Abduqayum Yo‘ldosh. Yolg‘on va haqiqat (hikoya)

O‘zbekovullik Rayimberdi cho‘loqning kenja o‘g‘li G‘oziqul o‘qishni bitirganidan so‘ng shaharda qolib ketdi.
Vaholanki, O‘zbekovulda ota-onaning oxir-oqibat kenja o‘g‘il bilan yashashi rasm bo‘lgandi.
Rayimberdi cholning ham ko‘nglida shunday niyat bor edi. Shu bois ota katta o‘g‘illarining har biri alohida uy-joy qurib olishiga qo‘lidan kelgancha ko‘maklashdi.
G‘oziqul o‘qib yurgan chog‘lari shaharga oliftalarcha kiyinib, qishloqni bosgan tappi isidan burnini jiyirib bo‘lsa hamki, onda-sonda kelib turardi.
Yigit salgina maqtanishni xush ko‘rardi.
O‘qishi borasida ham tengdoshlariga yoinki o‘zidan kichik yoshdagilarga allanechuk maroqlanib, lazzatlanib hikoya qilishni boplardi:
Dars deganlarini teshib qo‘yganman! derdi gapga biyron talaba odatda darrov jo‘shib ketib. Domlalar ham buni yaxshi biladi. Shuning uchun baholarimni avtomat qo‘yib qo‘yaverishadi.
Tabiiyki, yoshlar bor joyda gap aylanib qizlarga kelib taqaladi-da.
G‘oziqul bu sohada ham suyagi yo‘qligini pesh qilishni boplardi.
To‘rttasi bilan yuraman, derdi u suhbatdoshlarining burniga to‘rt panjasini urib yuborguday taqab. Hammasining figurasi dahshat!
Birontasiga uylanasizmi? deb so‘rardi ilonning tiliday ingichka bo‘yin taqib olgan shaharlik talabaning og‘iz ko‘pirtirishlariga mahliyo bo‘lib qolgan sobiq sinfdoshlardan biri gapdon tengdoshini “sen”lashga istihola qilib.
Ana shunda G‘oziqul deganlari lablarini g‘alati burishtirib-qiyshaytirib, qoshlarini chimirar, o‘zicha aqlli yoki ma’nodor gap qilmoqqa urinar va bir muddatlik sukunatni o‘tkazgach, alal-oqibat:
Yo‘q, derdi soxta tantana bilan. Ularning barisi “Yursang mayli, lekin tegmaymiz!” deb aytgan.
Albatta, bu qadar chuqur hikmatli e’tirofning mag‘zini chaqishga qishloq yoshlarining salohiyati yetmasdi. Shu sabab navbatdagi savol o‘rtaga tashlanardi:
Nega?
G‘oziqul savol berguvchiga “Shuni ham bilmaysanmi?” degandek mazaxomuz qarar va sira e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan ohangda shartta aytardiki:
Bir maza qilib qolishmoqchi bo‘lishgan-da!
Talaba bu bilan nima demoqchi yo bo‘lmasa o‘sha “yuradigan” qizlar nimani bir maza qilishmoqchi buni tushunish mushkul edi. Lekin ortiqcha savol berish ham o‘ng‘aysiz.
Rayimberdi cholning o‘ziga qo‘yishsa-ku, o‘qishini bitirgan zahoti o‘g‘lini dikonglatib sudrab kelardi-ya shahardan. Lekin kutilmagan bir hodisa bo‘lib qoldi.
Endi o‘qishini tamomlagan G‘oziqul lotereyaga “Neksiya” yutib olibdi!
O‘ziyam G‘oziqul deganlarini oynai jahonda bir oycha reklama qilishdi-yov.
Kech tushaversa bo‘ldi, televizor atrofiga yig‘ilib olganlardan birontasi “Hozir G‘ozi chiqadi” der va shu gap aytilar-aytilmas, ekranda paydo bo‘lgan “Reklama” yozuvining ortidan kamera qarshisida sal o‘ng‘aysizlanib turgan G‘oziboy ko‘rinardi.
Darvoqe, omadli yutuq sohibi mikrofonga qarab:
Men, G‘oziboy Rahimberdiyev, bozorda ikkita lotereya sotib olgandim… deb gap boshlardi.
Balki shu sababli bo‘lsa kerak, O‘zbekovulda odamlar endi baxtli talabani “G‘oziboy” deb atay boshlashdi.
Xullas, G‘oziboy televizorda ko‘rinaverib charchamadi, odamlar Rayimberdi cholni tabriklab charchashmadi.
“Neksiya” yutgan G‘oziboydan esa darak bo‘lavermadi. Shu sabab, el-yurtning gapidan uyaldimi, Rayimberdi chol bir qo‘chqor so‘yib, ovulning katta yoshli erkaklarining barini dasturxonga chorladi.
Rayimberdi chol o‘jargina edi. Shu bois, bir do‘q bilan uchar qushday shaharga intilayotgan katta o‘g‘illarining popugini pasaytirib qo‘ydi:
Ota kerak bo‘lsa o‘zi keladi, aka kerak bo‘lsa o‘zi keladi.
Shunda to‘ng‘ich o‘g‘il Norbo‘ta ozgina e’tiroz bildirishga urindi:
Guppi bolangizni do‘st-jo‘ralari eritib yurgan har kuni.
Rayimberdi chol bir muddat o‘ylanib qoldi, so‘ng:
Har kuni eriyverishga pul qayda, agar moshinni sotmasa… dedi.
Bu gapni eshitgan akalarning ichidan qirindi o‘tdi, ammo ota huzurida ortiqcha mahmadonalik qilishdan o‘zlarini tiydilar.
G‘oziboy qirqinchi kuni qishloqqa oppoq “Neksiya”da kirib keldi.
Quchoqlashib so‘rashishlaru qutlovlardan keyin ota hayron bo‘lib so‘radi:
Pravang yo‘q edi-ku, bolam, mashinani qanday haydab kelding? Yo‘lda gai-pai…
Bunga javoban G‘oziboy odatiga ko‘ra bepisand qo‘l siltadi:
E, hozirgi zamonda pul bo‘lsa samolyotni ham haydab ketsa bo‘ladi, ota…
Quvonib ketgan Rayimberdi chol boqib yurgan kattagina qo‘chqorini so‘ydi, el-yurtni uyga chorladi. Bu safar dasturxonga aroq-vino ham qo‘yildi.
Kelganlar biri-biridan shirin qadah so‘zlari aytishdi, Rayimberdi cholni, G‘oziboyni qutlashdi. Ko‘pchilik bilan to‘qishtirib ichaverib, anchagina kayf bo‘lib qolgan G‘oziboy chayqalib-gandiraklab hovli o‘rtasida turgan oppoq mashinasi yoniga bordi-da, kutilmaganda kapotga bor kchi bilan daranglatib urdi va:
Bu… deya bo‘kirdi, bu mashina otamning xizmatida bo‘ladi. Bir umr…
Mehmonlar “oh-voh”lar bilan o‘z hayratlarini izhor etishdi, ko‘ngli bo‘shab ketgan Rayimberdi chol ko‘zlariga yosh oldi…
Ishqilib, hammayoq “sen je, men je” bo‘lib ketdi.
Mehmonlar tun yarmida tarqalishdi.
Ertasi kuni peshinga qadar kun taftida pishillab uxlagan G‘oziboy bir amallab ko‘zlarini ochdiyu, oftobadagi ilimiq suvda shosha-pisha yuzini yuvgach, hovlidagi chorpoyada yonboshlab yotgancha bir umr o‘zining xizmatida bo‘ladigan oppoq “Neksiya”ga ko‘zlarini qisib, zavqlanib qarab o‘tirgan otaning huzuriga bordi.
Odatdagi salom-alik, “Yaxshi yotib turdingmi?” “Rahmat”lardan keyin dabdurustdan G‘oziboy dangaliga ko‘chdi:
Ota, uch yuz mingcha pul kerak.
Ota sergak tortdi.
Tinchlikma, bolam?
Oformleniyaga, chexolga. Agar yana yuz ming bo‘lsa signalizatsiya o‘rnatsayam bo‘ladi.
Rayimberdi chol o‘zicha mulohaza qildi. “Oformleniya, chexol kerak… Lekin mashina qishloqda bo‘lsa, signalizatsyai nimaga kerak?”
Uyda buncha naqd pul yo‘q edi.
Ota uch o‘g‘lining har biridan bittadan qo‘yni deyarli majburlab oldi. Ayniqsa Norbo‘ta qattiq qarshilik qildi.
To‘yga deb bittagina qo‘y boqayapman, uniyam bersam, o‘zim nima qilaman? deb oyog‘ini tirab turib oldi.
Shunda Rayimberdi chol uni jerkib berdi:
Bitta qo‘y shuncha aziz bo‘ldima? Ertaga moshin uyda tursa yurasan maza qilib.
Xayriyat, bu dastak o‘jar o‘g‘ilning shaxtini sal so‘ndirdi. Bundan mamnun bo‘lgan otaning o‘ziyam bitta qo‘y qo‘shdi. So‘ng bu qo‘ylarni yangi mashina ortib bozorga olib borishga ko‘ngli bo‘lmay, qishloqda molni ko‘tara savdo bilan oladigan Said dallolni chaqirdi. Dallol otaning mo‘ljalidan ancha past narxni aytdi.
Savdolashish boshlandi.
Nihoyat, bir to‘xtamga kelindi.
Baribir pul uch yuz mingga yetmadi. Qolganiga chol-kampir pensiyasidan o‘limlikka deb yig‘ib yurganini qo‘shishdi.
Shoyi belboqqa tugilgan pulni e’tiborsizlik bilan yukxonaga tashlab qo‘ygan G‘oziboy rahmat aytgan bo‘ldi va mashinani qishloq yo‘lidan changitib haydab ketdi.
Rayimberdi chol oppoq “Neksiya” ortidan uzoq qarab qoldi. Go‘yoki mashinani so‘nggi bor ko‘rib turganini ko‘ngli sezganday…

* * *

Vaqtning bu qadar oshiqib chopqillashini!
Ovulda birdan G‘oziboyga aylangan kenjatoy hov o‘sha mashinani rasmiylashtirishu o‘rindiqlarga g‘ilof o‘rnatish uchun uydagilar ne mashaqqatlar ila topib bergan uch yuz ming so‘mni olib ketganidan keyin naq olti oy qorasini ko‘rsatmadi.
Ota, akalar bir oy kutishdi, ikki oy. Oxiri xavotirlana ham boshlashdi. Ammo G‘oziboyi tushmagur ovuldan shaharga borib o‘qiyotgan talabalardan salom aytib yuborishni kanda qilmasdi.
O‘sha talabalarning aytishicha, G‘oziboy “Ishlarim besh!” degan emish. Yaxshigina ishga kiribdi, ovuldagilarning tushiga ham kirmagan maosh olayotgan emish. Yaqinda esa chet el safariga ham borishni mo‘ljallab turgan ekan…
Bu xabarlarni eshitib otaning sal ko‘ngli joyiga tushganday bo‘ladi.
Ammo to‘ng‘ich Norbo‘ta hech bu gaplardan qanoat hosil qilmaydi. Kunda bo‘lmasa ham, kun ora kelib gap orasida kenjatoyning vafosizlik qilayotganini qistirib o‘tib ketadi.
Shahar ko‘rgan echkidan qo‘rqish kerak, derdi odatda Norbo‘ta gap ohangiga ozgina vahima aralashtirgan holda. Buningiz soddagina bola, birontasi boshini aylantirib, “Neksiya”ni maza qilib minib yurgandir. Biz bo‘lsak bu yerda, chang ichida bitta eshak aravaga zor bo‘lib… Necha marta to‘y-ma’rakaga borishga ham birovga sarg‘aydik…
Otaning ham ko‘nglida bir niyati bor edi. G‘oziqul kelsayu, chol-kampirni oppoq “Neksiya”ga mindirib olib, bir Buxoroyi sharifga ziyoratga olib borib kelsa. Axir, Buxoro aziz-avliyolar o‘tgan joy. Ana, qishloq mullasi Ashur ko‘sa ham bir janoza mahali gurung orasida aytib o‘tib ketdi-ku: “Buxoroni ziyorat qilish yarim hajga barobar”, deb. Shunday ekan, o‘zingning mashinangda, yumshoqqina o‘rindiqlarga yastanib olib, beminnatgina borishga nima yetsin.
Chol aynan shu sababli ovuldagi tengdoshlari o‘rataga pul tashlab, Buxoroga borib kelish uchun eskigina “Paz” avtobusini kira qilishganida qo‘shilmay turib oldi. Tengdoshlar hadeb zo‘rlayverishganida esa sog‘lig‘ini bahona qildi. Holbuki, yetmish beshga kirib Rayimberdi chol sal oqsab yurishini aytmasa (bu ham bolalikdan qolgan, bug‘doy o‘rar mahali o‘zining jo‘rasi Saydazim sariq adashib o‘roqni uning boldiriga sanchib olgan) biron marta sog‘lig‘idan shikoyat qilmagan, do‘xtirlarga chopmagan.
Saydazim jo‘rasi sariqligidan tashqari, quvgina ham edi. Shu sababli u Rayimberdi cholni ayab o‘tirmadi, gap bilan uzib oldi:
Olisdagi “Neksiya”dan, jo‘ra, yaqindagi “Pazik” yaxshi. Tushunganskiy?
Rayimberdi chol bamisoli gunoh ish uchstida qo‘lga tushganday qizarib ketdi, so‘ng bir amallab o‘zini qo‘lga olarkan, sir boy bermaslikka uringan ko‘yi hazin ohangda gapirishga urindi:
Gap sog‘liqda, jo‘ra. Sog‘lig‘im to‘g‘ri kelganda-ku, Buxoroga piyoda borishgayam tayyor edim-a…
Saydazim sariq jo‘rasiga istehzo bilan qarab turdi-turdi-da, so‘ng yana nishini sanchdi:
Bu ketishda hali piyodayam borolmay qolasan-ov…
Har ne bo‘lganda ham o‘ttiztacha chol eski, shalaq, buning ustiga qo‘lansa isi salonga urib turadigan avtobusda Buxoro shahriga, muqaddas joylarni ziyorat qilishga borib kelishdi. Ana shundan keyin Saydazim sariq naq bir hafta ovulda hech kimga gap bermadi. Ayniqsa Rayimberdi cholning oldida ko‘rganlariga qo‘shib-chatib rosa maqtandi.
Rayimberdi chol bu gaplarni qulog‘ini ding qilib eshitdi, og‘zidan suvi kelib eshitdi. Qariyaning Buxoroga juda-juda borgisi keldi. Ammo o‘ylay-o‘ylay, oxiri o‘g‘lini kutishga qaror qildi. Axir, lafz halol. O‘g‘li o‘shanda, otasi o‘g‘li mashina yutib olgani bois el-yurtga dasturxon yozib, borini to‘kib solganida hammaning ko‘z oldida kapotni mushtlab “Bu mashina otamning xizmatida bo‘ladi. Bir umr…” degandi axir. O‘sha huzurbaxsh daqiqalarni eslasa qariyaning ko‘ngli yumshaydi, tomog‘iga mushtday bir nima kelib tiqiladi, yetmshi ikki tomiriga iliq bir nima yugurganday bo‘ladi.
“Ko‘lik yoshlarga yarashadi, deya o‘ylardi otaxon bunday paytlari. Mayli, bolalar minib yuraversin. Chol-kampirni bir Buxoroga olib borib kelsa bo‘ldi-da…”
Rayimberdi chol do‘st-tengdoshlari oldida sog‘lig‘idan shikoyat qilib, xatorlikka yo‘l qo‘ygan ekanmi, ishqilib, keyingi kunlarda chindan ham oyoq bo‘g‘imlarida og‘riq paydo bo‘ldi, boshi ham sal harakat qilsa aylanadigan bo‘lib qoldi. Buning ustiga o‘qtin-o‘qtin peshonasida sanchiq turadi.
Qariya buni charchaganlikka yoxud shamollashga yo‘ydi. Shu sabab badaniga erinmay qo‘y yog‘idan surtib chiqdi, oyoq bo‘g‘imlariga sho‘r paxta bosdi, kunda-kunora uyda isiriq tutatkizib turdi.
Mana shunday kunlarning birida G‘oziboy uyga salgina uringanligi sezilib turgan kul rang “Matiz”da kirib keldi.
Rayimberdi chol indamadi, ammo ko‘zlarining paxtasi chiqib ketgan Norbo‘ta dam sayin otasining yoniga kelar va vishillab:
Ana, aytmabmidim! deb ketardi.
To‘ng‘ichiga qarab o‘qrayib-o‘qrayib qarab qo‘yayotgan chol nihoyat bir piyola choydan keyingina til uchida turgan savolni berdi:
Bolam, moshining o‘zgarib qolibdima?
G‘oziboy pinak buzmay, shu zahoti javob qaytardi:
“Neksiya”ni arendaga berdim. O‘zim hozircha “Matiz”ni ermak qilib yuribman.
Prava oldingma?
O‘g‘il yana beparvo qo‘l siltadi:
Pulingiz bo‘lsa, ota, hozirgi zamonda samolyot haydasangiz ham bo‘ladi. Gailarning ham otasi pul-da, ota…
Gapga hech sabri chidamay, joyida irg‘ishlaguday bo‘layotgan Norbo‘ta aralashdi:
Arendaga bersang shu yerdayam shopirlar bor edi.
Bu savolga ham oldindan javob tayyorlab kelgan ekanmi, G‘oziboy akasi gapini tugatmasdan og‘zidan olib yoqasiga yopishtirdi:
“Neksiya” shaharning mashinasi, aka. Bu yerning shopirlari, bu yo‘llarda uni uch kunda rasvo qilishadi.
Darhaqiqat, ovulga olib keluvchi yagona yo‘l yil bo‘yi o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib yotar edi.
Norbo‘ta nimadir deb e’tiroz bildirmoqqa og‘iz juftladi, ammo to‘ng‘ichidan oldin ota tilga kirdi:
Bolam, biz chol-kampirni bir Buxoroga olib borib kelsang. Aziz joylarni ziyorat qilib kelsak…
Qachon?
Ota shoshib qoldi, so‘ng o‘ylanib turib javob qaytardi:
Iloji bo‘lsa, juma kunlari…
Bo‘ldi, gap yo‘q, dedi G‘oziboy ishonch bilan. Juma bo‘lsa juma-da. Kelamanu, olib ketaman. Sizlar tayyor bo‘lib tursalaringiz… Faqat… shu yerga kelganda o‘g‘il o‘ylanib qoldi: shu “Matiz” sal jyostkiyroq-da. Men sizlarni “Neksiya”da olib borib kelaman. “Neksiya” yumshoq bo‘ladi, qiynalmaysizlar…
Yana ko‘ngli bo‘shashib, ko‘zlariga yosh qalqqan ota belidagi belbog‘ining uchini mijjalariga bosdi:
Umringdan baraka top, bolam…
Bo‘lmasa sizlarga o‘zim xabar qilaman, dedi G‘oziboy ishbilarmonlarga xos ko‘tarinki ohangda. Sizlar tayyor bo‘lib turasizlar…
Oqshom, yotish oldidan G‘oziboy otasiga yaqin kelib, shivirladi:
Ota, biron ikki yuz mingcha pul kerak bo‘lib qoldi.
Tinchlikma? xavotirlanib so‘radi Rayimberdi chol.
Tinchlik, ota, tinchlik. Aytdim-ku, yaxshi joyga ishga kirdim deb. Bir-ikki so‘m tashlasam, chet elga borib ishlab kelishim tezlashadi.
Otaga bu taklif unchalik yoqinqiramadi, ammo g‘ashi kelganini sezdirmaslikka urinib, asta so‘radi:
Chet elga borish shartma? Ishing yaxshi bo‘lsa… Bo‘lmasa shu yerga qaytib kelsang ham bo‘lardi. Rayondan bir ish topilar…
G‘oziboy keskin bosh chayqadi:
Bu yerning ishi menga to‘g‘ri kelmaydi, ota. Undan keyin, shaharda bir yilda topganimni chet elda bir oyda topaman, ota.
O‘zi qanchaga bormoqchisan?
Uch oy, ko‘pi bilan to‘rt oyga…
Chol ikkilanib qoldi.
Bu yoqda enang qarib qoldi…
Uch oyda qaytaman dedim-ku… Ishlagan pulimga ikki xonalimi uy olsam, sizlar ham borib maza qilib yashayverasizlar…
Rayimberdi chol uzoq mulohaza qildi. Oxiri o‘qigan-bilgan o‘g‘li bejiz bunday qarorga kelmagan, degan o‘yga bordi-da, o‘g‘illarini maslahatga chaqirdi.

G‘oziboy hovlida, chorpoyada pishillab uxlab yotgan mahali ichkarida qizg‘in bahs ketmoqda edi.
Bir so‘m ham bermayman! dedi Norbo‘ta pishqirib. Buningiz “Neksiya”da, “Matiz”larda yallo qilib yursin-da, biz bu yerda eshak aravagayam zor bo‘lib… Bermayman. Pulning o‘zi yo‘q. Bo‘lgandayam bermasdim!
Qolgan ikki o‘g‘il otaning og‘ziga qarashdi.
Nihoyat, Rayimberdi chol to‘ng‘ichini jerkib berdi:
Ukang chet elda ishlab, pul topbi kelsa yomonma? Shahardan uy olsa yomonma? Bizning uydan ham o‘qimishli odam chiqsin-da. Bolalaring katta bo‘layapti, ertan-bir kun o‘qiyman deb qolsa, ukangning uyiga bemalol boraverasan…
Eshigini tepib ochib kirasiz, deya ota fikrini davom ettirdi ukalardan biri.
Norbo‘ta ikkilanib bosh chayqadi.
Hay bilmadim-ov… Avvallari bozor ko‘rgan echkidan qo‘rq, deyishardi. Endilari shahar ko‘rgan echkidan qo‘rq, degan gap bor… O‘qimishli bo‘laman desa shu yerdayam bo‘laverardi. Shuning uchun shaharda yashash shartma?..
Xullasi, deya mashvaratga yakun yasadi Rayimberdi chol, uchalang bittadan qo‘y berasan.
Qo‘y! Qanaqa qo‘y! fig‘oni falakka chiqdi Norbo‘taning. Uyimda bitta echkiyam yo‘qligini o‘zingiz ya’shi bilasiz-ku.
Bo‘lmasa bitta qo‘yning pulini berasan, deb turib oldi ota.
Ota amri vojib.
O‘g‘illar aytilgan miqdorni topib kelishdi.
Etmaganiga ota o‘zi bilan kampiri pensiyasidan o‘limlikka deb yig‘ib yurgan oxirgi pullarni qo‘shdi.
Ertalab, shoyi belboqqa tugilgan pulni G‘oziboyga tutqazarkan, ota ilinj ila eslatdi:
Chol-kampir bir Buxoroni ziyorat qilib kelsak…
Kenjatoy otasiga ajablanib, ko‘zlarini katta-katta ochib qaradi:
Aytdim-ku “Neksiya”da olib borib kelaman deb. O‘zim xabar qilaman, tayyor bo‘lib tursalaringiz…
Iloji bo‘lsa, juma kuni… dedi yuragi hapriqib ketgan ota.
Bo‘ldi, gap yo‘q. O‘zim biron studentdan aytib yuboraman…
G‘oziboy xuddi o‘tgan galgiday pul to‘la belbog‘ni yukxonaga e’tiborsiz tarzda tashlab qo‘ydi-da, motorni o‘tt oldirdi.
Negadir g‘azabi qaynab ketayotgan Norbo‘ta asta ukasining yoniga borib, tishlari orasidan shivirladi:
Bizdi hech bo‘lmasa rayonga oborib ke, uka. Bir bozor qilib qaytaylik…
G‘oziboy shoshib bilagidagi soatiga qaradi. So‘ng afsuslanib bosh chayqadi:
Jon deb borardim-u, aka, soat uchda muhim yig‘ilish bor-da. Yetib bormasam bo‘lmaydi. Kelasi safar “Neksiya”da oborib kelaman.
“Neksiya”ng arendada emasmi? ijikilab so‘radi darg‘azab aka.
G‘oziboy pinak buzmadi:
Xohlagan paytimda olib turaman, deb shart qo‘yganman. O‘sha kunlar uchun pul to‘lamaydi-da.
Norbo‘ta bir joyi og‘rib ketganday aftini bujmaytirdi:
Ko‘ziga qarab haydasin… Birovniki deb duch kelgan yerga ketavermasin…
Buni o‘zim kontrol qilib turibman, aka…
Shu bilan xayrlashishdi.
“Matiz” qishloqning sertuproq yo‘lidachang bulutini osmonga ko‘targancha yelib ketdi.

* * *

Kutish azobini boshidan o‘tkazgan odam yaxshi biladi.
Rayimberdi chol bir juma kutdi, ikki juma, uch juma…
Har juma ertalab ota kishi bilmas kiyinib oladi. Mabodo G‘oziboy “Neksiya”da kelib qolsa, shoshib qolishdan cho‘chiydi-da. Buning ustiga, mashinani kutdirib qo‘yishdan istihola qiladi. Kampiriga nima? Ustiga bitta yangi ko‘ylagini tashlaydi, oyog‘iga kalishini iladi bo‘ldi-da, shu bilan tayyor. Rayimberdi chol esa… Oppoq yaktak-ishton, hattoki mayka ham yuvilgan, toza, har payshanba kechqurun Norbo‘taning xotini dazmollab beradigan kamzul-shim… Kamzulning ko‘krak cho‘ntagidan soatning zanjiri chiqib turadi. Cho‘ntakda dazmollangan ro‘molcha. Massi-kalish yaltiraydi. Ba’zan hattot oqsoqol mo‘ylovini ham yaltiratib, moylab oladi. Axir, hazil gapmi chol-kampir Buxoroyi sharifga borishadi, hazrat Bahouddin Naqshbandning oshyoniga… Bunday ziyoratga yetganlar bor, yetmaganlar bor… Buxoro ziyorati yarim haj savobini ado etmoq bilan barobar…
Rayimberdi oqsoqol juma kunlari peshinga qadar tahoratini yangilayverib, qishloq chekkasiga ko‘z tikaverib charchaydi. Tushga borib cholning kayfiyati tushadi. Ovqat ham yemaydi. Bir piyola ko‘k choyni naridan-beri ichgan bo‘ladi-da, asta uyga kirib ketadi va kishi bilmas kiyimlarini almashtirishga tushadi.
Ammo buni ko‘pchilik biladi…
Hatto boshida Norbo‘ta otasigai zaharxanda aralash:
Kelmaydi, uningiz kelmaydi, deb aytishdan o‘zini tiyib turolmasdi.
Yo‘q, bora-bora o‘g‘il otasining azoblanayotganligini sezdi chog‘i, ortiqcha gap-so‘zdan o‘zini tiyadigan bo‘ldi. Buning o‘rniga juma kunlari sahardan otasini ergashtirib qishloq chekkasidagi machitga qatnaydigan bo‘ldi.
Otamning harna chalg‘igani yaxshi, dedi Norbo‘ta xotini birdan o‘zining taqvodor odamga aylanib qolganligidan hayratlana boshlaganini ko‘rganida. Bo‘lmasa o‘zini o‘zi yeb qo‘yadi…
Kunlar, shu jumladan jumalar ham o‘tib borardi…
Oxiri Norbo‘ta bir mashina topib, otasini Buxoroga olib borib kelmoqqa jahd qildi. Ammo Rayimberdi chol ko‘nmadi. Sabab ham asosligina bo‘ldi: “G‘ozi eshitsa otam meni kutmabdi-da deb xafa bo‘ladi…”

* * *

Odamlar bor: yemaydi, ichmaydi, ishlamaydi, ammo qo‘shnisining uyida nima bo‘layotganligini miridan-sirisiga qadar aniq-tiniq bilmasa kechasi uxlay olmay chiqadi.
Shunday qishloqdoshlardan ba’zilari shaharni erinmay izg‘ib, G‘oziboyni topib olishibdi.
Chet eldagi xizmat yuzasidan berilgan savollarga yigiti tushmagur kiprik qoqmay javob berib tashlabdi:
Sal kechikib turibdi. Lekin ishlarim besh! Yaqinda ikki xonali uy oldim!
“Ikki xonali uy” xabari G‘oziboyning qishloqda to‘kilay deb turgan obro‘sini birmuncha ko‘tarib qo‘ydi. Buni eshitgan Rayimberdi chol ham yengil tin oldi: “Har qalay, shaharda bejiz yurmagan ekan-ku…”
Ammo keyingi xabarlar ko‘ngilni quvnatadigan darajada emasdi.
Shahardagi bozorda kelib-kelib Saydazim sariq uchratib qolibdi G‘oziboyni. Sal chapaniligi bor emasmi, chol birdan tutaqib baqira boshlabdi:
Hey bola, yo‘lingga sarg‘ayib qarayverib otangning ko‘zlari teshilib ketdi-ku! Bir taksi bilan bo‘lsayam oborib kel chol-kampirni Buxoroga!
Bunga javoban G‘oziboy ajablanib:
Taksi nimaga kerak, “Neksiya”m bor-ku, debdi.
Endi ajablanish navbati Saydazim sariqqa kelibdi:
Mashinang bo‘lsa obor-da, nega achchiq ichakday cho‘zib yuribsan?
Oboraman! debdi G‘oziboy sira shubhaga o‘rin qoldirmaydigan ohangda. Bu hafta vaqtim yo‘q, ammo keyingi hafta albatta oborib kelaman…
Go‘yo ishni o‘zi bitirganday xursand bo‘lib, terisiga sig‘may ketgan Saydazim chol qishloqqa kelasola Rayimberdi jo‘rasidan suyunchi olgani chopadi.
Rayimberdi chol ikki haftacha hayajonlanib, o‘zidan o‘zi miyig‘ida iljayib, ko‘zlari chaqnab, ko‘chalarda qaddini kerib yurdi. Shu o‘n to‘rt kun mobaynida oqsoqol biron marta sog‘lig‘idan shikoyat qilmadi.
Ammo va’da qilingan jumada kelmadi G‘oziboy… Tabiiyki, hammamiz ham tirik insonmiz, ish-pishimiz chiqib qolishi mumkin.
Ammo keyingi juma ham qorasini ko‘rsatmadi G‘oziboy… Hattoki undan keyingisida ham…
Rayimberdi chol birdan cho‘kib qoldi.
Bamisoli ichidan bir nima “cho‘rt” etib uzilib ketganday birdan qaddi bukildi. Ko‘zlaridagi o‘t so‘ndi.

* * *

Ilk bor va’da qilinganidan keyin oradan roppa-rosa o‘ttiz to‘qqiz juma o‘tgandan so‘ng (Rayimberdi chol erinmay sanab yurgandi) keldi G‘oziboy.
Bu safar u eskiroq, rangi to‘q ko‘k “Jiguli”da edi.
Ota haydovchilik guvohnomasi xususida so‘rab o‘tirmadi.
Norbo‘ta tergov qilishni boshlab yubordi, ammo biron savoliga jo‘yali javob ololmadi.
G‘oziboy nuqul “ishi besh”ligini pesh qilardi. Bunga sayin to‘ng‘ich akaning jig‘ibiyroni chiqardi.
“Neksiya” qani? derdi u fig‘oni falakka chiqib. Agar moshin arendada bo‘lsa, puli qani? Nega pachaq bir “Jiguli”da yuribsan? Shuncha paytdan beri nega shopirlikka o‘qib olmading?.. va hokazo.
Axiyri xotini orqali savollarini takrorlagan Norbo‘ta “shaharlik echki” G‘oziboyning yaqinda katta bir odamning (yigit nechukdir “ko-otta” debdi) erkatoy qiziga uylanayotganini, ammo vaqtinchalik o‘sha yerda yashab turishini ma’lum qildi.
Ichkuyovmi? qotib qoldi Norbo‘ta. Esi joyidami buning? Otasi, onasi, uchta akasi bari birday tirik turib bu ichkuyov bo‘ladima?
Ushbu serg‘azab savolga “Bu vaqtinchalik. Tez orada ishlarim “besh” bo‘lib ketadi, ana undan keyin alohida yashayveramiz” degan dudmalroq javob bo‘ldi.
Jahl ustida aka asosiy savolni bermaganligini G‘oziboy odatdagidek qanaqadir muhim ishlar uchun ikki yuz ming sum olib ketgandan keyingina angladi. Ammo endi kech edi. Shunday qilib, “To‘y qachon? Qachon sovchilikka boriladi?” degan savollar ochiqligicha qoldi.
Xo‘sh, qanaqa muhim ishlari uchun xarajat kerak ekan kenjatoyga? To‘g‘risi, buni Rayimberdi chol unchalik tushunmadi. Lekin o‘g‘lining jon kuydirib bir nima tushuntirishlariga jimgina quloq solib, hattoki bosh irg‘ab, ma’qullab o‘tirdi. Aftidan, G‘oziboy qaydadir do‘kon ochmoqchimi-ey, qurilish firmasi tashkil qilmoqchimi-ey. Ishqilib, tez orada ishlari “besh” bo‘lib ketar ekan, ana shunda hammasini qo‘shib, ortig‘i bilan qaytararkan.
Rayimberdi chol indamay o‘rnidan turdi, kichkina xonaga o‘tib, o‘limlikka deya so‘nggi oylar ichida yig‘ilgan ellik besh ming so‘mni olib kelib xontaxta ustiga qo‘ydi.
Qolgan yuz ellik ming so‘mcha pulni uch aka bir amallab topib keldi. Qayerdan izlashdi, kimlarning ostonasiga bosh urib borishdi, ne sarmoyadorlarning yuziga qarab sarg‘ayib o‘tirishdi noma’lum, ammo otaning bir amri ila ularning har biri bir kechada ellik ming so‘mdan pul olib kelib berishgani rost.
Bu gal akalar kenjatoyni kuzatgani chiqishmadi. Ular ayniqsa og‘zi yomon Norbo‘taning biron nima deb yuborishidan cho‘chishgandi.
Doimiy odatiga kanda qilmagan holda shoyi belbog‘ga o‘ralgan ikki yuz ming so‘mni yukxonaga bepisand tashlab qo‘ygan G‘oziboy to‘satdan bir nima esiga tushganday otasi tomon o‘girildi va shosha-pisha:
Ota, dedi, bu hafta vaqtim yo‘q. Lekin keyingi jumalarga tayyor bo‘lib tursalaringiz, enam ikkalangizni Buxoroga, ziyoratga olib borib kelaman. Bu, shunday deya o‘g‘il motori ishlab turgan “Jiguli”ga ishora qildi, juda jyostkiy. Bo‘lmasa jon deb shunda oborib kelardim. Shuning uchun yaxshisi “Neksiya”ni bir-ikki kunga olay-da…
Mayli, bolam, mayli, dedi Rayimberdi chol negadir o‘g‘liga qaramaslikka tirishib. O‘zing qarab ko‘r, imkoniyating bo‘lsa, ishingdan gap tegmasa…
Bu gapga javoban o‘g‘il yayrab kuldi:
E, qiziqsiz-a, ota, ish tugarmidi…
Agar iloji bo‘lsa… ota soqolini tutamlab o‘ylanib qoldi. So‘ng dona-dona qilib, ammo shundayam o‘g‘liga emas, noma’lum nuqtaga tikilgan ko‘yi gapirdi: agar iloji bo‘lsa, shu yerga qaytib kelsang yaxshi bo‘lardi. Enang ikkalamizning besh kunligimiz borma-yo‘qma… To‘yingni ko‘rsak… O‘zing tepkilab ko‘marding… Mayli, nima bo‘lsa o‘tdi…
O‘g‘il otaning gap ohangidagi allaqanday siniqlikka e’tibor beradigan ahvolda emasdi. Shu sababli shosha-pisha gapni bo‘ldi va ko‘zlari chaqnab, ko‘tarinki ruhda dedi:
E, ota, hali hammasi zo‘r bo‘lib ketadi. Shu ishlarni bitirib olay, keyin bir katta hovli olaman. O‘sha yerda hammamiz maza qilib yashaymiz. Mana ko‘rasiz… O‘limni esa o‘ylamanglar. Hali nevaralaringizning to‘yini o‘tkazib berasiz, deb yuribmizu…
Har qalay, G‘oziboy Norbo‘ta ta’biri bilan aytganda shahar ko‘rgan echkilardan edi. Shu bois gapga usta edi.
Lekin bu safar Rayimberdi o‘ziga xo‘rozqand va’da qilingan yosh boladay shodlanib jilmaymadi, aksincha, indamay turdi-turdi-da, oxiri chuqur bir xo‘rsinib olgach, qo‘llarini fotihaga ochdi:
Yo‘ling oydin bo‘lsin, bolam… Eson-omon vataningga yetib ol…

* * *

Eson-omon shaharga yetib olgan G‘oziboy shu bilan o‘n olti hafta suvga tushgan toshday izsiz g‘oyib bo‘lib ketdi.
Endi Rayimberdi chol juma kunlari ertalabdan hayitlikka olib boriladigan bolakayday entikib-shodlanib kiyinib olmaydi. Qariya endi juma kunlarni boshqa kunlardan farqlamay qo‘ygan.
Ammo farzand baribir farzand-da. Ota ham shu muddatdan keyin shaharda o‘qiyotgan talabalardan so‘rattirdi, ularning uyiga nevaralirini yubordi, kerak bo‘lsa Norbo‘tayu qolgan ikki o‘g‘liga ham zug‘um qildi, xullas, G‘oziboy haqida biron yangilik eshitishga astoydil urindi.
Nihoyat, ko‘plashib qilingan sa’y-harakatlar oqibati o‘laroq, dastlabki ma’lumotlar kela boshladi.
Taassufki, bu xabarlarda kishini shodmon etguvchi unsurlar kamroq edi. Bil’aks…
Chunonchi, uzunquloq gaplarga qaraganda G‘oziboy o‘sha ikki xonali uyida bir ayol bilan birga yashayotganmish… “Jiguli”ni ham tashlab, ishga poyi-piyoda qatnayotganmish… Garchand uchrab qolgan tanishiga “ishim besh” deb og‘zini to‘ldirib maqtangan bo‘lsa-da, rangi ro‘yidan, ayniqsa, ust-boshidan bu chiranishga arzigulik alomat topish mushkul emish…
Bu gaplarni eshitib ota xavotirga tushdi. Ilk bor qon bosimi ko‘tarilib ketib, shifoxonaga bordi, biron o‘n besh-yigirma kun achchiq dorilardan ichib yurdi, yumshoq joyiga o‘n-o‘n beshta ukol oldi.
Axiyri ota chiday olmadi. Nevaralarini zing‘illatib, dalada ketmon chopib yurgan Norbo‘tani toptirib keldi.
To‘ng‘ich o‘g‘il halloslab hovliga kirib kelgan zahoti ota achchiq ustida unga qarab o‘shqirdi:
Bir onaning qornidan talashib tushgan iningga joning achiydima sen bolaning?
Norbo‘ta gapning bu qadar g‘azabli buromadidan battar dovdirab, otasiga hayron termulib qoldi.
Rayimberdi chol kecha olgan pensiyasini chorpoya chekkasiga qo‘ydi-da, o‘sha g‘azabkor ohangda farmon berdi:
Bor, izla, top! Ahvoliga qara! Toza qiynalgan bo‘lsa ko‘chirasola kel shu yerga! Ochdan o‘lmaydi!
Gap kim haqida ketayotganligini anglagan Norbo‘ta itoatkorona bosh egdi-da:
Xo‘p, ota, boraman, dedi. Izlayman, topaman. Lekin endi u echkingiz qishloqqa qaytmas-ov. Shahar ko‘rdi-da…
Ota betoqat qo‘l siltadi.
Qaytmasayam omon yursa bo‘ldi. Qiynalib qolgan bo‘lsa yordam ber. Ukalaringga ayt. Uch-to‘rt so‘m obor.
Norbo‘ta aftini burishtirdi:
Bu yebto‘ymasingizga qancha kerakligini juda yaxshi bilamiz… Nima, bizning pul ishlab chiqaradigan stanogimiz borma? Yo “Neksiya”mizni arendaga berib qo‘yibmizma?..
Shunga qaramay, saharga qadar bir amallab yana ikki yuz ming so‘m pul topildi.
Tongda Norbo‘ta “Qaydasan, G‘oziqul!” deya yo‘lga tushdi.

* * *

Norbo‘ta ertasi kuni kechqurun bola-chaqasiga, ukalaring bolalariga, ota-onasi ikki sumka shirinlik, mayda-chuyda sovg‘a ko‘tarib kelib qoldi.
Odatga ko‘ra, to‘ng‘ich o‘g‘il avvalo otasining yoniga borib, salom berdi.
Hol-ahvol so‘rashuvdan keyin ota Norbo‘taga tik qarab turaverdi. Bu unsiz nigohdagi savolni ilg‘agan to‘ng‘ich o‘g‘il bidirlab ketdi:
E, sharoiti zo‘r ekan! Isiq suv, sovuq suv, gaz. Tok o‘chmaydi. Zo‘r. Kelin bilan G‘oziqul bir-birini sizlab gapiradi… Axiyri otasining ko‘zlari g‘azabdan chaqnab ketganini ko‘rgan Norbo‘ta shosha-pisha izoh berdi: Endi, uylanmasa bo‘lmaydigan bo‘lib qolgan ekan-da… Lekin kelin buni sizlaydi, bu uni… Zo‘r…
Ajabki, o‘g‘il iloji boricha ko‘proq va tezroq, imkon qadar quvnoq ohangda gapirishga urinardi-yu, lekin buni o‘zi istaganchalik eplolmas, ustiga-ustak nuqul ko‘zlarini otasining nigohidan olib qochardi…
Boraver… dedi oxiri ota qo‘l siltab.
Engil nafas olgan Norbo‘ta onasining huzuriga oshiqdi.

* * *

Oradan ikki haftadan ko‘proq vaqt o‘tdi.
Bir kuni Rayimberdi chol nevarasini yuborib, Norbo‘tadan G‘oziqulning adresini so‘rattiribdi. “Xat yozib yuboraman”, degan emish.
Norbo‘ta bir qog‘ozga manzilni yozib berdi.
Ertasi kuni Rayimberdi chol hov bir paytlardagiday, ertalabdan ko‘chalik kiyimlarini kiydi. Keyin pochtaxonaga borib o‘zining va kampirining pensiyasini oldi.
Shundan keyin Rayimberdi cholni bekatda ko‘rganlar o‘zlaricha qariyani tuman markazidagi katta machitga borayapti shekilli, deb o‘ylashdi. Axir kun juma edi-da…
Ammo qariya yo‘lni shahar tomon soldi.

Rayimberdi chol avtobusdan tushgan zahoti oldiga yugurib kelib, eski tanishlardek quyuq salom bergan taksichiga hayron bo‘lib tikilib turdi-da, so‘ng manzil yozilgan qog‘ozni ko‘rsatdi.
Manzilni o‘qigan haydovchi o‘ylanib qoldi. Keyin:
Gadoy topmas joy-ku, ota, dedi. Shaharning narigi chekkasi. Mayli, olti ming bering, oborib qo‘yaman.
Rayimberdi chol kulimsiradi:
Qishloqdan shu yergacha olti ming sarflamadim…
Endi bu yer shahar, otaxon, bo‘sh kelmadi taksichi yigit tilla tishlarini namoyish etib kularkan. Mayli, sizning hurmatingizga to‘rt yarim mingga oborib qo‘yaman. Hurmatingiz bor, otaxon…
Rayimberdi chol ma’qullab bosh irg‘adi.
G‘oziqulning uyi haydovchi aytganchalik juda olisda emas ekan. Ko‘pi bilan yigirma daqiqada yetib kelishdi.
Oqsoqol shoshilmasdan besh qavatli uyning beshinchi qavatiga ko‘tarildi.
Eshikni, darhaqiqat, qorni qappaygan bir juvon ochdi.
Ota salom berdi. So‘ng, juvonning o‘ziga chaqchayib qarab turganini ko‘rgach:
Men G‘oziqulning otasiman, dedi xijolatomuz jilmayib.
Juvon shosha-pisha salom berdi va o‘rdakdek lapanglagan ko‘yi ichkariga kirib ketarkan, yo‘l-yo‘lakay:
G‘oziboy aka! Qishloqdan, deya ovoz berdi.
Ichkaridan maykachan, kalta ishton kiygan G‘oziqul yugurib chiqdi.
Ota-bola quchoqlashib ko‘rishishdi.
Odmigina, devorga yopishtirilgan gul qog‘ozlari ko‘chib tushgan xona. Burchakda ikki kishilk divan. O‘rtada mo‘jazgina xontaxta. Shu xontaxtaga boyagi juvon harsillab-pishillab kelib dasturxon tuzagan bo‘ldi. Buni ko‘rib Rayimberdi chol xijolat chekdi.
Dasturxonga ota olib kelgan mayiz, konfet, pechene, hattoki qishloq nonlaridan ham qo‘yilganiga qaraganda…
Bu orada hol-ahvol so‘rashishlar tugadi.
O‘zingning ishing qanday, bolam? deb so‘radi ota asta.
Bu so‘roqda nechukdir iztirob va ayni paytda hadik ham borday edi. Ammo otasini ostonada ko‘rgan zahoti qo‘rqib ketgan G‘oziboy buni ilg‘amadi va odatiga ko‘ra kekirdagiga zo‘r berdi:
Ishlar “besh”, ota! Nasib qilsa bir-ikkita ishlar bitay deb turibdi. Qo‘limga katta pul tushadigan. Ana o‘shandan keyin maza qilib yashaymiz. Katta bir hovlini mo‘ljallab yuribman, o‘shani sotib olsam, enam bilan sizni ham ko‘chirib kelaman. Hammamiz tugal bo‘lib…
Ota indamay dasturxonga qarab o‘tiraverdi. Faqat zehn solib qaragan odamgina qariyaning rangi yanaga qorayib ketganini, ko‘zlariga alam yoshi inganini payqab olardi. Lekin G‘oziboy ba’zan hatto o‘zi ham mutaassiblarcha ishonib qoladigan havoyi rejalarini bayon qilib berish bilan ovora edi.
Ehtimol, hammasi odatga ko‘ra shu bilan tugashi ham mumkin edi. Ya’ni, o‘g‘il og‘iz ko‘pirtirib maqtanadi, ota ezilib, iztirob chekib uyga qaytadi…
Ammo kutilmaganda…
Kutilmaganda oraga boyagi, xona bilan oshxona o‘rtasida o‘rdakdek lapanglab yurgan juvon aralashib qolsa bo‘ladimi!
Buni hech kim, ayniqsa ota kutmagandi!
Voy, voy, voy, dedi juvon masxaraomuz ohangda. Qanaqa hovli, bizam bilsak bo‘ladlimi? Mosh sig‘magan orqangizga loviyani tiqib nima qilasiz?
O‘chir… ing! dedi ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketgan, rangi quv o‘chgan G‘oziqul tishlari orasidan.
Endi o‘chirmayman! dedi juvon shartta. Sizning yolg‘on gaplaringizga uchib, shuncha pisib yurganim yetar!
Mutlaqo tuyqusdan Rayimberdi cholning ko‘nglidan “Bular rostdanam bir-birini “siz”larkan”, degan fikr o‘tdi. So‘ng esa birdan sergak tortdi.
Bo‘ldi! derdi bobillab juvon. O‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim! Otam qirq yillik rais, yiqqanining o‘zi yotib yesak qirq yilga yetadi, degandingiz! Akamning ikkita mashinasi bor, degandingiz, keldi, ko‘rdik akangizni ham! Og‘zidan siz ikki yil burun sotib yuborgan “Neksiya” tushmaydi. Qishloqda bir suruv qo‘yim bor degandingiz. Men bo‘lsam shu holimda, juvon qappayib turgan qorniga ishora qildi, kartishka bilan karamdan boshqa narsani ko‘rmayman. Ertaga bolangiz bir narsa bo‘lib tug‘ilsa, bilib qo‘ying, ikki qo‘lim yoqangizda ketadi… Oltin tog‘lar va’da qilgandingiz, o‘zingizning bo‘lsa bitta kichkina to‘y qilishga qurbingiz yetmadi… Nima, to‘rt bolali bo‘lganimda qilasizmi o‘zingiz va’da qilgan katta to‘yni?.. O‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim-ku! Sharmandai sharmisor qildingiz-ku ota-onamning, qarindosh-urug‘larimning oldida! Hech vaqoyingiz yo‘q ekan, hech bo‘lmasa ularning oldida tilingizni tiyib yursangiz bo‘lmasmidi! Nima qilasiz qop-qop va’dalar berib. Va’dani siz berasiz, mazaxga men qolaman…
Juvon izillab yig‘lab yubordi.
Adoyi tamom bo‘lgan, sholg‘omi chiqib ketgan G‘oziqul yerga qarab qoldi.
To‘satdan Rayimberdi chol ohista yo‘taldi. So‘ng favqulodda xotirjam ovozda, juda ham sokin bir tarzda asta-sekinlik bilan kelinini gapga tutdi va o‘zini qiynab kelgan ba’zi savollariga qisman bo‘lsa-da javob oldi.
Darhaqiqat, G‘oziqul mashina yutib olganidan keyin uni yuvishga, maishatga shu qadar zo‘r berganki, oxir-oqibat bo‘ynigacha qarzga botib, mashinani sotishga majbur bo‘lgan. Keyin “Matiz” mashinasini ijaraga olib, taksichilik qilib kun ko‘rmoqchi bo‘lgan. Ammo haydovchilik guvohnomasi yo‘qligi bois, mirshablarga tushaverib bor-budidan ham mahrum bo‘lgan.
Qishloqqa haydab borgan ko‘k “Jiguli” esa, ota gumon qilganiday, birovniki, to‘g‘rirog‘i, kelinning ukasiniki ekan…
Kelinning ismi Hilola ekan. U tibbiyot kolejida o‘qib yurganida G‘oziqul bilan tanishib qolganu, uning qop-qop va’dalariga uchib…
Kelin ho‘ngrab yig‘lab yubordi:
Bir oy bo‘ldi, ostona hatlab ko‘chaga chiqolmayman. Qarz so‘rayverib, qo‘shnilarni bezor qilib yuborgandik. Endi ularni qaytarish kerak. Qaysi pulga? Do‘xtir bo‘lsa “Toza havoda sayr qil”, deb urishadi meni. Ko‘chaga chiqsam, qo‘shnilarning ta’na-malomatidan havo ichimga zahar bo‘lib quyiladi… Uyda yuragimni hovuchlab o‘tiraman. Eshik “tiq” etsa qaltirab qolaman. Qaynog‘am kelgan kuni, kelin Norbo‘tani nazarda tutayotgandi, uyning egasi kelib bir janjal qildi, bir janjal qildi. Uch oylik ijara pulini to‘lamagandik. Haliyam o‘g‘lingizning yonida puli bor ekan, borini chiqarib berdi…
Rayimberdi chol o‘g‘liga savolomuz qaradi.
Biroq G‘oziqul boshini yerdan ko‘tarmasdi.
Uning o‘rniga ham o‘ksinib hiqillayotgankelin javob berdi:
Uymi? Uyda ijaraga turamiz? Bu kishim qaysi puliga olsin uyni? Bu kishiniki faqat og‘izda…
G‘oziqul sakrab o‘rnidan turdi va “tars-turs” yurgancha ayvonga chiqib ketdi.
Kelin yana izillab yig‘lashga tushdi.
Ota bosh egib qoldi…

* * *

Rayimberdi ota ertalab yonidagi bor pulini kelinning qo‘liga tutqazdi, o‘ziga faqat yo‘lga yetadigan pul qoldirdi, xolos.
Shu kuni peshindan keyin ota qishloqqa kirib keldi.
Vahimaga tushgan o‘g‘illar ona boshchiligida uy yonida turishgan ekan.
Otaning qayerdan kelayotganligi ayon edi…
Rayimberdi chol bir hafta-o‘n kun pul izladi, uch o‘g‘liga do‘q urdi, po‘pisa qildi, hovlidagi qo‘y-mollardan sottirdi, ishqilib, bir milliondan ko‘proq pul yig‘di. Yana to‘rt yuz ming so‘mcha pul qarzga topildi.
Xullas, Norbo‘ta borib, kelinning qo‘liga bir yarim million so‘mni berib keldi.
Ota talabiga ko‘ra, Norbo‘ta G‘oziqulni qishloqqa ko‘chib kelishga rosa undagan. Ammo “shahar ko‘rgan echki” bo‘lmish G‘oziqul bo‘y bermagan. Hamishagiday:
Yaqinda ishlarim “besh” bo‘lib ketadi. Ana o‘shanda qishloqqa “Mersedes” minib boraman, deb turib olibdi.
Kelin esa ochiqdan-ochiq:
Qishloqqa bu ahvolda borishga uyalaman, debdi.

* * *

Rayimberdi ota yanada cho‘kdi.
Farzandlar uni shifoxonaga olib borishdi.
Ota tuman shifoxonasida qiynalib jon berdi… To so‘nggi soniyaga qadar otaning tobora nursizlanib borayotgan ko‘zlaridan yosh arimadi…
Har nechuk, yuborilgan odamlar G‘oziqulni topib kelishdi.
G‘oziqul akalari qatori bel boylab, aso ushlab “Voy, otam”lab turishga yaradi.
Mayitni joylab kelishganidan so‘ng Norbo‘taning uyida bir g‘unajin so‘yilib, ovulning oqsoqollariga bir kosadan sho‘rva berildi.
Hayot shafqatsiz. Odamlar ham.
Balki bunda bir hikmat bordir, har nechuk, qabristondan qaytgan odamlar marhum haqida emas, ko‘proq kundalik tirikchilik tashvishlari haqida gaplashishardi.
E, ishlar bilan bo‘lib sal kechikib qoldim-da, deb qoldi bir payt G‘oziqul sal balandroq ovozda. Ko‘pchilik u tomonga “yalt” etib qarashdi. Bo‘lmasa keyingi juma yumshoqqina “Mersedes” mashinasida kelib, otam bilan enamni Buxoroga, ziyoratga olib borib kelmoqchiydim. Og‘aynilarga tayinlab qo‘ygandim. Barisi tayyorgarlik ko‘rib, kutib turishgandi…
Nechukdir bu gaplardan so‘ng xonaga o‘lik sukunat cho‘kdi. Oqsoqollardan ko‘pchiligi allanimadan xijolat chekkanday bosh egib, dasturxon popugidan ko‘z uzmay o‘tirishardi.
Shu “Mers”ni o‘zim olmoqchiman, deya gapida davom etdi G‘oziqul. Yaqinda bir katta ish qildim, qo‘limga katta pul tushadigan. “Ko‘k”idan…
Norbo‘ta avval tomoq qirdi. So‘ng alaqanday jerkigan ohangda:
Uka, deb chaqirdi.
G‘oziqul sergak tortib shu tomonga qaradi.
Seni so‘rashayotgandi, dedi Norbo‘ta tashqariga ishora qilib.
Shu yerdayam topib olishadi-ya, dedi iljayib G‘oziqul shoshib o‘rnidan turarkan.
Norbo‘ta ukasi bilan izma-iz chiqdi.
U yoqda, dedi u G‘oziqulga do‘ng ortini ko‘rsatib.
G‘oziqul hayron bo‘lib shu tarafga yurdi.
Norbo‘ta ukasining ortidan keldi. Uning qo‘lida bir tuguncha bor edi.
Mana, dedi u tugunchani ukasining qo‘liga tutib. Bu yerda ikki yuz ming. Otam oxirgi kunlari tildan qoldi. Agar gapirganida shunday vasiyat qilishi aniq edi. Shaharga bor. Kelinning ko‘zi eson-omon yoriganidan keyin qishloqqa ko‘chib kelinglar. Ana joy, ana uy. Biz ham qarab turmaymiz. Xohlasang fermerligimni ol. Endi shaharda uytib yurish senga yarashmaydi…
Aka, siz tushunmayapsiz-da, yaqinda ishlarim “besh” bo‘lib ketadi…
Ammo Norbo‘ta ukasini gapirtirgani qo‘ymadi. U qo‘li bilan qishloq o‘rtasidagi bekatga ishora qildi.
Hozir esa bor. Yarim soatlardan so‘ng avtobus o‘tadi. Shaharingga jo‘na. Negadir hozir seni ko‘rgim kelmayapti… Hozir ketsang, hammamizga yaxshi bo‘ladi… Keyingi bozor xudoyi qilamiz. Kelsang yaxshi bo‘ladi…
Kelaman, dedi hovliqib G‘oziqul. Albatta kelaman…
G‘oziqul tugunni bag‘riga bosgancha, akasining fikridan aynib qolishidan cho‘chiganday bekat tomon tez-tez yurib ketdi.

G‘oziqul yakshanba kuni xudoyiga kelolmadi. Bir talabadan “Zarur ishim chiqib qoldi. Lekin tez orada “Mers”da boraman”, deb aytib yuboribdi…