Abduqayum Yo‘ldosh. “Bo‘lishi mumkin emas!” (hikoya)

5-sinf o‘quvchilari jismoniy tarbiya darsida yuz metrga yugurish sinovidan o‘tadigan bo‘lishdi. Mamasoli aka bolalarni stadionga olib chiqdi.
“Start” deb yozilgan chiziqqa to‘rt o‘quvchi qo‘yildi. Ularning orasida sinf chopag‘oni Nosir ham bor edi.
Qolgan bolalar bilan “Finish” deb yozilgan chiziq yonida turgan Mamasoli aka sekundomer tutgan qo‘lini yuqoriga ko‘tarib, pastga tushirdi va qichqirdi:
— Marsh!
To‘rt o‘quvchi birdan chopib ketishdi. Nosir zuvillab uchib kelib, finish chizig‘idan birinchi bo‘lib o‘tdi.
— 7 soniya! — deb yubordi sekundomerga qaragan Mamasoli aka hayron bo‘lib.
Bolalar chuvillashib Nosirni olqishlashdi:
— Qoyil!.. O‘ziyam mingga qo‘yib uchding-a!..
— Topshirdimmi, ustoz? — deb so‘radi Nosir harsillab.
— Bo‘lishi mumkin emas! — dedi hamon ko‘rsatkichdan ko‘z uzmayotgan Mamasoli aka battar ajablanib — Axir bu jahon rekordidan ham yuqori-ku! — O‘qituvchi vaqt o‘lchagichini bir-ikki silkitib ko‘rdi. — Buzilganga o‘xshaydi. Qani, shu guruh yana bir marta yugurib ko‘rsin-chi.
To‘rt o‘quvchi finish chizig‘iga borishdi. Yana start berildi va Nosir yana zuvillab kelib finish chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tdi.
Murabbiy battar hayron bo‘lib, ko‘zlarini pirpiratdi:
— Yo tavba! Olti yarim soniya! Bo‘lishi mumkin emas! Bu axir… bu axir…
— Topshirdimmi, ustoz? — deb yana so‘radi Nosir harsillab kelib.
Mamasoli aka shubhalanib yuz metrlik masofaga qaradi:
— Shu sal kamroqmi deyman-da, sakson-to‘qson… yo‘q, nari borsa yetmish desak, hm-m, olti yarim soniyani uchdan birga oshirsak… yo‘q, baribir bo‘lishi mumkin emas!
Mamasoli aka Nosirga qaradi:
— Bu nima degan gap, a, Abirov?! Axir kim ham ishonardi bunga? Menga qo‘shib yozgansan deyishadi. Bunaqasi bo‘lishi mumkin emas, deyishadi, tamom-vassalom….
Nosir ham hayron:
— Nima qilay, ustoz?
Mamasoli aka o‘ylanib qoldi, chakkasini qashidi, axiyri bir qarorga keldi:
— Menga qara, Abirov, yugursang hamma qatori yugur. Tushundingmi? Ortiqcha g‘alvaning nima keragi bor? Baribir hech kim ishonmagandan keyin… Xo‘pmi?
— Xo‘p, ustoz.
— Bu boshqa gap. Qani, bolalar, yana bir marta.
To‘rt o‘quvchi yana start chizig‘iga borib turishdi. Start berildi. Bamisoli uchib kelayotgan Nosir yarim yo‘lda to‘xtab, sheriklari o‘zidan o‘tib ketishini, deyarli finishga yetib olishini kutib turdi. Keyin chopib borib, baribir birinchi o‘rinni oldi.
Mamasoli aka sekundomerga qarab mamnun bo‘ldi:
— 14 soniya! Bu boshqa gap. Ana endi o‘xshadi. Bo‘lar ekan-ku.
— Topshirdimmi, ustoz?
— Topshirding, Abirov, topshirding. Malades! Bahoying “4”.
Nosir e’tiroz bildirishga urindi:
— Ustoz, men sinfning eng chopag‘oniman…
Mamasoli aka uning gapini bo‘ldi:
— Bor, xalaqit berma, bo‘lmasa “ikki” qo‘yaman.
Nosir yelkasini qisib qo‘ygancha nari ketdi. Mamnun Mamasoli aka bolalarga qaradi:
— Qani, endi kimning navbati?..