Onamiz rahmatlik biron xonanda radioda me’yoriga yetkazib yaxshi bir qo‘shiq aytsa yoki biron raqqosa sahnada qoyilmaqom qilib raks tushsa, undan ta’sirlanib, bizga:
— Dunyoga kelib, shularning ham dilida biron armoni bormikan-a! — deb qo‘yar edilar.
U kishining nazarida bunday odamlar Xudo bergan, xalqning hurmat-izzatiga sazovor bo‘lgan eng baxtiyor kishilar bo‘lib, ular har qancha e’zozlansa kamdek edi.
Lekin hayotda o‘z qadrini topib-topmagan, taqdir nog‘orasi hamma vaqt ham bir xilda siylab-siylamagan san’at yulduzlari ham bo‘lgan.
Men bu o‘rinda xalqdan chiqqan, el mehrini qozongan mashhur san’atkor, bir vaqtlar «Farhod va Shirin», «Ertarg‘in», «Layli va Majnun» operalarida bosh rollarni o‘ynagan Muhiddin Qoriyoqubov haqida hikoya qilmoqchiman. O‘z vaqtida uni kimdir «Sahnamiz Alpomishi» desa, yevropa tabiatlilar uni «O‘zbek Shalyapini» deb ataguvchi edi.
Men o‘zim Toshkentda yashasam ham, biroq bu kamtar va ajoyib insonni birinchi marotaba Farg‘ona vodiysining Bog‘dod tumani markazida yaqindan ko‘rgan va suhbatidan bahramand bo‘lgan edim. Urush hali tugamagan. U kishi rang-barang iste’dod gullari va g‘unchalaridan iborat guruhi bilan o‘sha yoqlarda tomosha ko‘rsatib yurishgan ekan. Biz esa ellikdan ziyod talabalar g‘o‘za yaganasiga yordam bergani borgan edik.
Kontsert, esimda, tuman markazidagi katta choyxona sahnida, qosh qorayganda boshlangan edi. Odam ko‘p. Xotin-xalaj. O‘sh-yalang. Urush borayotganiga qaramay, xalq ko‘tarinki ruhda. Oldingi qatorda oyoq yalang, tizzalarini quchoqlab o‘tirgan bolalar.
Shunda Qora-ka kechani olib borgan, ashula ham aytgan, askiyada ham hech kimdan yengilmagan. U «Omon-yor» ashulasini ijro etayotganda, qo‘shiqning har bandida turli shaharlarimiz nomini tilga olar ekan, qo‘qonliklarga kelganda:
Hoy-hoy uka, qo‘qonli uka, omon-yor!
Sening nozik bo‘yningdan-ey, omon-yor!..
deb aytgan va hammani kuldirgan edi. Birinchi bo‘lib qo‘qonliklarning o‘zlari rosa kulishgan. Chunki o‘sha vaqtda ichadigan suvlarida yod moddasi yetishmaganligi sababli shaharda buqoqlar juda ko‘payib ketgan, ko‘chalarda bo‘qog‘i ko‘kragigacha tushadigan erkak va ayollarni ko‘rish mumkin edi. Biz o‘shanda qaytishda ko‘rgan tomoshamizni yo‘l-yo‘lakay qizg‘in muhokama qilib, turgan manzilimiz — Qongli qishlog‘iga piyoda qanday yetib borganimizni bilmay qolgan edik…
Oradan yillar o‘tdi. Institutni ham tamomladik. 60-yillarning o‘rtalari. Salqin yoz kunlarining birida nonushtadan so‘ng ishga otlandim. Katta ko‘cha yo‘lagidan avtobus bekati tomon borarkanman, ko‘chaning narigi tomonidan to‘riq ot qo‘shilgan bir rezinka g‘ildirakli bo‘sh aravani ildam haydab, Qo‘yliq tomon ketayotgan, to‘ladan kelgan, tanish bashara odamni ko‘rdim. Kimgadir o‘xshatdim. Yaxshi eslolmadim.
Uch-to‘rt kun o‘tgandan keyin o‘sha arava, o‘sha odamni yana ko‘rdim, — bir qo‘lida otning jilovi, ikkinchi qo‘lida uzun qamchi. Uni o‘sha — mashhur artist Qoriyoqubovga o‘xshatdim. Ammo ichimda: «Odam odamga o‘xshashi mumkin-ku!» — deb qo‘ya qoldim.
Bir-ikki hafta o‘tgach, kunlar qiziy boshlab, mehnat ta’tiliga chiqdik. Uzoqroqda borib dam olishning iloji bo‘lmay, Qorasuv mahalla choyxonasi doimiy manzilimga aylandi.
Bir kuni peshinga qolmay chiqsam, choyxonaning tashqari qismida ulfatlar hammasi jam, jo‘raboshimiz — urushni Yugoslaviyada tamomlagan sobiq jangchi, qo‘shni — elektroapparat zavodida tsex boshlig‘i Ismoil aka hammadan burun bozor qilib kelgan, doimiy oshpazimiz Mirtilla quroldosh do‘sti bilan qozon tepasida — osh harakatida. Bir qo‘li yo‘q do‘stimiz — Hojim sog‘ qo‘li bilan gurunch tozalar, kimdir sabzi, kimdir piyoz to‘g‘ragan. Men ham go‘sht to‘g‘rayotgan jo‘raboshi yoniga o‘tirib, ularga qarasha boshladim.
Sal narida shaxmat, shashka, domino o‘yinlari avjida. So‘rining tagidan shildirab oqib turgan suv keksa tut soyasida dam olayotgan barcha yoshu qariga ajib bir kayfiyat bag‘ishlayotgan edi.
Tagi marg‘ilonlik bo‘lgan choyxonachimiz Qurbonali aka qo‘li qo‘liga tegmas, barchaga xizmatda, choy deganga choy, non deganga nonni og‘zidan chiqishi bilan yetkazish payida.
Qurbonali aka odatdagi ishlari andak kamaygach, choynak va piyolalarni arta boshladi. Shu payt yo‘lning naryog‘ida ko‘k beda ortilgan brichka arava to‘xtadi. Ustidan Marg‘ilon do‘ppi kiygan, barvasta bir kishi yerga sakrab, otini ariq yoqasidagi tolga boylab, ko‘ylak va shimidagi chang-chungni qo‘li bilan qoqib, qo‘lida qamchin, choyxona tomon yurdi.
U katta yo‘lni, so‘ng tramvay izini kesib o‘tib, choyxonaga yaqinlashar ekan, uni bu vaqtda shaxmatga o‘tgan jo‘raboshimiz va Qurbonali aka kutib olishdi. Jo‘raboshi mehmonning qo‘lini siqib:
— Keling, Qora-ka! Qanday shamollar uchirdi sizni biz tomonga? — dedi.
— Odam bor joyga odam keladi. Ko‘pdan beri shu so‘lim maskanda bir piyola choy ichsam, deyman, — imkoni bo‘lmaydi. Vaqti-soati bugun ekan-da! — dedi samimiyat bilan.
Qurbonali aka esa u bilan:
— Keling, hamshahar! Qadamlariga hasanot? — deb ko‘rishar ekan, uning mehmonni oldin ham ozmi-ko‘pmi bilgani, tanigani anglashildi. Bu o‘sha «Qora-ka» nomi bilan tanilgan mashhur Muhiddin Qoriyoqubov edi.
Qurbonali aka chaqqonlik bilan ichkaridan yangi bir atlas ko‘rpacha olib chiqib yozdi. Mehmon oyog‘ida etigi bo‘lgani uchun so‘rining chiqaverishdagi o‘ng burchagiga joylashdi va fotiha o‘qilgach, Ismoil akaga:
— Men shu yerdan o‘tgan ahli mo‘minlarning ruhlariga kichgina bir tilovat qilib yuborsam maylimi? — dedi.
U va boshqalar ham bosh irg‘ab:
— «Bosh ustiga!» — degandek bo‘ldilar. Mehmon bir necha lahzaga chordona qurib o‘ltirdi-da, ko‘zini yumib, baland ovoz bilan «Vallayl» surasini shunday qiroat bilan o‘qidiki, butun borliq nurga to‘lgandek, shu mahalladan o‘tgan Jo‘rabek dodxo, asli hastimomlik, shu choyxona orqasidan joy qilgan Saidolim Eshon, kimsan Aziz ota kabilarning ruhlari shod bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. Uning qiroatiga qoyil qolgan Ismoil aka menga: — «Bu kishi san’atga qorilikdan o‘tganlar!» — deganlari to‘g‘riga o‘xshaydi! — deb qo‘ydi.
Mehmon uchun jonini ham ayamaydigan Qurbonali aka uning oldiga yangi dasturxon yozib, patnosda to‘rtta non, qand-qurs, likopchada qora mayiz olib kelib qo‘ydi.
Qora-ka serqatnov ko‘cha, atrofdagi obod, serdaraxt hovlilarni ko‘zdan kechirar ekan:
— Burungilar har manzilning o‘z fayz-tarovati, o‘z mehrgiyosi bor, deb bekorga aytmaganlar! — deb qo‘ydi va yana dedi:
— Bu — eski Qo‘qon yo‘li. Bu yerdan kimlar o‘tmagan! Bobur Mirzo! Xudoyorxon!.. Biz — san’atkorlar ham goh aravada, goh mashinada — ko‘p o‘tganmiz…
— Yaxshi gaplaringiz uchun rahmat, Qora-ka! Turgan joyimizdan nolimaymiz. Ekamiz desak, yer ham ko‘p bu yerda, ichamiz desak suv ham! — dedi Ismoil aka. — Atrofga qarang. Bu yerda mevali daraxt ekilmagan hovli yo‘q.
Boshqalar ham uning gaplarini ma’qullashdi. U yana so‘zida davom etadi:
— Bu yerda sizni tanimaydigan odam yo‘q. Tomoshalaringizni ko‘rishgan. Ashulalaringizni eshitishgan. Lekin keyingi vaqtda shu yerdan aravada o‘tib yurganingizni ko‘rib, hammalari hayron. Birlari: “Ishqibozlikka bir narsa deb bo‘lmaydi. Ot-aravaga ishqlari tushib qolgan bo‘lishi mumkin!” deyishsa, ba’zilari: «Buni, o‘ng kelib qolsa, — o‘zlaridan so‘raymiz!» deyishadi. «Teatrda u kishi bilan galma-gal bir rolni o‘ynaydigan, o‘ziga o‘xshagan sheriklaridan biri bo‘lishi mumkin!» – deganlar ham bo‘ldi.
— Demak, men bilganday to‘xtabman-da! Barakalla! — dedi kulib Qora-ka.
Shu damda Qurbonali aka dasturxonga bir lagan chillaki uzum, tandirda yopilgan uchburchak somsa qo‘yib ketdi. Uning orqasidan qozonga urinayotgan Mirtilla bir tarelka issiq jizzani dasturxonning mehmonga yaqinroq yeriga joylashtira boshladi. Buni ko‘rib Qora-ka:
— Qozonda jiz-biz. To‘rda siz-biz, ekan-da! — dedi jilmayib.
Qora-ka ko‘k choydan ichib, dasturxondagi noz-ne’matlardan tamaddi qilar ekan, kayfiyati chog‘, hamma charchog‘i tarqayotgandek edi.
— Mening ham jo‘ralarim bor, — dedi Qora-ka, bo‘lib o‘tgan gaplarga o‘z munosabatini bildirishni xohlagandek. — Ulfatchilikda direktorimizning o‘zi ham bor. Biroq bu yil qishda direktor bilan o‘rtamizda gap qochib qoldi. Shu-shu goh ishga boraman, goh bormayman. U o‘zimning shogirdim. Lekin gap ish haqida borganda, ikkovimiz ham ustoz-shogirdlikni unutib qo‘yamiz, chog‘imda. Bundan bir oycha burun ishga borsam, uning yosh artist yigitlarimiz bilan g‘ijillashib turgani ustidan chiqib qoldim. Umrida ot minmagan, arava haydamagan, qo‘liga o‘roq tutmagan yigitlarni xo‘jaligimizga tegishli yerga borib, yordam beringlar, bedalar gullab ketdi — o‘rib, aravada tashib kelinglar, deyapti. Men unga:
— Umrida otning yonidan o‘tmagan, yuganini ushlamagan bolalardan nimani talab qilasiz! Bunaqa ishni bizdaqalarga buyuring, — qoyil qilamiz. Otni ko‘kragida yoli bor odam minadi! Dehqonchilik, aravakashlik hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi! — dedim.
U esa ustozim meni masxara qilyapti, deb uylab:
— Meni kalaka qilmang. Dalada beda ko‘rpa bo‘lib ketgan, o‘rilmasdan. Bog‘ qarovsiz. Bu yerdagi jonvorlarimiz och, yegani na o‘t bor, na yem, — dedi kuyunib, qo‘li bilan shu yerdagi artistlarni kontsertga olib borishda xizmat qiladigan ot-aravalarni ko‘rsatib. — Sizni dalaga yuborsak, odamlar aytmaydimi, domlasini quvg‘in qila boshlabdi, deb.
— Buyog‘ini menga qo‘yib bering! — dedim keskin. Chindan ham yoshligimda aravakash tog‘am bilan ko‘p birga bo‘lib, ot, aravaga ko‘nikma hosil qilgan edim. Shu bilan birga, o‘zimning ham ikki-uch hafta shaharni tark etib, dalada bo‘lgim, toza havo olgim, bu yerdagi ishlarni, diqqatchiliklarni unutgim bor edi. Mana, bir oydan ham oshayapti, — bir oyog‘im Chirchiqning nariyog‘ida, bir oyog‘im shaharda. Ertalabdan akang qarag‘ay deb dalaga haydayman aravani. To‘yib-to‘yib toza havo olaman. Yuguraman. Beda o‘rayotganlarga qarashaman ham. Chirchiq shundoq ko‘rinib turadi. Borib hovitaman. Ovozimni sinash uchun ashula ham aytaman. Hozir ilgarigidan ham ancha yaxshiman. Ba’zida bolalarni ham olib boraman.
Qora-ka oldidagi noz-ne’matlardan yeb, goho choydan ham xo‘plab o‘tirar ekan, mahalladagi taniqli tunukasoz, ulfatlarning yoshi kattasi Abdulaziz aka Qora-kaga murojaat qilib:
— Qora-ka, beadablikka hisoblamasangiz, bir iltimosimiz bor. Bugun dam olish kuni. Yoshlar «Qora-kam bitta xirgoyi qilib bersalar!» deyishyapti, — dedi.
Uning gapini, qo‘lida maxorka papirosi, Usta Azim aka ham tabassum bilan ma’qullab turar edi.
Qora-ka kulib:
— Aytishga aytaveraman-ku! Lekin buning uchun avvalo muzika bo‘lishi kerak. Qolaversa, o‘zim ham ozgina tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lishim kerak! — dedi kamtarona.
— Sizga tayyorgarlikning nima keragi bor, Qora-ka! — dedi qo‘shni so‘rida choyxo‘rlardan biri. — Siz o‘zingiz artist bo‘lib, hofiz bo‘lib tug‘ilgansiz.
Bu gap Qora-kaga yokdi. U dasturxondagi mayiz solingan likopchani — mayizini patnosga to‘kib — qo‘liga oldi va urushdan oldin o‘ynalgan «Farhod va Shirin» operasidan o‘z vaqtida mashhur bo‘lgan, «Toshkent iroqi» kuyida aytiluvchi, «Hijron tuni” degan Farhod ariyasini shoshmay ijro eta boshladi. Hammayoq suv quygandek bo‘lib, tinglovchilar ham uni diqqat bilan, ko‘plari ko‘zlarini yumib eshitishdi. Bu ashulani men ham ko‘pdan buyon eshitmagan edim. Dard bilan to‘la bu qo‘shiq barchaning yurak-yuragiga yetib bordi. Qo‘shiq tugagach, hamma bir uxlab turgandek, o‘zini yengil tortgandek bo‘ldi. Men ham. Qo‘shiqchiga minnatdorchilik bildirayotganlarning sanog‘iga yetib bo‘lmasdi.
Qora-ka bu og‘ir ashulani aytib bo‘lguncha dasturxonni issiq patir, ayniqsa, ertagi o‘rik va shaftoli bilan ham to‘ldirishga harakat qildi. Qora-ka bu nasibalardan yaxshiroq tatinishga ham ulgurmay, uning oldiga Mirtilla kelib:
—Qora-ka, odamni mast qiladigan, uxlatib qo‘yadigan ashulalaringiz yaxshi. Lekin biz urushda, o‘rmonzorlarda yurganimizda, yurtimizni sog‘inganimizda «G‘ayra-g‘ayra» ashulangizni aytar edik! — dedi unga erkalangandek.
Qora-ka esa unga:
— Otangizga rahmat! Qissadan hissa, «G‘ayra-g‘ayra»ni aytib bering, demoqchisiz-da! — dedi va bu ashulani u so‘ridan tushib, pastda, qo‘lida tarelka, barmoqlarini ham ishga solgan holda zavq bilan ayta boshladi. Bu fursatda tinglovchilar yana-da ko‘paygan, kimlardir o‘z uylarining derazalarini ochib qo‘yib, kimlardir bolaxonada turib, bu qo‘shiqni maroq bilan eshitardi. Ashulaning quyidagi bandi ijro etilayotganda esa, u shunday past tovushda, nazokat bilan aytdiki, go‘yo ignaning ko‘zidan ip o‘tkazayotganday bo‘ldi:
Uch kun deganda kelmading;
Yolg‘izligimni bilmading.
Yoki nazarga ilmading.
Yor, muncha zor etding meni?
Kimlarga xor etding meni?
G‘ayra-g‘ayra dambadam;
Oromi jonimsan mening.
Ismoil aka mehribonchiligini bo‘shashtirmas, mevalarning pishgan-pishganlaridan mehmonning oldiga surib qo‘yar, ko‘p ayttirib uni charchatib qo‘yish fikridan ham u uzoq edi. Biroq ichkaridan yana bir iltimos tushdi «Qora-kam «Omon yor»ni aytib bersinlar», deb. Qora-ka aslida olijanob, saxiyqalb odam edi. «Yo‘q!» demadi, yigitning so‘zi qaytguncha shaytonning bo‘yni uzilsin, deganlaridek.
U zavq-shavq bilan qaynab kuylar ekan, ayni avjga chiqayotganda, taraqa-turuq ichi to‘la odam bilan tramvay o‘tib qoldi. Qora-ka esa bunga parvo qilmasdan aytaverdi. Tramvaydagi yo‘lovchilar hayron — bu yerda nima bo‘layapti, degandek. Shunda bir necha qo‘shiq shinavandalari baland tovush bilan «Qoyilman!», «Ofarin!» deb qo‘yishdi, xonandaga eshittirib.
«Chillaki chillakini ko‘rib chumak uradi!» — deganlaridek, shu asnoda mening ham u kishiga erkalik qilib, bir narsa degim kelib qoldi:
— Hamma ashulalaringizni eshitdim. Rahmat! Yana bittasi qoldi. «Yasha Sho‘ro»ni ham eshitaylik!
Ammo nimagadir mening bu taklifim unga yoqmadi. U darhol kayfiyati o‘zgarib:
— Keling, uka, shuni men aytmay, siz eshitmay qo‘yaqoling! — dedi shartta, gapimni kesib.
Men xijolat tortib, hayron bo‘lib qoldim. Ozgina vaqt o‘tgach, u yana o‘ziga kelib, gapirgan gapiga izoh bera boshladi:
— Ma’lumki, bu qo‘shiqni Hamzaxon yozganlar. Ashulani birinchi men aytganman. Uning ohangini esa ikkalamiz yaratganmiz. Keyin ham ancha yil aytib yurganman. Oradan besh-olti yil o‘tgandan keyin, bir kuni Respublika miqyosidagi katta yig‘in oxirida bo‘lgan kontsertda men o‘zimcha «donolik» qilibmi, yoki shumlik qilibmi, bu ashulaning boshlanishini ozgina o‘zgartirib:
«Yasha, Turon! Yasha, Turon!» —
deb emas, balki:
«Yasha, Sho‘ro! Yasha, Sho‘ro!” — deb aytganman. Kattalarga bu o‘zgartirishim ma’qul kelib, rosa chapak chalishgan. Keyinchalik voqeani Hamzaxonga aytib bersam, u kishi:
— He, nodon! She’rning qofiyasini yeb qo‘yibsan, «Zamon»ga «Sho‘ro» qofiya bo‘lolmaydi-ku! — dedilar. Ancha o‘sal bo‘ldim. Lekin qiziq joyi shundaki, o‘shandan keyin bu qo‘shiq hamma yerda men aytgandaqa qilib aytiladigan bo‘ldi. Ko‘chalarda ham. Katta kontsertlarda ham. Keyin bilsam, mening bu «ixtirom» shoir asarlarining ilmiy nashrlariga ham o‘tib ketgan ekan.
U gapidan ozgina to‘xtab, biroz tin oldi va so‘ng yana davom etdi:
— Endi, gapning buyog‘ini eshiting. Shu yil qishda yangi bir kontsert guruhi tuzildi. Unda men ham bor edim. Men shu imkoniyatdan foydalanib, Hamzaning «Yasha Sho‘ro»sini aytmoqchi bo‘ldim, lekin endi «Yasha Sho‘ro!» deb emas, «Yasha Turon!» deb. Majlisda g‘ala-g‘ovur bo‘lib ketdi, mumtoz shoir, inqilobchi shoirning so‘zlarini o‘zgartirishga kimning haqqi bor, deb. Meni kontsertda qatnashuvchilar ro‘yxatidan o‘chirib tashlashdi. Bu masalaga, chamamda, nozik idoralar ham aralashdi. Direktor meni himoya qilmoqchi bo‘ldi. Qo‘lidan kelmadi. Bu gap chuvalashib hozirgacha davom etib kelyapti. Men esa, mana, oyog‘imda etik, qo‘limda qamchi — shahar bilan Chirchiq orasida beda tashib, xirgoyi qilib yuribman. Bundan chiqdiki, «Turon» degan so‘zning kimlarnidir qo‘rqitadigan ma’nosi bor ekan — «Ona-Vatan», «Ozodlik», «Mustaqillik» deganlaridek.
U bir pas dam olgach, o‘z hayajonlarini bosib yana dedi:
— Lekin men ishonaman. Bir kun kelib, albatta, bu qo‘shiqni
Yasha, Turon! Yasha, Turon!
Sen yashaydirgan zamon. —
deb aytaman.
Hamma bir necha daqiqa jim bo‘lib qoldi. Mirtilla bilan Homid esa shu pallada, qo‘llarida osh to‘la ikkita lagan, tepamizga kelib: «Oshga joy bo‘shatinglar!» deb qolishdi. Apil-tapil qo‘llar yuvilib, oshga qo‘l urdik.
Ulfatlar ishtaha bilan oshdan olishar ekan, Qora-ka uch-to‘rt osham olgach, uzr so‘rab, qo‘lini arta boshladi.
— Direktor bilan bugun uchrashuvimiz bor edi, muhim bir masala bo‘yicha. Shuning uchun meni ma’zur tutasizlar. Sizlar bilan ko‘rishganimdan behad mamnunman! — dedi, iliq tabassum bilan.
Shunda Ismoil aka:
— Bo‘lmasa, oshataman! — deb qoldi. Qora-ka esa xandon otib kulib:
— Oshamagan nomard! — dedi.
Ismoil aka kaftini to‘latib, unga osh oshatar ekan, u bir dona guruchni ham to‘kmasdan oshab yubordi.
Qurbonali aka ichkaridan yangi bir banoras to‘nni olib chiqib uning yelkasiga yopdi va:
— O‘tgan-ketganingizda kirib turing, hamshahar! Xursand bo‘lamiz! — dedi.
Ismoil aka va Mirtilla aziz mehmonni aravagacha kuzatib qo‘yishdi. Qora-ka otni boylagan yeridan yechib, epchillik bilan, o‘z yuki og‘irligini bildirmasdan, beda g‘arami ustiga chiqib, tik turib, qo‘l silkib biz bilan xayrlashar ekan, mening nazarimda u bir vaqtlar o‘zi rolini o‘ynagan xushqomat va pahlavon Farhodga o‘xshab ketdi.