Abdulhamid Cho‘lpon. Taraqqiy (hikoya)

Shuning bilan taraqqiy qilib bo‘lurmi?
Hali kun butkul yotib ko‘runmay ketgani yo‘q edi. Hali biz turg‘an to‘rt yog‘i baland devollik qal’a kabi havliga xiyla qorong‘i tushub qolg‘an bo‘lsa-da, yonimizdag‘i masjidning qari, quloch yetmas qayrag‘ochining uchida kunning bir quchoq qadar shu’lasi o‘char-o‘chmas bo‘lub turar edi.
Ilhom bir marta soatiga, yana bir marta masjid qayrag‘ochining uchiga qarag‘andan so‘ng:
– O‘rtoqlar, uje vremya, – dedi.
Men o‘zim bilib turub yana nimagadir so‘radim:
– Xo‘sh, qayerg‘a boramiz?
– Kartinaga!
Men Ilhomning odatini yaxshi bilar edim, shuning uchun uning so‘zi bilan kartinaga chiqmoqni istamas edim. Lekin Ilhomga indamasdan Salohiddinga qarab:
– Saloh, kartinaga chiqishg‘a sira tobim yo‘q, boshqa bir yerga boraylik, – dedim.
Saloh so‘radi:
– Mayli, bo‘lmasa, qayerg‘a boraylik?
– Boramiz biror yerg‘a.
– Sirkga borayliqmi?
– Unda nima bor?
– Tansa…
– Kartinadan qochqan kishi «tansa» uchun sirkg‘a boradimi?
Bizning so‘zimizni diqqat bilan ta’qib qilib turg‘an Il­hom birdan o‘rnidan turub:
– Nu, o‘rtoqlar, voprosni men reshil! – dedi.
Biz so‘radik:
– Xo‘sh, qandog‘?
– Samыy yaxshi maslahat: shul yerg‘a boramiz – gorodskoy sadga, ov qilamiz, ov!
Saloh menga qarab xohlar-xohlamas:
– Yo‘q-ey, yaxshi emas, – dedi.
Ish bu darajaga yetib, har kimning fikri bilingandan keyin men ham tilagimni ochib aytdim:
– So‘fi boboning oldig‘a kiramiz. «O‘rus keldi»da* bo‘lg‘an gaplardan, o‘shal vaqtdag‘i xonlarning, beklarning qilg‘an ishlaridan gapirib beradi, eshitib chiqamiz. So‘fi bobo Qo‘qon xonlari bilan Buxoro amirlari orasidag‘i behuda g‘alvalarni juda yaxshi biladi, bir eshitar edik, – dedim.
Saloh birdan e’tiroz qildi:
– Shu ham gapmi? Eski, miyasi churugan boboylarni laqillatishdan nima foyda?
– Foyda, asli, shunda. So‘fi bobo jonlik bir tarix, – dedim.
Bu so‘zimga ikkalasi ham barobar e’tiroz qildilar:
– Shuning bilan taraqqiy qilib bo‘ladimi?
Kartinaga chiqdiq.
Lokin kartina qolib ketdi, boqchada ov qilib yurubmiz.
Men ko‘b bo‘shang, Xudo urg‘an ekanmankim, shu «hunar»ni hech o‘rgana olmadim.
O‘rtoqlarim har bir o‘tgan «etaglik»ning* orqasidan seldek «shirin so‘zlar» (kampiliment) yog‘dirg‘anda, men uyalib, qizarib yerga qarayman.
Munga Ilhomning achchig‘i keldi:
– Shu ham qiliqmi? Bir oz ochilsang-chi. Qizarg‘anini…
Menim uzurim katta:
– Qanday qilay? O‘rganmaganman.
Bunga ham barobar e’tiroz:
– Shuning bilan taraqqiy qilib bo‘lurmi?
* * *
Saloh bilan biz iskamiyada o‘lturamiz.
Birdan uchtasini yetaklab Ilhom keldi. Og‘zidan mazalik va mazasiz gaplar seldek yog‘adir.
Bittasini darrov Saloh qo‘ltuqladi. Bittasi Ilhom bilan qoldi, qora ko‘ylakligi menga yaqinlashdi.
Men qizarib turibman.
Ilhomning achchig‘i keldi:
– Turishini… turishini! Nu, ushlashing! Nimaga qarab turasiz? Nu, vozmite, nu…
Titradim, sekingina borib qo‘ltiqladim.
Ketib boramiz.
Ular ikkalasi og‘izlariga nima kelsa so‘zlaylar, gapiralar, qizlarning kulgisi dunyoni bosdi.
Men gapirmak istasam ham hech bir kishiga munosibroq gap topolmayman.
– Nu, molodoy chelovek.
– …
– Chto novogo?
– …
Qora ko‘ylaklik Salohga qarab:
– Slushayte, pochemu on nichego ne govorit? – dedi.
Saloh menga:
– Hoy, gapirsang-chi, pes! Nima bo‘ldi senga? – dedi.
– Nima gapiray?
– Kartushka, sabzi, piyoz, oshqoboq… nima bo‘lsa ham.
– Shularni gap qilib gapiradimi?
Bu so‘zimga Ilhomning juda achchig‘i keldi:
– Shu pesni nimaga olib chiqdik? O‘o‘daymay o‘lsun. Shu ham insonmi?!
– Ha, insonlik qandaqa bo‘lar ekan, bo‘lmasa? Insonlik etagbozlik, har soatda bir gul iskash ekanmi?
Bu so‘zim Ilhomga boshqacha ta’sir etgan ekankim:
– Ha, o‘lmang, shunday shirin so‘zlarni bilar ekansiz, shu so‘z­larni yoningizdagig‘a aytmaysizmi? Muncha uyatchanlik, bu nima?
Bunga Saloh qo‘shdi:
– Shuning bilan taraqqiy qilib bo‘lar ekanmi?

1924