Abduhamid Muxtorov. Noyob xotin (hajviya)

Mabodo, haykaltaroshlardan tanishingiz yo‘qmi? Nima qilasiz deysizmi? Xotinim­ning haykalini yasataman! Ie, nega kulasiz? Nima, bizning malikai Dilorom bunga arzimaydimi? Topgan gapingizni qarang. Tirikligida haykal qo‘yish lozim bo‘lsa, bizning xo‘jayinga, yo‘g‘-e xotinga qo‘yish kerak.

Nega hayron bo‘lasiz? Xotinimning jonimga qanchalar oro kirishini bilsangiz edi. Afsuski buni tasavvur qila olmaysiz. Keling, xotinimga qaysi karomati uchun haykal o‘rnatmoqchi ekanligimni aytib beray. Toki ko‘nglingizda menga nisbatan shu ham o‘zimizning erkaklardanmi o‘zi, degan savol qolmasin.

Avvalo, xotin akamiz cho‘ntagimizga qo‘riqchi itdek vafodor. Bir so‘mmas, bir tiyinni ortiqcha sarflashimga yo‘l qo‘ymaydi. Qanday qilib yo‘l qo‘ymaydi deysizmi?

Masalan, ulfatlar bilan choyxonada «beshta-beshta» qiladigan bo‘lsak xotin qo‘limga o‘zi himmat qilgan pulni tutqazib tayinlaydi: «Gapga tushib ketmay yaxshilab ovqatlaning yana osh tugab qolguncha laqqillab o‘tirmang. Lallayib o‘tiraversangiz, so‘xtasi sovuq ulfatlaringiz aroqni ko‘proq ichib qo‘yishadi. Pul qo‘shdingizmi, iloji boricha ko‘proq iching. Kayfingiz oshib qolmasa, ayab o‘tirmayman. Vapshe, o‘sha paytavaquloq ulfatlaringizni kapeykaga olmayma-u, odamlar biz haqimizda g‘alatiroq fikrga bormasin deb, qo‘shilib yurib turing deymanda».

Ko‘rdingizmi? Shunday rahmdil, erining puliga g‘amxo‘r xotinni yana qayerdan topish mumkin. Shu bois choyxonada o‘tirsam, iloji boricha yeb-ichishga harakat qilaman. To‘g‘ri, ba’zida xizmatda turib xotinning topshirig‘ini bajarolmasam… Yo‘q-yo‘q. Siz o‘ylaganday, boshimda yong‘oq, chaqmaydi. Faqat… xafa bo‘ladi-da!

Bilasiz, tabiatan yumshoq, ko‘ngli bo‘sh odamman. Xotinning qovog‘ini uyib, narigi xonada yolg‘iz yotishiga chidolmayman. Darhol ko‘ylakmi, tilla zanjirmi sovg‘a qilib, pulni behuda sarflaganim uchun kechirim so‘rayman. Bilsangiz, bizning xotin spidometrga o‘xshaydi. Agar biror narsada sal haddimdan oshgudek bo‘lsam yo tomoq qirib, yo ilonning ko‘ziday chiroyli ko‘zlari bilan ogohlantirib qo‘yadi.

Konkret misol bormi?

Bor. Yaqinda mashinamni sotmoqchi bo‘ldim. (Aslida xotinim olib berganu lekin mening nomimda).   Ulfatlarimdan biri xaridor bo‘ldi. «Jon og‘ayni, aytgan narxingizga picha yetmadi. Bir oyda keltirib beraman», deb rosa yalindi. Kayf ustida xo‘p deb yuboribman. Ammo ertalab lafzimni eslab, yuragim tovonimga tushib ketdi. Axir, xo­tin nima deydi?

Tushdan so‘ng ulfatim mashinani olib ketmoqchi bo‘ldi. Xotinning, «Pulini tugal olmagunimizcha mashina joyidan qo‘zg‘almaydi», degan amridan so‘ng mashi­nani berib yuborarmidim. U deb bahona qildim, bu deb bahona qildim. Qani ko‘na qolsa. Bahonalarimni bita-bitta chipakka chiqarib, meni burchakka qisib kelaverdi. Najot izlab alang-jalang qilib turganimda jonimga xotin oro kirdi.

– Menga qarang, – dedi u, – pulini to‘liq berdingizmi?

– Yo‘q, ozgina qolgan, – dedi ulfatim dovdirab. – Biror haftada olib kelaman, kelishganmiz…

– Unaqasi ketmaydi, – gapni cho‘rt kesdi xotin. – Men xotinchalish gaplarni yoqtirmayman. Qolganini olib kelasiz, mashina­ning kalitini olasiz…

Sho‘rlik bir menga, bir xotinimga tikilib turdi-da, dovdiraganicha ko‘tarildi… Ortidan qarab, “Xafa bo‘ldi”, deb o‘yladim. So‘ng “xafa bo‘lsa o‘ziga. Mashinani olgandan so‘ng qolgan pulni berishiga kim kafolat beradi”, degan o‘y kallamga keldiyu xaloskorimga minnatdorona nigoh bilan “rahmat”, dedim.

Agar aytaversam bunday misollar ko‘p. Uyga kimdir mendan qarz so‘rab kelsa, so‘roqni xotin qiladi. «Qachon qaytarasiz? Garantiya bormi? Kechikib qolsachi? Aniqmi? Mayli beramiz!» Shundan so‘ng men pulni chiqarib beraman. Bordiyu xotinimning qarz so‘rovchidan ko‘ngli to‘lmasa, «Berib turardik, lekin adasiga ham pul kerak bo‘lib turuvdi» yoki shunga o‘xshash boshqa biror bahona topib eshikni ochib qo‘yadi. Men esa mehmonni kuzatib qo‘yamanda, qarg‘anaman. “Yuzi qursin. Qarz olishga-oladiyu qaytarishga kelganda yo‘q bo‘lib ketadi. Bermay biram yaxshi qildik-ki, o‘zim aylanay sizdan. Siz noyob xotinsiz”.

Xullas,   qo‘yingki, bolalarni ham onangga aytaman, deb qo‘rqitaman. Oilamiz bilan oldi berdi qiladiganlar faqat xotin bilan gaplashadi. O‘ylab ko‘rsam, ancha-muncha tashvishlardan ozodman. Bozorni xotin qiladi, mehmonni xotin kutadi, hattoki oxirgi paytlarda nahorgi oshlarga ham xotin borib kelyapti, katta o‘g‘ilniku o‘zi uylantirib tinchitdi.

Endi ayting-chi, shunday xotinga nega haykal qo‘ymasligim kerak?

Tunov kuni bir ul­fatim, “Ho‘v, falonchi, ko‘zingni och, xotiningni boshingga chiqarib yubording-ku», deb qoldi. G‘alamis, baxtimni ko‘rolmay ichi kuyib ketyapti. «Chiqqan bo‘lsa, ajab bo‘pti. Chiq­sa mening ustimga chiqadi, siznikigamas, o‘rgulay», deb uzib oldim.

Bu gapni hamisha hamma vaqt aytaman.

– Haqiqiyqiy erkakday yashashimga sharoit yaratib bergan xotinimga ming raxmat!