Bugun nima ko‘p, xususiy firma, qo‘shma korxonalar ko‘p. Nomlanishi turlicha — allambalo…
Bir tanishimiz firma ochdi. Nomi «Xo‘p-xo‘p». Bu nima deganiykin, deb qiziqsinyapsizmi? Bu — pulini bersangiz istagan xizmatingizni xo‘p, xo‘p deya bajaramiz, degani emish.
— Nima ish bilan shug‘ullanasizlar? — so‘radim bir kuni birodarimdan.
— Lyuboy ishni qilamiz, — dedi u xo‘rozlanib. — Ayollarga siynaband tikishmi, samolyotga patta olib kelishmi, o‘n to‘qqiz, yigirma qavatli bino qurishmi, suv osti kemasi yasashmi, bizga farqi yo‘q, ustasiga baribir.
Jahon andozalariga mos firmalar shunaqa bo‘larmish. Dastlabiga «Xo‘p-xo‘p»ning ishi rosa yurishdi. Og‘aynimizning bosari bilan tusarida navozishlar paydo bo‘p qoldi.
Odamlar «Xo‘p-xo‘p» haqida gap ketsa «ha, qoyil, zo‘r» deb qo‘yishadi. Tez orada firmaning nomi «zo‘r» degan sifat bilan bezandi. Bora-bora bu so‘z firmaning nomiga do‘ndi. Mijozlar endi firmani «Zo‘r», og‘aynimizni «Zo‘rim» deb ulug‘lay boshlashdi. Ko‘p o‘tmay Zo‘rim Zo‘rimboyga aylandi.
Xo‘sh bosari nima-yu, tusari nima, dersiz?
Bosari Zo‘rimboyning yurish-turishi, kiyinishida havo paydo bo‘lishi. Tusari bu endi yashash va oshashidagi o‘zgarish. Qo‘sha-qo‘sha mashinalar, dang‘illama uy-joylar, dala hovlida tantiqlanib kun o‘tkazish, kazo-kazolar bilan bordi-keldi qilish va hokazolar.
Shunday bo‘ldi ham.
Og‘aynimiz bugun omad tulporiga mahkam o‘rnashib olgan. Hisob raqamiga pul o‘tkazganu o‘tkazmoqchi bo‘lganlar tun-kun yo‘lida.
Yangilikka zamonning o‘zi o‘ch bo‘p turgan davr emasmi, gazetalar og‘aynimizning oddiy vositachilik xizmatlarini ko‘pirtirib yoza boshladilar, radiosuxandonlar maqtovni bulutlarga yetkazishdi. Viloyat televideniyesining bitta kanali ertadan kechgacha Zo‘rimboyning xayrli ishlari haqida lavha, reportaj ko‘rsatib turibdi. «Zo‘rning keti tegirmon toshini aylantiradi», deb qo‘yardi tomoshabinlar.
Ha, Zo‘rimboy bunaqa narsalarga pulni ayab o‘tirmasdi. Ko‘p o‘tmay matbuotda «Zo‘r» firmasi maqtoviga zo‘r beruvchilar mashqida susayish sezila boshladi. Uzun-quloq gaplarga qaraganda, Zo‘rimboyni shishirib turgan allaqanday «Shildir-shop» kompaniyasining beli sinib, arang qimirlaydigan bo‘lib qolgan emish.
Ilgari mablag‘ini «Xo‘p-xo‘p» hisob raqamiga o‘tkazishni orzu qilib yurgan odamlar endi o‘tkazgan pullari evaziga qaytariladigan mollarni qachon olishi yoki qanday xizmat ko‘rsatishini bilolmay ovorai sarson edilar.
«Xo‘p-xo‘p»chilarning xo‘p-xo‘pidan zada bo‘lgan mijozlar g‘imirlab qolishdi. U yoq-bu yoqqa shikoyatlar ucha boshladi. Birodarimiz noroziliklar oqimi kamayarmikin, degan umidda «Xo‘p-xo‘p»ni bankrot, deb e’lon qildi. O‘rniga «Sabr» firmasini ochdi. Endi haqini talab qilib kelganlarga «Sabr qiling, aka, bajaramiz», deya javob qila boshladi.
Og‘aynimiz bu nom mazmunidagi jangovar himoya ohangiga umid bog‘lagan edi. Ammo… da’vogarlar endi jangovar himoya ustiga jangovar xujum bilan bostirib kelishardi. Astag‘firulloh!.. Ne qilmoq kerak? Firma nomini yanada jangovarlashtirish kerak. Boshqa chorasi yo‘q. Nom shunday nom bo‘lsinki, o‘qigan odamning nafasi ichiga tushib ketsin.
Eski tanishlar bor bo‘lishsin. O‘shalar yordamida firmaning nomi endi «Halvo» deb o‘zgartirildi. Ammo bu bilan ham og‘iz chuchimadi.
Nom o‘zgartirish mashqini olgan, qolaversa, bunday choraning anchayin samarali ekanligiga mazaxo‘rak bo‘lib qolgan birodarimiz bugun firmaning yangi nomi ustida bosh qotirmoqda. Bu nom shunday bo‘lishi kerakki…
Siz nima deysiz, muhtaram mijozlar?
Balki taklif sizlardan chiqar?