Abdurazzoq Karimov. So‘zlashuv odobi har joyda kerak

http://n.ziyouz.com/images/1693019.jpg

Qadimdan bozorlar kishilarning faqat moddiy ehtiyojini qondiradigan maskan bo‘libgina qolmay, ularning dunyoqarashini kengaytiradigan, ma’naviyatini boyitadigan, madaniyatini yuksaltiradigan joy ham bo‘lib kelgan.

Ayniqsa, o‘tmishda Movaraunnahr bozorlarida bobolarimiz so‘zlashuv madaniyatiga alohida e’tibor berganlar. Tilimizdagi nozik iboralar, go‘zal ta’rif va tavsiflar, yuksak maqtov so‘zlari, sirli qochirimlar aynan bozorda shakl­langan va keyin muomalada keng qo‘llana boshlangan.

Hatto, qadimgi kitoblarda yozilishicha savdogarlar o‘z molini g‘azal bilan ta’riflagan ekanlar. Tijorat bilan shug‘ullanuvchilar shirin va o‘tkir so‘zli suxandon bo‘lganliklari bois, podshohlar doimo ularning suhbatlariga oshufta bo‘lganlar. O‘sha kitoblarda yana qayd etilishicha, savdogarlar bozorda savdo bilan mash­g‘ul bo‘lgan vaqtlarida eng yaxshi liboslarini kiyib olgan va ulardan xushbo‘y mushku anbar hidlari anqib turgan. Xaridorga o‘ta xush­muomalalik bilan muloqot qilishar, ko‘ngil bisotlaridagi eng go‘zal so‘zlarni ularga hadya etib, xaridorni o‘zlarining doimiy mijozlariga aylantirishar ekan.

Albatta, Sharq bozorlaridagi yuksak madaniyat hozir ham saqlanib qolganida, so‘zlashuvdagi muomalamiz tashvishidan xavotirlanishimizga, hatto uni maqola qilib yozib o‘tirishimiz­ga ho­jat ham yo‘q edi.

Ammo, oddiy so‘zlashuv qoidalarini, muomala san’atini ham bilmaydigan ko‘plab savdo xodimlari va bozorchi sotuvchilar rasta yoki peshtaxtalar ortida faqat molini o‘tkazish bilan band bo‘lib, millat sha’nini o‘ylamay, ma’naviyatimizga putur yetkazayotgan ekan, ularga aytar so‘zimiz, madaniyatga chorlovchi da’vatimiz bo‘lishi darkor.

Hozirda ham Yaponiya, Xitoy va Koreya kabi davlatlarda savdo sohasida ishlashga talabgor bo‘lganlar maxsus muomalani o‘rganish kursida o‘qib, uni a’lo darajada tugatgan bo‘lsagina sohada ishlashga qo‘yilar ekan. So‘z bilan xaridor ko‘nglini ololmagan sotuvchining esa tezda o‘z ishi bilan xayrlashishiga to‘g‘ri kelar ekan.

Bizda esa ba’zan zarur narsalarni so‘rab, sotuvchiga murojaat qilganimizda o‘sha narsaning yo‘qligidan emas, sotuvchining qo‘pol va nopisand muomalasidan ko‘ngil ranjiydi. Chunki ularning ko‘pchiligi xaridor bilan qanday so‘zlashish zarurligini ham anglashmaydi.

Savdogarlik aslida eng qadimiy kasblardan. ­Uning tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Tujjorlar yuksak salohiyatli va madaniyatli bo‘lishgan.

Hozirgi vaqtda shunday ulug‘ kasbning muomala madaniyatiga putur yetkazayotganlar kimlar? Umuman olganda hozirda savdo bilan kimlar shug‘ullanayotir? Qolaversa, bozor iqtisodiyoti degani hamma bozorga borib tirikchilik o‘tkazadi degani emas-ku? To‘g‘ri, davr tadbirkor bo‘lishga undamoqda. Lekin savdo sohasida faoliyat yuritish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Buning uchun ham iqtidor, shu soha bo‘yicha maxsus bilim olgan, ustoz ko‘rgan bo‘lish, sohaning sir-sinoatini bilish kerak.

Hozir bozorlarda va umuman savdo sohasida shug‘ullanayotganlarni uch toifaga ajratish mumkin. Birinchisiga ota-bobolari kasbini davom ettirib kelayotgan, ya’ni xalq ta’biri bilan aytganda “qonida borlar”. Ular bu hunarni o‘zlariga kasb qilib olgan, uning mas’uliyatini ham yaxshi his qiladilar. Yo‘lning turli azoblaridan cho‘chimay, issiqni — issiq, sovuqni — sovuq demay turli mamlakatlardan mol olib kelib, bozorlarning to‘kinligini ta’minlash uchun astoydil xizmat qiladilar. Ularning madaniyati ham, ­kiyinishi ham, so‘zlashuv odobi ham yuksak. Qolaversa, bundaylarning ma’naviyati, bilimi to‘kis. Chunki ularda shu xislatlar mujassam bo‘lmasa bozori kasod bo‘lishi yoki xorijlik sheriklari oldida pand yeb qolishlari tayin.

Ikkinchi toifaga qo‘shimcha yoki oson daromad manbaini qidirib bozorga o‘zini urganlar kiradi. Bular turli kasb egalaridan jamlangan bo‘lib, aksariyati o‘z kasb ixtisosligi bo‘yicha ishini eplolmagan, kasbini sevmagan, o‘zi ishlagan sohaga adashib kirib qolganlar hisoblanadi. Agar ular iqtidorli va qobiliyatli bo‘lganlarida o‘z sohalarida ham qo‘shimcha daromad olgan bo‘lardi. Qolaversa, bundaylarning ko‘pi ma’naviy qashshoq bo‘lib, hamma narsani pul bilan o‘lchashga moyil bo‘ladilar. Bu toifadagilar sifatsiz va arzon mol olib kelib, yurtdoshlariga uni qimmatga sotib, keragidan ortiq daromad qilishni istaydilar… Ularning muomalasida ko‘proq soxtalik, so‘zlarida pala-partishlik, yolg‘on so‘zlashga moyillik seziladi. Bundaylarning ko‘pchiligi hayot go‘zalligini his qilishdan bebahra bo‘lib, nafsning quli — ishkambaga aylanganlar.

Bozordagi bu chillaki tijoratchilar qo‘pol muomalasi, o‘zlarining takabburona va behayo so‘z­lari bilan xaridor ko‘nglini ranjitadi. Xalqimizda “Ko‘r­maganning ko‘rgani qursin” yoki “Semizlikni qo‘y ko‘taradi” degan ibratomuz maqollar bor. Bu toifadagilar cho‘ntagiga uch- to‘rt so‘m ortiqcha pul tushgandan keyin iymonini yutib, harom-harishdan, xaridor haqidan hazar qilmaydigan bo‘lib qoladilar. Ular ham millat sha’nini, xalqning go‘zal urf-odatlarini pisand qilmay, faqat o‘z jig‘ildonlarining quliga aylanadilar.

Uchinchi toifadagi, ya’ni o‘zini ahli tijorat qatoriga qo‘shganlar (bularni olib-sotarlar desak ham bo‘ladi) tirikchilik o‘tkazish niyatida bozorlarda joylashib olganlar. Bu guruhdagilar ko‘proq qishloq xo‘jalik mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadilar. Aynan shular bozorlardagi narx-navoning yuqori bo‘lishiga sababchi bo‘lishayapti. Chunki ular bozorga mahsulot olib kelgan haqiqiy dehqonning molini bozor darvozasining oldidayoq arzon-garovga sotib olib, keyin uni bir necha bor qimmatiga sotadilar. Ushbu toi­fadagilar orasida bozor qonunlarini bilish u yoqda tursin, oddiy savdo qoidalarini bilmaydiganlari ham bor.

Agar “sotayotgan karamingiz narxi nega baland” deb so‘rasangiz dollarning narxi oshgan, — deb javob qaytarishdan ham uyalishmaydi. Aslida o‘zi dollar qiymatining oshganining sotayotgan mahsulotiga qanday aloqasi borligini tushuntirib ham bera olmaydi.

Bugungi kunda bozorlarimizda bozor madaniyatini “shakllantirayotganlar” mana shu keyin­gi ikki toifa vakillaridir. Chunki birinchi toifaga kiruvchilar ozchilikni tashkil etadi.

Bozor iqtisodiyotining zarur talabi avvalambor poklik, iymon va axloqiy barkamollikni talab etadi. Shu xislatlar mujassamlashgandagina insonning ijtimoiy munosabatlarida muhim o‘rin tutuvchi axloqiy madaniyati yuzaga keladi.

Axloqiy va muomala madaniyatining shakllanishida esa tashqi muhitning ta’siri, kishilarning turmush tarzi va bosh­qa manbalar muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, insonlarning eng ko‘p muloqotda bo‘ladigan joyi ham bozor.

Demak, bozorlarda tijoratchilar ham, xaridorlar ham, bir-birlari bilan go‘zal muomalada bo‘lishsa, aytar so‘zini o‘ylab gapirishsa, ming yillar davomida shakllangan go‘zal tilimizning eng nafis tomonlarini ko‘rsatsalar, madaniyatimiz yanada yuksalgan bo‘lar edi.

Albatta, odamga so‘zlashuv madaniyatini zo‘rma- zo‘raki singdirib ham qolipga solib ham bo‘lmaydi. Buni har bir inson o‘z vijdoni va ichki madaniyati bilan ongli ravishda amalga oshirmog‘i lozim.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).