Abduhamid Muxtorov. Mening tassavvurim (hajviya)

Bolaligimda ko‘p kitob o‘qiganim uchunmi, judayam ko‘p xayol suraman. Yana qanaqa xayollar deng. Aytsam kulasiz. Kulmayman deysizmi? Bo‘pti unda aytib beraman.

Tassavvur qiling odamda ham dum bo‘lganida o‘sha dum qanday bo‘lardi?

Yo kalta yoki uzun deysizda. Yo‘q. Topolmadingiz!

Kalta ham uzun ham bo‘lmasdi. Hammaniki, bir-biriga o‘xshamagan bo‘lardi albatta. Ammo biror-bir dumli mavjudotnikiga o‘xshashi mumkin edi. Masalan, kimniki maymunnikiga, kimniki itnikiga, kimniki eshaknikiga.

Eng qizig‘i, laganbardorlarning sho‘ri qurirdi. Chunki, xushomad qilayotganlarida likillayverib fosh qilib qo‘yardida… ana shundan keyin dumini chopib tashlaydigan odamlar paydo bo‘lardi.

Yanayam qizig‘i shimlarning ko‘rinishi boshqacha bo‘lardi. Axir sovuqdan dumni ham asrash kerak-ku. Dumini sovuq olishini kim hoxlardi. Ayniqsa, qizlar dumga alohida ziynat berishar, manikyur, pedikyur, sartarosh degan kasblar safiga dumtarosh kasbi qo‘shilgan bo‘lardi. Ulfatlar bir-birlari bilan so‘rashganda, “bardammisiz” degan so‘zning o‘rniga, “Dumingiz tikkami”, degan so‘zni ishlatar, oshiq yigitlar “Uning dumi boshqacha-da” deb oh urar, fotiha qilayotganlar, “Dumimiz tikka bo‘lsin” deb fotiha qilar, urishib qolganlar “Dumingni qayirib qo‘yaman” deb urish boshlar, po‘psa qilayotganlar “Dumingni uzib olaman” deb po‘psa qilishardi…

Qo‘l-oyog‘i singanlar safiga dumi singan, lat yeganlar ham qo‘shilardi.

Qanday qilib deysizmi?

Masalan, metroda, liftda, avtobusda odam tiqilinchligidan eshikka orqa bilan turib qolgan sho‘rlikning dumini tochniy eshik qisib uzub olar yoki jarohatlardi.

Qarang, bitta a’zoga ega bo‘lish inson uchun yana qancha tashvishga sabab bo‘larkan. Ie, nega kulasiz? Boring-e, kulmayman deganingizga aytgan edim. Ha, boshqa narsaga kulayapsizmi?

Dum-ku, mayli agar shoxi bo‘lgandachi?

Eng avvalo, telpakning ham qalpoqning ham shakli boshqacha bo‘lardi. Biror sabab bilan shoxsiz qolganlarni “falonchi shoxsiz”, degan min taqish bilan chaqirishardi yoki orqasidan aytishardi. Armanistonda burni kattalar konkursi bo‘lganini eshitganmisiz?

Ha barakalla. Menam eshitganman. Xuddi shunday konkurs endi “Eng chiroyli shox egasi”, yoki “Eng kata shox egasi” degan nom ostida har yili o‘tkazilar va albatta erkaklar unda g‘olib chiqardi.

Nega endi aynan erkaklar deysizmi?

Bilmadim. Har holda shunday o‘ylayman. Ammo savolingizdan keyin o‘ylab ko‘rsam, har shoxi o‘nta erkaknikidan ham katta ayollar bo‘lishi mumkin ekan.

Ha mayli. Tassavvur qiling. Odam ovqatga, suvga ehtiyojsiz bo‘lsachi?

To‘ylar qanday o‘tardi?

Nega endi bo‘lmasdi-da deysiz?

Bo‘lardi. Faqat, ovqat emas, kelganlarga kiyim-kechak, latta-putta qo‘yilardi. Ammo artis bilan qiziqchining kuni tug‘ardi. Boyvachchalar kelganlarga bosh-oyoq sarpo, mundayroqlar bittadan paypoq yoki lungi tarqatib qo‘ya qolishardi.

Ekin maydonlarida faqat paxta, kanop ekilar. Pilla yetishtirish birinchi o‘ringa chiqardi. Qo‘ylar faqat juni uchun tovuqlar pati uchun  boqilardiyu biroq qoramollar ham otga o‘xshab yo minib yurilardi yoki aravaga qo‘shilardi.

Eng yomoni o‘zbek erkaklarining sho‘ri qurirdi. Choyxonaga chiqib, osh yeyish qayerda?

Tassavvur qiling.

Hayvonlar bilan gaplasha olish imkoni bo‘lsa.

Aminmanki, qishloqdagi vaysaqi chollar yo eshagi bilan yoki kuchugi bilan ba’zilari oti bilan valaqlashib yurishardi. Menga o‘xshagan besabirroq yigit o‘tirgan ot tezroq yurmaganligidan bir ikki qamchi yesa, “Ho‘v galvars, tipirchilayvermay bir pas juft qilib o‘tirolasanmi yoki bir do‘ngkib tashlab ketaymi. Ko‘rmayapsanmi, charchaganman”, deb tanbeh berardi.

O‘g‘rilarga qiyin bo‘lardi. Chunki, o‘g‘irlangan molni sotib olayotgan odam sigir yoki qo‘ydan, “Rostdan ham shu sening egangmi”,  deb so‘rasa…

Aminmanki, tili kesilgan mollar ko‘payib ketardi…

Mushuk saqlashga xotinlar tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqardi. Negaki mushukday chaqimchi zot bo‘lmaydi. Ishdan charchab uyga qaytgan er endi dasturxonga o‘tirib bir piyola choyni qo‘liga olgan mahal, “assalomu alaykum xo‘jayin”, degancha mushuk oldiga chopib kelar, orqa oyoqlarida ayiqdek g‘oz turib o‘ng oyog‘i panjalarini yuragi ustiga qo‘ygancha tazim bajo etar, (gapirishni bilgan maxluq yaltoqlanishni ham o‘rganadi-da) so‘ngra egasining yoniga yonboshlab, yangasining kirdikorlarini fosh eta boshlardi. Janjal tayyor. Ko‘zi ko‘kargan xotin ertalab erini ishga kuzatib qolib, qaytganida ko‘zida yosh bilan mushugi vannada cho‘milaman deb cho‘kib ketganini, yaxshiyam qutqarishga ulgurganini, darhol tez yordam chaqirgani biroq bechora mushukning o‘pkasida ko‘p suv to‘plangani sababli, “Yangajon men yaramasni kechiring, kecha sizga tuhmat qilgan edim. Xo‘jayinga ayting meni kechirsin, bu yolg‘onchi dunyoda faqat sizga ishonsin, mendan rozi bo‘ling. Alvido…” deganicha ko‘zidan ikki qatra yosh chiqib jon taslim qilganini aytar edi…

Biroq takaning obro‘si ancha oshib ketardi. Valdirashga ustayu. Yaxshilab tarbiya qilinsa so‘z ustalari ham chiqishi mumkin…

Yana tasavvur qilaman.

Yolg‘on aytgan odamning hamma joyini jun bosib ketsa.

“Odam maymundan tarqagan” degan gap kun tartibiga muhokama qilish uchun qo‘yilmasdi. Qor odam haqidagi gaplarni hech kim afsona deb  inkor ham qilmasdi…

E, bo‘ldi qo‘ying. Mening ana shunaqa tasavvurlarim bor. Hozir jiddiy turibsizu, keyin baribir ustimdan kulasiz.