Abdulhamid Cho‘lpon. Nonushta (hikoya)

(«Pilta savat hikoyasi»dan)

– Potishxon, qumg‘oningiz qaynadimi?
– Salaybush, yaqinlashib qoldi.
– Hali endi yoqalashib kelayotibdir deng.
– Endiyoq mushlashib ketadir shu deganingizga!
Egachisi Fotima o‘choq boshida qumg‘on qaynatib, singlisi Soliha so‘rida o‘runlarni yig‘ib turib bir-birlariga piching otishib hazil qilishar edilar.
Egachisi Fotima o‘tdan yirog‘roq turub qolg‘an qumg‘onni o‘tning o‘rtasig‘a jildirib qo‘ydi-da, Solihaga qarab:
– Huy Salayxon! Men choy damlab, dastarxon solib, buvimlarni14 o‘tquzg‘uncha g‘izillab havliga o‘tib qatiqning betini olib chiqmaysizmi? – dedi.
Soliha havliga o‘tkani erindi va shu eringanini bildirmaslik uchun:
– Bilmasdan gapirmang, kecha sut qaynatib qatiq uyutkanimiz yo‘q! – dedi. Fotima xoxolab bir kulgandan keyin:
– Voy, o‘la qolay, kecha buvim qatiq uyutamiz deganda Turg‘unbushlarnikidan oqliq tilab chiqqan o‘zingiz emasmidingiz? – dedi.
Soliha shoshdi, yuzlari qip-qizil anor bo‘ldi. Birpas nima deyishini bilmasdan tutulub turg‘andan keyin sust ovoz bilan ayt­di:
– Turg‘unbushlarnikidan oqliq tilab chiqqanim esimda boruv, ilgari kunigi ish deb o‘ylabman.
– Yo‘q, kecha namozgarga yaqin emasmidi?
– Mayli, unday bo‘lsa, chiqay.
– Undaqa bahona qilmay chiqib kela qoling aylanay, kelin…
– O‘la qoling, o‘zingiz kelin! Men hali yoshman. Erta-indin «yor-yor» qilib sizni uzatamiz, to‘yingizda bir o‘yung‘a tushay, bir tushay… Hamma hayron qolsun!
– Mendan keyin sizga ham navbat kelib turubdir-da, otinbu.
– Menga navbat kelmaydi, men buvimning boshini boqib qolaman.
– Ha, buvingizning boshini boqarsiz, a?! Qaynanangizning boshini boqarsiz…
– O‘zingiz boqarsiz, o‘zingiz boqarsiz, o‘zingiz boqarsiz, o‘zingiz boqarsiz…
– Ha, alam qildimi? Chidamay ketdingizmi, oyim? Chidaganga chiqarg‘an muni… Hay, boring, tezroq qatiqning betini olib chiqing, qumg‘on qaynab qoldi!
Soliha chinakam xafa bo‘lub qolg‘an edi: xo‘rlig‘i kelib, yig‘lag‘unday bo‘lub turub, burni bilan gapirib so‘radi:
– Qatig‘ingiz qayerda?
– Qayerda bo‘lar edi, havlida.
– Bilaman havlidaligini, havlida qayerda deyman?
– Havlida qayerda bo‘lar edi, o‘sha hovuzning bo‘yidag‘i sepoyada*.
Soliha boshig‘a to‘nini tashlab sudrala-sudrala chiqib ketdi. Fotima varaqlab qaynab, toshib turg‘an qumg‘onni o‘choqning bir chekkasiga olib qo‘yub choynaklarga choy sola boshladi.
Fotima uch choynakka choy damlab o‘choqning oldig‘a qator chizdi-da, o‘zi nonushtaga joy tayyorlamoq uchun so‘rini supurushga kirishdi. Uzulub bir tutamg‘ina qolg‘an eski, kalta, yalanib ketgan oyim supurgi har bir ishqanishda yana bo‘lak-bo‘lak novda tashlar edi… Fotima har ishqanishda bir qarg‘ab, har to‘kulganda bir so‘kub yurub oxirda katta, olti-etti kishi qator yotaturg‘an so‘rini supurib bo‘ldi. Supurgini jahl bilan so‘rining tagiga irg‘itqandan keyin yuqorig‘a, o‘ng-so‘lga bittadan uchta to‘shak soldi. O‘rtaga malla dastarxonni yoyib qo‘yg‘andan keyin erina-erina bosib non-choy tashimoqqa boshladi.
Non sevatdan qotqan-qutqan, burda-burda ushatilg‘an nonlarni olib turub o‘z-o‘ziga so‘zlandi:
– Non ham uzulubdir. Hali xamir qilib, non yopish kerak ekan. Voy, o‘lsun, bu kun kunduzi anavi Ziynatnisalarnikiga chiqib shahardan kelgan eshonning qizlarini ko‘rub chiqayin deb edim. Eshonning o‘rtanchi qizi shunaqa dutor chalib ashulla qilar emishki, anavi O‘amza satang maqtay berib o‘ldi. Esizgina, ertaga… ketishib qolarmikin?
– Hali uch-to‘rt kun shu yerda turushar emish, shoshilmasak ham bo‘ladir, – deb yo‘tala-yo‘tala uzumxonaning yonidag‘i uydan qizlarning onalari Saodatbu chiqib keldi.
Qiz haligi gapirgan gaplarini onasi eshitib qolg‘ani uchun xiyli uyalib oldi. «Buvim gapni yana o‘sha to‘g‘rida boshlamasun», – degan xayol bilan shoshilib apil-tapil gap boshladi:
– Buvi, muncha kech chiqdingiz? Men nonushtani qachonlari tayyorlab qo‘yub edim. Uch choynak choy allaqachondan beri o‘choqda dam yeb turubdir.
Kampir, qizning baxtidan bo‘lub, haligi to‘g‘rida gap qo‘zg‘atmasdan, nonushta to‘g‘risida surushturub ketdi:
– Uch chaynak choyning nima keragi bor edi?
– Hay, nonushta qilib o‘lturub ichmaymizmi?
– Nonushtada uch choynak choyni kim ichadi? Bekor isrof bo‘lub qolib ketadir.
– Biror choynak ortib qolsa, sovutub qo‘yarmiz. Akam ba’zi vaqt­da yaxna choy deb nax olamni buzub yuboradi.
– Nonushtani qayerg‘a tayyorlading?
– So‘riga.
– Ayvong‘a tayyorlasang bo‘lmasmidi? So‘riga endiyoq oftob tushub qoladi.
– Hah, hali oftob tushishiga… 20 sohat bor*. Chiqib o‘lturung, men hozir choyni olib boraman.
Saodatbu indamasdan so‘riga chiqib o‘lturdi. Dastarxong‘a allaqancha burda, ushoq nonlar bilan ikkita piyola qo‘yulg‘an edi. Fotima bir choynak choyni olib kelib onasining oldig‘a qo‘yg‘ach dedi:
– Qumg‘onni yana qaytib o‘tga qo‘yub kelay, hali akam kelib qolsa, nonushtasiga choy kerak bo‘ladir. Choyni siz o‘zingiz quyub ichabering.
Yugurib o‘choqning oldig‘a bordi. Katta, eski, qorayib ketkan mis ko‘zadan qumg‘ong‘a suv to‘ldirg‘ach labini tishlab turub katta qumg‘onni o‘choqning o‘rtasig‘a qo‘ydi. O‘choqqa katta bir tut tomirini tiqishtirg‘andan keyin alangasi tugagan o‘tni puvdab yondirdi-da, sekingina so‘riga kelib o‘lturdi.
Choyi bor piyolani aylantirib sovutib turg‘an Saodatbu choynakni choyi bilan qizig‘a uzatdi-da:
– Salaying qani? – deb so‘radi.
Kampirning bu so‘rog‘i Fotimaga juda bo‘lub berdi: shu so‘roqqa javob berish bahonasi bilan ko‘nglidagi achchig‘-chuchugini bir yo‘li bo‘shatib olmoqchi edi. Shu uchun birga o‘n qo‘shub gapira boshladi:
– Salayingiz to‘g‘risida, buvi, nima deyishimni bilmayman. Yotishda hammamizdan burun yotadir, turushda yana hammamizdan kech turadir. Tunov kun, anavi otinbularimiz kelishganda, savacho‘b bilan savab ham uyg‘ota olmadim. Bu qanday gap axir? Munday bo‘laturg‘an bo‘lsa, bu qiz hammamizni sharmanda qiladir! Axir birovg‘a – bir Xudo bandasiga berasiz-da shuni! Uziqararoq qaynananing qo‘lig‘a tushub qolsa nima bo‘ladir bu? Anavi Aziz shallaqig‘a o‘xshag‘an bir qaynag‘a yo‘luqsa bormi. Nax qadrimizni bir chaqa qiladir bu qizingiz!..
Saodat kampir munga juda ham yaxshi javob berdi:
– Qanday qilayin, qizim, hammang bir qaro go‘rsan! U yomon bo‘lg‘an bilan, sen yaxshimiding? Seni uyg‘otmoq uchun o‘zim ham ko‘b savacho‘plarni sindirg‘anman… U hali yosh, senday bo‘lg‘uncha o‘zini tuzatib olar. Sen bo‘lsang erta-indin ketasan. Hali sening ahvolingga qarab turub ona sutim og‘zimg‘a keladir!..
Fotima o‘ylamasdan kaltak ko‘tarib qo‘yub o‘sha kaltakning tagida o‘zi qolsa ham, yana bor kuchini ishlatib o‘zini oqqa chiqarmoqchi bo‘ldi. Shu uchun onasi gapdan to‘qtar-to‘qtamas gap boshladi:
– O‘sha qizingizdan yomon bo‘lsam bo‘lgan ekanman, buvi. Mening qilg‘anlarim sizga ko‘runmas ekan-da. U kenja qizingiz bo‘lg‘ani uchun sizga yaxshi ko‘runub ketar ekan-da… Bo‘lmasam, ro‘zgorning ishini kim qilib yotadir? Salayingiz nima ish qildi? Choy damladimi? Nonushtani tayyorladimi? Qatiqning betini olib chiqqani ketganiga allaqancha bo‘ldi, hali ham daragi yo‘q. O‘ynab qo‘shnidan-qo‘shnig‘a chopib yurgandir…
Saodatbu indamadi, qiz ham jim bo‘ldi. Jimgina choy ichishga kirishdilar.
Ichkari uy tarafdan taqur-tuqur tovush keldi, ikkalasi ham qaradilar. Chiqib kelayotqan kelinlari Parizod edi.
Saodatbu darrov og‘iz ochdi:
– Voy, kelin, sizni nonushtaga chaqirish ham esimizdan chiqibdir. Manavi Potish o‘lgur ham chaqirmag‘an ekan-da. Bularning eslari qursun, bularning!
Fotima onasining gapini og‘zidan uzub olib o‘zini oqlash uchun yana bir vaj aytdi:
– Bir qarasam, joyini yig‘ib turg‘an ekan, u vaqtda qumg‘onni endigina qo‘yub edim, shuning uchun chaqirmadim. Anavi Salayingiz chiqsa, nonushtani tayyor qilib qo‘yub, inaykin chaqirmoqchi edim.
Oq ko‘ngillik, eslik Parizodxon bu kerak emas janjallarga kaltagina javob berdi:
– Nonushtaga ham chaqirtirib o‘lturub, nima, men mehmonmidim? Nonushtani o‘zim chiqib tayyorlamag‘animg‘a xijolat bo‘lub o‘lub ketayotibman-u…
Shu gapni aytkandan keyin betlarini yarim yopib turg‘an ikkita kokilchasini sekingina yon sochlari orasig‘a qistirib turub «Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit!» degan maqolni o‘yladi. So‘ngra ko‘ksini juda kengaytirib havo to‘ldirib og‘ir-og‘ir bir dam oldi-da, Saodat kampirning so‘lg‘an va burushqan yuzlariga tikildi. Kampirning betiga bir kichkina cho‘p yopishib turg‘an ekan, qo‘l uzatub olib tashladi.
– Voy, nima balo ekan? – dedi Saodatbu.
– Bir xashak, yopishib turg‘an ekan, – dedi kelin.
Fotima kelinga choy uzatdi. Kelin uning xiyliydan beri taralmag‘an sochlarig‘a qarab turub choyni oldi-da, astoydil va chinakam kulub turub:
– Patmaxon, bugun sochingizni yuving, chiroyliq qilib o‘rub qo‘yaman! – dedi.
Fotima ham kuldi. Yana jim bo‘lub choy ichishga kirishdilar.
Ming‘illag‘an tovush keldi. Qaradilar: bir kosada qatiq beti ko‘targan Soliha edi. Onasi darrov g‘adablashga og‘iz ochdi:
– Juvon o‘lgur qizim, ilohi, yashshamag‘ur qizim! Bitta qatiqning betini olib chiqish uchun shuncha hayalmi? Seni hech odam qilolmadim-da!
Soliha qatiqni sekingina onasining oldig‘a qo‘ydi, o‘zi so‘riga o‘lturmay turub uzr aytishga boshladi:
– Anovi… bug‘doy ekilgan yerning berigi chekasidagi bir tup qora gilos pishib tugayozibdir, shu choqqacha bitta ham yeganim yo‘q edi. Sizlar ham yeganingiz yo‘q, o‘zimizning og‘zimiz tegmasdan turib tugashga yaqinlashibdir. Hammasini birovlar yeb ketishibdir. Qatiqning betiga deb chiqsam, bir-ikkita bola devorg‘a chiqib olib hadeb mo‘tab yotqan ekan, borib urushdim. Menga qarab kesak otib-otib o‘zlari qochishib ketdi… Inaykin qarasam, gilos oz qolibdir, og‘zim tegib qolsun deb jindak terib edim…
Solihaning bu «bahona»siga kelinbusi bilan opasi kuldilar. Onasi qovog‘ini solib turub:
– Folbin lo‘liga o‘xshab javramay o‘la qol, ilohim, qilgan gunohingdan ham mana bu bahonalaring yomon… Havlida boshqa meva qurub ketkan ekanmi? Kunduzi bekorchilikda chiqsang nima bo‘lar edi? Vidiramay o‘l… O‘tur, nonushtangni qil! – dedi.
Soliha chiqib o‘lturdi. Yana indamasdan choy icha boshlag‘an edilar. Shu choqda kelinchak hiqqillab kulub yubordi. Uning kulushiga qarab boshqalar ham kula boshladilar. Sababi bilinmasa ham, shunday qilib hammalari bir qur kulishib oldilar. Burushqan yuzlarini yana ko‘prak burushturub kulgan kampir o‘zini to‘qtatqandan keyin so‘radi:
– Kelin, aynalay, nimaga kuldingiz?
– Hech… shunday… o‘zimcha kuldim…
– Voy, kishi bekordan-bekorga ham kulaberar emishmi?
So‘zga qaqajon Soliha aralashdi:
– Kelinbum mening gaplarimga kulayotqandir…
Kelinchak yana kuldi. Bu Solihaga toza bo‘lub berdi.
– Ana, rost, rost, mening gaplarimga kulayotqan ekan! – dedi Soliha.
Shundan keyin kelinchak kulishini bir oz pasaytirdi-da, yana ochiq yuz va kulgan ko‘zlari bilan Solihaga qarab turub:
– Yo‘q, Solihaxon, men sizning gapingizga kulganim yo‘q. Boyag‘i opa-singil ikovlaring gapirgan gaplarga kuldim, – dedi.
Shundan keyin kampir so‘radi:
– Bular nimalarni gapirishti, kelin?
– Qizlaringiz ikalasi ham erga tegish to‘g‘risida gapirishib to‘yning rejasini chizishdilar. Yo‘q, unga ham kulmayman, haligi – qumg‘onni yoqalashtirib, mushlashtirib o‘ynag‘onla­ri­g‘a kulaman.
Kelinchak bu so‘zlarni zo‘rg‘a-zo‘rg‘a aytib yana kulishga bosh­ladi. Uni ko‘rub qolg‘anlar ham kula boshladilar: yana kulish, qizarish boshlandi.
Pastki kirpiklariga yopishqan uch-to‘rt tomchi kulgi yoshlarini lokisining uchi bilan artib turib kampir so‘radi:
– Qumg‘onni yoqalashtirg‘ani nimasi? Qani, aytib ber-chi, Potish!
Potish onasining bu taklifidan uyalib:
– Yo‘q… Salayingiz aytib bersun! – dedi.
Salay ham o‘z qatorida:
– Yo‘q… Potishingiz aytib bersun! – dedi.
Birmuncha qiyin-qistovdan keyin ikalasi ham hali-boya qilg‘an qiliqlarini yana qilib bermakchi bo‘ldilar. Fotima kula-kula o‘choqning oldig‘a keldi, Soliha so‘rida qolib boyag‘iday so‘z boshladilar:
– Potishxon, qumg‘oningiz qaynadimi?
– Salaybush, yaqinlashib qoldi.
– Hali endi yoqalashib kelayotibdir deng.
– Endiyoq mushlashib ketadir shu deganingizga!
Yana kulish boshlandi…

1924