Adham yaxshi lavozimda ishlaydi. Xizmat mashinasida yuradi. Obro‘si baland. Huzuriga o‘nlab odamlar biror masala bo‘yicha yordam, maslahat so‘rab keladi. Hech kimni noumid qaytarmaydi.
Dam olish kunlari ko‘cha-ko‘yda piyoda, qaddini baland tutib yurishni yoqtiradi. Ishdan qaytayotganida mashinasidan guzarga yetmayoq tushib qoladi. Do‘stu birodarlarini ko‘rib, xotirjam hol-ahvol so‘rashadi. Keyin ko‘nglining bir chekkasida “Amalni menga hech kim umrbod bog‘lab berib qo‘ymagan. Bir kun yoshim sabab yoki taqdir taqozosi bilan pastroq lavozimga o‘tsam, kimlardir, ha amalidan tushibdi-da, piyoda qolipti”, demasin degan o‘y kechadi. Xullas, o‘z oyog‘i bilan ketayotganda ko‘chaning narigi betida unga egilib salom beradiganlar ham, qachonlardir yaxshilik qilgani uchun yugurib kelib, ikki qo‘llab ko‘rishadiganlar ham bisyor. Kimga qanday yaxshilik qilganini u aslida eslamaydi.
Adham ana shunaqa: odamlarga mehr, vazifasiga sadoqat bilan qaraydi. Albatta, boshqalarni hurmat qilganidek o‘zining ham obro‘sini jon-jahdi bilan himoya qiladi, ba’zan bu yo‘lda o‘jar bo‘lib ketadi.
Ana shu kishi bir kun boshliq xonasiga ariza ko‘tarib kirdi. Boshliq oppoq qog‘ozdagi dona-dona yozuvlarni o‘qib ko‘rib, anchagacha jim qoldi.
— Ha-a, — dedi nihoyat shishali qalin ko‘zoynagini peshonasiga ko‘tarib. — Nachora, ilmiy ishingizni yoqlashingiz yaxshi. Lekin o‘rningizga vaqtinchalik kimni qo‘yamiz?
Ikki bo‘lim mudiri bor edi: Sobir bilan G‘ayrat. Aytdi. Boshliq puxta odam edi.
— Mayli, — dedi nihoyat. — Birontasini qo‘yarmiz, lekin bitta gapni sir saqlasak, siz dissertatsiya yoqlashga ketayotganingizni hech kimga aytmaymiz. Bu — ishga foyda. Har holda bu mening shaxsiy fikrim.
Adham taklifni bosh irg‘ab ma’qulladi. Axir, unga ham yaxshi-da: hech kim uni bezovta qilmaydi, ishdan bo‘shagan — tamom. Xizmatda bo‘lib, necha yillardan beri yozib tugallay olmayotgan ilmiy ishini nihoyat xotirjam bitiradi.
Ruxsat tekkan kun Adham o‘zining o‘rniga qo‘yilgan G‘ayratga: “Hayot shunaqa, o‘sish, ulg‘ayishda. Mabodo kerak bo‘lib qolsam qo‘ng‘iroq qilavering”, dedi baribir ko‘ngli to‘lmay. Chunki ko‘p yillardan beri birga ishlashadi. Qadrdondek bo‘lib qolishgan.
Har kuni ishga borib-kelib yurgan odam uchun bir xonaga kirvolib, hadeb yozib-chizib o‘tirish oson emas ekan. Garchi avvaliga ko‘ngli jimjitlikni, hech kim bezovta qilmasligini tusagan bo‘lsa-da, keyinchalik Adhamga alam qila boshladi: “Nahotki o‘rnimga qolgan G‘ayrat bir og‘iz yaxshi yuribsizmi, deb so‘ramasa. Nahotki, ishxonadagilar meni unutib yuborishdi?“ Ichidan qaynab chiqayotgan alamni arang tiyib, qabulxona raqamini terdi. Kotiba qiz ziyrak edi. Darrov tanidi:
— Voy, Adham aka, bu sizmi!? — dedi suyunib. — Yaxshi yuribsizmi. Zerikmayapsizmi?
Adham bu ketma-ket savollar uchun ham shukur qildi. Kotibaning farosati bor-da, deb o‘yladi. Agar “Qayerda ishlayapsiz?” deb so‘raganida nima derdim?
— Meni hech kim so‘ramadimi?.. — Adhamning ovozi titrab chiqdi.
Simning narigi tomonidan kotibaning qo‘ng‘iroqdek ovozi keldi:
— So‘rashdi, ko‘p odamlar so‘radi. Boshlig‘imiz G‘ayrat Samadovichga aytsam qo‘ying, ishdan ketgan odamni bezovta qilish yaxshimas, deb nomeringizni aytmadilar. Shunga men ham…
Adhamning nafasi ichiga tushib ketdi. “Ana xolos, — o‘yladi xafa bo‘lib. — O‘zing pishirgan oshni o‘zing aylanib ham, o‘rgilib ham ichaver endi”.
Stol ustidagi uyum-uyum kitobu, ilmiy jurnallarga bir nazar tashladi-da ko‘chaga chiqdi. Kuzning izg‘irinli shamoli etini junjitdi. Kurtkasining yoqasini ko‘tarib, ayvonli shapkasini bostirib oldi. Ko‘chadagi baland-baland teraklaru, o‘riklarning qizg‘ish barglari yo‘lkada gilam bo‘lib to‘kilib yotar, bu ham yetmagandek uzilib tushayotgan shildiroq yaproqlar boshi uzra sochilib borardi. Umrning qanchalik g‘animatligi, odamlarning turli-tumanligi, yashashdan maqsad haqida ko‘p narsalarni xayolidan o‘tkazdi. O‘z vazifasida turib, amalga oshirgan ishlari, ko‘pchilikka tekkan foydasidan taskin topdi. Mana endi nasib etsa, ilmiy ishini yoqlayapti…
Oqshom uyiga qaytdi. Yo‘lak zinapoyasidan uchinchi qavatga chiqib borarkan, eshigi tagida oyoq kiyimlarining ko‘pligiga ko‘zi tushdi. Eshikni ayoli ochdi va ichkariga kirgan Adhamning qulog‘iga asta pichirladi: “Ukangiz sinfdoshlaringizni boshlab kelibdi, xotinlari bilan. Gap o‘ynamoqchi ekansizlar-ku. Sizni sog‘inishibdi, shuning uchun gapni biznikidan boshlashar emish”. Adhamning tanasida oromli quvvat paydo bo‘ldi, chehrasi yorishdi.
Nihoyat dissertatsiyasini yoqladi. Ertasiga boshqarma boshlig‘iga ishga tushishga ruxsat so‘rab, ariza ko‘tarib bordi. U kishi oppoq, lekin quyuq sochlarini barmoqlari bilan yuqori tarab, jilmaydi:
— Siz endi avvalgi ishingizga qaytmaysiz. O‘rningiz yuqoriroq — mana bu yerda. — Boshliq charm kreslosi qo‘l tutqichini asta chertib qo‘ydi. — Axir bo‘lar mening shuncha ishlaganim. Endi navbat siz — yoshlarga.
Shu kuni uyiga qaytayotgandi, qo‘l telefoni jiringlab qoldi. Sobir ekan.
— Bo‘sh yurish joningizga tekkandir axir, — dedi odatdagidek shang‘illab. — Idoramizda sizbop bir ish topilar. Balki boshliqlik, — dedi keyingi so‘zlarini pichirlab.
Sobir aytolmadiki, kalondimog‘, ishdan ko‘ra o‘zini ko‘proq o‘ylaydigan G‘ayrat Samadovichni bo‘shatishdi, o‘rniga o‘zim boshliq bo‘ldim, deb.
Ertasiga yangi ish joyi tomon bordi.
— Keldingizmi? — dedi boshqarma boshlig‘i jilmayib. — Sizga ishonamiz, Adhamjon.
Shunday deb o‘rnidan turib, Adhamni tabrikladi.
Uning esa olam jahoni yorug‘lashdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 7-son