Ollohning iznu irodasisiz hech bir jon mo‘min bo‘la olmas.
Qur’oni karim, “Yunus” surasi
* * *
Bu bedavo dard unga qayerdan yopisha qoldi o‘zi? Chinorday yigit, mingta tegirmondan butun chiqqan odam, mana, to‘shakka singib ketguday bo‘lib yotibdi. Harqalay, “miya o‘smasi” degan balo – bor narsa, u oldin ham eshitgan bunaqa gaplarni. Bir kun kelib o‘zi ham shu dardu baloga yo‘liqishini tush ko‘ribdimi? Katta do‘xtirning aytishicha, bolaligida yiqilish oqibatida boshining allaqayerida qotib qolgan qon yillar o‘tib, o‘smaga aylanibdi. So‘nggi yillarda bot-bot xuruj qilib qoladigan bosh og‘rig‘iga sabab ham shu ekan. Endi operatsiya qilib, uni kesib tashlamasa bo‘lmasmish!
Bularning barini u jarrohlik stoliga yotishdan oldin ko‘nglidan kechiruvdi. Endi u hatto o‘ylash imkonidan ham mahrum: narkoz ta’sirida karaxtlangan ongu shuuri qop-qora bo‘shliqqa sho‘ng‘idi, tafakkurining eng chuqur, gadoytopmas burchaklarida yashirinib yotgan nimalardir bosh ko‘tarib, ruhiyu qalbi ming bo‘lakka bo‘linib ketdi. Xayolotmi, tushmi, bosinqirashmi – buni idrok qiladigan darajada emasdi u.
– Ochilishi qiyin bo‘ladi shekilli… – xo‘rsindi ko‘zoynakli, tepakal shifokor. – Mayli, kutishdan boshqa choramiz yo‘q…
* * *
U is bosgan, shipdan bir qarichcha pastdagi tuynukchadan tushayotgan ojiz quyosh nurlari zo‘rg‘a yoritgan, ming turli ashqol-dashqollar qalashib yotgan yerto‘la burchagida xuddi Isoyi Masihday xochga mahkamlangancha osilib turardi. Farqi shuki, uning qo‘llariga gulmix qoqilmagan, shunchaki arqon bilan chandib bog‘langan. Oyog‘i ham zax, namchil yerni bosib turibdi. Lekin quloch kergancha bog‘liq turganining o‘ziyoq chormix qilingan Isoni eslatishi rost. Botayotgan quyoshning sarg‘imtir nurlari tuynukchadan bazo‘r yorib kirib, rutubat to‘la bu dahshat makonini olachalpoq soyalarga to‘ldirardi.
Hushiga kelganda vaqt yarim tundan oshgan edi. To‘g‘rirog‘i, avvalroq hushiga kelgan bo‘lsa-da, ruhiy va jismoniy azoblar tufayli charchagan ongi hamda vujudi behushlik domidan chiqiboq, uyqu chohiga qulagandi. Demak, uyg‘onibdi. Aniqrog‘i, uni uyg‘otishdi. Yo‘q, uni bu yerga opkelib, o‘lasi qilib do‘pposlab, so‘ng bog‘lab ketgan kimsalar emas, boshqa bir tovush uyg‘otdi. U diqqatini to‘plab quloq soldi. Ayanchli, xuddi chaqaloqning zorlangan yig‘isiga o‘xshash tovush edi bu. Badanida sonsiz chumolilar o‘rmalagandek bo‘ldi, peshonasiga sovuq ter qalqdi. Bu nimaning ovozi?
– Ajal tovushi bu! – dedi kimdir dahshat bilan pichirlagan ko‘yi. – Azroilning tashrifidan darak! Kuning bitdi sening!
Kim bo‘ldi bu? Tanish ovoz, judayam tanish… Nogoh xotiralar bostirib keldi: talabalik yillari, kech kuz. O‘shanda u oxirgi kursda o‘qiydigan bir yigit bilan birga paxta terimidan qochgandi. Yigitning ismi Islommi, Ilhommi… yo‘q, Imom edi.
Kechki payt hamma qatori barakka qaytmay, dala chetidagi zaxkashni kechib o‘tdi-da, yulg‘un va pastak butalar qoplagan ulkan yalanglik bo‘ylab chopa ketdi. Biron kilometrdan so‘ng katta asfalt yo‘lga chiqishini u yaxshi bilardi. Charchaganiga qaramay, olg‘a ketaverdi. Ko‘p o‘tmay kun botib, oy chiqdi, achchiq izg‘irin turdi. U paxta solinadigan etakni belidan yechib, boshiga o‘radi. Harna shamoldan pana. Nogoh uzoqda bir qora ko‘rindi. Avvaliga uni butami, qumtepami deb o‘ylab, e’tibor bermay boraverdi. Birdan haligi qora narsa qo‘zg‘alib, o‘rnidan turdi-da, tahdidli tovush berdi:
– To‘xta! Kimsan?
Uning badanidan muzday ter chiqib, tili kalimaga kelmay, o‘tirib qoldi.
– Me… Men… Vi… Vilorman.
– Nima?! Qanaqa Vilor? Bu nechuk ahmoqona ism?
– Paxtadan… – u birdan bo‘shashib, o‘tirib qoldi.
Tamom, qo‘lga tushdi! Bu domlalardan biri yoki mana shu sovxozning kattalaridan! O‘ldi endi! Lekin haligi kimsa kutilmaganda kulib yubordi.
– Eh-e, shunaqa demaysanmi, oshna! O‘zimizdan ekansan-ku! Qo‘lni tashla! – deya keng, panjalari chayir qo‘lini uzatdi u.
– Siz… kim bo‘lasiz, aka? – uning uzatilgan qo‘lini olib o‘rnidan turarkan beixtiyor so‘radi.
– Menmi? Imomman. Beshinchi kursdan. Menam senga o‘xshagan qochoqlardanman, – Imom yana kuldi. – Ishtonga qochirvording-a, tan olaver. Qo‘rqma, bu yog‘iga birga ketamiz. Qani, yur.
Oy atrofni sutdek yoritardi. Yonma-yon, so‘zlashib borisharkan, u Imomning o‘zini erkin tutishiga hayron bo‘lardi. Kim bilsin, balki bitiruvchi kursdagilar bari shunaqadir. Harqalay, ikkinchi kursda o‘qiydiganlar orasida yolg‘iz o‘zi paxtadan qochishga jur’at etgani uning ko‘nglini iftixorga to‘ldirar, Imomning gap orasida: “Obbo sen-ey, barakalla!” deb qo‘yishlari ruhini ko‘tarardi.
– Katta yo‘lgacha hali uzoqmi? – deya so‘radi u nihoyat.
– O‘h-ho‘, uch kilometrcha bor. Charchadingmi? Mayli, biroz o‘tiramiz, – Imom shunday deb kichik do‘nglik ustiga etakni to‘shab, horg‘in o‘tirdi. Co‘ng cho‘ntagidan sigaret olib tutatdi. – Chekasanmi?
– Yo‘q, – dedi u Imomning oy yorug‘ida qorachiqlari yaltirab turgan ko‘zlariga, baroq qoshlariyu dahani oldinga turtib chiqqan cho‘tir yuziga bir qarab olib.
– Olaver, “termoyaderniy” bu, “Prima”! Ayni bizbop!
– Yo‘q, rahmat….
O‘shanda, 1987 yilning kech kuzida, oy yoritgan cho‘l osmoni ostida ular ancha o‘tirishdi. Imom avvaliga unga ancha yoqimtoy yigit bo‘lib ko‘rindi. To‘g‘ri-da, harbiy xizmatdan so‘ng institutga kirgan, yoshi undan katta, tajribaliroq, tanti, cho‘rtkesar. Biroq, uning ismi ma’nosini bildi-yu, go‘yo to‘nini teskari kiydi.
– Nima? Vilor? Voy sening o‘sha ismingga! Qaysi subutsiz qo‘ygan bu ismni?! – deya gulduradi u beixtiyor o‘rnidan turib.
– Bobom qo‘yganlar. Nimaga hayron bo‘lyapsiz?
– Nima, bobong dinsiz bo‘lganmi?
– Din, qanaqa din, aka? Bobom chekist bo‘lgan! – dedi u iftixor bilan.
– A? Chekist? Jallod demaysanmi, xunasa! Voy sening o‘sha bobongniyam! Astag‘firullo! He, o‘sha kalning go‘riga!
U vaziyatning bu qadar keskin o‘zgarishini sira hazm qilolmasdi. Bunga nima bo‘ldi o‘zi? Boyagina mehribonsirab o‘tiruvdi-ku! Endi birdan to‘qimini qornining tagiga oldi-qo‘ydi. Qanaqa yigit bu o‘zi? Nimaga hech nimadan qo‘rqmaydi? Dohiyni “kal” deb so‘kib o‘tiribdi-ya! Birov eshitsa bormi?!
– Menga qarang, aka…
– O‘chir, – deya vishilladi Imom ko‘zlaridan o‘t sachratib. – Bobongga o‘xshagan bedinlar yurtni xarob qilgan, tuprog‘imizni bosqinchilarga toptatgan! Qur’onni o‘tda yoqqan, machitlarni otxona qilgan! Otang ham hoynahoy melisa bo‘lsa kerak?
– Yo‘q … – dedi u dami ichiga tushib. – Otam rayqo‘mda ishlaydi.
– O‘-o‘! Ilon bolasi – ilon, chayon bolasi – chayon! Senlar do‘zaxda kuyishing aniq! Bu kunlar o‘tadi, hali millat uyg‘onadi, odamlar Xudoni taniydilar. Senlar… Esingda bo‘lsin: xudosizning kelajagi yo‘q, unutma! Revolyutsiyang ham, kommunizming ham – g‘irt safsata! Xudo bir, rasul barhaq! Qolgani bir pul, o‘lmasang ko‘rasan o‘sha kunlarni!
…U keyinchalik ko‘p o‘yladi: Imom buncha kuchni, irodani qayerdan oldi ekan? Nega bunchalik qo‘rqmasdan, ochiq gapirdi? Bordi-yu, Vilor uning ustidan ikki enlik chaquv xati yozganida nima bo‘lardi? Ketardi dod deb! Institut ham, kelajak ham savil qolardi. Ammo u yozmadi. To‘g‘rirog‘i, yozishga qo‘rqdi. U bilan tag‘in bir bor uchrashishga, hamma e’timod qo‘ygan qarashlarni yomonotliq qilganini yuziga aytishga yuragi dov bermadi. Nazarida, o‘sha kuz oqshomida jazavaga tushgan Imom uni bir musht urib, o‘ldirib qo‘yishi hech gap emasdi. Lekin u urmadi, faqat unga g‘alati, achingannamo qaradi, xolos. O‘tkinchi mashinaga ilashib, shaharga kelgunlaricha ikkovidan ham sado chiqmadi. Faqat mashina institut yotoqxonasi oldida bir necha daqiqa to‘xtaganda tushib, ikki tarafga ajralishayotganlarida Imom unga zaharxanda tabassum hadya etib, tirjaydi:
– Omon bo‘l, rayqo‘m bovaning o‘g‘li. Xudo xohlasa, yana uchrasharmiz.
Biroq, ular uchrashishmadi. Demak, buni Xudo xohlamagan ko‘rinadi. Keyinchalik u orqavorotdan surishtirib, Imomning olis cho‘l tumanidan kelganini, tarix fakultetida beshinchi kursda o‘qishini, Germaniyada harbiy xizmatni o‘tab, so‘ng o‘qishga kirganini aniqlay oldi, xolos. So‘ng Imom ismli cho‘rtkesar, xudojo‘y yigit uning xotirasidan butunlay o‘chib ketdi.
Faqat bugun, 2005 yilning kech kuz oqshomida, rutubatli yerto‘lada qo‘llari xochga chandib bog‘langan bir alpozda nogoh o‘sha o‘jar va o‘ktam ovoz ongiga chaqmoqday yorib kirdi. Va uning yuragi orqaga tortib ketdi. Beixtiyor kalima keltirmoq uchun og‘iz juftladi. Biroq, afsuski, haddan ortiq toliqqan shuuri qotib qoldi, yo u haqiqatdan ham dinsiz edi. Yurakni parmalovchi ovoz esa, hamon jazavaga tushardi:
– Iy-y-yov-va-vuv-va-a-a…
* * *
Palata yorug‘, derazadan yopirilib kirayotgan quyosh nuridan charog‘on bu xona kishining bahri-dilini ochguday shinam edi. Biroq, bu xonaning yolg‘iz sohibi bo‘lmish yigitning ruhiyati hamon zulmat ichra tentirayotgandi…
* * *
Qo‘rquvning va dahshatning rangi, ta’mi bo‘lishi haqida u avvallari sira o‘ylab ko‘rmagan ekan. Chunki bunday sharoitga tushmagan odam uchun bu taxlit xayollar begona. Ammo bugun, hozir aniq bo‘ldiki, dahshatning rangi qoramtir qo‘ng‘ir, ta’mi esa… qon ta’mini eslatar ekan. Nega aynan shundayligi to‘g‘risida o‘ylab o‘tiradigan alpozda emasdi u. Butun borlig‘ini iskanjaga olayotgan qo‘rquv bu isqirt zindon burchagidan qoramtir qo‘ng‘ir rangda bosh ko‘tarayotgandi. Ta’mi esa lablaridan sizib, qotib qolgan qon bilan aynan bir xil edi.
Xiralashgan shuuri andak yorishib, bir fikrga keldi: boya anavi jono‘rtar tovush yangraganda, u tishlarini mahkam qisish barobarida tilini tishlab olgan ekan. Mana endi, sho‘rta’m qon og‘zini to‘ldirib turibdi. Nafas olishi qiyinlashib boryapti. Nihoyat, amallab boshini o‘ng tomonga burib, biroz egildi. Biroq, chandib bog‘langan arqon uni qo‘yvorishni istamadi. Shunday bo‘lsa-da, boshini sal egib, kuch bilan tupurdi. Tufuk va qon aralashgan suyuqlik oyog‘idan nariroqqa tushdi.
–Uf-f-f! – deya nafas olib-chiqardi u.
Ko‘zlari tiniqlashgandek bo‘ldi, yerto‘la burchagiga, boyagina hamlaga chog‘lanib, pusib yotgan yovvoyi maxluq shaklidagi ko‘lankaga ko‘zini og‘ritib tikildi. Sakrab, uning bo‘g‘zidan olishga hozirlanayotgan yirtqich bor-yo‘g‘i “eshak” edi. Quruvchilar goh “eshak”, goh “kozyol” deb ataydigan bu qurilma balandroq devorlarni suvoq qilishda oyoq ostiga qo‘yiladi. U yengil nafas oldi. Nima, bular bari – nurlar va soyalar o‘yinimi? Dahshatli maxluq qani? Yo‘q bo‘lsa, unda boyagi tovush…
– Eta koshka…– dedi qandaydir serzarda ayol istig‘no bilan. – Prosto jalkaya, bezdomnaya koshka. Ex, Vilorchik, trusishka1…
– Nima, qanaqa mushuk? – pichirladi u alam va g‘azab aralash. – Hali men… Allaqanday daydi mushukdan… to‘xta, sen kimsan o‘zi?
– Eslab ko‘r, – tag‘in noz va kesatiq omuxtalashgan g‘ayritabiiy tovush keldi. – Yaxshilab esla: Volgograd, 1983 yilning qishi…
– Qanaqa qish, qachon? – u g‘o‘ldiray boshladi, xasta ovozi pasayib, pichirlashga aylandi. Bu yerto‘lada o‘zidan boshqa tirik jon yo‘qligini u yaxshi bilardi, lekin ayni daqiqalarda allaqanday ayol uni nimalarnidir eslashga undayotgani rost-ku! Qanaqa qish haqida gapirdi? Nimaga ovoz boru jismi yo‘q? Yo u aqldan ozyaptimi? Agar u telba bo‘lsa, bu yerto‘la, o‘zining bu taxlit abgor holi balki qoraxayol yoki tushdir?
– Tush emas bu Vilorchik, eslab ko‘r…
Ayolning ovozidagi kinoya, piching va ularga uyg‘un erkalik uning xotirasi tublarida mudrab yotgan sharpalarni uyg‘otayotgandi. Endi bu ko‘lankalarga, shuncha yil nom-nishonsiz, shakl-shamoyilsiz yotgan soyalarga jon kirdi. Ular qora parda ortidan chiqib kelishib, zal to‘la tomoshabinlar ko‘z o‘ngida mag‘rur qad rostlashgan aktyorlardek, o‘z rang-ro‘ylarini topa boshlashdi. Beixtiyor uning chap ko‘ksi sanchib ketdi. Uyat, xijolat va nadomat terlari badanidagi sonsiz ko‘rinmas teshikchalardan potirlab chiqa boshladi. Og‘zi qurib, ingroq aralash tamshandi:
– Im-m-m…
…O‘shanda uni, yaqindagini institutni bitirib kelib, “Bilim” jamiyatida rais lavozimida ishlayotgan yosh va umidli kadrni Volgograd shahriga uch oylik tajriba almashish kursiga o‘qish uchun yuborishgandi. O‘qishning ikkinchi oyi yakunida u viloyatning chekka, o‘rmon bilan o‘ralgan tumanidagi jamiyatning faoliyati bilan tanishmoqchi bo‘ldi. “Bilim” jamiyati aslida g‘irt dahriy bir tizim ekanligini, uning asosiy maqsadi odamlar ongidagi ishonch va e’tiqodni so‘ndirish ekanligini u yaxshi bilardi. Va o‘z ishi bilan faxrlanardi. Chunki bu paytga kelib Imom ismli o‘jar yigit uning esidan butunlay chiqib ketgandi.
Ovloq tumanda bir hafta qolib ketdi. Arzon mehmonxona va yaxshi sharoit bunga sabab bo‘lolmasdi, albatta. Sababi – mehmonxonadagi xizmatchi qiz Rita – Margarita edi. Ular tez til topishdilar. Ritaning onasi tunu kun qo‘lbola aroqdan bosh ko‘tarmas, ikki kishilik mo‘jaz oila yuki qizning nozik yelkalariga tushgandi. Bir kuni qiz uni uyiga olib bordi. Shaharcha chetida, o‘rmon etagida qo‘qqaygan yog‘och uy yigitni hayron qoldirgani yo‘q. Uning asl maqsadi tezroq qizning vasliga yetish edi.
– Istasang, biroz o‘rmonda sayr qilamiz, – dedi yuzlari ichkilik ta’siridan yal-yal yonayotgan qiz xona burchagidagi karavotda xurrak tortayotgan kampirga ijirg‘anib qarab qo‘yarkan.
– Mayli… – istar-istamas qo‘zg‘aldi yigit.
– …Esingdami, o‘sha tunda, o‘rmonni aylanib yurganimizda oddiy bo‘rsiqdan qo‘rqqaning? – Ritaning ovozi bu safar jinday sho‘xchan yangradi. – Boyo‘g‘li sayraganda vahimadan bir gaz sapchib tushganing yodingdami?
– Im-m… Sen qayerdan kepqolding bu yerga? Bor, yo‘qol, alvasti! – u qontalash lablarini yaladi.
– O‘h-ho‘, endi alvasti bo‘p qoldikmi? Qani va’dalaring? Ichgan qasamlaring qayerda qoldi?
…Qizning badani xuddi borliqni qoplagan qorday, balki undan-da oqroq, vale, alangai otash edi…
U qizni sevishini, uni o‘zi bilan Toshkentga olib ketishini ko‘p bora ta’kidladi…
Ehtimol, qizning dilida bu ovloq go‘shadan qanday bo‘lmasin qutulib chiqish, katta shaharlarda yashash umidi uyg‘ongandir, biroq yigit uni tez unutdi. Oldinda uni mansabning sehrli pillapoyalari, chiroyli hayot, yorqin kelajak kutayotgandi.
Ertasiga katta shaharga qaytdi-yu, Ritani butkul unutdi. Yurtiga kelgach esa hayotning shiddatli to‘lqinlari uni o‘z girdobiga tortdi. Rusiyaning olis bir burchida o‘zining bokira tuyg‘ularini unga baxsh etgan, UNI KO‘P YILLAR KUTGAN moviy ko‘zli bir ayol yashayotgani endi u uchun butunlay ahamiyatsiz edi…
– …Loaqal jinday pushaymon bo‘lganmisan? – Rita tag‘in tilga kirdi. – Biron marta bo‘lsin, qilgan ishingdan afsuslandingmi?
– Tinch qo‘y meni, chiqib ket ongimdan! Sen yo‘qsan! Sen xayollarim mevasisan, xolos!
– Yo‘g‘-e? – nozlandi ayol. – O‘zingni aldama, azizim. Mening mavjudligimniyam, olis rus qishlog‘ida o‘g‘ling borliginiyam yaxshi bilasan.
– Qanaqa o‘g‘il?! Nimalar deyapsan?
– Ana, menga gapiryapsanmi, demak men BORMAN! O‘g‘ling ham o‘zingga o‘xshaydi, beqaror, tantiq… Sochlari qop-qora…
– Bas qil! Gaplaring yolg‘on! Mendan o‘ch olmoqchisan… Senga uylana olmasdim, axir! Galinaga va’da berib qo‘ygandim. Uning otasi…
– Uning otasi katta amaldor edi, qiziga uylanmasang kuningni ko‘rsatardi, – cho‘rt kesdi Rita. – Sen esa ko‘tarilishing kerak edi…
– Oh-h…
– Mayli, dam ol, – xo‘rsindi ayol. – Lekin bilib qo‘y, men yana kelaman. Esingda bo‘lsin: najot faqat tavbada…
* * *
Navbatchi hamshira bemorning yuziga tashvish aralash tikildi: yo‘q, hayot nishonasi sezilmaydi. Hatto, nafas olishi ham sekinlashgandek. U shoshib palatadan chiqib ketdi.
* * *
Tun bilan kunning farqi qolmadi. U vaqt sezgisini yo‘qotib qo‘ydi. Qachon keluvdi o‘zi bu yerga? Kechami, bir hafta burunmi? Go‘yo butun umr shu arqonga osilib turgandek… “Keluvdi” emas, “keltirishuvdi” so‘zi o‘rinliroq bo‘lishi haqida o‘ylab ham ko‘rmadi. Aslida uni bu yerga keltirishgandi. Majburan, zo‘rlab olib kelishgandi. Bo‘lmasa qaysi ahmoq o‘z oyog‘i bilan bu isqirt joyga keladi? Shoshma, u qayerda o‘zi? Bu yer rostdan ham yerto‘lami? Qayerda joylashgan bu zindon? Go‘yo ming yil oldingi voqealar kabi, kuni kecha ro‘y bergan hodisa ko‘z o‘ngidan uzuq-yuluq tarzda o‘ta boshladi…
U ishxonasidan chiqib, mashinasi sari yurdi. Kech kuz quyoshi ufqqa og‘ib borar, daraxtlar uchida qolgan yakkam-dukkam yaproqlar yengil shabada ostida isitma tutgan bemor misoli qaltirashardi. U yupqa papkani qo‘ltig‘iga qisib, cho‘ntagidan bir shoda kalit oldi. Shu payt nariroqda turgan oq “Neksiya”dan tushib kelayotgan xushqomat ayol u tomonga yurdi.
– Kechirasiz… – dedi u xijolatli jilmaygancha yaltiroq qizil sumkachasini g‘ijimlarkan. – Mashinamni bir ko‘rib berolmaysizmi? Negadir o‘t olmayapti…
Qora sochlari yelkasini qoplagan bu ayolning ko‘zlari jon olguday edi. Yigit kalovlanib qoldi. Agar bu yerda ushlanib qolsa, xotini tag‘in ming‘ir-ming‘irni boshlaydi. O‘zi boyagina telefon qiluvdi.
– Papulyamning ulfatlari kelishmoqchi, tezroq yetib keling! – degandi e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan ohangda.
Qaynotasi Azim Bo‘riyev – iste’fodagi general, savlatidan ot hurkadigan odam. Uning sobiq hamkasblari kelishsa, demak, bu kechani ham Xudo oldi. To yarim tungacha ichkilik, behayo latifa, bahs-munozara… Xullas, uyiga bormasa bo‘lmaydi. Boradi, albatta, biroq, manovi ayolning g‘amzali qarashlari… U bilan tanishmoqchi shekilli. Mashina shunchaki bir bahona, aslida bu ofatijonning maqsadi boshqa. Ha, nima, Vilor arzimaydimi shunday pari-paykarga? Juda arziydi-da! Bu yog‘ini so‘rasangiz, o‘zi ayol zoti qachon mashinani tushungan? Kel, ketsa ikki daqiqa vaqt ketar shunga, bahonada xonimcha bilan tanishib oladi. U ayol tomonga yurdi:
– Nima bo‘ldi o‘zi?
– Bilmadim, bu o‘lgurni koshki tushunsam… Adamlarga necha marta aytdim, yangisini obering deb…
Ayolning tovushidagi noz-firoq va erka ohang uni butkul mahv etdi. Voh-voh! Shunday hurliqo qaysi baxtli yigitning yori ekan-a?!
– Hozir ko‘ramiz-da, – u o‘z qadrini yaxshi biladigan kishiday bir-bir bosib mashinaga yaqinlashdi.
Shu payt osmondan tushganday paydo bo‘lgan uch yigit uning oyog‘ini yerga tekkizmay mashinaga tiqishdi. U na baqirishga va na yulqinishga ulgurdi. Bir-ikki siltangandi, och biqiniga tekkan musht nafasini ortiga qaytardi. Zum o‘tmay qo‘lini orqasiga qayirib bog‘lashdi, boshiga qop kiygizishdi.
Mashina ancha yurdi, shahar ortda qoldi. Buni u atrofdagi mashinalar shovqinining kamayganidan sezdi. Nazarida asfalt emas, tosh to‘kilgan yo‘ldan borishayotgandi. U zo‘r berib o‘ylar, shahar yaqinidagi yo‘llarni xotirlab, qay tarafga ketishayotganini taxmin qilishga urinardi. Yo‘q, foydasi bo‘lmadi. Esankirab qolgan ongi unga bo‘ysunishni istamayotgandi.
Nihoyat, uning chap tomonida o‘tirib kelayotgan bosqinchi ovoz berdi:
– Xo‘sh, Vilor Naimovich, ishlar qalay endi? Firmaning daromadi tuzukmi?
“A-ha, – deya o‘yladi u. – Bular meni o‘g‘irlashgan ekan, endi oilamdan tovon so‘rashadi! Xayriyat, pul bilan qutulib ketarkanman…”
– Qancha kerak sizlarga? – xirillab g‘o‘ldiradi u, biroq og‘zidagi latta aniq gapirishga imkon bermadi.
– E-e, shoshmanglar, bu kishimning og‘izlarini ochib qo‘yaylik! – dedi haligi kimsa. Chaqqon bir qo‘l qop orasidan sirg‘alib kirib, uning og‘zidagi dastro‘molni oldi.
– Uf-f! – deya yengil nafas oldi u. – Qani, qancha kerak sizlarga?
– Nima “qancha”? – anqovsiradi suhbatdoshi.
– Pul-da! Tovon puli! Shu uchun o‘g‘irladinglarmi meni? – so‘radi u.
– Hah-ha, Gollivud kinolarini kamroq ko‘rish kerak, og‘ayni! – xoxoladi qaroqchi.
– Pulingni… kerak yeringga tiq! – degan ovoz keldi oldingi o‘rindiqdan. – Bizga sening o‘zing keraksan.
Bu ruldagi yigit bo‘lishi kerak, deya tusmolladi u. Demak, ayol uning yonida. Bu yerda, ikki yonimda ikkitasi o‘tiribdi. Ayol bilan qo‘shib hisoblaganda to‘rt kishi ular. Ha-a, ahvol maqtanarli emas.
– Nima istaysizlar o‘zi mendan? – xastahol ingradi u.
– Hech narsa, – dedi birinchi bosqinchi. – Shunchaki, uch-to‘rt kun bizga mehmon bo‘lasan. Ungacha balki aqling kirib qolar.
– Menga qaranglar, – dedi u ovozini biroz ko‘tarib. – Men biznesmenman, mablag‘im o‘zimga yetarli. Og‘zingizga siqqanini beraman.
Shu zahoti salgina katta ketdim-ov, deya o‘ylab, tilini tishladi. Firma Galinaning nomida, rasmiy hujjatlarda faqat uning imzosi o‘tadi. Unda esa cho‘ntagidagi to‘rt-besh tangadan bo‘lak narsa yo‘q.
– Biz sening kimligingni yaxshi bilamiz, – dedi yonidagi kimsa xotirjam tovushda. – “Sirius” firmasi xotining Galina Bo‘riyevaning nomiga rasmiylashtirilgan, aslida firmaning chinakam xo‘jayini qaynotang, sen shunchaki qo‘g‘irchoqsan. Otang rayqo‘m kotibi bo‘lgani, sen avval xudosizlar jamiyatini boshqarganing, keyin otangning kursisini meros qilib olganing, Galinaga qanday uylanganing ham bizga ma’lum.
Uning yuragi orqasiga tortib ketdi: demak, bular u haqda yetarlicha ma’lumot to‘plashgan, iziga tushishgan! Xo‘sh, pul kerak emas ekan, unda maqsadlari nima?
– Sen sarqitxo‘rsan! – deya vishilladi ruldagi bosqinchi mazax aralash. – Xotining qaysi boyvachchaning quchog‘ini qancha vaqt obod qilgani, keyin seni qanday ilintirgani, uylanmayman deb oyoq tiraganingda qaynotang seni qanday qo‘rqitgani, otangning senga nimalar deb yalingani, onangning “senday o‘g‘lim yo‘q” deb qarg‘agani – xullas, bizda ma’lumotlar yetarli. Xo‘sh, shu gaplarning qaysi biri yolg‘on? To‘yingdan so‘ng qaynotang “himmat qilib” senga dang‘illama hovli olib bergani, keyinchalik, qaynonang o‘lgach, o‘zi ham o‘sha yerga ko‘chib kelgani ham bizga ayon. Yoki bularning baridan tonasanmi?
– Ichkuyov – ichki yov! – deya luqma tashladi shu paytga qadar damini chiqarmay kelayotgan ayol.
Endi bu ovozda boyagiday noz-firoq emas, piching va kinoya qorishiq edi.
Demak, ularga bari ma’lum. Ishonib yurgan tuzumi parchalanib, qaynotasi iste’foga chiqqanini, kuyovi to‘rvasini oldirgan gadoy kabi talmovsirab yurgan paytlarda qurilish-montaj ishlari bilan shug‘ullanuvchi firma ochib, uni qizining nomiga xatlab berganini, bechora otasi, ishonib yurgan g‘oyalari sarob ekanligini anglagach, bir kechada jon taslim qilganini ham bilishadi bular! Onasining hali-hanuz uni kechirmagani, rosti, o‘zi ham chin dildan tavba qilib, volida oyog‘iga bosh urib bormagani ham bularga ayon. Demak, ular uzoq tayyorlanishgan bu ishga. Yo‘g‘-ey, bu zamonda birovning ustidan ma’lumot to‘plash uchun nari borsa ikki soat kifoya. Kompyuterlarning xotirasida hamma narsa bor. Ammo, oilaviy masalalar, masalan, Galinaning o‘tmishi, qaynotasi bilan munosabatlar, onasining undan yuz o‘girgani – bular kompyuterlarda yo‘q-ku! Unda qayerdan… To‘xta, Vilorbek, bu yerda boshqa gap bo‘lishi kerak. Demak, o‘rtada kimdir bor. Vositachining, yo‘q, sotqin bir kimsaning hidi kelyapti bu yerdan! Kim bo‘lishi mumkin? Yonida yurib, qo‘yniga ilonday kirib, ko‘zining yog‘ini yeb, uni dushmanga tutib bergan kim o‘zi?
O‘z xayollariga bandi bo‘lib, o‘z yog‘iga qovurilib borayotgan Vilor mashinada tag‘in bir yo‘lovchi borligini butunlay unutgan, bu noma’lum kimsa ne boisdan shu paytga qadar miq etmagani sababini izlamayotgan edi. Holbuki, o‘sha sirli kimsa bor edi. Mashina siltangan lahzalarda Vilor uning issiq nafasini o‘z yuzida his etayotgandi. Sirli yigit orada bo‘layotgan gap-so‘zlarni diqqat bilan tinglab, o‘zicha xulosalar chiqarib borayotir…
* * *
Etmishlarga kirgan, kumush rang sochlari orqaga silliq taralgan, yurishlari o‘ktam, burgut qarashli chol bosh shifokor xonasidan chiqib, yigit yotgan palataga yo‘l oldi. Yonida pildiragancha kelayotgan navbatchi vrachning javrashlari qulog‘iga kirmas, u o‘z xayollari bilan band edi…
* * *
Odam bolasining qonida aylanib yuradigan unsurlar orasida noshukurlik birinchi o‘rinda tursa, ajab emas. Bu battol unsur miyaning allaqaysi burchaklarida ko‘zdan pana bo‘lib yashayveradi. Bir kuni kelib kutilmaganda bosh ko‘tarib qoladi. Topish-tutishi joyida, yegani oldida-yu, yemagani ortida bo‘lgan zotlar ham, hatto itining yalog‘i tilladan bo‘lsa-da, noshukurlik qiladi. Buning jazosi ham o‘zini ko‘p kuttirmaydi.
– Eh-he, tappa-tayyor mullavachcha bo‘libsan-ku sen bola!
Bu endi butunlay boshqa ovoz edi. Uchga, balki to‘rtga bo‘lingan ongi unga yangi-yangi o‘yinlarni namoyish qila boshlayapti shekilli? Kim bo‘ldi bu yangi hamsuhbat? Imom emas, Rita ham bu taxlit zardali ohangda gapirmaydi. Galinami? Yo‘q, erkak kishi bu! Otasimi? Otasi doimo xotirjam, salmoqlab gapirardi. Unda kim?
Nogoh 1987 yilning issiq yoz kunlaridan birida bo‘lib o‘tgan voqea xayolida jonlandi. Shohariq qishlog‘i qabristoni, ranglari bo‘zargan, ko‘zlarida dahshat ifodasi qotgan odamlar va ular orasidan sirg‘alib oldinga chiqqan baroq qoshli, qotma chol…
– Barakalla, eslading. Demak, hali es-hushingdan ayrilmabsan! – kuldi chol yerto‘lani titratgancha.
– Siz… sizga nima kerak? Bu yerda nima qilib yuribsiz?
– Ismim Said Kalon. “Said batrak” deyishardi meni. Nahotki, unutgan bo‘lsang?
– Ha… – ongidagi asosiy “men”i, nihoyat uni tanigandek bo‘ldi. – Siz… o‘lmaganmidingiz?
– Xotira o‘lishi mumkinmi? Umuman, nimaga men o‘lishim kerak ekan?! – chol tag‘in kuldi. – O‘shanda nima degandim senga, esingdami?
U tilini tishlab qoldi. Cholga nima deb e’tiroz bildirsin? Axir hammasi xuddi kechagiday yodida turibdi. Qulagan tug‘ ham, eski sag‘analar ham, qo‘rquv tillariga tushov solgan odamlar to‘dasi ham…
Otasi anchayin uzun va’z o‘qidi: din – afyun, unga ishonmaslik kerak, farovon turmushimizdan eskilik sarqitlarini supurib tashlashimiz kerak, qabristonlardan tug‘larni olib tashlab, qabrlarni tartib bilan raqamlab chiqish kerak, manovi machit ham tekinxo‘rlar makoniga aylangan, uni buzib tashlashni davrning o‘zi taqozo etyapti va hokazolar…
Qishloq ahli orasidan tug‘ni yiqitadigan mard topilmadi.
– Qamasang qamayver! – dedi Sotimboy brigadir melisa boshlig‘iga tik qarab. – Aalamni yiqitib, bobolarimning arvohini chirqiratmayman!
– Aalammi, tug‘mi, nima bo‘lishidan qat’i nazar, mana shu oq bayroq osilgan xoda yiqitilishi kerak! – deya shart kesdi viloyatdan kelgan ko‘zoynakli vakil.
Otasining so‘zsiz nigohidan angladiki, bu ishni AYNAN U QILIShI KERAK! “Vilor, bo‘l tezroq, o‘g‘lim! Kelajaging, hayot-mamoting hal bo‘ladi bugun!” – derdi ota ko‘zlari.
U bir lahzagina ikkilandi, xolos. Odamlarning, ayniqsa, olomon orasini yorib oldinga o‘tgan Said batrakning vajohatiga bir on razm soldi. Cholning lablari sassiz pichirlar, ko‘zlari alanga sochardi. Yigit unga ko‘p ham e’tibor bergani yo‘q. Keskin burilib, ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan, uchiga bir parcha oq mato va yana bir nimalar ilingan uzun xodani zarb bilan tepdi. Yillar, ehtimolki, asrlar bo‘yi marhumlar oromini qo‘riqlab kelgan, umrning o‘tkinchiligi, o‘limning haqligini tiriklarga eslatib turgan, YaRATGANNING MANGU G‘OLIBLIGI TIMSOLI bo‘lgan, quruqshagan, davrlarning shamollari jismini hilviratgan TUG‘ QARSILLAB SINDI! Olomon oh tortib yubordi, qirg‘oqni buzolmay sapchigan daryoday bir guvrandi.
– Uf-f! – deya yengil nafas olishdi markazdan kelganlar.
– O‘v! – deya ingradi kimdir olomon orasidan.
U peshonasiga qalqqan terni artib, Said batrak tomonga g‘olibona nigoh tashladi. Ha, bu safar aynan g‘olibona qaradi.
– Bu yoqqa kel! – deb pichirladi chol og‘zini deyarli ochmay.
Uning tovushini Vilordan bo‘lak hech kim eshitmadi.
– Nima deysiz? – yigit bepisandlik bilan unga yaqinlashdi.
Chol barmoqlari changakdek egri-bugri qo‘lini bigiz qilib, uning ko‘ksiga nuqidi:
– Sen itday xor bo‘lib o‘lasan! Kimsasiz, odam ko‘rmas yerlarda chiriydi o‘liging! Bir tomchi suvga, bir tishlam nonga, bir og‘iz iliq so‘zga zor bo‘lib jon berasan! Esing borida tavba qil! Yaratgan egam kechirimli, esingda bo‘lsin!
– Xorosh boltat, starik!1 – po‘pisa qildi milisa boshlig‘i.
– Qo‘lingdan kelsa to‘pga solib ot meni! – chol jazavaga tusha boshladi. – Sovuq o‘lkalarda bo‘lib ham kelganman, o‘tirib ham kelganman, yana boraman-da, o‘sha turmangga! Mening bir ko‘rpam haliyam o‘sha yerda!
– Bas, topshiriq bajarildi, ketdik! – rais oldinga tushdi, qolganlar unga ergashib, shosha-pisha qabristonni tark etishdi.
Vilor ham boshqalarga qo‘shildi. Ko‘nglida g‘alaba nashidasi, o‘zini ko‘rsatib qo‘yganligidan paydo bo‘lgan huzurlanish mavj urib borarkan, darvoza oldida beixtiyor to‘xtab, ortiga o‘girilib qaradi. Odamlar guvullashib, yiqilgan tug‘ oldida uymalanishar, faqat o‘sha telbasifat chol, Said batrakkina uning ortidan nigohlarini o‘qdek qadab turardi…
– …Bu gaplar, o‘h-ho‘, qachonlar o‘tib ketgan, otaxon, hozir zamon boshqacha… – deya xo‘rsindi u.
– Zamon joyida turibdi, odamlar o‘zgargan, – cholning ovozi bu safar juda yaqindan eshitildi. – Esingga tushgandir ogohlantirganim? Mana, ahvolingga boq, bog‘langan itday osilib turibsan! Dilingda zarracha afsus bormi? Qilgan ishlaringdan hech bo‘lmasa bir marta pushaymon qildingmi?
“Unutma, najot – tavbada!” Bu yana Rita edi, u endi ovozlarni aniq farqlay boshlagandi.
“E, o‘laqolsa tavba qilmaydi bu! Buning qoni buzuq asli! Odam tavba qilishi uchun gunohu savobni ajrata bilishi kerak. Bu avval ham dahriy edi, dahriyligicha qolibdi”. Imom tag‘in paydo bo‘ldi. Bu safar u biroz tajangroq, serzardaroq edi.
– O, bo‘ldi endi, tinch qo‘yinglar meni! – u bor ovozi bilan baqirmoqchi edi, biroq bo‘g‘zidan bo‘g‘iq xirillash sirpanib chiqdi, xolos.
– Tavba qil! – o‘dag‘ayladi chol.
– Tavba qilaqol! – yalindi Margarita.
– Tavba qil… – maslahat berdi Imom.
– Uxlashim kerak… Uxlash… Balki uxlayotgandirman? Ehtimol, bularning bari tushdir? – pichirladi u.
– Xomtama bo‘lma! – kesatdi Said batrak.
– Yo‘qol! Daf bo‘l! Men uxlayman. Men… charchadim…
Va bir daqiqa o‘tmay boshi ko‘ksiga shilq etib tushdi. U xob olamining sirli bahriga sho‘ng‘idi.
* * *
Tomirlari bo‘rtib chiqqan qoqsuyak qo‘llarini qayerga yashirishni bilmay, xijolat og‘ushida besaranjom qimirlab qo‘yayotgan kampir gurs-gurs qadam tashlab kelgan notanish cholga bir zum tikildi. So‘ng so‘nik va umidsiz nigohlar yana yerga qadaldi. G‘am-g‘ussa to‘ldirgan ko‘ngilda, ming xil o‘y g‘ujg‘on o‘ynayotgan xotirada nomsiz va shaklsiz nimadir g‘imirlagandek bo‘ldi: bu o‘tkir ko‘zlar, xoda yutgandek adl qomat nimasi bilandir tanishdek unga…
* * *
Voqelik va ro‘yo aralash-quralash bo‘lib, shundoq ham toliqqan ongini iskanjaga olmoqda edi. Soyalar goh paydo bo‘lar, goh yo‘qolardi. Mana, niqobli uch yigit tag‘in uning qarshisida turibdi. Ikkitasi xuddi o‘sha kungidek uni urib-so‘kib xumordan chiqmoqchi, uchinchisi esa hamon jim. Kim o‘zi u? Bu niqobdor kimsa, sirli shaxs kim bo‘ldi? Nega gapirmaydi? Uning sabrini sinayaptimi yo unga rahmi kelyaptimi? Nega unda sheriklarini qaytarmayapti, uni bo‘shatishga urinmayapti?
– Kimsan… kimsiz? – pichirladi u ko‘z oldini to‘sgan xira tuman ichra elas-elas ko‘rinayotgan sharpaga qarab.
Sharpa indamadi, lekin nariroqda yotgan temir quvur bo‘lagini olib, uning arqonga osilib turgan ikki qo‘liga navbatma-navbat qarsillatib ura boshladi. Tutqun jon talvasasida qichqirib yubordi va… ko‘zlari charaqlab ochildi. “Demak, tush ekan… – deya o‘yladi u jismi jonini qamragan og‘riq zo‘ridan qaltiragancha. – Tush… Lekin qo‘llarim…”
Qo‘llari tarashadek qotib qolgandi. Bir necha soat harakatsiz, qolaversa, to‘qson kilolik gavdaning og‘irligini ko‘tarib turgan qo‘llarda qon aylanishi qariyb to‘xtagan, og‘riq borgan sari pasayib, karaxtlik boshlanmoqda edi. Agar zudlik bilan qo‘llarini harakatga keltirmasa, ular falajday qotib, so‘ng butun tanada tutqanoq boshlanishi hech gap emas. Ana, mushaklari zo‘riqib, tortisha boshladi. Xiralashgan ongining olis burchida, qorong‘ilik ichra qizil chiroq yonganday bo‘ldi: xavf yaqin, hushyor bo‘l!
U jon holatda qo‘llarini qimirlatishga urina boshladi. Biroq arqon pishiqqina ekan, bilaklarini qo‘yvorgisi kelmadi. Gavdasini ikki yoqqa chayqatishga uringan sayin arqon qo‘llarini qiyib, terisiga chuqurroq botib borardi. Turnikda tortilgandek oyog‘ini yerdan uzib, qo‘llari bilan osilib ko‘rdi, og‘riq ko‘zlaridan o‘t chaqnatib yubordi. Ammo ana shu urinishlar sababmi, qo‘llaridagi karaxtlik chekinib, tanasi qiziy boshlaganini sezdi.
– Ishqilib, tomirlarim tortishib qolmasa, akashak bo‘lmasam bas… – deya xayolidan o‘tkazdi ko‘zlaridan tirqirab chiqqan yoshga e’tibor bermay. – Ey Xudo, qaysi gunohim uchun?
Shu on nimadir bo‘g‘ziga toshdek tiqildi. O‘zi sezmay Yaratganga, shuncha yil ota-bobosi va o‘zi inkor qilib kelgan ILOHIY QUDRATGA iltijo qilayotgandi. Hali o‘z ahvolini tuzuk-quruq idrok etib ulgurmay turib, xotira osmonida tag‘in chaqmoq chaqdi. Ulkan olovli harflar bilan bitilgan savol ko‘zi oldida yaraqlay boshladi: QAYSI GUNOHIM UChUN?
U o‘zini nihoyatda bechorahol his etayotgandi. Och, tashna, bandi qilingan holda BIR ASRDAN BERI osilib yotgan bo‘lsa, holini so‘raydigan, ko‘mak beradigan kimsa topilmasa… Qanday ayb qildiki, uni bunchalar xo‘rlashadi? Aybi – o‘z davriga xizmat qilganimi? Nima, boshqalar oppoqmi, undan boshqa HAMMA TO‘G‘RI YaShADIMI O‘ShA DAVRLARDA? Aravasiga tushgach, qo‘shig‘iniyam aytasan-da! Ana, o‘sha davr farzandlarining ko‘pi ot ustida yurganda to‘plagan mablag‘i hisobidan bir firmami, kichik korxonami ochib yoki fermer bo‘lib, davron surib yashayapti-ku! Ular kecha ham egarda edi, haliyam jilovni birovga bergani yo‘q. Nima, Vilor bularni bilmaydimi? Juda yaxshi biladi-da! Chunki, o‘zi o‘sha maktabdan chiqqan, hozir ham o‘sha jarayon ichida yuribdi, qaynotasi misolida ko‘rib turibdi bu ishlarni. U-chi? U oddiy qo‘g‘irchoq, qaynotasi va xotini qo‘lidagi kosov. Bor-yo‘g‘i shu. Nega endi uning, na katta mansabi va na orttirgan mo‘mayroq mablag‘i bo‘lmagan bir kichkinagina odamchaning boshida sinishi kerak bu tayoq?!
…Nogoh oyog‘iga sovuq bir narsa tekkandek bo‘ldi, badani junjikib, seskandi. Boyagina (balki BIR HAFTA burundir?) issiq, achimsiq peshobga to‘lgan tuflisini o‘lim azobida yechgan edi, mana endi ho‘l paypog‘i ham amallab sug‘urilgan, namchil tuproq ustida turgan o‘ng oyog‘iga nimadir o‘rmalayotir. U jon holatda boshini egib qaradi, biroq quyuq qorong‘ilik hech narsani ko‘rishga imkon bermadi. Ha, bu yerto‘la go‘rday zulmat qo‘ynida edi. “Go‘rday deysanmi? Xuddi biron marta go‘rda yotib ko‘rganday gapirasan-a!” degan fikr ongida yilt etdi-yu, izsiz yo‘qoldi. Hozir muhimi bu emas, muhimi – oyog‘iga o‘ralib, yuqoriga o‘rmalayotgan maxluq! Ha, bu ilon ekanligiga shubha yo‘q. Ana, u yoqimsiz vishillab, sonlariga chirmashdi, so‘ng tag‘in yuqoriga sirg‘alib chiqa boshladi.
– Ket… Ket bu yerdan… Tinch qo‘y meni… – alam bilan pichirladi u.
Avvaliga jon holatda siltangisi, to‘lg‘anib, bu sovuq gazandani ustidan otib yuborgisi keldi. Ammo, qayerdadir o‘qiganlari yodiga tushib, o‘zini zo‘rg‘a bosdi. Aytishlaricha, ilon keskin harakatlarni yoqtirmas ekan. Agar siltansa, gazanda chaqishi aniq. Unda… Unda nima bo‘lishini xayolga keltirishning o‘zi dahshat. Alvido, hayot! Alvido, shirin orzular… Mayli, chidaydi, o‘zini bosib, bu ishning natijasini kutadi. Bordi-yu, ilon zahridan o‘lish taqdiriga bitilgan bo‘lsa, iloj qancha? Harna bu azoblardan qutuladi…
U yig‘lamoqni, achchiq-achchiq ko‘zyoshi to‘kib, o‘z abgor holiga achinmoqni istardi. Ammo, bu ne sho‘rishki, suvsiragan, quruqshab borayotgan vujudda ikki tomchi ashkka yetgulik nam ham qolmagan ko‘rinadi. Uning diydalari jazillab achishdi, qorachiqlariga sonsiz ignalar sanchilgandek bo‘ldi.
Ilon beldan o‘tib avval yelkaga, so‘ng bo‘yinga o‘raldi. Lahza o‘tmay dahshatdan katta-katta bo‘lib ochilgan ko‘zlari oldida qorong‘ilikda sovuq shu’la sochayotgan ikki nigoh paydo bo‘ldi. Bu nigohlar, sarg‘ish yashil ko‘zlar uning shuurini tobora muzlatib borardi. Vujudida uyg‘onayotgan qaltiroqni bosish uchun tishlarini mahkam qisdi va shu on bo‘yin tomirlari shishganini his etdi. Yo‘q, bu hol ilonning g‘azabini uyg‘otishi mumkin. “To‘xta, nima qilyapsan, tentak? Yo o‘lging kelyaptimi? O‘zingni bos, og‘ir bo‘l. Hozir bu maxluq tushib ketadi, biroz sabr qil. Qaltirama, tanangni bo‘sh qo‘y” deya buyruq keldi ongining ovloq bir burchidan. U mushaklarini bo‘shashtirganday bo‘ldi, naq ro‘parasida, burnidan ikki enlik masofada chayqalib turgan ilonning og‘zidan uchi ayri tili otilib chiqdi. “Endi aniq o‘ldim!” degan fikr bilan ko‘zlarini yumishga urindi, biroq qovoqlari go‘yo qotib qolgandek edi. “U meni sehrlashga urinyapti!” degan o‘y xayolidan kechdi. Uchi ayri til tag‘in yo‘qoldi, uning yuzi esa sovuq bir epkinni his etishga arang ulgurdi. Sarg‘ish-yashil alanga sochilayotgan, tafakkurni mahv etguvchi, tuyg‘ularni karaxtlab, vujudni taxtadek qotirgan bu nigohlar undan, jabrdiyda payg‘ambar yanglig‘ osilib yotgan bandidan hisob so‘rayotgandek edi go‘yo.
– Aybingga iqrormisan?! – degan savol yangradi miyasida.
– Nimalar deyapsan, qanaqa ayb? – xayolan xitob qildi u.
– Demak, o‘zingni aybdor sanamaysan… Demak, tavba qilish niyating ham yo‘q. Bilardim, shunaqaligini bilardim. Meni yaratgan BUYuK ZOT senga ko‘p bora imkon berdi, sen esa, qaysar, aqli kalta odamzod, ulardan foydalana olmading. Holbuki, najot bor edi. Najot hamisha bor, faqat uni KO‘RA OLADIGAN KO‘Z kerak.
– Axir, atrof qop-qorong‘i bo‘lsa…
– Eh, go‘l, gumroh banda! Najot eshigini ko‘rish uchun QALB KO‘ZI lozim. Sening dil ko‘zingni esa qum bosgan. Boylik, mansab, yengil hayot, maishatparastlik, ikkiyuzlamachilik, qo‘rqoqlik, notantilik degan xoru xaslar ko‘mgan uni! Holbuki, bir og‘iz so‘z, birgina kalom uni ochib yuborishi mumkin.
– Qanaqa so‘z? Qanday kalom?! – hayqirdi jon holatda vahimadan xiralashib borayotgan ongi.
Ammo tangri yaratgan ojiz, biroq donishmandlik timsoli bo‘lmish maxluq o‘ziga iltijo bilan termilib turgan yalinchoq nigohdan hazar qilgandek ko‘zlarini yumdi. Va shu lahza odamzot bo‘ynini bo‘g‘ib turgan sovuq sirtmoq bo‘shadi: ilon asta sirg‘alib pastga tusha boshladi.
– To‘xta, ketma! – xirilladi bandi. – Aytib ket, qanday sehrli so‘z u?
– O‘zing yaxshi bilasan… – degan uzuq-yuluq jumla shuuriga arang yetib keldi. – Sen tuzalmaydiganga o‘xshaysan. Aslida men emas, sen ilonsan! AQLSIZ, GUMROH, ShAFQATSIZ VA MAKKOR ILON!
* * *
O‘nlab dorilar va xlor hidi anqib turgan palatadagi keng karavot bilan bitta bo‘lib yotgan yigitning kipriklari sal qimirlagandek bo‘ldi. Peshingi issiqda mudrayotgan navbatchi hamshira buni payqagani ham yo‘q. Bemor quruqshagan lablarini yalamoqqa urindi, ammo lablari xiyolgina ochildi-yu, ular orasidan qizargan tilning uchi sal ko‘rinib, g‘oyib bo‘ldi. Misoli zaharli ilonning ayri tilidek oniy bir tezlikda ko‘rinib-yo‘qolgan bu zabon so‘zlashga hali ojiz edi. Ana shu ilojsizlik iztirobi natijasi o‘laroq kipriklar aro sizib chiqqan ikki tomchi yosh yuzlaridan pastga dumaladi…
* * *
– Ilonlar! Zaharli ilonlar! Qora ilonlar! Senlarning kuning bitadi hademay! – chiyilladi yigitcha yulqinib. Biroq, ikki milisa uning ikki qo‘lidan mahkam ushlab turar, ozg‘ingina yigit ularning changalida potirlar edi.
– O‘chir ovozingni, he! – o‘shqirdi qorindor kapitan uning qo‘liga kishan solarkan. – Vilor Naimovich, nima qilaylik bu dardisarni?
– Oborib tiqib qo‘y KPZga! – buyurdi u oltin gardishli ko‘zoynagi ustidan o‘qrayib boqarkan. – Uch-turt kun och yotsin, keyin biladi siyosat bilan o‘ynashish qanaqa bo‘lishini!
– Xo‘p bo‘ladi. Qani yur, shoirvachcha! – kapitan pixillab kulgancha yigitni xonadan sudrab olib chiqa boshladi. Nima bo‘lgandayam, haqiqatparast yigitcha o‘ziga yetgancha o‘jar ekan, ostonaga oyoq tirab, rosa tixirlik qildi:
– Fikrni, erkin so‘zni qamab bo‘lmaydi, ovora bo‘lmang! Uni o‘ldirishning iloji yo‘q! Unutmang, bu kunlar o‘tadi, lekin Vatan…
– Chiq-ey! – o‘shqirdi ikkinchi milisa ham toqati toq bo‘lib. – Tinchgina sevgi-muhabbat haqida yozib yuravermaysanmi, ahmoq!
Shoir bola qabulxonaga sudrab chiqqanlaridan so‘ng ham tinchimadi, kabinet eshigidagi yozuvni o‘qish uchun boshini orqaga burdi.
– Vilor Rahimov, hozir o‘ttiz yettinchi yil emas! O‘rtoq mafkura kotibi, eshityapsizmi?
Nihoyat, uni olib ketishdi, Vilor og‘ir so‘lish olib, oldida turgan gazetani tag‘in ochdi. Ko‘zi naq birinchi betda, o‘qlovday harflar bilan chop etilgan she’rga tushdi. Ehtimolki, o‘ninchi marotaba uni o‘qib chiqdi. Ha, yigitcha chakki emas, yuragi otning kallasicha bor ekan:
…Tush ko‘rib hur chog‘ini
Ochgancha quchog‘ini
Temurbekni sog‘inib
Turkistonim yig‘lagay…
E tavba-ey, bunaqa buzg‘unchilik ruhidagi narsalarni nimaga bosishadi?! Axir bu g‘irt siyosiy qo‘poruvchilik-ku! Muharrirning ko‘zi qayerda edi? Yo‘q, bu gazetaning jilovini o‘z qo‘liga olmasa bo‘lmaydi!
Qo‘ng‘iroq tugmachasini bosdi, kotiba qiz Anuza eshikdan bosh suqib, unga savolomuz tikildi:
– Gazeta muharririni top, tez yetib kelsin!
Kotibaning ko‘kish qo‘ng‘ir ko‘zlari o‘ziga ishvali tikilib turganini sezib, ijirg‘andi, chehrasiga jiddiy tus berib, tag‘in gazetaga termildi. Qiz birpas turib eshikni yopdi. “Obbo, namuncha suzilmasa bu… Xayoli buzuqroq shekilli. E, kim bilsin, bu yerga kelguncha qaysi kabinetlarni “gullatgan” ekan? Galyaning gapiga kirmasam, uni bu yerga opkelmasam bo‘larkan. Xotinning qarindoshi yoki tanishi qachon do‘st bo‘lgan o‘zi? Balki qaynotasi qo‘ygan josusdir bu? Bo‘lishi mumkin. Harqalay, ehtiyot bo‘lgan ma’qul…”
Shu kabi shubhalar ko‘nglini alag‘da qilib, xayolini to‘zg‘ita boshladi. Gazetaga tag‘in ko‘zi tushdi. Bu shoir bola juda qaysar ekan. Bo‘lmasa, hurmatini joyiga qo‘yib, kabinetiga chaqirtirdi, shirin-shakar so‘rashdi, hatto ijodiy rejalari bilan ham qiziqdi. Bu ko‘rnamak esa siylaganni bilmadi, burnini ko‘tarib, “demokratiya, erkin fikr, millat, hurlik” deb lof ura boshladi. Xayriyatki, Vilorbek ota ta’limini olgan, har ehtimolga qarshi deb, ikki milisani chaqirib qo‘ygan. Aslida u yigitchaga biron yomonlik qilish niyatida emasdi, nasihat qilib, biroz aqlini kirgizib qo‘ymoqchiydi. “Bunaqa oldi-qochdini qo‘y, uka, tinchgina ijodingni qilib yuraver. Millat, Vatan haqida sendan boshqayam o‘ylaydiganlar bor” deb ogohlantirish niyatida chaqirtirgandi uni. O‘jar bola og‘zidan tupuk sachratib, qizdirilgan moydek charsillay boshlagach, uning ham sabr kosasi to‘ldi.
O‘shanda, 1990 yilning bahorida, uning ko‘nglida tuman gazetasini jilovlab olish fikri tug‘ilgan pallada ulkan mamlakat qalqib turgani, endi qo‘lida qalami borlar bilan sal muloyimroq muomala qilish lozimligi to‘g‘risida o‘ylab ham ko‘rmabdi. Rosti, bu tadbir uning ilk katta ishi, bir paytlar nimqorong‘i kabinetlarda o‘rgatilgan yo‘riqlarni amalda qo‘llash borasidagi dastlabki qadami edi. Ushbu tadbirni u ko‘rgazmali tarzda, boshqalarga ibrat bo‘larli darajada o‘tkazishni niyat qilgandi. Biroq, taassufki, bu ish u kutgan natijani bermadi.
Gazeta muharriri yig‘lamoqdan beri bo‘lib chiqib ketgach, u zo‘r bir ishni qoyil qilgandek, o‘zicha jilmayib qo‘ydi. Ha, keksa jurnalistni rosa tavbasiga tayantirdi o‘ziyam! Bechora zor qaqshab tavallolar qildi, egilib-bukilib, ming bora uzr so‘radi, lekin yosh rahbar printsipial edi:
– Bundan keyin gazetaning har bir sonini mening shaxsiy nazoratimdan o‘tkazib, so‘ng nashrga berasiz! – dedi u qat’iy qilib.
Oradan bir hafta o‘tgach, u o‘zining ilk g‘alabasidan mast bo‘lib yurgan kunlarning birida uni Birinchi kotibning xonasiga chaqirishdi. Bordi, kirib, salom berdi. Kattakonning xonasida “ikkinchi” ham o‘tirgan ekan. Yuriy Nikolayevich Mogilniy unga moviy ko‘zlarini xiyol qisgancha sinovchan tikildi:
– Nimalar qilib yuribsan sen bola! – o‘dag‘ayladi Kattakon baroq qoshlarini chimirib. – Ikki kishini go‘rga tiqibsan-ku!
U hech narsani tushunmay, Mogilniyga qaradi, ikkinchi kotib ayyorona tirjaydi:
– Vilor Naimovich, Najot degan shoir yigit va gazeta muharriri haqida boryapti gap. Ular bilan… suhbat o‘tkazgan ekansiz-a?
– Ha… – uning yuragi yomon bir narsani sezgandek hapriqib ketdi. – Nima qipti ularga?
– Balo qilibdi, dard qilibdi! – Kattakon tag‘in g‘azab otiga mindi. – O‘v, zamon o‘zgarib boryapti, sen shuni tushunasanmi? Jurnalist xalqi bilan ham shunday gaplashadimi odam?
– O‘zingizni bosing, azizim, asabiylashmang, – dedi Yuriy Nikolayevich Kattakon tomonga boshini sal burib. – Osmon uzilib yerga tushgani yo‘q, harqalay. Ta-a-k… Vilor Naimovich, o‘sha shoir bolani milisalar KPZda bir-ikki bor qaltisroq tushirishgan shekilli, hamon behush yotibdi kasalxonada. Navernoye, boshiga dubinka bilan urishgan. Chatoq bo‘pti… Muharrirning asli yuragi chatoq edi, siz bilan bo‘lgan suhbatdan so‘ng kichik infarkt beribdi. Hozir u viloyat kasalxonasida. Ularni ogohlantirib to‘g‘ri qilgansiz, lekin… Ladno, milisalarga chora ko‘ramiz, nachalnigining ham pogonini yulib tashlaymiz. Qisqasi, bundan so‘ng sal ehtiyot bo‘ling.
Kabinetni tark etish oldidan u Kattakonning ko‘ziga qo‘rqa-pisa qaradi. Yoshi o‘tib, sochlari kul rang tus ola boshlagan rahbar nigohi unga: “Essiz ikki inson umri-ya! Axir, ular o‘zbeklar-ku, o‘z odamlarimiz! Sen kimlarning nog‘orasiga o‘ynayapsan o‘zi?” degandek ta’na bilan boqardi.
Esida, o‘sha voqealardan so‘ng u bir-ikki hafta ich-etini yeb yurdi. Ko‘nglining bir chetida ikki begunohga nisbatan achinish hissi g‘imirlab qo‘ysa-da, ongining po‘kanak bosgan bir xilvatgohida Yuriy Nikolayevichga o‘xshagan suyanch tog‘lari borligidan g‘ururlanish tuyg‘usi gullab turardi. Lekin omad bir ketsa har yondan ketar ekan: shoir bola boshidan yegan zarbalari oqibatida qayta o‘nglanmadi, asta-sekin aqldan ozdi. Uni jinnixonaga yotqizishdi. Muharrir infarkt natijasida yarimjon odamga aylandi, uni ishdan olishib (pensiyasiga olti oy qolganda!) kattalarning chizgan chizig‘idan chiqmaydigan adabiyot muallimini muharrir qilib qo‘yishdi. Sobiq muharrir ko‘p o‘tmay omonatini topshirdi. Bu ikki fojianing asl aybdorini esa sanoqli kishilargina bilishardi…
* * *
Kampir anavilarning bu yerda nima qilib yurishganini tuzuk-quruq anglamas, qachon chiqib ketishlarini o‘zicha tusmollar va sabr bilan kutardi. Chol, navbatchi vrach va hamshira esa uyquda o‘zini bo‘g‘ishga intilayotgan yigitning qotib qolgan barmoqlarini bir amallab bo‘g‘izdan bo‘shatishdi.
– Bog‘langlar uni karavotga! – dedi chol amirona tovushda. – U o‘lmasligi kerak!
Palataning birgina derazasi ortida esa kattagina qora qush bu voqealarni jimgina kuzatar, onda-sonda qag‘illab qo‘yardi…
* * *
Viloyat markazida ishlayotgan, hali ot ustida bo‘lgan qaynotasi kutilmaganda kabinetiga chaqirtirdi. To‘g‘ri, kechqurun uyiga ayttirsa yoki o‘zi kelsa ham bo‘lardi, ammo general aynan kabinetiga ChAQIRTIRDI! Vilor allaqanday noxushlik ro‘y berishini butun vujudi bilan his etib, qo‘rqa-pisa bordi.
– Qizni gum qilibsan-da? – dedi u kuyovining ko‘zlariga qattiq tikilib.
Oltmishdan oshsa-da, hali qomati raso, kumushrang sochlari orqasiga taralgan, go‘shtdor burni ustiga qo‘ndirilgan ko‘zoynak ostidan ko‘kimtir ko‘zlari sinchkovlik bilan boqadigan general Azim Bo‘riyev shuncha yil xavfsizlik xizmatida bekorga ishlamagan, u Vilorning har bosgan qadamidan xabardor edi.
– Erkakchilikda har xil voqealar bo‘p turadi, lekin odam o‘ldirish… Kimga topshirganding bu ishni?
– Hech kimga… O‘zim… – u chaynalib, yerga qaradi.
– A, nahotki? – general Bo‘riyev o‘tirib qoldi. – Sen… o‘zing qildingmi?
Vilor titrab-qaqshab qaynotasiga bor gapni aytib berdi. Uning hikoyasidan so‘ng chol og‘ir so‘lish oldi, keyin qo‘l siltadi: “Boraver…”
Ishqilib, bir oycha o‘tib, qizning tanib bo‘lmas darajaga kelgan jasadi topilganda bu ishni hech kim ortiqcha kavlab o‘tirmadi. Generalning qo‘li uzun, tili botir, mushti esa qattiq edi…
– …Bo‘ldi, yig‘ishtir yig‘i-sig‘ini! – degan amirona tovush yangradi quloqlari ostida.
Boyagina diydasida yig‘iga yetgulik yosh qolmagan, endi bo‘lsa ixlos bilan ho‘ngrayotgan bandi bir cho‘chib tushdi.
– Kim? Kim bu? – u tuynukdan tushayotgan xiragina tong shu’lasidan oqara boshlagan dahshatxonaga ko‘z yugurtirdi, biroq yosh to‘lgan diydalari oldida barcha narsa olachalpoq bo‘lib ko‘rinayotgandi.
– Nima balo, qo‘rquvdan esing og‘ib qoldimi deyman?
– A-a, Imom… Imom aka… tag‘in kepsizmi? – u jilmayishga urindi, lekin yorilgan lablari jazillab og‘rigach, lab-lunjini yig‘ishtirdi.
– O‘h-ho‘, ancha aqling kirib qopti, “siz”lay boshlading, – kuldi chapani yigit. – Ko‘rdingmi, Xudoning qudrati bu, u ko‘nglingga insof urug‘larini socha boshladi. Endi o‘zingga kelasan.
– Xudo… Qani, qayerda o‘sha Xudo? Bor bo‘lsa, nega yordamga kelmayapti? – alam bilan pichirladi u.
– Sen chaqirdingmi uni yordamga? Biron marta chin dildan, ixlos bilan iltijo qildingmi? Yo‘q! Sen mana shu yerga kelganingdan beri faqat o‘zingni oqlayapsan, qilgan gunohlaringni tan olmayapsan. Holbuki, Olloh barcha ayblaringni o‘zingga ko‘rsatdi. Sen uchun tavbaning eshiklarini ochdi. Sen esa… Yaratgan egam kechirimli, u bandalarini tashlab qo‘ymaydi. Uning dargohi keng, karami ulug‘. Sen noumid bo‘lma, tushkunlikka tushma, Olloh albatta najot yuboradi. Faqat tavba qil, chin dildan tavba qil!
– Tavba deysizmi? Mening tilim aylanarmikan bu so‘zga? Men bir umr…
– Vey, menga qara, Yaratgan uchun sening siyosating, mafkurang – bir pul! Sen ham uning bir bandasisan, vassalom. Hamma qatori sening ham tavba qilishga, Parvardigorning lutfidan umidlanishga haqing bor.
Imom jim bo‘ldi, osilib turgan yigit esa tag‘in hiqillay boshladi. Nafas olishi chindan ham qiyinlashayotgandek, bo‘g‘ilayotgandek bo‘ldi. Nihoyat, so‘nggi kuchini jamladi. Nafasi ravonlashib, ko‘zlari o‘tkirlashdi. Va shu on butun hayoti ko‘z o‘ngidan xuddi kino lentasiday shuvullab o‘ta boshladi. O‘ziga, vijdoniga xilof ish qilgan, gunohga qo‘l urgan lahzalari esa go‘yo “stop-kadr” singari taqqa to‘xtab, butun dahshati bilan namoyon bo‘lar, vujudi va tuman qoplagan shuurini larzaga solardi. Nihoyat, bu qo‘rqinchli film tugadi. Uning so‘nggi kadrlari juda xira, xuddi zulmat qo‘ynida suratga olingandek qop-qora edi.
– Zindon bu… zindondagi kadrlar… – shivirladi u va lablari beixtiyor pichirlay boshladi. – Tangrim, gunohlarimni kechir! Men gumrohni afv et, Xudoyim! Gunohkorman, tan olaman, ayblarim juda ko‘p. Ey qodir egam, shafqatingni darig‘ tutma, tavbamni qabul et! Tavba qildim, Ollohim, ming bor tavba qildim! TAVBA…TAVBA… TAVBA!..
U gapini tugatishga ulgurmadi. Shift ostidagi xiralashgan tuynukka tashqaridan nimadir kelib urildi, singan oyna parchalari jaranglab to‘kildi. Kaftday shisha parchasi esa shuvullab uchib kelib, uning o‘ng qo‘li chandib bog‘langan xariga xanjardek sanchildi. U qo‘rquvdan mahkam yumilgan ko‘zlarini ochganda yerto‘la shifobaxsh toza havoga to‘lgan, oynasi singan tuynukdan tong yorug‘i yopirilib kirmoqda edi. Undan ikki metrcha narida esa qonga belangan allaqanday qush yotardi.
– Qarg‘a… – pichirladi u dahshatdan ko‘zlari olaygancha. – Qora qarg‘a… Bexosiyat qush… Yo‘q-yo‘q, olamdagi eng go‘zal, eng yaxshi qush! Rahmat senga, Xudoyim, ming rahmat!..
Boshini asta burib, yog‘ochga sanchilib turgan oyna sinig‘iga qaradi. Qirrador shisha bo‘lagi xariga sal-pal sanchilib, ilinib turardi. Arzimagan qaltis harakatdan ham tushib ketishi hech gap emas. Shuning uchun nihoyatda ehtiyot bo‘lishi lozim. Hozir o‘ng qo‘li barmoqlarini ishlatib ko‘radi, so‘ng ikki barmog‘ini asta cho‘zib, kaftining orqa tomoni bilan shishani asta sug‘uradi. Barmoqlari yetarmikan? Bordi-yu, karaxt bo‘lgan qo‘llari uni ushlab turolmasa-chi? Yo‘q, unday bo‘lmaydi! Yetishi kerak, tutib tura olishi shart! Bu – so‘nggi imkoniyat, agar u qo‘ldan ketsa, bari tugaydi…
– Tangrim, o‘zing madad ber, – iltijoli pichirladi u. – Bismillohir rahmonir rohiym….
U ko‘rsatkich va o‘rta barmog‘ini nihoyatda ehtiyotkorlik bilan orqaga cho‘zdi. Ana, shisha parchasi ikki barmog‘i orasida! U barmoqlarini iloji boricha mahkamroq qisib, asta siltadi. Xudoga shukr! Shisha bo‘lagi osongina sug‘urildi!
– Tashakkur senga, Yaratgan egam, tashakkur…
U yosh to‘la ko‘zlarini bir zumga yumdi. Ochganda esa shisha parchasi o‘ng qo‘lining kaftidan mustahkam joy olib ulgurgandi. Ha, madadga muhtoj tana miyadan mustaqil ravishda kerak ishni o‘zi bajarayotgandi. Endi shishani tushirib yubormasdan, ehtiyotkorlik bilan, qo‘lini imkon qadar pastga egadi. Mana, shishaning o‘tkir uchi bilagini sirib turgan arqonga yetib keldi. U sekinlik bilan qirrador shishani arqonga ishqalay boshladi. Kesadi, kesishi kerak!
– Befoyda bu ish… – deya xo‘rsindi Rita allaqaysi kavakdan turib.
– Bo‘sh kelmang, og‘ajon! – dalda berdi Gulshoda.
– Hah nodon bola, xomtama bo‘lmay qo‘yaqol, – tishlarini g‘ijirlatdi Said batrak.
– Quloq solma ularga! – dedi Imom qat’iy qilib. – Birortasigayam quloq solma! Harakat qil, bu yog‘i oz qoldi!
– Imom aka… Qo‘lim… qo‘limni shisha kesdi shekilli… – ingradi Vilor bir lahza tin olib. – Mana, qon…
– Nima bo‘pti kesgan bo‘lsa? O‘lib qolmaysan! Bo‘l tezroq, halizamon ULAR kepqolishadi!
– Ular? Kim ular?
– Seni bu yerga opkelganlar! Seni o‘g‘irlaganlar! – asabiylashdi Imom. – Ular kelishsa… tamom bo‘ldim deyaver!
– Tushundim… Hozir! – u tag‘in jon-jahdi bilan shisha sinig‘ini arqonga ishqay boshladi.
Arqonning eshilgan iplari bir-bir uzilib borardi. Shisha bo‘lagi to‘mtoqlashdi, u narigi yog‘ini aylantirdi, kuchi boricha kesaverdi. Shu zindonda umrbod qolib ketish vahimasi unga tinchlik bermasdi. Nihoyat, o‘ng qo‘lini xochning o‘ng qanotiga bog‘lab turgan arqon uzildi!
Ammo u kutganiday, ozodlikka chiqqan, sirtmoqdan bo‘shagan qo‘l shilq etib pastga tushmadi. Kaftining orqa tomoni go‘yo yog‘ochga yopishib qolganday edi. U bir siltanib, qo‘lini yog‘ochdan ajratib oldi, jonsiz dasti xuddi quruq kaltakdek yonboshiga kelib urildi. “Ishqilib, shisha sinig‘i qo‘limdan tushib ketmasa bas”, degan fikr o‘tdi xayolidan. Agar og‘riq, charchoq va nogahoniy quvonch ta’sirida barmoqlari shishani tashlab yuborgan bo‘lsa… O-o, unday bo‘lishi sirayam mumkin emas! Tangrim, ishqilib, unday bo‘lmasin! Unda Vilor tamom! Bu yarimjon o‘ng qo‘li bilan anavi chap qo‘lini qiyib turgan arqonni yecha olmaydi u! Qo‘lbola xanjarni ham yerdan ololmaydi qaytib!
Shoshma, o‘zi qarab ko‘rdingmi, degan savoldan so‘ng karaxt bo‘lib osilib yotgan o‘ng qo‘lini ming azobda ko‘tarib, yuziga yaqinlashtirdi. Va shu onda bo‘g‘zidan g‘olibona bir hirqiroq otilib chiqdi:
– A-ha, mana u!
Darhaqiqat, qon sizib turgan ikki barmoq orasida ko‘zoynak ko‘ziday keladigan shisha bo‘lagi teriga yopishib turardi. U og‘riq zo‘ridan aftini bujmaytirgancha qonli shisha parchasi bilan chap qo‘lini bandi qilib turgan arqonni kesishga tutindi.
– Barakalla! – deya uni maqtab qo‘ydi Imom.
– Smotrite-ka! – hayron bo‘ldi Margarita.
– Siz zo‘rsiz, og‘ajonim! – dedi Gulshoda mehri tovlanib.
– Ih-h-m… – tomoq qirib qo‘ydi Said batrak.
O‘n besh daqiqa o‘tar-o‘tmas u butunlay ozod bo‘lib, boyagina o‘zi bog‘langan ustunga orqa tiragancha yig‘lab o‘tirardi. Ko‘zyoshlari qurigan bo‘lsa-da, o‘pkasi to‘lib, hiqillar, ko‘ksi beto‘xtov ko‘tarilib tushardi. Nihoyat, o‘zini biroz bosib olgach, asta o‘rnidan turdi. Boshi aylanib, tizzalari qaltirayotgan bo‘lsa-da, ruhi yengil, ko‘nglini allaqanday nur to‘ldirgandi. Buning shukrona deb atalgan tuyg‘u ekanligini u hali anglab ulgurmagandi, biroq, ongining tub-tublarida, ehtimolki, eng chuqur ongosti qatlamlarida nimalardir ro‘y berganligini, allaqanday to‘ntarishlar sodir bo‘lganligini savqi tabiiy bilan his etayotgandi. Endi butun hayoti o‘zgarib ketishini, nafaqat buguni yoki ertasi, balki O‘TMIShI ham o‘zgarishini tushunib yetdi u. Nimalar bo‘lishi, qanday o‘zgarishlar yuz berishini aniq bilmasa-da, endi oldingiday yasholmasligini, yashashning ILOJI YO‘QLIGINI anglayotgandek edi. Buning baxt yoki baxtsizlik, kulfat yoxud omad ekanligi borasida esa o‘ylashni istamasdi. Istagani shuki, u hozir tashqariga, DUNYoGA chiqishi kerak!
– Hali ko‘ramiz, bola, ko‘p hovliqaverma. Hali anavi eshik ochiqmi yo naryog‘idan otning kallasiday qulf osilganmi – buni bilmaysan-ku! – deya pixilladi kimdir qarimsiq tovushda.
– O‘chir ovozingni, makkor chol! – deya shaxt bilan o‘rnidan turdi Vilor. – Endi meni yo‘ldan urolmaysan, batrak! Agar eshik qulf bo‘lsa, qulfini sindirib chiqaman!
U oldinga intildi, oyoqlarida qon aylanishi hali maromiga tushmagani bois bir-ikki gandirakladi ham. Sal yurib, asta egildi, oyog‘i ostidagi qonga belanib yotgan pajmurda qushni qo‘liga oldi.
– Xaloskor qushim… – shivirladi sassiz, so‘ng yerto‘laning chap qanotidagi eshik tomon yurdi. Said batrakni batamom mag‘lub etmoq, uning ustidan miriqib kulmoq uchun eshikni zarb bilan itardi. Eshik sharaqlab ochilib… ketmadi. U nariyog‘idan yopiq edi…
Bir lahza uning oyoq-qo‘li muzlab, peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi. Ko‘z oldi qorong‘ilashib, to‘rt enlik chang va o‘rgimchak to‘rlari qoplagan chirik taxtalar ustiga qulashiga oz qoldi.
– O-o, Xudoyim, bu nimasi tag‘in? Im-mm!.. Nahotki bari behuda bo‘lsa?! Nega, nega, nega??? Axir, men o‘zgardim-ku, Tangrim, O‘ZGARDIM! Endi men butunlay BOShQA ODAMMAN! Yana qancha tavba qilishim kerak? Uch kunmi, bir oymi, bir yilmi? Bo‘pti, men roziman. Hozir qaytib borib o‘sha, anavi kasofat yog‘ochga qaytadan osaman o‘zimni! Bunday yashagandan ko‘ra…
– Bas qil! – orqa tarafdan Imomning zardali tovushi eshitildi. – Yig‘ishtir obidiydani. Avval eshikni tuzukroq itarib, tepib ko‘r, balki qulflanmagandir, ehtimol, shunchaki, nomiga tambalab qo‘yilgandir? Qani tur, ishga kirish!
– Imom aka-a…
– Tur o‘rningdan! Boshla!
U qonga belangan qarg‘ani bir chetga qo‘yib, eshikni kuch bilan itardi. Nazarida, qo‘pol taxtalarni jipslashtirib yasalgan qo‘lbola eshik biroz ochilganday bo‘ldi. Uning vujudiga qudrat oqib kela boshladi, tislanib turib, o‘ng oyog‘i bilan eshikni qarsillatib tepdi. Va eshik… sharaqlab ochilib ketdi!
– O-o, o‘zingga shukr, Yaratgan egam, o‘zingga shukr! Ozodman, ozod! Onajon, onajonim, qayerdasiz?
O‘lik qarg‘ani qo‘ltig‘iga qisgancha, temir zinalardan tepaga intildi. Chang bosgan torgina yo‘lak devorini bir qo‘li bilan paypaslab, tobora kuchga to‘layotgan oyoqlarini zinalarga mahkam bosgancha yuqoriga o‘rmalardi. Lahza o‘tmay chala qolib ketgan, temir-beton qurilmalar, ulkan plitalar aralash-quralash bo‘lib sochilib yotgan, ko‘kka bo‘y cho‘zgan sonsiz armaturalar afsonaviy ajdaho ustuxoniday dikkayib turgan qurilish maydonida ko‘rdi o‘zini. Bir kilometrdan ziyodroq masofaga cho‘zilgan ulkan hudud g‘arb filmlaridagi dinozavrlar qabristonini eslatardi. U bir tarafi o‘pirilib tushgan bostirma ostidagi tuynukka, hozirgina o‘zi chiqib kelgan yerto‘la eshigiga so‘nggi bor o‘girilib qaradi. Tavba, bu yerda tuynuk borligini, yerto‘la mavjudligini odamlar bilisharmikan? Shoshma, qanaqa odamlar? Yaqin atrofda odam deb atasa arziydigan bironta jonzot ko‘rinyaptimi o‘zi?
U qoqilib-suqilib oldinga yurdi, ko‘p o‘tmay endigina ko‘tarilib kelayotgan quyosh nurlari qizdira boshlagan yalanglikka chiqdi. Huv ana, qurilish maydonini o‘rab turgan beton devorning qulagan joyidan nariroqdagi asfalt yo‘l ko‘rinib turibdi. O‘sha katta yo‘lga chiqib olsa – marra uniki!
Devorning yiqilgan joyidan o‘tib, toshloq so‘qmoqdan oldinga yurdi. Shu payt ortda qolib ketgan qurilish maydonining bir chetidagi ko‘kka bo‘y cho‘zgan suv minorasi ustidan qag‘illagan tovush eshitildi. Qarg‘alar sayrayapti. Darvoqe, qarg‘a… Uni dafn etish kerak-ku! Shu yerga, yaqin atrofga ko‘madi uni. Bechora qush, uni deb o‘zini qurbon qildi…
– Ollohning amri bilan… – deya pichirladi kimdir.
U cho‘chib atrofga qaradi: hech kim yo‘q edi.
– Ha-a, Imom aka, sizmisiz? To‘g‘ri, Ollohning irodasi bu… Rahmat…
Kimga rahmat aytyapti u? Qarg‘agami, Imomgami yoki Parvardigori olamgami? Bu haqda ortiq o‘ylashni istamadi, ruhi haddan ziyod toliqqandi. Sal narida yotgan siniq armatura bo‘lagini olib, so‘qmoq chetidan chuqurcha qazidi, so‘ng qarg‘aning qonli jasadini unga avaylabgina qo‘ydi. Chuqurni ko‘mib, beixtiyor yuziga fotiha tortdi. Va beixtiyor o‘yladi: bir paytlar ne-ne yurt so‘ragan odamlarning ma’rakalariga bormagan, borganda ham aqalli bir bora duoyi fotiha qilmagan kishi, mana, bir qarg‘ani ko‘mib, fotiha o‘qiyapti…
– Hah dunyoi qo‘tir… – xo‘rsindi allaqayerda Said batrak.
Bu yerda qancha o‘tirganini bilmaydi. Ensasi qiziyotganidan sezdiki, o‘tgan fursat ichida quyosh tikka kelay debdi. U oftob otashini deyarli sezmas, bu najotbaxsh yerda bir umr o‘tirsam derdi. Buning iloji yo‘qligini his etgan zahoti oyoqlari uni beixtiyor ko‘tarib turg‘azdi. Ha, ketish kerak, tezroq ketish kerak bu yerdan!
O‘rnidan turib, o‘ziga tag‘in bir bor razm soldi: kiyimlari biroz g‘ijim bo‘lsa-da, harqalay, odam ko‘rguday edi. Hatto galstugi ham bor! Ajabki, cho‘ntaklarini kovlab, o‘n uch ming so‘m pul ham topdi. Anavilar tegishmabdi… Balki, ularga pul kerak bo‘lmagandir? Kim bilsin… E-e, sadqai sar! Dastro‘molini ho‘llab olib, suvini siqib tashladi, terlay boshlagan bo‘ynini artib, asfalt yo‘l tomon talpindi.
Yurib ketdi, qadamlari yengil edi. Ammo, chanqog‘i qongach, ochlik bilina boshlagandi, ko‘p o‘tmay darmoni quriyotganini sezdi. Lekin, hozir bu kabi mayda-chuydalarga e’tibor beradigan vaqt emas, tezroq uyiga yetib olishi kerak. Oradan necha kun o‘tdi o‘zi? Aniq bilmaydi, ehtimol bir haftacha bo‘lgandir. Galina nima deb o‘ylayotgan ekan? Balki, uni qidiruvga berishgandir, axir shuncha vaqt o‘tdi! Yo unga shunday tuyulyaptimi? Shoshma, axir telefonidan bilib olsa bo‘ladi-ku!
Afsuski, telefoni cho‘ntagida yo‘q edi. O‘zi endigina urf bo‘layotgan bu matoh hammaga kerak-da! Demak, ANAVILAR olib ketishgan! Yaramaslar, ablahlar! Puliga tegmay, atay telefonini olishgan! Vilor vaqtni bilmasin, qiynalsin deb qilishgan buni! O‘zi nima kerak ekan ularga? Nimalar deyishdi o‘shanda, u haqdagi buncha ma’lumotni qayerdan olishgan? Demak, iziga tushishgan, anchadan beri kuzatib yurishgan ekan. O‘sha ayol-ku, mayli endi, qopqonga qo‘yilgan xo‘rak bo‘laqolsin, lekin qolganlari kim edi? Ruldagi yigitning ham, yonida o‘tirib turtkilab kelgan bosqinchining ham ovozlarini eslab qoldi. Shoshma, ayolning allaqayeridir Margaritaga o‘xshab ketadi-ku! Ko‘z suzishlari, buralishlari, hatto ovozi ham! Haydovchining tovushi esa Said batraknikiga biroz tortadi, yonida o‘tirib kelgan yigitning sasi-chi? Imomniki… Imom akaning ovozimi? Yo‘q, u emas! Unda kimnikiga o‘xshaydi? E-e, anavi isyonkor shoir-ku bu! Ha, o‘sha haqiqatparast shoir bolaning ovozi! Xo‘sh, unda yo‘l bo‘yi indamay kelgan uchinchi yigit kim bo‘ldi? Vilor uning nafas olishini, tomoq qirib qo‘yishlarini va hatto yutinganlarini ham eshitib o‘tirdi. Nega u biron marta ovoz chiqarmadi?
Bu o‘xshashliklarning tasodifiy yoki uning bemor tafakkuri mahsulimi?
…“Bog‘zor” mahallasi boshlangan ko‘cha boshida taksidan tushib, naryog‘iga piyoda ketishga ahd qildi. To‘g‘ri-da, bilib bo‘ladimi, hozir uyida kim nima gaplar bo‘lyapti…
U qadamini tezlatdi, lekin ko‘chaning narigi tomonida, keksa chinor oldida beixtiyor to‘xtab qoldi. Shuncha yil u yashagan uy darvozasi ochilib, uch kishi chiqib kelayotgan edi. Ha-a, qaynotasi uyda tushlik qilib ketyapti, Galina esa uni kuzatishga chiqqan ko‘rinadi. Cholning g‘alati odatlari bor-da. Nafaqaga chiqding, maza qilib otning kallasiday pensiyani oli-i-b, uyda yotmaysanmi?! Yo‘q, bu kishim eski firqalardan, bir daqiqa ham bekor o‘tirolmaydilar. “Hozircha kuch-quvvatim bor, ishlab, senlarning kelajagingni ta’minlab qo‘yishim kerak” deydi. Bilamiz, kimning kelajagi uchun jon kuydiryapsan! To‘g‘ri, Galina uning yolg‘iz farzandi, chol qizi uchun har narsaga tayyor, lekin xotini olamdan o‘tmasdanoq general jazman orttirib ulgurganligini, nafaqasi va hozirgi ishi – allaqaysi firmadagi maslahatchi huquqshunosligidan topadigan daromadining qanchasi o‘sha ayolga sarflanishini Vilor yaxshi biladi.
Yigit darvozasining naq ro‘parasida, keksa chinor panasida turib ularni kuzatarkan, nogoh nimalardir o‘zgarganini sezdi. Qaynotasi ham, xotini ham bugun qandaydir boshqacha edilar. Generalning hamisha kumushrang bo‘lgan sochlari biroz qizg‘ishroq, kiyinishi ham g‘alati edi. Chol umrida qizil galstuk taqmagan, bugun esa… Buning ustiga, uning qo‘ltig‘ida yag‘iri chiqib ketgan eski charm papka bor edi. Bunday bo‘lishi mumkin emas: chol hamisha ozodalikning tirik timsoli bo‘lib kelgan. Va nihoyat, bu Bo‘riyevning labida qimmatbaho tamaki tutab turibdi, qaynotasi esa hamisha ichish va chekishning ashaddiy dushmani, sog‘lom turmush tarzining tolmas targ‘ibotchisi edi. Demak, bu odam…
Galina ham boshqacha. Bu Galina yoshroq edi. Sochlari ham yelkasiga tushib turibdi. Uning xotini sochini hamisha yigitlarnikiday kalta qilib yurardi. Buning oppoq yelkalariga tushib turgan sochi oltinrang, xotini esa azaldan qorasoch bo‘lib, soch bo‘yashni yoqtirmasdi. Yigitni hayron qoldirgan, aytish joiz bo‘lsa, baqaday qotirib qo‘ygan eng katta tafovut esa… Ajabo, otasining chakkasidan o‘pib, xayrlashayotgan bu ayol… og‘iroyoq edi! Ana, qorni do‘ppayib, aniq bilinib turibdi. Vilor kuni-kecha, mana shu ko‘rgiliklar sodir bo‘lishidan bir necha kun oldin xotini bilan farzand ko‘rish masalasida janjallashgan, yosh va qomati kelishgan ayol hozircha bola tug‘ish niyati yo‘qligini uzil-kesil aytgandi. Undan xulosa shuki, bu ayol…
Bu g‘alati oilaning uchinchi a’zosi bo‘lmish kimsaga, chiroyli kiyingan, xotinini asta o‘pib, nariroqda turgan mashinasi tomon yurgan yigitga Vilor sinchiklab qaramasa ham, uning kimligini yaxshi bilardi. Ha, butun borlig‘idan to‘qlik, shu bilan birga, allaqanday itoatkorlik ufurib turgan bu yigit UNING O‘ZI, VILORBEK edi! Qaynotasiga qarab mutelarcha jilmayishi, nim ta’zim qilishi, xotinining ko‘ziga mo‘ltirab boqishlari uning kimligini ko‘rsatib turibdi…
General Bo‘riyev “Volvo” mashinasiga o‘tirayotib, ortiga xiyol o‘girildi.
– Man ketdim, docha, vecherom budu.
– Poka, papulya! – ayol nozik qo‘lini silkib xayrlashdi, so‘ng mashinasi eshigiga suyanib turgan eriga yaqinlashdi. – Toropis, Vilorchik, a to ne uspeesh. Nu davay, kotyonok, zvoni…
U shunday deb yigitning galstugini to‘g‘rilagan bo‘lib, uning yanog‘idan irimiga o‘pib qo‘ydi. “Vilorchik” ham uni asta bag‘riga tortgan bo‘ldi, so‘ng qaymoqrang mashinasiga o‘tirdi. Zum o‘tmay ikki mashina ikki yoqqa g‘izillab ketdi.
Chinor panasida bu voqealarni kuzatib turgan yigit kalovlanib qoldi. Taqdir uni mayna qilyaptimi, bu nimasi tag‘in? Agar anavi nusxa Vilor bo‘lsa, unda mana bu bechora, angraygan tomoshabin kim? Nega o‘sha yigit unga ikki tomchi suvdek o‘xshaydi?
“Agar bu hodisalar tush emas, haqiqat bo‘lsa, unda men kimman? KIMMAN? Xo‘sh, anavi olifta Vilor Naimovich bo‘lsa, unda mening boshimdan o‘tgan voqealar… Tavba, nahotki bari tush bo‘lsa? To‘xta, tush ko‘rish uchun ham odam KIMDIR bo‘lishi, ShAXS bo‘lmog‘i kerak-ku? Agar anavi MAVJUD bo‘lsa, demak, men YO‘QMAN! Shunday bo‘lishi mumkinmi? Aslo! Xo‘sh, unda Galina nega uni “Vilorchik, mushukcham” deb atadi? Qaysi birimiz HAQIQIY VILORMIZ?”
Shu chog‘ yo‘l chetida o‘tirib, pista va qurut sotayotgan chol kutilmaganda tomoq qirib qoldi:
– Keragi yo‘q, o‘zingni qiynama, endi sen ular bilan yasholmaysan.
– Nima? Siz… Kechirasiz, assalom. Siz kimsiz, ovozingiz… Iya, Imom aka? – u qotib qoldi.
Turgan gapki, chol Imom emasdi, lekin ovoz o‘sha o‘ktam va cho‘rtkesar yigitniki edi.
– Kimligimning ahamiyati yo‘q. Borma u yerga. Shu uyga endi umuman qaytib borma. Borsang, BOShQA ODAM bo‘lolmaysan! – cholning ko‘zlari yonib, burishgan yuz terilari lip-lip ucha boshladi. – Agar chindan ham BUTUNLAY BOShQA ODAM bo‘lishni istasang, ilgarigi hayotingni unutishing kerak.
– Axir, ular… mening oilam… – u beixtiyor cholning ro‘parasiga o‘tirib qoldi.
– Sening oilang – seni qachonlardan beri intizor kutayotgan onang! Ko‘rding-ku o‘zing, ular seni unutishdi. UCh KUN O‘TMAY TURIB UNUTIShDI! Endi sening, hozirgi yangi Vilorning ularga keragi yo‘q. Endi sen ularning yo‘rig‘iga yurmaysan, demak, sendan voz kechishadi. Ularga mustaqil fikrli odam emas, qo‘g‘irchoq kerak. Yo endi ham ularning buyruqlarini, istaklarini quloq qoqmay bajara olasanmi?
– Yo‘q… Endi men kimman? Kim deb atashim kerak o‘zimni?
– Ixtiyor o‘zingda, yangi tug‘ilgan chaqaloqday o‘zingga ism tanlayver, – chol beg‘ubor jilmaydi, ko‘zlaridan iliq nur taraldi. – Balki, onang senga yaxshi bir ism tanlab qo‘ygandir?
U cholning gaplarini oxirigacha eshitmay, ortiga burildi. Ko‘nglida qat’iy fikr tug‘ilgandi: chol to‘g‘ri aytyapti. Hayotini qayta boshlashi kerak. Lekin avval bir narsani aniqlab oladi: shu voqealar rostdan ham bo‘lib o‘tdimi?
Sobiq uyi, bir paytlar o‘zi yashagan uyga tag‘in bir bor, oxirgi marotaba o‘girilib qaragisi keldi. Qaradi ham. Ajabki, uy ham oldingidan boshqacharoq ko‘rindi ko‘ziga. Nigohlari bilan boyagi cholni izladi, biroq, chinor tagida bir kampir mayda-chuyda sotib o‘tirar, yaqin atrofda hech qanaqangi cholning qorasi ko‘rinmasdi.
Boyagina o‘zi kelgan tomonga jo‘nadi. Endi u o‘zini bandi qilgan o‘sha zo‘ravonlarning qayta paydo bo‘lishidan yoki ularning qo‘llariga tushib qolishdan qo‘rqmaydi. U so‘nggi kunlarda ro‘y bergan voqealarning haqiqatan ham bo‘lgan yo bo‘lmaganligini aniqlashni istardi. Sirning tagiga yetish uchun yerto‘lada yana bir oy yotishga ham tayyor u! Uning ko‘nglida o‘ziga, O‘ZINING MAVJUDLIGIGA nisbatan shubha paydo bo‘lgandi…
* * *
Bosh vrach bemor yotgan palataga kirib kelganda kampir yigitning boshi ustida egilgancha ko‘zyoshi to‘kib o‘tirar, qaltirayotgan qo‘llari bilan uning uch kunda oppoq oqargan sochlarini avaylab silayotgandi. Bemor ko‘zlarini xiyol ochib, unga hayrat to‘la nigohini qadadi:
– Kim… siz?
– Onangman, – dedi kampir uning ko‘zlariga mehr va xavotir aralash javdiragancha. – Sening onangman, bolam!
– Anavilar-chi?
Kampir ajablanib, ortiga o‘girildi, biroq, bosh vrach ham allaqachon xonani tark etgan, palatada o‘zi bilan o‘g‘lidan boshqa hech kim yo‘q edi…
* * *
– Uka, balki adashayotgandirsiz? – dedi o‘rta yoshlardagi ayol o‘rog‘ini chap qo‘liga olib, o‘ng qo‘lini peshonasiga soyabon qilgancha. – Bu atrofda hech qanaqa chala qolgan qurilish yo‘q.
– Nimaga bo‘lmasin?! – bo‘g‘ildi u atrofga alanglab. – Shu bugun ertalab ko‘rdim-ku! Qari tut yonidan zovur o‘tgan, undan naryog‘i – beton devor, uning ortida – chala qurilish. U yerda… yerto‘layam bor.
– Qari tut bor, ana, turibdi, – tasdiqladi ayol bir siqim yo‘ng‘ichqani tutamlab ushlagancha. – Uni cholimning bobosi ekkan, tag‘in kim biladi, deysiz. Yonida zovur ham bor. Undan nariyog‘i paxtazor. Men esimni taniganimdan beri shu yerlarda paxta ekiladi. Yoshim oltmishga yaqinlashdi, lekin bu yerda chala qurilish yoki yerto‘lani ko‘rganim yo‘q.
– Tushunarli… – yigit bo‘shashib, ortiga burildi.
Galvars, anqov, lapashang! Erinmay, shundan-shu yoqqa taksi ushlab kelganini qarang! Axir, hamma narsa kunday ravshan edi-ku! Demak, u aqldan ozyapti. “Buning hech ajablanarli yeri yo‘q! – asfalt yo‘ldan tag‘in shahar sari sudralib borarkan, alam bilan ko‘nglidan kechirdi u. – Mening jazoyim shu asli. Hah noshud, battar bo‘lmaysanmi! Yurtning yangi yo‘lga chiqqaniga, o‘h-ho‘, qancha bo‘ldi! Odamlar diliga iymon qaytdi, sen esa haliyam xotiningga, qaynotangga qo‘shilib, o‘rischa chuldirab yuribsan. Sening iymoning ham, xudoying ham – pul, martaba, ayollar… Aslida o‘sha notanish ayolning bir g‘amzali boqishiga, nozik qomatining bir bora nozli buralishiga laqqa tushib, shu ko‘rgiliklarga giriftor bo‘lmadingmi?! O‘shanda (BIR ASR OLDIN!) uning ishvali nigohiga ham, jono‘rtar ovoziga ham tupurib, mashinangga o‘tirib jo‘navorganingda, bu mashmashalar yo‘q edi! Yaratgan egam necha-necha sinovlar yubordi, aqli kirar dedi, sen esa… Mana oqibati! Endi SEN YO‘QSAN! YO‘Q!
U beixtiyor ortiga o‘girilib qaradi va… badanidan muzday ter chiqib, taqqa to‘xtadi. Voajab, ana chala qurilish, badqovoq cholday xo‘mrayib qarab turibdi unga! Yo tavbangdan ketay, bu nimasi tag‘in?! Boyagina, o‘n daqiqa oldin undan nom-nishon yo‘q edi-ku! Nima bu? Sarobmi, qoraxayolmi yo Tangrining navbatdagi sinovimi? U ko‘zlarini ishqaladi, lekin tobora zabtiga olayotgan oftob taftida mayin jimirlab turgan qurilish manzarasi yo‘qolmadi. Ana, nimasi bilandir inson boshini eslatuvchi qurilish tarxi o‘z joyida. Rost, anavi ko‘tarma kranning pastga egilib turgan temir shoxi – burun, ikkinchi qavatdagi deraza o‘rnatilmay, qorayib turgan bo‘shliq – ko‘z kosasi… Ha, faqat ko‘z kosasi, ko‘zning o‘zi yo‘q! Ko‘zning o‘zi go‘yo o‘yib olingandek. Ko‘r odam boshi, gumroh odam boshi! Ustma-ust qalashtirib tashlangan plitalar uyumi quloqqa o‘xshamaydimi? Judayam o‘xshaydi! Shoshma, boshning qolgani qani? Nega u chala? Chala bosh, xom kalla… Ha, boshning pastki qismi ulkan pichoq bilan shartta kesib olinganday edi.
– Nimalar bo‘lyapti o‘zi? – pichirladi bu qo‘rqinchli manzarani kuzatar ekan. – Menga nima bo‘ldi?
Birdan ortiga qaytgisi, chala imoratgacha chopib borib, uning har bir g‘ishtiyu temirini ushlab ko‘rgisi, qurilishning haqiqatan ham mavjudligiga ishonch hosil qilgisi keldi. Lekin oyoqlarida jon yo‘qdek edi. “Ha-a, rostdan ham jinni bo‘pman… – deya o‘yladi u peshonasiga qalqqan sovuq terni artarkan. – Bo‘lmasa nega boshqalarga, masalan, boyagi ayolga ko‘rinmaydi bu qurilish? Yo u faqat MENGA TEGIShLIMI? Shunday bo‘lishi mumkinmi? Kim biladi… Demak, bosh bor. Miya ham bor, bundan chiqdi… To‘xta, bordi-yu, yerto‘la bo‘lmasa-chi u yerda? Nimalar deyapsan, tentak, bosh bo‘ladi-yu…”
Uning vujudini tag‘in titroq qamray boshladi, ixtiyorsiz ravishda yo‘l chetiga o‘tirib qoldi. Shundoq yonginasidan onda-sonda g‘izillab o‘tayotgan mashinalar tovushi ham qulog‘iga kirmasdi. Ko‘pdan beri hayrat deb atalgan tuyg‘uni unutgan ko‘ngli nogoh yuz ochgan g‘alati kashfiyotdan ostin-ustun bo‘lib borardi. Nahotki shu rost bo‘lsa? Unda nega bu to‘g‘rida oldin sira o‘ylab ko‘rmadi?
– Yarimta bosh… Miya… Chala imorat… yerto‘la… ongosti qatlami… Jin ursin, nimalar deb aljirayapman o‘zi?!
O‘rnidan sakrab turdi. Go‘yo HAYoTNI, BUTUN DUNYoNI masxara qilayotgandek tirjayib turgan qurilish manzarasiga, yo‘q, ULKAN YaRIM BOShGA oxirgi bora qarab olib, shahar yo‘liga burildi.
Sudralib borarkan, chuvalashgan o‘ylarini jilovlashga urinib ko‘rdi, biroq so‘nggi daqiqalarda shuuriga bu qadar qiyinchilik bilan yetib kelgan haqiqat yuki g‘oyat og‘ir edi. Bu zalvorli tosh ko‘nglini, ruhini majaqlamoqchiday, tafakkurining xayol yetmas, eng chekka burchaklarini ham titratib yubordi. Nahotki Yaratgan egam bir ojiz bandasiga mana shu oddiy haqiqatni anglatish uchun uni shu taxlit sinovlarga solishi shart bo‘lsa?
Yo‘q, boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi! U hayotga, Tangri bergan bu omonat umrga nihoyatda yengil-elpi yondoshgan ekan, bu toifa kimsalarga mana shu taxlit og‘ir imtihonlar joiz. Ha, qadimgilar bilib aytishgan ekan, o‘zlikni anglash oson emas.
U yana bir bor ortga o‘girilib qaramoqchi bo‘ldi, ammo ichida nimadir, kimdir bunga yo‘l bermadi. Ha, u endi aniq biladi: yerto‘la bor! Anavi ulkan kesik boshning qayeridadir dahshat makoni bo‘lmish yerto‘la borligi aniq! Unda yuzlab, minglab Imomlar, Margaritalar, Said batraklar payt poylab yotishibdi. Gulshodalar ham… O‘-o‘, Gulshoda, begunoh, bechora farishta… Uni rostdan ham o‘ldirdimi o‘zi? O‘LDIRDIMI? Yo‘q, aslida o‘lishini tomosha qilib turgan edi. To‘xta, boyagina “sochini bo‘yniga o‘radim, bo‘g‘dim” qabilidagi xayollar bilan o‘zingni ayblab o‘tiruvding-ku? Yo‘q, bular bari XASTA XAYoLOTNING O‘YINLARI.
Aslida nima bo‘luvdi o‘shanda? Hech narsa! U yaramas HECh NARSA QILGANI YO‘Q! Eng dahshatlisi ham shu. U o‘shanda oy nurida kumushday yaltirayotgan, alangai otash bo‘lib yonayotgan qizni oxirgi bor quchdi, so‘ng… uni asta qo‘yib yubordi. Oyoq osti sirpanchiq, silliq edi, salgina, irimiga itaruvdi, Gulshoda shiddatkor to‘lqinlar zarbi ostida kanalning o‘rtasiga borib qoldi. Suv pishqirib, ko‘pirib-toshib oqayotgandi, qiz esa suzishni bilmasdi. U jon talvasasida allanima deb qichqirdi, lekin yuragi kelajak kunlar vahimasi bilan to‘lgan yigit uni eshitmadi. Mana hozir, ayni daqiqalarda Gulshodaning so‘nggi iltijosini, oxirgi so‘zlarini aniq eshitayotir. Qiz unga hayrat va qo‘rquvdan katta ochilgan ko‘zlarini qadab: “Og‘ajon, og‘ajonim! Nega, nima uchun?! QAYSI GUNOHIM UChUN?!” deb qichqirdi…
Yigit suzishni yaxshi bilardi, bir hamla bilan qizga yetib olishi, uni qutqarishi MUMKIN EDI! Ammo, u joyidan jilmadi. Jon talashayotgan, ho‘piqib, dodlab, o‘zidan tobora uzoqlashayotgan begunoh qizga loqayd qarab turaverdi. Demak… O‘LDIRGAN EKAN UNI!
Ko‘zlaridan oqayotgan nadomat yoshlariga parvo qilmay sudralib borarkan, nogoh ko‘nglida tug‘ilgan ahd ongu tafakkurini tungi chaqmoqday yoritdi: YeRTO‘LANI MIXLAB TAShLASh KERAK! Ko‘mib, eshiklariga xuddi Isoyi Masih dastiga qoqilgan mixlar kabi kattakon gulmixlarni urish lozim! Toki bundan so‘ng hech bir kuch uni qo‘rqishga, ikkilanishga majbur etolmasin!
* * *
– Endi seni uylantirib qo‘ymasam bo‘lmaydi shekilli, – kampir o‘g‘liga qarab ayyorona jilmaydi, so‘ng o‘zi oldin sira ko‘rmagan, aftidan, yangi kelgan hamshiraga ishora qildi. – Mana bunga o‘xshagan suluv bir qizga. Bo‘lmasa, har kun bir joyingdan dard topyapsan. Sening jazoying – shu!
Gap nishabi o‘ziga yo‘nalganini sezgan hamshira uyalganidan andak qizardi.
– Ona-a…
– O‘zimning mo‘mingina bolam-a! Senginaga bu dardlar qayerdan yopisha qoldi? Qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan yuvoshgina bola eding-a… Yo mengina o‘lgur adashdimmikan, ro‘zg‘or tashvishlari bilan bo‘lib, seni ko‘zdan qochirdimmikan-a? Sochlaring… Mayli, bolam, boshing omon bo‘lsa bas…
* * *
Shaharga yaqinlashganda kun og‘a boshlagandi. Eski dahadagi ko‘hna otameros uy sari borarkan, xayollar oqimini jilovlashga, ularni ma’lum bir o‘zanga solishga urinardi. Biroq, aqlini shoshirgan, ko‘nglini ag‘dar-to‘ntar qilgan so‘nggi voqealar shunchalik tig‘iz, shu qadar g‘aroyib ediki, ular hech bir mantiq doirasiga sig‘mas, hech qanaqangi ilmiy izohlaru sharhlarga bo‘y bermasdi. Nima bo‘lganda ham, endi u o‘zini ko‘pdan qiynayotgan savolga javob topgandi: mashinadagi o‘sha indamas kimsa, uchinchi yigit kimligini endi u biladi! Ha, o‘sha pismiq bosqinchi kimligi endi unga ayon. Yo‘l bo‘yi miq etmay kelgan o‘sha la’nati yo‘lto‘sar – UNING O‘ZI edi! Sas-sado bermay, uning tahqirlanishini, haqoratlanishini, fosh etilishini indamay kuzatib, ehtimolki, ich-ichidan lazzatlanib kelgan o‘sha kasofat – anavi YaNGI VILOR edi! Yo‘q, shu yerda sal xato ketdi: yangi emas, AVVALGI VILOR edi! Qizlarni badnom qilgan, tug‘larni yiqitgan, do‘stlarini sotgan, xotinining xiyonatini bila turib, ko‘z yumib kelgan, qaynotasining bezabon quli bo‘lgan, onasi oq qilgan xudobexabar edi u! YaNGI VILOR, mana, eski shahardagi jinko‘chalar oralab, sharpaday sudralib borayotir. O‘shanda niqobli Vilorbek nega indamaganligini ham endi tushundi u: o‘sha gaplar, bosqinchi yigitlar tilidan uchgan ayblovlarning BARI ROST, HAQIQAT edi!
U shuncha sho‘rishu g‘avg‘olardan so‘ng ham goh-goh ikkilanib turgan ko‘nglini, YaNGI VOQELIKni qabul qilolmay zo‘riqayotgan miyasini chaparasta qilib so‘kib tashlashni istar, biroq allaqanday kuch, ismsiz va shaklsiz bir tuyg‘u hamon yuragining ovloq burchidan bo‘y cho‘zib turardi: balki, bu narsalarning bari TUShdir? Bilib qo‘y, endi SENGA QIYIN BO‘LADI!
Bir paytlar urf bo‘lgandek, zangori bo‘yoqqa bo‘yalgan, hozirda rangi biroz unniqib qolgan temir darvoza andak qiyshaygancha ochiq turardi. U botayotgan quyoshga bir qarab olib, darvozadan asta ichkariga kirdi.
Hovli sahnidagi shapaloqday tomorqada kuymanayotgan ayol uni ko‘rmadi. Yigit atrofga razm soldi: bobosi Rahim chekist qurdirgan, otasi Naim dahriy umrguzaronlik qilib o‘tgan uy nuray boshlagandi. Bobosi, otasi… Kim bilsin, balki bu borada ham qandaydir o‘zgarishlar bordir, harqalay, bu uy uning bolaligi kechgan hovlidan nimasi bilandir farq qilayotgandek edi.
U yurishni endigina o‘rganib, atak-chechak qilayotgan boladay poyintar-soyintar qadam tashlab, chor girdi beton qilingan gulzorga yaqinlashdi. Tomog‘iga allanima tiqilib, nafas olishi qiyinlashayotgandek edi. Tili kalimaga kelmay qolishi mumkinligini o‘ylab, bir lahza ko‘ngliga g‘ulg‘ula oraladi, beixtiyor oraga chekinmoqqa chog‘landi.
– Nimaga kelding bu uyga?! – o‘dag‘ayladi unga ongining olis bir go‘shasida pisib turgan baroq qoshli chol. Bu Said batrak edi. – Bu ostonani hatlashga qanday hadding sig‘di, ko‘rnamak?! Axir, seni onang OQ QILGAN! Shuni tushunasanmi? Sen bu uyda BEGONASAN! Chiqib ket darhol! Uyat bormi o‘zi?!
– Quloq solma unga, – dedi Imom xotirjam. – Sen to‘g‘ri qilding. Bu –najot yo‘li. Dadil bo‘l.
– Oy-y, Vilorchik, kak ne stыdno tebe? – ming‘illadi Rita allaqayoqdan paydo bo‘lib.
– O‘chir ovozingni, sariq alvasti! – Gulshodaning qat’iy yangragan tovushi uni bosib ketdi. – Unga e’tibor bermang, og‘ajon. Siz YeNGDINGIZ, YeNGIB O‘TDINGIZ BARINI!
Yigit ikki qo‘li bilan quloqlarini mahkam bekitdi, ko‘zyoshlari otilib chiqishidan qo‘rqib, ketma-ket yutindi, so‘ng iltijoli pichirladi:
– Ketinglar, iltimos… Tinch qo‘yinglar meni. Hammangga… rahmat, endi… o‘zim. Faqat o‘zim!
– Mayli, bordi-yu, kerak bo‘p qolsak…
– Imom aka, iltimos…
– Bo‘pti, xayr.
– Og‘ajon, meni unutmaysizmi?
– Kechir meni, Gulshodajon, kechir… Endi tamom… Bari tamom…
Ko‘nglidagi shubha-gumonlar yangi yoqqan qorday eriy boshladi, ongining eng chuqur yerida yashil chiroq yongandek bo‘ldi: yo‘l ochiq, olg‘a!
U asta tomoq qirdi, so‘ng tili bazo‘r aylangancha xastahol tovush berdi:
– Ona-a-a…
Unniqib, rangi va gullari bilinmay ketgan odmi ko‘ylakda, bir parcha yerdagi gullarni o‘toq qilayotgan keksa ayol sekin bosh ko‘tardi. So‘ng tovush kelgan tarafga o‘girilib, inqillagancha o‘rnidan turdi. Uning yuzlarini ajinlar to‘ri qoplagan, oppoq sochlarining bir tutami ro‘mol ostidan chiqib turardi. Tomirlari bo‘rtib turgan oriq qo‘llarini soyabon qilib qaradi, botayotgan quyoshning ochiq darvozadan tushayotgan qizg‘ish nurlari aro, ro‘parasida turgan yigitga xiyol yoshlanib turgan ko‘zlarini tikdi. Birpas indamay sin solib turdi, so‘ng samimiyat balqigan nigohlarida paydo bo‘lgan tabassum yuzlariga yoyildi. Chehrasi nurlanib, birdan go‘zallashdi, qo‘lidagi teshani asta yerga tashladi.
– Muslim? Senmisan, bolajonim? Onang aylansin, keldingmi, o‘g‘lim?! Qorning ham ochib ketgandir…
Qaltirab turgan yigit ro‘parasidagi farishta sari talpinarkan, hiqillagancha pichirladi:
– Muslim! Imom aka, Muslim mening ismim! Alhamdulilloh, musulmonman men! O‘zingga shukr, Tangrim! Eshityapsizmi, Imom aka?!
Biroq Imom jim edi. Umuman, ULARNING HECh BIRI INDAMADI. Olamda u va qarshisida turgan AYoLDAN BO‘LAK HEK KIM yo‘q edi. Muslim uchib borib, ona poyiga o‘zini tashladi. Olis-olisdan bo‘g‘iq taqillash eshitildi. Go‘yo kimdir, qayerdadir YeRTO‘LA eshigini mixlayotgandek edi…
* * *
Palataning ochiq derazasi oldida hovlini tomosha qilayotgan yigit ortida qadam tovushlarini ilg‘ab, o‘girildi. Xushqomat hamshira qiz qo‘lida shprits ushlagancha jilmayib turardi.
– Men… komada yotganimda tag‘in kimlar keldi? Onamdan boshqa? – so‘radi u o‘rniga yotib, yengini shimararkan.
– Hech kim, – dedi qiz uning bilagiga nina sanchib. – Mening navbatchiligimda faqat onangiz shu yerda bo‘ldilar. Boshqalarni ko‘rganim yo‘q.
Yigit qon yuqi paxta bo‘lagini bilagidan olarkan, nogoh anglaganday bo‘ldi: demak, o‘shanda, besh yasharligida ishkomdan yiqilganda uning miyasigagina emas, yuragiga ham bir balo bo‘lgan! Nafaqat tafakkuri, ehtimol, tuyg‘ulari ham jarohat olgan. Bu zahm esa yillar bo‘yi madda bog‘lab… Tag‘in kim biladi? Ishqilib, ULAR yo‘q ekan, muhimi shu! U, Muslim esa bor! Onasi ham! “O‘zingga shukr, Yaratgan egam…” deya sassiz pichirladi u, so‘ng ketishga chog‘lanayotgan hamshira qizga qarab jilmaydi:
– Rahmat sizga! Hammasi uchun… Darvoqe… mabodo ismingiz Gulshoda emasmi?
– Voy, qayerdan bildingiz? – so‘radi qiz shirin jilmayib.
Muslim hayrat va mehr to‘la nigohini undan uzolmay birpas qarab turdi, so‘ng ko‘zlarini yumib, boshini yostiqqa tashladi. Diydalariga yosh qalqdi, lablari esa tabassumdan yoyilib borardi…
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 4-son