Saidrahmon Mirzayev. Miroblar — asosiy kuch (1990)

Mana, O‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston SSR Oliy kengashi Xalq deputatlarining birinchi anjumani ham tarixga aylanib qoldi. Anjuman kunlari xalq vakillarining faoliyatini kuzatib o‘tirganlar o‘zlarining xolis hukmlarini chiqargan bo‘lsa ajab emas. Ular uzoq yillardan buyon keyinga surib kelingan masalalar bosiqlik bilan, katta idrok bilan, bugundan kechiktirmay yechilishi zarur ekanligini shubhasiz anglab yetdilar. Umuman olganda, jumhuriyat miqyosida Oliy kengash birinchi marta shunday oshkora, erkin, demokratik ruhda o‘tishining o‘zi katta gap. Ammo bu hali ko‘tarilgan yalpi masalalar erta yoki indin, birgina xalq deputatlarining shijoati, sa’y-harakatlari bilan hal qilinadigan bo‘ldi, degani emas.

Jumhuriyatimizda o‘z yechimini kutib turgan muammolarning ko‘lami shunchalar ko‘pki, hatto mamlakat miqyosidan kam emas. Shuning uchun ham ittifoqdosh jumhuriyatlar orasida birinchi bo‘lib o‘lkamizda prezidentlik lavozimi ta’sis etildi. Shunday qilish ayniqsa iqtisodiy, siyosiy va milliy masalalar nihoyatda chatnab turgan bir paytda juda ham zarur edi.

Ma’lumki, jumhuriyatimiz iqtisodiy, siyosiy o‘zgarishlar arafasida turibdi. Bo‘lib o‘tgan anjuman ana shu yangicha ish yuritish taomili oldidan o‘ziga xos chamalash vazifasini o‘tadi. Shuni alohida ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, davlat ahamiyatiga molik masalalarni hal etishda bir muncha bo‘shangligimiz aniq bilinib qoldi. Aksariyat hollarda xalq vakillari o‘zlarining tegishli bilim va tajribaga ega emasliklarini oshkor qilib qo‘ydilar. Bu ayniqsa, jumhuriyat Asosiy qonuni (Konstitutsiyasi)ga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish masalasini ko‘rishda, O‘zbekiston Oliy sudini saylash chog‘ida yaqqol ko‘zga tashlandi. Shuning uchun ham bu borada qabul qilingan qarorlar avvalgilaridan deyarli farq qilmadi.

Noshukur bo‘lmaylik, ish bor joyda xato ham bo‘ladi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni keyingi anjumanlarimizda so‘zsiz tuzatish imkoniyati bor. Eng muhimi qonunlar, qarorlar jumhuriyat va uning aholisi manfaatini o‘ylab: ularning huquqlarini muhofaza qilib, kelajak nuqtai nazarini ko‘zda tutib qabul qilindi. Tan olishimiz kerak, bulardan ham ahamiyatliroq tadbirlarni belgilashimiz mumkin edi.

Ayrim deputatlarimizning Oliy anjuman kun tartibida turgan masalalarning mohiyatini anglab ish tutishlarida biroz bilimlari, biroz jur’atlari yetishmadi. Bu hol Tabiat muhofazasi va tabiiy boyliklardan samarali foydalanish doimiy komissiyasi faoliyatida ochiq-oydin namoyon bo‘ldi. Nuqsonlarni darhol anglab yetdik… Tezkorlik bilan komissiya a’zolari o‘rtasida mashg‘ulotlar o‘tkazishga qaror qilindi. Demak, anjuman saboqlari ibratli bo‘ldi.

Xalq vakillari kelajakda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarini yana bir marta chamalab ko‘rish imkoniyatlariga egadirlar. Eng muhimi, noiblarimiz parlament ishlarini yuritish tartiblarini, fikr almashish madaniyatini o‘zlashtirib oladilar, degan umiddamiz. Bularsiz kelajakda ko‘zga ko‘rinadigan ishlarni bajarish mushkul.

Anjuman kunlari tabiatni muhofaza qilish, tabiiy boyliklardan samarali foydalanish haqida umumiy gaplar juda ko‘p gapirildi. Qabul qilingan qaror ham ana shu gaplardan o‘zgacha bo‘lmadi.

Orol dengizi va Orol bo‘yi muammolari yana ochiqligicha qoldi. Shu o‘rinda suv xo‘jaligining rahbar va mutasaddilarini qayta saylash, ularni iqtidoriga, mavjud muammolarga xalqchil ruhda yondashishlariga qarab joy-joyiga qo‘yishda demokratik imkoniyatimizdan to‘la foydalana olmaganimizni ochiq aytib o‘tish lozim. Ma’lumki, xalq xo‘jaligining bu muhim tarmog‘ida ishlovchilarning faoliyatiga juda ko‘p narsalar bog‘liq. Chunki, o‘tgan yillar davomida bu sohada juda ko‘p suiiste’molliklarga yo‘l qo‘yildi. Bundan balki keng jamoatchilikning xabari yo‘qdir. Lekin Orol dengizi fojiasi sabab — suv inshootlari qurilishi bilan mashg‘ul bo‘lgan bir qur ommaga umumiy ahvol ayon. Ming afsuski, suv xo‘jaligi vazirligini saylash chog‘ida ana shu jihatlarga ahamiyat berilmadi. Xalq vakillari ham masalaning mohiyatini to‘la anglamasdan ish tutdilar. Vaholanki, jumhuriyatda suv inshootlari va tarmoqlarini to‘g‘ri yo‘lga solish — juda ham ahamiyatli masala. Bunga ikkinchi darajali ish deb qarash mutlaqo nojoizdir.

Men anjuman minbarida turib jamoatchilikning e’tiborini ana shunga qaratmoqchi bo‘ldim. Hozir ham o‘z fikrimda sobitman. Gap bu yerda birgina suv xo‘jaligi vaziri etib saylangan Rim Abdulovich Giniatulin xususida emas, aksincha, uning jumhuriyat tabiati tushib qolgan nochor ahvolni qanday qilib bartaraf etish rejalari haqidadir. Agar vazirimizning «Pravda Vostoka» gazetasining shu yil 28 yanvarida bosilib chiqqan suhbati matni bilan tanishar ekansiz, uning e’tibori Orol va Orolbo‘yi muammolariga qaratilmaganiga yana bir bor ishonch hosil qilasiz. Ulkan yig‘inda ham u mazkur muammoni iloji boricha chetlab o‘tishga urindi. Demak, mamlakat miqyosida ulkan muammo bo‘lib turgan Orol masalasiga o‘z rahbarlarimizning nazari shunchalar past bo‘lar ekan, g‘oyibdan hech qanday mo‘jiza kutishimizga hojat qolmaydi. Endilikda jumhuriyatimizda Orol dengizi taqdirini bir yoqli qilmay turib, ezgu ishlardan umidvor bo‘lishning o‘zi cho‘pchakka o‘xshab qoldi. Axir, QQASSR aholisi taqdiri, Xorazm vohasi, Buxoro viloyatidagi ezgin tabiiy ahvoli birgina mana shu masalaning yechimi bilan bog‘liq-ku!

Afsuski, vakillarimizning aksariyati hushyor emaslar. Meni bir narsa tashvishga soladi: axir, har bir bo‘lajak deputat saylovoldi uchrashuvlarida o‘z dasturlarini ommaga bayon qilganlarida tabiat muhofazasiga, yurtimizning tabiiy boyliklariga, xalqimizning sihat-salomatligini ta’minlaydigan har bir ishga o‘zimni fido qilaman, deb to‘tiday sayragan edilar-ku! Nahotki, amaliy tadbirlar belgilanadigan vaqt yetganida xalqqa bergan va’dalarini esdan chiqarib qo‘ygan bo‘lsalar?!

Jumhuriyatimiz muammolar iskanjasida turgan bir paytda suv xo‘jaligi vaziri Orol taqdirini chetlab o‘tib omma e’tiborini ustakorlik bilan boshqa masalaga — suv inshootlarini ta’mirlash davrida iqtisod qilingan suvni zor qaqshab yotgan Orol dengiziga emas, balki yana 1 million gektar yerni o‘zlashtirishga yo‘naltirishga qaratdi. Bu usul bir paytlar Orol taqdiriga panja orasidan qaragan Ittifoq Suv xo‘jaligi vazirlarining siyqasi chiqqan ish usullarini yodga solmaydimi? Va bu holat xalq taqdiri bilan mutloq hisoblashmaslikning o‘zginasi emasmi? Afsuski, jumhuriyatimiz taqdiriga molik suv masalasi ko‘rilayotganda xalq saylab qo‘ygan vakillar «olma pish, og‘zimga tush» qabilida ish tutdilar.

Mazkur masalalar qizg‘in muhokama qilinayotganda SANIIRI direktori Viktor Abramovich Duxovniy Orol dengizining halokati muqarrarligiga hammani ishontirmoqchi bo‘lgan va bu fojiadan zarracha iztirobga tushmagan edi. Aksincha, xalq boshiga tushadigan kulfatni qalban his qilib, jon-jahdi bilan Orolga ko‘mak zarurligini e’tirof etganlarga qarata bepisandlik bilan: «Sizlarning harakatlaringiz karvon ortidan hurib qolgan ko‘ppakning harakatini eslatadi», degan edi. Olma uzilsa o‘z tagiga tushadi, degan gap bor. Mana sizga xalqparvarligu yurtparvarlik!.. Biz shunday odamlarni qo‘shqo‘llab quloqning boshiga — mirob qilib sayladik!

Hozirgi paytda Suv xo‘jaligi vazirligi o‘tkazayotgan siyosat mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilmagan. Masalan, Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘i yo‘nalishi bo‘ylab «Surxondaryo — Orol» zovuri haligacha loyihasiz: 1-bosqich loyihasi — TEO ga ega emas, shunga qaramasdan suv inshootlarini quradigan — Buxoro tashkiloti So‘x suv ombori qurilishi to‘xtatilganiga qaramay, «Sel ombori»ni qurish bahonasida ishlar davom ettirilayapti.

Anjumanda, SSSR Melioratsiya va Suv xo‘jaligi vazirligi nomiga aytilgan va aytilayotgan tanqidiy munosabatlarni to‘g‘ri deb bilasizmi va uni qanday qilib, qaysi mutaxassislar bilan tuzatmoqchisiz, degan savolga hurmatli vazirimiz Rim Giniatulin qoniqarsiz javob berdi. U kamchiliklarni to‘g‘ri deb tan olgan bo‘lsa-da, o‘tgan yillar davomida aynan ana shu xatoliklarga yo‘l qo‘ygan o‘rtoq Shutko va Suskinlarni o‘z panohidan ayirmadi. Aniqrog‘i, kelajakda ham ular bilan ish yuritish maqsadini bildirdi. Demak, bu holat yaqin orada suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatida tub burilish bo‘lmaydi, degan xulosa chiqarishga asos beradi.

Xo‘sh, jumhuriyatimizning bu nochor tarmog‘ida ish yuritishi mumkin bo‘lgan boshqa mutaxassislar yo‘qmidi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bor edi va hozir ham yetarli. Ammo ularni jo‘shqin faoliyat bag‘riga torta bilish kerak. Biz suv masalalari bilan ish ko‘radigan mutaxassislarga shu narsa ayonki, o‘tgan 1983 yillardan boshlab bu sohaning ko‘pgina yetuk mutaxassislarini yo‘qotib qo‘ydik. Bunga turli sabablar ro‘kach qilindi. Sohaning yetakchi mutaxassislaridan sanalgan fan doktori o‘rtoq N. R. Hamroyev, A. Rustamov, U. Muslimov kabilar sababsiz quvg‘in qilindilar. Bugun yo‘l qo‘yilgan ana shu xatolarimizni tuzatish haqida bosh qotirmasdan osongina, mavjud muammolar bilan shug‘ullanmagan nomzodni vazirlikka sayladik. Yana hakamlik qilish vaqtning zimmasida qoldi. Ishqilib, kutib-kutib yana bir imkoniyatni boy bermasak bo‘lgani.

Saidrahmon Mirzayev, O‘zbekiston SSR xalq deputati

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 6-son