Mish-mish tarqaldi. Hasanboy ba’zi hamkasblari bilan gaplashmay qo‘yganmish. Eng qizig‘i, o‘sha “ba’zi”lar uning ulfatlarimish. Undanam qizig‘i, Hasanboy ular bilan urishmagan, so‘kishmagan, bor-yo‘g‘i choyxonada birga o‘tirgan-u…
Bu gaplar, odatdagidek, to‘ppa-to‘g‘ri Oldibek Berdibekovningning qulog‘iga yetib keldi. U jamoa inoqligi uchun qattiq jon kuydirguvchi odam bo‘lgani uchun, qolaversa, Hasanboy bilan bitta choyxonada ba’zan osh yeb turgani uchun bu mish-mishlarning tagiga yetishga qasd qildi.
– Hasanboyni chaqiring, – dedi chorlovni eshitib yoniga kirgan kotibasiga.
Oradan ko‘p o‘tmay, xonaga og‘ir musibatga duchor bo‘lgan odamday, Hasanboy kirib keldi.
– Chaqirtirgan ekansiz?
– Keling. Qulog‘imga g‘alatiroq gaplar chalindi. Tinchlikmi? – dedi boshliq jiddiy ohangda.
Hasanboy stulga og‘ir cho‘kib, mutelik bilan xo‘jayinga termuldi.
– Yanglishmasam “Chapayip”, “Otaqul”, “Eshon”, “Mo‘ylov”lar ham menga o‘xshagan ulfatlaringiz shekilli, – gap boshladi Oldibek Berdibekov, – nega ular bilan arazlashib yuribsiz?
– Ha endi, shunchaki, – chaynaldi Hasanboy, – arzimagan gap.
Bu uchrashuvga ancha jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan boshliqqa Hasanboyning o‘lamsa javobi yoqmadi.
– Nimasi arzimagan, arzimagan bo‘lsa, nega bunaqa tumshayib yuribsiz. Hamma yoqda duv-duv gap. Emishki, bizning, tufu, demoqchimanki sizning to‘dangizda inoqlik yo‘q emish. Bunaqada ulfatning hurmati qayerda qoladi?
– Xo‘jayin…
– Nima xo‘jayin, gapingizdan sezib turibman, hamma balo o‘zingizda. Qilgilikni qilib qo‘yib…
– Yo‘q, – qichqirib yubordi Hasanboy, – men hech narsa qilmadim. Ular meni xo‘rlashdi. Men shunga chidolmayapman, xo‘jayin.
Hasanboy yig‘lab yubordi. Boshliq buni kutmaganmidi yoki kap-katta erkakning yig‘lashi shoshirib qo‘ydimi, kalovlangancha xodimining oldiga o‘tdi. Kotibasi damlab qo‘ygan achchiq ko‘k choydan bir piyola quyib uzatdi.
– Qo‘ying, xafa bo‘lmang, ular bilan o‘zim gaplashaman! Muni iching-da, nima bo‘lganini bir boshdan gapirib bering?
Hasanboy hiq-hiq qilganicha, choyni ichib, o‘pkasini bosib gap boshladi.
– Bilasiz yakshanba kunlari choyxonada o‘tiradigan odatimiz bor. Kechagi yakshanba shaxsan o‘zim bozor qildim, anavi tanballar kelguncha dasturxon tuzadim…
Hasanboy qarasa, boshliq uni astoydil tinglayapti. Ilhomi kelib ketdi:
– Shu desangiz, dasturxonda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Parrak-parrak gazaklarni aytmaysizmi… Bir tomonda sho‘rtakkina bodring, bir tomonda golland pishlog‘i, yana bir tomonda qip-qizil, to‘rtga bo‘lib kesilgancha tuz sepilgan pomidor…
Boshliq bu ta’riflarni eshitar ekan, qult etib yutinib qo‘ydi. Hasanboy tariflashni battar avjiga chiqardi.
– Anavi jonivorlar-chi, tur-turi bilan. Jiyanim Amerikadan men uchun ataylab olib kelgan «Viski»ni ham dasturxonga qo‘ygan edim. Turishini ko‘rib so‘laging oqadi, shishasi uch burchak, besh-olti ordeni, faxriy yorliqlari bor. Qo‘lingga olib chayqasang qult-qult qilib ovoz chiqaradi…
– Qayerdan, Amerikadan dedingizmi, – deb uning gapini bo‘ldi boshliq. Tasdiq ishorasini olgach, g‘o‘ldiradi, – Shotland viskisini ichganman, Angliyadan ham o‘shanga o‘xshagan nimadir olib ichgandim ammo Amerika viskisini ichmaganman, ha, aniq ichmaganman. Meni ham aytmagan ekansizda, attang…
Hasanboy xo‘jayinining gapidan o‘ngaysizlanib, shashti tushgancha davom etdi:
– Shularga qarab o‘zimda yo‘q quvonib tursam, kecha ertalab xotinimga “ichmayman” deb bergan va’dam lop etib esimga tushib qolsa bo‘ladimi. Bilasizmi, xo‘jayin, dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘ldi. Lekin o‘ylab-o‘ylab chorasini topdim. Xotinimga ichmayman deb va’da berganman, astoydil iltimos qilishsa, majburlashsa ham ichmayman, demaganman-ku. To‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, to‘g‘ri, – deb ma’qulladi Oldibek Berdibekov.
– Xullas, anavi yaramaslar kelishdi. Piyolaga quyib uzatishganda, xotinga bergan va’damni asta eslatib, til uchida ichmayman, dedim. Nokaslarni jindek xiralik qilar, deb o‘ylagandim-da. Qayoqda, shuni kutib turgandek, “Unda ichmaganing durust”, deyishdiyu o‘zlari…
Shu joyga kelganda, Hasanboyning ko‘zida yana yosh g‘iltillay boshladi. Xo‘jayinning ham ahvoli undan yaxshi emasdi. Hasanboy hiqillab gapini arang davom ettirdi:
– Ablahlar, ham-m-masini ichishdi. Bir qultim ham qoldirishmadi. Na tixirlik qilishdi, na mulozamat qilishdi.
– «Viski»ni hammi, – deb yubordi Oldibek Berdibekov ko‘zlarini pirpiratgancha.
– Uni ham… Alamimga chidolmay qo‘limga ilingan shishani yerga urdimu chiqib ketdim. Axir, o‘zbekda oling-oling, shirin qilib bering, qo‘limni qaytarmang, degan gaplar bo‘lardi-ku, xo‘jayin…
Boshliq o‘rnidan turib ketdi.
– Yaramaslar. Shunchalik ham shafqatsizlik qilishadimi? Umrim bino bo‘lib bunday bag‘ritoshlarni ko‘rgan emasman. Xafa bo‘lmang, uka, bu qilmishlari uchun hali javob berishadi. Men ular bilan bugunoq gaplashaman. O‘zingizdan ham o‘tganda, uka. Xotin deganga bo‘lar-bo‘lmasga va’da berilavermaydi.
Hasanboy ichini bo‘shatib, asta o‘rnidan turdi. Eshik oldiga kelganida boshliq birdan so‘rab qoldi:
– Haligi… jiyaningiz Amerikaga yana borsa kerak-a…