Abduhamid Muxtorov. Bitta zobit, bir suvshunos, bir filolog va men (hikoya)

O‘tgan asrning ikkinchi yarmidan beriroqda tug‘ilgan, hamisha o‘zining “komsomol sekretari” bo‘lganini bot-bot takrorlovchi oqsoqol suhbat asnosida bir oz o‘ylanib olgach shunday derdi:

– Men selarga havas qilmayman! Shuyam hayot bo‘ldimi? “Oltin davr”mish. Xorlik davri, zorlik davri, yo‘qchilik davri degan ma’qul. Selarning ko‘rgan kunlaring qursin. Bu qanaqa gap? Talaba o‘qishi, chiroyli qizlar bilan (kursdoshimi, boshqa kursdanmi, balki umuman boshqa Vuz[1]dan bo‘lishi ham mumkin. Yoshi kattaroq bo‘lsa ham hech qisi yo‘q) kinoga kirishi, undan chiqib bittadan muzqaymoq yalab, yotoqxonaga ko‘zdan pana yo‘llar bilan peshkom qaytishi, qiz bilan xayrlashgandan keyin o‘tgan gaplarni eslab, potolokka tikilib shirin jilmaygancha uxlab qolishi lozim.

Selar nima qilaslar?!.

Eee, bechoralar. Ko‘rgan kunlaring qursin.

Qancha stipendiya olaslar?

Aytishgayam arzimaydi. Bir obed qilishga yetmasa kerak. Bu yoqda ijaraga pul to‘lashlaring kerak. Yotoqxonada joy yo‘q. Qotgan buxanka chaynab o‘qishga chopasizlar. Undan chiqib qayerga borasizlar xudo biladi. Menimcha mardikor bozoriga borsalaring kerak.

Bechoralar…

Kechgacha mardikor ishlab sariq chaqa to‘langan pulni kistaga tiqib, emaklaguday bo‘lib, yarim kechasi shaharning allaqayeridan peshkom qaytib, mana bu zaxlab yotgan kvartiralaringga kelasizlaru sasib ketgan paypoqlaringni yechishga ham ulgurmay o‘zlaringni polga tashlab uxlab qolasizlar. Balki hushlaringdan ham ketib qolishlaring mumkin.

Talaba qizlar selar bilan yurishga ham hazar qilsa kerak. Teri yuklagan odamdan shanel hidi anqimaydi, axir.

Bu yoqda o‘qiyman desalaring kitob yo‘q. Butunjahon proletar dohiysi Lenin bovoning kitoblariga qo‘shib hamma rus, o‘zbek tilidagi kitoblarni maklaturaga topshirdik. Ular tuvalet qog‘ozi qilib qayta ishlandi. Selar shunga ketlaringni artib o‘tirasilaru ammo nima o‘qishni bilmaysilar.

Tuvba, shunaqayam bo‘larkanmi?

Masalan sen suvshunos o‘sha sovet paytidan qolgan gidrologiyaga oid kitoblarni o‘qisang nima bo‘ladi? G‘oyaviy jihatdan buzilib ketasanmi? Nima sovetlar suvni boshqacha, mustaqillik mafkurasiga teskari qilib oqizishgan ekanmi? Enasini emsin, umuman bu mafkurasining gidrologiyaga nima aloqasi bor o‘zi?

Matematikagachi? Fizikagachi? Ximiyagachi? Metrologiyagachi?

Ay, juragim kuyib ketadiyay, mehnat darsiga nima aloqasi bor mafkurasining. Fizkulturagachi?

Uff, bugun RAYONOga tekshirishga bordim. Olti kamazda kitob chiqarib ketishga shay bo‘lib turgan ekan hovlida. Osilib ustiga chiqib qaradim. Entsiklopediyalar, matematikalar, astronomiyaga oid qancha kitoblar. “Martin Iden”, “Qizil va qora”, “Parma ibodatxonasi” ko‘zimga tushdi. Olib pastga tushib zav.rayonodan so‘radim. “Bu kitoblarni nega maklaturaga topshirayapsizlar”, deb. “O‘zbekiston SSR” degan yozuvi bor ekan…

Kutubxonalar bo‘m-bo‘sh. So‘rrayib kitob javonlarining o‘zi qoldi hamma joyda. Hatto selarning TashGUlaringda ham.

Enangni emgur avval shu kitoblarni o‘sha “O‘zbekiston SSR” degan yozuvisiz pechatlab ol. Kutubxonaga tarqat, keyin buyog‘ini chiqarib maklaturaga sotib yubor. Hamma tomonni bo‘shatib tashlab keyin nima qilasan? O‘rtadagi bir avlod tupoy bo‘lib o‘tib ketadiku.

Sovetning ideologiyasini unutaman deb, bor narsani yo‘q qilib umuman ideologiya nimaligini bilmaydigan avlod bilan qayerga borish mumkin?

Hammangga domlalaring gazetadan nimalardir o‘qib berib vaqtni o‘tkazib yuribdi. O‘quvchilar bilan gaplashsam yig‘lagim keladi. Hammasi “Alisher G‘iyosovich buyuk bobomiz, so‘z mulkining sultoni, o‘zbek tilining asoschisi” degan gapni to‘tiqushday takrorlashdan boshqa narsani bilmaydi.

Hoy bolam, rahmat senga. Bu gapni hamma aytdi. Sen Alisher Navoiyning bitta g‘azalini o‘qichi, desang yerga qaraydi. Mayli g‘azal katta ruboyisidan o‘qiy qol desang, kinoda aytilgan ruboyidan o‘qiydi. Boshqasini bilmaysanmi desang yana yerga qaraydi.

Nyutonning birinchi qonunini bilmaydi. Quyosh tizimida qancha sayyora borligini bilmaydi. SSSR tarkibidagi mamlakatlar parchalanib nechta yangi davlat paydo bo‘lganini bilmaydi.

Nega?

“O‘zbekiston SSR” degan yozuv borligi uchun kitoblarni maklaturaga topshirganmiz.

Bu bo‘shliq qachon to‘ladi?

Kamida o‘ttiz yil kerak, yana bilmadim.

Bu vaqt o‘tguncha selar chalasovod kadr bo‘lib vuzni bitirasizlar.

Selarning bollaring chalasavod bo‘lib maktabni bitiradi. Ularning bollari haminqadar, chevaralaring zo‘r bo‘lishi mumkin. Ko‘rayapsizlarmi o‘rtada qancha vaqt o‘tib ketayapti…

Xullas.

Mustaqillik uchun. Ota-bobolarimiz orzu qilgan, mustaqillik uchun.

Ukalar selarning har bir kunlaring jasorat. Men shunday deb hisoblayman. Shu zamonda o‘qish, har qanday qiyinchiliklarga qaramay olg‘a borish jasorat.

Meni otam ferma mudiri edi. Sovxozning fermasida minglab sigir, o‘nminglab qo‘y bo‘lardi o‘shanda. Men selarday qiynalmasdim. Otam har oy o‘ttiz so‘m berardi. Ehhe, bu pulga Moskvaga uch marta borib tomosha qilib kelsa bo‘lardi.

Ayniqsa moskvichkalar zo‘r bo‘lardi o‘ziyam. Aziyat deb bizlarga qiziqardi. Yana kavkazliklarni yaxshi ko‘rishardi. Bechara rus bollarning ichi kuyib, bizga mushtini ko‘rsatib qolaverardi. MGUdagi lyuboyini shartta belidan quchib “Privet devochka. Ya Ilya balgaloyid. Ya pribl syuda s komsomolskoy porucheniy. Vы komsomolka? Mojete mne pomoch”, degancha ilintirib ketaverar edik…

Mayli gapni cho‘zib yubordim. Xullas selar uchun. Elshod senga ingliz tilini o‘rganishingda omad, sen yaxshi suvshunos bo‘l, Sizga ham omad o‘rtoq zobit, jurnalistimiz hamisha peshqadam bo‘lsin.

Qani oldik…

Bu komsomol sekretari bo‘lgan oqsoqol akamiz aksariyat hamqishloqlardan farqli o‘laroq oqibatli, talaba hamqishloqlarini tez-tez yo‘qlab turuvchi mehmonlardan biri edi. Biz bu kishimning ertaknamo hikoyalarini og‘zimizni ochib tinglardik.

Mana hozir ham shunday bo‘layotgan edi. Faqat gap orasida Elshod davradan sitilib chiqib, sasib ketgan paypog‘ini almashtirib oyog‘ini yuvib keldi. Qolganlar deyarli qo‘zg‘alishmadi hisob. To‘g‘ri, men ham qo‘shni xonaga o‘tib Navoiy g‘azallarini bir varaqlab oldim…

Ammo qolganlar qo‘zg‘alishmadi.

Zobit uni goh kulib, gohida gapirib so‘zlashga ilhomlantirib turdi. TashGUning Geografiya fakulteti Gidrologiya bo‘limida o‘quvchi hamxonamiz oshpaz bo‘lgani uchun kirib-chiqib turdi.

Qolganlar qo‘zg‘almadi. Negaki, zobit uni jon qulog‘i bilan tinglayotgan, komsomol sekretari esa zavq bilan gapirayotgan edi. Ularning qaysi biri bo‘lishidan qat’iy nazar qo‘zg‘alsa bu suhbat to‘xtab qolardi.

Shuning uchun qo‘zg‘alishmadi…

So‘zni zobit oldi.

– Bilasiz aka men TVVTU[2]ni tugallaganman. Siz aytganday mana bu sho‘rlilarga qarasam rahmim keladi. E bitta bularmas mana hozir o‘zim o‘qitayotgan kursantlar ham obodmas. Formani o‘zi tiktiradi. Ko‘p narsalarga o‘zlari o‘rtaga pul tashlab olib kelishadi. Faqat nazariyani o‘qiydi. Oddiy strelba[3]ga olti oyda bir chiqadi, undayam uchta, oxiriga kelib bitta o‘q otib qaytib kelishadi. Kazarmaning ahvolini ko‘rsangiz yig‘lagingiz keladi. Hammasini tashib ketishgan, sotib yuborishgan. Zampolit debil. Kursantlarga nima deyishni o‘zi bilmaydi. Boya siz aytmoqchiday ideologiya vapshe rasvo. Bitta kombatimiz bor. G‘irt xotinboz. Uchinchi qavatda o‘tiradi. Derazasi ochiq turadi. Oldiga kirgan xotinlarning hammasi negadir shu ochiq derazadan osilib pastni tomosha qiladi. Ey, birovlari katta xotin bo‘lsayam pastga qarab irg‘ishlaydimiyey, tushunmaymanda shularga…

Anavu kuni komandir rotalardan biri kelib “ketdik” deydi. Qayerga desam “Mahalladagi G‘iyos aka obedda kelin tushirib bazm berayotgan ekan. Kursantlarni olib o‘tib kelamiz”, deydi. Kak raz produkta pitaniya uzilib qolgan. Ketdik dedim. Ishonasizmi ikki rota bo‘lib bordik o‘ziyam. To‘yana qilishga pul yo‘q. Baribir ham noqulay bo‘lmasin deb kursantlarga teritoryada o‘sib yotgan atirgullardan har biring bir dasta olib ol. Kelin kuyovning oldiga qo‘yasan dedim. Aka vapshe komediya bo‘ldiku. Kursantga sallani ol desang kallani omaydimi, har biri bir quchoqdan kesibdi atirgulni. Ikkitasi ko‘tarib olgan gulni bog‘lab ortsangiz bitta eshak inqillab qoladi. Vey uchilishi teritoryasida gul qolmagan ishonasizmi. To‘yxonada vapshe komediya bo‘ldiku. Hamma kursantlar bir ovozdan kelinga tabriklaymiz, deb hayqirganda stolda o‘tirgan kaypalanglarning kaypi tarqab ketdi, o‘ziyam. Hovlining eng chetida bir ikkita itlar yurgandi vangillab qochib ketdi, ularga qo‘shilib mehmonlarning kamida elliktasi sekiin surivordi. Rota kelin-kuyovga gullar topshirilsin, deganimdan keyin kelinning oldida bir g‘arm gul uyulib ikki yosh g‘aram orqasida qolib ketsa deng. Eee, bunaqa to‘y, bunaqa uylanish lyuboy kursantning orzusiku. Qani mening to‘yim shunaqa o‘tsa. Buni bilgan biladi.

Ey to‘yxonadagi hamma hushtak chalib yubordi o‘ziyam. Bir qator stolga mahaladagilarni turg‘azib kursantlarni o‘tqazdik. O‘zimiz joy yo‘qligidan ichkariga kirdik. Rosa torta-tort bo‘lib bir chiqib qarasak to‘yxonada hech kim qolmagan. Bizning kursantlar “tortib olib” o‘rtada diskoteka qilib yotibdi. Eng qizig‘i artisga qilingan so‘rining ustida artis yo‘q. Qo‘shiq aytadigan kursantlar ketiga ikki tepib, so‘ridan uloqtirib yuboribdi.

Bittasi gitarada “Afganistan”ni aytib turgan ekan.

Kaypim tarqab ketdiku.

Bechara kelin-kuyov sho‘mpayib o‘zlari o‘tiribdi. Kuyovning jo‘ralari ham qochib ketibdi. G‘iyos akaga tinchlikmi desam, “uka hamma qo‘rqayapti, kursantlaringizni olib ketaqoling endi, iltimos” deydi. Eee, aka, maylii mehmon kutishniyam ketingizga urdingiz, rota qaytamiz, dedimda chiqib kelaverdik.

Ertalab nachalnik uchilishi rosa so‘kdi o‘ziyam. Bitta vigovor oldik.

Nima qilish kerak edi? Men kursantlarimni o‘yladim. Och o‘tirishi kerakmi ular. To‘g‘ri ichib olganlarini, anavu Hidoyatxon[4]ga o‘xshagan artistni otib yuborganlarini jazoladik. Lekin qolganlarning qorni to‘yib bir yayrab keldi.

Siz to‘g‘ri aytdingiz. Bularga havas qilib bo‘lmaydi.

Masalan men Leningradda Svorovskiy voyenniy uchilishida o‘qiganman. Raspad bo‘lgandan keyin qolgan bir kursni TVVTUda o‘qib tugallab shu yerda ishda qoldim. Siz moskvichkalar zo‘r deysiz. Aka leningradlik qizlarning oldiga tushadigani yo‘q. Bilasizmi ular rusning haqiqiy intellegentsiyasi, elitasi, chinovniklari. Sobchak[5] ham o‘sha yerlik Mixalkov ham o‘sha yerlik. Lengradning go‘zalligini aytmaysizmi. Neva bo‘ylaridagi yo‘laklar, ko‘tarilib-tushadigan ko‘priklar, ko‘zlari osmonday ko‘m-kuk, badanlari qog‘ozday oppoq Leningrad qizlari, ayniqsa Ermitajni aytmaysizmi? Eee, rus shoxlaridan qolgan saroylarchi? Bir tomosha qilgan, u yerda ozgina yashagan odam yana Leningradni qo‘msayveradi. Paromda imi-jimida finlandiyaga g‘iz etib o‘tib kelish, SSSRda topilmaydigan qancha narsalarni olib kelish mumkin edi u yerda. Eslasam yig‘lagim keladi.

Yana kursantlarimga qarab yig‘lagim keladi. Shuyam hayotmi? Kazarmadagi karavatning dushka[6]lari yo‘q, sim to‘rlari yirtilib ketgan, bechara kursant bir yilda bir marta forma oladi. Amaliyot yo‘q. Nazariyani o‘qib miq etmay yuribdi. Yaxshiyam sport zal bor. Shunga kirib mashq qilib alamidan chiqadi. Shaharga chiqish yo‘q. Kombat ruxsat bermaydi. Berishi uchun qistirish kerak. Qayerdan qistirsin?

Mana bularga o‘xshab mardikor ishlab pul topolmasa. Otasi pul berolmasa. Shundog‘am ko‘pchiligi yeb-ichishi, kiyim-kechagi davlat hisobidan ekan, deb uchilishiga kiritib qo‘ygan. Pul berolmaydi. Kombat bo‘lsa olmasdan uvalneniyaga qo‘l qo‘ymaydi.

Leningradda boshqacha edi.

O‘zimizni bir ko‘rsatib qo‘ysak bas. Strelbadami, rukopashniboydami, marshbrosokdami, bo‘ldi. “Kursant falonchiyev senga ikki yoki uch sutka uvolneniya, muvofaqqiyating uchun”, deyishardi. Tamom dumni xoda qilib shaharga surardik-ku. Bitta o‘zimiz bo‘lsak ham cho‘chib o‘tirmasdik. Boshqa uchilishidan uvolneniyaga chiqqan o‘zimizga o‘xshagan kursantlar bilan darrov birikib olardik. Eee, u yerda uchilishilar ko‘p. Morskoydan motroslar chiqardi. Kvartirayam kerak bo‘lmasdi. Diskotekaga borardik, qizlar bilan tanishib o‘shalarning uyiga surib yuboraverardik. Ota-onasiyam ming‘ir-sing‘ir qilib o‘tirmasdi. Tinchgina kirib ular bilan salomlashib qizning xonasiga o‘tib ketaverar edik. Daa, Leningrad, Leningrad.

Aaa, bu hozirgi kursantlar nima qiladi?

Bor uvolneniyaga chiqib kel desangiz. Birorta ot haykalining tagiga borib bitta rasmga tushib qaytib kelaveradi. Na yeb-ichadi, na o‘ynab kuladi. To‘g‘ri aytasiz bu becharalarga havas qilib bo‘lmaydi.

Xullas, yana to‘g‘ri aytganingizdek lekin bularga qoyil qolish kerak. Shuncha qiyinchiliklarga qaramay miq etmay harakat qilishayapti. Keling aka, shu yigitlar uchun…

Zobitga biz dumaloq, deb laqab qo‘yib olgan edik.

Aniqrog‘i bu laqabning mualliflik huquqi menga tegishli edi. Qolganlar – suvshunos bilan filolog nega aynan dumaloq, deb laqab qo‘yganimni so‘rab ham ko‘rishmagan. Shunchaki o‘zlariga ham bu so‘z yoqib qolgani, qolaversa zobitning uzundan uzun ismini aytishga eringani uchun ham jon-jon deb dumaloq deb qo‘yishardi.

Holbuki bu so‘z o‘z zamirida bir olam ma’noni yashirib turar, agar uning tag mazmunidan zobitimiz xabar topsa mening holimga maymun yig‘lab, surobim to‘g‘ri bo‘lishi aniq edi.

Zobitning o‘z fikri bo‘lmasdi. U suhbatdosh nimani jo‘yaliroq gapirsa o‘shanga ishonib, o‘shanga haybarakalla qilib, yon bosib ketaverar edi. Men esa uni kuzata turib odamga burchak qanchalik zarur ekanini o‘ylardim. Axir burchagi bor jism dumalab ketmaydi. Lekin dumaloq jismga qiyin. U qay tomon qiya bo‘lsa dumalab tushishga mahkum…

So‘z suvshunosga, kasb tilida gidrolog deb ataluvchi TashGUning Geografiya fakulteti, Gidrologiya bo‘limi talabasiga berildi. Lekin u ichmasligini aytib, so‘zlashdan bosh tortdi. Biroq oqsoqol bunga unamadi. Uni qo‘yarda-qo‘ymay qo‘liga piyola tutqazib biz hazil tariqasida soka-sola deb atovchi ichimlikdan quyib, so‘z aytishini so‘radi.

– Endi akalar, bizlar juda sizlar aytganchalik xarobmasmiz-ey, – deb gap boshladi suvshunosimiz. – Ikkovingizni eshitib tursam judayam bizni yerga urib yubordinglar. To‘g‘ri biz mardikor ishlaymiz. Masalan men, maslan filogog. To‘g‘ri u kam chiqadi. Negaki, uning otasi AVIRda ishlaydi. Soqqani ko‘p topadi. Masalan mana bu jurnalist tungi smenada buxanka yopadi. Qiynalishimiz mumkin. Lekin bu degani vopshim o‘lib ketayapmiz degani emas-ey. Bizlaram o‘ynab-kulamiz. Diskotekaga boramiz. Moskvichkalar bilan leningradlik qizlarday bo‘masa, boshqacharoq, solishtirsa ulardan peshroq qizlar ham bordir toshkentda. Xafa bo‘lmangizlarku, ikkovlaringizning gaplaringizni eshitib o‘tirib men ozroq qo‘rqib ketdim-ey. Tuvba.

Ikkovlaringiz ham xuddi qo‘ldi yuvib qo‘ltiqqa urib, dor tagiga ketayotgan odamday vidolashib yubordingizlarmi o‘ziyam.

Bunchalikmas-ey. Bo‘ldida endi.

Siz oqsoqol aka har safar shu gapni gapiras-ey, muna zobit akamiz har safar maqullaydi-ey. Gaplaringiz ham yod bo‘lib ketdiyov. “Chiroq faqat toshkentda bor. Viloyatlar zimiston. Endi ahvol o‘nglanmaydi. Yo‘llardan faqat asfalt qoldiqlari qolgan. Gaz trubalarini yaqinda muzeyga topshiramiz. Ichimlik suvi tizimi yo‘q bo‘lib ketayapti. Butun respublikadagi “dom”larning 90 foyizida kanalitsaya yo‘q bo‘lib bo‘ldi. “Dom”larda otopleniya ishlamaydi. Qishloqlarda ish bilan ta’minlangan faqat mallimlar qoldi. Ular ham yillab oylik olmaydi. Medpunktlar to‘liq yo‘q bo‘ldi. Katta-katta fermalar tugab ketdi. Qishloqlarga tortilgan telefon simlarini odamlar rangli metal oluvchilarga sotib yubordi. Stolbalarni kovlab ketishdi. Mamlakatning butun boshli infratuzilmasi rasvo bo‘ldi. Cho‘l zonalarda drenajlar qarovsiz qoldi. Kinoteatrlar omborxona bo‘p qoldi. Pensiyaning berilishi yillab kechikayapti. Mamlakat bo‘ylab yerlarning melorativ holati yaroqsiz bo‘lib qolgan. Katta-katta zavod-fabrikalar talon-taroj bo‘lib yo‘q bo‘ldi”.

Eee, xudoyjon-ey gaplaringizni eshitib turib yurak muzlab ketadiya. Kamiga bizlarni kamsitishlaringiz nimasi?

Sovet odamiman, komunistman, komsomolman.

Eee, evi bilanda surish ham.

Nima biz bola bog‘chamizmi?

Biz ham oktyabryat bo‘lganmiz, pioner bo‘ldik, komsomol bo‘lishgayam ulgurdik. Lekin sizlar aytgan jannatni ko‘rmaganmiz-ey. Indamay tursa, moskvichka zo‘r, leningradka zo‘r, tarqab ketgan SSSR zo‘r. Qolgani bir pul.

Birinchidan sizlar tekinxo‘r bo‘lgansizlar. Mana masalan, oqsoqol aka o‘zingiz peshana teri bilan ishlab yolchitib pul topgan yeringiz bormi?

Otangiz ferma mudiri bo‘lgan SSSR payti, to‘g‘rimi?

Demak o‘margan. Davlatdan umargan. Shulxani sotgan, kombikormni sotgan, dag‘al xashakni sotgan, selosni sotgan yoki o‘zining sigirlariga yedirgan. Bu yoqda sovxozning moli bir kilo kombikorm o‘rniga ikki yuz gramm yegan. Balki yemagan ham. Nega otangiz sizga o‘ttiz so‘m jo‘natgan?

Qayerdan olgan bu pulni?

Sovxo‘z shuncha oylik berganmi?

Qayerdan bergan?

Berib bo‘pti.

Har oy kamida o‘nta qo‘yni bo‘ri yedi, it tortdi, selda oqdi, sovuqda muzlab o‘ldi, deb cho‘ntakka urgan. O‘sha pul sizga kelgan, ozrog‘ini o‘zyam olib qolgan bo‘lishi mumkin, kim bilsin yana.

Akalar bizga rahmlaring kelmasin.

Biz sizlar aytganday emaklab yashayotganimiz yo‘q. Kerak bo‘lsa sizlarni tuppa-tuzuk dasturxon tuzab mehmon ham qilib o‘tiribmiz. Mana bu olayotganlaring ham tashkent emas rossiyaniki. Biz zo‘r yashayapmiz. Achinish kerak bo‘lsa sizlarga achinish kerak. O‘risga qulliq qilib yashagansizlar. Men hozir birorta o‘ris qiz bilan tanishaman desam, “Shunqor, Malikov Shunqor. O‘zbekistondan. O‘zbekman”, deb tanishaman. Sizlar bo‘lsa o‘zbekman deyishga uyalib “Endi yaxshi qiz qo‘yabering buyog‘ini bizlaram SSSRdan-da”, deb yurgansizlar. Tak chto bunaqa gap kerakmas.

Vatan uchun, mustaqillik uchun, ketimizni artib bo‘shatib tashlagan kutubxonalarning o‘z mafkuramiz bilan sug‘orilgan adabiyotlarga to‘lishi uchun. Ortiga qaragan albatta qoqiladi, faqat olg‘a. Shuning uchun…

Haa, bu suvshunos shunaqa edi.

Bahsni yaxshi ko‘rar, o‘zi ishongan fikrni himoya qilar, ozgina millatchi, ozgina vatanparvar, ozgina “qizboz” edi.

To‘g‘ri unga o‘ris qizlari ham juda yoqardi. Biroq o‘rischani bilmasdi. O‘rischani bilmagandan keyin ular bilan gaplashib bo‘lmaydi. Bu orsizlar esa jilla qursa yashayotgan yurtlari haqi-hurmati o‘zbek tilini o‘rganay demasa. Qolaversa o‘zbek rusning o‘ziga o‘xshagan o‘taketgan millatchi bo‘lsaki, ularni o‘zbekcha gapirishga majbur qilsa.

O‘zbek unaqamas…

Suvshunosning yana bir yutug‘i bor edi. U juda baquvvat. Kurash, boks va yana allanimalar bilan shug‘ullanardi. Shu bois zobit ham unga botinib gapirishga haddi sig‘masdi. Hokimlarning so‘kishidan zada bo‘lib ketgan oqsoqol bo‘lsa baland ovozda gapiradigan odamdan hayiqardi. Suvshunosimizning ovozi ham baland edi-da. Baland bo‘lganda ham nihoyatda baland.

E’tiroz bildiruvchilar topilmadi…

Navbat filologa keldi.

U xorijiy filologiya talabasi bo‘lib, ingliz tilida gapirar, yozar, so‘zlarni tarjima qilardiyu ammo kitob o‘qimasdi.

Ha-ha, mutlaqo o‘qimasdi.

Buning ustiga hamisha to‘qib-bichishga ustaligi va maqtanchoqlikka bo‘lgan moyilligi unga pand bergani-bergan edi. Hozir ham shunday bo‘ldi.

– Akalar – dedi u hammaga bir-bir qarab chiqarkan. – Dadam mengayam oyiga qirq ming so‘m pul jo‘natadi. Bu hamma narsaga yetadi. Noshukur bo‘lish kerakmas. Men shunday deb o‘ylayman. Sizlarning ko‘pchiliklaringiz eshitgansizlar. Bitta zobit akamiz bilmasligi mumkin. Negaki harbiylar kitob nimaligini bilmaydigan xalq. Bularga faqat bosh yorish, ko‘z chiqarish bo‘lsa bo‘ldi. Inglizlarning Bayron degan yozuvchisi bo‘lgan. Uning romanlarida bir gap bor. U “Evgeniy Onegin” romanida “Hech qachon yigitning omadi bilan hazillashmang”, deb yozgan.

Menimcha bizlar ham loqayd bo‘lmasligimiz kerak. Ana ko‘rdingizmi Lermontov nima deyapti. Pushkinni o‘qib ko‘ring nima deydi.

Xullas yetkazganiga shukur.

Shukrli bo‘lishimiz uchun…

Bu yerda aytilgan gapning aytuvchisining chin so‘zlaganiga iymon keltiruvchi zot bo‘lganda va aytilgan so‘zdagi ijod darg‘alari shu yerda jam bo‘lganlarida bir-birlarini plagiatorlikda ayblab urishib ketishi aniq edi. Filologga sinchkov qarab turganimni o‘zi ham payqab menga a qilib qo‘ygan boladay tirjayib qo‘ydi.

Biladi. Hamma ketgandan keyin uni xumkalla filologga chiqarishimni, suvshunos bilan qo‘shilib ustidan kulishimni, e’tiroz bildiradigan bo‘lsa ingliz adabiyotidan savollarni qalashtirib ko‘zini ochirmay qo‘yishimni. Va boshqalarga aytmaslik sharti bilan bo‘yniga sosa-sola ilishimni. Shuning uchun tirjayib turibdi.

Navbat menga keldi.

Men so‘z aytishdan voz kechdim. Negaki, aytgan ichishi kerak. Ichsam hamisha gapining beliga tepganim uchun filolog o‘ch olish maqsadida otamga chaqib beradi. Buning ustiga ichgim ham kelayotgani yo‘q.

Negaki, boya bular aljirab turganda kitob titkilash bahonasida nargi xonada ichib olganman. Shunday qilib 1996 yilning ayni yoz chillasida men gapirmaslikka qaror qildim.

Axir otam ichishimni bilmaydi…

________________
[1] Vuz – Vыsshiy uchebnыy zavedeniye. Rus tilida. Oliy o‘quv yurti ya’ni universitetit demoqchi
[2] TVVTU – Tashkentskiy vishshiy voyennыy uchilishi
[3] Strelba – otish mashqi demoqchi
[4] “Maysaring ishi” filmidagi Hidoyatxon obrazi nazarda tutilmoqda
[5] Siyosatchi Anatoliy Sobchak nazarda tutilyapti
[6] Dushka – sim karovat tutqichi