Adabiyot haqida o‘ylaganimda birinchi adabiyot o‘qituvchilarim yodimga tushadi.
Urushdan avvalgi og‘ir yillar. Hali Ulug‘ Vatan urushi boshlanmasa ham, uning sovuq nafasi sezila boshlagan davr. Shaharda yashar edik. Oilamiz boshiga musibat tushib, tug‘ilgan qishlog‘imizga ko‘chib bordik.
Qish bo‘lmasa ham dalaga qirov tushgan sovuq paytlar edi. Yangi joyga, notanish bolalar davrasiga ko‘nikish qiyin bo‘lar ekan. Maktabga bo‘yniga arqon solingan qo‘ydan battar bo‘lib kirib bordim. Oltinchi «A» sinfiga olib kirib qo‘yishdi.
Birinchi qatorda bittagina joy bor ekan, sinf to‘la bolalarning masxaraomuz nigohlari ostida o‘sha joyga borib o‘tirdim. Bir payt eshikda novchadan kelgan, ozg‘in, xushsurat bir odam ko‘rindi-yu, g‘ala-g‘ovur darhol tinib, sinf suv quyganday jimjit bo‘lib qoldi.
Hanuz esimda: meni hammadan burun o‘qituvchining ust-boshi lol qoldirdi. U nihoyatda sipo va ozoda kiyingan edi. Ohori to‘kilmagan oppoq ko‘ylak, o‘sha paytlarda rasm bo‘lgan qora charlston kostyum-shim, bo‘ynida guldor galstuk, oyog‘ida yalt-yalt etib turgan qora tufli, boshida taxi buzilmagan chust do‘ppi…
U sinf o‘rtasida to‘xtadi, birdan sukutga cho‘mgan o‘quvchilarni allaqanday vazmin nigoh bilan ko‘zdan kechirib chiqdi-da:
— Pushkin. «Kavkaz asiri», — dedi tiniq, sokin ovozda, so‘ng qo‘lidagi kitobga qaramasdan, mashhur dostonni yoddan o‘qiy ketdi.
Bilmadim, ehtimol o‘sha daqiqalargacha she’rni yaxshi o‘qiydigan odamni ko‘rmagandirman, ehtimol, o‘qituvchining kattagina dostonni deyarli yoddan bilishi qattiq ta’sir etgandir. Lekin, nazarimda, o‘sha onlargacha umrimda hech qachon bunday sehrgar ovozni, bunday maftunkor ohanglarni eshitmagan edim! Nafaqat men, sinfni to‘ldirib o‘tirgan qirqdan ortiq bolalar o‘zlari sezmagan holda buyuk doston sehriga «ilingan», doston bilan birga nihoyatda chiroyli kiyingan bu xushsurat odamga, adabiyot o‘qituvchisiga mahliyo bo‘lib qolishgan edi!
O‘sha darsdan xotiramda muhrlanib qolgan yana bir tafsilot: men qirq besh minut qanday o‘tganini bilmayman, faqat qo‘ng‘iroq chalinib dars tugab qolganidan qattiq afsus qilganim hanuz esimda.
Shu-shu, adabiyot darsi biz uchun eng sevimli darsga, adabiyot o‘qituvchimiz Mamatamin aka Mahmudov esa eng aziz inson va eng hurmatli murabbiyimizga aylandi.
Mamatamin akaning o‘zi ham she’rlar, hikoyalar yozar, biz adabiyot va san’atga oid hamma yangiliklarni u kishidan eshitar, o‘sha mahalda mashhur bo‘lgan yangi asarlar «Yosh kuch», «Guliston», «O‘zbekiston adrbiyoti va san’ati» jurnallarini ham shu odamdan so‘rab olib o‘qirdik. Umuman, Mamatamin aka faqat adabiyot emas, boshqa fanlar, xususan geografiya, tabiat, tarix fanlaridan ham yaxshi boxabar edilar. Shuning uchun ilmga, adabiyot va san’atga ishqiboz yoshlar u kishining atrofida parvona edi. Shu tarzda sakkizinchi sinfga o‘tguncha Mamatamin akadan tahsil oldik, sakkizinchi sinfdan boshlab esa, taqdir bizga yana bir ajoyib inson va iste’dodli pedagog Sulaymon aka Amirovni in’om etdi.
Sulaymon aka yigirmanchi yillarning oxiri va o‘ttizinchi yillarning boshida Samarqand pedakademiyasida ta’lim olgan. Hamid Olimjon, Mirtemir, Shayxzodalar bilan muloqotda bo‘lgan, ilm doirasi nihoyatda keng, mushohadasi o‘tkir, inson sifatida ham nihoyatda samimiy, xushchaqchaq, dilkash odam edilar. U kishi klassik adabiyotimizni ham, zamonaviy asarlarni ham, rus va jahon adabiyotini ham juda yaxshi bilar, she’rni nihoyatda chiroyli o‘qir, maktabda ham, maktabdan tashqarida bo‘ladigan suhbatlarda ham bir zumda hammani o‘ziga rom qilib olardilar. Biz o‘spirinlar u kishining suhbatlariga, yoddan she’r o‘qishlariga, jahon klassiklarining o‘lmas asarlari haqidagi hikoyalariga mahliyo edik. Sulaymon aka go‘zallik va nafosatni his etish va bu hislarini yoshlarga «yuqtirish» san’atini mukammal bilar, shu san’ati va mehri bilan bizni tamom rom qilib olgan edi. Uzun qish kechalari domlamizning tor bo‘lsa ham shinam xonasiga yig‘ilib, tancha atrofida, Sulaymon aka bilan tongotar suhbatlar qurardik…
Xo‘sh, bu uzundan-uzoq muqaddimadan maqsad nima?
Hurmatli gazetxon gapning nishabi qayoqqa qarab ketayotganini allaqachon sezayotgan bo‘lsa kerak. Darhaqiqat, maqolani o‘z yoshligim, o‘z domlalarimdan boshlashimdan maqsad — men, avvalambor, bugungi adabiyot o‘qituvchisi, uning yosh avlodni tarbiyalashdagi roli, qolaversa, umuman, maktablarda adabiyotdan dars berish muammolari to‘g‘risidagi fikr-mulohazalarim, to‘g‘rirog‘i, tashvishli o‘ylarim bilan o‘rtoqlashish edi.
Yo‘q, men bugun maktablarimizda o‘z ilmining shaydosi bo‘lgan, adabiyot va san’atni chuqur idrok etib, sevib dars beradigan adabiyot o‘qituvchilari yo‘q, demoqchi emasman. Ular bor, hatto bundaylar adabiyot o‘qituvchilari orasida ko‘pchilikni tashkil qiladi, desam yanglishmasman. Men buni qishloq maktablarida bo‘lgan uchrashuvlardan ham, gazetamizga adabiyot o‘qituvchilaridan bot-bot kelib turadigan xatlardan ham sezaman. Lekin, ming afsuski, buning aksini ko‘rsatuvchi faktlar, ya’ni o‘z fanini yaxshi bilmagan, badiiy asardan zavqlanish nimaligini anglab yetmay turib dars beradigan, oqibatda o‘z o‘quvchilarida adabiyot va san’atga mehr uyg‘otish o‘rniga, undan sovitib qo‘yayotgan adabiyot va muzika o‘qituvchilari ham oz emaski, bu narsa bizni tashvishlantirmay qolmaydi. Eng yomoni, bunday o‘qituvchilar adabiyotga o‘ta yuzaki, agar ta’bir joiz bo‘lsa, nihoyatda rasmiy va quruq bir narsa, deb qaraydilar. Aksar hollarda ularning darslik kitobini ochib, «falonchi yozuvchi falon yili falon shaharda tug‘ildi, falon yili falon asarni yozdi, bu asarida u pismadon qahramonning obrazini yaratdi» kabi tayyor gaplarni, his-tuyg‘usiz o‘lik matnni quruq, jonsiz ovozda zerikarli o‘qib berishdan nari o‘tmaydilar. Ular badiiy asarni hayot bilan solishtirib o‘qish kerakligini, asar qahramonlarining quvonchi o‘quvchining quvonchiga, musibati — sal mubolag‘a qilib aytganda — uning shaxsiy musibatiga aylanib ketishi lozimligini yo anglamaydilar, yo bunga iqtidorlari yetmaydi. Chunki Anna Karenina yoxud Otabek-Kumushlarning fojeiy sevgisi o‘quvchini larzaga solishi uchun o‘qituvchi bu asarlarni yonib o‘qishi yo ular haqida yonib hikoya qilib berishi zarur. Busiz tom ma’noda adabiyot o‘qituvchisi bo‘lish qiyin, lekin afsuski, biz bu haqiqatni unutib qo‘ymoqdamiz.
Albatta, hozirgi davrni biz tahsil ko‘rgan urush yillariga taqqoslab bo‘lmaydi. Bugungi o‘quvchilarning qiziqish doirasi bizning yoshlik chog‘larimizdagidek, faqat adabiyot bilangina cheklangan emas. Bugungi yoshlarning ma’naviy olamini boyitishga xizmat qiluvchi omillar ko‘p. Ularning e’tiborini yolg‘iz adabiyot emas, san’atning boshqa turlari — kino, televideniye, sport va hokazo-hokazolar jalb etmoqda. Boz ustiga fizika, matematika, biologiya kabi aniq fanlar taraqqiyoti ham shunday rivoj topdiki, ular yoshlarning xayolot olamini rom qilib olishi tabiiy bir hol. Lekin bu hayotiy haqiqat adabiyot o‘qituvchisining qiyofasi va uning yosh avlodni tarbiyalash to‘g‘risidagi fikrlarimizni inkor etmaydi, bil’aks, ularning oldiga yangi, ilgarigidan ham murakkabroq vazifalar qo‘yadi. Bu vazifalarning eng muhimi — adabiyot o‘qituvchilarining dunyoqarashi, ilmi, didi va madaniy saviyasi bilan bog‘liqdir. Albatta, ilm va madaniy saviya hamma o‘qituvchilar uchun bab-barobar, muhim. Lekin adabiyot o‘qituvchisi uchun ayniqsa zarur. Chunki matematika o‘qituvchisi o‘z fanini yaxshi bilsa, ehtimol, shuning o‘zi kifoyadir, biroq adabiyot o‘qituvchisi uchun bu yetarli emas. U nafaqat programmadagi yozuvchilar ijodini, balki, bugungi adabiy jarayonni aktiv kuzatib borishi shart. Bugun adabiyot va san’at sohasida nima gaplar bo‘lyapti, qaysi kitob, qaysi kino, qaysi san’at asari xalqning e’tiborini tortyapti, qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lyapti, nima uchun sevib o‘qilyapti yoki qaysi asarlar nima sababdan tanqidga uchrayapti — buni bilish deyarli farz. Nega? Chunki o‘quvchi yoshlar bugungi adabiyot va san’at asarlarini ko‘p o‘qishadi, tomosha qilishadi, bu asarlar haqida o‘zaro ko‘p bahslashishadi. Endi tasavvur eting: o‘quvchi bu yangiliklarni bilsa-yu, unga go‘zallik va nafosatdan dars beradigan o‘qituvchi bilmasa, yoshlarning savollariga «o‘qimadim, bilmayman», deb tursa!
Afsus-nadomatlar bo‘lsinki, maorif sohamizda ilmli-bilimli, yuksak madaniyatli o‘qituvchilar bilan birga, biz aytganday, o‘z saviyasi, didi, madaniyatini o‘stirish haqida o‘ylamaydigan, adabiyot muallimi bo‘la turib programmadan «bir qadam chiqolmaydigan», bugungi adabiyot va san’at bilan qiziqmay qo‘ygan, saviyasi past o‘qituvchilar ham bor, hatto dadil aytish mumkinki, oz emas!
Bundan uch-to‘rt yil muqaddam el og‘ziga tushib, yoshlarning mehrini qozongan bir shoir menga: «Falon institutning sirtqi bo‘limida o‘qiydigan adabiyot o‘qituvchilari bilan uchrashuv bo‘lar ekan, birga borib kelaylik», deb qoldi.
Uch-to‘rt kishi bo‘lib bordik. Institut domlalari bizni yaxshi qarshi olishib, izzat-hurmat bilan katta auditoriyaga boshlab kirishdi. Uchrashuv shu yerda bo‘lishi kerak ekan. Lekin negadir hech kim yo‘q edi. Biror soat o‘tgandan keyin domlalar orasida shivir-shivir boshlandi, keyin ulardan biri xijolatdan duduqlana-duduqlana uzr so‘radi. Ma’lum bo‘lishicha, uchrashuvga keladigan o‘qituvchilar qayoqqadir ketib qolishibdi. Bu gapni eshitgan adiblar, ayniqsa yosh shoirlar, qattiq ranjishdi. To‘g‘risini aytsam, avval-boshda men ham xafa bo‘ldim, biroq do‘stlarimning kayfiyatini ko‘rib gapni hazilga burdim:
— Qo‘yinglar, og‘aynilar, uchrashuvga kelishmagan bo‘lsa… buning biror-bir sababi bordir. Siz bilan biz hali klassik bo‘lganimiz yo‘q. O‘qituvchilar uzoq joylardan kelishgan. Poytaxtda nima ko‘p — teatr ko‘p, muzey, san’at saroylari ko‘p. Yangi kinolar qo‘yilyapti. O‘shalarni ko‘rishga ketishgandir!
Ertalab uyda telefon jiringladi. Trubkani olsam — o‘sha taniqli shoir. Asabiy kulyapti.
— Kecha uchrashuvga keltsagan adabiyot o‘qituvchilari qayerda bo‘lishgan ekan, bilasizmi? Chaqardagi choyxonaga borib osh yeyishipti!
Bir kuni urushdan yarador bo‘lib qaytgan o‘sha o‘qituvchimiz — Sulaymon aka sinfga kulib kirdilar-da, bir-ikki bolani chetga tortib:
— Tirik shoirni ko‘rishni xohlaysanlarmi? — deb so‘radilar.
— Xohlaymiz, — dedik biz…
— Xohlasalaring… Iqonga Toshkentdan Mirtemir kelibdi, yuringlar, borib ko‘rib kelaylik. Shoir odam, ko‘p narsdalarni biladi, bir miriqib suhbatlashib kelamiz, — dedilar Sulaymon aka.
Bizning qishloq bilan Iqon orasi ellik chaqirim keladi. Kech kuz edi. Biz eshaklarga minib qirlar, adirlar osha, soylar kechib Iqon tomon yo‘l oldik. Qishloqdan ertalab chiqqan bo‘lsak, kunbotishda Iqonga kirib bordik. Omadimiz yurishmagan ekan: biz borguncha Mirtemir aka Toshkentga qaytib ketiptilar. Afsus bilan orqaga qaytdik. Lekin tirik shoirni ko‘rish umidida bosib o‘tilgan ikki kunlik yo‘l va bu yo‘lda bo‘lgan kuz oftobiday tiniq suhbatlar, sevikli o‘qituvchimizning urushda ko‘rgan-kechirganlari, o‘qigan she’rlari, o‘zbek va jahon klassiklari asarlari to‘g‘risidagi qiziq-qiziq hangomalari hanuz dilimda, hanuz xotiramda. Bu safar esa… Toshkentga o‘qishga kelgan adabiyot muallimlari adiblarni emas, adiblar ularni istab boriptilaru ular… yo‘q, kinoga emas, teatrga, muzeyga emas, eski choyxonaga maishat qilgani jo‘nab qolishipti!
Ajabo, bu o‘qituvchilar (keyin bilsak, ularning aksariyati bitta imtihon topshirish uchun uch-to‘rt marta «yumalab», «bir amallab» «3» olib ketishar ekan!) o‘z qishloqlariga qaytib borishganda poytaxt yangiliklarini eshitish umidida ko‘zlari jovdirab o‘tirgan bolakaylarga nimani aytib berishar ekan?.. Yo‘q, men ularga emas, balki Toshkentdan qaytgan muallimlarining og‘izlariga tikilib o‘tirgan o‘sha bolakaylarga achinaman! Axir, nahot bu muallimlar go‘zallikka, nafosatga tashna bu bolalarga yangi film, yangi spektakl yoxud adabiyot va san’at olamidagi yangiliklar o‘rniga Chaqar yoki Eski Jo‘va choyxonasida yegan oshlari to‘g‘risida gapirib berishsa?
Mana, barcha o‘qituvchilar, xususan, adabiyot o‘qituvchilarining ma’naviyatiga oid yana bir muammo. Biz bu muammoga 1983 yil obuna paytida duch keldik. Men «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining bosh redaktori bo‘lganligim vajidan mazkur masalaga to‘xtab o‘tishni lozim deb topaman.
Avvallo shuni aytish lozimki, obunachilarimizning uchdan bir qismini o‘qituvchilar tashkil etadi. Buning uchun biz maorif xodimlaridan, jumladan Maorif ministrligi va uning quyi tashkilotlaridan juda minnatdormiz. Lekin obuna paytida shunday maktablarni (ayniqsa, shahar joylarda) ham ko‘rdikki, ularda o‘nga yaqin adabiyot muallimi bo‘la turib, ularning bittasi ham adabiyot va san’at gazetasiga obuna bo‘lmagan!
Albatta, men o‘zim muharrirlik qilayotgan gazetaga obuna bo‘lmadingiz, deb birovga ta’na qilishga haqqim yo‘q. Bu satrlarga ko‘zi tushgan odam ehtimol: «Gazetangiz qiziq emasdirki, ular yozilishmagandir!» deyishga ham haqlidir. Lekin, birinchidan, bizning qo‘limizdagi faktlarga qaraganda, bu maktablardagi adabiyot o‘qituvchilari faqat bizning gazetamizgagina emas, umuman boshqa adabiy jurnal va gazetalarga ham obuna bo‘lmaganlar! Ikkinchidan, o‘sha maktablarning o‘zida adabiyotdan yiroq ko‘plab o‘qituvchilar borki, ular adabiy jurnal va gazetalarga obuna bo‘lishganu adabiyot o‘qituvchilari yozilishmagan! Demak, bu yerda gap adabiy gazeta va jurnallarning saviyasidagina emas, o‘sha bir toifa adabiyot muallimlarining bugungi adabiyot va san’atdan uzilib qolganlarida, adabiy jarayonni faol kuzatib bormayotganlarida, boshqacha qilib aytganda, o‘z ustlarida ishlamay qo‘yganliklarida! Uchinchidan, bizning fikrimizcha, har qanday holda ham, adabiyot o‘qituvchisi, agar u o‘zi tarbiya qilayotgan yoshlardan orqada qolishni istamasa, adabiy jurnal va gazetalarga obuna bo‘lib, ularni muttasil kuzatib borishi shart. Aks holda, o‘qituvchi o‘z talabalaridan orqada qolib, ularga kulgi bo‘lib yurishi hech gap emas!
Albatta, yana qaytaraman, mening bu gaplarimdan biz o‘qigan paytlarda hamma o‘qituvchilar zo‘r edi-yu, hozir yaxshi muallimlar kam, degan xulosa chiqmasligi lozim. Baxtimizga, hozir ham o‘z kasbi, o‘z fanining shaydosi bo‘lgan fidoyi o‘qituvchilar ko‘p. Zotan, har bir davrning o‘z fazilati bo‘lganidek, o‘ziga xos qiyinchiliklari, yechilishi lozim bo‘lgan, ammo yechilmay qolayotgan murakkab muammolari bo‘ladiki, ularni hisobga olmay fikr yuritish adolatdan emas.
Bugun ana shunday dolzarb masalalardan biri — o‘qituvchining obro‘sini ko‘tarishdir. Sir emas, so‘nggi yillarda xo‘jalik, savdo va maishiy xizmat sohalarida ishlab, bol ushlagan barmoqlarini yalayverib jir bitib ketgan kalondimog‘ shaxslar ham ko‘payib ketdiki, ularning tasavvurida o‘qituvchilik ikkinchi darajali kasbga aylanib qolgan! Shu sabab bu olijanob kasbga mensimay qarash hollari bor. Lekin, birinchidan, mana, baxtimizga KPSS Markaziy Komitetining umumxalq muhokamasiga taqdim etilgan umumiy ta’lim va hunar maktabini isloh qilish haqidagi loyihasi e’lon qilindi. Unda o‘qituvchining qadri, uni ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish masalalari butun borligicha o‘rtaga qo‘yildi. Ikkinchidan, o‘qituvchi faqat o‘qitishgina emas, hayotiy qiyinchiliklarni bartaraf etishda ham faol bo‘lish o‘rniga, bir chekkada tomoshabin bo‘lib turishi to‘g‘ri emas. Adabiyot va adabiy qahramonlar hayotiy qiyinchiliklar bilan kurashda toblanganidek, o‘qituvchilar ham turmush qiyinchiliklarini yengib o‘tishda namuna bo‘lishlari kerak. Har kun, har soat farzandlarimizni yuksak orzular bilan yashashga, ulug‘ ideallarimiz uchun kurashga tinmay o‘rgatib borishlari darkor. Yaxshi o‘qituvchilar hamisha shunday bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladilar. To‘g‘risini aytsam, men har safar o‘z farzandlarim haqida o‘ylab, ulardan quvongan onlarimda o‘zimdan emas, balki ularga odob o‘rgatib, ilm bergan o‘qituvchilardan minnatdor bo‘laman. Shuning uchun ham bu olijanob kasb egalari oldida hamisha bosh egaman.