Har yili may oyi maktabimizda uyushtiriladigan yig‘inda qishloqning eng keksa ikki urush qatnashchisi ishtirok etar, qulog‘i batamom bitgan Xudoyor bobo kelishi bilan pinakka ketar, nazarimda u buni ataydan qilar, shu zayl o‘zicha rivoyati og‘ir bo‘lgan xotiralarga berilishdan tiyilardi. Urush voqealarini asosan Eshqobil bobo aytar, o‘zi allaqachon saksondan sakragan bo‘lsa ham dalli-g‘o‘lli edi.
Bitiradigan yilimiz Xudoyor bobo bahorga yetmadi. Dovucha tugib qolgan o‘rik tagiga qo‘yilgan stol-stulda direktor bilan yonma-yon o‘tirgan Eshqobil bobo o‘zini allaqanday yolg‘iz his qilar, har yili pinakka ketib o‘tirsa ham yonida bo‘ladigan quroldoshi yo‘qligidan ung‘aysizlanar, go‘yo, haliyam o‘lmay yurganiga xijolat tortayotganday o‘quvchilarga tishsiz milklarini ko‘rsatib ayanchli jilmayib qo‘yardi.
Eski mikrofonga har galgiday, hech kim hushlamaydigan, o‘qituvchi-yu o‘quvchilar bilan birday qasdlashib yuradigan oqsochli zamdirektor ega chiqdi. Opamning aytishicha, bundan yigirma yil ilgari u namoz o‘qigani uchun otasini urgan, hatto qariyalar uyiga eltib tashlagan. Maktabda ham ro‘za paytlari erinmasdan har bir bolaga suv ichirib chiqarkan. El orasida «yumaloq xatchi» laqabli kaltabaqay, qorindoru go‘shtdor qoratob yuz, qo‘ng‘ir ko‘zli bu o‘qituvchi ma’naviyat darsidan saboq ham berardi. U mikrofonga pufladi, tomog‘ini qirib, viqor bilan davraga qarab oldi:
– Mana, Alloga shukurki, ushbu muhtaram sanada ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozonganimizga falon yil bo‘ldi, – dedi tupuk sachratib, xuddi o‘zi jangda qatnashib kelganday. – Noming o‘chgur qirg‘inborat necha safdosh o‘rtoqlarimizni qaro yerga ko‘mdi… Ko‘zlarimizdan sellarimizni joladay oqizib, qon qaqshatti va…
Direktor malollanib, ko‘z ostidan qaraganda dovdirab, matrasiz gapining davomini yo‘qotib qo‘ygan zamdirektor hoziroq to‘rtinchi marta pensiyaga haydaladiganday, shoshgancha so‘zni bu yilgi yakka ishtirokchiga berdi. Eshqobil bobo zumda xotiralarga berildi:
– O‘n olti yoshimda prontga jo‘nadim. Bizning tumandan bir kunda qirq yetti kishini olib ketishdi. Ilk bor Ukrainada jangga kirdim. 1943 yilga kelib dushmanni chekintirdik. Vengiriston, Ruministon, ayniqsa, Buxoristonda qattiq jang bo‘ldi-ey… Qishloqdoshlardan olti kishigina omon qoldik… – Bobo o‘yga cho‘mdi. So‘ng kulimsirashga harakat qildi. – Maksiminka degan vzvod komandirimiz bor edi. Uni Maxsim aka derdim. Menga juda ko‘p narsalarni o‘rgatgan…
Hikoya har yili takrorlansa-da, o‘quvchilar hayajon bilan tinglar, faqat bu safar oqsochli zamdirektor nutqi chala qolgani uchun ensasi qotib o‘tirardi. Voqealar rivoji Maksiminkaning unga: «Agar tirik qolay desang, oyog‘ing yetgan joydan biron narsa olma. Tilla, pul, ayolga qo‘lingni tekkizma. Etiging teshilib qolgan bo‘lsa ham o‘likning oyog‘idan yangisini yechib olma. Muhimi, g‘irrom bo‘lma», degan joyiga kelganda oqsochli zamdirektor istehzoli kuldi. O‘zicha ming‘irlab: «Ha endi, kuni bitmagan-da, bo‘lmasa bunday halolchi odam ozmidi», deb qo‘ydi. Bobo zamonu makonni unutgan, jo‘shib davom etardi:
– Buning isbotini ko‘p o‘tmay ko‘rdim. Bir safar Budapishtda bombadan qochib turkman va rus askarlari bilan bir tilla do‘koniga berkindik. Uchalamiz uchun Maxsim akaning so‘zlari qonun edi. Bombardimon tinganda tillalar to‘kilib yotgan bo‘lsa-da, biron narsa olmasdan u yerdan chiqdik. Ammo yetti-sakkiz sapdoshimiz qo‘yinlarini to‘ldirishga tushib ketdi, deng. Bizning qaytarig‘imiz kor qilmadi. Ular do‘kondan chiqishi bilan ustiga bomba tushib, hammasi o‘lib ketdi-ey…
– Esiz tillalar, – noo‘rin kulgi ko‘tarishga urindi oqsochli. Chunki bu vaqtda direktor ish bilan qo‘zg‘algandi.
– 1945 yili Pfragada edik, – bobo yana beixtiyor e’tiborni o‘ziga tortdi. – Rosa qirq kun qattiq jang bo‘ldi. 41-kuni tongda tankimning radiosini tinglab o‘tirgandim. Kutilmaganda urush tamom bo‘lganini e’lon qilishdi. Yig‘lab yubordim…
Bobo shu joyga kelganda hikoyasini to‘xtatdi, o‘zi chindan ham yig‘ladi, o‘qituvchilar ovutishdi, o‘quvchilar gul tutishdi…
* * *
Lekin men bir safar otamga ergashib paxta xirmoniga borib, uch-to‘rtta boboning gurungiga guvoh bo‘lganimda Eshqobil boboning bu yerdagilar eshitmagan ajib bir hikoyasini tinglaganman. Terim mahali xirmonga qorovullik qiladigan otamni odamlar biroz diniy ilmi bo‘lgani uchun hurmatlab «Maxsum» der, Eshqobil boboning ham unga ixlosi tushgandi. O‘shanda bobo hozirgidan boshqacha, qandaydir mayus holda, xuddi sovuqqotganday, yelkasiga tashlab olgan beqasam choponga uranib o‘tirardi:
– …Nima qilay, Maxsimjon?! Uyga qaytayapman, deb uchgilarim kelib turganda poyezd boshqa tomonga yo‘l olib tursa. Janjal ko‘tardim. Oldimga kim kelsa urib-so‘kdim. O‘lguday kaltaklandim. Axir alam qiladi-da. Yangi vzvod komandir – Petrovni yomon ko‘rib qoldim. O‘ziyam fashistbashara edi. Keyin bilsak, bizni Yapon bilan urushgani opketgan ekan. Komandirning temir intizomi hammaning joniga tekkandi. Go‘yo biz kecha kelgan askaru bir-ikkini bilmaydiganday. Ayniqsa, men bilan o‘chakishib qoldi. Ikki yarim sutka uxlatmadi. Uchinchi kuni oqshom vishkaga postga qo‘ydi. Kunduzi o‘lguday mashq qilganimiz uchun juda toliqqan edim. Yarim tunda ko‘zim ilinibdi. Yuzimga kelib tushgan tepkidan gangib qoldim. Og‘iz-burnim qonga to‘ldi. Komandirning qahrli ko‘zlari yaltirab turardi.
– Ertalab otilasan! – dedi keskin ohangda. – Senga o‘xshagan pesni deb butun vzvod qirilib ketishi kerakmi? Mudrayotganingni ko‘rib atay kuzatib turdim. Tur o‘rningdan.
Bu gapdan keyin rostdan ham o‘rnimdan turolmay qolgandim. Petrov bizning bo‘linmadan olisroqda joylashgan, ichimizdagi yagona ayol bo‘lmish medsestra Veraning chodiri tomon ketdi. Yotib turishi u bilan edi. Naxs bosgur, hatto yuz-qo‘lini ham yuvmasdi… Xullas, uyqum uchib ketdi. Bu yaramas aytdimi, bajaradi. Nahotki kunim bitgan bo‘lsa. Maxfiy guruhda bo‘lganimiz uchun hech kimga arz qilolmayman. O‘ylayverib kallam qizib ketdi. Ishonsangiz, shu tobda dushman bostirib kelishini, tezroq jang boshlanishini istardim. Biron ayg‘oqchi kelib qolarmikin, deb tongga qadar mijja qoqmay yo‘l poyladim. Charchoq yengib, tag‘in mudrabman, deng. Har xil qo‘rqinchli tushlar ko‘rib yotibman. Tushimda dushman bostirib kelayotganmish. Miltig‘imga tayanib alahsirab uyg‘ondim. G‘ira-shirada bir sharpa ko‘rindi. U belgilangan birinchi chiziqqa yetmasidanoq baqirdim:
– To‘xta! Parolni ayt!
– Nima, esingni yeganmisan?
Kimdir yashin tezligida qulag‘imga shipshiganday bo‘ldi: «Yo u, yo sen! Agar hozir uni otmasang birozdan keyin o‘zing otilasan». Nima deysiz, Maxsimjon, shu gapni shayton aytganmikin?…
Otam indamadi. Nazarimda, nima deyishni-da bilmadi. Shukrulla cho‘pon voqeaning davomiga qiziqib, Eshqobil boboni qistadi.
– Xo‘sh, keyin-chi?
– Avval Maxsimjon gapirsin-chi? – u astoydil javob kutardi.
– Hey prantovik, – endi Berdirahmat bobo jerkidi. – Maxsim qayaqdan biladi qulag‘ingga kim shipshiganini. Avval matalingni tugat-da, keyin muhokama qilayik.
– Keyinmi? – bobo o‘zgarib borardi. – Bo‘yruqni takrorladim. Undan parolni so‘radim. U esa parolni aytmadi.
– Baribir otilasan, ahmoq, – dedi nopisandlik bilan bostirib kelarkan. Petrovning ovoziga o‘xshatdim. Chayqalishidan mastligini bildim. «Nima qilsam ekan», deya ichim yonib borardi. Sharpa esa qoidani yuz foiz buzib turibdi. Avval ikki ko‘zimni yumdim. Ko‘z oldimdan non tishlatib yig‘lab qolgan ota-onam, qishlog‘imiz, shu ko‘rinib turgan Qamaytepa, xullas juda ko‘p narsa o‘tdi. Asta bir ko‘zimni ochdim. Barmog‘im titrardi.
– Parolni ayt!!! – deb qattiq baqirdim. U indamay kelaverdi. Men balki uyqusirayotgandirman, deb o‘yladim. Tushimmi, xushimmi, hech idrok etolmasdim. Tepkini bosib yubordim. O‘q uning boshiga tekkanini ko‘rib, karaxt o‘tirib qoldim…
Bu ish go‘yo hozir sodir bo‘lganday bobo sallali boshini changalladi. Qolganlar ham jimib qolishgandi. Birinchi bo‘lib unga Berdirahmat bobo yupanch berdi:
– To‘ppa-to‘g‘ri qilgansan. Axir u qoidani buzdi, seni maxfiy xizmatdagi askarni mensimadi. Buning ustiga…
– Keyin-chi? qiziqishimni yashirolmadim men. Avval otam, keyin ular menga qarashdi. Shu choqqacha davradagilarning hech biri u yog‘ini so‘ramagan shekilli, hamma yana frontovik boboga qarashdi.
– Keyin… Menga orden berishdi. Uni ko‘mib tashlaganman…
Nega bunday qilganini tushunolmagan bo‘lsam-da, uning o‘ychan ko‘zlariga boqib, o‘shanda qandaydir xatolik bo‘lganini his qildim. Sukutni Eshqobil bobo buzdi:
— Maxsimjon, menga shu ishning yechimini aytsangiz. Kechalari tushimga Petrov kiradi. Ustimga bostirib kelaveradi. Qocholmay terga pishib ketaman. Axir nima qilishim kerak edi?!
— Eshqobil buva, o‘zingizni ko‘pam qiynamang-da, — tasallidan boshladi otam. — Hammamiz ham gunohkor bandamiz.
— Demak, mening gunohim og‘ir. Buni o‘zimam sezardim…
— Odam bir narsani hadeb o‘ylayversa, tushigayam shu kiradi-da, to‘g‘rimi?…
— Endi nima qilsam bo‘ladi?!..
Otam nima deyishni bilmay qolgandi. Shukrullo cho‘ponning daldasi, Berdirahmat boboning taskin-tasdig‘i Eshqobil boboning qulog‘iga kirmadi. Qaynoq ko‘z yoshini tiyolmay o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Eshagiga minayotib munkib ketdi. Xayr-ma’zurni ham nasiya qilib ketib qolgan edi o‘shanda.
* * *
Mana, hozir ham uning ko‘zlarida yosh. Balki u Petrov uchun yig‘layotgandir. Ehtimol… Shundan beri Eshqobil boboni har ko‘rganimda, men hamma savolning javobini biladi, deb tanigan otamga bergan javobsiz savollari haqida uzoq o‘ylayman. Oldimda bir savol ko‘ndalang bo‘ladi: «Xo‘sh, uning o‘rnida men nima qilgan bo‘lardim?! Basharti bobo singari karaxt holda bo‘lmay, hushyor tursamu, komandirimni tanib qolsam, ayni paytda bir soatdan keyin behuda o‘lib ketishimni bilsam, qanday yo‘l tutardim?!». Bilmadim… Bilganim — bayram so‘ngida Eshqobil boboni uyiga kuzatayotib, uning Petrov bilan g‘oyibona yarashib olgani, mening siymomda u bilan do‘stona gaplashib borayotgani edi…
2012 yil