Abdulla Qahhor. San’at asarining qanoti (1964)

Bir suhbatda birov san’at asarining yaxshi-yomonligi har kimning didi, ta’bi, o‘sha tobdagi kayfiyatiga bog‘liq deb qoldi. Sirtdan qaralganda, bunga qarshi bir nima deb bo‘lmaydiganga o‘xshaydi, lekin haqiqatda bu ta’rif san’atning qalbiga xanjar uradi, uning qanotini qayiradi.
San’at asari chaqmoq, mushak, kamalak singari lahzani obod qiladigan umri qisqa, mag‘zi puch go‘zallik emas, balki adabiyotni bezaydigan, umri boqiy va mag‘zi to‘q go‘zallikdir.
30-yillarning boshida «So‘nggi kecha» degan bir film ko‘rgan edim. Bu film o‘ttiz yildan beri esimdan chiqmaydi, bunga birdan-bir sabab filmdagi qari bir ishchining alomat obrazidir.
Inqilob arafasi. Qurolli qo‘zg‘olon ko‘targan ishchilar fabrikantni qo‘lga olib maktab binosiga qamashadi va unga bir keksa ishchini qorovul qilib qo‘yishadi. Ikki olam vakillarining bu uchrashuvida tomoshabin ishchi choldan taxminan shu so‘zlarni kutadi: «Sen, tekinxo‘r, yillar davomida biz ishchilarning qonimizni so‘rib kelding, endi saltanating tugadi, biz sen yaratgan olamga o‘t qo‘yamiz».
Bu haq gap, biroq ishchi bunaqa gaplarning yaqiniga ham bormaydi, aksincha, shunday odamning tepasida miltiq ko‘tarib turganidan xijolat, unga yaqinroq borgisi, umrida, ehtimol, ko‘rmagan, ko‘rgan bo‘lsa ham, uzoqdan qorasiga ko‘zi tushgan odamini yaqindan ko‘rgisi, iloji bo‘lsa, boy ro‘yxush bersa, u bilan birpasgina gaplashib o‘tirgisi keladi. Bunga uning qo‘lidagi miltiq, qorovullik burchi emas, boyning salobati xalal beradi. Boy tilyog‘lamachilik qilib so‘z qotganda chol odam qatoriga kirib qolgani, shunday odam so‘z qotadigan bo‘lib qolganiga gerdayib o‘zini yo‘qotadi, boy bundan foydalanib: «Hammamiz bir odammiz-ku, meni qo‘yib yubora qol», – deganidagina o‘ziga keladi, burchini eslaydi va qarshisida dushmani turganini ko‘rib unga inqilobning sodiq soldati bo‘lib qaraydi. Bu insonning qalbiga chuqur qo‘l solib, zargarning sabri-hafsalasiyu naqqoshning hunari bilan oro berilgan obrazdirki, bunaqa obraz asarning qanoti bo‘lib, uni zamondan-zamonga, makondan-makonga parvoz qildiradi.
Bizning kinematografiyamizning go‘daklik chog‘laridagi asarlari, tabiiy, mana shu qanotdan yolchigan emas edi, shuning uchun bu asarlar uzoq parvoz qilolmadi.
Lekin bu san’atimiz hozir o‘smirlik chog‘idayoq qudratli qanot paydo qilayotibdi. Deyarli hamma kartinalarimiz Ittifoq doirasiga parvoz qilayotgani, bir qancha kar­tinalarimiz chet el sahnasiga chiqqanligi shuni ko‘rsatadi.
Yangidan-yangi filmlarimiz qudratli qanotini yozayotibdi, bular jahonni aylanib chiqishiga aminman.

1964 yil