G‘afur G‘ulom. Atoiy emas, Otoyi (1959)

Gazetamizning shu yil 14 yanvar sonida o‘zbek klassik shoiri Otoyining filologiya fanlari kandidati Ergash Rustamov tomonidan nashrga tayyorlangan asarlari to‘g‘risida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan kutubxonachi H. Akobirova va filologiya fanlari kandidati M. Mirzayevning «Otoyi emas, Atoiy» degan bir maktublari bosilib chiqdi. Bir emas, ikki grajdanin (grajdanin bo‘lganda ham — biri xizmat ko‘rsatgan kutubxonachi, biri kandidat, olim) redaktsiyaga murojaat qilar ekanlar, maktublarini bosmay bo‘ladimi?! Fikr almashuv va lozim bo‘lib qolganda, chalakam-chatti, xato mulohazalarga ham quloq solinadi-da, to‘g‘risi aytiladi, aniq fikr yengadi, hokim bo‘lib qoladi.

Gap klassik shoirimiz Shayxzoda Otoyi taxallusining o‘zagi bo‘lgan qadim-qadim turk xalqining «oto» so‘zi ustida boradi. Maktub egalari: «Otoyi» emas, chunki o‘zbeklarda «oto» degan so‘z yo‘q, «ota» bor, «ota» so‘ziga «yoyi nisbat» bilan («yoyi nisbiy» emas — G‘. G‘.) «yi»ni qo‘shib bo‘lmaydi. Demak, shoirning taxallusi arablarning «ato» so‘zidan tuzilgan «Atoiy»dir, demakchi bo‘ladilar.

Qadim-qadimlardan buyon turkiy tilda so‘zlovchi xalqlar forsi «padar» ma’nosida bo‘lgan so‘zni «ota» emas, «oto» deb yozganlar va shunday o‘qib kelganlar, shunday talaffuz qilganlar. Agar maktub egalari aytganday bo‘lsa, Shayx Sa’diy Sheroziy ham savodsiz bo‘lib qoladi-ku. U o‘zining «Guliston» asarini Otobek Sa’d Zangiga bag‘ishlaydi, Otabekka emas. Qadim o‘zbeklarda «o‘ng qo‘l vazir», «so‘l qo‘l vazir» mazmunidagi «o‘ng oto-liq», «so‘l otoliq» so‘zlarini ham «o‘ng otalik», «so‘l otalik» deb aytishga to‘g‘ri keladi. Yoki go‘dak o‘g‘illarni erkalaganda-ku «otoxonim», «otom o‘g‘lim», deyilardi. Agar bu so‘zlardagi «o»ni «a»ga aylantirganda talaffuz erkinligi buziladi.

To‘g‘ri, «oto» deb aytish hozirgi o‘zbek imlosiga mos emas, ammo, qadim turkiy xalqlar, shularning ichida qadim o‘zbeklar ham o‘zlaridagi til xususiyatlari va talaf-fuzlariga ko‘ra «oto», «ono», «bobo» deb yozganlar, shunday deb o‘qiganlar.

O‘zbek tili tarixini o‘rganishda yoki o‘zbek klassiklarining asarlarini ommaga taqdim qilishda xalqlarga, xususan o‘zbek adabiy tiliga xos xususiyatlarni, o‘zbek va turk xalqlari tillaridagi orfografik va fonetik talablarni hpsobga olish shart va o‘tmishdagi «oto»ni hozirgi «ota»ga almashtirish kerak emas edi.

SSSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining Leningraddagi qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan 22 raqamli yakkayu yagona qo‘lyozmada (bu qo‘lyozmadan olingan fotokopiya O‘zbekiston Fanlar akademiyasi A. S. Pushkin nomli Til va adabiyot institutining klassik adabiyot bo‘limida saqlanmoqda) shoir taxallusi, taqrizchilarimiz da’vo qilganlaridek «ayn», «itqi» va «alif»dan iborat arab so‘zi «ato» (yaratmoq, paydo qilmoq, baxsh etmoq) dan emas, «alif», «te» va «alif»lar bilan yozilgan o‘zbek so‘zi «Oto»dan olinib, «Otoyi» shaklida yozilgan. Hatto devondagi 130 g‘azalda alifning ustiga «mad» (cho‘zib, «o» tarzida o‘qish kerakligini qayd qiluvchi arab imlosidagi maxsus belgi) qo‘yilgan. Kitob XVI asrning birinchi o‘n yillarida yozilgan (1505 yilda ko‘chirilgan, deb taxmin qilinadi). XV asrda yashagan bu kotib shoir Shayxzoda bilan zamondosh bo‘ladi, ya’ni o‘ziga «Otoyi» deb taxallus qo‘ygan shoir va uning devonini ko‘chirgan kotib o‘z zamonasining ilmlaridan yetuk bahramand bo‘lgan, arab, fors, turkiy lug‘atlarini mukammal bilgan, pashsha qanoticha xatoga yo‘l qo‘ymaydigan kishi bo‘ladi. Ular o‘z turkiy so‘zlarining eshitilish, yozilish va talaffuz qoidalarini yaxshi bilgan, o‘zbek, turk so‘zi «bol» (asal)ni forscha «bol» (qanot) dan yaxshi farq qilgan olnmlardandir.

Arablar turkiy lug‘at bo‘lgan «xotun» so‘zini «havotunon», «xavotin» shaklida jam qiladilar yoki forscha «sirka» va «angubin» so‘zlaridan to‘qima «sirkangubin», murabboni «sikanjabin» deb arabiylashtiradilar. Bu bilan bu so‘zlar arabniki bo‘lib qolmaydi.

Keling, hali ham klassik shoirimizni o‘z oti bilan «Otoyi» deb aytaveraylik. Arablashtirishning hojati yo‘q.

Har holda bir narsaga iqror bo‘lish kerakki, men ham, siz ham hurmatli maktub egalari, mashhur olim, sharqshunos, turkolog, lingvist, akademik, professsor A. N. Samoylovichdan ham yaxshiroq bilmasak kerak. Bu marhum atoqli («otaqli» yoki «otoqli» emas — G‘. G‘.) sovet sharqshunosining bir necha o‘n yillar mobaynida olib borgan chuqur ilmiy tekshirishlari natijasida yozgan «Chagatayskiy poet XV veka Atai» sarlavhali maqolasida ham shoirning 260-g‘azalida ko‘rsatilganidek, o‘z taxallusi shaklida, maktub egalari da’vo qilganday «عطاىى» shaklida emasligini isbot qiladi (o‘qing: «Zapiski kollegii vostokovedov pri Aziatskom muzee Akademii nauk SSSR», tom II, vыpusk 2, Leningrad, 1927, str. 257—274; yoki professor Fitratning 1928 yilda O‘znashr tomonidan bosilgan «O‘zbek adabiyoti namunalari» degan to‘plamning birinchi jildini qarang, 151—158-betlar).

Bu olimlar klassik shoirimiz Shayxzodaning taxallusi «عطاىى» — «Atoiy» emas, balki turkiy «oto» so‘zidan «Otoyi» «آتايى» ekanini qayd qiladilar. Biz ham shunday deymiz.

«Tegirmon toshi» degan o‘zbek so‘zini majburiy ravishda «takorim ul-atvosh» deb jam qilishga urinishday bema’nilik hech qachon «ilm» deb hisoblanmaydi.

Endi «yoyi nisbat», «yoyi masdar» kabi «yi», «iy»larni aniqlab berish tilchilarimizning ishi, men tilchi emasman. Lekin maktubdagi «uqtirish» to‘g‘ri emas.

Shoir Otoyining tarjimai holidan shu narsa aniqki, shoirning ota-bobolari nasab jihatidan bir-ikki bo‘g‘in orqali Ahmad Yassaviyga borib tutashadi. Shoirning mozori Toshkentning shimolidadir. Bu mozorlar hali ham bor. Revolyutsiyagacha katta ziyoratgoh bo‘lgan yerlar. Shoir Otoyi shimoliy Turkistonning (Chimkent, Sayram, Turkiston, Iyqon, O‘tror) qaysi bir yeridadir tug‘ilib, keyin ma’rifat qidirib qadim poytaxtimiz Hirotga (Hiriga) borib, shu yerda turg‘un bo‘lib qolgan bo‘lsa kerak. U Shohrux va Ulug‘beklar davrida yashagan, ijod qilgan. Uning o‘z ismi haligacha ma’lum emas. Yassaviy boshliq Turkiston shayxlarinint avlodidan bo‘lganligi uchun laqabi Shayxzodadir. Shoirning so‘zidagi o‘ta tiniq o‘zbeklik shimoliy Turkiston o‘zbeklarining shevasini eslatadi. Uning 260 lirik gazalidan 109 tasi aruz vaznlariga mos tushadigan xalq qo‘shiqlari vaznlari bilan yozilgandir. Asarlariga til tomonidan shoir Ahmad Yassaviyning kuchli ta’siri bor. Mening so‘zim — shu. Shoirning taxallusi «Atoiy» emas, «Otoyi»dir. Yuqoridagi «oto» so‘zining yozilishi, talaffuzi, eshitilishi to‘grisidagi da’vomizni oqlash uchun shoirning bir g‘azalini keltiramiz:

Desangkim: «Jon sipar qilg‘il, Otoyim!»
Turubmen ushmunoq, o‘ldur, ot, oyim!
Qulingmen soqlasang, jonim borincha,
Agar soqlamasang sen bil, sot, oyim!
Necha sarxush esang husning mayindin
Vafo jomi mayindin ham tot, oyim!
Baqosizdur bu besh kun umri foniy,
Boqayin oy yuzunga bot-bot, oyim!
Falaktin o‘tkarurman mehring o‘qin,
Desangkim: «Qaydasen, oyo, Otoyim?»

Shu she’rda arabcha «عطاىى» («Atoiy») taxallusini na mazmuni, na shakl, na talaffuz va na qofiya jihatidan ishlatib bo‘ladi. Na fors adabiyotida va na o‘zbek klassiklari ichida arab so‘zi «ato»dan yasalgan «Atoiy» taxallusidagi bironta shoirni uchratamiz.

Muhtaram maktub egalari «qat’iy» fikr yuritishdan avval shoirning Leningraddagi 22 raqamli devoni qo‘lyozmasini; jilla qursa, bu qo‘lyozmaning O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti klassik adabiyoti sektorida saqlanayotgan fotokopiyasini bir ko‘zdan kechirishlari kerak edi.

“O‘zbekiston madaniyati”, 1959 yil 21 yanvar