Jasur Kengboyev. Bema’ni “odat”lar qayerdan paydo bo‘lyapti?

To‘y-tomoshalarimiz haqida ko‘p mulohazalar qilamiz. Ayrim odatlarimizni sanab, xursand bo‘lamiz: o‘zbekona udum va tadbirlarimiz rostakamiga to‘ylarimizda ham o‘z ifodasini topib, odamlarni mehr-oqibatga, ahil-inoqlikka, umuman, yaxshilikka o‘rgatadi. Biroq shunday «odat»larimiz borki va shunday yangi «urf»lar ham paydo bo‘lyaptiki, ular tushungan odamlarning haqli e’tirozini keltirib chiqarmoqda.

Tanqid mavzusiga aylanib kelayotgan ana shunday jihatlar – to‘ylarimizdagi dabdababozlik, ortiqcha qiliqlar, yangi «urf»lar kishini chuqur mulohaza qilishga undaydi. Sababi, odamlarimizni na moddiy, na ma’naviy foydasi tegadigan bunday «odat»lardan qaytarish kelgusida ko‘plab xunuk oqibatlarning, ma’naviy jarohatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Namuncha vahima, dersiz. Xotirjam bo‘ling: asossiz emas bu. To‘ylarimizda hozir kundan-kun urchib borayotgan ayrim dahmaza odatu qiliqlarni eshitgan, ko‘rgan kishi hech ham befarq qarab turolmaydi.

Kim aybdor?

Bir hamqishlog‘im aytib bergan voqea haligacha qalbimni larzaga soladi. Kuyov bola – hali yigirmaga ham kirmagan yigitcha xorijda mardikorlik qilib kelib, yangi mashina olibdi. Birozdan so‘ng uylanadigan bo‘libdi. To‘y kuni kelinnikiga borayotganda kuyov rosa injiqlik qilibdi: «Kuyovnavkar mashinasi o‘n beshta bo‘lmasa, to‘y-po‘y bo‘lmaydi, mashinaga chiqmayman», debdi. Kattalar ham uni ko‘ndirolmabdi. Oxiri kuyovbolaning shashtini qaytarmay, ulov sanog‘ini u aytganiday badastir qilishibdi.

Yo‘lga chiqqan mashinalar karvoni boshida kuyovbolaning o‘zi, tag‘in rulda emish. Katta yo‘lga chiqishganda kuyovbola hammaga buyruq beribdi: «Mashinalar ikki yonimdan yursin!»

Beo‘ylik, qiziqqonlik, oliftalik yoshlarga xos xislat-da, deymiz. Kuyov mashinasining ikki yonidan yana hashamat ulovlar qo‘shilgach, trassa to‘liq band bo‘ladi. Orqadan kelayotgan boshqa ulovlarga ham yo‘l berilmaydi. Bir-biriga signal chalib, qiyqirib ketayotgan yigitlar bir mahal qirlikka chiqayotib, ro‘paradan juda katta tezlikda bir mashina kelayotganini ko‘rib qoladi-yu, sarosimaga tushishadi. Juda qisqa fursatda sodir bo‘lgan bu sarosima noxush yakunlanadi: qarama-qarshidan kelgan ulov o‘sha tezlikda kuyovning mashinasiga to‘qnashadi va… to‘y azaga aylanadi… Dahshatli bu voqea bir zumda ovoza bo‘lib ketdi.

Bunda kim aybdor? Juvonmarg ketgan kuyovbolami? Ehtimol, yoshi kattalar, kayvonilarda ham ozgina ayb bordir? To‘ylarimiz yaxshi, odatlarimiz durust, biroq qiliqlarimiz yomon. Aslida o‘sha kuyov bo‘lmish yigitcha ham tinchgina, hamma qatori, yo‘lda boshqa ulovlarga xalaqit qilmasdan yurishi mumkinmidi? Mumkin edi, albatta.

Xo‘p, to‘yi bo‘layotgan odamning odatdagi erkaliklari-da bu, dermiz, lekin kattalar, kayvonilar ularni tartibga chaqirishi, keraksiz va zararli «odat»larning bo‘y ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymasligi ham mumkin edi-ku? Qishlog‘u shaharlarimizda to‘y kuni uncha-muncha mashinalar karvoni yo‘lda sidirg‘a yurmasligini ko‘rgan yoshi ulug‘lar nega to‘y bo‘layotgan mahali so‘zga chiqib, buning og‘ir oqibatlari haqida yoshlarga ikki og‘iz dakki berolmaydi?

…Bir necha yil avval Toshkent shahar hokimining poytaxtdagi to‘y-marosimlarda ortiqcha dabdababozlikka barham berishga qaratilgan hujjat qabul qilgani yaxshi ish bo‘lgan edi. Biroq bugun guvohi bo‘lyapmizki, baribir ayrim to‘ylarda kelin-kuyovlar turnaqator mashinalar karvonida yuribdi. To‘ylarda xizmat qilayotgan artistlar soni ham ko‘p-da nazorat qilinmayapti.

Nazarimizda, bunday qarorlar, nazoratlar, qachonki, odamlarning o‘y-xayoli, dunyoqarashi o‘zgarmas ekan, to‘la natija berishi qiyin. Dabdababozlik, ortiqcha «urf-odat»lar, «qiliqbozlik», boyligini ko‘z-ko‘z qilishu kimo‘zarga o‘ynashlarga barham berilishi dushvor.

Ersirashmi bu?

Asosan shaharlarimizda yana bir xunuk «odat» paydo bo‘lgan. To‘yxonaga kelin kirib kelgach, mehmonlarga o‘zbekona udum bo‘yicha ta’zim qiladi. Hozir esa bu milliy fazilatlar o‘rnini xalqimizga xos bo‘lmagan, juda xunuk illat egallamoqda: kelin ortga buriladi, uning ortida bir to‘da dugonasi, asosan hali turmushga chiqmagan qizlar turadi. Kelin qo‘lidagi gulni ortiga otadi, qizlardan qaysi biri uni ushlab olsa…

Bu ahmoqona udumning maqsadi va mohiyatini aytishgayam uyaladi odam. Nima emish, gulni qaysi qiz tutib olsa, o‘sha birinchi bo‘lib va tezda erga tegib ketarmish…

O‘zingiz o‘ylang, bu o‘zbek qizlari uchun uyat, isnod emasmi? G‘arbdan kirib kelayotgan bu kabi andishasizliklarni nega ko‘r-ko‘rona qabul qilaveramiz? O‘sha qizlarning to‘yda ishtirok etayotgan ota-onasi, aka-ukasi yer yorilsa-yu, kirib ketsa arziydigan sharmandalik emasmi bu? Mohiyatida ersirash degan gap yotgan bu «odat» qachon udumlarimizga kirib keldi ekan? Qaysidir ahmoq o‘zini tomdan tashlasa, biz ham tashlayveramizmi? Uyda, oila davrasida, kerak bo‘lsa, to‘ylarimizning o‘zida bunday ahmoqgarchiliklar haqida gapirilsa, oilaviy suhbatlar qilinib, yoshlarning ongiga milliy qadriyatlarimiz, odob-axloqimiz ko‘proq singdirib borilsa edi, shu kabi yot g‘oya va tushunchalar bizdan uzoqroq bo‘larmidi.

 Bo‘sabozlik

Bir video ijtimoiy tarmoqlarda yashin tezligida tarqaldi:  mamlakatimizning olis viloyatlaridan biridagi o‘ta andishasiz to‘y sahnasi aks etgan bu videoni ko‘rganimdan beri o‘zimga kelolmayman.

… Restoran-to‘yxona to‘la odam. Xotin-xalaj, erkaklar, chollar o‘tiribdi. Ikki-uch kuyovjo‘ra so‘zga chiqadi. Sal kayfi bor, shekilli, birinchisi zo‘rg‘a ikki jumlani epaqaga keltirib, kelin-kuyovni baxt ostonasiga qadam qo‘ygani bilan tabriklaydi. Bu paytda yangi oila qurayotgan juftlik tabriklovchiga hurmat yuzasidan tik turibdi, kelin esa o‘zbekona andisha bilan tinmay ta’zim qilyapti.

Haligi yigit tabriklab bo‘lgach, kuyovga qarab, xitob qiladi:

– Alisher! Gorko!

Daf’atan bu xitobni eshitgan odamning yuziga andak tabassum yuguradi. «Yigit tushmagur ja zamonaviy ekanmi? «Gorko»ga balo bormi o‘zbekning to‘yida?! Mastlikda har narsa deyaveradi-da odam, kelin-kuyov quloq solarmidi bunga…» deya o‘ylaysiz. Biroq… adashasiz! Bu hazil emas! Jo‘rasining xitobini eshitgan kuyov shartta kelinga o‘girilib, labidan bo‘sa oladi!

To‘yxonada qarsaklar chalinadi.

So‘ng ikkinchi yigit tabriklaydi. Tik turgan kelin yana ta’zim qiladi. Bu tabriklovchi ham so‘zining yakunida:

– Alisher! Gorko! – deydi.

Yana bo‘sabozlik….

Dahshatga tushasiz. Bizga nima bo‘lyapti? O‘zbekning to‘yida-ya? To‘yxonani to‘ldirib o‘tirgan kayvoni keksa otaxonu onaxonlar, yoshi katta erkagu ayollarning oldida-ya? Ularning ko‘zi qayerda?

O‘ylab o‘yingizga yetolmaysiz: yoshlarimiz shunchalik uyatsiz, andishasiz bo‘lib ketishdimi? Kuppa-kunduz kuni, tag‘in shuncha odamning orasida bo‘sabozlik qilish uchun odam qanchalik or-nomussiz, andishasiz bo‘lishi kerak? Bo‘lg‘usi qaynona, qaynotalarning ko‘z o‘ngida bunday xatti-harakat qilish odobdanmi? O‘zbekona sharm-hayo, iffat deganlari qayerga yo‘qoldi? Tarbiya va axloqimizga  yetti yot «gorko» degani hayotimizga, to‘ylarimizga qayerdan, qanday qilib kirib kelyapti? Sharqona mentalitetimizga shunchalik darz ketyaptimi?

Savollar ko‘p…

«Kelinnavkar» nimasi?

Yaqinda bir tanishning to‘yida qatnashdim. To‘yxonaga kelin-kuyov kirib keldi. Hammaning e’tiborini tortgan narsa shuki, kelinning dugonalari bir xilda kiyingan ekan. Kimdir kulimsiradi: «Inkubatordan chiqqanday bo‘pti». Keyin eshitsam, bu hozir paydo bo‘layotgan yangicha «urf»lardan yana biri ekan.

–  Bir dugonamdan to‘yiga taklifnoma oldim, – deydi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Shohsanam Nishonova. – Uning aytishicha, to‘yda kelinning hamma dugonalari «kelinnavkar» sifatida bir xil libosda bo‘lishi shart emish. Avvaliga bu holat menga kulgili tuyuldi. Axir, dugonamning men tanimagan tanishlari ham bo‘lishi mumkin-ku, qanday qilib, ular bilan bir xil kiyinaman, hammaning didi turlicha bo‘lsa? E’tirozimni bildirishga endi og‘iz juftlagan edim, dugonam yigirma qizga yetadigan libos uchun gazlamani o‘z bo‘yniga olganini aytdi. Ota-ona qiziga sarpo qilgani yetmaganidek, endi kelinning dugonalari (kelinnavkar)ga ham kiyim olishi kerakmi?..

Hammaning imkoniyati bir xil emas, albatta. Oqila qiz hech qachon ota-onasini qiynab qo‘ymaydi, qolaversa, «kelinnavkar» degani qadriyat emas, illat deb o‘ylayman.

Bir xil matodan kiyim kiygan kelin dugonalarning suratlari ijtimoiy tarmoqlarda qo‘yilishiga ham ko‘zimiz o‘rganib qoldi. Eng qizig‘i, bunday suratlarning ostidagi «kelinnavkar» degan yozuvga kimdir e’tibor berdi, kimdir esa yo‘q. Aslida, kuyov bo‘lmish do‘stlari bilan kelinning uyiga kelishini kuyovnavkarlarni kutish marosimi sifatida bilamiz. «Navkar» so‘zi ham erkaklarga tegishli emasmi? Ammo endi kelinning bir xil libosdagi dugonalarini «kelinnavkar» deyilishi nimani anglatadi?..

Mayli, har kim orzu-havasiga yetsin, baxtli bo‘lsin. Ammo biz uchun yetti yot begona odatlar to‘ylarimizga kirib kelayotgani kishini tashvishga soladi. To‘ylarni ixchamlashtirish haqida hamisha, hamma joyda gapirib kelinadi, tushuntirish ishlari olib boriladi. Shunga qaramay, g‘alati odatlarga taqlidlar paydo bo‘lyaptiki, ulardan «ommaviy madaniyat» hidi kelayotganga o‘xshaydi.

Yosh hamkasbimizning qayg‘urganicha bor. Bu ko‘plab oilalarning qizlari uchun to‘y kuni bir talay ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqaradigan ancha o‘tkir ijtimoiy masalaga aylanishi mumkin. Ha, bunday ortiqcha va bachkana noma’qulchiliklar ko‘paysa ko‘paymoqdaki, aslo kamaymayapti.

Xo‘sh, to‘y-marosimlarimizdachi yangi «odat»lar qanday, qayerdan paydo bo‘lyapti?

Soxta targ‘ibot ortidan

«Osmonda oy chiqsa, bilingki, kimdir bundan manfaatdor», derdi bir iqtisodchi tanishimiz. Darhaqiqat, yaqinda bir shou-biznes vakili bilan suhbatlashayotib, bilib qoldim: bunday «odati»lar ham bekorga paydo bo‘lmas ekan.

«An’ana», «odat» nomi ostida kundalik hayotimizga kirib kelayotgan «yangilik»lar asosan ayrim ucharlarning hamyonini qappaytirishga xizmat qilar ekan. Hozir nima ko‘p, to‘y-marosimlarni chiroyli qilib o‘tkazishga yordam beradigan dastyor firmalar ko‘p. Pulini to‘lasangiz bo‘ldi: to‘yxonani rang-barang pufaklar bilan bezaydi, ostonaga poyandozlar to‘shaydi, kelin-kuyovni mashinada emas, foytun-aravalarda olib kelib beradi. Suratga ham tushiradi, videoga ham oladi. Boshlovchidan tortib artistlarni, mashshoqlarni, raqqosu raqqosalarni ham gaplashib, to‘yxonada badastir qilib berishadi. Xullas, qo‘lingizni sovuq suvga urmaysiz, hammasini o‘zlari qilishadi.

Ana shunday firmalar «faoliyat» turini qancha kengaytirsa, daromadi shuncha ortadi. Shu bois ular ming bir «yangilik» o‘ylab topadi. To‘y egasiga: «Aka, falonchaning to‘yida kelin-kuyov to‘yxonaga o‘zlari emas, taxtiravonda kirib kelishibdi. Hozir shu moda bo‘pti yoshlar orasida. Zamonaviy odamlar shunday qilayotganmish», deydi. Bu aslida bekor gap bo‘lsa-da, shunday reklama qilinadi.

Shu taxlit o‘sha tagi yo‘q yangi «moda» urchib ketadi. Bu yoqda esa olg‘ir firma boyigandan boyiydi. Sizning ma’naviyatni asrashu milliy qadriyat degan diydiyolaringizning sariq chaqalik qizig‘i yo‘q ularga. Muhimi, pul kelyapti-ku…

Ortiqchasi isrof bo‘lmasa…

Hashamdor to‘ylar qilish, boyligini ko‘z-ko‘z etish orzu-havasi boshqa xalqlarda ham bor. Ular ham hisob-kitobini bilib bo‘lmaydigan isrofgarchiliklar qilib turadi. Biroq o‘sha ortiqcha dabdaba o‘rniga savob qiladigan, elning duosini oladigan odamlar ham yo‘q emas.

O‘tgan yili bir xabar butun dunyoni aylanib chiqdi: hindistonlik Ajay Manot ismli milliarder biznesmen yolg‘iz qizining nikoh to‘yida 90 ta kambag‘al, boshpanasiz oilaga barcha qulayliklarga ega uylar qurib berdi. Nikoh kuni esa kelin-kuyov yangi uylar kalitini o‘z egalariga topshirdi.

Bugun dunyoning u yer-bu yerida ana shunday saxovatpeshalar tomonidan ibratli ishlar ham qilinyapti. Bo‘lyapti-ku, bunday amallar ham.

Yo‘q, odamzod shon-sharafga o‘ch. Bor-budini bir kunlik to‘yga sochsa-yu, hammaning tiliga tushsa… To‘yni-ku uzoq yillar eslab yurishar, lekin shu dabdabaga sarflangan mablag‘ yoki boshqa moddiy narsalar kimgadir hadya qilinsa-yu, bechorahol odamlarga yordami tegsa, bu yaxshilik, savob ish hech kimnig yodidan chiqmaydi.

Bizning yurtimizda ham dabdabali to‘y qilgandan ko‘ra pulini yetim-esirning boshini silashga, mehribonlik va qariyalar uylariga ehson qilishga sarflaydigan saxovatpesha odamlar oz emas. Isrofgarchilikka juda qattiq qaraydigan xalqimiz to‘ylarida ham, urf-odat va maishiy turmushida ham ana shunday fikrlaydiganlar qancha ko‘paysa, shuncha yaxshi.

Inson dabdaba va isrofgarchiligi, shuhratparastligi bilan emas, odamiyligi, saxovati, yaxshiligi bilan chinakamiga nom qozonishi va bu nomni uzoq vaqt saqlab qolishi mumkin.

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 4-son