Mana, maktabni ham bitirdik. So‘ngi qo‘ng‘iroq chalib, u bilan xayrlashdik. Bitirish imtihonlaridan qoqinib-surinib “yigit bahosi” bilan o‘tdik. Xo‘sh, endi nima qilamiz? Yashang, juda to‘g‘ri topdingiz. O‘ta olasizmi, deysizmi? Shu ham gap bo‘ldiyu! E’tiboringiz uchun mening bilimim “g‘ovlab” ketgan, adabiyotni qalpoq qilib yuboraman. Bu menga dadamdan yuqqan va o‘zgarishsiz qolgan. Dadam adabiyotga juda o‘ch, hech uyqusi kelmasa kitob o‘qiydi. Qarabsizki, oradan besh minut o‘tar-o‘tmas… Tugatib qo‘yadimi, deysizmi? Yo‘g‘-e, xudo saqlasin, uxlab qoladi. Ajoyib-a? Shuning uchun dadamning adabiyotga ixlosi juda baland. “O‘g‘lim, kitob bor joyda uyqu doriga hojat yo‘q, uni qadrla”, deydi dadam. Dadam juda ko‘p she’rlar o‘qigan, hatto bittasini yod ham olgan. Mana o‘sha she’r:
Bo‘talog‘im yayraydi,
Yantoq bersam chaynaydi.
Yam-yashil o‘tloqlarda,
Shataloq otib o‘ynaydi.
Roman ham o‘qiganmi deyapsizmi? Eh-he, bir yo‘la ikkita roman o‘qigan! Birinchi romanni 4 yilda o‘qigan, ikkinchi romanni esa, to‘rt yil o‘qib tajribasi oshib qolgani uchun bor-yo‘g‘i ikki yilda o‘qib chiqqan. Qoyilman deysizmi? Ha, albatta, bu hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi! Keyingi vaqtda o‘qigan she’rlari va romanlari ta’sirida dadamning o‘zi ham she’r yozib qo‘yayapti. She’rlarida g‘ij–g‘ij ma’no yotadi. Keling, o‘zingiz bir o‘qing.
Ho‘kiz bilan odam suzishsa,
Kuchuklar ham davlat tuzishsa,
Tovuqlar ham bizdek kulishsa,
Yurak yorilib o‘lishing aniq.
Hayvonlar ham bizga gapirsa,
Tuya emas, tovuq tupursa,
Toshbaqalar chopib yugursa,
Yurak yorilib o‘lishing aniq.
Men bashorat qilaman xalqim,
Hech bundayin bo‘lmaydi zamon,
Shunday bo‘lsa qachonki hamon,
Infarkt bo‘lasan, qolmaysan omon.
Bizning tuyamiz ham bor. Dadam bu she’rni menga tuyaning oldida o‘qib bergandi. She’rning ta’siridanmi yo undagi ma’nodanmi, tuyamiz dadamga rahmat aytaman deb tupurib yuborsa bo‘ladimi. Qarang, hatto bu she’r tuyaga ham hayajon bera oldiya.
She’ri gazetada chiqqanmi deysizmi? Yo‘q, she’riyatdan bexabar nodonlar buni she’r emas, ahmoqona gaplar deydi. Lekin biz unga parvo qilmaymiz, barcha buyuk odamlarni o‘z zamonasida qadriga yetmaydi. To‘g‘rimi? Yashang! Xullas, adabiyot jihatidan ota tomonidan yetishgan odammiz. Sezdim, deysizmi? Yashang! Tarixdan qalaysiz deysizmi! Tarix men uchun “kapeyka”. Tarix bo‘yicha katta enamdan o‘rnak olsangiz arziydi. Masalan, Eshmat necha yil burun o‘ldi, Toshmat qachon uylandi, Halimani kimning iti tishlab oldi. Xullas, qishlog‘imiz g‘iybatini, yo‘g‘-e, tarixini suv qilib yuborgan! Lekin ba’zi hasadchilar katta enamni ko‘risha olmaydi, g‘iybatchi deyishadi. Enamning tarixchi ekanligidan bexabar-da. Mana qarang, urug‘imizda tarixchi ham bor ekan. Bundan o‘ylanmasak ham bo‘ladi. Temur kim deysizmi? U mashhur vazir bo‘lgan. “Kuch vazirlikda” degan shiori ham bor. Tarixdan “juda kuchli” ekansiz, deysizmi? Ha, endi baholi qudrat bilamiz. Men juda ziyrak bolaman-da. Hozir chet tilidan qalaysiz, demoqchisiz?! Lag‘mon qilib yuboraman. Mana, masalan, siz bilan Yevropa tilidan biri bilan salomlashaman. “Bunju”, topingchi, bu qaysi til salomi? Frantsuz deysizmi, qoyil! Demak, frantsuz tilini ham bilar ekanman! Omad tilayman, deysizmi? Rahmat-rahmat, o‘qishga o‘tib ketsam, bitta “oq shayton” mendan. Boshni-boshga qo‘yib bir o‘tirishamiz. Xayr…
Ie, assalomu alaykum, eson-omon yuribsizmi? Bola-chaqa chopib yuribdimi? Rahmat, rahmat, yaxshi-yaxshi. O‘tdingizmi deysizmi? Yo‘q, ular meni ko‘rolmadi, ataylab yiqitishdi. Falokat bosib o‘tib ketsam, ko‘p domlalar “infark” bo‘lishini bildi. Test degan narsani o‘ylab topishibdi. Qiyin ekan, tish o‘tmadi. Bilgandim, deysizmi? Avliyo ekansiz. Endi nima bo‘ladi? Qolganiga xudo poshsho endi, uylanaman. Bosh omon bo‘lsa, kelasi yil…