Adirda o‘tlab yurgan mollarga Avaz qarab turadigan bo‘lgach, bolalar chuvillab tepalikka ko‘tarilishdi.
Sobir beliga bog‘langan arqonni yechib, sarg‘aygan maysalar ustiga uzun qilib tashladi. Qolganlar mana shu o‘ziga xos start chizig‘iga yumalatib kelingan traktor balonlari ichiga Usmon bilan Eralining joylashib olishiga ko‘maklashishdi.
Sobir bir qo‘lini yuqoriga ko‘tarib buyruq berdi:
– Diqqat! Ko‘zni yumish yo‘q. Bir, ikki, uch… yetti… Ketdi!
Balonlar kuch bilan quyiga yumalatib yuborilgach, bolalar baqir-chaqir bilan ularning ortidan chopishdi.
Yo‘lidagi do‘ngchalarga, toshlarga urilib, sakrayotgan balonlarning tezligi tobora oshib borardi. Ularning ichida g‘ujanak bo‘lib ketayotgan, ko‘z oldilarida yeru osmon shiddat bilan aylanayotgan Usmon bilan Eraliga havas qilib bo‘lmasdi.
Nihoyat balonlar yalanglikka tushib kelgach, tezligi pasaydi, chayqalib, maysalar ustiga quladi. Ularning ichidan Usmon bilan Erali gandiraklab chiqib kelishdi. Biroq hali sinov tugamagan edi. Sobir arqonni yana yerga tashladi:
– Yetti qadam. To‘g‘ri o‘tgan yutadi. Boshladik!
Turgan o‘rnida chayqalib ketayotgan Usmon arqonni bosib yura boshladi, Erali unga ergashdi. Bolalar g‘ala-g‘ovur bilan dalda berishardi:
– Bo‘l!.. Oz qoldi, Usmon!.. Oldinga qara, Erali!..
Arqonning yarmiga yetganda Usmon gandiraklab, bir tomonga surilib ketdi, oyog‘i chalishib, yerga o‘tirib qoldi. Bolalar afsuslanib g‘uvranishdi:
– Eh-h… Yetay deganding-a!..
Erali qiynalib bo‘lsa ham to‘g‘ri yurishda davom etdi. Nafasi ichiga tushib ketgan bolalar endi unga diqqat bilan qarab turishardi. Axiyri Erali arqonning oxiriga yetib keldi, hansirab, chuqur nafas olgach, engashib, qo‘llarini tizzasiga tiradi. Bolalarning shodon hayqiriqlari yangradi:
– Qoyil!.. Dorboz bo‘lib ket-e!
Jahldan rangi ko‘karib ketgan Usmon jo‘raboshiga im qoqqandi, buni tushungan Sobir darhol qo‘lini ko‘tardi:
– Jim! Hali o‘yin tugamadi! Bu birinchi tur edi.
– Qanaqasiga? – hayron bo‘lib so‘radi Tursun.
– Shunaqasiga! Ikkinchi tur Ajinako‘prikda!
Buni eshitgan Eralining seskanib ketganini zimdan kuzatib turgan Usmon mamnun bo‘lib, o‘rnidan turdi.
– Mayli, ketdik emasa.
Erali dovdirab qoldi:
– Yo‘q… men bormayman. Biz… biz bunga kelishmagandik.
Sobir o‘z bilganida turib oldi:
– Kelishgandik. Quloqni tozalab yurish kerak, jo‘ra!
Erali atrofga nochor alangladi:
– Men… molga qarashim kerak.
Usmon adirda tayoqqa suyanib o‘tirgan bolakayga qarab qichqirdi:
– Avaz!
Avaz kaftini soyabon qilib shu tarafga o‘girildi:
– Nima deysiz?
– Yana bir soat qarab tursang, “kola”ga qo‘shib ikkita morojniy ham oberaman.
Avaz xursand bo‘lib joyida irg‘ishladi:
– Qog‘ozga o‘ralganidanmi?
– O‘ralganidan.
– Bo‘pti!
Sobir Eraliga qaradi:
– Mana, masala hal bo‘ldi. Endi borasan-a?
Esankirab qolgan Erali zo‘r berib jo‘yaliroq sabab qidirardi:
– E, yo‘q… men… haligi…
– So‘qishda qochish bo‘lmaydi, jo‘ra, mard bo‘lsang oxirigacha turib ber, – nasihatomuz ohangga o‘tgan jo‘raboshi to‘satdan bolalarga keskin buyruq berdi: – Oldik!
Navbatdagi musobaqa zavqini o‘ylab hayajonga tushgan bolalar jon-jahdi bilan qarshilik ko‘rsatishga urinayotgan Eralini tog‘ tomonga sudraklab olib ketishdi.
Bir zamonlar, aniqrog‘i bundan yarim asrcha muqaddam hashar yo‘li bilan tog‘ yonbag‘ridagi keng va chuqur jarlik ustiga yog‘och-taxtalardan omonat osma ko‘prik qurilgan. Vaqt o‘tishi bilan yog‘ochlari chirib, arqonlari quruqshab-mo‘rtlasha boshlagan ko‘prik har Yilboshida oqsoqollar rahbarligida amal-taqal ta’mirlab qo‘yilardi. Biroq o‘n besh yilcha bo‘lib qoldi, besh-olti chaqirim pastga zamonaviy temir-beton ko‘prik qurildiyu, bunisiga ehtiyoj qolmadi. Tubsiz jar ustida lopillab qolgan, taxta-yog‘ochlarini o‘t-o‘simlik bosgan, shamol esgan mahallari ojizona g‘iyqillab qo‘yadigan ko‘prik kattalarga bolalarni qo‘rqitish vositasi bo‘lib qoldi: “U tomonga borma, ajinalar bor… Ajina yig‘lab chaqiradi-da, keyin seni aldab olib ketib qoladi…” va hokazo. Alaloqibat unut ko‘prik shu vahimali gap-so‘zlarga mutanosib tarzda “Ajinako‘prik” deb atala boshlandi.
Mana shu ko‘prik yonida gerdaygan Usmon bilan rangi quv o‘chgan Eralini qoldirgan bolalar ikki-uch qadam ortga chekinishdi.
– Diqqat! – e’lon qildi Sobir. – U boshiga birinchi bo‘lib borib kelgan yutadi! Bir, ikki, uch… yetdi… Ketdi!
Usmon birinchi qadamini qo‘ygan palladayoq ko‘prik vahimali lopillab ketdi. U ehtiyotkorlik bilan yurishda davom etarkan, ortiga o‘girilib, Eraliga mazaxomuz qaradi:
– Marhamat, o‘rtoq!
Ko‘zlari olayib, peshonasiga sovuq ter toshgan Eralining noiloj ko‘prikka qadam qo‘yganini ko‘rgan Usmon atay chayqalib ketganday bo‘lib, ko‘prikni qattiqroq lopillatdi. Qo‘rqayotganini sezdirmaslikka uringan ko‘yi ikkinchi, keyin uchinchi qadamini bosgan Erali beixtiyor quyiga qaradiyu, tubsiz jarni ko‘rib, boshi aylanib ketdi.
Tursunali qo‘llarini ko‘vacha qilib baqirdi:
– Jo‘ra, pastga qarama! Qarama pastga…
Erali shoshib boshini ko‘tarib o‘ziga hamon mazaxomuz tikilib turgan raqibini ko‘rgach, omonat ko‘prik chetidagi arqondan mahkam ushlagancha yurishda davom etdi.
Qadamini tezlashtirgan Usmon Erali masofaning yarmiga yetganida ko‘prikni yanada qattiqroq lopillatib yubordi. Yiqilib tushishiga bir bahya qolgan Erali jon holatda cho‘kkalab o‘tirib qoldi, arqonga yopishib, dahshat og‘ushida quyiga qaradi.
Bolalar chuvillashdi:
– Yutqazdi!.. Yutqazdi!.. Tur!.. Pastga qarama…
Erali o‘rnidan turishga urindi, ammo oyoqlari qaltirab, buni eplolmadi. Bu orada jarning narigi labiga borib qaytayotgan Usmon uning yonida to‘xtab, engashdi-da, nafrat va g‘azab bilan, tishlari orasidan shivirladi:
– Agar yana bir marta Nafisaning oldida ko‘rsam, o‘liging shu yerda qoladi! – Shu tahdiddan keyin u jilmayib, qo‘lini uzatdi, baland ovozda so‘radi: – Yordamlashvoraymi, o‘rtoq?
Erali qo‘lini cho‘zgan mahal Usmonning keskin harakati bois ko‘prik yana lopilladi. Usmon darhol qo‘lini tortib olib, atrofga alangladi va vahima bilan dedi:
– Yog‘ochlari chirib ketibdi. Ikki kishini ko‘tarolmaydi-yov.
Usmon chaqqonlik bilan Eralining yonidan sirg‘alib o‘tdi va bolalarning shovqinli daldalari ostida ildam yurib ko‘prik boshiga, joylarida sakrab “Ura!” deb baqirayotgan bolalar yoniga keldi.
Sobir Usmonning qo‘lini baland ko‘tardi:
– Usmon yutdi!
Bolalar jo‘r bo‘lishdi:
– Usmon yutdi!.. Yutdi!.. – Kimlardir mag‘lub tomonni mazaxlashga o‘tdi: – Erali – qiz bola! Qiz bola!..
Sobir qo‘lini ko‘tarib, hammani jim qildi:
– Qizlarni haqorat qilmanglar! Men aniq bilaman, bu ko‘prikdan qizlaram bemalol o‘tadi! Ikkita otni ko‘taradi bu…
Tursunali jahl bilan jo‘raboshining gapini bo‘ldi:
– Bo‘ldida-ey endi! – So‘ng Eraliga o‘girildi: – Erali, qayt endi.
Sobir mag‘lubning ustidan kulishda davom etdi:
– Yo yordamlashvoraylikmi, jo‘ra?
Erali arang javob qaytara oldi:
– Yo‘q… o‘zim…
Usmon ko‘zoynagini to‘g‘rilab olib, baland ovozda e’lon qildi:
– Mendan hammaga morojniy! Ikkitadan!
– Ure-e-e!.. Ketdik!
Bolalar Usmon boshchiligida pastga chopishdi. Yolg‘iz o‘zi ko‘prik o‘rtasida qolgan Erali shuncha qaramayman desa ham baribir tubsiz jardan nigohini uzolmas, nimadir, irodasidan, ong-shuuridan ham kuchliroq bir kuch uni pastga chorlayotgandek, avrab-imlayotgandek, mudhish xotirani ko‘z o‘ngida namoyon qilayotgandek edi.
O‘shanda kuz edi. Namozshom palla ota-bola to‘ydan qaytishdi. Tog‘ yonbag‘riga yaqinlashganlari mahal izg‘irin shamol esib, ko‘kda momoqaldiroq gumburladi. Qashqa hurkib ketdi. G‘ani aka jilovni tortib, uni tinchlantirishga urindi:
– Ha, jonivor-a… O‘zi shu to‘yga oyog‘im tortmagandi-ya…
To‘satdan jala quyib berdi. Ota-bola birpasda ivib ketishdi. Tishlari takillayotgan Erali bazo‘r gapira oldi:
– Oz qoldi, ota.
G‘ani aka toqqa tomonga tashvishlanib qarab qo‘ydi:
– Ishqilib, ko‘chki-po‘chki kep qolmasin-da… Yo‘lni kesib chiqmasak bo‘lmaydiganga o‘xshaydi, ulim.
Chaqmoq chaqdiyu, uning bir lahzalik yorug‘ida tog‘dan shiddat bilan tushib kelayotgan qora ko‘chki ko‘rindi. G‘ani aka vahimaga tushib:
– Erali, mahkam ushla! – deya baqirgancha otiga qamchi bosdi: – Chu! Chu, jonivor!..
Erali otasining belidan quchoqlab oldi. Qashqa sirpanchiq yo‘lda yelib ketdi. Navbatdagi chaqmoq yorug‘ida ko‘chki ancha yaqinlashib qolgani ko‘rindi. To beton ko‘prikka qadar yetib borolmasliklari ravshan edi.
– Ajinako‘prikdan o‘tamiz! – degan qarorga keldi G‘ani aka. – Meni mahkam ushla!
Erali: “Ota!” – deyishga ulgurdi, xolos. G‘ani aka Qashqani ko‘prik tomon qayirib, qamchi urdi.
Ot Ajinako‘prikka yetib kelgan mahal birdan to‘xtab, ayanchli kishnadi, ikkala oyog‘ini yuqoriga ko‘tardi. G‘ani aka Qashqani bosh-ko‘zi aralash ayovsiz qamchilayverdi:
– Chu! Chu deyman!
Bu zarbalarga chiday olmagan ot o‘zini Ajinako‘prikka otdiyu, lopillayotgan osma ko‘prikdan toyib-surinib o‘tayotib, narigi qirg‘oqqa yetay degan mahal munkib ketdi. G‘ani aka Qashqadan uchib ketguday bo‘lgan Eralini jon-jahdi bilan ushlab qoldi. Ot gavdasining bir qismi pastga, tubsiz jarga osildi.
Erali chinqirib yubordi:
– Ota!
– Hozir, bolam, hozir. Qo‘rqma! Faqat sen qo‘rqma!..
G‘ani aka Qashqaning gavdasi tobora jar tomon siljib borayotganini ko‘rib-sezib turardi. Shu bois ota jon alpozda Eralining bilagidan changallab, uloqni raqibidan tortib olganday o‘rnidan yulqib oldi va qirg‘oqqa qarab otdi:
– Yo pirim!..
Erali loy qirg‘oqqa uchib kelib tushdi. Biroq bu harakat otning gavdasi yanada ko‘proq jar tomonga osilishiga sabab bo‘ldi. G‘ani aka oyog‘ini uzangidan chiqarmoqchi bo‘ldi, ammo ikkinchi oyog‘ini Qashqaning gavdasi bosib qolganini ko‘rib urinishi benaf ekanini sezdi.
G‘ani aka momoqaldirog‘u chaqmoq ovozlarini bosguday bo‘lib baqirdi:
– Qoch, bolam! Qirg‘oq o‘pirilib ketadi! Qoch…
Qashqa gavdasini tutib turolmadi: tubsiz jarga quladi. Otga qo‘shilib G‘ani aka ham pastga uchdi.
Otaning tobora susayib borayotgan ovozi eshitildi:
– Qoch, bolam…
Nogoh chaqmoq chaqdi va Erali dahshat ichida ko‘zlari olayib quyiga shiddat bilan uchib borayotgan, ammo hamon zo‘r berib o‘g‘lini xavfdan qutqarishga urinib baqirayotgan otasini aniq-tiniq ko‘rdi.
– Ota-a-a!..
Hamon osma ko‘prik o‘rtasida, qalt-qalt titragancha cho‘kkalab o‘tirgan, baayni qandaydir afsun izmida tubsiz jardan ko‘z uzolmayotgan Eralining quloqlari tagida “Ota-a-a!..” degan sado yangradi. Hatto mana shu sadoda ham o‘smirni jarlikning tubsiz qa’riga, padari huzuriga chorlovchi makkorona ohanglar bordek edi. Bu istak, bu xohish asta-sekinlik bilan uning butun qalbini, ongini o‘rgimchak to‘ridek egallab kela boshlagan sayin o‘zni quyiga otmoq, hammasidan bir yo‘la qutulmoq, hammasiga bir yo‘la qo‘l siltab ketmoq, hammasidan bir yo‘la mosuvo bo‘lmoq va ayni paytda barisiga birdaniga erishmoqlikdek g‘ayritabiiy, ehtimolki, qalbning qay bir olis puchmog‘ida, ong ostida g‘imirlab qolgan, qo‘rquv-vahimaga asoslangan ahd serhosil zaminga tushgan urug‘dek nish urib, barg chiqardi, oniy soniyalarning o‘zida hosil ham bera boshladi. Bir qadam va hattoki qadam ham emas, o‘zi jon-jahdi bilan changallab olgan chirik arqonni qo‘yib yuborib, salgina surilsa bas, jar uzra bor-yo‘g‘i bir necha lahzalik parvoz va so‘ng hammasidan qutuladi… Hammasidan! O‘, bu balkim qanchalar manfur istak bo‘lib ko‘rinar, ammo uning makriga, jilosiga dosh bermoqlikning o‘zi bo‘ladimi?.. O‘smirning arqonni mahkam changallagan qo‘llari o‘z-o‘zidan bo‘shasha boshladi va ayni shu lahzada qaydandir boshqa bir, xavotirga to‘la tanish ovoz eshitilganday bo‘ldi: “Qo‘rqma! Faqat sen qo‘rqma!..” Ha, bu G‘ani chavandozning – otasining ovozi edi. O‘zining jonini berib, uning jonini qutqargan otasining ovozi edi. Ovoz tobora kuchayardi. “Faqat sen qo‘rqma!” Bu tiriklikka chorlov edi. Baayni quyosh nurlari quyuq tumanni tarqatib yuborganday, akashak bo‘lib qotib qolgan qo‘l-oyoqlariga asta-sekin jon baxsh etgancha jumlai jahonda faqat shu xavotirli chorlovgina qoldi. Ovoz quloq pardalarni teshib yuborguday darajaga yetganida Erali ortiq chiday olmadi: ho‘ngrab yig‘lagancha najotkor qirg‘oq tomon emaklarkan, ko‘z yoshlariga g‘arq bo‘lgan ko‘yi tinmay nola qilardi:
– Ota… otajon…
* * *
Bo‘yniga durbin osib, qo‘ltig‘iga albomini qistirib olgan Erali qishloq yo‘lida tonggi shabadada eti junjikibgina xayol surib ketayotgandi, kutilmaganda qarshisidan o‘roq tutgan sinfdoshi Nafisa chiqib qoldi. Salom-alikdan so‘ng qiz odatdagi:
– Yo‘l bo‘lsin? – savolini berdi.
– Bir joyga boryotgandim. Xohlasang, seniyam oboraman, – shoshib javob qaytardi Erali.
– Qayerga, bilsak bo‘ladimi?
Erali aniq javobdan o‘zini olib qochdi:
– Aytsam, qizig‘i qolmaydi-da.
Qiz qo‘lidagi o‘roqqa ishora qildi:
– O‘t o‘rib kelishim kerak.
– Keyin o‘zim yordamlashvoraman.
– Hm-m… – Nafisa bir zum o‘ylanib qoldi, keyin Erali qo‘ltig‘ida tutib turgan albomga ishora qildi: – Xotira daftarimi?
– Shunga o‘xshashroq, – mujmal javob berdi Erali.
– Ko‘rsatsang, boraman.
– Ko‘rsataman, – va’da berdi Erali. – Faqat borgan yerimizda. Yur, Nafis.
– Mayli…
Kunbotar tarafda, qishloq hududidan narida kichikroq aerodrom joylashgandi. Erali qizni o‘sha yoqqa boshladi.
Ikkovlon aerodrom chekkasida, tizza bo‘yi o‘t-o‘lanlar orasiga yotib olib kichik samolyot bilan vertolyotlarni rosa tomosha qilishdi. Erali albomiga samolyot rasmini chiza boshladi. Qizning qo‘lidan durbin tushmasdi:
– Vuy, zo‘r ekan!
Erali ma’qulladi:
– Zo‘r, zo‘r…
Nafisa albomga qaradi:
– Hammasini o‘zing chizganmisan?
– Yo‘q, jurnallardan olinganlariyam bor.
Erali albomni varaqlab ko‘rsatdi. Uning sahifalariga gazeta-jurnallardan qirqib olingan samolyotlar, vertolyotlar fotosuratlari yopishtirilgan. Ko‘plab sahifalarda esa rangli qalamlar, bo‘yoqlarda chizilgan rasmlar. Erali shavq bilan samolyotlar haqida bilganlarini gapira boshladi.
To‘satdan albom sahifasiga soya tushdi. Erali ajablanib boshini ko‘tardi. Ellik yoshlardagi, qorni to‘ntarilgan qozonday semiz, yuzi oftobda qorayib ketgan, sochi taqir olingan, keng shlyapa kiygan shopmo‘ylov Farmon fermer o‘z ko‘zlariga ishonmayotganday bolalarga ochgan og‘zini yopolmasdan, ajablanib qarab turardi.
– Hoy, bu nima qilganlaring, a? – nihoyat zabon bitdi fermerga. – Kuppa-kunduzi-ya!
Erali bilan Nafisa ilkis o‘rinlaridan turishdi.
– Uyat-puyat bormi o‘zi senlarda? – Farmon fermer qizning g‘ijim ko‘ylagiga shubhalanib qaradi. – Rosa, a…bir-birlaringni, a…
Erali tushuntirishga urindi:
– Farmon aka, biz…
– Gapirma-e, badbaxt! – o‘shqirib berdi fermer. – Hammasi ko‘rinib turibdi-ku. Sen bolani tanidim, rahmatli G‘ani chavandozning ulisan! Bu qilig‘ingni ko‘rib, otang go‘rida tik turgandir o‘ziyam…
– Farmon aka…
– Gapirma, dedim! Gapirma-e! Basharangga sovoraman! – Eraliga musht o‘qtalib qo‘ygan fermer endi Nafisa diqqat bilan tikildi. – Sen… sen kelbatingdan Soliha momoning nevarasiga o‘xshab turibsan. Hozir to‘ppa-to‘g‘ri momomning oldiga boraman-da, ustlaringdan chiqib qolganimni aytib beraman… O‘ziyam teringga somon tiqar, uyatsiz! Shu yoshingda ersirab qoldingma, a?
Bu gapni eshitib, yuzi lovullab ketgan Nafisa bir lahza kalovlanib-angrayib qoldi, keyin ho‘ngrab yig‘lab, kaftlarini yuziga bosgancha qishloq tomon chopib ketdi.
Qiz ortidan qarab qolgan Farmon fermer mamnun ishshaydi:
– Qo‘rqib ketdi. Aybi bor-da, aybi. – U Eraliga o‘girildi. – Qani, G‘ani jo‘ramning uli, gapir-chi, pana-panada shuytib yuribsan ekan-da, a?
– Farmon aka…
– Gapirma, dedim! Gapirma-e! Og‘zingni ochsang sovoraman! Hozir tuvri milisaga boraman-da, barisini aytib beraman. Keyin nima bo‘ladi? – Fermer barmoqlarini panjara qilib ko‘rsatdi. – Tuvri mana bu yerga opketishadi! U yerda senga o‘xshaganlarni nima qilishlarini eshitganmiz, ha, eshitganmiz.
– Biz axir…
Ammo fermer Eralini og‘iz ochgani qo‘ymasdi:
– O‘chir ovozingni-e! – U maysalar ustida yotgan durbinni qo‘liga oldi. – Bu nima, videoga oladiganmi?
– Yo‘q. Binokl. Durbin.
– Ha. Bilamiz, bilamiz. – Farmon fermer durbinni ko‘ziga yaqin olib borib, qishloq tomonga qaradi. – Hali chopib ketyapti bu enag‘ar. Yomon abjir ekanda buning, a? Momomning oldiga o‘zim bormasam bo‘lmaydi baribir. Bilib qo‘ysin, qo‘ynida ilon asrayotganini.
– Farmon aka. Iltimos…
Fermer durbinni bo‘yniga osib oldi:
– Buni jiyanlaring o‘ynar.
– Olavering…
Farmon fermer yana o‘shqirdi:
– Shu bilan qutulmoqchimisan hali? Sen bola bu yoqqa yur-chi…
Farmon fermer shosha-pisha albom, o‘roqni qo‘liga olgan Eralini g‘alla dalasiga boshlab ketdi. Darvoqe, Erali esladi: aerodromga tutash dala shu kishiga qarashli edi.
Ikki tomonida daraxtlar bo‘y cho‘zgan beton nov bo‘yida dala shiyponi joylashgan. Shiypon yonida chala qurilish: aftidan, alohida oshxona qurilmoqda.
Farmon fermer Eralini tuproq uyulgan xandaq yoniga boshlab kelib, avval bo‘sh paqirlarga, so‘ng beton novga ishora qildi:
– Suvni anov yerdan tashiysan. Loyni shunday qorib tashlaki, xamirday yumshoq bo‘lsin. Ushlagan payting, hi-hi-hi, qiz bolaning chochiday mayin bo‘lsin. Tushunding, a? O‘zim tekshirib ko‘raman.
Erali tuproq uyumiga qaradi. Eh-he… Ammo na iloj.
– Bo‘pti, – dedi u shimining pochasini qayirib, ko‘ylagini yecharkan.
Fermer pisanda qilib qo‘ydi:
– Haliyam otangning hurmatiga indamadim, bola… Bu yaxshiligimni unutmassan…
* * *
Shu bilan Erali yarim kechasi uyga burnidan tortsa yiqilguday ahvolda, qotib qolgan belini ushlagancha bukchayib kirib keldi.
Ona-bola ko‘rpa qavib o‘tirishgan ekan. “Tiq” etsa eshikka qarayotgan Oygul xola sal yengil nafas oldi:
– Voy, bormisan, bolam? Kuni bilan qayoqda eding?
Erali arang gapira oldi:
– Farmon aka… hasharga chaqirgandi. Guvala quyishdim. Shunga…
Barmog‘iga igna sanchib olib, alamini kimdan olishni bilmay turgan Gulzoda tutab ketdi:
– Kallang ishlaydimi sening? Hashar emish! Bu yoqda shuncha ish turgan payti-ya?! Sigiram och qolib, kuni bilan mo‘radi…
Oygul xola qizining gapini bo‘ldi:
– Qorning ochmi, bolam?
Gulzoda battar tutaqdi:
– Oyi, o‘ylab gapiryapsizmi? Hasharga borgan odam qanaqasiga och bo‘ladi? Zakaz somsa bilan oshni ko‘rgandan keyin uyniyam esdan chiqargan-da buningiz. Dalada yurgan moy yutadi, uyda yurgan qon yutadi o‘zi… – Hovli chetidagi molxonaga tutash usti yopiq ayvonga bog‘langan oriq ola sigir ayanchli mo‘radi, unga buzoqchasi jo‘r bo‘ldi. Gulzoda shu tarafga ishora qildi: – Ko‘rdingmi? Shularning uvoli tutadi seni…
Opasining hali uzoq javrashini tushunib turgan Erali shoshib oraga gap qo‘shdi:
– Men hozir, opa. Ikki bog‘ o‘rib qo‘ygandim. Esimdan chiqibdi. Yugurib borib olib kelaman.
Erali qo‘lidagi Nafisaning o‘rog‘i bilan qaytib ketarkan, deraza raxida turgan non bo‘lagini sezdirmasdan olib, cho‘ntagiga soldi. Harna-da.
Oygul xola o‘g‘liga achinib qaradi:
– Bir kun ming kun bo‘lmas, bolam. Ertan boqib kelarsan.
Asabiy Gulzoda oyisini gap bilan qayirib tashladi:
– Siz hadeb erkatoyingizning yonini olavermang! Och sigir sutdan qoladi… Bor, Erali, orqangga qayrilmasdan ketaver. Ovqating ham biroz hazm bo‘ladi…
* * *
Baribir bu “temir qanot”larning boshqacha mehrigiyosi bor-da. Ularni kuzatmaslik, ulardan hayratlanmaslik mumkin emas. Hayotda bitta ignani suvga tashlasang, cho‘kadi-ketadi. Bu yerda esa tonna-tonna temir hech zo‘riqmasdan, ukpar misoli havoga ko‘tariladi, bulutlar bag‘rida sayr etadi. Mo‘jiza emasmi bu? Inson aql-zakovati cho‘pchakni haqiqatga aylantirishining isboti emasmi bu?.. Shularni boshqarayotgan odamlarning ham armoni bormikan?..
Erali aerodrom chekkasida, tizza bo‘yi o‘t-o‘lanlar orasida yotib olgancha samolyot-vertolyotlarni havas bilan tomosha qilarkan, albomiga ularning rasmini chizishga urinadi.
Aerodrom biqinidagi g‘alla dalasiga yaqin joyda yalang o‘tloqqa arqonlab qo‘yilgan sigiri bir siltanganida qoziq yerdan sug‘urilganiniyu, sigir g‘alla dalasiga shoshganini mashg‘ulotiga berilib ketgan Erali ko‘rmay-sezmay qoldi. Ammo tasodiflar zanjiri bugun o‘smirga qarshi ishlayotgandi. Kun issiqligiga qaramasdan qora kostyum-shim kiygan, enli bo‘yinbog‘ taqqan vakil qora xizmat mashinasining ort o‘rindig‘ida chang va terga botib kelayotgan mahali bug‘doyga tushgan sigirni ko‘rib qoldi-ku! Vakilning ko‘zlari kosasidan chiqib ketguday bo‘ldi. Bu nima degan gap axir?
– To‘xtat-chi.
Mashina to‘xtadi. Vakil shoshmasdan mashinadan tushib, cho‘ntagidan yondaftarcha bilan ruchkasini chiqardi. Bu issiqda dala boshiga vakildan boshqa kim ham kelardi? Mashhur mashinani ko‘rgan zahoti Farmon fermer dala shiyponidan oyog‘ini qo‘liga olib chopib keldi. Yuzidan duvillab ter quyilayotgan, harsillab nafas olayotgan fermer ikkala qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha, nim egildi:
– Assa…
Vakil dalaga ishora qildi:
– Senikimi?
Fermer vakil ko‘rsatgan tomonga qaradi va bug‘doy ichida bemalol yurgan sigirni ko‘rib, jinoyat ustida qo‘lga tushganday tipirchilab qoldi:
– Yo‘q-yo‘q, o‘lipmanmi endi, upolnomochen akajon. Bu…
Vakil yana fermerning gapini bo‘ldi:
– Qaysi vallomatniki bo‘lsayam go‘shtga topshirib yubor! Kechqurun lichno o‘zimga dolojit qilasan!
Farmon fermer yanayam egildi:
– Xo‘p bo‘ladi, upolnomochen akajon!.. Keling, bir piyola…
Fermerning gapi uchinchi marta keskin bo‘lindi:
– Bu qaysi kontur?
– Yetmish ikkinchi, upolnomochen akajon…
Vakil daftarchasiga nimanidir qayd etib qo‘ygach, mashinaga o‘tirdi, qudratini namoyish qilmoqchiday eshikni qarsillatib yopdi. Mashina quyuq chang ko‘targancha yurib ketdi.
Mashina ancha uzoqlashgandan so‘nggina egik qaddini rostlagan Farmon fermer tishlari g‘ijirlab, atrofga alangladi. Shundoqqina tuproq yo‘l yonida xuddi buyurtma qilinganday kattagina so‘yil yotardi. Fermer so‘yilni azot ko‘targancha sigirga otildi.
– Ha, harom qotgur!
Samolyot-vertolyotlarni ko‘zlari yonib tomosha qilayotgan Eralining qulog‘iga nogoh sigirning ayanchli mo‘ragani eshitilganday bo‘ldi. U uchib o‘rnidan turib, shu tarafga o‘girildi.
Dala boshida so‘yil bilan uning sigirining biqiniga qarsillatib urib, shiypon tomon haydab ketayotgan Farmon fermer ko‘rindi. Gap nimadaligini tushunib, yuragi orqasiga tortib ketgan Erali shu tomonga otildi.
Erali qulochini keng yoygancha Farmon fermerning yo‘lini to‘sib, yalinib-yolvorishga tushdi:
– Jon aka! Farmon aka! Bilmay qopman! Xayolim ketib qopti. Jon aka, qaytarib bering sigirimizni. O‘la-o‘lgunimcha xizmatingizni qilaman!
Farmon fermer og‘zidan tupuk sachratib bo‘kirdi:
– Sen ahmoqni deb Toshkentdan kelgan tekshiruvchining xatiga tushdim! O‘tga tushdim, bola, o‘tga tushdim! Yerimni op qo‘ysa nima qilaman?! Ho‘kimat u, og‘zining bir yeli: oladi-qo‘yadi! Yerimga ko‘z olaytirib, menga tish qayrab yurgan qancha!? Ataganini kimga berarini bilmay yurgan qancha!? Shuni tushunasanmi, sen esipast?! Men misqollab yiqqan obro‘ni botmonlab sochding-ku, tentak!..
– Jon aka! Meni tiriklay o‘ldirmang! Bering qaytarib… Jon aka! Aytgan ishingizni qilaman… Qaytaring sigirimni…
Farmon fermer bosh barmog‘ini ikkala barmog‘i orasiga tiqib ko‘rsatdi:
– Mana senga sigir! Nima, kechqurungi naryadda o‘zimni topshiramanmi go‘shtga?..
Farmon fermer sigirni haydab ketayotganini ko‘rgan Erali jon alpozda arqoniga yopishdi. G‘azabi qo‘zib turgan fermer so‘yil bilan uning yelkasiga tushiradi. Erali “voy” degancha yelkasini changallab bukchaydiyu, tuproq yo‘lga “gurs” etib o‘tirib qoldi. U jon alpozda o‘rnidan turishga urindi, ammo oyoqlari unga bo‘ysunmasdi.
Erali tizzalab bo‘lsa ham fermerga yetib olishga jon-jahdi bilan harakat qildi:
– Jon aka… jon aka… Undan ko‘ra meni o‘ldirib keting, jon aka… jon aka…
Fermer tezlikda uzoqlashib borardi. Erali nogoh tizza bo‘yi tuproqqa “gup” etib quladi va alam bilan boshiga mushtlagancha ho‘ngrab yig‘lab yubordi:
– Ota… otajon…
Qorong‘ulik tushgan mahal ariqda oqayotgan loyqa suvga yuz-qo‘lini chayib olgan Erali uyga sudralib kirib keldi. Hovlidagi supada yoniga sut chelakni qo‘yib o‘tirgan Oygul xola o‘rnidan turib, chelakni qo‘liga oldi. Eralini tanidi chog‘i, hovli chetidagi buzoqcha shodon ma’radi.
– Charchamadingmi, bolam? – mehribonlik bilan so‘radi Oygul xola.
– …
Oygul xola bir o‘g‘liga, bir darvozaga qaradi, sigir negadir ko‘rinavermasdi.
– Govmish qani, bolam?
Erali bosh egdi. Ichkaridan chiqib kelgan Gulzoda ukasini gap bilan o‘yib oldi:
– Gapir, tilingni ichingga yutganmisan?
Chekinishga boshqa yo‘l qo‘ymagan edi. Erali ochig‘ini tan oldi:
– Bug‘doyiga… tushgan ekan… Farmon aka… Farmon aka go‘shtga… topshirdi…
Oygul xolaning qo‘lidan paqir tushib ketdi, daranglagan ovozni Gulzodaning chinqirig‘i bosdi:
– A?
Bu yomon zarba edi. Telbavor ahvolga tushgan, gapirolmasdan, negadir tinmay bosh chayqayotgan Gulzoda paqirni yerdan olib ukasining ustiga aqldan ozgan kalxatday bostirib keldi-da, paqir bilan Eralining boshiga tushirdi. Paqir yana daranglab ketdi. Shundan keyingina entikib nafas olgan, rangi ko‘karib ketgan opaga zabon bitdi:
– Farmon bittayu bitta sigirimizni go‘shtga topshirsa, sen indamay turaverdingmi, go‘rso‘xta? Hech bo‘lmasa osh-qatig‘imizga shu yarab turibdi, demadingmi?
Erali indamay bosh egib turardi. Vahimadan adoyi tamom bo‘lgan Gulzodaning butun vujudi titrardi.
– Indamagansan! Chunki ayb o‘zingdan o‘tgan. Molga qaramagansan! O‘ynab yurgansan! Cho‘milgansan! To‘g‘rimi? To‘g‘rimi deyapman senga?
Erali yana indamadi.
– Gapir, gapir deyapman senga! Sigir qani? Qani sigir?
Gulzoda bu safar jon achchig‘ida paqir bilan Eralining boshiga urdi. Qattiq urdi. O‘g‘liga joni achigan Oygul xola izillab yig‘lab kelib qizining qo‘liga yopishdi, uni mahkam quchoqlab oldi:
– Qo‘y! O‘ldirib qo‘yasan ukangni!
Gulzoda jununvash qiyofada faryod chekdi:
– O‘ldiraman! U avval boshlab bizni o‘ldirdi. Endi uni o‘ldiraman!
Gulzoda shu holida onasining quchog‘idan chiqdi va bo‘sh paqirni daranglatib ukasining duch kelgan joyiga ura ketdi.
Erali chidab turolmadi – ho‘ngrab yig‘lagancha tiz cho‘kib, bosh egdi:
– Uring! O‘ldiring meni, opa! Men aybdorman! Men… men… faqat men… uring meni, opa… uring… o‘ldiring…
Tuyqus Gulzoda paqirni otib yuborgancha, bo‘zlab yig‘layotgan ukasini mahkam quchib oldi. Opaning ko‘zlaridan ham shashqator yosh oqardi. Bolalarining boshida karaxt ahvolda turib qolgan Oygul xola, ojizona mo‘rayotgan buzoqcha bu manzaraga yanada alam, umidsizlik va chorasizlik bag‘ishlayotganday edi…
Tun bo‘yi mijja qoqmay chiqqan Erali tong saharda Ajinako‘prikka yolg‘iz keldi. U ko‘prikka shaxt bilan qadam qo‘ygach, beixtiyor pastga, tubsiz jarga qaradi. Ko‘z o‘ngida yomg‘irli tun, momoqaldiroq va chaqmoqlar, jar tubiga oti bilan qulayotgan otasi paydo bo‘lgan Erali yana bir qadam bosgandi, ko‘prik qattiq lopillab ketdi. Yigitcha joyida turib qoldi, so‘ng asta pastga engashdi. Bir lahzadan so‘ng u jar tubiga uchadigandek edi go‘yo…
Nogoh tepada nimaningdir ovozi eshitilganday bo‘ldi. Erali boshini ko‘tarib ko‘kka qaradi. Moviy osmondan samolyotlar karvoni o‘tmoqda edi. Ular ortida esa pastlab uchayotgan vertolyotlar.
Erali bu manzaraga lol qarab qoldi. Bu nedan darak? Bu nening alomati? Nahot…
* * *
Hayot davom etardi. Yashash kerak edi.
Kishi ba’zan tasalliga muhtoj bo‘larkan. Hech bo‘lmasa o‘zing o‘zingga aytadigan tasalliga. Erali mana shunday yo‘l tutdi: “Sigir go‘shtga topshirilib ketdi, ammo bu oxirzamon bo‘ldi, hammasi tugadi, degan gap emas-ku. Yashash kerak…”
Bug‘doy o‘rildi. Rejasini ortig‘i bilan bajarganidan xursand bo‘lib ketganidanmi yoki G‘ani chavandoz bilan eski jo‘rachiligi yodiga tushdimi, balki go‘shtga topshirilgan sigirni eslab xijolat bo‘lgandir, haytovur, hech kutilmaganda Farmon fermer “kapsan haqi” deya qo‘yarda-qo‘ymay uyga to‘rt qop bug‘doy tashlab ketdi. Ungacha Gulzoda bilan Erali bug‘doyi o‘rilgan daladan uch qanor mashoq terib kelishgandi. Buncha bug‘doy bilan qishdan chiqib olsa bo‘ladi.
Ishqilib, hayot davom etardi. Fursat shu tarzda o‘tib borardi.
Kollejda o‘qish boshlangan haftaning oxirida Erali tuman markaziga yo‘l oldi. Albatta, opasi bilan onasining qishloqdoshlarga ko‘rpa qavib, kiyim-kechak tikib berishi evaziga topayotgan uch-to‘rt so‘mini yo‘lga xarjlash o‘ziga o‘taketgan noinsoflik bo‘lib tuyuldi. Ammo bormasa ham bo‘lmasdi. Ichki bir da’vat, tushuntirish qiyin bo‘lgan havas tuyg‘usi uni sira tinch qo‘ymayotgandi.
Muallimlar to‘g‘ri aytishgan ekan: tuman markazidagi bolalar ijodiyoti saroyida boshqa to‘garaklar qatori aviamodelchilar to‘garagi ham ishlarkan. Erali mana shu to‘garakka yozilib keldi. Mashg‘ulotlar haftasiga ikki marta ekan. Erali chamalab ko‘rdi: qishloqdan tuman markazigacha nari borsa o‘n besh chaqirim keladi. Agar qichab yursa, bemalol ikki soatda piyoda bosib o‘tsa bo‘ladi. Demak, yo‘lga pul sarflash ham shart emas.
Shu bilan Eralining to‘garakka qatnashi boshlandi. Kuzda-ku, unchalik bilinmagandi, ammo qishga kelib tuman markaziga piyoda qatnash ancha og‘ir kechdi. Ayniqsa, qahraton sovuq bo‘lganida u bir-ikki mashg‘ulotga borolmay ham qoldi.
Nihoyat ko‘klamning iliq nafasi kelganida Erali ancha yengil tortdi. Harqalay, endi bu yog‘iga cho‘chimasa ham bo‘ladi.
Shunday kunlarning birida o‘tgan to‘garak mashg‘ulotida Bahriddin aka topshiriqni bergach, derazaga suyangancha tashqariga o‘ychan tikilib qoldi. Stoldagi turli qiyqimlardan samolyot modelini yig‘ish vazifasini birinchi bo‘lib Erali bajardi. U o‘rnidan turib:
– Bo‘ldi, ustoz, – dedi.
Derazadan nigohini uzgan Bahriddin aka yaqin kelib samolyot modelini sinchiklab ko‘zdan kechirgach, mamnun bo‘lib Eralining yelkasiga qoqib qo‘ydi:
– Barakalla, G‘aniyev! – So‘ng modelni qaytarib berdi. – Endi buni bir uchirib keling.
Erali hayron bo‘ldi:
– Qayoqqa?
Ustoz kulimsiradi:
– Hozircha shu atrofga.
Erali modelni bir qo‘lda baland ko‘targancha samolyotni havoda uchirayotgandek harakatlar bilan shoshib xonadan chiqdi, yo‘lak orqali hovliga o‘tayotgan mahal qarshi tarafdagi “Ingliz tili to‘garagi” deb yozilgan eshikdan papka qo‘ltiqlagan Usmon ustozi bilan chiqib keldi.
– Good bye, my teacher! – deya xayrlashdi Usmon.
Ustoz:
– Good bye, – dedi.
Chiqish eshigi tomon yurgan Usmon Eralini ko‘rib qoldi.
– Iya, o‘rtoq, o‘zingmisan?
– O‘zimman, – dedi bunaqa uchrashuvni kutmagan Erali yoqtirmasdan.
– Bu yerda nima qilib adashib yuribsan? – Usmon avval o‘rtog‘ining qo‘lidagi samolyot modeliga, keyin eshikka qaradi, yaqin kelib taxtachadagi lavhani o‘qidi: – “Aviamodelchilar to‘garagi”. – U hushtak chalib yubordi. – O‘h-ho‘! Gap bu yoqda degin… Aviatsiya… samolyot… osmon… Tuya hammomni orzu qilibdi-da.
Erali o‘zini sinfdoshining pichingini eshitmaganday tutishga harakat qildi:
– O‘zing nima qilib yuribsan?
Usmon har bir so‘zni ta’kidlab javob qaytardi:
– Biz o‘z imkoniyatimizni to‘g‘ri hisoblagan holda til o‘rganayapmiz, repetitorga qatnayapmiz, ayrimlarga o‘xshab osmonga sakramayapmiz.
Qovog‘i uyilgan Erali yo‘lakdan hovliga chiqdi, Usmon unga ergashdi.
– Jo‘ra, darsing tugagan bo‘lsa yur, ketdik, qishloqqa olib ketaman. – Usmon hovlida o‘zini kutib turgan “Neksiya”ga ishora qildi. – Yurdikmi? Yo kutib turaymi?
Erali bosh chayqadi:
– Men… o‘zim qaytaman.
Usmon kulimsiradi:
– Harna avtobus puli ekonom-ku, jo‘ra.
– O‘zim qaytaman dedim-ku.
– Ixtiyoring. – Usmon mashinaga yaqin borgan mahal ortiga o‘girilib, ko‘zoynagini to‘g‘rilab oldi: – Senga bir aqlli gap aytaymi? Emaklab yuradiganlar hech qachon ucholmaydilar. Shuni esingdan chiqarma!
Usmon orqa o‘rindiqqa o‘tirdi, haydovchi motorni o‘t oldirdi, mashina ohista yurib ketdi. Kayfiyati buzilgan Erali mashina ortidan termulib turarkan, kabinet derazasidan ustozi o‘ziga qarayotganini ilg‘adi. Erali shiddat bilan hovlini aylanib chopdi, holdan toygunga qadar qo‘lidagi samolyotni goh ko‘tarib, goh tushirib o‘zicha uni uchirdi…
Keyingi mashg‘ulotga kelayotgani mahal Erali uzoqdan istirohat bog‘ida aylanayotgan ulkan charxpalakni ko‘rib qoldi. Kabinalarda o‘tirgan bolalarning sho‘x qiyqiriqlari hatto shu yergayam eshitilardi. Biroz ikkilanib qolgach, Erali bog‘ darvozasi tomon yurdi.
Ha, bu o‘sha bog‘ edi. Bundan to‘rt yil muqqaddam butun sinf bolalari Navro‘z bayramida tuman markaziga aylangani kelishganida kimningdir taklifi bilan hamma charxpalakka chiqadigan bo‘ldi. Balandlikdan qo‘rqishini hammadan yashirib yuradigan Erali sirim oshkor bo‘lib qolmasin degan xavotirda bahona ustiga bahona to‘qib tashlayotganini ko‘rgan, bundan shubhalangan Usmon uni majburlab yoniga o‘tqazib olgandi. Keyin… nima bo‘lardi, charxpalak tepaga ko‘tarilgan sayin pastdan ko‘z uzolmayotgan, tutqichga tobora mahkamroq yopishib olayotgan Eralining peshonasiga sovuq ter toshib, ko‘zlari olaya boshladi, oyoq-qo‘llari qaltiradi. Usmonga esa shu kerak edi. O‘shandan buyon u Eralining ko‘zini ochirmaydi, hech gap topolmay qolsa atay Eraliga eshittirib allaqanday “fobiya”lar mavzusida valaqlay boshlaydi…
O‘sha bog‘, o‘sha charxpalak. Fikridan qaytib qolishdan cho‘chiyotgan Erali ildam borib ohista aylanib turgan charxpalakning duch kelgan birinchi kabinasiga o‘tirdi. Uning qarshisidan o‘n yasharlar chamasi ikkita bolakay joy olishdi. Kabina yuqoriga ko‘tarilayotgan mahal Erali har ehtimolga qarshi o‘rtadagi tutqichni mahkam ushlab oldi. Bolakaylar esa xursand bo‘lib yon-atrofga, pastga alanglashadi. Joyida qotib o‘tirgan Erali sekin quyiga qaray boshlagandayoq boshi aylanib ketdi, peshonasiga sovuq ter toshdi. U ko‘zlarini mahkam yumib oldi. Bolakaylar bir-biriga Eralini ko‘rsatishib, piqirlab kulishdi hamki u ko‘zlarini ochmadi.
– Kap-katta bo‘lib balandlikdan qo‘rqarkan, – o‘rtog‘ining qulog‘iga qattiq shivirladi bittasi.
Ikkinchisi ham shunday javob qaytardi:
– Birinchi chiqishi bo‘lsa kerak-da…
Izza bo‘lgan Erali ko‘zlarini ochdi, o‘zini majburlab baland daraxtlarga, osmonga qaramoqchi bo‘ladi, ammo baribir nigohi yana pastga qadaldi. Yuragi orqasiga tortib ketgan Erali ko‘zlarini yana mahkam yumib oldi, tutqichga jon-jahdi bilan yopishib oldi. Uning rangi o‘chganini ko‘rgan bolalar yana piqirlab kulishdi. Nihoyat ulardan biri so‘radi:
– Mazangiz qochyaptimi? Do‘xtir chaqiraylikmi, aka?
Erali ko‘zlarini ochmasdan bosh chayqadi:
– Kerakmas, men yaxshiman.
Aloha Eralini battar vahimaga solgan ko‘yi baland nuqtada mangulikka qotib qolganday tuyulgan kabina asta-sekin pastga tushdi. Rangi bo‘zday oqarib ketgan Erali kabinadan chiqasola o‘zini ko‘chaga urdi.
* * *
Umidsizlikka tushgan Eralini vahima bosdi: nahotki bir umr bu la’nati qo‘rquvdan qutulolmaydi. Unda orzulari nima bo‘ladi?..
Darsdan keyin yigitcha o‘z-o‘zidan Ajinako‘prikka kelib qoldi. Haytovur, yaqin-atrofda hech kim yo‘q, demak, uning sharmandagarchiligiga ham hech kim guvoh bo‘lmaydi.
Erali bu safar ehtiyotkorlik bilan bo‘lsa ham ko‘prikda bir necha qadam tashlagach, qandaydir kuch izmida baribir pastga qaradi: odamning boshini aylantirib yuboradigan tubsiz jar… U shoshib nigohini olib qochdi, o‘zini majburlab narigi qirg‘oqdan ko‘z uzmagan ko‘yi oldinga yurdi va shu alfozda ko‘prik o‘rtasiga yetib keldi.
To‘satdan ko‘prik dahshatli darajada qattiq lopilladi. Cho‘chib ketgan Erali salqi arqonga yopishgancha ortiga o‘girildi. Ko‘prik boshida qo‘llarini beliga tirab olgan Usmon turardi.
– Men senga Nafisaning yoniga yaqinlashma, deganmidim? Degandim! Agar yana bir marta oldiga borsang, o‘liging shu yerda qoladi, deganmidim? Degandim. Shuncha gapdan keyinam bugun likillab yonida yuribsan. Va’da vafosi bilan, jo‘ra. Sen bu qismatni o‘zing o‘zingga sotib olding. Ko‘zingni quzg‘unlar cho‘qiydi endi!
Usmon jahl bilan ko‘prikni tepib, osma arqonlarini torta boshladi. Ko‘prik battar lopilladi, nari borib-beri keldi. Erali jon achchig‘ida yopishgan omonat tutqich sinib ketib, yigitcha yiqilib tushdi, oyoqlari havoda osilib qoldi.
– Qo‘rqasan, a? Qo‘rqasan!.. – bo‘g‘ilib baqirardi Usmon. – Sening bu yerga kelib, mashq qilib yurganingni ko‘rganlar bor. O‘zingcha botir bo‘lmoqchi bo‘lgansan-da. Lekin mana, kunlardan bir kuni tap etib qulab tushding-u, jarga uchding… Palakat-da, palakat… Nimayam qilardik…
Usmon pastga enib ketdi.
Gavdasini tubsiz jar o‘ziga tortayotgan Eralining taxtalarga changakday yopishgan qo‘llari tobora bo‘shashmoqda edi. Shu payt osmonda tanish ovoz eshitildi. Erali ko‘kka qaradi. Moviy osmonda yolg‘iz samolyot.
Erali bir muddat emin-erkin uchayotgan samolyotni kuzatdi. So‘ng tirishib-tirmashib gavdasini o‘nglagach, hansirab nafas olgancha bir muddat uzala tushib yotdi. Shundan keyin qirg‘oq tomon emaklay boshladi…
Tinka-madori qurigan Erali ko‘chasiga qayrilgan mahal yo‘l boshida turgan tanish mashinani ko‘rdi. Rulda Usmonning o‘zi edi.
Usmon o‘shshayib unga qarab turdi-turdi, so‘ng jahl bilan kalitni buradi va mashinasini Eralining yonidan katta tezlikda, hammayoqni changga ko‘mib o‘tdi-ketdi.
Erali keyingi mashg‘ulot uchun baland cho‘qqini tanladi. Avvaliga cho‘qqining tik yonbag‘ridan quyiga kattaroq bir toshni tashladi. Tosh uzoq uchdi, axiyri uning pastda boshqa toshga borib urilgani eshitildi. Erali o‘zi yasagan samolyot modelini qo‘liga oldi va uchayotgandek harakatlar qilib cho‘qqida u yoqdan-bu yoqqa chopaverdi, chopaverdi.
* * *
Erali tuman markazidagi besh qavatli uy yonidan o‘tib borayotgan mahal tomdan qora tutun ko‘tarilayotganini ko‘rdi. Ishchilar saqich to‘shashmoqda ekan.
Ana, keksaroq ishchi tom labiga kelib xotirjam o‘tirdi. U qop-qora paqirni yoniga qo‘yib, telefonida kim bilandir gaplashayotgan mahal qo‘li tegib ketdi, shekilli, paqir pastga tushib ketdi.
Bir o‘t-o‘lanlar orasiga “pop” etib tushgan paqirga, bir ishchiga qaragan Eralining xayoliga bir o‘y keldi. U pachaq bo‘lgan paqirni olib pod’ezddan yuqoriga ko‘tarildi, oxirgi qavatdagi narvondan tomga chiqdi-da, to‘g‘ri keksa ishchining yoniga bordi.
– Hormang.
– Bor bo‘l, bolam, – dedi telefonini ichki cho‘ntagiga joylayotgan ishchi.
Erali paqirni tutdi:
– Bu siznikimi?
– E, bu sabilni tashlab yuborsang ham bo‘lardi. Ovora bo‘psan-da. Lekin baribir rahmat.
Erali paqirni bergach, ohista yurib tom chetiga keldi, ehtiyotkorlik bilan pastga qaradi. Uni zimdan kuzatib turgan keksa ishchi sarg‘aygan mo‘ylovini silagancha miyig‘ida iljayib qo‘ydi. Yigitchaning nogoh cho‘chib o‘zini chetga olganini ko‘rgan ishchi uning yoniga keldi.
– Qo‘rqinchlimi?
Eralining tan olgisi kelmadi:
– Sal-pal.
Ishchi xuddi hovlidagi supaga o‘tirganday xotirjamlik bilan tom labiga o‘tirdi.
– Er yigit qo‘rquvini yengishi kerak. Ayniqsa, – u yuragiga ishora qildi, – mana bu yerdagini emas, – ishchi peshonasiga ishora qildi, – mana bu yerdagisini.
Eralining o‘ziga hayron bo‘lib tikilib qolganini ko‘rgan keksa ishchi muloyim jilmayib, do‘stona ko‘z qisib qo‘ydi.
Erali sahar palla uyg‘onib ketdi. Ufq endi yorishib kelmoqda edi.
U sport kiyimlarini kiyib ko‘chaga chiqdi-da, tog‘ tomonga bir maromda chopib ketdi. Birpasda shudringdan ust-boshi ho‘l bo‘lgan Erali sof havodan to‘yib nafas olgancha tepalikka yugurib ko‘tarilgach, avval tosh otib mashq qildi, keyin cho‘qqi labiga kelib quyiga, tubsizlikka qadalib tikilib turaverdi.
* * *
Kollej bitiruvchilariga tantanali diplom topshirilgan kuni kechqurun uyda andakkina dilxiralik bo‘ldi.
Gapni Oygul xola boshladi:
– Endi qaysi fermerdan iltimos qilib ko‘ramiz, o‘g‘lim? Qaysi biri seni ishga olar ekan?
Erali o‘ylay-o‘ylay, oxiri ko‘nglidagini aytdi:
– Oyi… men avval bir o‘qishga urinib ko‘rsam degandim.
Ona-ku, indamadi, ammo Gulzodaning jahli chiqib ketdi:
– O‘qishga? Uyda shuncha ish turganda sen o‘qish bahona qochvormoqchimisan? Aytib qo‘yay, hozir issig‘ida ishga kirsang kirding, keyin seni biron fermer olmaydi.
Oygul xola ham bu fikrga qo‘shildi:
– Avgustda dalada ish ham qolmaydi-da, o‘g‘lim.
Ukasining mung‘ayib bosh egib qolganini ko‘rgan Gulzoda sal hovuridan tushdi:
– Qo‘y, Erali. O‘qish boyning bolasiga yarashadi. Biz ikki ayol sening kollejni bitirishingga ko‘z tikib o‘tiribmiz. Endi og‘zimiz oshga yetdi deganda o‘yinbuzuqlik qilma.
Erali yalindi:
– Oyi… opa… bir urinib ko‘ray.
Gulzoda azaldan jahli tez qiz. Hozir ham o‘zini tutib turolmay, baqirib berdi:
– Hov, bola, bo‘lmaydigan ishga vaqtingni ketkazib nima qilasan? Shaharga borib kelishning o‘zi bo‘ladimi?! Qadaming pul.
Oygul xola oraga tushdi:
– O‘zi qaysinisiga bormoqchisan, bolam?
Erali og‘ir tin oldi:
– Uchuvchilikka… Uzoq emas… Jizzaxda o‘qitisharkan.
Gulzoda yana tutadi:
– Esing ketib qolibdi o‘zi sen bolaning! Sen qayoqda-yu, uchuvchilik qayoqda?!
Erali o‘zini oqlashga urindi:
– Nima qipti? Uchuvchi bo‘lsam, bir kun kelib sizlarni samolyotimda olib yursam yomonmi?
Gulzoda bo‘sh kelmadi:
– O‘pkangni bosib ol, bola. Osmonga sakrashdan burun, yiqiladigan joyingga ham bir qarab qo‘y.
Hovliga sukut cho‘kdi. Hamma o‘z xayoli bilan band edi.
– Opa… – iltijo qildi Erali.
– Bormaysan! Sening shaharda o‘ynab kelishingga beradigan bir so‘mimiz ham yo‘q.
Yana sukunat. Oygul xola asta o‘rnidan turdi, xonaga kirib, taxlangan ko‘rpalar orasidan nimanidir olib keldi.
– Ma, bolam. – Onaning kaftida bir dona enli tilla sirg‘a bor edi. – Bittasini… otangning qirqiga ishlatgandim. Bunisini sening to‘yingga deb asrab yurgandim… Mayli, o‘qish ko‘nglingda armon bo‘lib qolmasin. Buni sot-da…
Gulzoda chinqirib yubordi:
– Oyi! Baribir kirolmaydi-ku. Osilgan dorini qarang.
Oygul xola o‘g‘liga g‘urur bilan boqib, jilmayib qo‘ydi:
– Otasining bolasi-da… Bir urinib ko‘rsin, keyin bizdan domangir bo‘lib yurmaydi.
Gulzoda baribir o‘zini bosib ololmay, to‘ng‘illadi:
– Buning puliga to‘rtta qo‘zi olsak…
Oygul xola qo‘llarini duoga ochdi:
– Omin, otangning ruhi qo‘llasin seni, bolam.
Uchovlon kaftlarini yuzlariga siypashdi.
Ular namozshom palla, yo‘l bo‘yidagi keksa daraxt tagida, har tarafga olazarak qaraganlari ko‘yi bir necha daqiqaga uchrashishdi. Qiz Toshkentga borayapti ekan. Eralining ham urinib ko‘rish niyatida ekanligini eshitgan qiz xursand bo‘ldi:
– Ishqilib, o‘tib keting.
– Yaxshi bo‘lardi. – Erali ko‘nglidigani aytib qolishga shoshdi: – O‘tib ketsam… bilasanmi nima qilardim?
– Nima qilardingiz?
Yigit chuqur nafas oldi va so‘zlarni dona-dona qilib, xuddi tantanali va’da berayotganday dedi:
– Seni ZAGSga samolyotda oborardim.
Xijolatdan issig‘i chiqib ketgan qiz qo‘l siltadi:
– Qo‘ying-e…
Chorraha tomondan shu tarafga yaqinlashayotgan odam qorasi ko‘ringan zahoti qiz ildam yo‘lga tushdi:
– Mayli, men ketdim. – Keyingi gapini Nafis yo‘l-yo‘lakay, ammo yigitga eshittirib aytdi: – Iloyim o‘tib keting…
Yuragi gupillab urib ketgan Erali beixtiyor qiz ortidan talpindi, ammo daraxtga yaqinlashib qolgan sharpani ilg‘ab, shu tomonda ishi borday qizga teskari tarafga yurdi.
* * *
Holva degan bilan og‘iz chuchib qolmaydi, deganlariday, bu bilim yurtiga o‘qishga kirishning o‘zi bo‘lmas ekan. Avval tuman harbiy komissariatida jangovar uchuvchi bo‘lishni istagan yigitlarni tibbiy ko‘rikda elab tashlashdi. Goh u shifokor tekshiradi, goh bunisi. Unisi “o‘tir” desa, bunisi “tur” deydi; unisi “gapir” desa, bunisi “jim tur” deydi…
Xullas, sillasi qurigan Erali barokameradan chiqib, keyingi kabinetga o‘tganida keksa shifokor bir yigitchani aylanma stulda chirpirak aylantirardi. Nihoyat stulni to‘xtatgan shifokor yigitchaga polga bo‘r bilan chizilgan oq chiziqni ko‘rsatdi:
– Shundan yuring.
Joyida gandiraklab ketayotgan yigitcha bir qadam bosar-bosmas chayqalib, boshqa tomonga og‘ib ketdi.
– Uf-f… Bo‘lmadi… Boravering. – Shifokor norozi tarzda qog‘ozga belgi qo‘ydi. – Navbatdagi.
Shifokor Eralini o‘tqazgan aylanma stulni bir necha daqiqa aylantirgach, to‘xtatib, oq chiziqqa ishora qildi:
– Shu liniyadan iloji boricha uzoqlashmay yuring-chi.
Erali chiziqni to‘ppa-to‘g‘ri, hech bir qiynalmasdan, sovuqqonlik bilan bosib o‘tgandi, shifokor angrayib qoldi.
– Yo tavba… Qani, bolam, beri kel-chi. Yana bir sinab ko‘rsam bo‘ladimi?
Erali yelka qisib qo‘ydi:
– Bo‘ladi.
Shifokor bu gal stulni tezroq va uzoqroq aylantirdi. Biroq Erali yana chiziqni xotirjam bosib o‘tdi. Talabgorni goh “siz”lab, goh “sen”layotgan shifokor hovliqib uni hovliga olib chiqdi. Bu yerda oddiy arg‘amchi bor edi, xolos. Shifokorning ishorasi bilan ikki baquvvat yigit Eralini arg‘amchiga chiqarib, uning ko‘zini bog‘lashdi-da, juda tez uchirishdi. So‘ng arg‘amchini to‘xtatib, Eralini pastga tushirishgandi, bog‘ichni o‘zi yechgan yigit shifokor ko‘rsatib turgan chiziqni hech narsa bo‘lmaganday bir tekis bosib o‘tdi: balonda yumalayverib, pishib ketgan yigit uchun bu sinov nima degan gap, axir…
– Yashavor! – qichqirib yubordi shifokor. – Ajoyib! Familiyang… familiyangiz nimaydi?..
Tibbiy tekshiruvlar shu bilan tugab qolmadi: bilim yurtida hammasi boshidan boshlandi. Navbatdagi mashaqqatli chig‘iriqdan o‘tganlargina test imtihonlari topshirishga kiritildi.
Kattagina jomadonini ko‘targan Erali uyga jiddiy tarzda, qovog‘i uyilgan holda kirib keldi. Derazadan bo‘ylagan Oygul xola hovliga chopib chiqdi.
– Keldingmi, bolam!
Oygul xola o‘g‘lini quchoqlab ko‘rishdi.
– Ozib ketibsan. Rosa qiynalibsan-ov.
– Yo‘g‘-e… Opam qani?
– Daladaydi. – Ona o‘g‘liga achinib qaradi. – Bolam, sen xafa bo‘lma, hamma o‘qiyversa, podani kim boqadi. O‘n ikki yil o‘qiding, yetadi…
Nihoyat Erali chiday olmasdan, baralla kulib yubordi:
– Oyi, men o‘qishga kirdim! Kirdim!
– A?.. – Oygul xola avval esankirab-dovdiradi, so‘ng quyilib kelgan quvonch yoshlarini tiyolmasdan Eralini mahkam quchoqlab oldi, titrab-qaqshab shivirladi: – Ming shukr… ming shukr… O‘zingga shukr…
* * *
Omad bir kelsa qo‘shaloqlab kelaverarkan: Nafisaning o‘qishga kirib ketganini eshitib, boshi osmonga yetguday quvongan Erali darslar boshlangunga qadar Toshkentga birrov borib kelishga ulgurdi.
Ular Talabalar shaharchasida aylanib yurishganlari mahal Nafisa ko‘p qavatli binoga ishora qildi:
– Yotoqxonamiz. Shu yerdan joy berishdi.
– Yaxshi bo‘pti… – Erali aytsammi-aytmasammi deganday biroz ikkilanib turgach, ochig‘iga ko‘chdi: – Nafisa. Bizda intizom sal qattiqroq.
Nafisa tushunganday bosh irg‘adi:
– Armiya qatorimi?
– Shunga yaqinroq, deyishyapti… Shunga… har hafta oldingizga kelolmasman…
Nafisa to‘satdan piqirlab kulib yubordi. Erali gapidan adashib, unga ajablanib qaradi.
– Birinchi marta… – hamon kulardi qiz, – birinchi marta meni “siz”layapsiz. G‘alati eshitilarkan-u, lekin shuning o‘ziyoq talaba bo‘lishga arzirkan.
Erali qizarib ketdi:
– Ha, endi, katta bo‘lib qoldik.
– Mayli, mayli… Darrov o‘zingizga olavermang-da. O‘qishmi, o‘qish! Telefon bor-ku.
– Bor, bor… Endi sizni yotoqxonangizgacha kuzatib qo‘ysam.
– Yo‘q, shu yerda xayrlashamiz. Tag‘in kechikib yurmang. – Atrofga alanglab qo‘ygan qiz xuddi muhim sirni aytayoganday Erali tomon sal engashib, past ovozda ma’lum qildi: – Surishtirib bildim, anavi tarafda aerodrom bor ekan, shunday shahardan chiqqan joyda.
– Aerodrom? – garangsib so‘radi hech narsani tushunmagan Erali.
Endi qiz duv qizardi. Aftidan, u yigit bir paytlar bergan va’dasini allaqachon unutgan degan o‘yga bordi, shu sabab, noqulay ahvolga tushganini yashirishga uringan ko‘yi shosha-pisha:
– Shunchaki… Har ehtimolga qarshi aytib qo‘ygandim-da. Mabodo… mabodo biron kun samolyotda kelib qolsangiz… Xayr. Yaxshi boring, – dedi-da, yotoqxona tomon chopib ketdi.
Shundagina hammasini tushungan, alamdan peshonasiga shapatilay degan Erali qo‘llarini og‘ziga ko‘vacha qilib qiz ortidan baqirdi:
– Kelaman, albatta samolyotda kelaman! Samolyotda!..
Yigitning nazarida yotoqxona eshigidan kirayotgan mahal Nafisa o‘girilib qaraganday, hattoki jilmayib ham qo‘yganday tuyuldi.
* * *
Jizzax Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida darslar boshlandi. O‘quv mashg‘ulotlari bilan jismoniy mashqlar uzluksiz almashib turadi, orada amaliyot: kompyuterda samolyot-vertolyot boshqaruvini ta’minlash; sal vaqt qolsa kutubxonaga chop. Bular-ku, mayli, chidasa bo‘ladi, ammo o‘quv yilining uch oyi o‘tar-o‘tmas baland tepalikka olib chiqib, pastga o‘quv parashyutida sakratishlari yomon ekan.
Maktabdagi achchiq tajriba yodidan chiqmagan Erali jon-jahdi bilan birovga sir berib qo‘ymaslikka urinardi. Shu bois ba’zan shoshqaloqlikka yo‘l qo‘yardi: u tepalikka chiqqan zahoti quyiga qarab qo‘ymaslik uchun darhol o‘zini pastga otar, natijada mayor Jo‘raboyevning dakkisini eshitardi.
Mana shunday kunlarning birida yotoqdagi ikki kishilik xonada dars qilib o‘tirgan Eralini navbatchi-posbon chaqirib qoldi: .
– G‘aniyev! Senga kelishibdi.
Erali hayron bo‘ldi:
– Menga?.. – U uchib o‘rnidan turib, shosha-pisha kiyimlarini tekislarkan, hayajon bilan shivirladi: – Oyijon! Opa…
Erali kirish darvozasi yoniga uchib bordi. Bu yerda odam gavjum edi: yakshanba, kursantlarni ko‘rgani kelishgan. Ichkaridan chiqib kelayotgan kursantlarni yaqinlari quchoqlab olishgan, sal narida, daraxtlar tagiga to‘shalgan dasturxonlar tomon boshlashgan.
Ko‘zlari chaqnab turgan Erali atrofga alangladi, ammo darvozaga ko‘z tikib turganlar orasida onasi ham, opasi ham ko‘rinmasdi. Shu payt yo‘lak yoniga qo‘yilgan qora rangli “Mersedes” mashinasidan olifta kiyingan, qora ko‘zoynak taqqan Usmon tushib keldi.
– Qalaysan, bo‘lg‘usi general!
Erali quchoq ochib turgan sobiq sinfdoshi, guruhdoshiga noiloj qo‘l uzatdi. Biroq Usmon baribir uni quchoqlab oldi.
– Unaqa emas-da endi, o‘rtoq. Har qalay, begona emasmiz-ku. Yo harbiylar shunaqa diydasi qattiq bo‘lib ketishadimi?
Erali aniq javobdan o‘zini olib qochdi:
– Nega endi?!.
Usmon qo‘lidagi boshqaruv kaliti tugmachasini “chiq” etkazib bosgandi, mashinaning yukxonasi ohista ochildi.
– Qisqasi, tandir-pandir, shashlik. Komandirlaringga tozasidan ham bor. Hammasi senga, o‘rtoq.
Bunaqa saxiylikni kutmagan Erali battar hayron qoldi:
– Rahmat-u, lekin bu yerda mumkin emas.
Usmon beparvo qo‘l siltadi:
– Iloji yo‘q narsaning o‘zi yo‘q, o‘rtoq. Agar hozir anavi g‘o‘dayib turgan soqchiga to‘rt so‘m qistirsam, narsalarni o‘zi xonangga oborib qo‘yadi…
Erali qat’iy turib oldi:
– Rostdanam mumkin emas. Tartib-qoida shunaqa.
Usmon yon berdi:
– Bo‘pti, bo‘pti. Tartib-qoida senga o‘xshagan loxlarga chiqarilgan o‘zi. Qisqasi, og‘ayni, bir maslahatli ish chiqib qoldi. – U Eralini qo‘ltiqlab chekkaroqqa olib o‘tarkan, odatiga ko‘ra yo‘l-yo‘lakay ko‘zoynagini to‘g‘rilab qo‘ydi. – Endi gapni achchiq ichakday cho‘zib o‘tirmayman… Bitta aqlli gap aytaymi? Men erkin tadbirkorman. Qo‘lida pul o‘ynaydigan ishbilarmonman. Men birovning buyrug‘i bilan tong saharda o‘rnimdan turishni, chopishni, mashq qilishni, g‘o‘dayib qorovullikda turishni, hojatxona tozalashni o‘zimga ravo ko‘rmayman…
Gap o‘zani qayoqqa ketayotganini tusmol qilgan Erali unga e’tiroz bildirishga urindi:
– Menga qara…
Usmon darrov shaxdidan tushdi:
– Bo‘pti, bo‘pti, faqat vatanparvarlikdan ma’ruza o‘qimay qo‘ya qol. O‘zi sharoitingni ko‘rib turibman. Har yakshanba to‘rt soatga shaharga chiqishga ruxsat, shunaqami?
– Nima edi?
– Shunaqa! Allaqachon so‘rab-surishtirganman. Demak, besh yil umring shu rejimda o‘tadi. Bu yoqda esa gulday bir qiz seni kutib so‘lib o‘tirishi insofdanmi? Xohlagan payting oldiga borolmasang, xohlagancha birga yurolmasang. Shuyam hayotmi? Qo‘lingdan kelgani “alyo… salom… xayr…” Shu, xolos. Bir kun kelib general bo‘lganingda esa, hayot allaqachon o‘tib bo‘lgan bo‘ladi.
Jahli chiqib borayotgan Erali o‘zini og‘irlikka soldi:
– Tushunmadim.
– Hozir tushunasan. Qisqasi, – Usmon ko‘zoynagini olib, Eraliga tik boqdi: – men Nafisanikiga odam yuboryapman.
Titrab ketgan Eralining ko‘zlari qisildi:
– U senga tegmaydi!
Usmon xotirjam edi:
– Tegadi. Bu yerga kelganimning sababi, mabodo, telefon qilib qolsa, yana ming‘irlab o‘tirma demoqchiman. Erkakchasiga kelishib olaylik. Yana ko‘zingning suvini oqizib “Senga o‘zim uylanmoqchiydim…” deb o‘tirma-ya. Bilasan, qiz bolaning ko‘ngli bo‘sh bo‘ladi. Buning ustiga “Yo‘qolgan pichoqning sopi oltin” degan gaplaram bor…
– U senga tegmaydi dedim! – tishlari orasidan takrorladi Erali.
Usmon ochiqdan-ochiq mazaxga o‘tdi:
– Nima, va’dasini olib qo‘yganmisan? Yo ixtiyori sendami?
Nimadir demoqchi bo‘lgan, lekin lablari titrab, gapirolmagan Erali jahl bilan qo‘l siltagancha, darvoza tomon yurdi. Usmon uning ortidan baqirib qoldi:
– Hoy jinni! Tandir-chi? “Tentak suv”-chi?
Erali bu gaplarni eshitmaganday ichkariga kirib ketdi.
Yigit xonasiga chopib borgan zahoti telefonida qayta-qayta o‘ziga yod bo‘lib ketgan raqamlarni terdi. Aksiga olib telefondan “Abonent xizmat ko‘rsatish doirasidan tashqarida”, degan javob kelaverdi. Eralining bo‘lari bo‘lib, fig‘oni falakka chiqib turganida xonaga ikkita katta-katta sumka ko‘targan navbatchi terlab-pishib kirib keldi.
– G‘aniyev, senga bervorishdi. O‘rtog‘ing ekan. Hidini qara, hidini… So‘lak bezlarim ishlab ketdi-ya…
Navbatchi gapini tugatib ulgurmasidan burun Erali shartta sumkalarni uning qo‘lidan yulqib oldi-yu, ochiq derazadan pastga otib yubordi. Sumkalar asfalt yo‘lakka gursillab tushdi, shishalarning jaranglab singani eshitildi. Yotoqxona yonidan o‘tib borayotgan mayor Jo‘raboyev to‘xtab, jahl bilan tepaga, ikkinchi qavat derazasiga qaradi.
– Kim bu? Qaysi xona? Qirq ikkimi?
Endi baribir yashirinib bo‘lmasdi. Tajribali mayor xonalarning joylashishini yoddan bilardi. Erali derazadan bo‘yladi.
– Kursant G‘aniyev! O‘zimam siz bo‘lsangiz kerak deb o‘ylovdim. Qani, tez bu yoqqa tushing-chi.
Erali oyog‘ini qo‘liga olib yugurgancha bir daqiqada mayorning qarshisida hozir bo‘ldi:
– O‘rtoq mayor. Birinchi bosqich kursanti G‘aniyev buyrug‘ingizga binoan…
Mayor uning gapini bo‘lib, sumkalarga ishora qildi:
– Avval mana bu yerni yog‘ tushsa yalaguday qilib tozalaysiz, tushuntirish xati yozib, menga topshirasiz, keyin esa uch sutkaga gauptvaxtaga ravona bo‘lasiz. Tushunarlimi?
– Xuddi shunday, tushunarli, o‘rtoq mayor.
– Tushunarli bo‘lsa, bajaring.
Mayor havoni hidlab-hidlab qo‘ygach, afsuslanganday bosh chayqadi-da, yo‘lida davom etdi. Erali engashgan mahal buning sababini bilganday bo‘ldi: sumkalardan biridan aroq sizib oqmoqda edi.
* * *
Sarmoyadorroq oilada erkatoy bo‘lib o‘sgan, o‘zi istagan narsani doimo qo‘lga kiritib o‘rgangan Usmon sovchilarning ikkinchi gal ham quruq qaytishganini eshitib, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. Qanaqasiga? Birinchi safarni-ku, onasi aytganiday, qizi borning nozi bor, qabilidagi hikmatga yo‘ygandi, ammo ikkinchisi-chi? Hatto “Yoshlar bir uchrashib ko‘rsin” ham deyishmabdi. Uyalmay-netmay “Qizimiz ko‘nmadi” deyishibdi. Bu… bu unga nisbatan haqorat emasmi? Kim bo‘libsanki… He o‘sha senga tarbiya berganlarning…
Ha, aynan shunday: kim bo‘libdiki… Bir ko‘ngli shartta qo‘l siltayu, ket, deydi; ana, hammayoq suluvlaru barnolar, daraxtni tepsang kamida to‘rtta malikai Husnobod yog‘iladi. Lekin, ikkinchi tomondan qarasa, bu qilig‘i bilan qiz Usmonni pisand qilmasligini ko‘rsatmayaptimi? Agar shunaqa manmanlik qilayotgan ekan, bu o‘ziga zarar: Usmon jimgina bo‘yin egib ketaveradiganlardan emas. Illo, qaysi bir muallim aytganiday, qarshilik qarshilik tug‘diradi. Mana endi sen bilan boshqacha gaplashamiz, yaxshi qiz!..
Azaldan ayon haqiqat bu: qasdlashgan ko‘ngilda badbin rejalar patos boylay boshlaydi…
Usmon viloyat markazidagi shohbekatga borib turdi. Toshkentdan kelib to‘xtagan avtobusdan yo‘lovchilar gurillab tushishdi. Mashinasini chekkaroqda qoldirgan Usmon sumka ko‘targan Nafisaning yoniga bordi.
– Yaxshimisiz, Nafisaxon.
Nafisa yigitni ko‘rib xijolat chekdi:
– Voy, Usmon, assalomu alaykum.
– Vaalaykum. Uygami?
– Ha.
– Opketay. Menam qishloqqa.
– Rahmat. – Qiz bo‘ynini cho‘zib, katta yo‘lga qaradi: – Men marshrutkada…
Usmon iljaydi:
– Mayli, juda qo‘ymasangiz marshrutka pulini olarman. O‘zi bu yerga singlimni opketishga kelgandim, bir dugonasinikida ekan, yo‘lga chiqib turaman dedi.
– Rohilami?
– Ha. Ketdikmi?
Nafisa ikkilanib turib qoldi.
– Ishonmasangiz Rohila bilan gaplashing, u meni qayrilishda kutib turibdi. – Usmon telefonini uzatdi: – Nomerini teraymi?
– Yo‘g‘-e, – xijolat chekdi Nafisa. – Rohila bo‘lsa… mayli. Birga…
– Ha-da. Yuring. Manavi yoqda aravam…
Nafisa ort o‘rindiqqa o‘tirdi. Katta yo‘lga chiqishgach, Usmon o‘rindiq yonidagi termosdan chashkaga sharbat quyib uzatdi.
– Marhamat. Onam o‘z qo‘li bilan tayyorlagan. Samarqand gilosidan.
– Rahmat.
– Avval ichib ko‘ring, rahmatni keyin aytasiz. Chet elliklarga bergandim, jinni bo‘lib qolishdi o‘zlariyam. “Bunaqa shirin sokni umrimizda ichmaganmiz”, deyishdi. Tabiiy-da.
Nafisa chashkani olib, sharbatdan ho‘pladi.
– Bemalol “oq” qilib tashlayvering. Qo‘rqmang, spirti yo‘q.
Nafisa kulimsirab qo‘ygach, sharbatni ichdi.
– Rostdanam shirin ekan.
Usmon ko‘tarinki ohangda qizning gapini ma’qulladi:
– Shirin ham gapmi, asal, asal!
Nafisa ming istihola bilan, uzr so‘rayotganday ohangda dedi:
– Usmon. Rohila yo‘qligida aytib olay. Mendan xafa bo‘lgandirsiz. Lekin…
Usmon qizni gapirgani qo‘ymadi:
– Asli o‘zim noto‘g‘ri ish qildim. Avval oldingizdan bir o‘tishim kerak edi. Bekorga shuncha odamni ovora qilib… Qaytanga o‘zim uyalib qoldim… Lekin, eshitishimcha, uydagilaringiz “Shunday odamlardan sovchi keldi”, deb rosa xursand bo‘lishgan ekan.
Nafisa kulimsiradi:
– Siz ularga emas, menga odam qo‘ygansiz shekilli…
– Bu gapingizam to‘g‘ri. – Ko‘zoynagini to‘g‘rilab qo‘ygan Usmon tezlikni pasaytirib, ortiga o‘girildi: – Bir aqlli gap aytaymi?
– Ayting. – Jilmayib turgan Nafisa beixtiyor esnadi, bundan xijolat tortdi. – Voy uzr.
– Hechqisi yo‘q.
Yigitning yana o‘girilib yo‘lga qarab olganini ko‘rgan qiz so‘radi:
– Aqlli gap… aytmoqchi edingiz.
– Aytamanam! – mamnun iljaydi Usmon. – Qo‘lga kelib qo‘ngan qushni uchirib yuborish yo boshqa birovga qo‘shqo‘llab tutish – g‘irt nodonning ishi.
Hech narsani tushunmagan Nafisa bo‘shashib:
– Ya’ni… – dedi, aftidan, nimanidir aniqlashtirmoqchi bo‘ldi, ammo boshqa gapirolmadi. Buning o‘rniga ko‘zlari suzilib, boshi “shilq” etib tushdi: qiz uxlab qolgandi.
Usmon mashinani orqaga qayirib olib, birdan tezlikni oshirdi:
– Mana shunaqa!
* * *
Bir haftacha bo‘lib qoldi, Nafisaning telefoni o‘chgan. Ko‘ngil – dushman; xayolga nimalar kelmaydi.
Erali kechki ovqatdan keyin kiyim-bosh yuviladigan xonaga qamalib olib, raqamlarni teraverdi, teraverdi. Ammo bundan nima naf?..
Erali shu holatda yuragi siqilib o‘tirganida xonaga ikki kursant kirib keldi. Ozg‘in, nimjonroq Tohir bilan xirsday baquvvat Nosir deyarli hamisha birga yurishadi. Nosirday tanqo‘riqchisiga ishonsa kerakki, Tohir uncha-buncha kursantni pisand qilmaydi, bemalol osmondan kelib muomala qilaveradi. Shungami ko‘pchilik uni orqavoratdan “Chiranchiq” deb ataydi. Ammo Tohirning kallasi baloday ishlaydi, ayniqsa, chet tilidan olgani “a’lo”. Tohir bilganlarini himoyachisiga o‘rgatsa kerakki, hozir ham ular o‘zaro inglizcha g‘ujurlashishardi. Tohir ko‘ylak-yoqalarni ichkariga tashlab, maxsus joyga kir yuvish kukunidan solgach, tugmachani bosgan edi, mashina avtomat g‘irillab ishlab ketadi.
Nosir tumtayib o‘tirgan Eralidan hol so‘ragan bo‘ldi:
– Tinchlikmi?
Erali xushlamaygina javob qaytardi:
– Tinchlik.
Nosir tirg‘alishini qo‘ymadi:
– Hozir biz nima deganimizni tushundingmi?
– Yo‘q.
– Ertaga uchish amaliyoti dedik.
Tohir istehzoli iljaydi:
– Shu oddiygina gaplarniyam tushunmadingmi, nodon?
Erali asabiylashdi:
– Senam menga o‘xshab maktabda to‘rt yil nemis tili, besh yil frantsuz tili, kollejda uch yil ingliz tili o‘qiganingda ko‘rardim ahvolingni.
Tohir maqtandi:
– Men maxsus maktabda o‘qiganman.
– Shunga chuldirayapsan-da, – bo‘sh kelmadi Erali ham.
Tohirning avzoyi buzildi:
– Menga qara, tushunmadim, sen menga do‘q uryapsanmi?
Eraliga baribir edi:
– Tushunganing.
– Hov bola, – Tohir Eraliga yaqin keldi, sal engashib, uning iyagidan tutdi: – men bilan o‘ynashma, bir ursam naq qishlog‘ingga borib tushasan-a!
Bu chiranchiqning o‘zini qanday urishini tasavvur etib, kulgisi qistagan Erali o‘rnidan turdi:
– O‘zing birga bir chiqasanmi, – deya u Nosirga ishora qildi, – yo telexingni o‘rtaga solasanmi?
– Seni o‘zim ezib tashlayman!
Tohir hezlanib, Eralining yuziga musht tushirmoqchi bo‘ldi, ammo u o‘zini chaqqonlik bilan chetga olgandi, mushti bo‘sh havoga yo‘llangan chiranchiqning o‘zi munkib ketdi. Bundan foydalangan Erali chap qo‘lda uning iyagiga musht soldi. Tohir bo‘sh qopday orqaga uchib ketdi. Nihoyat aralashmasa bo‘lmasligini tushungan Nosir osonlik bilan Eralini o‘zi tomon qayirib olib, bir urishda uni eshikka qapishtirib tashladi.
Shovqinga navbatchi chopib keldi.
– Nima gap?
Nosir kir yuvish mashinasiga diqqat bilan qarab turgan holda javob qaytardi:
– Negadir yaxshi ishlamayapti. Kursant G‘aniyev shuni sizga aytishga borayotib, toyib ketdi. Shu.
Navbatchi avval Eraliga, so‘ng iyagini changallab turgan Tohirga qaradi:
– Kursant Isomiddinovga nima qildi unda?
Nosir Tohirga bir qaradi, ikki qaradi, ammo nima deyishni bilmasdan peshonasini qashladi.
– Hali yolg‘on to‘qib ulgurmadingizmi?
Navbatchining bu gapiga javoban Nosir ochiqko‘ngillik bilan kulib yubordi:
– To‘g‘risi, ulgurmadim. Juda tez yetib keldingiz-da. – U navbatchining yoniga bordi: – O‘rtoq navbatchi. Ertaga haqiqiy samolyotda birinchi uchishimiz. Shunga bolalar hayajonlanishyapti-da. Bo‘lib turadi. Boshingizdan o‘tgan-ku…
Nosir navbatchini qo‘ltiqlagancha yana nimalarnidir gapirgan ko‘yi xonadan olib chiqib ketdi.
Tohir Eraliga o‘qrayib qarab, do‘q urdi:
– Hali kuningni ko‘rsataman! Menga qo‘l ko‘targaningga ming pushaymon bo‘lasan!
Allaqachon o‘zining tashvish-xavotirli o‘ylariga g‘arq bo‘lgan Erali loqayd javob qaytardi:
– Qo‘lingdan kelganini qilmaysanmi?!
Darhaqiqat, bu kun kursantlar uchun o‘zgacha hayajonlarga to‘la kun edi. Ular ertalabdan harbiy mashqlar aerodromida yo‘riqchi-uchuvchi boshchiligida samolyotlarda uchishga tayyorgarlik ko‘ra boshlashdi.
Safni oxirgi marta ko‘zdan kechirib chiqayotgan mayor Jo‘raboyev Eralining bir tomoni ko‘kargan yuzini ko‘rib qoldi.
– Kursant G‘aniyev! Bu yana nimasi?
Erali darhol javob qaytardi:
– Yiqilib tushdim, o‘rtoq mayor!
Mayor unga shubhalanib qaradi, ammo gumonini aytib o‘tirmasdan, ta’kidlab so‘radi:
– Ucholasizmi ishqilib?
– Xuddi shunday, o‘rtoq mayor, ucholaman.
Mayor ishonqiramasdan bosh chayqab qo‘ygach, safni ko‘rikdan o‘tkazishda davom etdi.
“Erkin!” buyrug‘i yangraganidan keyin kursantlar hayajon bilan samolyotda uchish navbati kelishini kutib, uymalashib turishdi. Shu mahal Eralining telefoni jiringlab qoldi. U shoshib cho‘ntagidan apparatni oldiyu, ekranchadagi “Nafisa” yozuvini ko‘rib, hayajon bilan chekkaroqqa chopib o‘tdi. Erali shovqinni bosish uchun baqirib gapira boshladi:
– Yaxshimisiz, Nafisa… Nega telefonni ko‘tarmaysiz? Yuz marta qo‘ng‘iroq qildim o‘ziyam… Alyo, eshityapsizmi? Alyo… Nafisa…
Samoga ko‘tarilgan samolyot uzoqlashdi. Birdan atrofga jimlik cho‘kdi. Va mana shu sukunat ichida Nafisaning pichirlagani aniq-tiniq eshitildi:
– Bugun… bugun to‘yim…
– A?
Qisqa gudoklar. Ko‘z oldi qorong‘ilashib, qalt-qalt titrayotgan Erali qayta qo‘ng‘iroq tugmachasini bosdi. Telefon o‘chgan…
Allaqayoqdan, uzoq-uzoqdan mayorning ovoz kuchaytirgichda aytayotgani e’loni eshitilardi:
– Kursant G‘aniyev!.. G‘aniyev! Karmisiz, nima balo? Sizning navbatingiz! G‘aniyev deyapman!
Erali birdan og‘irlashib qolgan oyoqlarini bazo‘r sudrab, mast odamday chayqalgan ko‘yi harbiy samolyot yoniga bordi, sudralib kabinaga chiqdi, uchuvchi joyiga o‘tirdi. Uning harakatlarini ensasi qotib kuzatib turgan mayor norozi tarzda bosh chayqadi va ro‘yxatga nimanidir belgilab qo‘ydi.
Qulog‘i shang‘illayotgan Erali minglab bo‘laklarga bo‘lib tashlangan, parcha-parcha bo‘lib ketganday tuyulayotgan tanasini, eng muhimi, parokanda o‘ylarini bir joyga yig‘ib olishga urinarkan, qarshisida o‘ziga muloyim jilmayib turgan yo‘riqchi-uchuvchi Qo‘ldosh akani ko‘rdi. Ellik yoshlardagi, qo‘y ko‘zlari kulib turadigan Qo‘ldosh aka, kursantlarning mehribon ustozi.
– Hammasi joyidami? – deb so‘radi yo‘riqchi-uchuvchi.
Erali bir amallab javob qaytardi:
– Joyida.
– Unda ketdik.
Parraklar ishga tushdi, ular tobora tezroq aylana boshladi. Nihoyat yo‘riqchi samolyotni o‘rnidan qo‘zg‘atish ruxsatini berdi. Samolyot aerodrom chetiga qadar shiddatli tezlikda bordi va yuqoriga ko‘tarildi.
– Yaxshi. Birinchi parvoz muborak bo‘lsin, G‘aniyev!
– Rahmat.
– Davom etamiz…
Parvoz bir maromda kechmoqda. Erali necha yillar intiqib kutgan parvoz quvonchiga qo‘shilgan nogahoniy ayriliq alami uning qalbini ostin-ustun qilib tashlagan edi. Nahot orzulari sarobga aylangan bo‘lsa. Nahotki…
Yo‘riqchi-uchuvchining luqmasi Eralini o‘ziga keltirdi:
– Xayoling joyida emasga o‘xshaydimi, G‘aniyev?
Erali xo‘rsindi, beixtiyor tan oldi:
– Yuragim kuyyapti, Qo‘ldosh aka.
Qo‘ldosh aka jilmaydi:
– Yerda do‘xtirlar kutib turishsinmi?
– Shart emas… – Erali chuqur nafas oldi, pastga, quyida qolgan bulutlar qatlamiga qaradi. – Qiziq, tepadan qaralsa, bulutlar… shudgorlangan yerga yoqqan qorga o‘xsharkan, a.
Qo‘ldosh aka bosh irg‘ab, bu o‘xshatishni ma’qulladi:
– Shunday.
– O‘rtoq yo‘riqchi-uchuvchi, boshqarishni to‘la zimmamga olishga ruxsat bering.
Qo‘ldosh aka bir zum o‘ylanib qoldi, so‘ng, yigitning ovozidagi hazinlik, g‘ussa ta’sir qildimi, bosh irg‘ab, yonidagi tugmachani bosdi:
– Ruxsat.
Nimagadir ahd qilgan Erali bulutlar orasini yorib o‘tdiyu, kursni qishlog‘i tomon oldi.
Qo‘ldosh aka beozor to‘ng‘illab qo‘ydi:
– Obbo, sening yuragingni deb boshimiz baloga qolmasaydi hali.
Erali bu gapni eshitmaganday samolyotni pastlataverdi.
Qishloqdan chiqib kelgan to‘y mashinalari safidagi qora “Mersedes”da kelin-kuyov o‘tirardi. Oldingi o‘rindiqda, haydovchining yonida allaqachon kayf bo‘lib qolgan kuyovjo‘ra Sobir.
To‘satdan tiniq osmonda paydo bo‘lib, shiddat bilan shu tarafga uchib kelgan samolyot pastlab, mashinalar karvoni ustidan o‘tdi. Mashinadagilar baqir-chaqir qilib o‘z quvonchlarini izhor qilishga shoshishdi. Ammo kelinchakning rangi oqarib ketdi, shoshib orqaga o‘girilib, samolyot izidan qarab qoldi.
Sobir oynadan boshini chiqarib, shodon qo‘l silkidi:
– Eh-he-hey!.. – U boshini ichkariga olib, ortga o‘girildi, kuyov yigitga hasad aralash havas bilan qaradi. – Samolyotni o‘zing zakaz qildingmi, og‘ayni? Soqqasi qancha bo‘ldi? Yo Erali qarashvordimi? Bira to‘la bir eskadrilyasini chaqirmabsan-da. Osmonda “Usmon plyus Nafisa” degan yozuvni yozishardi. Dahshat bo‘lardi o‘ziyam!
Usmon bu maqtovlarning o‘ziga daxli yo‘qdek yo‘ldan ko‘z uzmay, miq etmasdan ketaverdi.
Samolyot aylanib, ikkinchi bor kelganida vahimali darajada pastlab uchdi. Videochi kamerasida, kuyovjo‘ralar esa qo‘l telefonlarida jon-jahdlari bilan samolyot tomoshasini suratga olishardi.
Samolyot mashina qarshisidan uchib o‘tayotganida Nafisa kabinada o‘tirgan Eralini ko‘rdi. Aniq ko‘rdi. Yigit ham qizga ko‘z tashlashga ulgurdi.
Samolyot shiddat bilan tepaga ko‘tarildi. Kelinchak ort oynada oppoq dog‘ misoli ko‘kka termulib qolaverdi.
Usmon ko‘zoynagini to‘g‘rilab olib, Nafisaga o‘girildi:
– Bir aqlli gap aytaymi?
Ammo kelinchak uni eshitmayotgandek hamon moviy ko‘kdan, uzoqlab, nuqtaga aylanayotgan samolyotdan ko‘z uzmasdi…
Eralining ko‘zlari jiqqa yosh edi.
– Sal bosildimi, o‘g‘lim? – mehribonlik bilan so‘radi Qo‘ldosh aka.
Erali bosh chayqadi.
– Hechqisi yo‘q, o‘zi shunaqa bo‘ladi, – uni yupatishga urindi Qo‘ldosh aka. – Yara bir lovullab og‘rib, keyin tuzaladi. Har qalay, u endi birovning xasmi. Baxtli bo‘lsin… Xo‘sh, endi real hayotga qaytaylik.
Yo‘riqchi-uchuvchi aloqani ishga tushirdi. Shu zahoti mayor Jo‘raboyevning fig‘oni falakka chiqib baqirayotgani eshitildi:
– Yo‘riqchi-uchuvchi Jalilov! Jalilov! Jalilov!
– O‘rtoq mayor, – aybdorona ohangda izoh berdi Qo‘ldosh aka. – Kutilmaganda aloqa uzilib qoldi deng. Mana, hozirgina tiklandi.
– Shuning uchun kursni o‘zgartirdingizmi? Bu nima o‘zboshimchalik? Tez bazaga qayting!
– Xo‘p bo‘ladi, o‘rtoq mayor! Aloqa tugadi. – Qo‘ldosh aka Eraliga qarab jilmayib qo‘ydi. – Ruxsatingiz bilan boshqaruvni o‘z zimmamga olaman, jigit.
Erali unsiz bosh irg‘adi. Samolyot keskin burilish yasab, aerodrom tomon uchdi.
Bir muddat aloqa yo‘qolgan samolyotni kursantlar aerodromda shovqin-suron bilan qarshi olishib, ekipajni savollarga ko‘mib tashlashdi: “Nima bo‘ldi?.. Ayb qayerda ekan?.. Qo‘rqmadilaringmi?..” Faqat qovog‘idan qor yog‘ayotgan mayorning:
– Bu nima shovqin? Bozormi bu yer senlarga? – degan baqirig‘idan so‘nggina hamma jimib qoldi.
Hatto telefoniga qarab, birdan hovliqib qolgan, endi mayorga murojaat qilmoqchi bo‘lgan Tohir ham tilini tishladi. Hamma o‘z joyini egalladi va mashg‘ulot davom ettirildi.
Albatta, bu masala shunday qolib ketishi mumkin emas edi. Mayor Jo‘raboyev ham amaldagi tartib-qoidalarga bo‘ysungan holda mashg‘ulotlar tugab, bilim yurtiga qaytishgan zahoti muassasa rahbari polkovnik Rasulovga murojaat qildi.
– O‘rtoq polkovnik. Bularga nisbatan qat’iy intizomiy chora ko‘rmasak bo‘lmaydi.
Yo‘riqchi-uchuvchini necha yillardan beri yaxshi biladigan polkovnikning bu gapga ishongisi kelmadi.
– Qo‘ldosh aka tajribali yo‘riqchi. Juda tajribali. Balki chindan ham aloqa uzilib qolgandir.
Mayor istehzoli iljaydi:
– Shu arzimagan balandlikda-ya. Bo‘lishi mumkin emas.
– Texnika bu, o‘rtoq mayor. Har narsa bo‘lishi mumkin.
– Unda bunga nima deysiz? – Mayor qandaydir qoniqish bilan qo‘l telefonidagi videoyozuvni ko‘rsatdi. Unda kelin-kuyovning mashinalar karvoni ustidan shiddat bilan, juda pastlikda uchib o‘tayotgan harbiy samolyot ko‘rindi. – Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi, deganlari shu-da. Aloqa uzilgan emish. Bizni ahmoq deb o‘ylaganmi bular… – Polkovnikning qoshlari chimirilayotganini ko‘rgan Jo‘raboyev birdan jiddiy tortdi: – Bu ustavni, barcha yo‘riqnomalarni hamda texnika xavfsizligi me’yorlarini atay hamda qasddan buzish hisoblanadi, o‘rtoq polkovnik.
Polkovnik kumush sochlarini silagancha o‘ylanib qoldi. So‘ng qiziqib so‘radi:
– Aytganday, siz bu video yozuvni qayerdan oldingiz, o‘rtoq mayor?
– Internetdan, pryamoy reportaj qilib kiritib yuborishibdi azamatlar.
– Hm-m… Nima, o‘zingiz internetga kirib turasizmi? Ish paytida.
– Yo‘g‘-e, vaqt qayda. Kursantlarimizdan biri tasodifan ko‘rib qopti… Xullas, mana mening raportim. Men kursantni bilim yurtidan haydashni, yo‘riqchini esa uch oylik sinov muddati bilan mexaniklikka o‘tkazishni talab qilaman.
Polkovnik raportni oldi.
– Men bir o‘ylab ko‘ray.
Mayor o‘rnidan turdi:
– Ketishga ruxsat bering.
Polkovnik xo‘rsindi:
– Ruxsat.
Polkovnik raportga tezgina ko‘z yugurtirib chiqqach, deraza yoniga borib, tashqariga qaradi, kursantlarning mashg‘ulotini biroz kuzatgan bo‘ldi, so‘ng qaytib joyiga kelib o‘tirdi-da, stoldagi tugmachani bosdi.
– Jalilov kelgan bo‘lsa, ayting, kirsin.
Eshik ohista ochilib, Qo‘ldosh aka kirdi.
– Chaqirtirganmidingiz, o‘rtoq polkovnik.
Rasulov shoshib o‘rnidan turdi:
– Keling, Qo‘ldosh aka, keling. Siz bilan bir gaplashib olay deb chaqirdim-da… Marhamat, o‘tiring.
* * *
Hammasi tamom bo‘ldi…
Erali xonasida tushkun kayfiyatda, hukmni kutib o‘tirardi. Nizomga ko‘ra bilim yurtidan haydashlari tayin. Ishqilib, Qo‘ldosh akaga gap tegmasa bo‘ldi edi. “Mening kasrimga…”
Eshikdan bo‘ylagan Tohir yosh boladay tilini chiqarib, mayna qilayotganday boshini chayqadi:
– Bay-bay, kursant G‘aniyev… Ie, nega haligacha narsalaringni yig‘ishtirmading?
Musht bo‘lib tugilgan barmoqlari qisirlab ketgan Erali asta o‘rnidan tura boshladi:
– Kir, yordamlashvorasan.
Tohir hushyor edi – qochib qolishga o‘ng‘ay bo‘lsin uchun gavdasini sal orqaroqqa oldi, ammo gapdan qolmadi:
– O‘zlari bahuzur.
Endi mazax qilish navbati Eraliga o‘tdi:
– Yoningda telexing bo‘lsa kirarding-a.
Bunaqa pichinglarni eshitaverib, beti qotib ketgan Tohir pinagini buzmadi:
– Sen yaxshisi o‘zingning kelajagingni o‘yla, nodon.
– Senam men haqimda qayg‘urmay qo‘ya qol.
Tohir bilag‘onlik qildi:
– O‘libmanmi qayg‘urib! Hammasi kaftdagiday ko‘rinib turgan bo‘lsa. Seni mardikorlik, qora ish quchoq ochib kutib turibdi, to‘nka. Endi bundan keyin kimga sakramaslik kerakligini bilib olarsan. Lekin kech!
Ko‘zi qonga to‘lgan Erali ichkariga taklif qildi:
– Bu yoqqa kirib gapir-chi?!
Uning vajohatini ko‘rgan Tohir jon alpozda juftakni rostlab qoldi. Erali eshikni mahkam bekitdi-da, narsalarini yig‘ishtira boshladi.
Bu safar eshikni navbatchi ochdi:
– Kursant G‘aniyev. Sizni so‘rab kelishibdi.
Bu xabarni eshitgan Erali garangsib qoldi. Kim ekan? Nahotki yana o‘sha ablah… Nega keladi?
Nazorat-o‘tkazish postidan ne xayollarda chiqib kelgan Erali daraxt bahaybat eman daraxti yonidagi o‘rindiqda o‘tirgan onasi bilan opasini ko‘rdi.
– Voy, o‘rgilay bolam…
– Ukajon!..
Ular quchoqlashib ko‘rishdi.
– Battar ozibsan-ku, bolam.
– Qorayibsan. Endi haqiqiy yigitga o‘xshabsan.
Hayajonli hol-ahvol so‘rashishlar, picha ko‘z yoshi ham to‘kib olishlardan so‘ng Oygul xola o‘g‘liga diqqat bilan qarab turib so‘radi:
– Kayfiyating yo‘qmi, bolam?
– Yo‘g‘-e, – shoshib javob qaytardi Erali, – sal charchagan bo‘lsam kerak-da.
Oygul xola yengil tin oldi:
– Unda mayli… Kamandirlaringga rahmat aytib qo‘y, bugun bozor bo‘lmasayam seni chaqirib berishdi. Biz o‘zi Jizzax bozoriga kelgandik. Yo‘l-yo‘lakay seniyam bir ko‘rib o‘taylik dedik.
Erali hayron bo‘ldi:
– Bozorga. Tinchlikmi, oyi?
Oygul xola mag‘rur tarzda, hattoki qaddini sal rostlabroq dediki:
– Opangga non sindirdik. Xudo xohlasa, – ona uyalib, o‘zni chetga olgan qiziga qarab, kulimsirab qo‘ydi, – Xudo xohlasa ko‘klam to‘y. Shunga mato-cho‘barak deganday…
Erali ham yayrab ketdi:
– Pochcha kim?
– Yaxshi odamlarning bolasi. Olmalidagi Tirkash muallimning kenjasi. Sen tanimasang kerag-ov. Ular asli nayman urug‘idan…
KPPdan chiqib, atrofga alanglagan navbatchi shoshib Eralining yoniga keldi:
– Kursant G‘aniyev. Zudlikda polkovnik Rasulovning kabinetiga kirarkansiz.
Jazolanish fursati yetib kelganini anglagan Erali bo‘shashib o‘rnidan turdi:
– Xo‘p bo‘ladi.
– Mayli, bolam, boraqol. Bizni deb gap eshitib yurma tag‘in. – Oygul xola imlab qizini chaqirgach, o‘rindiq yonidagi ro‘zg‘or sumkalarini o‘g‘lining qo‘liga tutqazdi: – Bu yerda ozroq turshak, mayiz, chakki… Mumkin-ku, a?
Eralining ikkilanib turganini ko‘rgan navbatchi javob qaytardi:
– Mumkin, xolajon, mumkin.
Erali narsalarni oldi, hamon yaqin kelmasdan, nariroqda turgan opasiga qo‘l silkib qo‘ydi:
– Baxtli bo‘ling, opa.
Gulzoda ham bunga javoban qo‘l silkidi.
Navbatchi bilan ma’muriy bino tomon borayotgan Erali yo‘l-yo‘lakay so‘radi:
– Hammasidan xabaring bordir?
Navbatchi boshi ham kursantga achinib qaradi:
– Bunaqa gaplar tez yoyiladi.
– Demak, hozir pattamni qo‘limga tutqazishadi, shundaymi?
– Buyruqni de.
– Nima farqi bor… – Erali sumkalarni navbatchiga berdi. – Ol. Eslab yurarsan. Olaver…
Keng-mo‘l kabinetda Rasulovdan tashqari mayor Jo‘raboyev, fuqaro kiyimidagi yo‘riqchi-uchuvchi Jalilov ham bor ekan.
Polkovnik hech qanday savol-javob o‘tkazmadi, voqea tafsilotlarini ijikilab so‘rab o‘tirmadi, gapni ham qisqa qildi:
– Yuz bergan hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borildi. Yo‘riqchi-uchuvchi Jalilov yozib bergan tushuntirish xatida hamma aybni o‘z zimmasiga olgan.
Tumshayib o‘tirgan Jo‘raboyev ajablanib, o‘rnidan turib ketdi:
– Lekin…
Polkovnik mayorning gapini bo‘ldi:
– Jalilov o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan. Biz bu iltimosni qanoatlantirdik. Kursant G‘aniyevning hali tajribasizligini hisobga olgan holda unga ogohlantirish e’lon qilinadi.
Mayor yana:
– Lekin… – deyishga ulgurdi, xolos.
Polkovnik keskin ohangda mashvaratga yakun yasadi:
– Hammaga javob!
Voqea bunaqa yakun topishi mumkinligi yetti uxlab tushiga kirmagan Erali ma’muriy binodan garangsib chiqqach, mashq maydoni yonida ancha turib qoldi. Nihoyat eshikda Qo‘ldosh aka ko‘rindi. Erali chopib uning yoniga bordi.
– Qo‘ldosh aka! Nega bunday qildingiz?
Sobiq yo‘riqchi-uchuvchi ma’yus kulimsiradi:
– O‘zi… o‘zi pensiyaga chiqsam deb turgandim.
– Qo‘ldosh aka, – deya titrab-qaqshab yolvordi Erali. – Siz ketmang. Men o‘rtoq boshliqning oldiga kiraman, hammasini tushuntiraman.
– Bu endi hech narsani o‘zgartirmaydi, chunki buyruq muhokama qilinmaydi, – deya Eralining yelkasiga qoqib qo‘ydi Qo‘ldosh aka. – Poyezd ketib bo‘ldi, jigit. Endi bu yog‘iga hushyor bo‘l! Xayr!
Qo‘ldosh akaning ortidan angrayib qarab qolgan Eralini kimdir turtganday bo‘ldi. U shoshib ortiga o‘girildi va qarshisida o‘ziga qadalib tikilib turgan mayorni ko‘rdi. Jo‘raboyev nadomat bilan pichirladi:
– Qo‘ldosh aka… osmon jinnisi edi… Sen shu qurbonlikka arziysanmi, kursant?
Ovozi titrab ketgan mayor javob ham kutmasdan o‘quv binosiga qarab tez yurib ketdi. Oyoqlaridan mador qochgan Erali devorga suyanib qoldi.
* * *
Birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilanoq Erali shaharga chiqib, Qo‘ldosh akani izladi. Besh qavatli uyning eng yuqori qavatida yasharkan. Ammo eshik ko‘ng‘irog‘iga hech kim javob bermadi. Erali qo‘ni-qo‘shnilardan surishtirib bildi: uy egasi ayoli bilan qishloqqa ketibdi. Bunaqa paytlari tabiiy ravishda aytiladigan “Bola-chaqasi-chi?” degan savol har safar muallaq qolaverdi. Axiyri, uzoq surishtirishlardan so‘nggina Qo‘ldosh aka yoshi qirqqa yaqinlashganda ukasining qizchasini asrab olganligini, qiz bo‘y yetib, to‘rt-besh yil burun o‘sha qishloqqa turmushga chiqib ketganligini aniqladi. Xullas, hozir Qo‘ldosh akaning ikkita suyukli nevarasi bor ekan: bir o‘g‘il, bir qiz.
Bilim yurtida esa mashg‘ulotlar davom etmoqda edi. Endi Erali yanada astoydil o‘qishi, joni boricha mashq qilishi, sport zalida, trenajyorda terlab-pishib shug‘ullanishi shart edi. U charchab-horigan mahallari o‘ziga mayor Jo‘raboyevning iztirobli savolini berardi: “Sen shu qurbonlikka arziysanmi, kursant?” Javob… javob qanday ham bo‘lardi! Bunaqa mahallari Erali sakrab o‘rnidan turib ketar va darsni qayta boshdan o‘qishga o‘zini majbur qilardi.
Ammo o‘zlashtirish oson kechmasdi. Ayniqsa, yozma ishda savodi haminqadarligi yaqqol sezilardi-qolardi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Mayor Jo‘raboyev sinov natijalarini e’lon qilarkan, faqat kursant Tohir Isomiddinovning ishi “a’lo” bahoga arzishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
– Kursant G‘aniyev.
Erali uchib o‘rnidan turdi:
– Men.
– “Uch”. Minusi bilan.
Kursantlar kulib yuborishdi, hatto hazil aralash chapak chalganlar ham bo‘ldi. Erali qizarib-bo‘zarib mayorning qo‘lidan yozma ishini oldi, joyiga o‘tirib, varaqlab ko‘rdi. Deyarli har bir jumlaga qizil ruchka tekkan edi.
Shu tun Erali mijja qoqmadi hisob. U xonada ko‘zlari qizargancha yozma ishi matnidagi har bir so‘zni kitobga qayta-qayta solishtirib chiqdi. Hatto hamxonasining o‘rnida ag‘darilib:
– Sen uxlaysanmi o‘zi, boyqush? – deb to‘ng‘illaganiga ham e’tibor bermadi.
Ha, tan oladi: xatolari mo‘l edi. Haliyam mayor ayabdi: bemalol “ikki”, hatto “bir” qo‘ysa ham bo‘larkan. Uyat…
Baayni Eralining ezilib yurganini sezganday ertasi kuni kursantlar yasagan samolyot modellarini sinchiklab tekshirib chiqayotgan katta leytenant Dovurov kutilmaganda:
– Kursant G‘aniyev. Bahoyingiz “a’lo”, – deb qolsa bo‘ladimi!
Erali quvonchdan o‘zini yettinchi osmonda his qildi. Bo‘larkan-ku…
* * *
Tez orada harbiy o‘quv aerodromida amaliy mashg‘ulotlar boshlanib ketdi. Yuragi taka-puka bo‘lib turgan bo‘lsa-da, Erali qattiqqo‘l yo‘riqchilar ko‘magida samolyot-vertolyotlarni xotirjam, sovuqqonlik bilan boshqarishni o‘rgandi.
Navbatdagi amaliyotdan keyin mashg‘ulot sport zalida davom etdi. Kimono kiygan kursantlar murabbiy rahbarligida sharq yakkakurashi bilan shug‘ullanishayotgan payt tasodifan Erali sparingga Nosir bilan tushib qoldi.
Paytdan foydalanib qolishni istagan Tohir zipillab kelib, Nosirning qulog‘iga shivirlab ketdi:
– Bir ta’zirini berib qo‘y, bu jo‘jaxo‘rozning!
Murabbiy ikkala raqibga qarab, o‘zicha ularning kuchini chamalab ko‘rdimi, Eralidan so‘radi:
– Vazn kategoriyalaring to‘g‘ri kelmayapti. Almashtiraymi?
Hammaning qulog‘i ding bo‘lib, uning javobini kutayotganini sezgan Erali qat’iy bosh chayqadi:
– Yo‘q. Hammasi joyida, sensey.
“O‘zing bilasan” deganday yelka qisib qo‘ygan murabbiyning ruxsatidan so‘ng tatamida “jang” boshlandi. Nosir baquvvat, tajribali sportchi. Bu uning xotirjam, o‘ziga ishonch ufurib turgan harakatlaridan ham yaqqol sezilib turardi. Erali jon-jahdi bilan unga bo‘sh kelmaslikka tirishdi, hatto ikki-uch marta aniq zarba ham berdi. Buni kutmagan kursantlar ikkiga bo‘linib, ishqibozlikka, baqir-chaqir qilib dalda berishga o‘tishdi:
– Ursang-chi tuzukroq!.. Joning bormi o‘zi?.. Sol…
Raqibini sanoqli soniyalarda bir yoqli qilaman deb o‘ylagan Nosir jahl bilan hujumni kuchaytirdi, Erali himoyani. Olishuv yanada qizidi.
Nosirning keskin oyoq zarbalaridan biri kutilmaganda peshonasiga qarsillab teggan Erali tatamiga “gup” etib quladi. Tohir badxohlik bilan e’lon qildi:
– Tamom!
Bu mash’um hukmdan so‘ng zalga birdan o‘lik sukunat cho‘kdi. Hatto rangi qorday oqarib ketgan murabbiy ham bir og‘iz so‘z aytishga ojiz edi. Erali nafas olmasdi. Hamma lol-hayron.
Tuyqus qog‘oz ustida qalam yurgan kabi nimadir qitirlaganday bo‘ldi. Yer bilan bitta bo‘lib yotgan kursantga jon bitmoqda edi. Ana, avval u qo‘llarini yig‘ishtirib oldi, keyin ularga tayangancha qaddini rostladi. So‘ng oyoqlarida mahkam turdi-da, musht qilib tugilgan qo‘llarini yorilgan lablari yoniga olib borgach, murabbiyga qaradi, so‘zlarni dona-dona qilib dedi:
– Tayyorman. Davom ettiramiz, sensey.
Lablari pir-pir uchayotgan murabbiy Eralini asta yelkasidan quchib olib, shivirladi:
– Sen yutib bo‘lding, kursant…
* * *
O‘qishning qolgan davri shuvillab o‘tdi-ketdi. Bitiruvchilarga tantanali ravishda diplom topshirish marosimiga kursantlar o‘zlariga yarashib turgan leytenant formalarida kelishdi.
Bayramga ota-onalar, qarindosh-urug‘lar yig‘ilishdi. Ular orasida ko‘zyoshlarini yashirib yig‘layotgan Oygul xola, erining yonida katta guldasta bilan qappaygan qornini yashirib turgan Gulzoda ham bor edi.
Jangovar harbiy uchuvchilarga qismlarga yo‘llanmalar berildi. Bu tasodifmi, Tohir Isomiddinov, Nosir Toshboyev, Erali G‘aniyevlar bir qismga tushib qolishdi.
Ular belgilangan paytda qismga yetib kelishdi, podpolkovnik Rahimov tomonidan qism jangchilariga tanishtirildi. Shundan so‘ng harbiy xizmat boshlandi.
Kech kuzning badqovoq kunlaridan biri edi. Kutilmaganda harbiy uchuvchilar qismida trevoga yangrab qoldi. Uchuvchilar, ekipajning boshqa a’zolari chopib kelishib samolyot va vertolyotlar qarshisida saf tortishdi.
Qism komandiri podpolkovnik Rahimov buyruq berdi:
– Jangovar topshiriq! Zudlikda desantchi askarlarni vertolyotlarimizda tog‘li hududga yetkazib borishimiz shart! Zudlikda!.. Ekipajlar, harbiy mashinalarga!
Ekipaj a’zolari vertolyotlar tomon chopishdi. Usti yopiq mashinalarda yetib kelgan desantchi askarlar komandirlar buyrug‘iga ko‘ra guruhlarga bo‘linib, allaqachon parraklari aylana boshlagan vertolyotlarga chopib chiqishdi.
Desantchilar oshig‘ich joylashib bo‘lishgach, samoga uchta harbiy vertolyot ko‘tarilib, yonma-yon uchib keta boshlashdi.
Oradan chorak soat o‘tar-o‘tmas havo keskin aynidi. Qora bulutlar hamma tomonni qoplab oldi, momoqaldiroq gumburladi, chaqmoqlar chaqdi. Bular ham kamday kuchli bo‘ron ko‘tarildi. Qudratli shamol zabtida xuddi o‘yinchoqday goh pastga tushib, goh tepaga ko‘tarilayotgan vertolyotni boshqarish tobora qiyinlashib borardi.
Chap tarafdagi yashil chiroqcha pirpiraganini ko‘rgan Tohir radioaloqaga chiqdi:
– Baza, birinchi eshitadi! Qabul.
Uchishni boshqarish markazidan navbatchining tashvishli ovozi eshitildi:
– Birinchi! Hozirgina meteorologiya xizmatidan shoshilinch xabar oldik. Sizlar uchayotgan hududda keskin havo o‘zgarishi kutilmoqda. Jala, chaqmoq. Zudlikda bazaga qayting!
– Tushundim. – Tohir qarshisidagi tugmachalardan birini bosdi. – Ikkinchi! Eshityapsanmi meni?
Qaydandir uzoqdan Nosirning tanish ovozi keldi:
– Eshityapman.
– Baza bilan bog‘landingmi?
– Ha.
– Orqaga qaytish kerak!
Tashqarida shiddat bilan jala quya boshladi.
– Boshqa iloj yo‘q, – xo‘rsindi Nosir. – Bo‘lmasa qulashimiz aniq.
Qora bulutlar bag‘rida chaqmoq, momoqaldiroq gumburladi. Jala do‘lga aylandi.
Uchinchi vertolyotni boshqarib ketayotgan Eralining yoniga kelgan desantchilar guruhi boshlig‘i, yoshgina leytenant baqirib so‘radi:
– Nima gap, komandir?
– Qaytishga buyruq berildi. – Erali tashqariga ishora qildi: – Xavf maksimal darajada. Chaqmoq ursa, bir hovuch kulga aylanamiz.
– Chaqmoq urmasa-chi?
Erali tushuntirdi:
– Unda bo‘ron vertolyotimizni surib borib toqqa uradi.
Leytenant afsuslanib bosh chayqadi:
– Eh, attang… Hech iloji yo‘qmi, komandir?
– Ozgina iloji bo‘lsa ham jonim bilan edi. Yo‘riqnomaga ko‘ra ham hoziroq ortga qaytishimiz shart! Shuncha odamning hayotini xavf ostiga qo‘yolmaymiz!
Leytenant hammasini tushunganday bosh irg‘adi-yu, birdan yolvorib iltimos qilishga tushdi:
– Bir yo‘lini qiling, aka. Biz yetib bormasak, u yoqda do‘stlarimiz halok bo‘lishadi.
Erali hayron bo‘ldi:
– Nima gap o‘zi, tushuntirib gapiring.
Leytenant og‘ir uf tortdi:
– Tog‘dan bir guruh jangarilar oshib o‘tishga urinishmoqda. Ularning hujumini chegarachilarimiz qaytarib turishibdi. Lekin agar ulgurmasak… Eh, yetib borsak edi…
Erali qarshisidagi tubsiz zulmatga, ora-sira chaqnayotgan chaqmoqlarga, do‘l-jalaga bir muddat tikilib qoldi, so‘ng ikki yoniga qaradi. Ikkala vertolyot chiroqlaridan ularning orqaga qayrilayotgani ravshan edi.
Radioaloqa ishga tushdi:
– Uchinchi! Uchinchi!
Erali yashil tugmachani bosdi:
– Uchinchi eshitadi.
– Qaytishda ham ehtiyot bo‘ling. Bo‘ron kuchaymoqda.
– Tushundim, baza.
Vertolyot yanada qattiqroq silkina boshladi. Dastakni bir amallab ushlab turgan Erali ortida boshini changallab o‘tirgan desantchiga o‘girildi.
– O‘rtoq leytenant!
U birdan jonlanib qoldi:
– Nima gap, komandir? Buyruq o‘zgardimi?
– Yo‘q, buyruq o‘z kuchida qoldi… – Erali ikki yonga qarab, tobora uzoqlashayotgan qizil chiroqlarni ko‘rdi. – Yetib borsak, qancha odamni asrab qolamiz?
– Bir rota askarni!
Negadir ayni lahzada Eralining ko‘z o‘ngidan mudom muloyim jilmayib turadigan yo‘riqchi-uchuvchi Qo‘ldosh aka o‘tdiyu, u shaxt bilan radioaloqani o‘chirdi.
– O‘rtoq leytenant, negadir aloqa ishlamay qoldi-ya…
Leytenant unga hayron bo‘lib qaradi. Erali davom etdi:
– Shunga buyruqni yaxshi eshitolmay qoldim. Eshitsam ham anglolmadim. Qayta so‘ray desam, ahvol bunaqa.
Shundagina leytenant nimanidir anglaganday bo‘ldi:
– Aytmoqchisizki…
Erali o‘zi o‘ziga buyruq berdi:
– Olg‘a!
Leytenant hayajonlanib Eralining yelkasiga qoqib qo‘ydi. Mitti vertolyot junbushga kelgan cheksiz osmon bag‘rida ojiz xas misoli uchib ketdi.
Shu soniyalarda harbiy uchuvchilar qismining boshqaruv pultida vaziyat tarang edi. Zero, pult yonida o‘tirgan Rahimovga navbatchi:
– Uchinchi bilan aloqa uzildi, – deya raport bergandi.
Podpolkovnik o‘rnidan ilkis turdi:
– Qanaqasiga uziladi?
– Bilmadim, aniq bir narsa deyolmayman, – chaynaldi navbatchi. – Balki… balki halokatga uchragandir…
– Yomon nafas qilma! – jerkib berdi uni Rahimov. – Nima qilib bo‘lsayam aloqani tikla. Hoziroq!
– Xo‘p bo‘ladi, – degan navbatchi ovozi xirillab qolguncha mikrofonga baqiraverdi: – Uchinchi! Uchinchi! Baza gapiryapti! Qabul! Qabul…
Oxiri toqati toq bo‘lgan podpolkovnik buyurdi:
– Birinchi bilan ikkinchiga xabar qiling.
Navbatchi endi:
– Birinchi! Birinchi! – deyishga o‘tdi.
Tohir darhol aloqaga chiqdi:
– Birinchi eshitadi.
– Uchinchi bilan aloqa uzildi. Vaziyat haqida xabar bering.
Tohir atrofga alanglab, o‘ng tarafida o‘ziga parallel ravishda kelayotgan chiroqni ko‘rdi. Orqada esa uzoqlashib ketayotgan mitti yorug‘ nuqta. Tohir jahl bilan yelka qisib qo‘ydi.
– Baza. Ikkinchi o‘ng yonimda uchib ketyapti. Uchinchi ko‘rinmayapti. Vaziyat: xavf maksimal.
Rahimov mikrofonga egilib, horg‘in ovozda buyruq berdi:
– Birinchi, bazaga qayting… Nima qilib bo‘lsa ham eson-omon yetib keling!
– Harakat qilaman, o‘rtoq podpolkovnik! – biyron javob qildi Tohir.
– Harakat qilaman emas, bajaraman deng, Isomiddinov!
– Xuddi shunday, o‘rtoq podpolkovnik, bajaraman!
Navbatchi endi ikkinchini aloqaga chaqirib, uchinchi bilan aloqa uzilganini xabar qildi va vaziyat borasida hisobot so‘radi.
Nosir yon-atrofga, orqaga qarab olgach, raport berdi:
– Baza. Birinchi chap yonimda uchib ketyapti. Uchinchi… hozir… uchinchi ortimda, uzoqda ko‘ringanday bo‘ldi. Menimcha u kursni o‘zgartirmagan…
Podpolkovnik mikrofonni navbatchining qo‘lidan deyarli yulqib oldi, hovliqib so‘radi:
– Nima dedingiz, ikkinchi? Uchinchi omonmi?
Nosirning shovqin-suron ichidagi ovozi arang eshitildi:
– Uzoqda ko‘ringanday bo‘lgandi. Qani, yana bir qaray-chi… Yo‘q, o‘rtoq podpolkovnik, hech narsa ko‘rinmayapti. Hech narsa.
Umid shami bir yonib o‘chgan Rahimov noiloj buyruq berdi:
– Ikkinchi. Zudlikda bazaga qayting!
– Xo‘p bo‘ladi.
Peshonasiga sovuq ter toshgan podpolkovnik stulga behol o‘tirib qoldi.
Yana bir muddat mikrofonga:
– Uchinchi!..Uchinchi!.. Qabul!.. – deb qichqirib turgan navbatchi o‘ziga o‘zi gapirayotganday asta dedi: – Menimcha biz uchinchini yo‘qotdik…
Boshqaruv pulti markaziga og‘ir sukut cho‘kdi.
Qaltirab-titrayotgan vertolyotni arang boshqarayotgan, ortiga shuncha tikilib ham biron yorug‘ nuqtani ko‘rmayotgan Nosir axiyri birinchi bilan aloqaga chiqdi.
– Eshitdingmi, uchinchi bilan aloqa uzilibdi.
– Aytishdi.
– Bir qaraganimda kurs bo‘yicha ketayotganday ko‘ringandi. Endi hech narsa ko‘rinmayapti.
Tohir gapni kalta qildi:
– Demak yetib kelgan.
Nosirning yuragi shuvillab ketdi:
– Unaqa dema, Tohir.
– Bu mashq emas, Nosir, nega tushunmaysan? – kuyinib gapirdi Tohir. – Bu haqiqiy jang. Urush esa qurbonsiz bo‘lmaydi.
Nosir ikkilangan ohangda so‘radi:
– Yo orqaga qaytib, xabar olaymi?
– Tentakmisan? – baqirib berdi Tohir. – Shuncha odamning hayotini xavf ostiga qo‘yasanmi? Buning uchun seni tribunalga berishadi! Agar tirik qolsang, albatta!
Nosir ochig‘iga ko‘chdi:
– Baribir ko‘nglim g‘ash.
– Ko‘nglingga emas, buyruqqa quloq sol! Qayt deyishdimi, qaytish kerak! Tushundingmi, ikkinchi!
– Tushundim, birinchi!
Tohir tez hovuridan tushdi:
– Bu boshqa gap…
Tim qora osmonda bo‘ronu jala qo‘ynida yonma-yon uchib ketayotgan ikkita mittigina vertolyot uchuvchilari to ne mashaqqatlar bilan, bir amallab bazaga yetib kelgunlariga qadar boshqa bir og‘iz ham gaplashishmadi.
* * *
Tim qora osmon bag‘rida, bo‘ronu jala zabtida qolgan vertolyot uchuvchisiga yo‘nalishni aniq olish oson emas. Erali ham desant guruhi boshlig‘ining xaritasiga qarab ko‘r-ko‘rona yo‘l tanlardi.
– Bo‘sh kelma, komandir, – deb qo‘yardi uyam xaritaga damo-dam qarab. – Yana bir soatcha chidab bersang, ob’ektda bo‘lamiz.
Kutilmaganda birdan motor o‘chib, parraklar aylanishi to‘xtadiyu, vertolyot bo‘ron izmida noma’lum tomonga uchib ketdi. Erali jahl bilan dastakni urdi:
– La’nati!
– Nima bo‘ldi, komandir? – xavotirlanib so‘radi leytenant.
Erali ochig‘iga ko‘chdi:
– Motor ishdan chiqdi.
– Endi nima qilamiz? Sozlab bo‘lmaydimi?
– Havoda-ya. Yo‘q… Ikkinchi motorni ishga tushirishga urinib ko‘raman.
Erali kalitni buradi. Bir necha urinishdan so‘ng nihoyat zaxira motor ishlab ketdi, varraklar aylandi. Vertolyot chayqalib-qaltirab yo‘nalish bo‘yicha uchishda davom etdi. Leytenant xursand bo‘lib ketdi:
– Yashavor, komandir!
Erali baqirib tushuntirdi:
– Bu motor tinch havoda bir soat uchishga chidab beradi. Bunaqa bo‘ronda esa… bilmadim…
– Bir amalla, komandir. Axir, u yoqda…
Erali uning gapini bo‘ldi:
– Ortiqcha yuklarni tashlash kerak.
– Hozir.
Leytenant boshchiligidagi askarlar vertolyot eshigini ochib, zarur emas buyumlarni, yuklarni pastga irg‘ita boshladilar. Bir pasdan so‘ng yomg‘ir-do‘l ichkariga ham ura boshladi: vertolyotni yengillashtirish uchun askarlar og‘ir eshikni ham qo‘porib olib, tashlab yuborishgandi.
G‘arq terga botgan Erali yoniga chopib kelgan leytenantga qaramasdan ham gapirdi:
– Hech narsa ko‘rinmayapti. Bu ahvolda toqqa borib urilishimiz mumkin.
– Chiroqlarni nega yoqmayapsiz?
Erali izoh berdi:
– Motorga ortiqcha zo‘riqish kerak emas. Chiroqlarni qo‘nish oldidan yoqamiz. Xaritani ko‘ring-chi, agar rostdanam siz aytgan joyda bo‘lsak, qo‘nishga tekisroq joy bormikan?
Desantchi xaritaga qaradi.
– Mana, mana bu yer yalanglik ekan.
– Yetib borarmikanmiz…
Erali shu so‘zlarni aytgan mahal vertolyot lapanglab ketib, motor yana o‘chdi. Vertolyot pastga, zulmat qa’riga qulay boshladi. Shuncha urinib ham zaxira motorni yurg‘aza olmagan Erali jon achchig‘ida chiroqlarni yoqib yubordi. Ularning xira yorug‘ida quyida tog‘ cho‘qqisi ko‘rindi.
Vaziyat o‘ta qaltisligini, omon qolishga umid qolmaganini anglab turgan bo‘lsa-da, Erali desantchilarga iloji boricha xotirjamlik bilan ko‘rsatma berdi:
– Sakrashga tayyorlaninglar!
Bo‘ron vertolyotni yonlamasiga surib ketarkan, kutilmaganda yalanglikda gulxan shu’lasi ko‘zga tashlandi. Leytenant qichqirib yubordi:
– Biznikilar!
Erali bor kuchi bilan vertolyotni shu yalanglikka qo‘ndirishga urinar, ammo bo‘ron vertolyotni jarlik tomon surib ketaverardi. Vertolyot yalanglikka, taxminan, olti-etti metr yaqinlashganida Erali askarlarga ishora qildi:
– Sakranglar!
Boshliqning buyrug‘idan so‘ng desantchilar birin-ketin o‘zlarini quyiga ota boshlashdi. Vertolyot pastlab borib, yalanglik chekkasiga g‘ichirlab qo‘ndi. Bir qadam narida tubsiz jar. Vertolyot yana ozgina surildi va jar chekkasida lapanglab turib qoldi.
Leytenant Eraliga:
– Sakra, komandir! – deb baqirgancha o‘zini pastga otdi.
Vertolyot jar labida bir soniya lapanglab turdi, so‘ng quyiga quladi. U chuqur jar tubiga shiddat bilan uchib borib, toshlarga urildiyu, yonib ketdi.
Jar labiga chopib kelgan leytenanat xirqiroq ovozda pastga qarab baqirardi:
– Komandir! Komandir!
Vertolyot portlashidan hosil bo‘lgan shu’la desant guruhi boshlig‘ining yuzini yoritdi. U yig‘lardi…
Shu payt jar labiga pastdan bir qo‘l yopishdi. Keyin ikkinchisi. Buni ko‘rib desantchilar boshlig‘i avval qotib qoldi, so‘ng shoshib tiz cho‘kdi. Qo‘llar ortidan Eralining boshi ko‘rindi.
Leytenant jon alpozda uchuvchini tortib oldi.
– Omonmisan, komandir!
Erali hansirab, arang javob qaytardi:
– Shunaqaga o‘xshaydi, leytenant.
– Xudoga shukr-e! – Yuzini yengiga artgan leytenant shoshib o‘rnidan turdi. – Sen o‘zingga kelib tur. Biz anavi yaramaslarning ta’zirini berib kelaylik. Keyin bir otamlashamiz.
Guruh boshlig‘i askarlari tomon chopib ketdi.
Erali emaklab jar labiga keldi va yonayotgan vertolyotiga uzoq tikilib qoldi…
* * *
Harbiy uchuvchilar qismi maydonida bayram libosidagi harbiylar saf tortishdi. Odatdagidek, Tohir bilan Nosir yonma-yon turishdi.
Halidan buyon asabiylashayotgan Tohir g‘ijinib vishilladi:
– Nima, yap-yangi vertolyotni portlatib yuborgani uchun mukofotlashyaptimi?
Bu gapni eshitib seskanib ketgan Nosir birinchi marta Tohirga qattiq, sinchkov tikildi.
– Ha, nima bo‘ldi? – ensasi qotib so‘radi Tohir.
– O‘shanda… o‘shanda Eralining orqasidan borishim kerak edi, – dedi Nosir dabdurustdan.
Tohir battar tutaqdi:
– Xo‘sh, borganingda nima bo‘lardi? O‘larding-ketarding. Haliyam menga rahmat de.
Nosir bosh chayqadi:
– Erali o‘lmadi-ku. Menam eplardim. Bu… qo‘rqoqligim uchun hech qachon o‘zimni kechirmasam kerak.
Tohir maynavozchilikka o‘tdi:
– Hay-hay, o‘zingni bos. Yuvosh, o‘rtoq, yuvosh.
Nosirning rangi o‘zgardi, ko‘zlari nafratdan qisildi:
– Men senga o‘rtoq emasman. Sening yoningda turishniyam istamayman!
Nosir jahl bilan nari ketdi. Tohir o‘ng‘aysizlanib atrofga alangladi, o‘ziga tikilib turganlarga qarab nochor kulimsiradi.
Minbarga qism komandiri podpolkovnik Rahimov ko‘tarildi.
– Aziz hamkasblar! Muhtaram harbiylar! Bugun bizning qismimiz uchun, hammamiz uchun juda quvonchli kun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga ko‘ra harbiy operatsiyani amalga oshirish paytida ko‘rsatgan alohida jasorati uchun jangovar uchuvchimiz, leytenant Erali G‘aniyev “Jasorat” medali bilan taqdirlandi!
Erali shaxdam qadam tashlab maydonga chiqib keldi. Podpolkovnik uning ko‘kragiga “Jasorat” medalini taqib qo‘ydi. Erali harbiylar tomon o‘girilib, chest berdi:
– O‘zbekiston Respublikasiga xizmat qilaman!
Gulduros qarsakka harbiy orkestr ijro etayotgan tanatanali musiqa sadolari qo‘shilib ketdi.
Tantanali marosimdan so‘ng harbiylar tribuna qarshisidan saf-saf bo‘lib o‘ta boshlashdi. Ko‘kragiga “Jasorat” medali taqilgan leytenant Erali G‘aniyev ularning oldingi qatorida edi.
Shu kuni Erali bir erkalik qildi: qism komandirining ruxsati bilan onasi, opasi, pochchasi, jiyanchasi va ustozi, o‘zi atay chaqirtirgan Qo‘ldosh akani samolyotga olib chiqib, ularni osmon bag‘rida rosa sayr qildirdi.
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 8-son