Abdulla Qahhor. Ulug‘ hindi (1964)

Ulug‘ adib, ulug‘ shoir, dramaturg, hikoyanavis Robindranat Tagorning hind adabiyoti taraqqiyotida xizmati katta.
Tagor eski bengal poeziyasining lirik shakllarini takomillashtirdi, unga jilo berdi, bu shaklning alomat namunalarini yaratdi.
Tagor bengal adabiyotiga Yevropa adabiyotining qudratli shakllarini olib kirdi, o‘rnatdi, mustahkamladi, uning romanlari bengal adabiyotidagina emas, umuman, hind adabiyotida yangilik, taraqqiyot bosqichi bo‘ldi.
Tagor bengal adabiy tilini jonli tilga, bengal adabiyotini ommaga yaqinlashtirdi.
Ulug‘ san’atkor, ulug‘ kishi, ulug‘ hindi adabiyotni odam bolasining g‘am-kulfatiga barham berish, hind taraqqiyoti va Hindiston qudratining o‘sishi yo‘lidagi asosiy to‘siq bo‘lgan kastachilikni o‘rtadan ko‘tarib tashlash, hindini pachoq va notavon qilayotgan mustamlakachilik sharoitiga qarshi kurashga yo‘naltirdi.
Hindistonda ingliz mustamlakachiligi salkam ikki yuz yil hukmron bo‘ldi, salkam ikki yuz yil mamlakatni g‘orat qildi. Mustamlakachilik faqat mamlakatni g‘orat qilmaydi, undan ham yomonrog‘i, odamlarni, xalqni ruhan g‘orat qiladi, shunday qiladiki, qul hayotini kechirayotgan, insonga nomunosib hayot kechirayotgan odamda shu hayotga qarshi norozilik, isyon ruhi butkul so‘nadi. Hindistonga borgan kishi hatto hozir ham million-million odamlar ko‘chada tug‘ilib, ko‘chada olamdan o‘tayotganligidan ham ko‘ra ularda shu hayotga qarshi norozilik ruhi bo‘lmaganiga ko‘proq hayratda qoladi.
Bu yomon! Urushda vayron bo‘lgan imoratni tiklash oson, lekin mustamlakachilik qo‘l-oyog‘ini bog‘lab taqdir hukmiga topshirgan odamni bu falokatdan xalos qilish qiyinroq!
O‘sha vaqtlarda hind ziyolilari orasida paydo bo‘lgan har xil oqimlar, jumladan, muhtoj kishi muhtojligini o‘zi sezmasa muhtoj emas degan aqidani olg‘a surguvchilar, siyosiy kurash o‘rniga turli islohotlar o‘tkazish yo‘lini tutganlar mana shuning oqibati bo‘lib maydonga kelgan edi.
Tagor hikoyalarida mustamlakachilik hukmdorlaridan, bengal mansabdorlaridan kuladi, ingliz hukmdorlarining zolimligini ko‘rsatib beradi. «Gora» romanining markazida esa Hindistonni mustamlaka tuzumiga qarshi oyoqlantirish qasdiga tushgan otashin vatanparvar obrazi turadi.
Jahonda qo‘zg‘olgan ozodlik nasimi Tagor yurtida ham yelib qoldi. Hind xalqi uyg‘onib, mustamlaka tartibini Hindistonga qaytarmaslik uchungina emas, bu malomatli marazni yer yuzidan butkul ko‘tarib tashlash, ya’ni urushga qarshi tinchlik uchun kurashayotibdi. Bu kurashda Tagor butun hind xalqi bilan birga, hind ziyolilari bilan qo‘lni qo‘lga berib hamkorlik qilayotibdi.
Biz bugun, vatanparvar ulug‘ hindi Rabindranat Tagor­ning tug‘ilganiga 100 yil to‘lgan kunda buyuk do‘stimiz hind xalqiga, uning ziyolilariga bu kurashda g‘alaba ustiga g‘alaba tilaymiz.

1964 yil