Sog‘lomlik katta baxt ekanligini bemor bo‘lganlar yaxshi his qiladilar. Kasallikni keltirib chiqaruvchi omillar va sabablar esa bisyor. Ana o‘sha sabablardan biri — chekishdir. Biz tamakining tarkibi va nikotin miqdori haqida gaplashmaymiz. Bunday yomon illatga bog‘lanib qolayotganlar orasida bugungi kunda ayollarning ham ko‘payayotgani tashvishlanishimizga asos bo‘lmoqda.
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, chekayotgan ayollar chekmaydigan ayollarga nisbatan stenokardiya bilan 13 marta, miokard infarkti bilan bir marta va oshqozon yarasi bilan 10 marta ko‘proq zararlanadilar. 96-100 foiz kashanda ayollar o‘pka raki bilan kasallanadilar.
Qiziqarlisi shundaki, tamaki tarkibidagi nikotin asabni zararlovchi moddalar tarkibiga kiradi. Hayvonlar ustida tajriba o‘tkazilganda shu narsa aniq bo‘ldiki, nikotin oz miqdorda yuborilsa, asab hujayralarini qo‘zg‘atuvchi ta’siri ko‘riladi, ya’ni nafas olish va yurak urishi tezlashadi, yurak qisqarish ritmi izdan chiqib, ko‘ngil aynishi va qusishga sabab bo‘ladi. Ko‘p miqdorda yuborilganda esa, markaziy asab tizimi, ayniqsa vegetativ asab tizimi tormozlanadi, undan so‘ng asab hujayralari faoliyati falajlanadi. Asab tizimini izdan chiqishi, mehnat qobiliyatining pasayishiga, qo‘llar titrashi va xotiraning susayishiga sabab bo‘ladi. Nikotin ichki sekretsiya bezlari faoliyatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatib, ayniqsa buyrak usti bezidan ishlab chiqarilayotgan gormon-adrenalinni qonga quyilishi va qon-tomirlarni qisqarishi natijasida qon-bosimining ko‘tarilishiga va yurak urishining tezlashishiga sabab bo‘ladi.
Ayollarda esa tuxumdonlardagi gormonlar disbalansiga olib keladi. Natijada hayz funktsiyasining izdan chiqishi va hayzni vaqtida kelmaslik hollari paydo bo‘ladi. Homilador ayollarda homila gipotrifiyasi, homiladorlik gipertenziyasi kuzatiladi.
Qizlarimizning har tomonlama sog‘lom va turli zararli odatlardan holi bo‘lishi bu kelajagimiz uchun sog‘lom farzandlar tug‘ilishining asosiy negizidir.
O‘z go‘zalligi, sog‘ligi va kelajagini o‘ylagan har bir inson bu yomon odatdan voz kechgani ma’qul.
M.Kattaxo‘jayeva,
ToshMI akusherlik va ginekologiya kafedrasi professori