Zaynab kampir bir narsadan cho‘chub uyg‘ondi. Oppoq oydin, oy kampir yotqan so‘richaning qoq o‘rtasidan unda-munda, bitta-yarimta uchragan oq bulutlarni yorub shoshub o‘tub borar edi.
Kampir u yoq-bu yog‘ig‘a yaxshilab qarab oydinda hech bir qora-mora uchratmagandan keyin yana bolishg‘a boshini qo‘ydi.
Uyqusi o‘chub ketganlikdan endi ko‘ziga uyqu kelmay o‘z yoshig‘a, o‘z davriga munosib bo‘lg‘an xayollar ichiga ko‘muldi. Ul pilta savat, ko‘rpa qavuq ipdan tortub bu yil pilladan chiqaturg‘an ipakkacha – «dunyoning barcha g‘amini» o‘ylab oldi.
Endi bir oz uyqusi ham kela boshlab, ko‘zlari sekin-sekin suzula, qo‘llar bo‘shashub-bo‘shashub cho‘zula ketdilar. Tuni bo‘yi chopishub, hurushib, yugurishub chiqg‘an itlar tovushi sekin-sekin yo‘qola boshladi. Eshonchaning hovuz bo‘yidag‘i tollaridan turub hasrat va qayg‘ularini har kecha o‘qiyturg‘an bulbul bu kun juda erta to‘xtadi.
Go‘riston va mozorlardag‘ina bo‘laturg‘an chuqur bir jimjitlik…
Kampir yumulub borg‘an ko‘zlarini birdan ochdi: yaqin bir yerdan hasratlik, ko‘ngul buzaturg‘an bir yig‘i tovushi eshitilar edi.
Bu kim? Kechalari uxlamasdan yig‘lab chiqg‘uchi kim? Hamma tinch va rohat uyqug‘a tolg‘an bir zamonda qalbini yaralab yig‘lag‘uchi qanday baxtsizdir?
Kampir yig‘lag‘uchining kim ekanin bilolmas edi.
Qo‘shnilardan qaysi birisining kelini va yo qizi ekan?
Xadicha otinning kelini desa, bugun uning o‘rtoqlari kelub ikki xuftongacha o‘yun-kulgi qilishdilar. Salomatxonning qizi desa, qishloqg‘a chiqub ketgan edi, hali kelguncha yo‘q. O‘z kelinining bo‘lsa yig‘layturg‘an joyi yo‘q…
Kim ekan bu?
Yo havli tomong‘a parilar kelishdimikin? Parilar o‘z qizlarining sochlarini bog‘-rog‘larda oydin kechalarda tarar emishlar va qizlari: «Ko‘b silliq qilsangiz, kuyov olib ketib qoladir», – deb yig‘lar emishlar.
Yo‘q… Ajina qizi, pari qizi mundog‘ yig‘lamas emish. Yig‘lasa, juda g‘alati bo‘lur emish…
Yana diqqat bilanrak quloq soldi. Tovushi tanish bir xotunning tovushi kabi edi…
Qo‘shnining kelinidir deb o‘yladi.
Oh, bechora, qandog‘ g‘amlari bordir?
Mana, kampirning o‘z kelini: uy-joyi, kiyim-kechagi – hamma narsalari tayyor… Novdadek kuyov yonida… Yana hech uy-ro‘zg‘or ishini qilmaydi. Mundog‘ yomon qiz bo‘ladimi?
Olmay Qodirjon o‘lsun.
Bermay otasi.
O‘sdirmay onasi!..
Shuning uchun bu kun xo‘b adabini berdi, xo‘b yig‘latdi…
Yig‘i to‘xtalmag‘andan so‘ng sekingina o‘rnidan turdi: chuvalashib ketib ko‘rpalar orasida ko‘mulub yotqan lokiini olib to‘g‘rig‘ina boshig‘a soldi-da, so‘ridan tushdi… Yig‘i kelgan tomong‘a bir oz quloq bergandan so‘ng sharpasizgina, yalangg‘oyoq yurdi. So‘rining chab biqinidag‘i kichkina darichaning teshigidan qarag‘an edi, kelinining uyida chirog‘ o‘chmagan…
Hayron bo‘ldi:
– Voy, bu nimasi? Kelinchak shu choqg‘acha yotmag‘an ekanmi?
Yig‘i bir oz yana qizg‘onchlanib, bir oz yana o‘ksiklanib davom etar, xotunning tovushi kesilib-kesilib, hiqqi tutqan kabi chiqar edi. Yana diqqat bilanrak tingladi: bu yig‘i kelinchakning uyidan eshitilgan kabi bo‘lar edi…
Yuragi o‘ynadi.
Darrov darchani ochib u havliga kirdi, oyog‘ining uchi bilan bosib kelib sekingina kelinining uyiga yaqinlashdi.
Yig‘i uydan eshitilar edi.
Yana quloq berdi.
Tovush kelinining tovushi edi.
Shundan keyin kampir hech o‘ylab turmasdan to‘g‘ri eshikni itardi: eshik ochuq edi, kirdi.
Ichkaridan:
– Voy! Kim? Kim u? – deb bir horig‘an tovush chiqdi-da, tindi…
Yarim ovrupovori yig‘ishtirilg‘an bir uyda ikki kishilik katta sim karavotka yaxshi, qalin joy soling‘an. Pastgina bir javon ustida 20 nchi chirog‘ yonib turar edi.
Qizil shohi ko‘ylak kiygan, qop-qora sochlari yerlarda sudralgan yosh kelin karavot yonida yig‘lab-yig‘lab qabarg‘an ko‘zlarini yengi bilan artib turar edi.
– Kelin, kim u yig‘lag‘an?
– …
– Kelin, siz yig‘ladingizmi?
– …
– Nimaga indamaysiz? Qodirjon qani?
Kelin javob bermasdan, indamay o‘rnidan turdi.
– Aylanay, kelin, nimaga yig‘ladingiz? Ayting, jon bolam!
Kelin to‘lg‘an, toshqan holda, kuchlik va qo‘rqinch bir tovush bilan: «Onajon!» – deb baqirdi va qayin onasi – kampirning quchog‘ig‘a otildi.
Kampirning quchog‘ig‘a boshini tiqib olib yana xo‘rsinib, yana to‘lub-toshib xiyla yig‘ladi.
– Onajon, men kechalari uy poylash uchun kelin bo‘lub keldimmi?
– Yo‘q, aylanay, bolam, Qodirjon qani?
– Qodirjonni so‘ramang, onajon. Mana, kelin bo‘lub kelganimga bir yarim oydan oshqan bo‘lsa, shu bir yarim oyning ichida ikki kechagina birga bo‘ldik… Boshqa kunlarda har kecha kuta-kuta tong otdirib yuboraman. Shuncha kun chidab kelib-kelib mana bu kun o‘z qadrimga o‘zim yig‘lab yubordim. Qandoq qilay? Men odam emasmi?..
Kampirning qarig‘an, qurug‘an ko‘zlariga yiroq-yiroq yerlardan ikki tomchi yosh keldi. Butun tanini, butun a’zolarini bosib, ezib, sidirib kelgan u ikki tomchi yoshni yengi bilan artkandan keyin:
– Otasi ham shundoq, qizim… – dedi.
Shu so‘zdan so‘ng ikkalasi ham uzoq vaqt jimjit bo‘lub qoldilar.
Kampirning ko‘z yoshi kabi zaharlik yuzlari uzulub tashlang‘an guldek so‘lg‘an, toshdek qattig‘ bag‘ri ortiq darajada yumshag‘an, ko‘nglida kuchli marhamat hissi uyg‘ong‘an edi.
Kelinning qizarg‘an, charchag‘an, og‘ir qayg‘ig‘a tilmoch bo‘lub turg‘an ko‘zlariga tikilib qarab turg‘andan so‘ng onalar muhabbati bilan ko‘zidan o‘pdi:
– Endi sen menim o‘z qizim bo‘lding, endi senga sira ozor bermayman. Endi sen ham kunduzgi ishlarni esingdan chiqarib yubor! – dedi.
Kelin ko‘zlarida bir oydinliq, bir sevinch ko‘lankalari o‘ynag‘ani holda boshini ko‘tardi, ikki qo‘lini kampirning yelkasiga tashlab turub:
– Onajon, men unga xafa bo‘lmayman. Menim yosh umrim, guldek yoshlig‘im kechalari sarg‘ayib o‘tmasa edi!.. – dedi.
Xuddi shul choqda ochiq turg‘an eshikdan o‘lgudek mast, tentiraklanib Qodirjon kelib kirdi. Uni ko‘rishlari bilan ikki alamzada birdan:
– Ana, keldi! – deb yubordilar.
Ularning bu jonli qarshi olishlarig‘a javob o‘rnida Qodirjon:
– Gde, gde moya Anna, gde moya Annushka? (Qani Anna, qani menim Annaxonim, a?) – dedi va «gup» etib obrezga yiqildi…
1922