Bu voqeaga ancha bo‘ldi. Dam olish kunlarining birida “Damas” mashinamizga bolalarni olib, qishloqqa yo‘l oldik. Yerda qor bor edi.
Qishloqda yashaydigan keksa ota-onamizni ziyorat qildik. Nabiralarini ko‘rib ular g‘oyatda xursand bo‘lishdi. Endigina tuqqan sigirning sut-qatig‘idan mazza qilib ichdik. Keyin qudamiznikiga o‘tib, mehmon bo‘ldik.
Qudamiz ulfat odam. Gapimiz to‘g‘ri keladi. Xullas, qish kunlari bir tutam emasmi, kun botib qoldi.
– Ertalab ketsalaring bo‘lardi, qorong‘u tushib qoldi, – dedi qudamiz.
– Ertaga bolalar o‘qishga, xotin va men ishga borishimiz kerak. Nasib bo‘lsa, bir pasda uyga yetamiz. Xavotirlanmang, – dedim men.
Viloyat markazi – Qarshi shahriga yengil mashinada nari-beri bir soatlik yo‘l. Mashinamiz yangi bo‘lmasa-da, hali pand bermagandi.
Qarindoshlar bilan diydorlashuvdan mamnun holda yo‘lga tushdik. Mashina ichi issiq, kayfiyatimiz chog‘ edi. Yo‘lning yarmidan ko‘pini bosib o‘tganimizda to‘satdan mashinamizning motori o‘chdi-qoldi. O‘g‘lim mashinani yo‘l chetiga olib to‘xtatdi.
Kimsasiz cho‘l. Uzoq-uzoqlardan qishloq uylarining miltillagan chiroqlari ko‘zga tashlanadi, xolos. Dam olish kuni bo‘lgani uchunmi, yo‘ldan ahyon-ahyondagina mashinalar o‘tardi. Qancha urinmaylik, mashinamiz o‘t olmadi. Salon bir zumda muzlab qoldi. Tashqariga chiqdik. O‘g‘lim o‘tayotgan yo‘lovchi mashinalarga yordam so‘rab, qo‘l ko‘tara boshladi.
Kunduzi quyosh chiqqan bo‘lsa-da, kechqurun ayoz qisib, havo sovigandi. Biron soatdan so‘ng, biz sovuqdan qaltiray boshladik. Bir-ikki kun mehmon bo‘lib kelasiz, deya keksa onamni ham olib qaytgandim. 3-4 yoshlardagi nabiram onasining pinjiga tiqilib, yig‘lay boshladi. Hali shaharga qadar yigirma kilometrcha masofa bor. Zim-ziyo tunda, yaydoq cho‘lda nima qilishimizni bilmay karaxt bo‘lib qoldik. Motorni yoqishga urinib, kalitni ko‘p burayverganimizdan, akkumulyator o‘tirib, mashina chiroqlari ham yonmay qoldi. Hech qanday najot ko‘rinmasdi.
Shunda kutilmaganda bir “Jiguli” mashinasi bizdan biroz o‘tib to‘xtadi. Undan to‘rt nafar zabardast yigit tushdi. Tun, atrof kimsasiz edi. Bunday paytda har narsani kutish mumkin.
Yigitlar dadil qadamlar tashlab biz tomon kelishdi.
– Ha, nima bo‘ldi, amaki? – dedi ulardan biri.
– Mashinamiz o‘t olmay qoldi.
– Qani oching-chi, bir ko‘rayin. – Shunday deya ulardan biri qo‘lidagi fonarini yoqib, motorni ko‘zdan kechirdi. Keyin boshini qimirlatdi:
– “Kasali” ancha jiddiyga o‘xshaydi. Rulga o‘tiring, mashinani suramiz.
To‘rt zabardast yigit, mashinani orqasidan itarib, o‘t oldirishdi.
– Endi, – dedi motorni ko‘rgan yigit, – gazni bosib haydaysiz. Yana o‘chib qolishi mumkin. Qo‘rqmang, biz ortingizdan shahargacha kuzatib boramiz.
Shaharga kiraverishda mashinamiz yana o‘chib qoldi. Yigitlar mashinani yana surib o‘t oldirishdi va ortiga qaytishdi.
Ularga minnatdorchilik bildirarkanman, “Qayerdansizlar, yigitlar?” deb so‘radim.
– Hov anavi tog‘ning ortidagi qishloqdanmiz.– Ular Qo‘ng‘irtog‘ni ko‘rsatishdi.
Eson-omon uyga yetib bordik.
Har safar qishloqqa borarkanman, yo‘lovchi sifatida uzoq-yaqinga safarga chiqqanimda, yo‘l chetida buzilib yoki yonilg‘isi tugab, yordam so‘rab turgan mashina haydovchisini ko‘rganimda qishning sovuq tunidagi o‘sha voqea esimga tushaveradi.
(“Hurriyat”, 2010 yil).