Ertalab Sotti Salimovich ishga otlanarkan, xotiniga:
— Shlyapamni buyoqqa ber, — dedi.
Xotini shlyapani uzatarkan chimrildi.
— Bozordagi narx-navodan ham xabar oling, qanday ekan?
— Unda, do‘ppini ham buyoqqa ber.
— O‘g‘lingizni jismoniy tarbiya o‘qituvchisi chaqirtirgan ekan. Birrov maktabga ham kirib o‘ting…
— Hm-m, yaxshi. Amriqodan olib kelgan sport qalpog‘imni bu yoqqa uzat-chi.
— Anovi do‘kondor bor-ku, – dedi xotini peshonasini qashib, – oti qursin… Qodirboy, aytgan narsalarini topib qo‘ydim. Xo‘jayinga ayting, oldimga o‘tsin, deb qo‘ng‘iroq qilgan edi.
— O‘, gapingga borman, xotin, yash-shavor, ondatra telpagimni ham ber.
— Aytganday, yodimdan ko‘tarilay depti. Kecha adamlar kelgan edilar. Bugun kechqurun xudoyi qilayotgan ekanlar. Kuyovga ayt, o‘tsin, degan edilar.
Sotti Salimovich soatiga ishora qildi:
— Majlisim bor. Soat oltilarda tugataman. Ha, mayli, birdan o‘sha yoqqa o‘ta qolaman. Hoynahoy, sen ertaroq borsang kerak. Sallamni o‘zing olib o‘ta qol!