Eng yaxshi tarbiya, ammo…
Germaniyalik mutaxassislarning ta’kidlashicha, eng yaxshi tarbiya bu zukko va komil ota-ona tomonidan o‘z farzandiga berilgan tarbiyadir. Chunki ota-ona oldida farzandiga ta’sir etish imkoniyatlari boshqalardan ko‘ra eng ko‘p hisoblanib, bu vazifani ado etishda ham ular o‘zlaridagi bor mehrni ishga soladi.
Qolaversa, barkamol ota-onaning bosh maqsadi farzandlarining ilmli bo‘lishlari uchun muhit hamda sharoit yaratib berishga qaratiladi va ular har qanday sharoitda ham vaqt ajratib, bolalarining ta’lim-tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanadilar. Shu nuqtai nazardan “Barkamol ota-ona – sifatli ta’lim, mustahkam oila» mutanosibligiga erishish har qanday sog‘lom jamiyatning maqsadidir. Ammo bugun oliy ma’lumotli, komil ota-onalar soni har qancha ko‘payib borayotgan bo‘lishiga qaramay, dunyo pedagoglarining xavotiri ham shunchalik kuchayib bormoqda. Chunki keyingi o‘n yil ichida ota-onalarning o‘z farzandlari tarbiyasi uchun ajratayotgan vaqtlari tobora qisqarib bormoqda. Buning sabablari sifatida nikohsiz tug‘ilish holatlarining ortib borishi va ajrashishlarning ko‘payayotgani qanchalik tashvishli holat sifatida e’tirof etilayotgan bo‘lsa, ota-onalarning ishga haddan ortiq berilib ketishi natijasida farzandlari bilan birga bo‘lishga vaqt topa olmayotganligi ham eng jiddiy sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
Muammo nimada?
Ishdan horib kelgan ota yoki onani hamda horish nimaligini bilmay ota-onasining ishdan kelishini intizorlik bilan kutib o‘tirgan kichkintoylarni bir ko‘z oldingizga keltiring-a. Bunday paytda oshxona yumushlariga kirishib ketgan ona va televizor kanalidan biror dam olish dasturini qidirayotgan ota bolalarining ularga xalaqit bermasligini qanchalik istashsa, jajjilar esa eng yaqin do‘stlari – ota-onalari bilan birgalikda dars tayyorlashni, biror qiziqarli mavzuda muloqot qilishni va o‘yinlar o‘ynashni shunchalik xohlashadi. Bola ko‘nglidagi ana shu ma’naviy istaklar amalga oshmay qolgan kundan e’tiboran esa, eng yaqin hamkori ota-ona emas, kompyuter bo‘lib qolayotgan va unga mukkasidan ketib, ipsiz bog‘lanib qolayotgan va his-tuyg‘ulari o‘tmaslashayotgan bolakaylar ko‘payishining yana bir sababi yuzaga keladi. Shu o‘rinda esa, yozuvchi ingliz olimi Timoti Uinterning mavzuimiz davomi bo‘la oladigan mana bu fikrlari bilan ham tanishing:
«…Ota-onalarning ishi shunchalik ko‘payib ketayotganidan ovqatlanish vaqti ham o‘z qat’iyligini yo‘qotib, konserva ochib yeyish ishiga aylanib bormoqda. Aslida u butun oila a’zolarini mehr rishtalari bilan bir-biriga bog‘laydigan va orziqib kutiladigan fursat bo‘lishi kerak. Afsuski, buning iloji bo‘lmayapti. Chunki ota-onalar ertalab farzandlari uyg‘onmasdan turib ishga otlanadilar va ularni kutib-kutib uxlab qolganlarida kirib keladilar. Natijada, oila a’zolarining uyga va bir-biriga tegishlilik hissi yo‘qolib bormoqda. Ayni chog‘da bolalar uyni tark etadi. Chunki ular o‘zlarini uyda hech narsa ushlab turmayotgandek his etadilar».
Ahvol shu tarzda davom etar ekan, o‘rinli savol tug‘iladi:
Qanday yo‘l tutish kerak?
Ota-onalarning ish bilan band bo‘lib, farzand tarbiyasiga vaqt ajrata olmayotganliklari bizning jamiyatimizda ham mavjudligidan ko‘z yuma olmaymiz. Talaygina qorako‘zlar otalarining dam olish kuni qachon kelishini hisoblab yurishlari ham bu fikrimizning eng oddiy dalili bo‘la oladi. Yaponiyada esa, jurnalistlar bunday dalillarning turli-tumanini keltirishga tayyor. Chunki ularda mazkur muammo ko‘lami bizga nisbatan bir necha marotaba keng bo‘lib, ancha tashvishli ahvolga kelib qolgan. Hattoki, ma’lumotlar, ta’tilsiz ishlash natijasida kasb kasalligiga uchrab, umriga zomin bo‘layotgan yapon fuqarolari soni ortib borayotganini ham ko‘rsatmoqda. Ammo ular mazkur muammoni bartaraf etish uchun “Ish tarzimizni shunday tartibga solaylikki, toki farzandlarimiz tarbiyasi bilan shug‘ullanishga ham imkonimiz bo‘lsin. Aks holda 20 – 30 yil o‘tib ota-ona tarbiyasida kemtikligi bo‘lgan bu farzandlarimiz topgan-tutganimizni yo‘q qilib, bugungi mehnatlarimizni ham chippakka chiqarishi mumkin”, deya qaramoqda.
Tarbiyaning qanchalik muhimligini yana bir bor anglatuvchi bu qarash albatta har qanday ishbilarmon ota-onani ham tegishli xulosa chiqarishga undaydi. Suhbatdoshimiz pedagogika fanlari doktori, professor Qumri Abdullaevaning e’tiroficha, biz ham o‘zimizga xos sharoitdan kelib chiqib shu va shunga o‘xshash bir qator xulosalarni amaliy ishlarimiz qatoriga qo‘shishimiz lozim:
Mahalliy sharoitimizga e’tibor beradigan bo‘lsak, maktabgacha ta’lim muassasalariga qatnaydigan farzandalarimiz ma’lum ma’noda ta’limning ilk va sodda ko‘rinishlaridan bahramand bo‘lmoqda. Ammo ko‘pmingsonli MTMga qatnamayotgan 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarimiz-chi? Ularga uy sharoitida berilayotgan oilaviy ta’lim-tarbiya qoniqarli ahvoldami? Kuzatishlarimga tayanib aytadigan bo‘lsam, bu masala qoniqarli ahvolda emas. Jumladan, aksar hollarda vaqti yetarli bo‘lgan uy bekalari ham bola tarbiyasiga jiddiy munosabatda emas. Negadir ular bolalarining usti butligi, qorni och yoki to‘qligi haqida ko‘proq o‘ylashadi-yu, ammo ta’lim-tarbiya haqida qayg‘urayotgani yarq etib sezilmaydi.
– Yaqinda uzoq qishloqlardan birida yashayotgan xonadonda bo‘ldim, – deydi yana bir pedagog suhbatdoshimiz Muhtarama Jovlieva. – Avvaliga yoshgina bolakay salom-aliksiz u yoq-bu yoqqa o‘taverdi. So‘ngra bizning oldimizga kelib onasiga talpindi. E’tiborimni tortgan murg‘akkina go‘dakka qarab yoshini so‘radim. U uyaldimi gapirmagach, onasi javob berdi.
– 6 yoshda.
– Voy, maktabga borar ekansan-da? Sanashni o‘rganayapsanmi?
Savolimga bolakay indamadi, ammo uning o‘rniga yosh ona xotirjam javob berdi.
-Mening ortimdan takrorla, deb sanashni o‘rgatmoqchi bo‘lsam, hech aytganimni qilmaydi. Bu turishda maktabda ikkichi bo‘lib qoladi-da.
Pedagog bo‘lganim, doimo shu haqda o‘ylaganim uchunmi yoki bo‘lmasa dilimdagi og‘rig‘im qo‘zg‘agandek bo‘ldimi, ichimda bir narsa chirt etib uzilgandek bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, farzandida boshlanayotgan ilmsizlikdan qayg‘urmayotgan va bunga xotirjam qarayotgan onadan xafa bo‘ldim. Bolaning tarbiyasi shu tarzda davom etsa, uning kelajagi nima bo‘ladi? Axloqi, tarbiyasi-chi? Qaerdadir ishlab vaqt topolmaganidaku, boshqa gap derdik. Ammo bolasining tarbiyasi bilan shug‘ullanishi uchun vaqti yetarli-ku. Bunday onalarga guldek bolalarining axloqi va tarbiyasidanda muhim yana qanday yumush bo‘lishi mumkin? Shundan so‘ng bu haqda uzoq o‘ylanib yurdim. Nazarimda, boshqalar tarbiyaga vaqt topolmay chora qidirayotgan bo‘lsa, biz ma’lum bir toifadagi vaqti bor onalarimizning va albatta, otalarimizning fursat bo‘lganida yuzaga keladigan vaqtlarini farzandlari bilan mazmunli va foydali o‘tkazishlari haqida o‘ylashimiz kerak.
Xulosa
Ayrim ota-onalar har qanday ish sharoitida ham farzandalariga vaqt ajratishning uddasidan chiqadi. Ishxonadan turib uyga qilingan bir zumlik qo‘ng‘iroq ham ko‘proq hol-ahvol so‘rashga o‘xshab ketsada, ammo bu ota-onaning farzand tarbiyasi bilan bog‘liq munosabatida muhim o‘rin tutadi. Eng muhimi esa, bu holatlar ota-onada ham, farzandda ham oilaga tegishlilik hissini kuchaytiradi va mehr rishtalari mustahkamlanishiga ko‘maklashadi.
Biz suhbatda bo‘lgan ota-onalarning ko‘pchiligi ular tashkil etgan ish tartibi farzandlari tarbiyasi bilan shug‘ullanish uchun xalaqit bermasligini aytgan bo‘lsa, bunday emasligidan noliganlar ham kamchilikni tashkil etmadi. Shunday ekan, ota-onalarning farzandlari ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish uchun ajratayotgan vaqtlari haqida o‘ylab ko‘rishiga zarurat bor. Qolaversa, bu hozircha ish tartibi bilangina bog‘liq bo‘lib ko‘rinsa-da, aslida ota-ona, farzand, oila va jamiyat kelajagi bilan bog‘liqdir.
Zebo Namozova,
«Ma’rifat» muxbiri