Abdulla Qahhor. Shakl va mundarija haqida (1963)

(Yozuvchilar soyuzi partiya tashkilotining nazariy seminaridagi nutqning tezisi)

So‘nggi 25—30 yil mobaynida biron kishi shakl va mundarija birligi to‘g‘risida munozara qilganini bilmayman. Shakl va mundarija birligi bizning uchun eng oddiy haqiqatdir.

Lekin xalqda «yaqindagini bo‘ri yemaydi», degan maqol bor — bizda mavjud bo‘lgan va hamisha ko‘z oldimizda turgan formalizmni payqamaymiz.

Hozirgi poeziyamizda ikki xil vazn bor: barmoq va aruz. Butun xalq ijodiyoti, deyarli butun hozirgi poeziyamiz barmoq vaznida, butun klassik poeziyamiz va hozirgi poeziyamizning juda oz qismi aruz vaznida yozilgan.

Barmoq vazni bizning o‘z vaznimiz bo‘lib, o‘zbek tilining xususiyatiga asoslangan. Aruz arab va fors tillarining xususiyatiga asoslangan bo‘lib, bizning tilimizga begonadir.

«Barmoq» tilimizda hamma tillar hisobiga boyish imkoniyatini beradi, «aruz» esa tilimizni mana shu imkoniyatdan mahrum qiladi. Aruz rus va internatsional kalimalarni hammavaqt ham xushlayvermaydi bu so‘zlar yo ko‘pincha vaznni buzadi, yo o‘zi buziladi.

Shoir Lohutiy tojik tilida, ya’ni ona tilida yozgan:

Alo, duxtar, ki Farhodi gu bosham,
Shikori chashmi jallodi tu bosham.
Gujo oyam, kiro benam chi sozam,
Ki man ham dar brigodi tu bosham.

«Brigada» degan so‘zning qay ahvolga tushganiga e’tibor bering. Aruzning bahri (turi) ko‘p, bir bahrga tushmagan so‘z boshqa bahrga masalan, «mototsikl» degan so‘z mutlaqo tushmaydi, «mototsikl» so‘zi tushadigan bahrga esa, «samolyot», «kosmos», «kosmonavt» degan so‘zlar tushmaydi.

Aruzchilar: «Navoiy o‘zining zo‘r asarlarini aruzda yozgan», deyishadi. To‘g‘ri, lekin u zamondagi tilimizning ahvoliga bir ko‘z tashlang:

Ashriqat min aksi shamsul ka’s anvorulhudo,
Soliki rohi haqiqat ishqi aylar iqtido…

Bundagi 10 so‘zning 7 tasi arabcha, 1 tasi forscha, 1 tasi o‘zbekcha. Bundan soddaroq baytni olaylik:

E, jamoling, nozu ishvang bir-biridan xo‘broq,
Qomating marg‘ubu andin paykaring marg‘ubroq.

Bundagi 9 so‘zdan 4 tasi arabcha, 3 tasi forscha, 2 tasi o‘zbekcha bo‘lib, buning ham biri (andin) aruzga muvofiqlashtirilgan.

Hozirgi aruzchi shoirlarni olaylik.

Habibiyning «Yangi dunyo» degan she’rida jami 92 so‘z bo‘lib, buning 31 protsentini arabcha-forscha kalimalar tashkil qiladi.

Barmoqda yozadigan shoir Shuhratning «Ilk tomchi» degan she’rida jami 58 ta so‘z bo‘lib, bularning 8 protsentini chet so‘zlar tashkil qiladi.

Aruzchilar: «Klassiklarda o‘zbekcha so‘zlar ko‘pchilikni tashkil qiladigan she’rlar ham uchraydi», deyishadi. Haqiqatan shundoq, masalan, Navoiyda shunday satrlar bor:

Xiradmand chin so‘zdan o‘zga demas,
Vale borcha chin ham degulik emas.

Bu satrlar haqiqatan, deyarli o‘zbekcha so‘zlardan tashkil topgan, lekin uning o‘qilishiga diqqat qiling: har bir so‘z aruzga muvofiqlashtirilib forscha talaffuz bilan o‘qiladi.

Biz ko‘p vaqt xonandalarni tekst so‘zlarini buzib o‘qishda ayblaymiz. Bunga sabab shuki, o‘sha xonandalarimiz tekstda uchraydigan ko‘p so‘zlarning ma’nosini bilishmaydi. «Boda oshom» (may ichuvchi) — boda ash’om, «tolibi nuri chirog‘man» (chirog‘ nuriga muhtojman) — tolibi nuruli chirog‘man, «afg‘on» avg‘on o‘qiladi.

Gap faqat shundagina emas. Gap yana shundaki, aruzning musiqasi bilan niqoblangan, aslida puch, badiiyatga aloqasi yo‘q she’rlar ko‘payib ketayotipti.

Aruz qanday shakl ekanini shundan ham bilsa bo‘ladiki, ittifoq adabiyoti xazinasini boyitayotgan, bu xazinadan bahramand bo‘layotgan shoirlarimizdan birontasi ham aruzni o‘zining asosiy ijodiy yo‘li qilib olgani yo‘q, holbuki yetuk shoirlarimizning hammasi aruz vaznida yoza oladi.

Bundan ko‘p yillar muqaddam bir majlisda men aruz haqida mulohazalarimni aytganimda, majlisga raislik qilgan marhum Hamid Olimjon mening tezislarim yozilgan qog‘ozning orqasiga quyidagi qaydlarni qilgan:

1. Hozirgi aruzni qo‘llanishda ilmiy zamin bormi, yoki bu quruq taqlid natijasimi? Sobir… kitobiy va hayotiy tamoyil.

2. Aruzga havas ortuvining sabablari nima? Qo‘shiq, radio masalalari.

3. Tilning tozaligi uchun kurash va aruz.

4. Hozirgi she’r soddaligi masalasi va eski qoliplangan iboralar masalasi nadir?

5. Formalizm masalasi.

6. Hozir aruz adabiyotning saviyasini ko‘tarayotirmi? Uyg‘un aruzlari uning ijodini ko‘taradimi?

7. Hozirgi adabiyotimizning saviyasini qaysisi tayin etadi? Harholda aruzni ishlatish kerakmi?

8. Yangi yoza boshlagan yozuvchi qaysindan boshlashi kerak? Aruzda yozish uchun arab va fors tillarinn bilish masalasi. Barmoqda yozmoq uchun o‘zbek tili — onadan o‘rganilgan tilni yaxshi bilish shartligi.

9. Adabiy asarning mazmuni va badiiy to‘qimasiga kira bilish.

10. Gimn masalasi. Boshqa yetuk shoirlarimiz singari Hamid Olimjon ham aruzda bir-ikkita she’r yozgan, shundoq bo‘lsa ham yuqoridagi qaydlar uning aruzga salbiy munosabatda bo‘lganini ko‘rsatadi.

Tilimiz aruzning talabiga zid yo‘ldan taraqqiy qilayotipti, shuning uchun uning poeziyamizda kelajagi yo‘q. Lekin bundan aruzni mutlaqo ishlatmaslik kerak, degan xulosa chiqmaydi, chunki transport tuyaning ahamiyatini yo‘qotgan bo‘lsa ham, u hali yashashi mumkin, bir joyda bo‘lmasa, bir joyda hamon qo‘l kelib turadi.

Ba’zi bir kishilar: «Bir vaqtlar yoshlik qilib Navoiyga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lgan edik», degan to‘g‘ri fikrning posangisiga aruzga bo‘lgan munosabatimizni ham qo‘yib yubormoqchi bo‘lishadi. Biz aruzga hech qachon noto‘g‘ri munosabatda bo‘lgan emasmiz — hamma vaqt uni muzey eksponati hisoblaganmiz va minba’d ham shunday hisoblaymiz.

1963 yil