Abdulla Qahhor. Armanistonda o‘zbek adabiyoti haftaligi (1963)

Biz bugun Armanistonda o‘zbek adabiyoti haftaligini yakunlayotibmiz. Haftalikning siyosiy va madaniy ahamiyati ta’rifdan tashqaridir. Buni shundan ham bilsa bo‘ladi: bizning adabiy jamoatchiligimiz, sizlarning adabiy jamoatchiliklaring haftalikka oylab emas, yillab tayyorlik ko‘rishdi; bizda ham, sizlarda ham partiya va hukumat bu madaniyat bayramiga butun xalq ishi deb qarashdi.
Qardosh respublikalarda o‘tkaziladigan adabiy o‘nkunliklar ikki adabiyot bir-birini o‘rganishi, bir-birini ovoza qilishi, bir-birining holidan xabar olishi, bir-biridan o‘rganishi va bir-biriga yordam berishi demakdir.
Shu nuqtai nazardan qaralganda, haftalik garchi bugun yakunlanayotgan bo‘lsa ham, haqiqatda endi boshlandi deyish kerak. Shuning uchun adabiy haftalik ikki adabiyot, ikki xalq orasidagi do‘stlik rishtasini mustahkamlab davom eta beradi.
Bu madaniyat bayramining yana bir muhim tomoni shundaki, bir respublikaning ko‘pgina yozuvchilari boshqa respublika hayotining nafasini bevosita tuyadi. Buning o‘rnini hech narsa, hatto adabiyotning o‘zi ham bosolmaydi.
Ko‘pchiligimiz sizlarning respublikalaringga birinchi marta kelishimiz. Hayfki, ko‘pchiligimiz bu ajoyib mamlakatga ilgariroq kelish, uning mo‘jizakor xalqini ko‘rishdek quvonch va xursandlikdan uzoq zamon o‘zimizni mahrum qilib kelgan ekanmiz.
Do‘stlarimiz bizga respublika, uning jo‘sh urib turgan hayotini, aqlimizga oziq, qalbimizga quvonch bag‘ishlaydigan hamma narsani ko‘rish imkoniyatini berishdi. Biz butun respublikani kezdik, uning tabiatini, o‘z yurtini obod qilayotgan odamlarini, alomat osori atiqasini ko‘rdik.
Armanistonning tabiati to‘g‘risida nima deyish mumkin? Butun dunyo dinlari va’da qiladigan afsonaviy jannat agar osmonda bo‘lsa, faqat Armanistonning ustida, agar yer ostida bo‘lsa, faqat Armanistonning ostida bo‘lishi mumkin, agar yer yuzida bo‘lsa, sho‘ro Armanistonining o‘zidir.
Biz sizlar bino qilayotgan shaharlarni ko‘rdik. Bu shaharlarda kishi quvonib ishlaydi, quvnab yashaydi. Bu shaharlar bepoyon Vatanimizning bir go‘shasi bo‘lgan Armanistonning ertangi kuni haqiga tosh qasidalaridir.
Sizlar hamma ishni ham qoyil qilar ekansizlar. Sizlar yozuvchilikka ham, dehqonchilikka ham, imorat solishga ham, ashula aytishga ham, raqsga ham, mehmon kutishga ham, qadah ko‘tarishga ham usta ekansizlar.
Bunga sabab shuki, hamma ishni armanning qo‘li, armanning dili bilan qilasizlar. Armanning qo‘li bilan qalbi hamma narsani gullatadi, yashnatadi. Ba’zan nazarimda go‘zal Ararat ham armanning qo‘liyu qalbi bilan bino bo‘lganga o‘xshab ketadi.
Ararat to‘g‘risida.
Araratni birinchi marta ko‘rganimda Hindistonning tosh saroylari, Ajantadagi tosh Budda esimga tushdi.
Bu tosh saroylardan birining to‘ridagi qorong‘i hujrada Buddaning tosh haykali bor. Bu haykalga chiroqni o‘ng tomondan tutsangiz Budda tabassum qilganday, chap tomondan tutsangiz yig‘laganday ko‘rinadi. Shunday qilib, qorong‘i hujradagi tosh Budda bir beti bilan kulganday, bir beti bilan yig‘laganday tuyuladi. Ararat to‘g‘risida ham shuni aytgim keladi: bu tog‘ bir beti bilan quvonib jilmayadi, bir beti bilan qon yig‘laydi.
Uning jilmayganiga sabab jonajon Armaniston tepasida turganligi, yig‘laganiga sabab musofiratda ekanligidir.
Men Araratning ikkala beti bilan jilmayishini jon-dilim bilan tilar edim.
Mavzudan chiqib ketdim, lekin nima haqida gapirayotganimni unutganim yo‘q: arman qalbi, arman muhabbati to‘g‘risida gapirayotgan edim.
Armancha muhabbat deganda muzda qizil gul bitadi, tosh meva soladi. Bunday muhabbatdan momaqaldiroq musiqaga aylanadi, chaqmoq abadiy ziyo beradi.
Men o‘z yurtimga bir oz arman muhabbatidan olib ketayotibman. Men o‘z respublikamni sevaman, o‘zbekcha sevaman, lekin endilikda armanning o‘z ona yurtiga muhabbatini ko‘rganimdan keyin yurtimni armanchasiga ham sevgim kelib qoldi.

1963 yil