Tohir Qahhor. Kelajakning savoli (1990)

Inson tuproq ustida yashashi bilan 6irga, tuproqni ham yashnatishi kerak…

Akademik Ziyo Bunyodov bilan muloqot

1

Kimki yomon ishlarni ko‘rsa, qo‘li bilan to‘g‘rilasin, agarda bunga qodir bo‘lmasa, tili bilan aytsin, bunga ham qodir bo‘lmasa, dilida inkor etsin; oxirgisi imonning zaifligidur, deyilgan muqaddas kitobda.

Hamma zamonlarda ham bu uch ishni qilguvchilar topiladi. Yaxshi davrlarda yomonlikni qo‘l bilan tuzatguvchilar ko‘payadi. Tarixdan ma’lumki, kunlar zolimlarga qolganda — qo‘llar, tillar kesilgan, nochor olomonning dasti mehnat, zaboni riyo bilan kishanlangan, ammo qalblarda yovuzlikka nafrat to‘lib boravergan.

Biz bugun yaqin o‘tmishga, nihoyat, soxta pardalarni yulib tashlab, o‘z ko‘zimiz bilan qaray boshladik. Ko‘rdik: qatag‘onlarda ellarning ahlli, kurashchi boshlari kesilmish; millatlarning ming yillik yozuvlari, madaniyatlarini yo‘qotmishlar; xalqlarni fikrdan, jur’atdan ayirib, mutelik va jaholat chohlariga otmishlar; jamiyatimiz qahatchiliklar, qardoshlik (grajdanlik) urushlarini, ma’naviy ochliklar davrini boshdan kechirmish — bugungi iqtisodiy va ma’naviy muammolarning ildizi hamon o‘sha qo‘l bilan tuzatilmagan yovuzliklar asoratidan sozlanmoqdaki, ularni fosh etish, adolatni tiklash bu kun kishilarining burchi.

Inson uchun madaniy manbalarni man etish — nafas olishni taqiqlash bilan barobar. Holbuki, yarim asrdan ortiq bir vaqt mobaynida eski o‘zbek imlosidagi kitoblarga, ayniqsa, islom madaniyatiga mansub ming yillik tarixiy-adabiy va fanniy kitoblarga «xurofot» deb qaraldiki, buning o‘zi xurofotdir. Mamlakatimizda ruslarning xristianlikni qabul qilganining ming yilligi nishonlanishi sovet kishilarining dinga bo‘lgan avvalgi munosabatini o‘zgartirdi.

Ko‘p millatli Sovet Ittifoqida bu kabi ezgu harakat — otalar yaratgan ma’naviy boyliklarni qadrlash faqat Rossiyadagina emas, boshqa millatlar yashayotgan o‘lkalarda ham ko‘zga ko‘rinmoqda. Jumladan, inqilobgacha «rus musulmonlari» deb atalgan chor imperiyasi tarkibidagi barcha turkiy xalqlarning muqaddas kitobi sanalguvchi Qur’oni Karimning tarjimasiga, nashriga kirishilgani, qisman yerlarda ibodat joylariga ruxsat etilgani, yangi diniy nashrlar chiqa boshlagani ommani quvontirmoqda. Bunday ishlar tepasida, shubhasiz, xalqni sevgan, hurmat qilgan ilm va e’tiqod kishilari turibdi. Ular bu xayrli mehnatni qo‘l bilan, til bilan, dil bilan el manfaati uchun qilmoqdalar. Mamlakatimizdagi ana shunday elparvar kishilardan biri, menimcha, ozarboyjonlik olim va davlat arbobi, akademik Ziyo Bunyodovdir.

Ming to‘qqiz yuz sakson sakkizinchi yilning kuzi. Ziyo Bunyodovning Qur’onni tarjima qilayotganini eshitib qoldim; bizning tariximiz, madaniyatimiz uchun ko‘p xizmat qilgan bu inson bilan avvaldan ko‘rishmoq, bir suhbat qilmoq niyatida edim, shu sabab bo‘lib, Bokuga uchdim. Qorabog‘ voqealari haqida nihoyatda yuzaki va qisqa xabarlardan boshqa hech narsa eshitmagan, Boltiqbo‘yidagi Xalq fronti xususida tumanli fikr yuritadigan, umrida xalq o‘z ixtiyori bilan chiqqan namoyishni ko‘rmagan bir odamning birdan Bokudagi yuz minglab insonlar qatnashgan, buyuk kuchga aylangan mitinglar ustidan chiqib qolishini bir tasavvur qiling-a. Bizda, Toshkentda o‘sha paytlarda xalq namoyishi haqida o‘ylaydigan, hatto xayol qiladigan odamlar hali yo‘q edi. Shu sababdanmi, Hukumat Evi maydoniga ozarboyjonliklarning ming-ming, dasta-dasta oqib kelayotganini ko‘rib, bir muddat qotib qolganim, yuragim qattiq urib ketgani, ko‘zlarimdan yosh chiqib ketgani, beixtiyor o‘zim ham omma ichiga bir tomchiday qo‘shilib, miting maydoniga borganim hamon esimda… Afsuski, Qorabog‘ voqealaridan haliyam bexabarmiz, xuddi Farg‘ona fojialari xususida hozirgacha to‘g‘ri, teran so‘zlar aytilmagani kabi Sumgait fojeasi, Qorabog‘ hodisalari haqida ham matbuotda e’tiborli bir narsa bosilgani yo‘q. Vaqti kelib, bu xususda katta siyosatchilar va tarixchilarning so‘zlari aytilar. Mening bu maqolani bir yil o‘tib yozayotganim, Ozarboyjonda ko‘rganlarimni, Ziyo Bunyodov va boshqa kishilar bilan o‘tkazgan suhbatlarimni ochiq aytishga imkon, mavrid kutganim boisi shundandir. Zero, bugun Ozarboyjondagi Xalq jabhasi (o‘sha paytda qay darajada qattiq ta’qiq va tazyiq ostida ish olib borgan bo‘lsa-da) hukumat tomonidan rasman tanilgani, sovet xalqlarining, jumladan, ozarboyjon va o‘zbeklarning ham o‘z huquqlari, talablari yuzasidan mitinglarda, namoyishlarda qatnashishlari oddiy holga aylandi. Bu, albatta, haqiqatning sinmasligini, xalq orzu qilgan, o‘zi istagan hayotga baribir erishajagini yana bir bor ta’kidlaydi.

Dunyoda nima ko‘p, olim ko‘p. Ammo xalq sevgan, e’zozlaydigan olimlar juda kam. Xalq mehriga erishish uchun ilm kishisi xalqni ulug‘laydigan, uning qaddini ko‘taradigan, uning asl manfaatlariga xizmat qiladigan ish qilmog‘i lozim. Bunday ishni hamma ilm kishilari ham qilavermaydi. Deylik, nima uchun biz Ziyo Bunyodovni yaxshi ko‘ramiz? Birinchidan, u bizning madaniyatimizni, tariximizni, elimizni olamga tanituvchi asarlardan birini, tarixchi bobomiz Shahobiddin Nasaviyning «Siyrat as-sulton Jaloliddin Manguberdi» kitobini arab tilidan tarjima qilib, Bokuda nashr ettirdi. Ikkinchidan, elimizning ming yil avvalgi tarixiga oid «Xorazmshohlar — Anushteginlar davlati. 1097 — 1231» (3. M. Buniyatov. «Gosudarstvo Xorezmshaxov — Anushteginov. 1097 — 1231») kitobini rus tilida umumittifoq kitobxonlariga taqdim etdi. Bu, shubhasiz, xalqimiz tarixini, shon-shuhratini sovet kishilariga tanitishda katta xizmat qiladigan asarlardir.

Ziyo Bunyodov bu kitobiga yozgan so‘zboshisida ta’kidlashicha, eramizdan avvalgi ikki ming yillik o‘rtalarida (demak, bundan uch yarim ming yil oldin — T. Q.) ham Xorazmda yuksak sug‘orish madaniyati bo‘lgan, ekinchilik ishlari nihoyatda rivojlangan; miloddan avvalgi beshinchi asrlarda esa, Xorazm Turon va Eron o‘rtasidagi eng muhim madaniy va iqtisodiy markazlardan biriga aylangan. «Xorazmshohlar» nisbasi o‘sha eski zamonlardan qolgan. 712 yilda Xorazmni arablar bosib oldi, ammo qadimdan taraqqiyot va madaniyatda kuchli bo‘lgan Xorazm o‘lkasi xalifalik hukmronligi davrida ham u qadar «cho‘kib» qolmadi: ilmu fanda «Xorazmiy» nisbalik sanoqsiz buyuk insonlar shu yurtda yaraldi. Muhammad ibn Muso al Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy va boshqa jahonshumul shaxsiyatlar… Kitob eng eski davrdan to so‘nggi xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi zamonigacha bo‘lgan tarixdan hikoya qiladi.

Biz yashab turgan bu qadim tuproq — miloddan avval ham turk, xorazm, so‘g‘d yozuvi va madaniyati, dini, falsafasi bo‘lgan bobolarimiz yashagan o‘sha Turonu Turkiston, Xorazm tarixi darsliklarga kiritilmagan, avlodlar bexabar bir yillarda bunday kitobning paydo bo‘lishi, menimcha, juda buyuk hodisadir, ma’naviy bir jasoratdir.

O‘zi ozarboyjonlik bo‘la turib, biz uchun ikki ulug‘ kitobni taqdim etgan Ziyo muallimning ijodiy shiddatiga, fidokorligiga qoyil qolarkansan, ayni vaqtda, hamon bu kitoblarni xalqimizga (o‘zbek tilida) yetkazib bermayotgan olimlaru noshirlardan xafa bo‘lasan kishi: axir sustlik, loqaydlik, johillik ham evi bilan-da, o‘zingiz-ku, shunday asar yozishga jur’at topolmabsiz, hech qursa tarjima qiling, chop eting, deya hayqirging keladi. Shularni o‘ylab, Ziyo muallim bilan uchrashuvga chog‘langanimda, balki qabul qilmas, u bizga shuncha mehru mehr ko‘rsatsa, biz nima qildik, hatto kitobini tarjima ham qilmadik-ku, bizday loqaydlar vakilini nazari ilmasa-da haqli dir, degan istiholada Bokudagi Sharqshunoslik instituti binosiga yo‘l soldim.

2

O‘sha kunlari Boku bir muncha notinch, joylarda katta-kichik mitinglar bo‘lib turar, hamma Vatan haqida, Armanistondagi yashash joylaridan (noqoratuproq yerlarga yuborilish kerak bo‘lgan ming-minglab odamlar ataylab ozarboyjonliklardan terib olingan, ular noqoratuproq yerlarga ko‘chib borib, sharoitga to‘zmaganlar, qaytib kelsalar, armanlar qo‘ymagan, ozarboyjonlik ma’murlar ham o‘z qardoshlarini bobolar yurtiga «propiska» qilinishlarini taqiqlaganlar, natijada, ming-minglab vatansiz, ishsiz, nonsiz quvg‘indilar «ruxsatsiz» Sumgaitga joylashganlar, chunki kishi yashab bo‘lmas bir pastqamlarga, zaharli havoga to‘yingan Sumgaitning kimyoviy olqindi suvlari oqib, botqoqqa aylangan bir tubanliklarga bostirma qurib olganlar; qirchillama qish kelgach, sovuq, ochlik, xo‘rlik jonlarini hiqildoqqa keltirgan va ular o‘sha «Sumgait fojiasi»ni yaratganlar — «Vatan» kitobida yozilishicha, ko‘rganlarning aytishlaricha, voqea shunday bo‘lgan) «qochoqlarni — matbuotimiz ularni shunday atagandi — ma’murlar va hukumat ozarboyjon eli manfaatini himoya qilmayotgani, tuhmatlarga indamay turgani, matbuotning soqovligi», Hazardagi zaharli nurlanishning kuchayib borayotgani va buning xalqqa zarari, moddiy va ma’naviy boyliklarning har tomonlama talon-taroj qilinayotgani — hamma-hammasi xususida gapirilayotgan, xalq junbushga kelgan bir kunlar edi. Shaharda nazorat kuchaytirilgandi, asablar tarang, taraddud va tahdid shahar va odamlar qiyofasida shundoqqina ko‘rinib turardi. Shu uchun ham Ziyo muallim qabuliga oshiqayotganlar ko‘p edi. «Dashkandli qo‘naq»ligimni eshitgan akademik olim darhol meni xonasiga taklif etdi. Bu yerda ikki narsa — xonaning bir tomonini tamom egallagan xarita va Ziyo muallimning baland gavdasi, shiddatli qiyofasi darrov ko‘zga tashlanadi va xonada shu ikki narsadan bo‘lak hech narsa yo‘qdek tuyuladi.

Menga:

— Sen o‘tirib tur, hozir biz suhbatimizni tugatamiz, — deya Ziyo muallim qarshisidagi ikki odamga yuzlandi.

— Bu gazetada yana sizni millatchi deyishipti, — dedi Ziyo Bunyodovga uning bir suhbatdoshi. Gazeta, men tomondan qaraganda teskari turardi, harflar na ozor, na rus harfiga o‘xshardi.

— Kim xalq manfaatini desa, o‘zinikini «shu meniki, birovniki emas», desa, uni shunday deyishadi, bu usul ularning qoniga Stalin zamonidan singib ketgan. Jahannamga yetsin! Xo‘sh, yana nima gap? — deya kesib so‘zladi Ziyo og‘a.

Shu payt telefon jiringladi. U telefonda gaplashayotganda, qiyofasini kuzatdim: samimiy, ochiq, nimani o‘ylasa, shuni aytadigan dangalchi odam; oddiyligi, hashamsevmasligi kiyinishidan ham, xonasidagi jihozlardan ham ko‘rinib turibdi.

— Uchrashuvga men o‘z so‘zimni aytgani boraman, — dedi Ziyo muallim telefondagi odamga. — Bari bir shu kunlarda sizlarga yoqmaydigan so‘zni aytishim aniq, shunday bo‘lgach, meni taklif qilmang, sizlar istagan gapni men odamlarga aytmayman. Sog‘ bo‘l! — deya trubkani joyiga qo‘ydi. Bizga qarata «Ayyor instruktorlar! Xalqqa aytmoqchi bo‘lgan gaplarining noto‘g‘riligini bila turib, uni bizga o‘xshaganlar tili bilan aytmoqchi bo‘ladilar», deya bosh chayqadi. So‘ng menga:

— Sizlarda ahvol qalay? — dedi.

— O‘sha yurt, o‘sha xalq, o‘sha paxta va o‘sha Orol, — dedim; ikki yil avval Ziyo Bunyodov Toshkentda bo‘lganida, «Guliston» jurnali redaktsiyasida bir guruh yozuvchilar bilan uchrashgan, o‘sha yerda ham bu xususda ko‘p gaplar bo‘lgan edi, men shunga ishora qilaroq aytdim bu hazilnamo so‘zni.

— Boburni hamon so‘kayapsizlarmi? — deya kuldi u.

— Yoniga bobosi Temurni ham qo‘shib so‘kayapmiz, — dedim.

— Men sizlardagi bir mansabdor kishidan: «Nega bu Boburu Temurlarni so‘kaverasanlar?» deb so‘radim. U: «Bobur Hindistonda qon to‘kkan», dedi. Axir, qaysi shoh qon to‘kmagan?.. Temur To‘xtamishni yengmasa, ruslar hozirgacha, ehtimol, mo‘g‘ullar istilosida bo‘lardi. Ruslar har bir qishlog‘u shahrida Temurga haykal qo‘ysa arziydi, dedim.

«Haqiqatan ham, qaysi shoh qon to‘kmagan? Hokimiyatni tutib turish uchun hamma shoh ham qon to‘kadi-ku», degan gap ko‘nglimdan o‘tdi.

— Temur u ishni o‘z hokimiyati ehtiyojidan kelib chiqib qilgan. U bir islom davlati hokimi edi, musulmon edi, shu uchun ham, butparast bo‘lmagani uchun ham unga haykal but qo‘yishning hojati yo‘q, uning nomi, qilgan ishlari dunyodagi bir buyuk haykaldir, — dedim men. — Haykallarga sarflanadigan mablag‘ni isrof qilmay, elga bergan ma’qul-ku, haykalni yeb bo‘lmas…

— Haykal nima bo‘pti. Hatto Orolni ham yeb yuborish mumkin, — dedi u orqasidagi xaritadagi buyuk Orol ko‘liga yuzlanib. Qarshisida o‘tirgan ikki odam suhbatimizga halal bermaslik uchun uzr aytib, chiqib ketishdi. — O‘zimiz kurashmasak, o‘zimiz tiklamasak, Orol endi tiklanmaydi! — dedi u. — Orolni saqlab qolish uchun, birinchidan, bu ulkan dengiz — tiriklik manbaimizni o‘zimiz o‘ldirayotganimizni to‘la anglashimiz, bundan mutloq tiyilishimiz, Orol ichidagi va atrofdagi zaharli chiqindilar chiqaradigan kombinatlar, korxonalar, hamda shunga o‘xshash zararli moddalar chiqaradigan va tarqatadigan ba’zi korxonalar, shuningdek, suv ichidagi va qirg‘okdagi barcha tabiatga yomon ta’sir qiladigan ishxonalar faoliyatini tartibga solish, cheklash, kerak bo‘lsa, yo‘qotish lozim. Ikkinchidan, zaharli manbalar yo‘qotilgach, Orolni toza suv bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yish darkor: Amudaryo va Sirdaryo suvlari eski paytlardagiday Orolga quyilishi shart; buning uchun kaltabinlarcha loyihalashtirilgan ko‘plab suv omborlarini, jumladan, Tuyamo‘yin suvini qo‘yib yuborish, Toshovuz qurilishini to‘xtatish nihoyatda zarur. Chunki qadim Xeva va ba’zi shaharu qishloqlar qumlikda qurilgan, suv omborlarida to‘plangan suvlar o‘z-o‘zidan yer ostidagi suv oqimini kuchaytiradi, natijada qumlik ustidagi ming-minglab odamlar yashayotgan maskanlar birdan vayron bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, Xeva bir kun lop etib cho‘kadi-da, yer yuzidan yo‘qoladi — bu bilan bugungi millionlar umri, o‘tmishdagi millionlar umri, kelajakdagi millionlar umri vayron etilmaydimi? Otalarimiz buyuk shaharlar qurib, madaniyat yaratib, uni himoya qilib, kurashib yashagan va bu shaharlarni bizga meros qoldirishgan: biz esa, uni saqlab qolishga ham yaramayapmiz, aksincha, loqaydligimiz, sustligimiz, johilligimiz (bularning barchasi raso inson uchun qabihlik va jinoyat sanaladi) bilan o‘zimiz vayron qilayapmiz. Axir asramaganimizdan, shu holga tushuviga yo‘l berganimizdan keyin, vayronchi boshqalargina emas, o‘zimiz ham vayronchimiz-da. Ahvolni chuqur anglashimiz, xalqqa anglatishimiz, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz lozim. Inson tuproq ustida yashashi bilan birga, tuproqni ham yashnatishi kerak — aks holda, tuproq bilan o‘zi, ajdodi-avlodi ham zavolga yuz tutadi. Necha o‘n yillar indamay kelib, bugunda ham jim yashayotganlar ko‘p. Deylikki, bugunda Balxash ko‘liga Ili daryosi kelmay qo‘ygan, bu haqda lom-mim deyilmaydi. Yoki tabiatning buzilishi haqida gapiriladi-yu, amaliy ish qilinmaydi.

— Amaliy ish qilish uchun pul, ishchi kuchi, ma’lum huquqlar kerak-ku? O‘zbekistonning yoki Ozarboyjonning istagan bir qishloq yo shahridagi katta bir o‘zgarish qilish uchun ko‘pincha markazdan izn kutamiz.

— Shuning uchun ham respublikalar huquqlari tiklanishi, bora-bora o‘z-o‘zini boshqarishga o‘tishi tarixiy zaruratga aylanganini bugunda ko‘pchilik anglab yetdi. Bolitiqbo‘yi jumhuriyatlarining yaqinda iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘luvi, xo‘jalik hisobiga o‘tishi shu yo‘ldagi ilk ijobiy qadamdir, — dedi Ziyo Bunyodov.

— Siz bizning respublika hayoti bilan, rahbarlikdagi ba’zi yo‘nalishlar bilan yaxshi tanishsiz. Ayting-chi, bizning O‘zbekiston ham tezroq iqtisodiy jihatdan o‘z-o‘zini boshqarishga o‘ta oladimi? — deb so‘radim.

— Menimcha, bu sizlarda boshqa respublikalarga nisbatan bir oz kechroq kechadigan jarayon… Paxta muammosini hal etmay turib, uni yakkahokim o‘simlikni yer va el boshidagi katta muammolar manbai sifatida keskin qisqartirmay turib, narxini oshirmay turib, respublikani olg‘a yetaklash qiyin.

— Ma’lum bo‘lishicha, jahon bozorida paxta narxi ancha baland. Bizda-chi? Hatto bir so‘m ham emas. Davlat bir tonna arzimagan karamni besh yuz so‘mga, karamga nisbatan nihoyatda ko‘p mehnat va harakat talab qiladigan paxtaning bir tonnasini o‘rtacha yetti yuz yetmish yetti so‘mga oladi. Pillaga va tamakiga to‘lanadigan haq ham nihoyatda oz, boshqa respublikalarga nisbatan ham o‘zbeklarga kam to‘lanadi, xalq ham, xalq yo‘lboshchilari ham bu xususda indashmaydi. Insof yuzasidan qaraganda, bu sustlikdan odamlarni ozod qilish, xalq manfaatiga qayishish, kishilarda davlatga ishonch va muhabbat uyg‘otish, buning uchun esa mehnat va mehnatkash qadrini tiklash, ko‘tarish lozim. Bularsiz, menimcha, tabiatni ham asray olmaymiz, chunki tabiatni asrash baribir pul masalasiga borib taqaladi, — dedim.

— O‘zbekistonda uch marta bo‘ldim, — dedi Ziyo og‘a. — Oxirgi, sakson sakkizinchi yil borganimda, Orol ekspeditsiyasida qatnashgan kunlarimda, Urganchda to‘rt kun qolib ketdim. Avvalgi to‘kin-sochin bozorlar qani — eh, jannat bir o‘lkani bu qadar quvratib qo‘yish tarixda «noyob» hodisa! O‘rik yemoqchi bo‘lgandim, bozordan topolmadik. Bozorda o‘rik yo‘q! Qaydandir ikki kilo toptirib kelishdi. Yedim. Shukr qildim. Yaxshi: men-ku, bir mehmonman, hurmatimni deb topishdi, ammo xalq nima yeydi? Suv ham shunday tanqis…

— Bu dahshatli hodisalardan — qadimda bir buyuk mamlakat bo‘lgan Xorazm yerlarining tuz bosishi, o‘n yil burundan beri daraxtlarning quriy boshlagani, bog‘larning qurib borayotgani, ichimlik suvning tarkibi buzilgani, topganlar Toshkentdan tashib manba suvlarini ichayotgani, asosiy xalq esa kasalliklar koniga aylangan suvdan ichayotgani haliyam umumjumhuriyat ahliga ma’lum emas, — dedim men.

— Bu kimga zarar? — dedi Ziyo muallim. — Faqat odamlarga deb o‘ylaysanmi? Yo‘q! Axir millionlab odamlarning hayoti yomonlashsa, demak, bu respublika hayoti yomonlashdi degani: axir millionlab ishchi kuchi kasallansa, kuchsizlansa, bu yaratuvchilikka, butun O‘zbekiston, butun SSSR hayotiga zarar keltiradi. Afsuski, buni hamma ham tushunavermaydi…

Ziyo muallim jimib qoldi.

Ha, bu bosh-keti yo‘q, ancha chigallanib ketgan gap: necha yillardan beri gapirilayotgan, amal topajak bu so‘zlarni qisqa qilib, yana kelajak haqidagi savolga qaytdim.

— Shu ketishda respublikalar, umuman, Sovet Ittifoqi siyosiy qurum hayotida qanday yangilik bo‘ladi, deb o‘ylaysiz? — deb so‘radim Ziyo Bunyodovdan.

— Sizlarda ham yaxshi o‘zgarishlar yasash mumkin, faqat buning uchun jur’at bilan ish qilish kerak. SSSR miyoqsida katta o‘zgarishlar bo‘ladi, deb ishonaman: kelajakda SSSRda har bir respublika mustaqillasha borib, mamlakatimiz respublikalar emas, Davlatlar Ittifoqiga aylanadi.

Men olimning bu gaplari nihoyatda jur’at bilan aytilganini, qandaydir haqiqatga suyanayotganini tushunsam ham, o‘shanda — sakson sakkizinchi yil oxirlari edi, u qadar aqlim bovar qilmagan edi. O‘tgan yil oxirida, SSSR Oliy Soveti sessiyalaridagi gaplarni eshitib, respublikalar ba’zi iqtisodiy va huquqiy mustaqillikka erishayotganini ko‘ra turib, o‘shanda Ziyo muallim bu o‘zgarishlarni oldindan seza olgan ekan, deya o‘yladim.

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 4-son