Odamzot dunyoga baxtli yashash uchun kelgan, desak adashmaymiz. Dunyodagi jamiki mavjudotlarga berilmagan ong va aqlning aynan insonga tuhfa etilgani bunga asos bo‘la oladi. Lekin ba’zi illatlar borki, o‘z baxti tomon odimlayotganlarni lohas qiladi, sillasini quritib, hayotdagi maqsadini unutib qo‘yishga sabab bo‘ladi. Spirtli ichimliklarni iste’mol qilishga ruju qo‘yish ham shular jumlasidandir.
Bir kuni jiyanimni bog‘chadan olib kelayotganimda yo‘lda bir mast kishini uchratdik. Uning qovoqlari osilib, yuzi bujmaygan, o‘zini va xatti-harakatini boshqarolmas, hali o‘ngga, hali chapga gandiraklashidan xuddi yo‘lovchilarning yo‘lini to‘sishga harakat qilayotgandek taassurot uyg‘otardi. To‘rt yashar jiyanim buni ko‘rib chinqirib yig‘lab yubordi. Uni ovutish uchun aytgan so‘zlarim havoga uchdi. Bolaning ko‘zlari qo‘rquvdan yonib turardi… Afsuski, bunday mast-alastlarni ko‘cha-ko‘yda onda-sonda uchratib turamiz. Ba’zan yo‘l chetlarida dumalab yotganlariga ham ko‘zimiz tushadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ular ma’naviy qiyofasidan mahrum bo‘lgan kimsalardir.
Ichkilikka mukkasidan ketishni yaxshi fazilatlarga eshikni berkitib, yomonlariga ochib berishga ham qiyos etsa bo‘ladi. Ma’lumki, ichkilik odamni garang qiladi, hamma narsani unuttirib, soxta xursandchilikka boshlaydi, jazavaga soladi, kishi qanchalik sayoz, o‘z qobig‘iga o‘ralib qolgan bo‘lsa, bu garanglik va jazava unga shunchalik yoqadi. Bu fikrlar mashhur faylasuflardan biriga tegishli.
Xo‘sh, qachon ichkilikka ehtiyoj tug‘iladi? Qiyinchilikdami? Xursandchilikdami? Dardni ro‘kach qilib ham, shodligidan sevinib ham… Nahotki, g‘am-alam qultum may ichganda qo‘shilib yo‘q bo‘lib ketsa?! Oniy kayf-safoga berilish, aldanish, uning quliga aylanish ma’naviyatli kishilarga aslo xos emas.
Mastlik — ixtiyoriy ravishda aqldan voz kechishdir. Qadim zamonlardayoq buyuk allomalarimiz ichkilikning zarari xususida asarlar bitishgan. Ularda aytilishicha, “Ichgan odam to‘rt sifatga ega bo‘larkan. Dastlab u tovusga aylanib, o‘zini ko‘z-ko‘z qiladi, harakatlari ravon va ulug‘vorlik kasb etadi. Keyin maymun qiyofasiga kirib, hamma bilan hazillashib, maynavozchilikka o‘ta boshlaydi. Undan so‘ng esa sherga o‘xshab o‘ziga bino qo‘yadi, mag‘rurligi tutib, kuchiga ishonib ketadi. Lekin oxirida cho‘chqaga aylanib, balchiqqa ag‘anab yotadi”. Garchi biroz noxush misol keltirgan bo‘lsam-da, bunday holatlarni, menimcha, hech kim inkor qilmaydi. Kishining hushidan ayrilib qolishi, yaxshi fikrlardan chalg‘ishi, aqlning o‘tmaslashishi har qanday yuqumli kasalliklardan ham musibatlidir.
Qur’oni karimda aytilganidek, mast qiladigan ichkilik ichishni Alloh taolo harom qilgan. Lekin, afsuski, tabarruk ro‘zayu ramazon kunlarida ham sarxush yurgan kimsalarni uchratamiz. Bu o‘z imoniga bolta urishdek gap. Muqaddas kitobimizda e’tirof etilgan fazilatlarga rioya qilmaslik insonni o‘zligidan uzoqlashtiradi. Qarabsizki, o‘sha kishining misqollab yiqqan obro‘si bir onda havoga uchadi.
Tibbiyot ham ichkilikning inson vujudiga, uning nasli va zurriyotiga bo‘lgan salbiy ta’sirini isbotlab bergan. Ba’zilar bir-birining “salomatligi uchun qadah ko‘tarib”, o‘z salomatligini yo‘qotayotganini yo anglab yetmaydi, yo ahamiyat bermaydi. Ichkilik ta’sirida paydo bo‘ladigan yuzdagi qizillik aslida qon tomirlarining falaj bo‘lishidan boshqa narsa emas. Spirt anatomik moddalarni qotirgani kabi ichkilikbozning qalbi va aqlini ham o‘ldiradi.
Yaqinda alkogol va tamaki mahsulotlari tarqalishi va iste’mol qilinishini tartibga solish yuzasidan qonun qabul qilindi. Dunyoda jinoyatlarning o‘ndan to‘qqiz qismi ichkilik qistovi bilan qilinishini hisobga olsak, mamlakatimizda bu borada huquqiy me’yor o‘rnatilgani, ayni muddao bo‘ldi.
Albatta, qo‘liga may olganning hammasi ham ichkilikboz emas. Ammo mayning xususiyati shundaki, uni icha boshlagan odam osongina mayxo‘rga aylanib qolishi mumkin. Bu illatni tashlash juda qiyin, degan tasavvur irodasizlik belgisi, bu fikrga bo‘yin egmaslik kerak. Inson o‘z odatlarini boshqara oladi, qachonki, xohish bo‘lsa bas. Zotan, har bir kishi o‘z saodatining ijodkoridir.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2012).