Abdulla Ayizov. Gazeta o‘qisharkan (hajviya)

To‘rt oygina muallimlik maoshini olgan Hamidullani tuman gazetasiga ishga taklif etishdi. Talabalik yillaridayoq gazeta va jurnallarda shapaloqday-shapaloqday maqolalari bilan qatnashib turgan Hamidullani qalamkashlar yaxshi bilishardi. Uquvi durust emasmi, tez orada bo‘lim mudiri bo‘lib oldi.
“Tahririyatga ishga o‘tayapman”, deganida hech kim ishonmadi. Hatto to‘qqiz oy bir qorinda bo‘lib, faqat bir necha daqiqagina otasidan oldin dunyoga kelgan Hasan amakisi ham qo‘l siltab qo‘ydi:
– Hm! Shunday degin! Sanga o‘xshaganlar anqoning urug‘i ekanmi? Bizam tushunamiz, sani gazetadagilar boshiga uradimi? O‘zi pedinstitutni zo‘rg‘a bitirgan bo‘lsang. Shoir bo‘lish uchun kamida Toshkentdagi jurfakni bitirish kerak…
Gazetaning deyarli har sonida goh cho‘ntakoynadek joyda xabar, goh kamzulning cho‘ntagidek maqola, goh gazetaning butun bir sahifasini egallagan lavhalar tagida: “Hamidulla Shoshqin, maxsus muxbir” yozuvi ko‘zga tashlanadigan bo‘ldi. Maqolasi chiqqan kuni choy ichish narida tursin, hatto uxlashni ham unutib qo‘ydi. Maqolalari xususida odamlar qanday fikrda ekanligini bilishga juda intiq. Aksiga olgandek, birov o‘zidan bilib Hamidullaning ijodi haqida og‘iz ochmaydi. O‘zi gap boshlay desa, maqtanayotgandek tuyuladi. Shunday bo‘lsa-da, har zamonda ko‘ngilga yaqin do‘stlaridan: “Qalay, yozgan maqolalarimdagi fikrlar to‘g‘rimi?” – deb so‘rab qo‘yadi.
– Obbo! Gazet o‘qishga vaqt qayerda, sanga o‘xshab bekorchimanmi? Gazet titkilash qoluvdi endi, – deydi sinfdoshi, traktorchi Qodir. – Undan ko‘ra zo‘r bo‘lsang, mani suratimni gazetaga chiqar…
Hamidulla shunga ham xursand: demak, do‘stining matbuotga ixlosi bor.
Bir kuni matbuot desa o‘zini tomdan tashlaydigan, mudom tuman gazetasining yangi sonini qo‘ltig‘iga qistirib yuradigan qo‘shnisi Ergash domladan o‘zi yozgan maqolalar haqida fikr bilish uchun suhbatlashishga chiqdi:
– E, uka, tuman gazetasi keyingi paytlarda yaxshi chiqmayapti-da, maqolalarda nuqul siyqasi chiqqan gaplar. Obuna bo‘lganimga pushaymonman. Umuman, gazetaning o‘ziga tortadigan, ta’sirli joyi yo‘q-da, to‘g‘rimi? – deb qoldi bir payt Ergash domla.
Domlasining “to‘g‘rimi?” degan savoliga noiloj “hm!” deya boshini qimirlatdi Hamidulla.
“Odamlar gazetaga qiziqmas ekan-da, yoki men ishlayotganim uchun shunday deyishyaptimi?” – deya o‘yladi Hamidulla. To‘g‘ri-da, yaqin do‘stlaridan birortasi, hatto tilga tushgan, shov-shuvga sabab bo‘lgan maqolalari xususida ham gapirishmaydi, qaytanga begonalar:
– O‘rtoq Shoshqin, tunov kungi maqolani boplabsiz, rosa miriqib o‘qidik, – deyishadi.
Davralarda hovliqib gapirib yuradigan pochtachi Bozor shaqildoq ham keyingi paytlarda Hamidulla Shoshqin ishlayotgan gazetaga qiziqmay qo‘yganligini aytdi. Mayli, o‘qishmasa, o‘qishmasin. Bu gazetaning ham o‘z muxlislari bor. Gazeta chiqaveradi, hamkasblari qatori Hamidulla Shoshqin yozaveradi, kunlar o‘taveradi…
Gazetaning uch kun oldingi soni so‘nggi sahifasida kichkinagina joyda “tuzatish” berildi: “Gazeta tahririyati navbatchisi H. Shoshqin xatolikka yo‘l qo‘yganligi uchun bo‘lim mudiri vazifasidan adabiy xodimlikka tushirildi”.
Hamidullaning boshiga birov gurzi bilan urgandek gandiraklab qoldi. U “tuzatish” berilgan gazetaning hamma nusxasini sotib olishga tayyor edi. Axir muxlislari o‘qishsa, nima deyishadi? Xatoga yo‘l qo‘yish muxbir uchun uyat-ku! Muharrirga ham hayronsan, arzimas imlo xatosi uchun shuncha gap-a! “Uf-f! – Hamidulla siqila boshladi. – Xo‘sh vazifamdan pasaytirishdi. Shuni e’lon qilish shartmidi? Qani endi odamlar gazetaning shu sonini o‘qishmasa. Hech bo‘lmasa, “tuzatish”ga e’tibor berishmasa. E, tanishlarim hozirgacha bu gazetani qiziqib o‘qishmas edi. Bugun ham o‘qishmas”, degan xayol Hamidullani tinchlantirardi.
U uyga keldi-yu, ijodxonasiga kirib yotdi. Hech kim bilan gaplashgisi kelmasdi. Birdan telefon jiringladi. Go‘shakdan amakisining ovozi eshitildi:
– Jiyan, o‘zingmisan! Tinchlikmi? A ha, gazetda ishlash osonmas degandim-ku. Ana, xato ketib, sharmanda bo‘libsan. Jimgina maktabda bolalarni aldab yurmaysanmi?!.
Hamidulla gapning u yog‘ini eshitmadi. Tag‘in telefon qo‘ng‘irog‘i… Do‘st-birodarlari “hol-ahvol” so‘rardi.
Ertasi mahalladagi to‘yga chiqdi. Endigina oshni yeb bo‘lib, bir piyola choyni qo‘liga oluvdi hamki, pochtachi Bozor shaqildoq ko‘rindi. Odamlar gulga yopishgan asalaridek uni o‘rab olishdi.
– Manavi gazetani o‘qinglar. Oxirgi betdagi “tuzatish”ni uydagilarga ko‘rsatinglar. O‘zimizning Hamidulla Shoshqin haqida yozishgan.
– E, buni endi tarqatayapsizmi? Men kecha o‘qigandim, – deya baqirib gapga aralashdi Qodir traktorchi va izza bo‘lib o‘tirgan Hamidullaga ko‘zi tushgach, yuzlariga quvonch yoyilib dedi:
– Og‘ayni, endi maktabga qaytasanmi? Men o‘zimni chalasavod deb yursam, sen beshbattar ekansan-ku, bo‘lmasam gazetga ham xato yozasanmi?
Ergash domla Hamidullani ko‘chada uchratib rosa afsuslandi:
– Seni iqtidorli shogirdim deb yursam, xatoga yo‘l qo‘yib qovun tushiribsan-ku! Kelasi yil shu gazetaga obuna bo‘laman, chunki keyingi paytlarda juda ta’sirli chiqayapti. Masalan, tunov kungi soni ham qiziqarli, mazmunli chiqibdi, to‘g‘rimi?
Domlasining “to‘g‘rimi?” degan savoliga Hamidulla “Hm!” deya boshini qimirlatdi. U xursand edi. Nega xursand bo‘lmasin, axir odamlar gazeta o‘qisharkan-ku. O‘qiganda ham ixlos bilan, birorta satrini qoldirmasdan o‘qisharkan.