Abdulla Qahhor. Talant (1956)

Biz bugun poeziyamizda ko‘pdan uchirma bo‘lib yurib, endi dadil qanot qoqayotgan, ba’zan yiqilib tushsa ham, lekin she’riyatning baland cho‘qqilarini ko‘zlayotgan birmuncha yoshlarimizni ko‘rib quvongani yig‘ildik.
Kim biladi, bu yerda kimlar o‘tiripti ekan! Hali chiqib o‘z asarlarini o‘qib beradigan yoki keyingi shunaqa yig‘ilishlarda o‘qigani navbat kutib turgan yoshlar orasida o‘z zamonasining Navoiysi, Pushkini bo‘ladigan odam yo‘q deb kim ayta oladi? Agar bo‘lsa bitta-ikkitamikan?
O‘sha muborak kunlarga yetishganimizda bugungi va shunga o‘xshagan boshqa yig‘ilishlarimizni o‘z zamonasining Na­voiysi, Pushkini bo‘lib qolgan odamlar ham eslaydi, bu yerda uning birinchi parvozini ko‘rgan odamlar ham eslaydi.
O‘shandoq muborak kunlarga yetishishga umidimiz katta. Umid qilish uchun hamma shart-imkoniyat mavjud: talantimiz bor, talantni xalqimiz bag‘rining harorati bilan undiradi, o‘stiradi. Lekin talantni o‘stirish, avvalo, talant egasining o‘ziga bog‘liq.
Navoiyning bir hikmatli so‘zi bor:

Garchi quyoshdin parvarish olam yuziga om erur,
Sahroda qomg‘og‘u tikan, bo‘stonda sarvu gul bitar.

Ya’ni quyoshning nuri barchaga barobar bo‘lsa ham, sahroda tikanu bo‘stonda sarvu gul bitadi.
Bu juda chuqur, juda zo‘r gap, do‘ppini yerga qo‘yib, xo‘p o‘ylab ko‘radigan gap.
Bir xilda talantga ega bo‘lgan ikki odam bir xildagi sharoitda ikki olam bo‘lib qolishi mumkin.
Demak, yaxshi shoir bo‘lish uchun katta talant, yaxshi sharoitning o‘zi kifoya qilmaydi.
Bunga adabiyotimiz tarixida misol juda ko‘p.
Men adabiyotga qadam qo‘ygandan beri adabiyotga kirib chiqqan odamlarning soni bor-u, sanog‘i yo‘q. Bularning bir qismi yozish-chizishga bo‘lgan havasini talant deb o‘ylagan, shuning uchun adabiyotga yanglish kirgan odamlar-da.
Bularning yana bir qismi adabiyot qalbning bir chekkasini emas, hammasini talab qilishini bilmagan, talant kun sayin mehnat bilan jilo berib turilmasa zanglab, butkul yaroqsiz holga kelib qoladigan asbob ekanidan bexabar kishilar edi.
Bularning uchinchi bir qismini g‘urur-manmanlik kemirib, yeb, safdan chiqarib tashladi. Bular besh-o‘nta o‘quvchi orttirar-orttirmas kekkayib, o‘qimay qo‘ydi, o‘sishdan to‘xtadi, tanqid qulog‘iga kirmaydigan bo‘lib qoldi.
O‘zining kuchiga ortiqcha ishonib o‘quvchini mensimay pala-partish narsalar yozib kitobxonni o‘zidan bezdirdi. Bular orqadan kelayotgan yoshlarning oyog‘i ostida qolib, esdan chiqib ketdi.
Bularning to‘rtinchi bir qismini o‘z hayotini tartibga solmaslik, yashay bilmaslik xarob qildi. Hayotni tashkil qilolmaslik, turmushda intizomsizlik adabiyotimizga katta zarar yetkazdi.
Bunday xursandchilik kezlarida ko‘ngilga uncha xush kelmaydigan o‘tgan-ketgan gaplardan gapirish yaxshi emas, albatta, lekin yaxshi ovqatga ozroq murch sepilsa, ishtaha ochiladi, xolos.
Adabiyotimizning kelajagi katta o‘zbek adabiyotini yara­tuvchi talantli, mehnatsevar yoshlarimizga muvaffaqiyat tilayman.

1956 yil