Hammasini soch-coqolini oldirgani kelgan qadrdoni Abdurahim montyor qo‘zg‘ab ketdi.
– Usta, qo‘lingiz gul-da, bir zumda odamni onadan qayta tug‘ilgandek qilib qo‘yasiz-a, – dedi avvaliga maqtab. So‘ng deraza tarafni ko‘rsatib gapini uladi. – Mana, bahor yaqin, hamma yoqqa yashil tus urib qoldi, qarab ko‘z quvonadi. Siz ana shunday ajoyib faslda tug‘ilgansiz, hademay qirqqa kirasiz. Ammo ko‘rganlar yigirma beshda deb o‘ylashadi. Fe’li keng, kulag‘on odam qarimaskan-da. Endi bu yil davrani kengroq olasiz… qirq yosh-a, qirq yosh… qirchillama yigit yoshi…
Montyorning gapi ustaning ko‘ngliga g‘ulg‘ula soldi. U ketgach pastakkina do‘koni go‘yo torlik qilib bot-bot tashqariga chiqqisi kelaverdi. Oldiniga andishaga bordi… hali kunlar rosmana isimagan, mijozlar nozik bo‘ladi. Lekin ko‘ngil qurg‘ur talpinaverdi. Axiyri bir kursini ko‘tarib chiqib ariq bo‘yidagi tol soyasiga qo‘ydi, yoniga asboblar solingan eski chamadonchasini keltirdi. Nima, tor do‘konda dam-badam derazaga tikilib, dimiqib o‘tiraveradimi? Ko‘chada ishlasa, uni otasi urisharmidi? Abdurahim zap eslatdi-da. Ammo shundoq ham bari ko‘ngilda bor gaplar edi… bahorga intiqligi-yu, tug‘ilgan kun bahona yoru birodarlarini jamlab gurunglashish niyati ham… Biroq ayni shu bahorda qirqqa kirishi xayolidan ko‘tarilgan ekan. Qirq yosh, qirchillama yigit yoshi… Ha, u hali yigitlardek bardam, chaqqon, baquvvat…
Oqshom Abdurahim montyor yana keldi. Bu mahal do‘konda ustaning ichakuzar askiyalariga ishqiboz, hangomatalab uch-to‘rt jo‘ralari yig‘ilgan edi. Ustaning qo‘li bo‘shadi-yu, do‘kon burchagidagi taxta so‘riga jam bo‘lishib qarta o‘ynay boshlashdi. Abdurahim montyor tag‘in boyagidek yoqimli gaplar qilib, davradagilarning ko‘nglini ko‘tarib hazilga kuch berib o‘tirdi. Boshqalar ham unga qo‘shildi. Ammo ular kutganidek bugun usta hazillarga keskin-keskin javoblar qilmadi. Gapga chechan, har qanday so‘zamolni dakang xo‘rozdek bir cho‘qishda qochiradigan, sal gapga tizzasiga urgancha “vah-vah-a”lab kuladigan odamning birdan sipo tortishidan hamma hayron bo‘ldi. Usta na yurakdan chiqarib kular, na o‘zi bir og‘iz kulgili gap aytardi. Qarta o‘yinining piri bo‘laturib ketma-ket yutqazardi. Jo‘ralari oxiri sababini so‘rashdi.
– Bahor-da, bahor! Sezmayapsizlarmi?.. – dedi-yu, davradan chetlab deraza oldiga borib tashqariga termulib qoldi. Baribir hech kim hech narsa tushunmadi.
Ertasiga usta barvaqt uyg‘ondi. Hovlidagi daraxtlar oralab, ularning butoqlarida bo‘rtib qolgan kurtaklariga tikilib uzoq aylanib yurdi. Oqarishib kelayotgan tong osmoni ham kurtaklarday ko‘m-ko‘k edi. Shu payt tog‘ ortidan ohista quyosh mo‘ralay boshladi. Quyosh ham go‘yo ko‘m-ko‘kliklarga mahliyo bo‘lib chiqayotgandek tuyuldi unga. Qushlarning butoqlardagi tonggi chug‘ur-chug‘uri-yu, nozik-nihol kapalaklarning uchishlari ko‘ziga jozibali ko‘rinib ketdi. Bahorning bu go‘zal manzaralari ertalabdanoq ko‘zlariga qo‘nib, ko‘ngliga kirib oldi. Choyni ham parishonxotirlik bilan ichdi. Do‘konga chiqqach, qo‘li ishga bormadi. Hadeb kechagidek derazadan tashqariga qaragisi kelar, eshik ochilsa xursand bo‘lib, yopilganda qovog‘i osilar, nimalardir unga tinchlik bermasdi…
Ustaning tushgacha ishlashga ham sabri chidamadi. Tokaygacha yonginasida chiroy ochib turgan bahorga tomoshabin bo‘lsin! Shartta do‘konni qulflab, hovliga o‘tdi. O‘g‘lining maktabdan qaytishiga ham toqat qilmay, uning chala qolgan varragini bitirdi. Buni ko‘rib xotini til uchida piching qildi.
– O‘laqolsin, kap-katta odam, qirqqa kirganda aynishini…
Usta bu gapni eshitmaganga oldi.
– Sen o‘zi menga tekkaningda o‘n oltidamiding yoki o‘n yettidami? – deya gapni chalg‘itib, xotiniga o‘tli bir qarash qildi.
– Talmovsiramang, – dedi xotini muloyim jilmayib.
– Bor, uydan o‘ninchi g‘altak ipni opchiq.
– E, sizni qaran-gu yosh bola bo‘lib… – Xotini zing‘illab kirib g‘altakni olib chiqdi. Usta varrakka ipni uladi-da, katta ko‘chaga chiqib uchirdi. Birpasda atrofini bolalar qurshab oldi. Ko‘cha zumda usta va unga qo‘shilib chopib yurgan bolalarning qiyqirig‘iga to‘lib ketdi. Varrak har shox tashlaganda esa, qiyqiriqlar olamni buzay derdi.
Usta shu kuni bir to‘p bolalar qurshovida borliqni unutgancha kechgacha chopib yurdi. U o‘zini go‘yo sho‘x-shaddod, betashvish bolaligiga qaytgandek sezardi. Soch-soqolini oldirgani kelganlar do‘kon oldida kuta-kuta noiloj qaytib ketishardi. Usta esa na vaqt o‘tayotganini, na mijozlarini payqar, vujudi go‘yo osmonning bir chetini egallab uchib yurgan varrak va bahoriy kayfiyatga asir tushgan uchqur xayollar bilan band edi. Yoshligida bir paytlar tug‘yon urgan, hozir anchayin unutilgan beg‘ubor tuyg‘ular qalbida qayta mehmon bo‘lar, xayolot sehri uni hayot tashvishlaridan forig‘ etib, sirli bir olamga yetaklardi…
Kun bo‘yi varrak ketidan yugurgani yetmagandek kechroq ko‘chada mahalla bolalari o‘ynayotgan futbolga ko‘zi kuydi. Oldiniga bir oz tomosha qildi, so‘ng chidolmay o‘yinga qo‘shildi. Qorong‘i kirguncha to‘p ortidan maza qilib yugurdi, darvozaga to‘p kirganda hammadan ko‘p quvondi.
Kech kirdi. Do‘konga birin-ketin hamqishloqlari kela boshladi. Bular orasida boya kelgan va ustaning o‘yinqaroqligini ko‘rib jahli chiqib qaytib ketgan mijozlar ham bor edi. Ular yo‘qotgan vaqtlariga achinib, ichlarida zil ketib o‘tirsalar-da, buni tashlariga chiqarmas, faqat ustaga varrak haqida, to‘p o‘yini haqida piching qilishar va bu bilan o‘zlaricha ustani boplab chimdib oldim, deb o‘ylashib, sal xumoridan chiqqandek bo‘lishar, biroq usta kinoyalarga parvo qilmay, hamma gapni kulgiga olganicha ularga chala-chulpa javob berar, xayolida esa hamon jonlangan bolalik xotiralari, ko‘m-ko‘k bahor hukmron edi. Ustani bu ahvolda ko‘rganlar uning qo‘lidagi ustaraning no‘noq tig‘iga ro‘para kelishdan hayiqib sekin-asta do‘konni tark etishdi. Biroq usta bularga ham parvo qilmadi.
Ertasiga qishloqda g‘alati gaplar kezib qoldi.
– Usta jinni-pinni bo‘lganga o‘xshaydi, kecha kuni bilan bolalarga qo‘shilib varrak o‘ynabdi. Yarashmagan qiliq: uy-joyli, tag-tugli odam. Esiz…
– Bunisi kamlik qilgandek, ko‘cha changitib halloslagancha to‘p tepib yurganiga o‘lasanmi?
– Nimasini aytasiz, oqshom do‘koniga kelgan yetti mijozning beshtasini yarador qilib jo‘natibdi. Yaxshiyamki qolganlar qochib qopti. Hadeb kularmish… Bahor, hammayoq ko‘m-ko‘k deb barchaga bir gapni aytarmish…
– Yo tavba, rostdan aqli joyida emas, shekilli…
– Do‘xtirga ko‘rsatsa bo‘larmidi? Har holda ko‘pchilikning ishi tushadigan odam. Tag‘in biror narsa bo‘lib birortani…
– Ins-jins tekkanmi deyman, hech bo‘lmasa mulla-pullaga o‘qitvorganda…
Xullas, turli og‘izdan chiqqan bu xildagi mish-mishlar ertasiga butun qishloqqa ovoza bo‘ldi. Eshitganlar afsus bilan bosh chayqar, boshqalarga aytganda har kim o‘zidan nimanidir qo‘shardi. Endi do‘konga mijozlarning kelishi kamaydi. Faqat ustaning tabiatini biladigan Abdurahim montyor va unga o‘xshash yaqin yoru do‘stlarigina kelardi, xolos. Ularning ham ko‘pchiligi soch-soqolini qayerlardadir oldirib, bu yerga quruq suhbat-u qartavozlik qilishga bosh suqardi. Shu oyda oylik rejasining yarmi bazo‘r bajarildi. Maishiy xizmat ko‘rsatish korxonasi direktori majlisda har doim og‘zidan qo‘ymay maqtaydigan ustaning bu ishidan avvaliga hayron bo‘lib unga uzoq tikildi, keyin yuzidagi hayratni quvib do‘q qildi, qizishib ketib baqirgancha oyning oxirida beriladigan mukofot pulidan ham mahrum qilib yubordi.
Har gal tuman markazidagi yig‘indan og‘zining tanobi qochib, bir xalta mayda-chuyda ko‘targancha darvozadan baqirib-chaqirib keladigan usta bu safar yo‘nilgan tayoqdek so‘ppayib kirib keldi. Gap-so‘zsiz uyga kirib, barmoq tishlagancha xomush tortib, kasal odamdek cho‘zilib yotib oldi. Erining yo‘lini poylab tushgacha ham qozon osmay o‘tirgan xotini ro‘zg‘or kamchiliklaridan nolib to‘ng‘illaganicha hovliga chiqib ketdi. O‘g‘li, futbol to‘pi olib kelmabsiz, deb to‘mtaydi. Qizchasi ham aytib yuborgan daftarning janjalini boshladi. Usta dast ko‘tarilib hovliga chiqdi, xotiniga yovqarash qildi, o‘g‘lining ming iltijo bilan yalinganiga ham qaramay varrakni parchalab tandirga tiqdi-da, yoqib yubordi. Toldan “popuk soch” qilib bering, deguvchi qizlarini urishdi. Do‘kon oldida o‘ralashib yurgan bolalarni so‘kib, haydab soldi.
Shu kundan boshlab bahor haqida, qirlar, qirlardagi lolalar haqida hech kim uning gaplarini boshqa eshitmadi. Endi u rejani bajarish, oylikni but qilish va mukofotga ilinish, oilaning to‘qligini ta’minlash uchun qishloqdagi mijozlariga ko‘z tikib o‘tirmas, yakshanba kunlari sahar turib, eskirib ketgan oq xalati-yu asboblarini eski chamadoniga joylab, qo‘lbola stulni orqasiga orqalab kishi bilmas so‘qmoq oralab tuman markazidagi bozorga ravona bo‘lardi. U yerda esa kun bo‘yi oyoqda turib ishlar, qosh qorayganda horib-charchab qaytardi. Dam olish kunlari to‘yib-to‘yib uxlash ham, bola-chaqasining oldida ko‘rpachaga yonboshlab oyoqni uzatib hordiq chiqarish ham, endi unga uzoqda qolgan shirin bir tushga o‘xshardi.
Atrofda esa hamon bahor edi… tollar ham, qirlar ham, bog‘lardagi gul tashlagan daraxtlar ham ko‘m-ko‘k… g‘uborsiz osmonda quyosh kun sayin ko‘proq jilmayib turar, bolalar quvonganlaricha sho‘x chopqillab yurishar, ba’zan ustaning do‘koni oldida to‘planishib varrak eng baland uchgan kunni bir-birlariga tinmay so‘zlashardi. Bu gaplarni tabiiyki, usta ham eshitar, bolalardek o‘sha kunni u ham qo‘msardi. Lekin jiddiy, kamgap bo‘lib qolgan ustaga na bolalar bir og‘iz gapirishga botinar, na yurak yutib usta ularga ko‘ngil ochardi. Futbolchi bolalar ham ba’zan do‘kon ro‘parasida to‘plarini ko‘z-ko‘z qilib o‘tib qolishardi. Usta esa endigina asl holiga kelayotgan mijozlarini qayta cho‘chitib yubormaslik uchun go‘zal tabiatga ham, sho‘x-shodon bolalarga ham pinhoniy bir havas bilan suqlangancha termular, ammo buni boshqalarga sezdirmas edi…
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 4-son.