Alisher xonasiga kiriboq deraza tuynugini ochib qo‘ydi. Tuni bilan dimiqqan xonaga tong shabadasi yopirildi. Kompyuterni yoqib, internetga kirdi. Saytlarga birrov ko‘z yugurtirib, dunyo axborotlari bilan tanishdi.
Bir soatlardan so‘ng yo‘lakda hamkasblarining qadam tovushlari eshitilib, xodimlar ishga kela boshladi. Ichki telefon jiringladi. Pastda, binoga kirish yo‘lagida o‘tiradigan, keluvchilarga ruxsatnoma beradigan qiz ekan.
– Assalomu alaykum, Alisher aka! – Go‘shakdan qo‘ng‘iroqdek ovoz jarangladi. – Shikoyat bilan kelishibdi. Kiramiz, deyishayapti.
– Kim, qayerdan, qanday masalada ekan? – ensasi qotdi Alisherning. Keyin qo‘shib qo‘ydi: – Jonga tegdi hammasi.
– Ota-bola. Yer masalasida. Oldingizga chiqarayapman.
Sal o‘tmay qabulxonada yoshi saksonlarni qoralagan, oq-sariqdan kelgan basavlat odam yonida polvonkelbat yigit bilan paydo bo‘ldi. Alisher “mehmon”larni kutib olib, o‘rindiqqa taklif qildi. Hol-ahvol so‘rashgach:
– Xo‘sh, xizmat, otaxon? Qayerlardan so‘raymiz? – dedi.
– Biz Kattatog‘dan. Haqiqat izlab keldik… Bu yigit o‘g‘lim. Tashqarida mashinada kelin, nabiralar ham bor, – gap boshladi otaxon.
– Bir yo‘la poytaxtni tomosha qildiray, debsiz-da, – kuldi Alisher.
– Ha endi, bu gapingizda ham jon bor. – Gap tagidagi kesatiqni anglamadi otaxon. – Toshkentda bir qizim, bir o‘g‘lim yashaydi. Shularnikida mehmon bo‘lib turibmiz-da. Kecha Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari qabulida bo‘ldim. Bir ko‘zim xiralashgan. Qo‘l ostidagilarga topshiriq berdi. Indinga navbatsiz operatsiya qilishadi. Hali qizimning o‘qishi masalasida Ta’lim vaziriga, o‘g‘limning ishi bo‘yicha Markaziy bankka ham kirishim kerak. Lekin, asosiysi, sizga bog‘liq. Shu biz yashab turgan hovlimizning yonida ozgina qarovsiz yer bor…
Alisher otaxon qo‘liga tutgan hujjatlar to‘plamini varaqlarkan, boshi aylanib ketdi, asabi buzildi. O‘zini zo‘rg‘a bosib, otaxonga yuzlandi.
– Kattatog‘ degani keng joy, yer mo‘l bo‘lsa, tortishayotgan odamingiz xotiningizning ukasi, o‘g‘lingizning tog‘asi, begona emas. O‘tkinchi dunyoda jigarlarni bir-biridan uzoqlashtirib nima qilasiz?
– To‘g‘ri aytasiz, o‘g‘lim. Bizning yerimiz ko‘p. Har bolamning hovlisi bor. Ammo oriyat-chi? Falonchi domla yozaverib, baribir yutqazibdi-da, degan gap-chi? Shuning uchun bizga yordam berasiz endi…
“Mehmon”larni yaxshi gaplar bilan bir amallab tinchlantirib, liftgacha kuzatib qo‘yarkan, boshi qizidi – qon bosimi ko‘tarildi. Kabinetiga qaytarkan, kotibaga achchiq ko‘k choy buyurdi.
… O‘tgan shanbada qishloqqa keksayib qolgan ota-onasini ko‘rgani borgandi. Umr bo‘yi sovxozda oddiy ishchi bo‘lgan otasining gurunglari unga yoqadi. Afsuski, ish sabab hamisha birga bo‘lolmaganidan xijolat chekadi.
– Shuncha yil ishlab, biron marta sanatoriy-kurortda dam ham olmabsiz-a? – dedi bir gal otasini dam olishga yuborish niyatida.
– Fe’lim yomon, o‘g‘lim, uch kundan ziyod begona joyda turolmayman. Rahmatli bobong shunaqa odam edi-da. Otadan qochib, qayoqqa ham boramiz.
– Pensiyalaringiz yetib turibdimi? – yana o‘smoqchiladi u.
– Enang ikkovimiz bir yarim million olamiz. Yeganga tugamaydi. Hamma narsa hovlimizda pishib yotibdi. Biz nimayam yerdik. Non-suv, sut-qatiq, meva-cheva deganday… Har kuni to‘y-ma’raka bo‘lsa…
Otasining gapi tugamaydi.
– Mana, yon qo‘shnimiz Xosiyat momoni olaylik. Eri o‘lganiga qirq yildan oshayapti. Bir etak bola bilan qoluvdi, bechora. Shularning hammasini joylashtirdi – qizlarni uzatdi, o‘g‘illarni uylantirdi. Har yili bir to‘y qiladi, baraka topgur. Xudo o‘zi berarkan. Shuning uchun pulga ham qattiq qiziqmang. Ko‘p pul tashvish keltiradi.
– Sizday bo‘lolmadik, ota! Hamisha ko‘nglingiz xotirjam.
– Birovni aldamadim. Hech kimdan qarz emasman. Xudoga shukr, tan-jonim sog‘. Siz amaldorsiz, amaldorlarning esa muammolari ko‘p bo‘ladi. Chunki qo‘l ostingizdagilar uchun ham javobgarsiz. Bu ham taqdir, o‘g‘lim. Ortingizdan g‘ururlanib yuraman. Menga qishloqda “Toshkentda ishlayotgan Falonchining otasi” deb qarashadi. Pensiyamni birinchi berishadi, to‘y-ma’rakalarda to‘rga o‘tqazishadi…
Alisher ko‘k choydan bosib-bosib ho‘plarkan, qishloq, otasini eslab ko‘ngli xotirjam tortdi.
“O‘zAS”dan olindi.