula bo‘lib ketgan ko‘zlari ko‘rindi.
— E-e,— dedi Karim.— E-e, uxlab yotuvdinglar-mi? Men…
Tursunoy eshikni qars urib yopib oldi. Karim shundan so‘ng ham joyidan qimirlamay, bir-ikki g‘o‘ldiradi, yopiq eshikka:
— Kechirasizlar,— dedi.
Lekin ko‘nglidagi og‘riq birdan qo‘yib yubordi:
“Uxlab yotishibdi ku! Eh, men bo‘lsam…— deb shodlandi u.— Uxlab yotishibdi-ya!” ,“
“Agar eshikni Tursunoy emas, Hayit ochganda nima qilardim? Nima ham derdim?”—sal o‘tmay Karim shunday o‘yladi. Maykachan, sochlari to‘zg‘igan Hayitning: “Ha, oshna, nimaga biziing ishimizga tumshug‘ingizni suqyapsiz?” degandek qarashini ko‘z oldiga keltirdiyu ich-ichigacha qizarib ketdi.
Dahlizning o‘rtasida Adham unga qarab turgan edi.
Karimning ko‘ksida nimadir g‘archcha qirqilib ketgandek bo‘ldi— ixcham-ingichka, Karimdan uzun Adham juda o‘tkir, odam seskanarlik nigohini unga sanchib turgan edi.
Karim to‘g‘ri unga ro‘para yurdi.
Adham indamay qo‘lini cho‘zdi, boshqa biron joyi qilt etmadi. Karim uning qo‘lini negadir qattiq qisdi. Adhamdan “ha” bilan “him”ga o‘xshagan bir tovush chiqdi.
— Shu,—dedi Karim uning qo‘lini qo‘yib yubormay,— o‘zim…
Adham qo‘lini tortdi. Jilmaydi —labidan ip qochdi. Shu ip Karimping bo‘yniga sirtmok bo‘lib tushdi.
— Qani, kiring,— deya Adham ortiga burilib eshikni ochdi.
Karim uning ortidan sudraldi.
Adham turgan xona torgina, ikki kishilik, lekin Adham komendant bilan kelishib, yolgiz o‘ziga to‘g‘rilab olgan edi. Xona juda shinam, devordagi trubka tishlagan sersoqol odamning rasmini aytmagan-da, boshqa bironta ortiqcha bezak yo‘q. Stolda ochiq kitob, bir dasta qog‘oz — ustkisining yarmigacha yozilgan.
Xona rangsiz, xira, qorong‘iroq; faqat karavotning bosh uchidagi guldor sochiq ko‘zga yaqqolroq tashlanadi.
Bilinar-bilinmas tamaki hidi kezadn.
Karim stol yonidagi kursiga o‘tirdi, nima deyishini bilmay, jim qotdi.
Adham xona to‘ridagi yakkayu yagona kresloga cho‘kdi. Derazaga orqa o‘girganidan yuzi sirli tus oldi.
“Shunaqa narsalarga pul sarflab, magazindan erinmay ko‘tarib kelganini ayt”, deb o‘yladi Karim kresloga suqlanib boqar ekan.
Adham dabdurustdan so‘radi:
— Mabiyining oldiga keluvdingizmi? Karim talmovsiradi:
— E, yo‘g‘-a, o‘zim shunday…
— Nima, o‘zim shunday?
“Buning ham Mohbibiga ko‘ngli bormi? Buncha tekshirmasa,— deb o‘yladi negadir Karim.— Menga yo‘l bo‘lsin! Qaysi qiz bunga yo‘q deydi?”
— Nima, o‘zim?—deb takror so‘radi Adham.— Yashirishning nima keragi bor? Keldim deb ayting, hech kim sizni ayblayotgani yo‘q-ku.
Karim miq etmay boshini egdi, qo‘llarini kiyishtirdi.
— Shuni rostdan ham yaxshi ko‘rasizmi?—deb yana uni nayzaga ildi Adham.
Karim rad qilgisi keldi-yu, lekin bunga kerakli gap topolmaganidan, noiloj bosh irgab, Adhamning gapini tasdiqladi.
— Ha, yaxshi,— dedi Adham bir oz o‘ylanib turgach.— Yaxshi ko‘rasiz. Yaxshi ko‘rsangiz, nega shuni o‘ziga aytmaysiz? Uch yildan beri nima qilib yuribsiz? Yo Mabiyining o‘zi kelib, “Karimboy, men sizni sevaman”, deb aytishini kutyapsizmi?
Karimning ko‘nglida umid yiltilladi.
— Nima qilay bo‘lmasa? Adhamning jahli chiqqandek bo‘ldi:
— Gaplashing! Bu yurishdan ish chiqadimi? Nima qilay emish. Biron yo‘lini topib ayting-da!
Karim hozir Adhamning uzoq gapirishini, o‘z tajribalarini so‘zlashini va oxirida Mohbibining ko‘nglini olish yo‘llarini birma-bir ko‘rsatib berishini xohlar edi. Adhamning jahl aralash gapirayotgani ham unga o‘tirishdi, ko‘nglida nimadir yumshadi; birdan yengil tortib, otasidan tanbeh eshitayotgan boladek, yig‘lagisi keldi.
— Nima, Mabiyingiz osmondagi oymi? Hammaga o‘xshagan bir qiz-da. Sizning ham kamchilik joyingiz, yo‘q. E, uch yildan beri ogzingizga talqon solib yuribsiz-a, tavba! Borib, “Mabiyi, sizda ikki ogiz gapim bor edi”, deb gaplashib olish shuncha qiyinmi? Harholda, uch yil qiynalib yurishdan ko‘ra osonroqdir.
Karimning ko‘nglida notayin, umidsiz ogriq yana turdi.
— Yo Mabiyiga o‘zim aytaymi?—dedi Adham. Karim cho‘chib ketdi.
— Yo‘g‘-e, nimalar deyapsiz,— dedi u shosha-pisha, xuddi Adham hozir Mabiyining oldiga boradigandek.— Nima deb o‘ylaydi axir!
— Bo‘lmasa, o‘zingiz borib ayting-da.
— Xat yozsammikan?—dedi u yurak yutib.
Adham zaharli iljaydi — bir zumda Karimdan uzoq-uzoqlarga ketib qoldi.
— Xat?! G‘azal yozib bera qoling, “Ishqingda zor o‘ldim, netay”, deb. U ham sizga “Kel, g‘aribim, o‘ldim mano”, deb javob qaytaradi.
“Muncha tili achchiq buning!”— Karimning g‘ashi keldi.
— Kulmang! :
— Kuladigan gapni aytyapsiz-da,— dedi Adham sal yumshab.
— Bo‘lmasa, nima qilay?—dedi Adham ezilib.
— Menga qarang,— dedi Adham.— Nima, tilingizga tirsak chiqqanmi? Boyadan beri eshakning qulog‘iga tanbur chertyapmanmi!
Karim o‘zi kutmagan holda zorlanib ketdi:
— Qachon borsam xonasida odam bo‘ladi. O‘zi o‘tirgan vaqtida endi gapiraman, desam, birov kirib qoladi. O‘tirib-o‘tirib qaytib kelaveraman. O‘zi ko‘pham boravermayman-ku-ya. Hayit aka ko‘p borar ekan.
— Xo‘sh?—deb ajablandi Adham.—Xdyit borsa nima bo‘pti? Karim o‘ng‘aysizlanib qoldi.
— Bilmasam, u ham Mabiyiga…
— E, sizda kalla bormi o‘zi?—dedi Adham.— Yelkaning ustida nimani ko‘tarib yuribsiz? X,ayit uni… Mabiyi uni boshiga uradimi? Hayitning Gulnorasi unga qarindosh-ku, shuni ham bilmaysizmi?
Karim izza bo‘ldi.
— Burhon… bugun shunaqa de b… Adham qo‘l siltadi.
— E, qo‘ysangiz-chi. Odam quriganday, shu maxsimchaga ishonasizmi? Karimning ko‘ngli sal yorishgandek bo‘ldi. Adham sukut saqlab turdi-da:
— Xrzir nima qilishyapti ekan?—dedi.
— Kimlar?—dedi Karim.
— Kimlar bo‘lardi?—dedi Adham.— Mabiyilar-da.
— Nima edi?—dedi Karim.— Uxlashyapti. Adham Karimga tik qaradi:
— Hozir borib Mabiyidan boshqasini chiqarib yuborsam… aytasizmi? Karimning tizzalarigacha titroq tushdi.
— Hozir-a? E, yo‘q, bo‘lmaydi.
Adham o‘zini hayronlikka solib, qo‘llarini kerdi:
— Nega bo‘lmas ekan?
Karim indamadi. Adham chuqur nafas oldi:
— Ertaga-chi?
Karim Adhamga mung‘ayib qaradi.
— Karimboy, jo‘ra,— dedi Adham.— Shu bitishli xotin ham o‘g‘il tug‘adimi, degan gap bor. Bu lattachaynarligingizdan ma’nili ish chiqmaydi, og‘aynichalish. Yo borib Mabiyiga ochiq ayting, yo undan tamom voz keching. Bunaqa rezinkadek cho‘zmang.
— Mayli,— dedi Karim birdan.
— Bugunmi? — Adhamning tovushida g‘alatn, yoqimsiz bir quvonch bordek edi.— Xo‘sh?
— Yo‘q, bugun emas,— dedi Karim bo‘g‘iq ovoz-da.— Ertaga. Maylimi?
Tun—uzundan-uzun – yo‘l, qirrali toshlar qizib-chatnab yotgan toshloq azob edi. Karim ana shu yo‘ldan har qadamda bir qoqilib-yiqilib ketaverdi.
Mohbibi goh Karimni entiktirar, goh teskari qarab, Hayitmi yo shunga o‘xshagan birovningmi yelkasiga bosh qo‘yib g‘amzali kular, goh Karimga yalinar, goh Qarimni yalintirar edi.
Bu qaynoq, telba-teskari xayollar uzra yaratganning o‘zi kabi loqayd, mag‘rur Adham kresloda oyoq chalishtirib, uch-to‘rt joyidan buklangan isfihondek vahm solib o‘tirar edi.
Shu kecha Karimning Mohbibi haqida o‘ylagan neki o‘yu-xayoli bo‘lmasin, hammasi Adhamga urilib, parcha-parcha qirqilib ketaverdi.
Hovlidagi vodoprovod jo‘mragi tuni bilan jirillab chiqdi.
Tomdagi mushuklar ikki marta nag‘ma ko‘rsatdi.
Karim uxlab-uxlayolmay, mudroq yotganda Burhon uni turtdi, lekin u hozir turishini, nonushta qilishini, so‘ngra tiqilinch avtobusda institutga borishini, u yerda Mohbibini ko‘rishini, ayniqsa, Adhamning suyak-suyakka qadaladigan nigohiga duchor bo‘lishini o‘ylab, ko‘zini ochmadi: jo‘rttagacha elovsirab, devorga o‘girilib oldi.
Burhon yuvinib keldi, qirtillatib soqol oldi; tarandi, sochi dag‘al edi, taroq tekkanda chisirladi. Karim buni aniq eshitdi, negadir ko‘ngli g‘alati bo‘lib ketdi. Burhon uzoq nonushta qildi: choyni piyolaga qulqullatib quydi, xo‘rillatib ichdi, og‘zini chapillatib non yedi, ustma-ust tomoq qirdi, yo‘taldi—Karim bu tovushlarning barchasini tinglagancha ijirg‘anib yotaverdi.
— Ho‘, Karim,— deb chaqirdi Burhon.— Birinchi para — Hakimova. Turing, kech qolasiz.
Karim ko‘zlarini qattiqroq yumib oldi: Hakimova domla uni ossa osib yubora qolsin.
— O‘zingiz bilasiz,— dedi Burhon.
Burhon chiqib ketganidan keyin Karim ko‘zini ochdi.
Havo qandaydir bo‘g‘iq, og‘ir; derazadan ko‘rinib turgan osmon tussiz edi.
Karim tashqariga chiqib, ancha vaqtgacha zinada mudrab o‘tirdi. Keyin sakrab turdi-da, hovlini gir aylanib chopa boshladi, uzoq chopdi. So‘ngra badantarbiya bilan mashg‘ul bo‘ldi: barcha bilgan usullarini qaytaqayta takrorladi; tanasining turli-tuman joylaridagi muskullarini pishituvchi mashqlar bajardi, ikki qo‘liga tiralib, sanab, o‘ttiz marta yotib turdi. A’zoi badaniga ter ko‘pchigach, be-ligacha yalang‘och bo‘lib, pishqira-pishqira rosa yuvindi.
Karim bu orada Mohbibini, Adhamni, bugungi bo‘lajak uchrashuvni o‘ylamaslikka tirishdi.
Stol ustida anchagina kolbasa, sariyog‘, uch-to‘rt chaqmoq qand, yumshoqqina non qolgan ekan, Karim qandning hammasini choyga solib, ajabtovur ishtaha bilan nonushta qildi. Keyin tanasida yoqimli horg‘inlik his ztib, karavotga cho‘zildi.
O‘ylagan o‘yining ma’nisiga ham bormay, bir oz yotganini biladi, keyin ko‘zi ilinib, dong qotibdi.
Karim ko‘zini ochganda ustiga oftob tushgan edi. Havo ochilibdi. Vaqt tushdan og‘ib o‘tib, soat millari to‘rtga yaqinlashib borar edi.
Karim uyquga to‘ygan, tiniqqan, ta’bi ravshan tortgan edi. Bo‘lajak uchrashuv uning xayolida mavhum bir narsadek tiklandi.
Borib Mohbibi bilan gaplashgandan ko‘ra, oftob qoplagan issiqqina ko‘rpa tagida rohatlanib yotish ming karra yaxshiroq edi. Kerak bo‘lsa, Mohbibining o‘zi kelsin, Karimdan “Meni sevasizmi?”, deb so‘rasin. Oh, qani edi shunday bo‘lsa! Karim ko‘rpadan chiqmay, bosh irg‘agancha tasdiqlab qo‘ya qolardi. Yo boshini sal ko‘tarib, Mohbibiga qarab jilmayib… Lekin Mohbibi sira kelmaydi-da — Karimning o‘zi borishi, bugun, hoziroq borishi kerak. Qayoqdan ham shu Adham aralashdi?
Borish kerak. Bormasa bo‘lmaydi. Bo‘lmas ekan! Adham sovuq bo‘lsa ham, mard yigit. Rost, sudralib yurishdan ish chiqmaydi. Lattachaynarlikdan ish chiqmaydi, og‘aynichalish. Tavakkal-da! Ha, Mohbibi unga qaramasa, shu bilan dunyo tugab qoladimi, hayot to‘xtaydimi? Undan yaxshiroq qiz qurib ketibdimi! Karim hali yosh bo‘lsa, a’lo o‘qisa. Kim biladi, kelajakda institutlarda ishlab, ko‘tarilib ketadimi? Mohbibi-chi, albatta qishlog‘iga ketadi-da, boshqa qayga ham boradi. Qiz bola-da, dodini kimga aytadi. Qishlog‘iga borgandan keyin traktorchigami, suvchigami, juda baxti chopsa, adabiyotning “A” harfini ham bilmaydigan agronommi yo piyonista mol do‘xtirigami berib yuborishadi. Besh yil shaharda o‘qigan qizni hamma ham ishonib, jon deb olavermaydi. Keyin Mohbibining o‘zi pushaymon yeydi. “Eh, o‘shanda Karimdek yigitning ko‘nglini og‘ritib katta ahmoqlik qilgan ekanman, tuzatib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘ygan ekanman”, deb umr bo‘yi ezilib o‘tadi. Eri bo‘lsa har kuni kirlab, terdan tarashaday qotgan ko‘ylagini yechib otadi-da, kitob o‘qib o‘tirgan Mohbibiga: “Hey, xotin! Mabiyi, deyapman! He biyingni… Etikni tort, yig‘ishtir bayti-g‘azalingni, choyni opke!”, deya sansirab bo‘kiradi… Zamon aylanib, Karim o‘z mashinasida, yo‘q, davlatning xizmat mashinasida madaniy ahvolni tekshirgani ularning Sariosiyosiga borib qoladi; shundoq muyulishda rulni burayotib, chelak ko‘targan, ozib shaftoliqoqiday bo‘lib qolgan Mohbibiga ko‘zi tushadi. Mohbibi ham uni ko‘rib, turgan joyida, ko‘zida yosh, qotib turaveradi.
E, shundan boshqa gap qurib ketibdimi! Mohbibining baxtsizligi uning ham baxtsizligi emas-mi? U ham azob chekmaydimi, ezilmaydimi? Keyin, Mohbibi ham juda ko‘chada qolgani yo‘q. Agar tegaman, desa, hamma ham noz qilavermas. Adhamning-ku yo‘li boshqa, lekin shu Burhonchaning o‘zi pitirlab qolsa kerak — so‘lakayi oqib turibdi-ku, istarasi issiq, puli ko‘p, otasi sovxoz direktori, deb.
Borish kerak. Adhamga va’da bermaganda, u bilmaganda, boshqa gap edi. Bormasa, u Karimni qo‘rqoq deb o‘ylaydi. Karim qo‘rqoqlardan emas. Qani, borsin-chi, keyin bir gap bo‘lar-da, axir.
Yotoqqa yaqinlashgani sari Karimning oyoqlari og‘irlashib, bosgan qadami orqaga ketaverdi. Go‘yo hamma derazalardan uni kuzatib turishgandek, boshini ko‘tarishga jur’at qilolmadi.
Zinalar buncha ko‘p!
Dahliz buncha sirli, buncha diqqinafas, buncha vahimali!
Karim zinalardan ko‘tarilib olgach, to‘rtinchi qavatning dahlizida turib qoldi: to‘g‘ri Mohbibilarning xonasiga borsami yo oldin Adhamga uchrab o‘tsami? U balki Karimning kelishini kutib, hali qizlarni chiqarib yubormagandir.
Karim Adhamning eshigini ochdiyu ostonada qotdi: Tursunoy uzala tushib yotgan Adhamni quchoqlab o‘tirar edi!
Tursunoy sapchib turdi, sarosima bilan yoqasini to‘g‘rilab, Karimga o‘qrayib tikildi.
Adham bamaylixotir “Keling”, deya o‘rnidan qo‘z-g‘alayotgan edi, Karim burilib, sekingina eshikni yopdi, allanechuk qaltiradi, nimagadir alami keldi. Orqasidan Adhamning “Karim!”, degan g‘alati mehribon ovozi va Tursunoyning asabiy qiqirlagani eshitildi.
Behayo! Eshigini bekitib olmaydimi!
Go‘yo hech gap bo‘lmagandek, Adham chiqdi.
— Sizni deb, mana, bittasini ovuntirib o‘tiribman,— dedi u Qarimning yelkasiga qo‘lini qo‘yib,
Karim o‘zini juda ojiz, baxtsiz his qildi. Adhamning qo‘li tagida yelkasi ezilib ketayotgandek bo‘ldi.
— Boring,— dedi Adham shivirlab.— Xonasida yolg‘iz o‘tiribdi. Birov kirib qolmasidan… Nega kechikdingiz? Mayli, boring.
Karim ketdi. To Mohbibilarning xonasiga yetguncha ortiga o‘girilishga jur’at qilolmadi: Adhamning nigohi uning yelkasiga qo‘sh nayzadek tiralib borar edi. Eshikni taqillatishdan oldin burilib qaradi: Adham yugurib chiqqan Tursunoyni ichkariga itarib yubordi-da, ortidan o‘zi ham ki-rib ketdi.
Karim eshikni sekingina chertdi, nafasini ichiga yutib, quloq tutdi -jimlik. Yana chertdi. Karavotning g‘ijirlagani eshitilib Mohbibining “Kiravering”, degan jinday hayajonli tovushi keldi. Karim yelimlab qo‘yilgandek, joyidan jilolmadi.
Eshikni Mohbibining o‘zi ochdi. Karimning tiliga gap kelmadi, u garang, gung, kar edi, faqat ko‘zlari ochiq; boshini quyi solganicha Mohbibiga ergashib ichkari kirdi.
Karim birinchi sezgan narsa — qizlar xonasida paydo bo‘ladigan hid bo‘ldi: qandaydir quyuq, yopishqoq…
Karim egilib boshmog‘ining bog‘ichini bo‘shatdi, lekin yechmay, shundoq eshikka taqalgan karavotga o‘tirib oldi.
Na Karimdan gap chiqdi, na Mohbibidan.
Karim Mohbibiga qarashdan qo‘rqib, to‘g‘riga —eshigi ochiq shkafga ko‘z tashladi: shkafda ikki-uchta ko‘ylak, yashil yomg‘irpo‘sh, bitta yigitlarning kostyumi (kimniki bo‘lsa), uning yonida esa sarg‘ish ichko‘ylak osig‘liq edi. Albatta, Karim birinchi bo‘lib shu ichko‘ylakni ko‘rdi. Bir zum o‘ylandi: ichko‘ylak kaltagina edi, bu xonada turuvchi Mohbibidan boshqa qizlarning hammasi bo‘ychan edi, Karimning yuragi gumurib ketdi-da, ichko‘ylakdan ko‘zini olib qochdi, lekin ichko‘ylak yana o‘ziga qaratdi. Mohbibi buni sezib qoldi shekilli, ildam turib kelib shkafni yopib qo‘ydi.
Karim yalt etib Mohbibiga qaradi, Mohbibi ham qizarib ketgan edi, yuzini teskari burdi.
Endi Karim gapirishi kerak edi.
Lekin qizlarning nafasi, atir-upa, kiyimlarning, burchakdagi kir-chir chelakning isi qorishib ketgan bu hid Karimning dimog‘iga qattiq o‘rna-shib, shusiz ham gapga kelmayotgan til-jag‘ini bog‘lab turar edi.
Qarim Mohbibiga qaramasa ham, ko‘z qirida uning bir necha marta sabrsiz nigoh tashlaganini sezdi.
Ancha vaqt o‘tdi shekilli, Qarimning tomog‘ida nimadir g‘o‘ldirab;
— Shu-u-u,— degan tovush pishillab chiqdiyu birdan o‘chdi.
Mohbibi o‘tirgan karavot g‘ijirladi, Karim battar bukchayib ketdi.
Karim afsun qilingandek, mutlaqo tilday qolib, og‘ziga talqon solib oldi.
Nega Mohbibi indamayapti?
Karim Mohbibining nega bunday o‘tirganini, o‘zining nima maqsadda kelishini Adham oldindan aytib qo‘yganini anglab yetdi. Angladi-yu, hozir, xud-di shu topda Mohbibidan, o‘qishdan, shahardan — hamma-hammasidan voz kechib, to‘ppa-to‘g‘ri qishlog‘iga piyoda qochib ketgisi keldi. Ayniqsa, qizlarning hidi gupillab urib turgan shu xonaga chopib chiqqisi keldi.
Lekin buning o‘rniga boshini tizzalari qadar egib, boshmog‘iga tikildi. Qo‘ng‘ir rangi uniqib, oqarib qolgan boshmog‘i asta-sekin kattarib borayotgandek tuyuldi. Moylash kerak ekan, esidan chiqibdi.
Mohbibi yo‘taldi. Yo‘q, ataylab emas, shamollaganga o‘xshaydi.
Jimlik juda bahaybat, vazmin bir narsaga aylanib, Qarimning boshidan bosdi. Karim hozir gapirishi kerakligini, hozir gapirmasa, keyin kech bo‘lishini bilib tursa ham, tili aylanmas, buning o‘rniga gavdasi og‘irlashib, quloqlari shang‘illar edi.
“Burnim qonab ketmasin, ishqilib”, deb o‘yladi u.
Boshini tizzalari orasiga olib, qattiq qisgisi keldi uning.
Yana qanchadir vaqt o‘tdi.
Mohbibining karavoti yana g‘ijirladi — u o‘tirgan joyidan cho‘zilib, deraza tokchasidagi kitobni ochishdan oldin Karimga bir zum tikildi. Karim buni ham sezdi. Kitobning varaqlari shildiradi. Karimning ichidan nimadir ko‘tarilib kelib, hiqildog‘iga ko‘ndalang bo‘ldi; kutilmaganda undan tovush chiqdi:
— Mabiyi…
Ovoz juda mayin, notavon edi — xijolat tortganidan Karimning boshi tizzalari orasiga tushib ketdi.
O, shunday paytlarda birdan uchib ketsang, ertaklardagidek turgan joyingda yo‘q bo‘lib qolsang!..
Anchadan beri ko‘ksini changallab yotgan og‘riq birdan tashqariga otildn — bo‘giq, beshafqat:
— Mabiyi!.. Ishoning! Yaxshi ko‘raman sizni!
Birdan boshi yengillashib, bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi — u qaddini rostlab Mohbibiga qaradi.
Mohbibi kitobni ikki qo‘llab tutib, ko‘zlarini katta-katta ochgancha, Karimga tikilib o‘tirgan adi.
— Mabiyi?—dedi Karim negadir yuragi shuvillab.— Nima deysiz?
Mabiyi o‘zgardi; yuzida, qalin lablarida qotgan tabassumga o‘xshash o‘lik bir ifoda suratlandi, ko‘zlariga Karimga mutlaqo yot bir befarqlik qalqdi,
Karimning yuraklari ezilib ketdi, shunda ham umid uzmay Mohbibiga termildi.
— Mabiyi? Mabiyi!
Mohbibi bosh chayqadi — buning ma’nosi o‘z-o‘zidan ayon edi: tamom, hammasi tamom bo‘ldi! Yomon bo‘ldi, juda yomon!
Hali dahanaki jangning urishishgacha borib yetmasligiga umid qilib turgan bir paytda daf’atan tushirib qolingan mushtdan so‘ng ko‘tariladigan alamli bir gazab Karimning ko‘ngliga o‘rmalab kela boshladi.
— Karim, qo‘ying, kerak emas shunaqa gaplar,— deb nihoyat tilga kirdi Mohbibi.
Karimning so‘nggi umidi chirs etib o‘chdi.
— Yo‘qmi?—dedi u.
— Qo‘ying.— Mohbibining ovozi Karimning ko‘nglini yoqimsiz tirmaladi.
Karim otilib turganicha Mohbibining yoniga borib qolganini bilmadi.
Mohbibi unga qarab qo‘rqib ketdi.
— Mabiyi, yo‘qmi, deyapman?—dedi u hansirab.
Mohbibi sekin bosh chayqadi.
Karimning ko‘z oldi qorongilashib, xuddi yiqilib borayotgandek, Mohbibining yelkalaridan ushlab oldi.
— Menga qarang,— deb ihrandi.— Menga qarang deyapman!
Mohbibining yelkalari to‘la, qattiq edi, Karimning qo‘llari botmadi,
Mohbibi uning qo‘lidan chiqishga urinib, yulqindi, boshini ko‘tarib gazab bilan tikildi. Karim ham undan ko‘z uzmay, yelkalarini qattiqroq changalladi.
Kitob polga tushdi.
Mohbibi birdan:
— Qo‘y-yi… Qo‘y, deyapman senga,— deb chinqirib yubordi.
Shu onda yovvoyi g‘azab Karimning bo‘g‘ziga changal soldi, havo yo‘llarini to‘sib qo‘ydi.
Karim Mohbibining yelkalarini qo‘yib yubordi, keyin… birdan qulochini kerdi-da, Mohbibining yuziga shapaloq tortib yubordi. Yana nimadir bo‘ldi shekilli, Karim zarbani Mohbibi emas, o‘zi yegandek qalqib ketdi.
Mohbibi karavotga ag‘anab tushgan, ko‘ylagi yuqoriga sirilib, oyoqlari ochilib qolgan edi.
Xona chir-r aylanib, Karimga eshikni ro‘para qildi.
Uzun koridor… Ortidan ta’qib etib, yelkasiga paydarpay gursillab qoqilayotgan qadamlar — o‘zining qadamlari; cho‘chinqirash, qiziqsinish, hadik bilan chetlanib, lipillab qolayotgan yuzlar, qizg‘ishqoramtir yo‘lak, daraxtlarning g‘adir-budur tanalari — Karim o‘ziga kelib qarasa, shusiz ham kimsasiz parkning xilvat burchagiga, ko‘zyoshlari tomog‘iga tiqilib, hirqiragancha yomon, juda yomon so‘kinib boryapti.
U taqqa to‘xtab, atrofga olazarak alangladi.
Ko‘z oldiga Mohbibining qo‘rquvdan kattarib ketgan ko‘zlari keldi.
U yaqindagina bo‘yalgan o‘rindiqqa behol cho‘kdi.
O‘rindiqdan sal naridagi halqobchaga bir to‘p chumchuq qo‘ndi; biri qanotlarini kerib chirilladi.
Mohbibini urganda jimjilog‘i uning og‘ziga kirib, tishlaridan siyralib o‘tgan edi, Karim birdan shuni eslab, jimjilog‘ini, go‘yo o‘shandan beri ho‘ldek, kaftiga artdi. Ko‘z o‘ngiga Mohbibining karavotda ag‘anab yotgani, semiz sonlarining juda ayanchli tarzda ochilib qolgani, ko‘ylak tagidan pistoqi ichko‘ylagining titila boshlagan oqish to‘r hoshiyasi chiqib turgani kelib, ingranib yubordi-da, qo‘llarini asabiy siltadi.
Chumchuqlar gur-r ko‘tarilib, nariroqqa tushdi. Uch-to‘rtta — botirroqlari, chanqovi bosilmagan chog‘i, dik-dik cho‘pchib, halqobchaga yana yaqinlasha boshladi.
Oh, shu ish bo‘lmaganda edi! Karim yomon tush ko‘rayotgandek, hozir birdan sachrab uyg‘onib ketganda edi!
Karim sakrab turdi.
Chumchuqlar birdan ko‘tarildi.
Ijaraxonaning eshigi lang ochiq edi. Tamaki tutatib o‘tirgan Adhamni ko‘rib, Karimning yuragi orqaga tortib ketdi.
— Qayerlarda yuribsiz!—dedi Adham.
Yoniga borsa, Adham uni urib yuboradigandek, Karim to‘xtab qoldi, bo‘ynini yelkalariga toshbaqa singari tortdi, qunishib oldi.
— Eshshak ekansiz-ku!— dedn Adham o‘qrayib. Karim haqiqatan ham “eshshak” ekanligiga birdan ko‘ndi.
— Siz to‘nkani ikki soatdan beri poylab o‘tiribman-a!
Karim to‘nkalikka ham rozi bo‘ldi. Faqat hozir Adham uni ayamay so‘kaversa, so‘kaversa… Yoki hovliga sudrab chiqib, loyga dumalatib, big‘illatib tepsa…
Lekin Adham birdan yumshadi:
— O‘tsangiz-chi. Nega qoqqan qoziqday turib qoldingiz? Karim o‘tdi.
— Nima bo‘ldi o‘zi?— dedi Adham.— Nima qildingiz?
Karim indamay yerga boqdi, keyin Adhamga mo‘ltiradi, yana yerga qaradi.
— Gapirsangiz-chi,— deb betoqat bo‘ldi Adham,— Sizga aytyapman, gapirsangiz-chi!
Karim boshini burib, derazaga tikilib oldi. Nima deb gapirishni ham bilmadi.
— Bunga bir gap bo‘lganmi o‘zi?—dedi Adham qo‘llarini kergancha yonboshga o‘girilib — xuddi hujrada uchinchi bir kishi ham bordek.— Qiz bolani urib, yana…
Pichoq Karimning ko‘ksiga qadaldi.
— Qipqizil ahmoq ekan-ku bu,— dedi shafqatsiz Adham.— Bechoraning jag‘i shishib ketibdi-ya! O‘g‘il bolamidiki, shunday ursa… Yo Mabiyi bilan mushtlashishga boruvdingizmi?
Pichoq qir-rt etib Qarimning yuragini teshib o‘tdi. Lekin Karim o‘lmadi, aksincha, miyasida yarq etib najot — hammasidan birato‘la qutulish yo‘li ochilib ketdi:
Ketaman!
— Qayoqqa?— Adham istehzoli kulimsiradi.
— O‘qimayman! E, hammasini!..— Birdan Karimning ko‘ziga yosh qalqib, tomog‘i hirqirab qoldi.— Ketaman.
Adham unga tikilgancha angraydi:
— Chiningizmi?
— E, o‘qishini ham, qizlarni ham…— Karim battar jazavaga tushdi, ko‘zyoshlari tirqirab ketdi. — Hoziroq ketaman!
— Esingizni yeb qo‘yibsiz,— deb takrorladi Adham.— Esingizni yeb qo‘yibsiz.
Karim Adhamga alam bilan qaradi, ketsa, o‘zidan, o‘zidan ham ko‘ra Adhamdan boplab o‘ch oladigandek, battar xuruj qildi:
— Kerak emas. Hech narsa kerak emas, Borib traktor haydayman, arava qo‘shaman, go‘ng tashiyman, go‘ng! Hammaga bunaqa sharmanda bo‘lgandan ko‘ra… Qishloqda bulardan ming marta yaxshi qizlar bor.
Adham to‘satdan kulib yubordi.
— Voy tentak! Majnunvoyni qara!—Adham kulishdan taqqa to‘xtadi, ko‘zlari qisilib, berahm tus oldi.— Bo‘pti, yig‘ishtiring narsalaringizni! Jo‘nang!— Keyin Karimga tomon egilib, uning yelkasiga shap etib tushirib qoldi.— Turing. Kran tagiga bir narsa tashlab qo‘yganman. Ketar jafosiga tortasiz. E, kalla!
Karim “Ketaman” degan gapni hadeb qaytaraverishdan qutulganiga bir oz yengil tortdi.
“Ha, shum-ey!—deb o‘yladi Karim, shishaga ilashgan loyni vodoprovod jo‘mragida yuvar ekan.— Bari bir yaxshi bola-da. Sovuq bo‘lsa ham, odamning ko‘nglini og‘ritsa ham yaxshi!”
Adham ularning ijaraxonasiga bungacha sira kelmagan edi.
— Karim,— dedi Adham sigaret tutatib olishgandan keyin.— Bir gapning to‘g‘risini aytaymi?
“Hozir yig‘laganimni aytadi!”, deb o‘yladi Karim yuragi ivishib.
— Nimani?
— Xafa bo‘lmaysizmi?
“Ko‘zyosh to‘kish xotinlarning ishi, deydi. Mayli, desa depti-da!”— Karim o‘ziga ham notanish xotirjamlik tuydi.
— Yo‘q, xafa bo‘lmayman. Sizdan xafa bo‘lmayman.
— Shu bugungi ishni…— Adham gapidan to‘xtab, Karimga tikildi.
Karimga Adhamning nigohi uni teshib o‘tib, ortidagi bir narsaga qattiq botayotgandek tuyuldi.
— Shuni,— dedi Adham hamon Qarimdan ko‘z uz-may,— men uyushtirdim.
Karimning oyog‘i oltidagi taxta pol qayoqqadir surilib ketayotgandek bo‘ldi.
— Qanaqasiga?
— Shunaqasiga-da,— dedi Adham.— Shu bola arzimagan qiz uchun xor bo‘lib yuradimi, kel, shartta orasini uzib tashlayman, dedim.
Karim ilon avragan qurbaqadek, og‘zini kappa-kappa ochdi, yana tili aylanmay, ichidan hirqiroq tovush keldi.
— Nega?
— Negaligini bugun ko‘rdingiz,— dedi Adham nihoyat undan ko‘zlarini olib.— Mabiyi sizni yomon ko‘radi. Qizlar o‘zlari suymagan yigitlarni yomon ko‘rishadi. Siz buni bilmasdingiz. Bugun bildingiz. Bilishingiz kerak edi. Buyog‘i yaxshi bo‘ladi.
Lekin hozir Karimga yaxshi emasdi. Sira yaxshi emasdi. Uning ko‘ksini yana nimadir kuydirib o‘tdi, o‘tgan joyi yomon iz qoldirdi:
— Quying,— dedi Adham.— Hozir tushuntiraman. Menga ishonavering. Yomon niyatda qilmadim. To bitirguncha unga ilakishib yuraverar edingiz, ammo biron ish chiqmasdi.
Karim piyolani changalladi.
— Qani!—dedi Adham.— Sizning bugungi kundan ozodligingiz… Nega bunatsa qaraysiz?
Karim Adhamdan ko‘zini olib, qo‘lidagi piyolaga tikildi, piyola titrayotgan edi.
— Hali ham tushunmayapsizmi?
— Yo‘q, ochig‘i tushunmayapman,— dedi Karim g‘o‘ldirab.— Shuni oldin to‘g‘ri o‘zimga aytsangiz bo‘lmasmidi?
— Mayli, keyin… Aytsam ham bo‘lardi,— dedi Adham.— Bundan osoni bormi! Lekin menga ishonmas edingiz, ishonsangiz ham…
Karim o‘zini kamsitilgan his qilib, xo‘rligi keldi.
— Nega, axir? Men shunaqa… Adham bosh chayqadi.
— Negaligini bilmayman-u, lekin menga ishonsangiz ham… Bunaqa masalada birovning aytgani, aralashgani bilan ish bitmaydi. Aytganim bilan, bari bir, ko‘ngil uzmay yaxshi ko‘rib yuraverar edingiz. Birovning gapi bilan ajralib ketadigan bo‘lganingizda… Siz uni sevasiz-ku.— Adham yana bitta sigaret tutatib oldi.— Lekin, shu qiz sevishga arzimaydi.
— Nega unaqa deysiz?—dedi Karim bu gapdai yengil tortgan bo‘lsa ham. Adham qo‘l siltadi.
— Mayli, hovuringiz bosilgandan keyin o‘zingiz bilib olarsiz. Hali uni unutasiz, unutganingizdan keyin hammasi oydin bo‘ladi.
Adham piyolaning tepasidan changalladi, paylari o‘ynab ketdi. Keyin birdan Karimga qarab:
— Sizga havasim keladi,— dedi.— Nega menga bunaqa qaraysiz?
— Nimaga? Bugungi ahvolimgami?— dedi Karim, garchi Adham bu o‘yda emasligini, juda muhim gap aytmoqchiligini sezib, birdan hushyor tortgan bo‘lsa-da. Uning ichida toshga o‘xshagan bir qattiq narsa eriyotgandek bo‘ldi.
— Rost,— dedi Adham,— shunday bo‘lmaganda sizni axtarib kelmasdim. Karim to‘lqinlandi, tomog‘iga allanarsa tiqildi.
— Tirik odamsiz-da,— dedi Adham.— Menga o‘xshamaysiz — siz yaxshi ko‘rasiz. Mayli, shu Mabiychani bo‘lsa ham, yaxshi ko‘rasiz. Yashayapsiz!
— Siz-chi!—dedi Karim.— Qaysi qizsizga…
— Yo‘q, buni sizga tushuntirolmayman,— dedi Adham birdan tundlanib.— Umuman, sevmay yashash yomon, demoqchiman. Odamning ko‘ngli o‘ladi. O‘lik ko‘ngil bilan yashash qiyin.
Adham hozir juda chiroyli ko‘rinardi: oqarinqiragan, cho‘zinchoq yuzi, peshanasiga tushgan, salgina yiltirab turgan sochi, ma’yus chaqnayotgan ko‘zlari, qirra burni, tekis bichimli lablari, o‘rtasi salgina puchuq iyagi, uzun bo‘yni, kulrang, ohorli ko‘ylagi — bor ko‘rinishi jonli haykaldek Karimni sehrlab, olam-jahon havas, qandaydir iliq hasad uyg‘otar edi.
— Ba’zan yig‘lagim keladi,— dedi Adham ro‘baro‘sidagi bitta Karimga emas, balki yuzlab sodda baxtli karimlarga qarab.— Ammo yig‘lolmayman — diydam qotib ketgan. Hatto yig‘lashni ham odam sog‘inar ekan…
Adham ko‘p gapirdi, lekin Karim hech baloni tushunmadi: “Tavba, bunga nima yetishmaydi? Bo‘ydan, chiroydan, gapdan bergan bo‘lsa? Yuragi so‘qqaboshligi nimasi?..
Qorong‘i tushdi. Derazadan salqin yelvizak kirdi. Karim derazadan boshini chiqarib tepaga qaradi: osmonda yulduzlar bodroqday sochilib ketgan, juda ko‘p edi. Karim ko‘p yillardan beri birinchi marta osmonga orzu qilmay qaradi.
— Burhon kelmadi. Yotoqda qoldi,— dedi.
— Kep qolar,— dedi Adxam.
— Yo‘q, kelmaydi,— dedi Karim.— Kechasi yurishdan ko‘rqadi.
— Nega? Yosh bolamidiki?
— Kim biladi?— Karim kiftini uchirdi.— Bu yerda ham bir o‘zi yotolmaydi. Qo‘rqishini mendan yashirmoqchi bo‘ladi, lekin men bilaman. Shu uchun uni yolg‘iz qoldirmayman.— Karim kuldi.— Qizig‘-ey, o‘lguday xasis, pul so‘rasam, kunduz kuni bermaydi. Lekin oqshom so‘rasam, beradi.
Adham juda ajablandi.
– Rostdanmi?
– Rost,— dedi Karim.— Lekin ertalaboq kecha berganimni qachon qaytarasiz, deb so‘rab oladi.
— Qiziq ekan!—dedi Adham.
— Qiziq,— dedi Karim ham.— Bu Burhon…
Burhon haqida gapirishgani sayin Karim ochilib borardi. U negadir shu choqqacha Burhonni shu qadar yomon ko‘rishini bilmagan, o‘ylab ham ko‘rmagan ekan, endi esa uni ishtiyoq bilan yomonlay ketdi. Yomonlagani sayin ko‘ngli yorishib, o‘zini yaxshi odam hisoblardi. “Men Burhondan qanchalar yaxshiman”, deb o‘ylardi.
Adham shu yerda tunab qoldi. U Burhonning kir ko‘rpasiga ijirg‘anib qaragan edi, Karim unga toza ko‘rpasini berdi.
Karim uzoq vaqt uxlay olmadi, ko‘rpadan Burhonning isi kelar, go‘yo ko‘rpa ham egasiga o‘xshab xasislik qilar, Karimdan issig‘ini qizg‘anayotgandek bo‘lardi.
Oy chiqdi, derazadan ko‘rindi, Adhamning yuzini yoritdi: Adham uxlab yotganida pish-pish nafas olar, yuzi ham muloyim tortib, himoyaga muhtoj yosh bolaning xuddi o‘zi bo‘lib qolar ekan.
Karim hozir o‘rnidan turib, Adhamning yoniga o‘tirgisi, hech bo‘lmaganda ustidagi ko‘rpani to‘g‘rilab qo‘ygisi keldi, lekin Adhamning uyg‘onib keti-shini, uyg‘oq paytlarda o‘zi bilan qanday gaplashishini ko‘z oldiga keltirib, yuragi betlamadi.
Lekin, bari bir, Adhamning shu yotishida himoyaga muhtoj yosh go‘dakni eslatadigan nimadir bir narsa bor edi…
Karim ko‘zini yumdi:
“Ertaga ertalab, albatta, Adham ketganidan so‘ng, Mohbibi kelsa… “Karimjon, meni kechiring…” Karim quvonib ketadi-yu, lekin sir boy bermaydi. Mohbibi go‘yo yarashmoqchidek, uning pinjiga tiqiladi, qo‘llarini silaydi. Karim uni itarib yubormaydi, ammo yuzini teskari burib oladi. Mohbibi uning mushtumini yozmoqqa urinadi, “Qo‘lllaringiz muncha qattiq!”, deydi. Shunda Karim erib ketadi-da, yolg‘ondakam po‘pisa qiladi, shu bilan bugungi qilmishi uchun kechirim so‘raydi: “Mana, shu qo‘lmi? Sizga ko‘tarilgan mana shu qo‘lni karavotning tutqichiga bir urib sindirib tashlaymi?” Karim qo‘lini siltab tutqichga urmoqqa chog‘lanadi. Mohbibi esa rostdan ham qo‘rqib ketadi. “Yo‘q, yo‘q,— deydi u yig‘lamsirab.— Nega? Axir, shu qo‘lingiz mening aqlimni kiritib qo‘ydi-ku!” Mohbibi uning qo‘lini o‘pib qo‘yadi…”
Karim shu payt beixtiyor o‘zining qo‘lini g‘alati bir tashnalik bilan o‘pdi va birdan o‘ziga keldi; hozirgi ahmoqona orzuning hech qachon amalga oshmasligini o‘ylab g‘ijinib ketdi, qo‘lini qattiq tishladi…