Abduhamid Muxtorov. Bo‘ri g‘ingshimaydi (hikoya)

Temir yo‘l vokzali chumoli uyasini eslatadi…

Odam ko‘pligidan yelkada yuk bilan yurish arava tortishdan-da mushkul. Bunda har xil odamni uchratish mumkin. Kimdir uzoq safarga otlangan, kimdir ana shu odamning yuklarini ko‘tarib pul ishlash uchun to‘da oralagan. Yana kimlardir shafqatsizlik cho‘kkan nigolari bilan olomon orasidan do‘mpaygan cho‘ntakli kishilarni izlagan…

Vagon eshigi oldida meni to‘xtatgan kuzatuvchi chiptamni ko‘zdan kechirib “hammasi joyida”, degan ma’noda bosh irg‘agach, “chiqavering”, deb ichkariga imlab qo‘ydi. Kupega joylashdim. Poyezd jilishidan biroz oldin ko‘xlikkina juvon kirib keldi. U bilan salomlashgach, joylashishiga qarashib yubordim. Poyezd jo‘nadi…

Juvon mening ko‘zimga juda issiq ko‘rinar, ammo uni qayerda ko‘rganimni eslay olmasdim. Ancha vaqt jim ketdik. Nihoyat sukunat jonimga tegib gap boshlashga jur’at qildim.

— Ha, yanga mehmonga ketyapsizmi, xudo hoxlaca qaysi tomonlarga?

Juvon menga qarab turgani bilan xayoli boshqa yoqda ekan shekilli, — Nima dedingiz, — deya savolni takrorlashga majbur qildi. Sung:

— Uyga qaytayapman. Davolanishga kelgandim, — dedi ohista. Shundan keyin hangomamiz jo‘nashib ketdi. Gap aylanib kelib, hamrohim mendan qayoqqa ketayotganimni so‘radi.

Marhum do‘stimning oilasidagilar bilan ko‘rishgani, uning qabrini yo‘qlagani, yana bir omonatni topshirgani yo‘lga chiqqanimni aytdim unga. Shundan so‘ng suhbat sovidi. Ikkimiz ham jimib qoldik. Men kupe oynasidan tashqariga termulib, xayolga cho‘mdim…

*        *        *

Shunqor bilan universitetda tanishgan edim. Ikki yil bitta yotoqxonada, bitta hujrada birga yashadik. U kamgap edi. Ammo mutolaaga jon-jahdi bilan sho‘ng‘irdi.

O‘qishni tugallagandan so‘ng Shunqor bilan bir-birimizning uyimizga borib, oila a’zolarimiz bilan tanishishni niyat qilgandik. Ammo taqdir yozug‘i meni uning oilasi bilan o‘qishni tugatmasdan oldin, Shunqorning janozasida tanishishga majbur qildi…

Bu xayollardan ko‘nglim buzildi. Ko‘zlarimga qalqigan yoshni yengim bilan artib, juvonga yaqinda talabalar shaharchasiga borib, o‘zim yashagan hujrani topshirganim. Hali mendan so‘ng hech kim kirib joylashmagan bu xonadagi qolgan-qutgan narsalarimni yig‘ishtirib turib, issiqlik batarekasi orqasiga berkitib qo‘yilgan daftarga ko‘zim tushib qolgani, olib varaqlasam Shunqorning xotira daftari bo‘lib chiqqanini aytdim.

— Shuncha yil birga yashab uning daftar tutishini bilmasdim. Issiqlik batarekasi ortida saqlagan ekan. U yer-bu yerlarini varaqlab ko‘rgan bo‘lsam ham, “birovning asror daftarini ruxsatsiz titkilash noto‘g‘ri”, degan xayolda o‘qiganim yo‘q.

Gaplarimdan juvon jimib qoldi.

Ko‘z oldimga do‘stimning jilmayib turgan chehrasi keldiyu bo‘g‘zimga yig‘i tiqildi, o‘zimni har qancha tutishga urinmay, ho‘ngrab yig‘lagim kelaverdi. Juvon oldida yig‘lashni ep ko‘rmay, tamburga chiqib ketdim. Poyezd shovqini, g‘ildiraklar taraq-turiqi mening yig‘imni bosib ketdi.

Shunqor menga o‘tgan yillar davomida judayam yaqin bo‘lib ketgan ekan. Barcha xomsut emgan bandalar qatori buni undan ayrilganda bilibman…

O‘zim yig‘lab, o‘zim ovunib kupega qaytdim. Ajab, menga hamroh bo‘lgan juvon o‘zini tutolmay, ho‘ng-ho‘ng yig‘lardi. Avvaliga dovdirab qoldimu, keyin o‘zimni qo‘lga olib:

– Biror gap bo‘ldimi Yanga, nega yig‘layapsiz, – deb savolga tutdim.

U javob qilmadi. Unga yaqinroq borish uchun bir qadam tashladimu oyoqlari ostida yotgan Shunqorning daftariga ko‘zim tushdi…

Chaqqon egilib daftarni olar ekanman, undan deyarli qichqirib so‘radim: – Yanga, siz Shunqorni taniysizmi?

Juvon boshini ko‘tarmay, yig‘i aralash «Men uning xotini edim», dediyu avvalgidan battarroq tarzda yig‘isida davom etdi.

Shundagina mening yodimga Shunqor ko‘rsatgan surat tushdi. O‘sha suratda mana shu juvon Shunqor bilan birga edi. Men uning ko‘zimga boshida nega bunchalik issiq ko‘ringanini endi angladim. U hamon yig‘lar, men nima deb taskin berishimni bilmasdim …

Yana tamburga chiqib ketdim. Olis-olislarga ancha vaqt ma’nisiz termulib turdim, so‘ng qo‘limda changallab turgan daftar yodimga tushdi. “O‘zganing asror daftari” haqidagi andishamni bir chetga yig‘ishtirib, daftarni tekislab birinchi varag‘idan o‘qiy boshladim…

*        *        *

“Maktabni bitirib o‘qishga kirolmaganimdan so‘ng aksiga olib, armiyaga ham olishmadi. Shu vaqtgacha bekorchining kuni o‘tishi qiyin bo‘lishini bilmagandim. Avval ertalab turib shoshib-pishib choy ichgancha maktabga jo‘nardim. Bekor vaqt deyarli bo‘lmasdi. O‘sha paytda shu qadar zerikib ketamanki, o‘zimni qo‘yarga joy topolmayman.

Buning ustiga otam ikki gapining birida o‘qishga kira olmaganimni ta’na qilishini qo‘ymaydi. Ta’na odamni ezib yuborar ekan. Holat shu darajaga yetdiki, otam “muncha harajat qildim, kuydirding” deb gap boshlasa yuragim siqilib, tomog‘imga nimadir tiqiladigan bo‘ldi. Eng alam qiladigani esa otamga gap qaytarolmasligim edi. Qanday ham gap qaytaray, aytilayotgan ta’nalarning bari rost gaplar. Otamning o‘qishga jo‘nataman, deb amakimdan qarz olgani ham, bundan xabar topgan yangamning janjal ko‘targani ham, shundan so‘ng otam onamning nikoh uzugini sotib, amakimning pulini qaytargani ham-hammasi rost. Ta’na-dashnomlarga chidab-chidab bir yilni o‘tkazdim. Alamimni faqat kitobdan olardim…

Imtihonlarini ko‘ngildagidek topshirib, otam oldida yuzim yorug‘ bo‘ldi. Hujjatlarimni topshirayotib bir yigit bilan tanishdim, ijaraga joyni ham birga oldik. Ko‘p gapirishini aytmaganda durust yigit. Bir kamchiligi ba’zi narsalarni ko‘rib-bilib turib ham mulohaza qilolmaydi».

Shunqorning menga bergan ta’rifi bir oz g‘ashimni keltirdi. Lekin men haqimdagi gaplar shu bilan tugagan, keyingi jumlalar boshqacharoq tarzda davom etgan edi.

“Oxirgi vaqtlarda uyga faqat pul uchun borayapman. Otam topib bergan pullar qarz hisobiga kelishini sezsam-da, sezmaganga olishga majburman. Otam-da sezdirmaslikka harakat qiladi. Baribir har gal pulim tugaganda yana bez bo‘lib pul uchun uyga borishini kanda qilmayman. Keyingi paytlarda otam ko‘p harajat qilasan, deganday shama qila boshladi. Aslida unchalik katta xarajat qilayotganim yo‘q. Uydan olgan pulga yotokxonadagi yarmigacha zaxlab ketgan, hojatxonaga qo‘shni bo‘lgani uchun hamisha burunni jiyirishga majbur qiladigan hid anqib yotgan xonada faqat bir oy buxanka non chaynashim mumkinligini otam bilmaydi… ”

Yozuvni oxirigacha o‘qiy olmadim. Uning otasi yana ko‘p narsalarni bilmasdi. Shunqorning mardikor bozoriga chiqishini ham, arzimagan pul uchun duch kelgan ishni qilishini ham, ba’zi paytlari pul o‘rniga kaltak yeb, yarim tunda shaharning nargi burchidan piyoda och-nahor yotoqxonaga qaytishini ham.

Sezishimcha, u bularni otasiga aytishga or qilmasdi. Bu gaplarni eshitgan otasining ezilishdan qo‘rqardi, xolos. Yana daftarni varaqladim. Shunqor ravon harflar bilan o‘z yozuvlarini davom ettirgan edi.

«Birinchi kursni tugalladim. Ammo sessiyani hammadan so‘ng zo‘rg‘a yopdim. O‘zi shunaqa, «kalla» bilan baho olmoqchi bo‘lsang haftalab sabr qilasan. Agar sabring chidamasa marhamat, xoxlacang «tanka» surib zachyot ol, istasang otangning bebiliska pulini domlaning chuntagiga tiq. Bu tariqa ish tutsang, bir oyga cho‘ziladigan sessiya bir kunda tugaydi.

Hech narsani bilmaysan deb, darsga kelmaganliging haqida dekanatga raport berib, seni o‘qishdan haydatmoqchi bo‘lib turgan domla, “Aslida zehning o‘tkir, faqat o‘qimaysan. Mayli, bu gal ishonaman. Keyingi gal yaxshilab o‘qirsan”, deb ko‘z qisgancha sinov daftariga otning kallasiday «besh»ni qo‘yib eshikka qadar kuzatib quyadi.

Menda esa «tanka» ham, bebiliska pul ham yo‘q. Lekin xudoga shukurki, sabr bor, mo‘ltirab qaragani ko‘z bor, yalingani til bor. Ana shunaqa vaqtlarda «Hayot egilmaydigan bo‘yinni egishni, yalinmaydigan tilni yalintirishni yaxshi ko‘radi» degan naqlga ming bor iqror bo‘lasan…”

Shunqorning yozuvi shu yerda uzilgandi. Yangi varaqni ochib davomini izladim. U universitet mavzusini davom etirishni istamagan bulsa kerak, ta’tildagi voqealarni yozibdi. Endi o‘qishga tutingan edim hamki tamburga bir yigit bilan bir qiz chiqib kelishdi. Hayollarimni to‘zg‘itib bir pas valaqlashishdi, so‘ng menga qarab-qarab yana ichkariga kirib ketishdi. Men yana mutolaaga tutindim.

“Bugun kechki ovqatdan so‘ng otam: “Ulim o‘qishingdi boshlanishiga oz qoldiyov, yertaga bozorga borib senga kiyim qilamiz”, deb qoldi”.

O‘zim ham shu gaplarni kutib turgan edim, suyunib ketdim. Ertalab bozorga jo‘nadik.

Biz tomonlarda haftasiga bir marta bozor bo‘lardi. Bu bozor shahardagi bozor bilan osmon bilan yercha farq qiladi. Birinchidan, bizning bozorlarga hech kim yasan tusan qilib kelmaydi. Ikkinchidan, shahar bozorlaridagidek rastalar yo‘q. Uchinchidan, qishda loy, yozda tuproq kechib savdo qilasan. To‘rtinchidan, hech qachon sifatli mol topolmaysan. Beshinchidan…, oltinchidan…, yettinchidan…

Bozorga kirganimizdan so‘ng otam, “Jur, kastim sotadigan tanish bor o‘shanga uchrashaylikchi”, deb bozorning qibla tomonida qator tizilgan yuk moshinayu telejkalar tomon boshladi. U yerda qo‘shni qishloqlik Ollomurot savdogar qo‘li-qo‘liga tegmay savdo qilardi. Otam unga yetmasdan, baland ovoz bilan, “Hey qizzig‘ordi Ollomuroti, bizning jigitga jarashatog‘on kastim-pastimining bormi”, deb uni o‘ziga qaratdi. Ollomurot bizga qarab tirjaydi, otam bilan tengqur shekilli, “Opkelganing bitta jigit vahimang jurtti buzadiyey. A bachchag‘ardi o‘ntasini olib kelmaysanmi, men kuyov jigitday kiyintirib qo‘ymanmi”, dedi sensirab.

Shu tariqa ikkovi hazil-huzil qilib so‘rashdilar. Ollomurot savdogar gap orasida, “Hey oyna[1], qishlog‘ingdagi Yo‘ldosh sening jo‘rangmi?”, deb qoldi. Otam bosh irg‘agach, “Menga qara oyna, bizding ul yer jetdi, shu Yo‘ldoshning qizig‘a ovuz solsamma deb turippan, bir uyinga o‘tayin shu savob ish, senam bosh qo‘sh chirog‘im”, dedi. Negadir otamning avzoyi o‘zgardi. “Sen nokasning orangga tushib nima obro‘ topardim, boshimni qotirmay lattalaringni ko‘rsat”, dedi keskin ohangda. Bu gap Ollomurot savdogarga bir ayl botti-yov, ranggi o‘zgarib tomoq qirdi. Lekin savdosini o‘yladimi, “Bo‘pti”, deb zarda qilgancha osib qo‘ygan kostyumlarga o‘girildi.

Kostyumlarning birortasi menga yoqmadi. Otam to‘g‘ri kelgan kostyumni olib menga kiyishni buyurdi. Kiyganimning yelkasi tor, yenggi bir oz uzun, astarlari shalvirab tushgan edi. Otam meni aylantirib ko‘rgach narxini so‘radi. Otamga kostyum yoqmaganini aytdim. Menga bir o‘qraydiyu, “Bo‘lmasa qayssisini olasan”, dedi. Bu gapni boshqasini tanla degan ma’noda tushinib, boshqa kostyum tanladim. Ammo narxini eshitib otamning peshonasi tirishdi, “Buning puliga sen tugul ukalaringgayam ikkitadan kastm olsa bo‘ladi”, dedi u qoshlarini chimirib. Xullas o‘sha birinchi kiygan kostyumni oldik …

Navbat tufli olishga keldi. Otam o‘ziga ma’qul tuflini ushlagancha savdolasha boshladi. Ich-ichimdan «ilohim savdo pishmasin» deb turdim.    Biroq aytganim bo‘lmadi.

Ota boshqasini olaylik menga yoqmadi, — deya yurak yutib e’tiroz bildirdim. Otam menga yana o‘qrayib, «Yoqadiganini enangnikidan topib berayma», degancha pul sanashga tushdi …

Odatda bozorga tushib kiyim qilgan kishi shod qaytadi. Men esa ayni damda o‘shanaqa odamga havas qilardim …

Enam kayfiyatimni sezdimi yoki olgan narsalar unga ham yoqmadimi, «Hay otasi ulimiz yig‘laguday bo‘p o‘tiripti, oberganga yarasha o‘zi hohaganini obermaysizma», deb gap boshlagan edi. Otam jerkib tashladi. «Oberganimga nima qipti, qayeri kam. Sen o‘zi bir narsani o‘ylaysanma. Bitta buni kiyintirib qolganini nima qilaman, yo ulardi ko‘chadan topib olganmanmi».

«Hov-v, otasiyov, u nima deganingiz, buni kiyintirsa arziydi. Shaharda yuradi, yer yetgan jigit bo‘p qoldi. Endi buningam hohishi bilan hisoblashmasangiz bo‘maydi-da».

Onamning aql o‘rgatishi otamni battar tutatdi: «Hey mullaning qistoloq qizi, menga aql o‘rgatib dangkiyma. Ayol zotidon aql olgan kunim shu kallamni toshga urib yoraman».

Onam murosaga kelganday biroz past tushib, xomsiqdi: «Otam mullo bo‘lganiga gunohkormi, ekki gapning birida shuni gapiras. Bola bilan ham munday hisoblashing, bu turishda oxiri yaxshi bo‘lmaydi».

Otam battar lovulladi: «Tur yo‘qol, pitna, nuqul bir narsani kavlab janjal boshlaysan. Esingda bo‘lsin sen bilanam, bolang bilanam hisoblashmayman. Chunki men sening ering, bolangning otasiman, vassalom. Enangni yemgur bor ovqatingni suz».

Shu bilan enam qozon boshiga, men tashqariga chiqib ketdik…»

Poyezd silkinib to‘xtadi. O‘qishga berilib ketganimdan kichikroq stantsiyaga kelib qolganimizni sezmabman. Chiqib tushayotganlarga halal bermaslik uchun o‘zimni chetga oldim. Kupega kirgim kelmadi, ko‘p o‘tmay poyezd qo‘zg‘aldi. Men yana uz joyimni egallab mutolaaga berildim.

«Kechki ovqatdan so‘ng yonimga ukam kelib otam chaqirayotganini aytdi. Kayfiyatimni bilintirmaslikga urinib otamning oldiga chiqdim. U kishi menga o‘tirishni buyurib, gap boshladi: «O‘qishingning ham ekkinchi kursi boshlanayapti. Ha demay, qolgan kurslarniyam tugatasan. Seni uylantirmoqchimon. Bir oydan so‘ng unashtirib qo‘yaman. Ekkinchi kursni tugatganingdan so‘ng kelindi tushirib olamiz. Kelin Yo‘ldoshning qizi bo‘ladi, xohlasang borib ko‘r».

Otam gapini tygallab menga tikildi. Bu tikilishda “rozimisan” degan savol alomati emas, balki bilmasang bilib qo‘y, degan ma’no ustunroq edi.

Shu vaqtgacha otamning imo-ishoralaridan uylanish masalasi ko‘tarilishi aniq bo‘lib qolganligini sezardim. Ammo bu tariqa «majburiy-ixtiyoriy» shart qo‘yilishini kutmagandim. Otamga nima deyishni bilmay qoldim. Aftidan otam topgan qiz menga yoqadimi-yo‘qmi bu bilan qiziqishni istamayapti, demak hamma ish hal etilganu men shunchaki ogoh etib qo‘yilayapman xolos. Bozorda bekorga avzoyi buzilmagan ekanda.

Yuziga fotiha tortib eshikdan chiqib ketayotgan otamning ortidan alam bilan tikilib qolar ekanman, kuzim eshik yonida turgan bozor sumkasiga tushdi. Sumkaning og‘zidan otam olib bergan tuflining beo‘xshov tumshug‘i mung‘ayib chiqib turardi…

Birovning qizini bebaxt qilib qo‘ymaymanmi, u bilan yaxshi yashab ketolamanmi, degan uydan ancha vaqt o‘zimga kelolmay yurdim».

Yozuv shu bilan tugab yangi varaqqa ko‘chgan edi. Men esa Shunqorning o‘sha vaqtdagi holatini eslab ketdim. O‘shanda u juda ko‘p narsalarni unutdi, lektsiyalar qulog‘iga kirmas, fikri hech qachon bir joyga jamlanmas edi. Qishki ta’tildan so‘ng u juda xafa kayfiyat bilan keldi. Nima gapligini so‘raganimda har galgidek qo‘l siltab indamay o‘zini karavotiga tashladi. Men o‘sha vaqtdagi javobsiz qolgan savolimga daftarning yangi varag‘idagi yozuvlardan javob oldim.

«Qishki ta’til boshlanib, uyga qaytdim. Ostona hatlab eshitgan birinchi gapim, «Kelin tomon kuyovni chaqiribdi. Ikkovi bir-birini ko‘rishi kerak ekan», degan gap bo‘ldi.

Unashtirishganiga bir qancha vaqt bo‘lgandan so‘ng men kelin bilan uchrashuvga jo‘nadim. Bo‘lajak qaylig‘imni ilk ko‘rganimdayoq hamma xavotirim o‘z isbotini topdi … »

Daftarni ortiq o‘qishga sabrim chidamadi. Shundog‘am hammasi esimda, ikkinchi kursni tugatganidan so‘ng otasi to‘y harakatiga tushdi. Yozgi ta’til tugashiga bir oydan oshiqroq vaqt qolganda to‘y bo‘lib o‘tdi. Men to‘yga borolmagan edim. Lekin Shunqorni o‘qishga qaytganidan so‘ng albatda tabrikladim. U o‘shanda mening tabrigimni katta mamnuniyat bilan qabul qilmagan, aksincha xo‘rsinib qo‘ya qolgandi.

Garchand uylanganidan keyin biz unga biroz boshqacharoq muomala qiladigan, qizlar esa bo‘ydoqlarga nisbatan undan o‘zini olib qochadigan bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, u hamon yotoqxonada, o‘sha yarmi zaxlab ketgan, hojatxonaga qo‘shni xonada men bilan birga yashayverdi. Keyinroq xotinimni olib kelaman degan uy bilan oilaviy yotoqxonadan joy berishlarini so‘rab, yotoqxonalar direktori huzuriga ariza ko‘tarib kirdi. Uning yonida men ham bor edim.

— Hozircha joy yuq. Keyinroq xabar oling, balki bo‘lib qolar.

Direktorning gapi shu bo‘ldi. Shunqor arizani axlat chelakka irg‘itdi. Shundan so‘ng oilaviy turish uchun ijara qidirdi. Men unga bir xonadonni topib berdim. Ijara haqqini kelishib xotinini olib kelish uchun qishlog‘iga ketdiyu ammo yana o‘zi qaytib keldi. Sababini so‘raganimda otam ruxsat bermadi degancha chuqur xursinib qo‘ya qoldi.

Ushanda otasi nega Shunqorga ruxsat bermagan ekan?

Ko‘nglimga kelgan bu savol yana daftarni o‘qishga undadi.

«Mehr kuzda degan gap rost ekan. Asta-sekin xotinim ham, men ham bir-birimizni kam qo‘msaydigan, kam o‘ylaydigan bo‘lib qolayapmiz. Xotinimning bu jihati menga yaqqol seziladi. Shularni uylab birga yashasak bir-birimizga ko‘nikib ketarmikinmiz degan xayolga bordim. Ijaraga uy ham topib qishloqqa ravona bo‘ldim. Otamga niyatimni aytganimda, «O‘qishingdi tugataverchi olib ketish bir gap bo‘lar, sening xotiningdi biz yeb qo‘ymaymiz», deb jerkib berdi. Boshqa gapga hojat yo‘q edi. Indamay ortimga qaytdim.

Inson har narsaga ko‘nikib ketadi, aslida uning fojiasi ham shunda. Chunki, mana shu ko‘nikish tufayli u tubanlik botqog‘iga ham botib ketadi goho. Men o‘z juftimning hijroniga ko‘nikish bilan birga kursdoshim Sadoqatning o‘zim bilan toboro yaqinlashib borishiga ham ko‘nikmoqda edim. U mening uylanganimni bilardi. Shunga qaramay munosabatlarimiz kundan-kunga chuqur ildiz otdi. Endi men ota-onam, xotinim, qishlog‘im, xullas, hech narsani o‘ylamasdim, barchasini unutgan edim. Kunlarning birida biz Sadoqat bilan auditoriyada yolg‘iz qoldik…

— Axir sizning xotiningiz bor, — bu gap menga tok urgandek ta’sir qildi. Bag‘rimdagi olovni o‘zimdan nariga itarib yubordim. O‘zimdan ham undan ham nafratlanib ketdim. Qizning ko‘zlari esa hayratdan kattalashdi. U nima gapligini ilg‘ab yetguncha men auditoriya eshigini orqa tomonidan yopib ulgurgan edim…

Yotoqxonaga borib, o‘z xonamda shiftga termulgancha kechgacha yotdim. Qishlokda farishtaday xotinim men yaramasni kutib o‘tiribdiyu, men bo‘lsa… Tamom, ertagayoq qishloqqa junayman. Tupurdim hammasiga.

Qosh qoraya boshlaganda, xonaga kursdoshlarim kelib, «Osh qilgandik yuring hozir suzamiz», deb oshga taklif qilishdi.

Hamon avzoyim buzuqligi uchun rad etdim, baribir qo‘yarda qo‘ymay olib chiqishdi. Ammo oshni yeyish nasib qilmadi. Kimdir oshni qozoni bilan gumdon qilibdi. Odatiy hol, biroz o‘tib bo‘sh qozon oshxonadami, eshik tagidami paydo bo‘lsa ajabmas…»

Shundan keyin bo‘lib o‘tgan voqealar menga ma’lum edi. O‘shanda Shunqor bir hamqishlog‘idan qarz oldi. U uyiga shoshardi. Ehtimol, xiyonatkor erini kutib yo‘lga ko‘zlarini tikib o‘tirgan, ayoli oldida bosh egib, «Meni kechir, ko‘zimni g‘aflat bosibdi. Menga sendan boshqa hech kim kerakmas. Men endi hech qayerga ketmayman», demoqchi, bu gaplardan uning yuziga yugurgan baxtiyor tabassumni tomosha qilmoqchi bo‘lgandir…

U shuning uchun shoshilgan, shoshilib avtobusga emas, kirakash mashinaga o‘tirgan. Yo‘lda esa haydovchining ko‘zlarini uyqu eltgandi…

Falokatni eshitib uni ko‘rgani kasalxonaga bordim. U zo‘rg‘a gapirardi, ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilib ancha gaplashib o‘tirdim.

Suhbat davomida do‘stim vujudiga azob berayotgan og‘riqlarga bir amallab chap berib, menga shunday voqe’ani aytib berdi: «Bir kuni ovchi qo‘ygan qopqonga bo‘rining oldingi oyog‘i tushib qolibdi. Bo‘ri esa o‘zi u yoqdan bu yoqqa urib, g‘ingshish o‘rniga, jimgina oyog‘ini g‘ajib uzib tashlabdiyu uch oyoqlab qonli iz qoldirgancha yo‘lida davom etibdi. Ammo qismatiga o‘sha kuni o‘lish bitilgan ekan, unga ro‘baro‘ kelgan ikkinchi qopqon yagona old oyog‘ini ham qisib qolibdi. Jonivorning irodasini qarangki, takdirga tan berishni istamay bu oyog‘ini ham uzib tashlash uchun g‘ajiy boshlabdi. Bu vaqtda qopqondan xabar olish uchun chiqqan ovchi unga ro‘para kelib, yaqinlashgani qo‘rqib nariroqdan uni mo‘ljalga olib o‘q uzibdi. Yaratganning sinovini qarangki, bo‘rining yana omadi kelmabdi. Noshud ovchi otgan o‘q uning biqinini teshib o‘tgan bo‘lsada ajali yetmabdi. Bechora bo‘rining peshonasiga azob uqubat bilan ulish bitilgan ekanmi, uni ovchi uchta o‘q bilan ham tinchitolmabdi. Boshqa o‘qi qolmagan ovchi esa noiloj miltiq qo‘ndog‘i bilan bo‘rining boshini majaqlab o‘ldiribdi. Shuncha azoblanib loaqal bir marta g‘ingshimagani ovchini hayratga solgan ekan. Qishlog‘imizda shundan beri “bo‘ri g‘ingshimaydi”, degan gap yuradi».

So‘zi so‘ngida: — O‘sha ovchi mening otam bo‘lgan, menga doim «bo‘ri g‘ingshimaydi», bo‘ri bo‘l, — deb o‘rgatardi, — deb siniq jilmaydi Shunqor…

Oradan bir necha kun o‘tib, u kasalxonada uzildi. Uzilishidan oldin otasini so‘radi. So‘ng behol shivirlab boshqalarning chiqib ketishini iltimos qildi. Biz ularni tashqarida ancha kutdik. Shunqorning amakisi xavotirlanib bir xabar olay degancha palata eshigini ochdiyu behol eshikka suyangancha turib qoldi. Yuragim shuvillab ketdi. Ichkariga yugurdim. Karovotda yotgan Shunqorning ko‘zlari otasiga tikilgancha ochiq qolgan, uning ko‘zlariga tikilgan odam hattoki jonsiz ko‘zlar ham nimalarnidir ifodalashi mumkinliga amin bo‘lardi.

Do‘stimning jonsiz ko‘zlarida tubsiz alam va iztirob ko‘rdim.

Otasi cho‘k tushgancha uning yuzlarini silar, «Shunqorjon, aynalay, ko‘zingni och bolajonim. Hech bo‘lmasa aytolmagan gaplaringni ayt. Meni o‘z yog‘imga qovurib ketma, bolam», degancha Shunqorning qo‘llarini yuziga bosib faryod qilardi…

Palataga kirib kelgan vrach esa uning uzilganini aytib otani tinchlantirishga urindi.

Men o‘shanda otalarning farzandlarini xudbinlarcha sevishlariga guvoh bo‘lganman…

Ukasi olib kelgan mashinaga Shunqorning jasadini otasining o‘zi opichlagancha ko‘tarib chiqdi. Butun yo‘l davomida uni quchog‘idan bo‘shatmay jimgina ketdi. Faqat qishloqqa yaqinlashgandagina uyqudan uyg‘onganday allanechuk alpozda o‘g‘lining chehrasiga tikilib qoldi. Og‘ir bir xo‘rsinish olgan otaning lablaridan, alam va yana allaqanday mamnunlik aralash so‘zlar uchdi, «Xudoyga shukur, sharmisorlikni ko‘rmay ketding, Shunqorim…»

Uning nimaga bunday deganini tushunmadim. Ammo taziyada Shunqorning xotini ko‘rinmadi…

Janozaga kursdoshlarimizning barchasi borishdi…

Qaytganimizdan so‘ng Sadoqatning judayam cho‘kib qolganiga e’tibor qildim. U uzukun xayol surardi. Bir haftada butunlay ozib ketdi, darslarga ham kelmay qo‘ydi. Keyinroq surishtirib bilsak andijonga ketib qolibdi.

Shu-shu Sadoqat qaytib kelmadi…

Daftarni baribir to‘liq o‘qigim kelmadi. “O‘zganing asror daftari” haqidagi fikrlarim oxir-oqibat yana g‘olib kela boshladi. Eng so‘ngi varag‘ini ochdim xolos. Bu sahifada «Farzanding go‘daklik chog‘ida uni podshoh, o‘zingni qul o‘rnida, u o‘ng bilan chapni ajratgandan so‘ng uni qul, o‘zingni podshoh o‘rnida ko‘r. Arjumanding balog‘atga yetgandan so‘ng do‘sting qatori muomala qil», degan hadis yozilgan ekan.

Kupega qaytdim, kirganimda uning xotini hamon yig‘lab o‘tirardi. Daftarni unga berishga ahd qilib, oldiga qo‘ydim. Bir muddat sukunat cho‘kdi. So‘ngra yanganing ovozi osoyshtalikni buzdi.

— Bizni otalarimiz bebaxt qildi. Biz bir-birimizni yaxshi ko‘rmasdik. Otam noroziligimga ham qaramay meni u kishiga nikohlab berdi. Aslida bu nikohdan ikkimizning ham ko‘nglimiz to‘lmagan. Biz go‘yoki begonalardek yashadik. Yaxshi ko‘rgani borligini bilardim. Unga tegmasdan oldin men ham boshqa yigit bilan sevishardim. Hech bo‘lmasa doim birga bo‘lganimizda ham bir-birimizga ko‘nikib ketarmidik …

Biroq bunday bulmadi u oylab kelmasdi. Oxir-oqibat bu ayriliq meni xiyonatga boshladi. Men axmoq juftingga qilgan xiyonating tangriga qilgan xiyonat ekanligini boshim toshga tekkandan so‘ng bildim. Shunqor akaning o‘limidan ikki kun oldin meni xiyonat bilan ushlab olib haydab yuborishgan edi. Nima qilayki ko‘z ochib ko‘rganimni so‘nggi yo‘lga ham kuzatolmadim, — u hiqillab ortiq gapirolmay qoldi.

Bu gap mening barcha g‘ayratimni, kuch-quvvatimni parchalab tashladi. Xayolimda “Axmoq bo‘lib qayoqqa ketayapman o‘zi”, degan savol paydo bo‘ldi. Keyin esa, qarshimdagi ayoldan nafratlanib ketdim. Ortiq uning yuziga qaragim kelmay o‘rnimdan turib kupedan chiqdim. Ko‘zlarimga esa shashqator yosh quyilar, o‘zimga-o‘zim so‘zlanib yig‘lardim: “Shunqorni shular o‘ldirgan ekan. Anavu xudbin otasi, mana bu shahvatini tiya olmagan alvasti.

Shular…

Hammasi shular…

Ko‘ksi qoraygan otalar, farzandini molchalik ko‘rmaslar…

Hozir poyezd birinchi to‘xtagan stantsiyada tushamanda, orqamga qaytaman. Bulardan jirkanish kerak. Jirkanish”.

Ko‘p o‘tmay poyezd bir stantsiyada to‘xtadi. Anavu xotinni yana ko‘rgim kelmagani uchun kupeda qolgan narsalarimni ham olmasdan tushib qoldim. Poyezd jo‘nadi. Ufqda esa qon rangli quyosh botardi. Uning toboro zaiflashib borayotgan nurlari so‘nishni istamagandek daraxtlarning uchlariga, binolarning tomlariga chirmashib turardi…

______________

[1] Oyna — Shevada uka ma’nosida