Payg‘ambarimiz Muhammad sollalahu alayhi vasallam «Xamr (ya’ni aqlni olg‘uvchi har bir narsa) yomonliklar onasidir», degan ekanlar. Yana marhamat qilib debdilarkim: «Xamrdan saqlan. Uning daraxti boshqa daraxtlardan oshib o‘tgani kabi, gunohlari ham boshqa gunohlardan oshib tushadi».
Mayxo‘rlikning Alloh tomonidan harom qilingani (ya’ni ta’qiqlangani)ni, bu haqda qur’oni Karimda oyatlar mavjudligini ko‘pchilik biladi. Yana bilishimiz joizki, hatto Tavrotning sahifalarida ham «Sharob sharmanda etadi, muskir janjalkashga aylantiradi. Unga mubtalo bo‘lgan aqlli emasdir», deyilgan.
Ming afsuslar bo‘lsinkim, asli musulmonobod bo‘lgan yurtimizda, asli musulmonsheva bo‘lgan odamlarning farzandlari o‘z nasablarini unutib, yomonliklar onasining farzandiga aylanib boryaptilar. Mayxo‘rlikka qarshi gapirish, mayxo‘rlarni insofga chaqirish — shamolga qarshi hayqirish kabi besamar ketyapti. Ulamolarimiz, imomlarimiz gapirgudek bo‘lishsa, «Sen mayning qadrini qaerdan bilarding?» degan ma’noda aftlarini bujmaytiradilar.
Bir kuni kamina ham mayxo‘rlikka qarshi so‘z aytgan edim, «Hadeb aroqni yomonlayverasizmi, o‘zingiz hecham ichmaganmisiz?» deb ta’na qilishdi. To‘g‘risini aytdim. Allohga tavbalar qilganim holda, o‘sha qilmishlarimni la’natlaganim holda, ichganlarimni yashirmayman. Men ko‘p ichmaganman. Lekin kam ichding nimayu, ko‘p ichding nima, farqsiz — igna ham, yo‘g‘on qoziqning uchi ham ko‘zga kirar bo‘lsa, baribir ko‘r qiladi. Menga ta’na qilgan jamoatga qarab dedimki: «Siz butun dunyo bo‘yicha bir odamni toping. Agar u: «ilgari kasal edim, shu aroqni ichib tuzaldim, ilgari kambag‘al edim, shu aroqni ichib boyib ketdim, ilgari xor edim, shu aroqni ichganimdan keyin obro‘ topdim, sharaflandim», desa, sizlarni ichkilik bilan o‘zim ta’minlab turaman. Shunday odamni topa olmaysiz. Chunki aroq (aroq deganda barcha mast qiluvchi ichimliklarni — shaytonning siydigini nazarda tutyapmiz) sog‘lom odamni kasal qilishi, boyni kambag‘allikka giriftor etishi, sharafli odamni esa xorlik jariga sudrashini hamma biladi. Ammo nafs oldida mag‘lub holda turaveradilar.
Meni bir narsa ajablantiradi: aytaylik, televizor sotib oldik. Darrov qo‘llanmasini o‘qiymiz. Televizorni yaratgan olimlar, ustalar bizlarni ogohlantirishadi: 220 voltli tokka ulang, isitish uskunasidan nariroqda tursin… Buni bilib, biz hech qachon televizorimizni 380 voltli tokka ulamaymiz, televizorning buzilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. qo‘llanmaga amal qilmasak pulga kuyamiz. Holbuki, Insonni yaratgan Alloh Odam bolalariga to‘g‘ri yashash yo‘llarini o‘rgatuvchi qo‘llanma — ilohiy kitoblarni tushirdi, to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi elchilarni yubordi. «qo‘llanma»ning eng ulug‘i, shubhasiz, qur’oni Karimdir. Elchilarning eng sharaflisi, shubhasiz, bizning Payg‘ambarimiz alayhissalomdirlar. «Mo‘‘minlar uchun nasihat, kofirlar uchun hasrat» bo‘lmish qur’oni Karim odamlarga qarata: ichma, bu dunyoda xor bo‘lasan, u dunyoda azobga qolasan, deb tursa-yu, biz eshitmagandek, bilmagandek ichaversak. Bu dunyo azobiga duch kelganimizda, aytaylik, tuzalmas xastalikka chalinib, to‘shakka mixlanganimizda yoki farzandlarimiz yomon xulqlari bilan kuydira boshlaganida «Ey Xudo, men Senga nima yomonlik qiluvdimki, menga shuncha g‘am-alam berasan», deb nolalar qilamiz, ko‘z yoshlar to‘kamiz.
Fir’avnning imon keltirishi kabi kechikkan bu hasratlarimizdan foyda bo‘larmikin?
Kechagina «Ichmang, birodar», degani uchun ko‘zimizga yomon ko‘ringan imomni chaqirtirib: «Bir o‘qib qo‘ying», deymiz. Mulla qirq marta «Yosin» surasini o‘qisa, u dunyoga go‘yo gunohlardan xoli bo‘lib ketiladiganday tuyuladi. Koshki edi bularning foydasizligini bilsak. Yuqori kuchlanishli tokka ulangan televizor kuygani kabi oxiratimiz kuyib bo‘lganini anglamaymiz. Televizor kuysa, pulimizga achinamiz. Umrimizning eng go‘zal onlari kuyib ado bo‘layotganini esa, fahmlamaymiz.
Aroq odamning o‘zigagina yomon ta’sir qilsa, chidash mumkindir balki. Aroqning zurriyodga ta’siri-chi? Majruh tug‘ilayotgan bolalar, tug‘ilmayoq o‘layotgan bolalar-chi?! Biror kishini behos urib yoki turtib yuborib, oyog‘ini yoki qo‘lini mayib qilib olsangiz, qonun oldida jazolanasiz. Lekin qo‘l-oyoqsiz yoki aqlsiz tug‘ilayotgan bolalarning majruhligiga sababchi ota yoki onani jazolamaymiz. To‘g‘ri, bu dunyo qonuni jazolamaydi, ammo Allohning jazosi tayin-ku, qo‘rqmaymizmi?
Aroqxo‘rlik haqida gapirilsa, yevropaliklar buzdi bizlarni, deymiz. Bu gapda jon bor. Lekin ular har birimizni yotqizib olib, og‘zimizga zo‘rlab aroq quymadilar-ku? Yevropaliklarning madaniyatga oid durust odatlarini olmaganimiz holda nima uchun faqat buzuqliklarini ma’qul ko‘rib qoldik?
Biz ichganda ham go‘yo madaniycha ichishga o‘rganganmiz. Ya’ni «tamada» deganni saylab olamiz. (Bu so‘zni o‘zbekchaga aynan tarjima qila olmadim, ramziy ma’noda «Shaytonning bosh yordamchisi», desam ranjimasinlar.) Chiroyli so‘zlar, ya’ni, «tost» aytamiz. Tilaklar tilaymiz. Sog‘liq, omad, baxt… Kimdan tilaymiz? Albatta Xudodan tilaymiz. O‘ylamaymizki, yaratgan Tangri «ichma, bu xaromdir», deb qo‘yibdi. Shu haromni icha turib, Undan yana baxt so‘rasak, berarmikan shu baxtni! (Mazkur fikrni avval ham aytib edik, takror etayotganimiz bejiz emas).
Ba’zan ichkilik qo‘yilgan davralarda o‘tirishga majbur bo‘lamiz. Shunda ayrimlar sal istihola qilgan bo‘lib: «Charchoqni ko‘taradi, ijozat bersangiz, ozgina-ozgina ichsak», deyishadi. Shunda: «Ruxsatni mendan so‘ramang, chunki buni men harom qilgan emasman», degan mazmunda javob beraman. Ba’zilarga shu gap ta’sir qiladi, boshqalar: «Xudoning o‘zi kechiradi», deb ichaverishadi. Xuddi Xudo ularga «To‘yib ichib olaverlaring, keyin senlarni kechiraman», deb tilxat berganday yoki vaxiy yuborganday ishonch bilan gapirishadi.
Bir necha yil burun Turkiston shahrida, hazrat Ahmad Yassaviy maqbaralaridan bir chaqirimcha narida ayanchli bir davrada o‘tirishimga to‘g‘ri kelgan edi. Voqea to‘yning ertasiga sodir bo‘ldi. Dasturxon atrofida turli yoshlardagi odamlar o‘tiribmiz. Aytishim joizki, shunday muqaddas va sharafli shaharda yashovchi, o‘zini musulmon deb atovchilar aroqxo‘rlikda «chempion» ekanlar. Xullas, mendan «tost» aytishimni iltimos qilishdi. Dastlab rad etdim. Talablar takrorlanavergach, dedimki: «Xo‘p, gapiraman, ammo ranjimaysizlar. Hozir sizlarga, «ichmang», deganim bilan yoqmayman. Lekin bir narsani o‘ylab ko‘ringlar: mana bu yigit o‘g‘lingiz ekan, ota bilan o‘g‘il nima degan odam bo‘ldilaring endi?! Mana bu yigit sizning kuyovingiz ekan, siz bilan ichib, mast bo‘lib, uyga borgach xotinini, ya’ni qizingizni ursa, qizingiz dodini kimga aytadi? So‘ng esa siz dodingizni kimga aytasiz?»
Bu gapdan keyin o‘g‘il va kuyov chiqib ketishdi. Bir-ikki kishi gapimni ma’qullab, aroq quyilgan piyolani nari surib qo‘yishdi. Boshqalar esa «Xudo kechiradi», deb ichishni davom ettiraverishdi. Bunday odamlarni «esh-shakday qaysar», deyishadi. Yo‘q, azizlar, eshaklarni ranjitmang, eshiklar ularga o‘xshamaydi, chunki eshakni tarbiya qilsa bo‘ladi: «ish-sh» desangiz to‘xtaydi. Bunday odamlar esa to‘xtashmaydi.
Aroqxo‘rlik qancha-qancha ulug‘larni xorlik botqog‘iga botirdi. Juda ko‘p iste’dod egalari bu balo oqibatida umrlarini ham, qobiliyatlarini ham boy berdilar.
Shu o‘rinda hazrat Bobur Mirzoning bir farmonlarini esga olsak, foydadan holi bo‘lmas. Milodiy hisobda 1525 yili imzolangan mazkur farmonga binoan mayqatag‘on (suxoy zakon) e’lon qilingan edi:
«Bashar nafsi yomonlikka mayl etishdan uzoq emas, «nafsimni poklay olmadim, chunki nafs yomonlikka amr etuvchidir.» Undan qaytish bag‘ishlovchi Malikning lutf-marhamatidan boshqa mumkin emas. «Bu Allohning ehsonidir, kimga xohlasa, baxsh etadi. Alloh katta ehson egasidir.» — Bu so‘zlarni ifodalashdan va bu gaplarni bayon qilishdan g‘araz shuki, insonlik taqozosi, podshohlar rasm-rusmi, podshohlik lavozimi, mansabdorlar odati bo‘yicha shohdan tortib sipohiygacha go‘zal yoshlik kunlarida shariat man’ qilgan ba’zi narsalarga va ayrim o‘yin-kulgularga ruju’ qilinardi. Bir qancha vaqtdan keyin pushaymonlik kunlari kelib, ularni bitta-bitta tark qilinar va chin tavba bilan ularga qaytish eshigi yopilar edi. Ammo maqsad va matlablarning muhimi va buyugi bo‘lgan ichkilikdan qaytish tavbasi «har ish o‘z vaqtiga bog‘liq» degan parda ostiga berkinib, yuzini ko‘rsatmas edi, toki bu yaxshi soatda zo‘r g‘ayrat bilan urush ehromini bog‘lab, shavkatli Islom askarlari yordamida kofirlarga qarshi jangga kirishganimizda g‘ayb Ilhomchisi va haqiqat Jarchisidan «Iymon keltirganlarga vaqt kelmadimiki, qalblarini Allohning zikri bilan yumshatsalar?» mazmuni eshitilib, gunoh va sarkashlik asbobini ildizidan qo‘porib tashlab, tavba eshiklarini to‘liq jiddiyat bilan qoqdik. Tavfiq yo‘llovchisi «Kimki astoydil eshik qoqsa, kiradi», mazmuniga muvofiq iqbol eshigini ochdi va bu urushni nafsga qarshilik ko‘rsatishdan iborat bo‘lgan zo‘r urush bilan boshlashni buyurdi. Alqissa, «Ey Robbim, nafslarimizga zulm qildik»ni ixlos tiliga keltirib, «Sening oldingda tavba qildim va men musulmonlarning birinchisiman», degan gapni dil lavhiga naqsh qildik. Ko‘ngil xazinasida maxfiy qolgan ichkilikdan qaytish tavbasi istagini yuzaga chiqardik…»
Tarixdan ma’lumki, Bobur Mirzo hazratlarining asosiy g‘alabalari aynan shu farmondan — mayqatag‘ondan so‘ng qo‘lga kiritilgan. Yana tarixdan ma’lumki, Husayn Boyqaro boshqargan mamlakatni ayni shu ichkilik barbod qilgan. Ayni shu ichkilik (uni «chog‘ir» deb ataganlar) umidli va suyumli nabira Mo‘‘min Mirzoning boshini uzgan.
Ba’zi birodarlarimiz aytadilarki: «Aroq birovlarniki bo‘lgani uchun harom qilingan». Yo‘q, azizlar, aroq, cho‘chqa go‘shti boshqalar iste’mol qilgani uchun emas, odamga zarar bergani uchun harom qilingan. Agar u birodarlarimiz aytganday bo‘lganida edi, birovlar yeydigan mol yoki qo‘y go‘shti ham, boshqa ne’matlar ham harom qilinar edi. Yana o‘ylaylik, nima uchun aynan aroq va cho‘chqa go‘shti harom qilindi? Nega murabbo yoki qovun-tarvuz harom qilinmadi?
Aroqqa qarshi butun nasoro olami ham kurashgan. Urushdan avval hatto AqShda ham mayqatag‘on e’lon qilingan. Bolsheviklar zamonida ham bir-ikki urunish bo‘ldi. Oxirgisi esingizdadir, «qayta qurish», deb atalgan zamonda ham ichkilikka qarshi kurashildi. Biz bu kurashni jonu dilimiz bilan quvvatlash o‘rniga norozi bo‘ldik, o‘zimizcha nayranglar o‘ylab topdik. «To‘ylarda ichkilik qo‘yilmasin», deyildi. Xo‘p de- dig-u, ba’zilarimiz bitta samovorga suv quyib qaynatdik, ikkinchisini aroq bilan to‘ldirib, choynakda tarqatdik va bu «ixtiro» bilan faxrlandik. Bundan ortiq nodonlik bo‘larmikin? Ana o‘shalar va o‘shalar kabilar hazrati Anasning (roziyollohu anhu) Rasulullohdan (sollalohu alayhi vasallam) rivoyat qilgan bu hadislaridan xabardormikinlar: «Alloh sharobni, uni ichganni, quyib berganni, sotganni va sotib olganni, siqib tayyorlaganni va tayyorlatganni, olib kelganni va olib keltirganni hamda undan kelgan daromadni yeganni la’natlaydi».
Aroqqa berilgan odamning bu yo‘ldan qaytishi qiyin bo‘ladi. Chunki bu ham Allohning imtihonlaridan biri. Kimki nafsini jilovlay olsa, imtihondan o‘tadi. Alloh kimga marhamat qilsa, nafsni yengadi, imtihondan o‘tadi. Ammo odam degan Xudoning marhamatiga erishmoq uchun jon kuydirish ham kerak. Nafsga qarshi urush ochish uchun o‘zida kuch topa olmagan, irodasiga quvvat bera olmagan odam bu marhamatga yeta olarmikin, vallohu a’lam?
Iymonni bir muazzam saroy desak, uning ichiga kirmoq uchun yurib borish kerak, balki tikonzorni yalang oyoq kechib o‘tishga to‘g‘ri kelar. Iymon saroyiga ham sizni birov ko‘tarib olib kirmaydi. Bobur Mirzo ta’kid etganlaridek, eshikni astoydil qoqqan odamlargina kiradilar. Asalarilarning qo‘riqchilari yomon joyga qo‘ngan asalarilarni uyaga qo‘ymas ekanlar. Shunga ko‘ra, iymon saroyiga og‘zidan aroq hidi gupurib turganlar qo‘yilmaydilar. Ularning joylari iymon saroyi emas, shayton kulbasi bo‘lib qoladi. Rasulullohning hadislarida aytilishicha: «Davomli xamr ichgan kishi butga topinguvchi kabidir. O‘lsa, Allohning huzuriga butparast kabi boradi.» Alloh asrasin! Duo qilaylik: barcha mayparastlarni bu yo‘ldan qaytarib, hidoyat bersin!
Nafslarimizni tarbiyalashning eng birinchi sharti — tavbadir. Tavbalar ijobat bo‘lmog‘ini Alloh nasib etsin.
Iymon saroyiga kirmoq mushkul, ammo undan chiqish oson, Xudo saqlasin! «Yomonliklar onasi»dan yuz o‘girib, hidoyat onasiga farzand bo‘lmoqlikni Alloh barchalarimizga nasib etsin. Omiyn ya Rob al-olamiyn!
Tohir Malikning “Iymonlashish umidi” kitobidan